Vijdon

0
661
marta koʻrilgan.

Vijdon deb ruhimizga, fikrimizga taʼsir qiladurgan hissiyot, yaʼni sezuv – tuymaqdan iborat maʼnaviy quvvatni aytilur. Biz har vaqt afʼol va harakotimizni yaxshi va yomonligʻini, foyda va zararligʻini onjaq vijdonimiz ila bilurmiz. Vijdon insonning aql va fikrini haqiqiy mezonidurki, bu tarozu ila oʻz kamchiliklarini oʻlchab bilmak ila barobar boshqalarning ham afʼol va harakotini sezur. Agar ishlagan ishi shariat, aql va hikmatga muvofiq boʻlsa, muhabbat qilur. Qabohat va yomon ishlarni qilsa, nafrat qilur. Biz janobi Haqning amr va nahyini fikr va ruhimizning maʼnaviy quvvati oʻlan vijdonimiz ila ayira bilurmiz.

Vijdon yaxshi xulqlarning manbayi oʻldigʻindan vijdon sohiblari har bir ishni begʻaraz, xolis niyat ila ishlar.

Shul sababli har kim nazarida maqbul va suyukli boʻlur.

Ammo vijdonsiz kishilarning ishlarida niyat va amallarida, doʻst va oshnoliqlarida yashirin bir gʻarazlari oʻldigʻindan har vaqt hasrat va nadomat chekub, vijdon azobigʻa giriftor boʻlurlar.

 

Har bir insonning haqiqiy foili vijdonidur,

Mevasi yaxshi amaldur, hosili vijdonidur.

 

Inson diniy vazifalarining uluvviyatini vijdoni soyasida taqdir qila bilur. Chunki, vijdoni salomat kishilar imon va eʼtiqodlarini kamolga yetkurmak uchun janobi Haqning buyruqlarini din va millatgʻa foydali ishlarni shod va xurramlik ila ishlar.

Alhosil, vijdon har kimning afʼol va harakotini koʻrsatadurgan musaffo bir oyinadurki, bu koʻzguga chin nazar qilgʻan kishi oʻz ayb va kamchiliklarini tuzatmak harakatida boʻlub, boshqalarning ayb va qusurlarini axtarmoqgʻa vaqti boʻlmas. Bizim islomiyatda vijdon axloqining islohi uchun saʼy-harakat qilmak lozim oʻldigʻindan shul doirada harakat qilgʻon kishilar ikki jahonda aziz va mukarram boʻlurlar. Arastu hakim: “Ruhimizning maʼnaviy quvvati oʻlan vijdonimiz, fikrimizga quvvat berguvchi bir vositayi idrokiya deyilur. Yaʼni, hissiyotimizning ruhimizga taʼsir ettirgʻuvchi bir robitayi ilktiriqiyyasidur”, – demish.

Ibn Sino hakim: “Vijdon ruh va fikrimizni tuygʻun qilmakgʻa birinchi vositadur”, – demish.

 

Sof vijdon kabi hech komila mezon oʻlmaz,

Kishi oʻz aybini bilmak kabi urfon oʻlmaz.

Shod-masrur oʻlur insof ila vijdonli kishi,

Kimki vijdonsiz esa, toʻgʻri, chin inson oʻlmaz.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.