Uy

0
199
marta koʻrilgan.

I

Ovul sukutda edi. Paxsachilar ishini qoʻygan kezlari edi.

…Oʻsha voqeadan bir kun ilgari biznikiga Oʻljaboy akis (bolalar shunday atardik) kelgandi. Qoʻlida bir parcha qogʻoz, ruchka bor edi.

Ayvonga oʻtirgach, pichirlagannamo gap ochdi:

– Toʻrt-besh soʻmingni beraman. Bilasan, savodim chatoq. Toshkentga bir ogʻiz gap bor. Shuni yozib ber! Nechinchi sinf boʻlding?.. Olti… ha, otang uyga taraddi koʻraversa, oldidan chiqadi. Buni ushla-chi!

Ishqilib, maqtovga uchdimmi, yo buni soʻrab-surishtiradigan yoshda emasmidim, onamning barmogʻini yanogʻiga sidirib, “uyat” deganiga ham qaramasdan, kechki ayozda qaltirab qogʻozni bejadim:

“Assalomu alaykum, inim Suyarjon. Sogʻliq, oʻqishlar yaxshimi? Checham qanday, koʻnikib ketdimi?.. Ogʻaynilarning bari yaxshi, salom aytdi. Gapning indallosi, Suyarjon, sen ketgach, Otamning uyi karvonsaroy boʻldi. Sogʻ ham, nosogʻ ham shu yerda. Qarovsiz uy shu-da! Ket, degan bilan koʻzdan pana boʻlsa, baribir keladi. Urib-soʻkish befoyda”.

Xat shu yerga yetganda u kishi mendan soʻradi:

– Pul toʻlab uyida turadi-ku! Nima deydi, shuni?..

Men yelka qisgandim, onam:

– Kvartira, – deb javob berdi.

– Ha, – dedi akis boshini chayqab, tuksiz iyagini siypab. – Yoz…

“Bu sening shaharingmidi, uyini kvartiraga qoʻyadigan. Sen professorlikdan ortmaydiganga oʻxshaysan, mayli, ilm qil! Uchqiz bilan Gʻoʻbdinning orasida umring oʻtib ketadi, bu yerga kelsang! Agar Otamning uyiga egalik qilaman, desang, qayt jumagacha. Tagʻin, oʻpkalab yurma. Imoratingning toshi koʻchgan. Oʻzaro maslahatdayam shu gap boʻldi. Yaxshi, gap shu-da!

Akang Oʻljaboy”.

Men “yalt” etib unga qaradim. Ichim idradi, qornimga burgʻu solingandek bezovtalandim. Oʻljaboy bobo choʻntagini kovlab, uch soʻmlik berdi.

– Kerakmas… qaysi Suyar?

– Tanimaysan, u Toshkentga ketganida sen emaklab yurarding! Toʻgʻrimi, kelin? Ana aytdim-ku! Biznikiga oʻt, doʻlana beraman. Gapga oyoq bitib ketmasin, yana. Tayyor uy-joy, odamlar eshitsa, jazman koʻpayadi-da! Taqdir qilgani-da!

Indamadim.

Akis qogʻozni avaylabgina buklab, rahmatni doʻndirib, darcha tomon odimlarkan, oyim oshxonadan turib, til uchida: “Shirkadi pishdi”, dedi.

Mening fikru zikrim haligi Otaning uyi – qarovsiz hovlida boʻlib qoldi, shirkadini yeb oʻsha gap izidan quvmoqchi edim.

 

* * *

– Shodmonboy otaning uyi shularning koʻziga saroy boʻldi-da! – dedi onam mendan bor gapni bilgach. – Er yetgan oʻgʻli, uy boʻlib bir oilaga bosh qizi boʻlsa, uyning egasi oʻshalar. Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir boylar dumiga. U yerga Oʻljaboy aka uy tugul, katak qurishgayam qurbi yetmaydi. Roʻzgʻori bitta koʻksigirning yeliniga qaragan-u, dagʻdagʻasi olamni buzadi-ya! Yoki bir koʻmma topdimikan?.. Oldi-orti eski imoratning qoldigʻi, ota-bobosi xumga borini tiqib tashlab ketganmikan? Dami baland, bir hunari borga oʻxshaydi, bolam?.. El-yurt nima derkan, shunga hayronman, qoʻlini burniga tiqib qolaveradimi? Dadangning qulogʻiga bir ogʻiz shipshitish kerakmi? Oʻljaboy bobongning indamay yurgani yomon – pismiqlanib ishini bitkazib qoʻyadi. Esonboy bilan juda osh-qatiq, bir narsa deganmi u? “Boʻlib olamiz”ga uchib, qargʻishga qolmasa edi.

– Boboning yashirgani bor-ov, – dedim onamga, goʻyo shu bilan Oʻljaboy akisning dimogʻi Uchqiztogʻday koʻtarilgani maʼnisini topgandek. – Aya, Suyar akani eshitganman. Bizga ogʻaynimi? Dadam ham koʻp gapiradi.

– Ha. Bari bir otadan tarqagan. Nechi avlod ilgari bobolarimiz shu yerga kelib, el boʻlgan. Ildizini surishtirsang, bir otaga taqaladi.

Keyin, haqiqatan ham, shu tobda Shodmonboy boboning uyi qarovsiz qolib, ivirsiq, tashlandiq bir joyga aylangani rostmi, deb soʻraganimda, onam: “Kimga zaril shu! – deb qoʻya qoldi. – Odamlar bir parcha yerini eplolmaydi-yu, ortiqcha gʻalva kimga kerak”.

Men muhim masala tagiga yetish ilinjida yelkamga chopon ilib, qishloq manglayidagi choldevor sari chopdim.

Qosh qoraygach, kuzning allaqanday muztar qorongʻisida adras toʻnga oʻranib, kunchiqardagi chakalakzor oralab alanglab, qoʻrqqannamo ketib borardim.

Hovlini tezroq koʻrish ilinjida goh chopar, goh toʻxtardim: hadiksirab oldi-atrofimga qarab dirillar, tagʻin biror tanish-bilish uchrab qolsa, birga borardik, degan oʻy miyamga tinchlik bermasdi.

 

* * *

Toqqa tutash adir biqinidagi uy necha yillardan beri odam isiga zor edi. Bu yerga biror kishi kelib sukutdagi hovliyu oʻtganlar tinchini buzmaganidek, allaqaysi sayoq oyoqosti qiladigan ishratxona ham emasdi. Aksincha, hovliga kirishingiz hamonoq dimoqqa yoqimli is urilar, chor-atrofda oʻrilmagan pichan payhon boʻlgandi. Yoʻlakni farishtalar supurgandek. Qoʻy-mol oʻtlashi uchun daraxt shoxlaridan toʻsin; betartib taxlangan bolor, toʻmor, shox-shabba. Kiraverishda oʻng qoʻl – uy, chap qoʻl – ogʻil, toʻgʻrida oshxona. Oshxonaning loysuvogʻi koʻchmagan, bitta-yarimta somonparcha chiqqandi, xolos. Faqat kichkina yaydoq derazani kun urib, soʻlini obdon sugʻurib olgan, kechki shamol oynalarini muttasil dirillatardi. Uning biqinida usti kigizda yopilgan, bir tarafi ochiq tandir bor edi. Kultepa toʻrt-besh qadam nari, soyga tushar joyda.

Quyuq terakzor. Qir kindigini oʻyib qurilgan ogʻil. Bir-biriga chatishgan sada, tagi suruvyotoq. Undan past – buloqqa yolgʻizoyoq yoʻl tushgan. Buloq suvi ikki qishloqqa amal. Ehtimol, qishloq etagidagi hovuz qurib borayotgani uchun uyni buzish gapi koʻtarilgandir. Molxona ustidan tomchi oʻtib, devor biroz qiyshaygan, ustun joyidan siljigan, poydevordan tosh koʻchgandi. Molxonaga bir koʻz tashlagach, toʻgʻri uy tarafga yurdim.

Menimcha, boʻsagʻada ikki-uch avlod yumalab oʻsgan edi. Eski-tuski matohlar va imoratning eski tarxi, bichimi shundan guvohlik berardi. Uzun ayvondan xonalarga oʻtilar, har bir eshik yonida tokcha, aftidan, chiroq yoki obdasta qoʻyish uchun boʻlsa kerak. Qibla tarafdagi ikki xonali mehmonxonaga koʻz qirini tashlab qoʻydim.

Peshayvonning shiftiga uya solgan musichalar, chumchuqlar vijir-vijirlab yoniga chorlar, allaqanday noxushlikdan ogoh etmoqchidek chirillab uchar, tagʻin qismatiga koʻngandek tinchib qolardi. Qushlar qish tashvishida shunday ilhaqdir, degan oʻy miyamga kelsa-da, boʻsagʻada chalajon, uzala yotgan Toʻrtkoʻzning bunday oʻyi yoʻqmidi, derdim oʻzimga-oʻzim.

It qariganini it koʻrmasin. Toʻrtkoʻzning suyaklari boʻrtib, yungi toʻkilgan, koʻzlari kirtaygan: turishga urinadi-yu, oyoqlari qiyshayib, qovurgʻalari boʻrtib ketadi, gʻashini keltirayotgan itchivinlarga ham madorsizgina tumshugʻini nuqib qoʻyadi.

Hovli etagi – soy tomondagi darchadan chiqib ketayotganimda uzun, koʻkka ustun, quchoqsigʻmas teraklarning shoxlarida gala-gala qargʻalar qagʻ-qagʻidan etim uvishdi. Abrikmi, yantoqmi, qushqoʻnmas, xas-xus dafʼatan shitir-shitirlab oʻtakamni yorayozdi. Boyoʻgʻlilarning ovoziyu olazarak koʻzlaridan battar qochdim. Yoʻl-yoʻlakay qirning sargʻaygan oʻt-oʻlanlarini bosib borarkanman, “Shodmon otaning dunyosi bir qish och ovulni boqqan, haliyam boqadi”, degan gap behikmat emasligi-yu, yana “Uyni buzaman deganni tuz uradi” degan matalga goh ishonib, goh ishonmasdim.

Darvoqe, bu chinmi, oʻtirikmi, bilmadim, ilgari darchadan chiqishdagi oʻra oʻrnida yakkamix boʻlganmish. Bir kishi uni olaman deb, tagini kovlaganida bir xum tillo topganmish. Keyin bosar-tusarini bilmay, oʻraning oldi-atrofini kalamushdek ilma-teshik kovlab tashlabdi, biroq hech vaqo topilmabdi. Ancha vaqtdan soʻng bir safar kechqurun shu yerdan oʻtayotsa, kimdir ismini aytib chaqiribdi. U nari-beriga alanglabdi, biroq tirik jon koʻrinmabdi. Qarasa, chuqurda bir narsa yaltirarmish, hovliqib shartta oʻsha tomonga sakrabdi-yu, haligi yaltiroqni olib darrov tishlabdi, tish botmabdi. Toshni choʻntagiga tiqib, oʻradan chiqish ilinji ila jon haybatda yantoq tomiriga chirmashibdi. Shu tobda bir narsa oyogʻiga oʻralib, oʻraga tortaveribdi. Uning oyoq-qoʻli qaltirab, qichqiribdi, ovulni yordamga chaqiribdi, axiyri, yiqilibdi…

Ertasiga murdasini xalq olib ketibdi. Keyinroq keksalardan oʻsha oʻlgan kishi Shodmonboy otaning choʻponi boʻlganini eshitganman. Ular yana: “Choldevorga duo ketgan, tuprogʻiyam birovga doʻstlik qilmaydi”, deb qayta-qayta gapirardi.

