Varrak

0
63
marta koʻrilgan.

Onam meni eski-tuskilarni olib tushish uchun chordoqqa chiqarib yubordi. Akamlarning “oʻziyurar” mashinasidan tortib, bulturgi daftarigacha topiladi. Hamsoyaning mushugi kaptarlarga qirgʻin keltirgan, shekilli, koʻkmak patlar gilamiday yayrab yotardi. Otamning yozuv mashinkasining ustida bir uyum eski qogʻozlar…

Azaldan odat: uy yigʻsam soatlab qogʻoz titkilayman. Bolaligimda surat axtarardim, ammo endi nima izlashimni ham bilmayman, xullas, menda koʻngilga qullik boshlandi…

Bilasizmi, bu qogʻozlarda mening bolaligim bor edi. Onam tandiriga tiqqan keraksiz qogʻozlarni ham chordoqqa tashirdim. Otam bir zamonlar obuna boʻlgan gazeta va jurnallar turi bilan bor.

Bu qogʻozlar yana opalarimning “kundalik”lari ham edi. Ular mening qogʻozbozligimni bilishmaydi, oʻzlaricha koʻngillari toʻq – “kundalik kul boʻlgan” deb oʻylashadi. Yana ikkinchi opamning sheʼrlari birda chiqib qoladi. U pishiq daftarini oʻchoqqa tutantiriq qilmaydi. Ammo-lekin yashirincha oʻqib yuraman daftarlarini!.. Oʻzi eshitmasin, bilaman, uning yoqtirgani bor!

Mana bunisi katta akamizning qoʻshni qizga yozgan-u, joʻnatilmagan maktublari… Tagʻin u qiz qurgʻurdan kelgan maktublari ham boʻy koʻrsatib turibdi. Toʻqollar-yey, deyman ular ham ikki bolaga ona boʻladi.

Tagʻin katta opamning kiyim chizilgan daftarini topaman. Hozir u tikuvchi! Kichkina opamizning onamga yoʻllagan sogʻinch maktublarini topaman. Toshkentda katta oʻqishda oʻqiyman deb, tayyorlanishga ketgan.

Akamiz ham pismiqqina ekan, yana tagʻin muhabbatning saylanma soʻzlari terilgan maktublar! Kichik akamiz shoʻxgina ekanmi, faqat doʻstlari bilan hazil maktublari yozishibdi.

Yana titkilayman. Onamning “Xotira” daftari sargʻayibgina chiqadi. Bilaman, qoʻshiqlarning borini koʻchirgan. Volidamiz avval boshdan “qoʻshiqchi boʻlaman” degan. Bunga yolgʻiz togʻamiz qarshi chiqqan: “Echkidek sakrama, oyogʻingni urib sindiraman!” – deb.

Ammo otamga oid hech nima topolmadim.

Otam sirli odam. Changdan boʻgʻriqib, turmoqchi edim koʻrib boshim gangiydi: buklogʻliq eski qogʻozga koʻzim tushdi. Uni olaman: nihoyatda eski qogʻoz, ammo u juda tanish…

 

* * *

Oʻshanda besh-olti yosh orasida edim. Bahor edi. Men suygan yomgʻirdan soʻnggi maysalarning dimogʻini qitiqlaguvchi hidi ufurgan, koʻm-koʻk maysalar quyosh nurida qoʻshni qizning maktubidagi soʻzlardek jilvagar edi.

Tagʻin oʻsha kun Navroʻz edi. Ovul sayildan qaytib, shomda qaytgan suruvday uy-uyiga oʻrladik. Bugun Turdimat koʻkaning uyida kulmaydigan quyosh kulgan edi. Ha, bugun Koʻkaning qizi shaharcha varrak uchirdi. Suruvdan qolgan qoʻziday boʻlib yuradigan Kara “suruv”ni ortidan ergashtirib, varragini koʻz-koʻz qiladi. Makriga onasi lattadan tikib beribdi. Yana kimniki karton, salafan…

Men esa akamga yalinaman, “toshingni ter” deydi. Opalarim-da, oʻzi bilan ovora: bugun qaysisi aytishuvda yutgani-yu, topmachada yutqizgani, qaysisining ovqati shirin-u, tikkan belbogʻi mustahkam”ligi, yana qaysinisining belbogʻini olgan yigit kurashda yutgani haqida toʻlib-toshib shopirib-shopirib, sovunday koʻpirtirib gapirishardi. Men esam onamga boraman. Qoʻli-qoʻliga tegmay bobom uchun giyohlardan damlama tayyorlaydi. Men-da, oʻtlarni koʻrib boshim gangiydi: bogʻ-bogʻ, tutam-tutam kiyikoʻt, yovvoyi yalpiz, moychechak, elbahosi, boʻyimodaron, ravoch…

Otam bobomning boshida tuni bilan oʻtirib chiqadi. Doʻxtirlar-da kun boʻyi uyimizdan arimaydi.

Alam qildi!

Onam singlimni qoʻlimga tutqazib qoʻygani ming karra azob boʻldi.

