Uzunquloq

0
109
marta koʻrilgan.

Georgiy SKREBITSKIY

 

Ov qilishni juda erta boshlaganman. Oʻn toʻqqiz yoshga toʻlganimda otam menga miltiq sovgʻa qilgandi. Oʻzi bilan oʻrmon, toʻqayzorlarga olib ketardi.

Bir yili kuzda ovga otlandik. Aravada yonma-yon oʻtirgancha oʻrmon oralab borardik. Yoʻl boshdan-oxirigacha sariq barglar bilan qoplangandi: xazonlar qalin va qavat-qavat boʻlib yotar, oyoq ostida shitirlardi. Roʻparamdagi barglar toʻlqinini quvlab borarkanman, birdan xazonlar orasida nimadir qorayib turganini koʻrib qoldim. Engashib qarasam, quyoncha, shunaqayam jajjiki! Hayratim ortdi: axir, shu yergacha kelgan arava qanday qilib uni bosib ketmadi ekan?

– Qani, beri kel-chi, – dedim unga, – koʻrinib turibdi, omadli ekansan!

Qoʻlimga olgandim, kaftimga oʻrnashib oʻtirib oldi, titraganidan qochishga ham chogʻlanmasdi. Uyga olib ketaman, boʻlmasa nobud boʻladi, deb oʻyladim. Juda kech tugʻilgan ekan-da. Axir, yaqinda qish kelsa, bechora muzlab qoladi yoki tulkilarga nonushta boʻladi.

Ov xaltamni barglar bilan toʻldirib, quyonchani soldim va uyga olib keldim. Onam qaynatilgan sut quyib siyladi. Lekin u ichmadi – kichkina-da, eplolmadi. Shunda sutni shisha idishchaga quyib, ustiga soʻrgʻich kiygizib, quyonchaga tutdik. Soʻrgʻichni ham soʻrmadi. Onam sut tomizib, quyonchaning burniga tekkizgandi, hidni bilib ogʻzini ochdi. Keyin soʻrgʻichni ogʻziga tiqdik. Quyoncha gupillatib soʻrib, idishchadagi sutning hammasini ichib qoʻydi. Shunday qilib, yangi mehmon biznikida yashay boshladi. Xonalarda sakraydi, hech kimdan qoʻrqmaydi.

Oylar oʻtdi… Quyonimiz katta boʻlib qolgandi. Unga Uzunquloq deb ot qoʻydik. Pechkaning tagida yotishga odatlangani uchun, nimadandir qoʻrqsa, toʻgʻri oʻsha yerga kirib ketardi. Biz bilan Uzunquloqdan tashqari yana qari mushuk Ivanich va ovchi it Jek yashardi.

Ular juda yaqin doʻst edi. Bir idishdan ovqatlanishar, hatto birga uxlashardi. Qishda, uy sovuq boʻlganida Ivanich Jekning toʻshakchasiga kelib oʻrnashardi-da, koptokka oʻxshab yumaloqlanib olardi. Mana, Jek hozir u bilan: burnini Ivanichning qorniga tirab tumshugʻini isityapti, uning issiq-issiq nafas chiqarishidan Ivanich ham mamnun.

Uyda quyon paydo boʻlgach, Ivanich unga eʼtibor qilmadi, Jek esa boshida biroz bezovtalandi, lekin tez orada koʻnikib qoldi: keyin boʻlsa hammalari inoqlashib ketdi.

Ayniqsa, kechqurun pechka yoqilganda inoq boʻlib ketishardi. Hozir hammasi olov qarshisida – isinishyapti. Xona ichi qorongʻi, devorlarda pechkadan taralayotgan qizgʻish shuʼlalar yuguradi, ularning ketidan qora soyalar chopadi. Xonadagi hamma narsa qimirlayotgandek tuyuladi: stol ham, stullar ham jonlangandek. Pechkada oʻtin charsillab yonadi, tillarang uchqunlar uchib chiqadi. Pechkaning turli tomonida turgan doʻstlar choʻchib tushadi va bir-biriga ajablanib qaraydi: “Nima boʻldi?” Keyin tinchlanib yana olovga tikilishadi.