 

* * *

Qishning boshi ekan. Shodmonboy ota kechqurun qoʻylarini suruvyotoqqa qamab, qishloqni aylanib yursa, biror hovlidan tutun chiqmasmish. Har bir uyga devor osha moʻralab chiqibdi. Esonboy boboning otasining uyiga yetganda eshik qoqmay toʻgʻri kirib boribdi, qarasa, bolalar ayvonda kuydirilgan tak-tak yeb oʻtirgan ekan. Shu haqda onam takrorlardi:

“ – Shu buvdoyoq qorin toʻydiradimi? Qozon qoraytirishgayam un yoʻqmi? – debdi uyboshiga qarata.

– Topganimiz shunga yetdi, – debdi momo yelka qisib, kavshanarkan. – Birovdan soʻrashga iymandik. Qoʻni-qoʻshnidayam shu ahvol, birovga berar yegulik yoʻq. Yeganimiz oʻzimizga yuqmay yuribmiz. Bizgayam qarashib tursangiz, qolib ketmas. Mana bular odam boʻlsa, yelkamizdan yukni olar…

– Oʻljaboyni joʻnating, eshakka mindirib. Bir xalta bugʻdoy beraman, suv tegirmonga chiqarib, biratoʻla uyga olib keladi. Bolalarni och qoʻymangizlar, ertaga elni chaqirib qoʻy soʻyaman. Uyda hech kim qolmasin, hamma borsin! Bir kosa suv qoʻshsak, bitta odamning rizqida.

– Xoʻp-xoʻp, boy aka. Oʻzim jamoat qilib, aytib chiqaman, – deya uyboshi Shodmonboy otani kuzatgani tashqarilabdi. – Bizni ertaroq aytavering, xizmatini qilamiz. Ortgan-qutganini uyga berarsiz…

– Olib ketaqol, mayli. Ochkoʻzlik qilma, lekin. Bu xulqing bolalaringga oʻtadi. Senga oʻlguningcha xalal beradi, bilib qoʻy”.

Eshitishimcha, Oʻljaboy bobo Shodmonboy otadan undirilgan undan xufiyona oʻgʻirlab, sotib yuboradi.

 

II

Qishloqning toʻrt-beshta qoʻli uzuni Oʻljaboy boboning choldevori yonida nimanidir kengashar, tortishar, yana akisga maslahat solardi.

Men paxsadevordan nari ketolmay, gap poyladim. Neʼmat bobo hoshiyasi kirlanib qoraygan, yaltiragan qalpogʻini yechib boshini shamollatdi:

– Buzishga buzasan, lekin el birlashmasa, ming tirtangla, qish tushguncha imorating bitmaydi. Qish – boʻsagʻada. Suyar kelmas, kelsa-chi, qishi bilan uyma-uy tentiraydimi? Qish oʻchogʻi tor, bola! Yozda butun ovul siqqanga, qishda bir jon ortiqcha. Bir kun Neʼmatga rahmat aytasan, shu gapi uchun. Oʻljaboy, otaning choʻponidan farqing yoʻq. Yuraging ikkita boʻlsa, buz, ammo buni shunday tashlab qoʻymayman. Eshitib ol, sening beting bilan, keting bir. U yoqqayam oʻynaysan, bu yoqqayam. Agar Suyardan bir ogʻiz qattiq gap eshitsak, oʻzingdan oʻpkala.

Oʻljaboy akis chegraydi:

– Ih, joni huzurda. Shu itqaramas chakalakzorga kelaman, deb oʻlib turibdimi?! Tillo bersayam kelmas. Otaning qirqida koʻrganim, shundan beri soyasini solmaydi.

– Bu chakalakzor – otamizning uyi. Oʻt bossa bosaversin, tomchi oʻtsa loʻmboz qilamiz, berkitamiz. Qulasa, koʻtaramiz. Lekin tirnogʻini tekizganning oyogʻini urib sindiraman. Oʻgʻli baribir qaytadi, Amirkaga ketmaydimi. Ota uyini buzganning biri ikki boʻlmaydi. Qaysi kuni Suluvxolni Buloqboshida koʻrib qoldim. “Shu uyda otamning isi bor”, deydi. Ammo kelolmaydi, hech kim yoʻq. Kuyovi qurgʻuram koʻp ichadimi, deyman, singilning koʻzi koʻkaribdi. Soʻraydigani yoʻq, deb oʻylaydimi?.. Ha, shu obroʻgayam tuf, tashlab kelaver. Mungligʻlaringni chirqillatmay… – Mahmud qassob jahllandi, qoʻli mushtlandi.

– Uyimga janjal koʻtargani keldinglarmi, – dedi Oʻljaboy bobo akisligi tutib. – Suyar, Suluvxon – bari oʻzimniki. Ularning gʻamini yemay qoʻyaqolinglar. Suluvxon biznikidan chiqmaydi, kelganida. Tugʻilib-oʻsgan – toʻrkunida soʻrovsiz qolarmidi?! Lekin Shodmonboy akamning imorati koʻklamga chiqmay baribir qulaydi. Men buzmasam, oʻzi buziladi. Toʻngʻichimizga dangʻillama uy solib bersak… Birov foydalansa, qulab tushgandan yaxshi-ku!

Yon-atrofdagilar bobilladi:

– Ishingni oti nima?

– Uy egali, egasi oʻlgani yoʻq.

– Bor, toshingni ter. Qulasa, koʻklam koʻtaradi.

Hartugul, kelishuv mujmal tugagani Oʻljaboy akaga maʼqul edi. Uning yuz-koʻzida mamnunlik zohir boʻldi. Odamlar ariqdan hatlab toʻgʻri Chiroqchi tomonga yoʻl solishdi.

Oʻljaboy aka esa gʻoʻngʻilladi: “Shodmonboyning davriyam oʻtdi-ketti. Kampiri chimildiq koʻrpasi titilmay oʻttizida beva qoluvdi. Kimga ishonadi, hayronman. Qaraydigani yoʻq, arzandasi eri bilan kunda gʻalvada. Bir bolaning onasi haliyam oʻzini bosib olmagan. Biramak oʻgʻli tishini kavlab yuribdi, yuraversin. Endi uy beega”.

U “Uy beega”, deb birov eshitishi kerakdek ovozini balandlatdi.

Devordan gʻisht sindirib olib, ezdi.

 

* * *

Meni haligacha Oʻljaboy boboning oʻsha kungi shashti hayratga soladi. Qoʻl uchida kun koʻradiganning egni qisiq boʻladi, dimogʻ bilan gapirmaydi, gapirolmaydi. Keyinroq eshitganim bor: ushbu voqea yuz berishidan toʻrt-besh yil ilgari u kishi momomga chol topib berish ishtiyoqida ancha yongan.

Momo boshqa uy qurmagan.

Momo qizini uyli qilgach, ikki yilda yolgʻizlikdan zerikdimi, qoʻrqdimi, oʻldi-ketdisi – besh metr surp, joynamoz, imomu gʻassolga berarlik matoni boʻgʻjamaga tugib-yashirib, Toshkentga otlangandi.

“Oʻshandan ikki hafta oʻtar-oʻtmas otaning uyi naq karvonsaroy – ishratxona boʻldi: halol ham, harom ham oʻsha yerda. Kechdan tonggacha bazmu jamshid avjiga minardi. Qimorbozlarning gʻala-gʻovuri, uyi buzilgan, shaharchadan chaqirilgan ayollarning shiqing-shiqingi; chalajon alkash va bangilarning dovrugʻi qoʻlansa is, sukunat ingan uyni boʻgʻardi, goʻyo.

Shodmonboy akaning salobatidan haymiqib, eshik hatlashga jurʼati yetmaganlar endi oyoq choʻzib toʻrda oʻtirar, soyasiga koʻrpa toʻshaganlar uning otini ham unutgandi. Sabr kosamiz toʻlgach, toʻrt-besh kishi galalashib, ichimizda Oʻljaboy bobong ham bor edi, haligilarni quvib chiqardik. Doʻqladik, yoqasidan oldik, urdik, ishqilib, bir amallab haydadik. Uybuzarlarning qorasi oʻchdi. Boʻlmasa, uy oyoq ostida qoladigandek edi. Ovul yana tinchidi”, – derdi otam oʻsha gaplar uy ichida koʻtarilib qolsa.

 

III

Keyinroq haligi xat Suyar akaga yetib bordimi, yoki bu ham koʻz-koʻzga uyushtirilganmidi, ancha oʻylab yurdim. Sabohat yanga bilan gapning tagiga yetdim. Yanga bugʻdoyrang, boʻylari uzun, qalin qora qoshli koʻhlikkina ayol edi.

Kunlarning birida Sabohat yanga gap ochdi:

“Oʻshanda akangiz allaqanday asabiy holda oldimga keldi. Gaplashdik. Ilmiy ishi tayyorligini bilsam-da, negadir qishloqqa qaytishi zarurligini aytdi. “Men bilan qishloqqa ketasanmi?” dedi dangal. Toʻgʻrisi, ilgaridan menda koʻngli borligini sezsam-da, ochiqcha aytmagani uchun, ota-onasining topgani bordir, deb oʻylardim. Qarorini eshitib, ajablanmadim-u, yuz-koʻzidagi oʻzgarishdan bir toʻxtamga kelmaganini sezdim.

– Otang bilan gaplashaymi? – dedi.

– Otam ustozingiz-ku!

– Ustozim yoʻq demas…

– Bilmadim, “yoʻq demas”.

…U kishi otam bilan gaplashgan.

…Otam zalda kutib turgan ekan, imlab chaqirdi. Xonasiga kirdik. Dadamning koʻzlarida allaqanday bir muammo aksi koʻrinar, keng manglayi tirishgan, toʻkilgan sochlari yanada siyraklashgandek edi. Yana, shoshilinch harakatlaridan masʼudligini ham fahmlash qiyin emasdi.

– Oʻtir-chi, qizim, – dedi stulni koʻrsatib.

Keyin biroz taraddudlandi.

– Haligi, onang sirdoshing edi, taqdir ekan. Umrini bolalariga qoʻshib bergan boʻlsin! Endi men ham sirdoshman. Sizlarning baxting uchun yashab yuribman-da. Buni yaxshi bilasan. Singling ham boʻy yetdi-da endi. Onang sizlarni uy-joyli qilishni menga topshirib ketgan. Har kimning boshida bor, bu savdo. Aksioma, hayotning aksiomasi. Keyin bemalol oyoqni choʻzib yotsam boʻladi.

Otam oʻsiq qoshlarini uchirdi:

– Anovi, Suyar akangni taniysan-a? Koʻp keladi biznikiga. Shogirdim-ku, esladingmi?

Bosh irgʻadim.

– Odam qoʻyibdi. Onasi… Bir javob aytish kerak. Shunga nima deysan? Yomon bola emas. Ilmi bor. Sal yoʻl-yoʻriq koʻrsatsa, yoʻlini topib ketar.

Dadam onam oʻrnida onam ham edi, garchi oʻrtada qalin bir devor boʻlsa-da, raʼyimga qarar, ammo gap ohangidan soʻrab keluvchilarga “yoʻq” deyish istiholasi ustida boshi qotar va qiziga bundan avloroq xaridor chiqmogʻiga ishonmasdi, nazarimda. Bu mening koʻnglim uchun ham toʻgʻri, xush edi.