Alamimni singlimdan olaman: chimchilab-chimchilab olaman, shapatilab-shapatilab qoʻyaman. U-da, menga qoʻshilib arillaydi. Onamning qistovi bilan uni kichik opam oladi:

– Sengina qaramay kashta tikyapsanmi sepingga, shoshilma, ol buning ovozini oʻchirib tur, – deb opalarim oʻtirgan xonaga tomon qarab: – Ay, gʻajarisi soʻtilgur, taqir gilami toʻqilib toʻylariga toʻshalgur Nili, oshing damini chillalagan qishday oldi-ku. Tagginasiga mogʻorlardan ildirib oʻtirmay, qarasang-chi! Hoy senimi, Dalli oʻychi! Menda soluv borma, qizlarim “ajoyib xayolparast” – shoirmish! Oʻgʻillarini-ku uydan topib boʻpman.

Onam hammani askarday oyoqlatdi. Ikkinchi opamiz tagʻin sheʼr yozmoqqa “qamalib” oldi. Kenja opam meni oʻymuchlab olarkan:

– Yana varrak deb koʻr, qogʻoz berib boʻpman, – dedi.

– Varrak, – boyadan beri ichimga tushgan ari nomini aytib yigʻlayman yana.

Bobom damlamalarni ichishi uchun onam bizni tinchitib turgan boʻldi. Osh agʻdarilgach, yana qayta dimladi katta opam. Kenjamiz – singlim bugun bir yoshga toʻlish arafasida boʻlgani uchun, ikki opam pichir-pichir rejalar tuzadi. Ikkinchi opam keldi. Koʻzlari yoshlangan. Onam hayron:

– Sogʻmisan?

– Sheʼr yozdim, – deydi opamiz kulimsirab. Onam yoqasiga tuflar ekan:

– Kechga mullani ayttirib senginaniyam bir oʻqittirmasammi. Jin chalganov senginani.

– Ona, bu yomgʻir yogʻsa ham yigʻlaydi, nima emish gullar bizni eshitarmish, – deb ginaladi katta opam. Onam boʻyinsasini chaqqani uchun opamni oʻyib olar ekan, singilchamning uyquga ketganini koʻrib, belash uchun kirib ketdi.

Otam ham bobomning yonidan chiqdi. Men kenja opamning rangli qogʻozlarini olib, bobomning yoniga bordim. Bobom uygʻoqmi, uxlayaptimi sezilmaydi, bir maromda nafas olyapti. Men esa ayyorlikka oʻtdim. Eng yaxshi qurol – koʻz yoshi. Bobom nina tiqilgan qoʻllarini boshimga qoʻyib:

– Rahishbon, senma? – dedilar ingroq ovozda.

– Bobo, varrak…, – deyman-u boʻgʻzimdagi haqiqiy yigʻini tuyuman. Oʻpkam toʻlgan.

– Ena qizimdan, jilama, enam! Ber-chi, – deydi rangli qogʻozlarga ishora qilib. Men qaychini ham tutqazaman. Bobom ninali qoʻllari bilan qogʻozni tutadi, chalqancha yotib olgach, boʻsh qoʻli bilan qirqa boshlaydi.

– Enam, jilamagʻin, hech jilama! Koʻzginang nuri oʻqishga kerak. Iqboling oyday boʻlsin, enam. Enalarim… Momong uzoqda… Senginani momong duo qilib oʻstirgandi. Sizlar omon, nimam qoldi yana! – Bobom varrakni juda tez, men anglamas fursatda yasaydi-yu, tili menga oʻgit qiladi. Koʻzlarida men koʻrmagan, ha, avval men koʻrmagan nur boʻladi.

– Jipni enangning moshinidan ol. Jip jengil boʻsa varraging hammanikidan baland uchadi, – deydi soʻng ohista joyiga yotadi. Uzoq tin olgach: – Peshonangdan oʻpay, – dedilar. Men peshonamni tutaman. Bobomning misli paxtaday yumshoq tafti peshonamda uzoq turadi. Men bolaligimga borib, oʻzimni tashqariga otaman. Soʻnggi bor qaraganimda bobom qoʻlini silkib qoʻyadi va uning yuzida maʼyus bir jilmayish bor edi.

Qogʻoz varrakni olib men adirga yuguraman: “Qara, meniki senikidan kam emas! Rangli qogʻozdan, menikini bobom yasagan!..”

Mening varragim eng baland parvoz qiladi. U negadir uyimiz tomon “uchib” borardi. Men uning ketidan ergashaman. Qogʻoz varragim yigʻi koʻtarilgan uyimizga adashmay meni boshlab borardi…

 

* * *

Ha, bu varrak juda tanish! Unda men tutib qololmagan bolaligimning xotiralari oʻkinchu quvonchlari bor.

Bobojon, siz aytganingizdek, mening varragim doim baland uchdi. Mana bugungacha u bardam. U hozir ham uchadi. Keyin ham…

Chunki u qogʻoz… Unda mehringiz qolib ketgan!

Menda yana afsus bor… Oʻshanda… oʻshanda men sizni tark etmaganimda, balki… qogʻoz varrak kabi uzoqlarga “uchib” ketmasmidingiz, bobojon?!

 

Rohilabonu GʻOʻCHCHIYEVA,

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

 

“Ijod olami”, 2018/6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.