Oʻynashadi. Doim shunaqa: mana, ular uchalasi ham birga yotibdi. Toʻsatdan Ivanich qoʻli bilan Uzunquloqni ohista uradi! Tegmadimi, yana… Quyon yota-yota, birdan irgʻib turib qocha boshlaydi. Ivanich uning ortidan quvadi, Jek esa Ivanichning orqasidan chopadi. Shunday qilib xonada quvdi-quvdi boshlanadi. Bezor boʻlgach, quyon pechkaning tagiga kirib ketadi, shunday qilib oʻyin ham tugaydi.

Uxlashga kelganda esa Uzunquloq izlarini adashtiradi. Quyonlarning odati bu: har tomonga, baʼzan oʻngga, baʼzan toʻgʻriga qochadi. Agar quyonning qordagi izlariga qarasangiz, qayoqqa ketganini topolmaysiz. Bunday izlar “quyon halqalari” deyiladi. Ovchi it u yoqdan-bu yoqqa yurib izlarni iskab aniqlaguncha, quyon buni allaqachon payqab qochib qolgan boʻladi.

Mana, bizning Uzunquloq ham har kuni hammadan ilgari pechka ustiga chiqib izlarini chalkashtirishga urinadi. Xona ichida oldinga, orqaga sakrab izlarini ajratadi, gilamda yotgan ovchi it Jek esa iskaydi-da, unga bir koʻzi bilan qarab goʻyo ahmoq quyonning ustidan kuladi.

Shu tariqa Uzunquloq qish boʻyi biznikida yashadi. Bahor ham keldi – qadrdon, iliqqina. Yashil maysalarning chiqqanini payqamay ham qolibmiz. Biz Uzunquloqni oʻrmonga, erkinlikka qoʻyib yuborishga qaror qildik. Uni savatchaga solib oʻrmonga ketdim, doʻstini kuzatib borar deya Jekni ham oʻzim bilan olvoldim. Ivanichni ham savatchaga joylamoqchi boʻldim-u, qarasam koʻtarib ketishga ogʻirlik qilarkan: uni uyda qoldirdim.

Oʻrmonga yetib borgach, Uzunquloqni savatchadan olib, maysalar ustiga qoʻydim. U boʻlsa nima qilishini bilmay, qochmay, quloqlarini qimirlatardi. Jek quvlashmachoq ishtiyoqida. Uzunquloq esa hech qayoqqa qochmay, buta atrofida aylanar, Jek ham oʻzini uydagidek tutardi.

Axir, butaning atrofida quvlashmachoq oʻynash uydagidan koʻra yaxshiroq-ku, deb oʻyladim men.

Qalpogʻimni silkib baqirdim:

– Oʻrmonga yugur, gʻilay! Nega bu yerda oʻralashyapsan!

Uzunquloq qoʻrqib oʻrmonga qochdi, Jek esa uning ortidan ketdi.

Men kutib turardim. Jek qaytmayotgandi. Birdan oʻrmondan quyonning nolasi eshitildi. Nolishlar toʻxtamagach, oʻsha tomonga yugurdim. Qarasam, Jek Uzunquloqni tishlab turibdi.

Yordamga oshiqdim.

– Tashla! Nima qilyapsan? Axir, bu oʻzimizning Uzunquloq-ku!

Jek boʻlsa “Senga oʻlja tutib kelsam-u, menga baqirasan!” degandek dumini likillatardi. Uzunquloqni tanimay, yovvoyi quyon deb tutib kelgani koʻrinib turardi.

Quyonni maysaga qoʻyib yubordim, soʻng Jekning boʻynidan ushlab turdim.

Nazarimda, quyon bu yerda it bilan oʻynab boʻlmasligini tushundi. Quloqlarini dikkaytirib butalar orasiga kirib ketdi.

 

Shahnoza Rayimova tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.