Oradan bir kun oʻtib, Suyar akaning qishloqqa qaytganini eshitdim: Erkin ismli doʻsti qoʻlimga bir parcha qogʻoz tutdi, xatni ochdim, koʻzlarim juda qattiq bosib yozilgan harflar ustida yugurdi:

“Otamning uyini toʻyga sozlayman. Tez bormasam, boʻlmaydi, koʻnglim gʻash. Aytgancha, tayyorgarligingni koʻraver, uydagilar kelinini qishgacha yigʻib olmoqchi. Hafta turib, qaytaman. Onamdan uyalib, qochib yurma, zerikadi. Erkin aka uchrashtirib qoʻyadi”.

 

* * *

Ovulga sovuq sukut kirgan kezlari biz ham Suyar akani Toshkentdan uylangan, deb eshitardik. Rosti, toʻyning ovulda oʻtkazilishini intiq kutganman, tengqurlar bilan toʻnka ustida oʻtirib, yeng shimarib palov yeyishning gashti bor-da. Lekin, bu toʻgʻrida biror kishiga til yormaganman.

Darvoqe, momom oʻsha kuni toʻyni tezlashtirish uchun shaharda tunaydi. Qizni koʻradi: koʻrsa koʻrgudek, koʻngil toʻlgudek – tustar. Gaplashadi, tilidayam, dilidayam bor. Ikkovining gapi gapiga, ishi ishiga mos tushadi, endi bor gap domlada… Domlayam roʻyxushlik bildiradi. Ikki-uch qoʻni-qoʻshni chaqirilib, toʻy belgilanadi.

Xullas, momom “toʻyning kelasi yakshanba oʻtkazilishidan koʻngli ham gʻash, ham toʻq”, edi. Ammo domla kelin-kuyovning keyinchalik Toshkentga qaytishi toʻgʻrisida uzil-kesil bir gap aytmasa-da, baribir qizi shaharda yashashi, shogirdi professorlik maqomiga erishishidan umidvor boʻlgan.

 

* * *

Qizigʻi shundan keyin boshlangandi.

Kayvonining xayoli haligi choldevorga yetib, toʻy tashvishlari yechilib, shahardan kelin ilib boradi, goʻyo. Butun qishloq toʻyga hozirlanib, koʻchib chiqadi, goʻyo. Ovul choldevorni qoʻshqoʻllab epiga keltiradi, goʻyo. Bir kunda el sarpo koʻtarib kelib, boʻgʻjamani toʻldiradi, goʻyo. Ogʻayni-jamoat kengashib, guruch, moy tashvishini yechadi, goʻyo. Bir kunlik toʻy yugur-yuguri tinib, kelin tushirib oladi, goʻyo. Buning bari momoning xayolida, xolos.

Odamlarning toʻyga taqalgan mingta nayrangi bor edi.

…Shu tobda oʻylab koʻrsam, hammasi kino uchun sahnalashtirilgandek tuyuladi. Biri-biriga chambarchas bogʻlangan voqealar. Men esa oʻsha paytlari ovulda gʻaram yonganining toʻyga borib taqalishini oʻylab ham koʻrmasdim…

 

IV

Ovul haliyam sukutda edi.

Kuzning adogʻi. Izgʻirin kishini chaqar, ahyon-ahyon koʻcha-koʻyda boshini choponi yoqasiga yashirmoqqa uringan odamlar uchrar, sovqotganlar qaltiragancha oʻtib ketardi. Oʻtib-qaytayotganlar shu darajada beeʼtibor, hafsalasizki, na baqirganni, na chaqirganni eshitadi. Ehtimol, eshitar, oʻzini garangga solar. Ularni faqat bir vahm bilan chorlash mumkin edi. Shu vahm iliqqanlarni chorlab, oʻy-fikrlarini toʻzgʻitib, oʻz domiga tortishi, gʻarqobdek yutib yuborishi mumkin edi.

…Onamning qozonpatiri pishishini kutib, oshxona atrofida kuymalanib yurganimda, allaqayerdandir tutun hidi keldi. Avvaliga eʼtibor bermadim, oʻchoqdan chiqayotgandir, deb. Soʻngra qoʻrqa-pisa, pichan gʻarami tomonga chopdim. Gʻaram yonsa, qish bamisoli azob. Shamol Olatayoq tomondan esayotgani uchun ogʻilga tiralgan narvonga chiqib, alangladim: tutun buruqsib, chor-atrofni zabtiga olar, osmonga oʻrlagani sayin olomon hayqirib chopar, ayollarning figʻoni falakka koʻtarilar, olov qishloqqa yopirilardi.

Bir payt qarasam, yosh-yalang toshloq yoʻldan pildirib oʻsha yoqqa borayapti: birovining qoʻlida paqir, birida ketmon.

Tom ustidan yelkadosh tomlar osha ularning ortidan quvdim. Ikki koʻzim Olatayoqda, sakrab-sakrab ketib borardim. Traktor ovulga oʻt oʻtmasin uchun “tar-tar”lab yer haydardi. Quruqshagan xas lovullab yonib, toshloq yoʻlgacha yetdi. Shamol oʻchakishgandek xas-xus uchirardi.

Qancha oshiqmay, shuncha kechikayotgandek oʻpkamni qoʻltiqlab yugurardim.

– Ja, vahima koʻtaradigan emas ekan, – dedi chollar yetib borganimda. – Kimning qoʻli qichidi ekan. Bolalar eshik hatlab chiqqani yoʻq. Esonboy “sen-men”ga boradiganlardan emas. Oʻljaboy alanglab yuruvdi, oʻshaning qoʻlimikan? Joni nechta, tayyor gʻaramga oʻt qoʻyib. Oʻzidan bir ayb oʻtgan-ov.

Shu gapdan keyingina olomonning biroz hovuri pasaydi. Olovning dami esa baland edi. Oʻljaboy bobo soʻkinib, eski shinel bilan oʻtni oʻchirar, yon-veridagi bolalarni urishar, baʼzilarga zarda qilib, nishini suqib olardi:

– Qaysi koʻrolmas kuni kuyib oʻt qoʻydi ekan? Shodmon otaning gʻarami qishin-yozin turardi, inson qoʻlini tekkizmasdi. Ih, boyning oʻzi yoʻq-da. Insof koʻtarilganga oʻxshaydi oramizdan. Falokatdan asrasin, Xudoyim.

Pichan tutab, buriqsib koʻkka oʻrlardi.

– Endi Esonboyni sogʻadi, – dedi yuzi qizarib ketgan Umir ilgirchi. – Qayishdimi, bir dardi bor. Qurgʻur choʻldan ham “hiq-hiq”lab suv ichadi.

– Eplagan qiladi-da, shuniyam aka Umir.

Biz bolalar tomosha koʻrayotgandek hayratlanib oʻtirib olgandik. Olov “chars-churs” xas-xusni otar, hamma tobora kichrayib borayotgan gʻaramni qoʻrgʻalardi.

Toʻrt-besh telajka pichan bilan Esonboyning dunyosi kamayarmidi?.. Kamayarkan. Mol-qoʻyi qishdan qanday chiqadi? Toʻrt-besh suruv… bir-ikkita boʻlsayam, boshqa gap. Shuncha yemishni qayerdan topadi?! Ovul ham qarab turmas, somon bermasa poxol, jilla qursa, nushqurt berar, lekin qoʻlda berganga qush toʻymas.

Xullas, qish oʻtguncha Esonboyga kimdir topganini, doʻkonchi ortganini, Xidir bobo ataganini ilinadigan gap chiqdi.

– Esonboy juma bozorga yigirmata qoʻchqor chiqarsa, oʻn telajka beda beradi. Suruvi qishda qimirlamay yeydi. Shu bozor narx ham tushadi, – dedi Neʼmat bobo yarim hazil, yarim chin.

 

* * *

Dadam juma bozorga taraddudlandi.

Men ham ergashish ilinjida erta uygʻondim: ammo menga moltopar doʻppingni kiy, deb buyurilmadi. Kun sovuqligi uchun indamadi, deb oʻyladim, iyartishiga ham koʻzim yetmasdi. Ayvon labida dirillab turaverdim. Keyin uyurga qarab kelaman, degan oʻyda timirskilana-timirskilana nari-beriga yurdim.

Otamning ortidan koʻchaga chiqqanimda chor-atrofda tutun hidi kezinib yurar, ahyon-ahyon zax devor isi kelar, achimsiq havo barini boʻgʻar, mogʻor bosgan toʻrva isidek dimoqqa oʻrnashib borardi.

Dadam koʻp uy koʻtargani uchunmi kuldi:

– Qishga yetmay kimning tomi quladi ekan? Uch oy sabr qilganda, koʻklam el koʻchib chiqardi hasharga. Oʻzi suv muzlab boʻldi, endi qirov tushsa, loy changallab oʻtiradimi? Ahmoq odam ham koʻp-da! Ustun-pustun tirab, suyab qoʻymaysanmi!

– Esonboy akaning gʻarami yondi. Shuning isi.

– Yoʻq, bu uy, eski devor isi. Kimdir tok tagiga tashlamoqchimi? Uzumning tagida qoladi, oʻziyam. Uy qurish uchun uch-toʻrt yil tilini koʻndalang tishlash kerak. Bu yil qorakishmish pul boʻldi, ikki yil shunday hosil olsa, dangʻillama uy-da.

Otam Egiz sada tomon yurdi.

– Uyurni Suvlisoy tomonga hayda, oʻti yaxshi, – dedi yorilib qavargan qoʻli bilan qirga ishoralab. – Baytalni tuyogʻiga qirrach tosh kiradi, oqsoqlanib yurmasin, qarab qoʻy.

– Xoʻp, Suvlisoydan choʻpontayoq yasab kelaman.

…Oʻshanda xayolimga qishloqdagi boqibegʻam, tepsa-tebranmas odamlar bir-bir gavdalanar, qaysisining imorati qulagan ekan, deb oʻylaganman. Nega oʻylamay, axir, kattalar unikida-bunikida yashayveradi, bolalar-chi? Qishi bilan chugʻurlashib, birovning uyiga sigʻmaydi, qornim ochdi, deyolmaydi, emin-erkin oʻynolmaydi.

Yoʻl-yoʻlakay Beshbuloqqa – otlarni koʻrishga otlandim, garchi kuz ayozi ayovsiz chaqayotgan esa-da. Oʻshanda Quloqboshida Oʻljaboy akis bilan Esonboy akani uchratdim, ular nimanidir chamalar, tushuntirar, gap-soʻzidan bir shumlikni boshlaganini fahmlash qiyin emasdi. Ariq suvini hayotga oʻnglash bahonasida ikkovini tinglashga urindim.

– Olifta qaytdimi, olchanglab, – deb soʻradi Esonboy aka baqbaqasi liqillab Oʻljaboy bobodan. – Amakining ham tilini moylab qoʻyish kerak. Bir-ikki soʻm bersang, orqasi oʻchoqdek boʻlib qoladi. Shu bilan saroy qurmaydi. Bolasi er yetib qolgandir, ishni oʻsha buzishi mumkin.

Esonboy aka dadam haqida gapirayotganini tushundim.

Oʻljaboy akis qimtidi, sargʻimtil, soʻyloq tishlari koʻrinib iljaydi:

– Ha, uni oʻzimga qoʻyavering! Bir soʻmning gadoyi, koʻnadi. Suyarmi, u kelmaydi. Qoʻli mehnatda qotmagan. Shuncha ishni koʻrib-bilib… tillo bersayam qaytmas. Suv muzladi. Qoʻni-qoʻshnining eshigida qaqshab yurish osonmi?! Akasi sigʻdirarmikan, Xudo biladi. Kelgandayam kun bermaymiz, ketadi, toʻrvasini qoʻltiqlab.

– Buni oʻzing yopasan, mingʻir-mingʻirni eshitmay…

– Hech gap tegmaydi sizga.

Bobo boshini sarak-sarak tebratib, menga qoʻlini sermadi. Bu – ket, degani. Imlashlar asta-sekin miyamga olov yoqdi.

Ham ularning hangomasi adogʻini eshitish, ham kuzak suvining nozik, shildir-shildiri zavqiga tushib, dara oralab qirga oʻrladim. Onda-sonda yalpoq tosh olib, ariq boʻylab sakratish uchun otardim, keyin “tars” etgan tovush eshitilar, qushlar vijir-vijirlashib har tomonga qochardi. Yana tiniq suv ichidagi toshlardan saralardim-da, uzoq-uzoqlarni moʻljallab otardim. Tagi yedirilgan kovushda avaylab qadam bosardim.

Daraning tusiyam ming turli – Sangnoqning sargʻimtir, qoʻngʻir, malla, oq toshlari yuziga chang yuqmagan. Yashil archalar husnidan kibrlangandek, xokisor kuzda faqirlanib yerga kirgudek. Tik xarsanglar kekkayib, mayda toshlarni siqib tashlayotgandek…

 

* * *

Uyurni Suvlisoy tomonga haydab, shirgʻaytayoq yasadim. Chuchuk bodom shoxidan sindirguncha, qoʻlim toldi. Keyin darrov izimga qaytdim: toʻrt qir oshguncha nafasim boʻgʻzimga tiqildi, boringga shukr, baytal, dedim ichimda. Borarda, kovushim nam soʻqmoqlarda toyinib-toyinib ketavergach, otga minib olgandim. Butami, abrikmi ushlab zoʻrgʻa qirga chiqardim. Darada tulkilarni qoʻrqitish uchun hushtak chalib, shirgʻaytayoqni oʻzimcha har tarafga oʻqtaldim. Mullasoydan jar yoqalab ikki tulki qochdi. Uyur birdan hurkdi. Kishnashib, tepsindi. Otlar qishin-yozin togʻda yuradi. Bir safar Uchqizdan oshib naryoqqa oʻtganda dadamning tojik oshnalari tashlab ketgandi. Suyunchiga bitta toy berganmiz. “Boʻri otlarga teginmaydi, ikki oyoqli boʻrilardan qoʻrqqulik”, derdi onam ot tashvishi ortgan paytlarda.

Gʻorlisoy ustidan ovul koʻrinadi. Quyoshning horgʻin tafti odamlarni noodatiy bir hadikka qoʻygandek… Xirmonga tushgan qumursqadek bari gʻimirlar: tandiriga oʻt qoʻygani qaysi, otini choptirgani qaysi, tomini yoptirgani qaysi?.. Kimdir tom ustidan bir narsa tashiyapti. Oshqovoqmi, deyman. Bir talayi adirning narigi tarafidan oʻtin tashiyapti: bolor koʻtarib ketayotgan uch kishi, anovi kampirning yelkasidagi nima?..

Tayoqni irgʻitdim-da, oʻqdek otilib soylikka tushib, jilgʻa yoqalab chopdim: oyogʻim chakalak tomiriga ilakishdi, surindim, toydim, yiqildim. Lekin buni his etadigan holda emasdim. Tepalikni aylanib oʻtdim. Yantoq, qushqoʻnmas oralaganimda tikoni boldirimga, sonimga sanchilaverdi. Lekin ogʻriqni sezmasdim.

Borsam, olomon Shodmon otaning qulagan uyining bor-budini boʻlar – birov ustunga, birov eshik-derazaga, dadili zabarovga, boʻsh-bayovi yogʻoch tovoqqa ega chiqqandi.

Biroz koʻzim singgach, atrofga sersoldim: yetim mehmonxonaning oynasi toʻkilgan, bir tarafi qulagan, goʻyo chayladek oldi ochilib, shiftidan qamishlar shalvirab turardi. Oshxonaning bolori sinib tushgandi.

Otaning uyi bir onda xaroba boʻldi. Kuzning namxush havosi, kechasi sebalagan yomgʻirgina chang-toʻzonni bekitardi, xolos. Paxsa devor tagidan tarvuzdek toshlar moʻralar, ipirisqi qamishlar har tarafga sochilgan, chumchuqlar vijirlashib norizolanar, qumursqalar moʻr-malaxdek daraxtga oʻzini urar, sichqonlar chiyillashib qochar, doʻppidek uya atrofida bir-ikkita ari uchib yurar, Toʻrtkoʻz esa goʻyo oʻlikdek taqdirga tan berib, qayragʻoch ostiga choʻzilgandi.

Joyida faqat yakkamix qolibdi, deb oʻyladim. U meniki, yoki ogʻzimni ochib turaymi? Shu payt ustun tagidan uzangining bir uchi koʻrinib, xayolimni buzdi. Baribir yakkamixga kuchim yetmaydi. Bu kimgayam kerak? Chilviri andak chirigan ekan. Bildirmaygina oʻtib, uzangining “qulogʻi”dan tortib olgach, qoʻltigʻimga qistirib, juftini izladim. Uyligʻib yotgan ashqol-dashqol, xas-choʻp, qamish orasidan tepib, titkiladim. Katta bolorlarni koʻtarishga qiynalib, shirgʻay tayoqda tagini ochdim. Baribir chiqmadi, menga oʻxshagan son mingta, bittasi koʻtargan-ketgan-da! Men orqalashga yaraydigan tuzukroq matoh ham yoʻq, borini supurib ketishgandi. Mehmonxona eshigi lang ochiq, ammo u tarafga oʻtishga iymandim. Koʻrpa-toʻshak, olacha, julbaroq va kigizdan boʻlak hech vaqo yoʻq. Kuni shunga qolgan ekan, deb kulmasin Xolboyga oʻxshaganlar.

…Ini buzilgan qushlar ayyuhannos solib, chor-atrofni boshiga koʻtarar, arilar “gʻiz-gʻiz” u yoqdan-bu yoqqa tentirar, Suyar akaning holi bulardan kam emas. Katta janjal boshlashi tayin, degan xayolga bordim.

Egarni bekitib qoʻydim. Otam: “Egarda baraka bor”, degani esimga tushdi. Uloqchi ot olsak, egarlayman. Toy ham ikki-uch yilda koʻpkariga qoʻshilar.

Bu yerga koʻngil bosganim uchunmi, ichimda nimadir uzilgandek edi. Aybni kimga toʻnkaymiz? Oʻljaboy akayam oʻzicha haq. Menga uyni sen buzgansan, deb yopishsa-chi? Nima deb oqlayman oʻzimni. Toʻgʻri, xatni men yozganman. Lekin kimdir bu xususda gʻalva boshlashiga koʻzim yetmaydi. Bunda boboning qoʻli bor. Oʻylab koʻrsam, hammaning uy buzilishida qoʻli bor. Boshqalar ham shu yerdan u-bu narsa yeyapti, ular ham mum tishlaydi.

Xurjun opichlagan Qadam aka, keli koʻtargan Qarshiboy muallim, zanglagan poytesha, bolta, oʻroq tutgan usta Nizom yoʻlga tushdik.

Masjidga yetganimizda roʻparamizdan ochiq yuzli, ozoda kiyingan bir yigit koʻrindi. Yuz-yuzma kelgach, salom berdi, quchoqlashib koʻrishdik. Mening qoʻlimni siqib qoʻydi. Uzuq-yuluq ahvol soʻrashdik.

– Eshonimga ishonib eshagimdan ayrildim. Ertaroq kelmabsan-da! – dedi usta Nizom. – Oʻzimiz – usta, amallab koʻtarib berardik. Oxiri quladi. Qarovsiz yotgandan keyin shu-da! Omonating bizda. Devor ostida yoʻqolib ketadi. Uying bitganda qaytaramiz. El shunday dedi. Er kishining rizqi koʻcha-da, deydi. Bu yerda nima bor, qishin-yozin ishlaysan, biring ikki boʻlmaydi. Butun umr qora mehnat odamni egib qoʻyadi. Sillang quriydi. Shaharing tinch-ku!

– Eski-tuski nima kerak oʻzi, toʻgʻrimi, Suyarjon? – dedi Qadam aka. – Hemiriga yangisidan beradi-a? Eskini tuzatguncha esing ketadi. Zanglaganini boshingga urasanmi?!

Uzangini koʻylagim etagiga yashirgandim. Egasi sezishidan qoʻqqandek qizardim.

Suyar akaning yuzi boʻgʻriqdi. Uzoq kalovlangach, “ha-ha”lab oʻsha tomonga ketdi. Uning bir dardiga ming dard qoʻshilganini fahmladim.

Uyga qaytarkanman, daraxtlarning yalangʻoch tanlari qattiq qaltirayotgandek tuyulardi.

 

* * *

Uy buzilgandan soʻng…

Suluvxon opam ham tentiray-tentiray, axiyri, biznikiga qoʻndi. U Suyar akamdan yozgʻirdi:

– Kel, iting adashdimi shaharda, dedim. Begona elga el boʻlish osonmi, dedim, koʻnmadi. Qaytaman, shu choldevorni birov koʻtarib ketarmidi, dedi. Egasiz uyga birovning ichi achiydimi?! Azobini yeydi, endi bitguncha. Tagʻin toʻy boshlab qoʻygan! Otam rahmatli qiynalmasin deb oʻqitdi. Yedirdi, ichirdi, qiyinchilik koʻrmadi. Tarallabedod yurishi koʻpaydi. Endi qishloqqa qaytgisi kelmaydi…

Onam uni yupatishga urindi:

– Elga gapmi, bitta imorat… ha, desa, toʻygacha koʻchib oladi.

Opa hafsalasiz qoʻl sermab, qansharini artdi.

– Bir oʻziga osonmi? Ahmoqning ogʻzidagi gap bu. U kishim qoʻlini sovuq suvga urgan emas. Bitta qarashadigani erimmi, hey… shu uydan yesam, deydi. Tavba, boʻl-boʻl boʻlsa, begona-ku ketar, lekin oʻzimizdikidan ortmaydi. Haliyam insofi oʻyilmapti, mehmonxonani bir “tishlab” qoʻyibdi. Endi nima qilsin, bechora, uylansinmi, uy qursinmi? Katalak solishgayam uquv yoʻq. El deysiz, yanga, bular kishi oʻlsa qoʻlini choʻzmas. Koʻp sinaganman, yordam beradigani barmoq bilan sanarli. Birovning uyini birov qoʻriqlaydimi?! Yoʻq, oʻziniki qiladi, darrov. Akam oʻziga tashvish orttirdi. Uy yoʻq, joy yoʻq, xotin saylar, degandek.

Daraxtlarning yalangʻoch badanlari yanayam qattiq qaltirayotgandek tuyuldi menga.

Opaning koʻzlaridagi mung hali-hanuz koʻz oʻngimda gavdalanadi. Hoʻngrab yuboray derdi, faqat oriyat kuchli, tishini tishiga bosardi.

Endi-endi uyning buzilishi voqealarini eslarkanman, bir muammoning tagiga yetolmayman: nega boshida tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqqanlar keyin oʻzlariyam sherik boʻldi? Qaynatsa qoni qoʻshilmaydigan Safar mulla va Oʻljaboy birdan aka-uka tutindi?

Buning tagida bir gap bor edi.

 

* * *

Suyar akamning uyi-joyi yoʻq, borar joyi yoʻq edi. Oʻsgan yerida musofirdek yashardi – na yemakdan, na ichmakdan, na kiymakdan tayin bor. Otam: “Uyat, kap-katta odam ogʻil ustida yotadimi”, deb sudrab kelmaguncha oʻrligi tutdi. Toʻrt-besh kun biznikida mehmondek yashagach, axiyri, koʻnikdi.

Azon uyiga ketadi, kech qaytadi. Tushlikni oʻzim olib boraman.

Uy qursang, yo oʻgʻling boʻlsin, yo puling: bitta bolorni tikka qilish uchun bir soat tirtangladi: oldin bu yoqdan koʻtarib tortdi, keyin narigi boshini aylantirdi, oʻydim-chuqur ayvondan oʻtkazguncha terga botdi. Yelkasi shilinib ketdi, oʻngarib oldi. Men kuchim yetgancha koʻtarishdim. Qibla tarafdagi tomga biriktirib, ip tortib, chamaladi: toshdan poydevor urdi.

– Bu yilcha yashab-turishga uch xona boʻladi, – dedi u toʻnka ustidagi kigizga oʻtirib choydan hoʻplarkan. – Keyinroq pul koʻpaysa, kengaytirib olamiz. Hali shifergayam toʻrt-besh soʻm kerak.

– Hammaniki loysuvoq. Bir-ikkita odamni aytmasa… Doniyor joʻramlarnikiyam shifersiz. Yaqinda koʻchib chiqqan, – dedim goʻyo Suyar akamni yupatmoqchidek.

– Dadang qachon keladi?

– Peshingacha amallab turinglar, devdi.

U joyidan qoʻzgʻaldi.

– Ichkaridagi lash-lushlarni oshxonaga tashiyver. Kosa-tovoq, koʻrpa-toʻshak, sandiq, yana bir narsalar bor. Shularniyam koʻtarib ketadigan chiqadi.

Gap menga tegib ketdi.

Ashqol-dashqollarni oʻtkazgunimcha kech kirdi.

Suyar akamning ham ishi unmaganini achchiqlanib toshlarni har tarafga ota boshlaganidan sezdim. Poydevor qoziqlarini sugʻurib tashladi. Kimnidir soʻkdi, oʻzini koyidi, laqma, deb.

– Bizgayam bitar dunyo. Oʻshanda koʻramiz. Oʻzi zarilmidi shu qishloqqa qaytib menga. Bir kunim shahardayam oʻtib turuvdi. Kelmaganimda bunday xor boʻlib yurmasdim. Ust-boshim toza edi, loy changallab oʻtirganim yoʻq edi. Bitta katalak oʻsha yoqdayam bitardi.

Endi eslasam, oʻsha ondayoq uning ruhi singan ekan.

 

V

Ovulga yana sukunat choʻkdi.

Suv muzlagan kezlari Suyar aka rezina etik kiyib loyga tushdi: zil-zambil qolip topib, gʻisht quydi, lekin el kelmadi, bizga qarashmagan, deb. Horma oshiga ham yaramagani qancha? Keyinroq Oʻljaboy akis bilan Suyar akamning orasidan gap qochganini eshitdim. Ikkovining ham mushti tayyor. Qishloqqa esa Suyar akam yomonotligʻ boʻldi: u janjal koʻtardi, lekin biror kishi uning tarafini olmadi, shu alam qildi. Faqat Suluvxol opamning kuyovi burnini jiyirib kelib, toʻrt-besh kun qarashdi, xolos. Boshqasi soyasini solmadi.

Sovuqdan ijirgʻansam-da, bir kun hasharga taraddudlandim. Ayoz, tuflasang yerga tushmaydi. Bitta gʻisht qoʻyish malol, loy changallash azob. Butun badan muzlagandek boʻladi. Tosh qoʻlga tekkanda sovuq miyaga yetadi, maʼquli – u-bu kerakli narsani uzatib turish.

Oʻtgan-ketgandan gap ochilganda quloqni oʻnglayman. Dadam Normat otaning gʻajirligiyu Qarshiboy otaning gapga chechanligidan soʻz ochdi.

Suyar akam yetti otamizni surishtira ketdi.

Hangoma borib-borib, olovlanib, uyning buzilishiga taqaldi-yu, Suyar akam qizishdi, Oʻljaboy boboni soʻka boshladi.

Otam uning hovliqmaligiga kulib qoʻya qoldi:

– Oʻljaboy akaning joni nechta uyni buzib? Bizdan oʻtib qoʻl tekkiza olarmidi?! Imorating shamolga hilpirab turuvdi, oʻzi. Nechi yil boʻldi, soyangni solmaysan, qulaydi-da. Gumon – yomon, oʻz koʻzing bilan koʻrsang, boshqa gap. Ushlab oldingmi buzganida? Jim boʻl, ayb oʻzing-da. Bu uy seniki, unga sen qaramasang, birov baribir buzadi. Otaning uyiga farzand ega…

Otamning uy haqidagi uydirmasi juda ishonchsiz chiqdi, mening xayolimda.

Suyar aka qolipga loy tashladi, men unga tosh suqib zichladim, keyin qolipni tortdim. Eski imoratning gʻishti uning joniga ora kirdi. Shu ishini oʻrjitdi.

Oʻsha payti Suyar akam toʻyga qurbi yetmasligini roʻy-rost aytdi. Besh-olti kunda uy tikka qilish ahmoqning ogʻzidagi gap-da!

– Xayolim yana Toshkentga ketadi, – dedi u jindak afsuslangannamo. – Lekin toʻyni shu yerda oʻtkazishga soʻz berganman. Nima degan odam boʻldim-a? Hali bu uy rosa boshimni yeydiganga oʻxshaydi. Oddiy arifmetika bari, ammo ustaning ishi ekan-da qurilish. Men tinchgina qogʻoz-qalam bilan shugʻullanganim yaxshi.

Dadam uning yelkasini qoqdi:

– Bilasan, ikkovimizning oramizda seniki-meniki, degan gap yoʻq. Biznikida oʻtadi toʻy. Uzun oʻn bir bolorga chimildiq ilamiz, maʼqulmi? Yashayverasan, qish chiqquncha. Bahonada, yangangga ermak topiladi. Shumi tashvishing?..

U horgʻin nafas oldi.

– Men-ku, chidarman, onam nima deydi, el-elat-chi?.. Bitta kelinniyam oʻzining uyiga tushira olmapti, demaydimi?! Bir amallab qishni oʻtkazsak, u yogʻi Xudo oʻngiga boshqarar. Qishloqqa keliningiz koʻnikib ketgancha… Ishim orqaga ketdi.

Otam yupatgannamo dedi:

– Ruhi tushganning oti ham yurmaydi. Bitgan ishni endi choʻzma. Odamlarning gapiga kirsang, faqat yotsang – yaxshisan. Endi, nima boʻlsa boʻldi, bosh yorilgani doʻppi ostida. Tagʻin, kimga qiziq, seni gapirib. Hammamiz bir otadan tarqaganmiz, bir urugʻmiz. Lekin esingdan chiqarma, hozir tashlab ketsang, birovning ketmoni uchadi.

– Elga ermak boʻlgandan… ketgan maʼqul. Itning kunini koʻrib yuribman. Uyini sotadigan ham yoʻq-da.

– Mening gapimga kir!

– Siz tishingizni tishingizga bosib chidashingizga toʻgʻri keladi. Ikki qozon qaynatish kerak, bir tandir yetmaydi…

 

* * *

Oʻljaboy bobodan qanchalik nafratlanmay, unga bor aybni toʻnkolmasdim. Yillar oʻtib, buni Suyar akamga aytmaganim toʻgʻri ekanini angladim. Ehtimol, oʻsha xatni Oʻljaboy bobo yozmaganida Suyar aka haliyam qishloqqa qaytishini Xudo bilardi.

 

VI

“Uyni buzganning oʻzi buzilsin! Yolgʻiz bolamni tentiratib nima baraka topardi?! Biri ikki boʻlmasin!”. Barchin momom qishloqqa qaytib, ich-etini yedi, uy buzuvchilarni qargʻadi, siqtadi. Lekin endi kech edi. Bir-ikki kun biznikiga sigʻmay, ertadan kechgacha toʻrt-besh marta otamning uyiga borib kelar, charchab holdan toysa-da, har soatda: “Uy bitdimikan?” deb alagʻda boʻlardi. Uyning ha deganda bitmasligiga koʻzi yetsa ham…

 

VII

Uy ichi ilmliq, tashqari sovuq edi: ahyon-ahyon qargʻalarning ayyuhannosi alamzada tabiatning dardiga tuz separdi goʻyo. Kuz oyogʻini choʻzib turibdi, qish aksiryapti.

Ovulning ishi ichkariga koʻchgan kezlari edi. Onam tandirdan qozonpatir uzib, bitta-bitta chanochga solarkan, darcha ochilib, Suluvxol opam kirdi, oʻgʻli – Niyatni opichlab olgandi.

– Qaysi shamol uchirdi, qiz?

– Shu shamol biznikida, hasharga keldik, togʻamiz imorat boshlagan ekan. Jiyanlari boramiz, deb qoʻymadi. Uy ichilar tinchmi?

– Ha, shukr.

Onam tugunchani menga tutqazib, ularni dahlizga ergashtirdi.

Momom darrov: “Ha, yana ering urdimi?” deb tillandi. Ular ancha payt indamay oʻtirishdi.

– Oʻzingdan bir gap oʻtgandir, bir mushtga uy buzilib ketaversa, hay-hay, tavba degulik… Momom roʻmoli uchini tishlab qoʻydi.

Suluvxol opam xoʻrsindi:

– Uy qilmayman, er zoti shu boʻlsa, toq oʻtay. Shu goʻdakni amallab katta qilsam…

– Bolam, buncha yengil boʻlma! Qizishib aytgan gapingni unut, ota uyingga qayt, deb uzatmaganman. Sening uying oʻsha yerda. Birinchi uying uy… qolgani baxt bermaydi. Bolangni chirqillatib, baraka topmaysan. Otasiz oʻsgan uysiz oʻsgandan ham yomon.

– Ha, otamning uyiga sigʻmay qolibman. Bitta boradigan yerim shu yer edi. Oʻrni bilinayapti otamning. Koʻchaga bunday tashlab qoʻymasdi.

– Uy qilish osonmi, roʻzgʻor – boru yoʻgʻiga, kamu koʻstiga chidaganga. Ne kunlar oʻtmadi boshdan – birov bildi, birov bilmadi. Joriyaga jar solganda ish bitarmidi?! Yomon yashamadik, ursayam seniki maʼqul, dedik.

U oʻqchib qoʻydi.

 

* * *

Otam ham oʻsha gap ichida boʻlgan. Xoʻsh, unda nega qarshi chiqmagan? Endi uni pinjiga olgani nimasi? Buni soʻrash uyat, yana momom eshitsa… Momom ham uch-toʻrt kun toʻmrayib yurdi, qulogʻiga bir gap yetganmi? Faqat onamga ichini yorardi.

Momom “uh-uh”lab yotganida beixtiyor ichkariga oʻzimni urdim. Dahlizga yugurib kirsam, oyim unga choy hoʻplatib oʻtirgan ekan. Butun vujudi dirillar, oʻqtin-oʻqtin yoʻtalar, tinimsiz varaja tutardi.

– Uhhu, uh, oʻlsam birovga ogʻirligim tushmasa, yengilgina olsa. Uyingda oʻlsang, oʻsha yerdan chiqarsa, qaniydi. Uh-hu, uh. Bu yoʻtali qurgʻur toʻxtamaydi. Ha, qurib ketsin-yey!

Onam momomning damini kesdi:

– Ha, endi shu gripga oʻlabersak, dunyoda odam qolarmidi?!

Barchin momom manglayiga sochiqni bosdi:

– Ketadiganga oʻxshayman, bir qarzim – Suyarni uylamadim. Toʻyini koʻramanmi, devdim, peshanaga bitmaganga oʻxshaydi.

– Nevaralar-chi?

–…

Momom onamni engashtirib qulogʻiga shivirladi:

– Eringizga ayting, ovsin! Bizning uyga qarashsin! Oqqan daryo oqmay qolmaydi, baribir dunyo ungayam bitadi. Ota-bobosi elning oldi boʻlgan, qayerga ketadi?.. Shuncha dunyo egasiga qaytadi-da!

Oyim bosh silkidi.

 

* * *

– Bir qism tuprogʻidan olib keldim, qoʻshib koʻm, – dedi momom yarim yonboshlagan koʻyi objoʻsh hoʻplarkan. – Cholimning izi tushgan, agʻnagan. Uying bitmadi, oʻlsam el bilan tortishma, kim nima eksa shuni oʻradi.

– Tortishmayman. Toʻy-chi? Kim bosh boʻladi? Keliningiz-chi? Oʻlmaysiz!

Suyar akam momomning qoqmol qoʻllarini mahkam siqdi.

– Toʻyni qoldirma, mendan boshqasi senga qaygʻurmaydi. Amallab oʻtkazaver, hech kim kulmaydi. Momo yutindi. – Oʻzing uchun oʻl yetim. Koʻzim ochiqligida toʻyingni koʻramanmi, devdim. Uh-hu, uh-hu.

– Koʻrasiz.

 

* * *

Toʻy yaqinlashgan sayin Barchin momomning ahvoli badtar ogʻirlashardi. Qarilikmi yoki eski dard zoʻrlik qildimi, ishqilib, boshini koʻtarolmay qoldi. Suyar akamning tashvishi ortdi.

Otam Oʻrol mullani chaqirib, chilyosin oʻqitdi, sal tuzalganday boʻldi.

Ertasi kuni tengqurlar maktabdan qaytarkanmiz, koʻchamizga talay odam yigʻilganini koʻrdik: hammaning belida belbogʻ. Kim boʻlsa? Xayolimni ming oʻy kemirardi.

Bolalar tasalli berdi:

– Yigʻlama, joʻra, oʻlgan qaytib kemaydi.

– Momommi, deyman…

– Joyi jannatda boʻlsin!

Darchadan kirguncha yuragim yorilayozdi. “Onam”layotgan qishloq ichidan dadamni izlardim. Qayerda ekan?.. Suyar akam-chi? Oruvlayotgan xotinlar uvvosi koʻnglimni boʻshashtirdi. Bel bogʻlagan Suyar akam oʻzini u yoqdan bu yoqqa tashlaydi.

Odam uyilib ketdi. Goʻyo toʻrt togʻ orasi koʻchib kelgandek edi.

Suyar akaning yolgʻizligi bilindi. Xotin-xalaj, qari-qartang “onam”ladi. Yosh-yalang, chollar “onam”ladi.

Tobutkashlar birma-bir, qoʻlma-qoʻl mayitni yelkalashdi. Suyar akam uvvos soldi. Barchin momoni biznikidan chiqardi, unga alam qilgani – oʻzining uyi bitmagani. Otasini oʻz uyidan tuproqqa topshirgandi. Onasini-chi? Yuragi yonib ketdi, oʻkiraverib.

Momom oʻlar chogʻida har vaqt shu gapni gapirardi: “Uyimni bitkaz, birovga yukim tushmasin! Somonxona boʻlsayam, mayli. Qirqimga kelganlar talmovsirab oʻtirmasin, doʻst bor, dushman bor. Bolam, senga aytadiganim shu. Oʻz uyimda chirogʻimni yoqib tursang, boʻldi. Goʻrimga tosh qoʻyma, uy qur”.

Momoni soʻnggi yoʻlga kuzatib, tuynugi yoʻq uyga qoʻyib keldik.

Suyar akam misoli garang edi: biror ishi oʻnglanmadi. Oʻziga oʻzi soʻkinib, gʻijinib yurdi. Igna yegan itdek ozib-toʻzib ketdi.

Uy bitmagandi. Momoni uyidan chiqarmagandi.

 

* * *

U savobu janozani, ertasiga xudoyi marakani oʻtkazib, lash-lushini yigʻishtirib, negadir shaharga ketish taraddudiga tushdi. Bu yogʻi qish oyoq tirar – suvning yuzi qota boshlagandi. Tuman tushib, birdan muzgalak yogʻdi. Avvaliga dadam Suyar akamni bu sovuqda ketolmaydi, deb oʻyladi. Koʻchaga chiqqach esa, urishdi.

– Qishloqqa qadamingni bosma! Sen ham yigit boʻldingmi-yey, bitta onangning qirqini uyingda oʻtkazolmasang! Oyogʻingni sindiraman, kelsang, bilib qoʻy.

Suyar aka yomgʻirpoʻshini ustiga yopinib ketdi.

– Akamning ruhi tinch qoʻymaydi seni, ketaver, sangʻi! Oring boʻlsa, shu uyni koʻtararding, koʻngling Amirqoni tusamasdi. Oʻz uyim – oʻlan toʻshagim.

U bir toʻxtadi-da, yana yurdi.

Qoʻlimga tosh oldim…

 

* * *

Suluvxol opam uyma-uy tentiradi. Jiyanni iyartib, kirmagan uyi qolmadi. Birovning uyidan somonxona tuzuk. Axiyri, oʻsha choldevorga kuni qoldi.

 

* * *

Dadam ham oxiri taqdirga tan berdi.

Oʻljaboy bobo biznikiga adashib kirdimi, atayinmi, bilmayman, dadamga rosa nish suqdi.

– Koʻna poʻstakdek sudradingiz, ini? Ketishi maʼlum edi-ku, – dedi u dadamga qarata, sir boy bergisi kelmay. – Soʻgʻimlarni boqaman, deb boʻyningizga olganmisiz. U yoqdagi choʻpni bu yoqqa qoʻymasa, mengayam, sizgayam tashvish.

Dadam tutaqdi:

– Ha, uyiga ertaroq ega chiqmoqchimidingiz? Ana huvillab yotibdi. Chechamning qirqini oʻsha yerda oʻtkazamizmi, devdim. Bitta oʻzim qay biriga yuguray.

Oʻljaboy aka pinagini buzmadi.

– Oʻlgan oʻldi-ketdi. Endi qurbi yetsa, toʻrt-besh tovoq osh qilib, qirqini oʻtkazsin, qurbi yetmasa, hech kim oʻpkalamaydi. Yana qayt, deb bola bechorani qistamang! Oʻzi, uy quraman deb beli sindi-yov.

Dadam uning niyatini allaqachon sezgani uchunmi kulib qoʻyaverdi.

Kulish maʼnisini tushungandim.

 

VIII

Uyda rosa toriqdim. Kun ham oʻzini qoʻygandi. Bolalar qirda “taq-taq” oʻynaymiz dedi. Taxta toʻpponchalarini olib, toqqa qarab ketishdi.

Onam bodom moy olish uchun omborga kirishi hamonoq qoʻshnimizning terakzori oralab yugurdim, ortimdan baqirganlarini eshitmaganga solib qochdim.

Otaning xarobasiga yetganimda, birdan koʻnglimda gʻayri ixtiyoriy ogʻriq uygʻondi: fayzli imorat oʻrnida muztar xonalar, toʻzgʻigan kiyim-kechaklar, bemorning rangidek sap-sariq xazonrez, adirdan sel tushib buzilgan hojatxona… endi kuchuk ham koʻrinmasdi.

Oʻyin rosa qizigan: bolalarni har qancha tomogʻim boʻgʻilib chaqirmay, hech birining qorasi koʻrinmas, oʻn chogʻli bola shu yerga singib ketgandi, goʻyo. Shunda xayolimni hoʻl barglarning ojiz shitiri buzdi. Oshxonaning pastak devoridan sakrab, oʻyilgan tandir oʻrniga tushib, yashirindim. Kovushim loyga botdi. Tomiz kesak erib, burchak sariq allambalo rangga boʻyalgan ekan. Dahliz tokchasidan pisinib alanglayotgan Yaxshiboy meni koʻrib: “Eshik oldida kim bor”, deb imladi. Yelka qisdim.

Shunda uning ortidagi devor ilkis nuray boshladi.

– Taq, Yaxshiboy, ketding! Chiq, koʻrdim, tokchadasan!

U norizolanib qoʻlini koʻtargancha sada tagiga oʻtdi.

Bolalarning “taq-taq”i yana zoʻraydi.

Men xalal bermaslik ilinjida Yaxshiboy tarafga yurdim.

Oʻyin qizidi, ichim qizidi, lekin kechikkandan keyin shu-da!

Yutqazmaslik uchun Yaxshiboy ishoralar, u ham barmoqlarini raqiblari “pildir-pildir”iga mos oʻynatar, baʼzan “qoch” degandek tishlanib qoʻyardi.

Chayir Oʻrozali qoʻliga kesak oldi-da, ogʻil chetiga otdi. Hammaning xayoli oʻsha tomonga ogʻdi, u-bu joydan kallalar koʻrindi, u darrov “taq”illata boshladi.

– Mamadiyor, Oʻrol, Poʻlat uchovingniyam koʻrdim, derazaning ikki tarafidasan! Taq-taq.

Oʻrozali oʻyinni halladi.

Poʻlatning avji keldi:

– Tom boshida yotaman-ey,

Dushman kelsa otaman-ey.

Qator-qator qizlarning

Kokilidan tortaman-ey…

Yana ikkiga boʻlindik. Toshloq yoʻlning oʻngi va chapi.

Endi shaylangandik:

– Egasi koʻrsa hammamizni uradi, – dedi menga xavotirlanib qaragancha Mamadiyor.

– Uydami? – deb soʻradi Oʻrol.

– Ha…

– Boshqa qayergayam borardi.

Ular birvarakayiga kulishdi. Bu bilan meni masxaralagandek tuyuldi, lekin qoʻshildim kulgiga.

– Chertmaydi, – dedi Poʻlat chinchalogʻini sermab. – Murod quvib yuboradi, keyin kimnikiga boradi. Shu yerga keladimi?

Gapni Oʻrol ilib ketdi:

– Murodning dadasiyam koʻngan ekan: “Mayli, baribir uddalolmaydi, ham shahar, ham qishloqqa yugurib. Ikkovidan birini tashlashi kerak”, deb.

– Ey, bilmasdan suraverma, biz bir otadan tarqaganmiz, dadam aytdi. Sen ham, men ham. Men eshitganman: Ota hammani qishdan chiqaraman, deb, oʻlib ketgan, – dedim qoʻlimni musht tugib, Oʻrol tomonga yurdim.

– Bizga nima? Oʻzlari kelishib oladi, hammamiz yosh boʻlsak…

Oʻrozali bolalarni joyidan qoʻzgʻadi.

Tarqaldik.

Boʻy barobar handaqqa oʻzimni tashladim: qibla tarafdagi burchakka bekindim. Tagimda qavat-qavat xazon toʻshalgan. Zax yer oyoqdan oladi. Quyoshning ojiz nurlari yuzi chayilgan xazonlar ustida jimirlaydi. Atrof sukutda, goʻyo olam shunday oniy sukutga choʻmgan.

Asta poyladim, Mamadiyor hojatxona tomonga pisinib yurdi:

– Taq, Mamadiyor, oʻt bu yoqqa…

Qoʻlimda shifer sinigʻidan yasalgan toʻpponcha, har “shitir-shitir”ni eshitganimda alanglayman. Shu payt tap etib yelkamga qush axlati tushdi.

– Chaqir hammasini. – Kimdir “chars” etib shapaloq tortdi. Suyar akamning ovozini tanidim.

– Oʻyin buzaloq. Chiqinglar bu yoqqa, – Oʻrozalining ovozi qaltiradi.

Engashib qaradim, Suyar akam uning qulogʻidan choʻzdi. Ichim “shigʻ” etdi. Qochib qayoqqa ham borardim, barini shu yerda yopish kerak. Dadamning qulogʻiga yetsa bormi?!

Mamadiyor pisinib soyga tushib ketdi.

Uy egasi qator tizdi, keyin galma-gal tepa ketdi. Meni tepmadi. Xivchin olib savaladi, undayam menga tegmadi. Lekin uning koʻzidagi mung vujudimga olov yoqardi.

– Oʻzi, sanlarda ayb yoʻq, eldan fikr ketgan. Baringning uyingda shu gap boʻlgan. Uyni buzib baraka topdilaringmi? Ol, tashib ket hammasini. Tuprogʻiyam qolmasin! Otamning eski choponi boʻlardi. Kim ilib ketdiykan? Shuniyam koʻp koʻrdinglarmi?

Shundan keyin bu toʻgʻrida gap qoʻzgʻalmadi.

…Hali-hanuz oʻsha voqealarni eslaymiz.

 

* * *

Momomning qirqi chiqib… Suyar akam uylandi.

Uyimiz toʻldi.

Uyga chimildiq tikdi. Chimildiq ham uy ekan.

Uytoʻl xola quyuq duo qildi: “Sabohat baycha uyim-joyim deydigan kelin boʻsin! Oʻzlari shu uydan koʻpaysin!”.

 

* * *

Suluvxol opamni toʻydan keyin bir koʻrdim. Xayol bilan choldevor tomonga ketib borayotgan ekan. “Ha, bu yoqda adashib yuribsiz”, desam, “Otamning isini sogʻindim”, dedi oʻksinib. Chala bitkazilgan uyni koʻrgandan soʻng biznikiga yurdi. Yarim soatlar Sabohat yangam, onam uchovi gurunglashgach, uyiga joʻnadi.

Onam oʻsha kuni momomning oʻzidan rosa yozgʻirganini eslatib qoldi: “Oʻlamanmi, uydan chiqmay oʻtirsam, bolalarim birovnikida bunday tentiramasdi. Birovnikida oʻlolmay yotmasdim”.

Yangam “piq-piq” yigʻlab yubordi.

 

* * *

“Uy qilaman, degan qiz ekan”, derdi keyinchalik Sabohat yanga haqida gap ketsa, qishloqning qoʻli uzunlari.

 

* * *

– Oʻz uyingga oʻzing egalik qil, – dedi dadam Suyar akamga kelin-kuyovning chillasi chiqar-chiqmas. – Kun oʻzini qoʻygandan gulandava qilib, koʻch. Akamning uyiga sigʻmay qoldim, deb oʻylama. Loʻmbozdan keyin hech kim qarashmaydi. Oshxonang ham bemalol yotib-turishingga boʻladi.

Suyar akamning koʻzlari kirtaydi, olachaga tushgan ushoqlarni terishga tutindi.

– Koʻchaman, ogʻaynilardan toʻrt-beshta kigizmi, gilammi yigʻay… qozon ham yoʻq.

– Ilgari bir kigiz, bir poʻstak, bir qozon bilan chiqib ketavergan. Dadam oyogʻini sandalga tiqib oʻtirdi. Shodmon akamdan oldin Normat, undan oldin Qarshiboy oʻtgan. Sening uying Qarshiboy otamdan qolgan. Odamlarning aytishicha, ota elga ocharchilik kelganda toʻrt togʻ – Molguzar, Gʻoʻbdin, Urgut, Turkiston orasiga suruv-suruv qoʻy tarqatib, elni el qilib qolgan ekan. Bu uyning egasiga duo ketgan, deyishadi. Shuning uchun oʻtgan-ketganlar: “Otamning uyini koʻrib ketaylik”, deydi.

Suyar akam boshini koʻtardi.

– Ota moli qoʻshilmasa, bola boyimas, degan. Toʻrt devordan boshqa hech narsa yoʻq. Ertaga nima qilaman? Sizning bir-ikki ogʻiz gapingiz bilan bir narsa oʻnarmidi? Hamma ish gurkirab ketarmidi?

Dadam tishlandi:

– Bilgan nomaqbulchiligingni yeyver, boʻlmasa! Yoʻlingni toʻssam, betimga “tuf” de.

Suyar akam indamay joyidan turib ketdi.

 

* * *

Sabohat yanga yigirma kundirki, besaranjom edi. Ahyon-ahyon: “Otamning uyini qachon koʻrsatasiz?” deb hadeb soʻrayverardi.

Bir kuni maktabdan ertaroq kelib imladim. Eridan ruxsat teggach, oʻranib kiyindi.

Yangam imoratning ichiga kirib koʻrdi: izillagan sovuq deraza teshiklaridan oʻzini urar, shiftdan tomchi oʻtgan, burchaklar loy, tokchalar oʻyilib tushgandi.

Mehmonxona dahlizi va oʻn bir bolorida qishni oʻtkazsa, boʻlar, degan oʻyda oʻsha yoqqa odimladik. Eshikni ochib ichkariga hatladik.

Dahlizning bir burchida elak, gʻalvir, yogʻoch tovoq uyligʻib yotardi.

Yangam har bir tirqishga ser solib, yuzi yorishdi:

– Izillab yotgandir, deb oʻylovdim. Amallab pechka qursak, sovqotmaymiz. Akangizga qolsa, bahorniyam birovnikida oʻtkazsa… Qish oʻchogʻi tor, qaynim!

– Oshxona yaxshiroq-ku! Issiq ushlaydi, yanga! Toʻrt-beshta xoda bilan isitib olasiz, oʻtin deb yugurmaysiz.

– Akangiz, koʻnsa… Kal boʻlsam ham koʻnglim nozik, dermidi? Yana aynib qolsa, bir hunarni boshlamasin!

 

* * *

Yangi oy chiqqach, onam Suyar akamni oʻz uyiga koʻchirdi: olacha, julbaroq, kigiz, toʻrt-besh koʻrpa-koʻrpacha, qozon, kosa-tovoq bilan.

Qahraton qish, izgʻirin suyakni oʻyadi. Suyar akam boʻzraydi.

– Ertami, indinmi baribir uy kerak. Kam-koʻstni hozirdan yopmasangiz, keyin qiynalasiz. Biz ham bitta koʻrpani qoʻltiqlab chiqib ketganmiz, oʻlganimiz yoʻq. Sizning hamma narsangiz bor. Otadan qolganiyam nechi uyga yetadi.

Sabohat yangam avval koʻchishga juda ishqiboz esa-da, endi biroz hayiqdi. Lekin sir boy bergisi kelmasdi.

– Oʻchoq qursak, amallab qishni oʻtkazarmiz. Tandiringizga non yopib ketib turaman-da. Hovlidagi yorilibdi, oʻzi.

Onamning qizgʻanchiqligi tutdi.

– Kelguningizcha xamir qayzib qoladi, qayzigandan keyin non boʻlmaydi. Bitta qozonpatir qilsangiz, ikkovingizga yetadi, oʻtin moʻl-ku! Bola-chaqa demasangiz, menga oʻxshab.

Suyar akam olachani yelkasiga tashlab, indamay joʻnadi. Mening qoʻlimda bir boʻgʻjama kiyim-kechak orqalagan koʻyi “gʻarch-gʻurch” qadam bosib ketib borardim.

Otaning uyi daraxtlar orasida gʻaribona koʻrindi. Yeta-yeta Suyar akamning avzoyi buzildi.

– Bu yerda qotib qolamiz. Mehmonxona shartmas. Oshxona torroq, issiqni ushlaydi, ham panaroqda. Sabohat, siz oʻt yoqing pechkaga. Murodjon qarashib turadi.

Umrida tutantiriq ushlamagan yangam ancha ovora boʻldi. Keyin oʻzim hoʻl-quruq oʻtinni aralashtirib, pechkaga tiqdim, puflab olov yoqdim. Tutay-tutay yonib ketdi. Oshxona ichini ilitguncha qorongʻi tushdi.

Ikki soatlar oʻtirib, uyga qaytdim.

 

* * *

Qish qishligini qildi: chilla oʻtguncha eshik hatlab birovnikiga chiqolmadim. Kelin-kuyovni koʻrishga qancha intiqlanmay, uydagilar unamadi.

Bir safar tegirmonga borganda Suyar akamni koʻrib qoldim, sal oʻpkaladi bizdan. Ketayotganda: “Yangamga salom ayting! Kun isib qolsa, oʻtaman koʻrishga”, dedim.

 

* * *

Uy boʻshadi: koʻrpa-toʻshak toqqa koʻchdi.

Otaboyqir qoʻltigʻiga dadam oʻtov tikdi, yalanglikka qoʻra qildi – suruvni qamashga, deb.

– Suyar akangnikidan bolta olib kel. Qoʻraga eshik yasash kerak, – dedi dadam sim toʻrni tarang tortarkan. – Bir qish oʻtdi koʻrmaganingga, ham xabar olib kelasan. Adirga chiqsin, arpa-bugʻdoyga joy koʻrsin, ayt! Hamalda yerga urugʻ qadasa, yigʻim-terimda oʻzini oʻnglab oladi.

Tosh kalishda toyib, Suyar akamnikiga chopdim. Mol-qoʻy oʻtmasin deb xoda-choʻp tortib yasalgan pastak toʻsiqdan sakrab oʻtib, ayvon tomon yurdim. Boʻsagʻa supurib-sidirilgan, tandirxonada oʻtin botartib taxlangan. Kuli olinmagan oʻchoq odam isidan darak bersa-da, negadir uy huvillagan edi.

“Suyar aka, yanga”, deb qayta-qayta chaqirdim, tovush chiqmadi. Keyin oshxona tarafga oʻtdim: eshik yopiq, katta bolor tirab qoʻyilgandi. “Qishloqqa tushgandir”, degan oʻy oʻtdi xayolimdan.

Chamasi bir soatlar vaqt oqdi. Kutdim, toriqdim. Suruvyotarga qaytsammi, deb tomorqaga oʻtgandim, Oʻljaboy bobo va Esonboy aka kelaverdi. Qayrilib ayvonga yurdim.

– Nima qip yuribsan, timirskilanib? – dedi oʻdagʻaylab Oʻljaboy bobo.

Salom berdim. Xayolimga bir shumlik keldi.

– Qara, deb tayinlab ketgan.

Esonboy aka istehzoli kuldi.

– Uy egasini topgan, bor ketaver. Otangga ayt, Suyar aka uyini pullab ketibdi, de. Endi ming yugursa ham foydasi yoʻq. Ming yalagani bilan, bizga taqdir qilgan ekan.

Negadir miyam muzlab ketdi. Ichimdan boʻgʻiq naʼra chiqdi. Otamning uyi uchun talashadigan kuch gurdamda endigina uygʻona boshlagandek edi. Tilimni kesib tashlasa-da, ichimdagini aytishga jazm qilardim. Oʻldirsa, shu yerda oʻldira qolsin, degan oʻy miyamni kemirayotgandi.

– Bu uy otamniki-ku. Hech qayerga ketmayman.

– Talashmagan sen qoluvding, – dedi Oʻljaboy bobo qulogʻimni choʻzarkan. – Gap bunday, seniki-meniki, degandan bir ish bitmaydi. Kengashib, oʻzaro maslahatlashib koʻramiz. Esonboy: “Toshkandan uy olib beraman”, dedi Suyarga. Ish pishgan, oʻzi koʻndi Suyar.

– Qiynalganda biz qarashdik. Uy otamniki.

Ular toʻngʻillab ogʻilxona tomon ketishdi. Balki, men bilan tortishib obroʻsini toʻkkisi kelmagandir.

 

* * *

– Uyi kuyib qopti-ku uning, – dedi dadam mendan bor gapni bilgach, allaqanday taajjub bilan. – Tez uyga borib koʻrpa-toʻshak, olacha olib kel. Izi oʻchmasdan oshxonasiga kirib olaylik, boʻlmasa, oʻziniki qiladigan chiqadi. Birov kirib olsa, quvib boʻpsan. Oʻzi, uning tuturuqsizligi maʼlum edi. Mayli, bizga qoldi, endi otni qamchilayik.

Birdan etim uvishdi. Dadam birinchi marta uyga egalik istagiga tushgandi. Yuz-koʻzida ham allaqanday tushuniksiz bir ruh botiniy quvonchdan nishona berib turardi.

– Nega ertaroq olib qoʻymadik? – dedim otamga eʼtiroz bildirib. – Yordam berdik. Ket, desangiz indamay ketardi.

– Qaytsa, bizga oʻligini osib olardi. El gapirardi, bir otadan tarqab uy talashib, qirilishib yotibdi, deb. Oldimga maslahat solishga kelmagan, beti chidamagan-da.

– Uy kerakmas menga. Uni buzib tashlamasin!

– Hech koʻngling boʻlinmasin, haqqimizni ajratib olamiz.

– Buzmasa, Esonboy akaga beraqoling!

– Birovning tashvishini qilmay qoʻyaqol. Boʻladigan ish boʻlgani yaxshi. Uyda birov yashamasa, kimdir foydalanishi kerak. Bogʻida qancha daraxt bor.

Yoʻl-yoʻlakay ketib borarkanman, endi otaning uyini boʻlib tashlaydigandek, otaning xayoli ham odamlarning xotiridan koʻtariladigandek edi.

Lekin meni shu oʻy qiynayapti. Uy ham mendan boshqani qiziqtirmay qoʻygandek: “Uy buzilsa, oʻrnida bitta katta imorat quriladi. Boshqa hech narsa oʻzgarmaydi. Dadam shuni istayaptimi? Ilgari kuyinib gapirardi. Endi esa loqayd, lanj. Odamlar bilan kurashgisi yoʻqdek. Kurashdan charchadimi yoki? Yoʻq. Endi oson yoʻldan yurmoqchi. Hammasiga qoʻl siltab, Oʻljaboy akaning oʻyiniga koʻnish niyatida. Nahot, shuncha mehnat zoye ketgan boʻlsa-ya. Nahot yillab kurashgan kishida bardosh qurigan?!

 

IX

– Uylagan oʻzim, uyini koʻtarishgan oʻzim, endi sizlar ega chiqdilaringmi?! Shu vaqtgacha qayerda eding? – dadam oʻshqirib Oʻljaboy akisga yaqinlashdi.

– Bizga buyurgan ekan, keldik. Borib ayting oʻziga, norozi boʻlsangiz! “Uyga Esonboy kirib olibdi. U beradigan pulni men beraman”, deng. Olam guliston shu bilan!

Dadamning rangi buzildi. Qabogʻini uyib, jagʻini qashidi.

– Uy Suyarnikimas, boʻlmasa tashlab ketmasdi. Esonboy otxona qurishiga boshqa joy koʻp. Bu uyda ota-bobomiz oʻsgan. Tepkilaydigan boshqa joy topinglar.

– Oʻzingni diyonatli koʻrsatma, – deb dadamga tik qaradi Oʻljaboy akis. – Shuni boʻlsak, hammamizga yetadi. Niyating ham shu, bilib oʻtiribman.

Dadam negadir indamadi, vujudimda ogʻriq qoʻzgʻaldi.

 

* * *

Onam koʻrpa-toʻshakni dahliz toʻriga tashlab oʻtirib oldi. Oʻljaboy bobo chiq, deb koʻrdi, indamadi. “Oʻshqirmay, ketavering, sizgayam et bitib qolibdi-da. Dadasi keladi hozir, gaplashasiz”, dedi.

– Nimasini gaplashamiz? It talashmay ishi bitmas, deganday, yana nima balo boshlayapsizlar! – dedi achchigʻi kelgandek bezrayib.

– Uyni qurishmagan boʻlsangiz, endi elni elirtib uyga ega chiqibsiz. Xatingizdan biluvdim, shuni egallamoqchiligingizni.

– Baribir boʻlinadi, ayol boshing bilan aralashib nima qilasan, hayronman!

Onam ham boʻsh ketmaydi:

– Erkak boshingiz bilan kuchingiz ayolga yetdimi? Keting tez. Barchin checham goʻrida tik turgandir, bu ishlaringizni bilib.

– Kelishib olamiz hali.

 

* * *

Otamning uyini ular boʻlib olayotganini maktabdan qaytgach koʻrdim.

– Ota, bor, uydan qoziq olib kel, – dedi dadam. – Shu qoziqdan bu yogʻi – qibla taraf bizniki, yuqorisi Esonboy akangniki. Senga dangʻillama uy quramiz. Bu choldevorni buzamiz. Etagi ariqqacha senga, Oʻljaboy bobong olma ekib beraman dedi. Toʻrt-besh yilda hosilga kiradi.

Oʻljaboy akis bosh silkidi.

– Ha, ikkovimiz amallaymiz. Oʻzim oʻrgataman, bogʻbonlikni.

Negadir Oʻljaboy boboga koʻnglim ilidi. Oʻrtamizdagi kek yoʻqolgandek edi. Endi goʻyo bu uy otamniki, degan oʻy mendan ancha olislagan edi. Oʻzi, kim edi ota? Menga kim boʻlgan? Nega hamma Ota deydi? Ilgarigidek shu chigalliklar endi bezovta qilmas, shu onda barini unutgan edim.

Ogʻil chetidan zanglagan qoziqcha topib keldim-da, Oʻljaboy boboga berdim.

U yerga singirib qoqdi qoziqni.

– Endi gap bunday, – dedi menga uqtirib.

– Sen ham katta yigit boʻlib qolding, otangga uy tashvishi tushadi. Biz kelishdik, shu uyni senga beramiz.

– Ha, senga bu uy…

Uy menikidek cheksiz quvondim.

 

* * *

– Uy bitmagan ekan peshanasiga, – dedi otam bir kuni. – Yana qishloqqa qaytdi, ota uyini tashlab ketgandi. Bir hisobdan rahming kelsa, bir hisobdan badtar boʻl, deysan. Shaharda pishirib qoʻyibmidi, ot aylanib…

Otam egniga choponini ilib, ostonaga chiqdi.

Ayvon ustuniga suyanib Suyar aka turardi. Koʻrinishidan bechorahol. Salom berib, otamga yaqinlashdi. Qoʻl uzatdi, dadamning rangi gezardi.

– Qaytdingmi?

– Yoʻq. Qishloqdoshlardan bir xabar olay deb keluvdim.

– Koʻrdingmi, endi qaytaver. Bu yerda yoʻqlaydigan jiyaning bor. Singilchayam bir-bir kelib turardi. Otamning izi bor, deb. Endi soyasini solmay qoʻydi. Shodmon akamning choponini ilib qoʻyganman, moltopar choponi. Oʻshani kiysa, bozori oʻrjirdi, oldi-sotdi bitardi. Baraka shunda ekan-da! Kir koʻrasan.

– Yoʻq, keyingi kelganimda.

Uning koʻzlarida tushunib boʻlmas bir mung zohir edi.

– Devor oʻradik, soylikka Esonboy dacha qurdi. Otxona qurdi. Sen koʻchada qorning toʻyganiga mastsan. Kelin, bolalaring yaxshimi?

– Yaxshi, yoshiga yetib qoldi. Oʻting Toshkentga, – dedi tirjayib Suyar aka.

– Itim adashdimi Toshkaningda! Menga shu yer maʼqul, – otam qoʻlini sermadi.

 

* * *

Otam ham uyning buzilishiga alalxusus koʻngan. Kunda janjal: u meniki, deydi, bu menikimas, deydi. Yana boshqalar ham uyga egalik daʼvosi bilan chiqdi. Shu urishdan charchadi, deb oʻylovdim. Lekin dadam elu yurt orasida gap boʻlmasin, deb shu ishga aralashgandek tuyulardi menga.

– Ota, talashib-tortishmasak, shu bir qarich yer ham yoʻq edi bizga. Qolgani bir gap boʻlar. Suluvxolning uyi buzilibdi. Shuyam hech oʻzidan tinib ketmadi. Oʻzlari qilib bersin, katalak boʻlsayam, – dedi dasturxon boshida otam.

– Kim qurib beradi, – dedi achingandek labini tishlab onam, toʻnglagan yogʻni qozonpatir ustiga surkab eritarkan. – Qoʻlida bolasi bor.

– Eri-da, nima, menmi? Endi uydan umidini uzsin! Yana roʻzgʻor qursin, hali yosh. Butun umr “oh-uh” deb oʻtmaydi-ku. Jiyangayam ota kerak.

– Butunboy oshpaz soʻrab yurganmish! Besh bola ustiga…

– Na iloj, endi chiqqaniga tegadi-da! Xotin qoʻygan oladi baribir.

– Kichkina doʻlta boʻlsayam qurib bermadik. Tuzukroq er topilguncha, yashab turarmidi?

Dadam xuddi suv hoʻplayotgandek qaynoq choydan hoʻpladi.

– Uf-f, yeb qoʻyding! Nima, ularni uy-joy qilaman, deb boʻynimga olganmanmi?! Kunini koʻrsin, oʻzimni tanam oʻzimga ogʻir boʻlib turgan paytda shu kam edi.

Onam oʻziga oʻzi toʻngʻilladi:

– Qushning uyasi buzilsa, iching achiydi. Bularning ayroni achimaydi-yey.

Dadam soʻkindi.

 

* * *

– Uy qilaman, degan niyati yoʻq. Kuyov boʻlmay ket, qoʻlingga kuydirgi chiqqur, kunda uravergan-yey. Boradigan joyi yoʻq, deb oʻylaganmi? Akasi kelib uyga egalik qilsa, chertishgayam qoʻli bormasdi. Qizi qurgʻurdayam chidam yoʻq-da, tepsayam ketmabmiz, roʻzgʻor, deb. Shu mushtni koʻtarmasang, uy boʻladimi?

Onam koʻklamning yomgʻirli kunlarida tong azonlab Suluvxol opamni yarashtirish uchun ketdi. Choshgohdan oʻtganda rang-quti uchib qaytdi.

Pochcha qargʻishning tagida qolganini sezdim. Chindan ham, ammamning borar yeri yoʻq edi.

– Butunboy akadan tuzukrogʻi chiqmaydiganga oʻxshaydi. Oʻlsin, manglayida borini koʻradi. Tengi endi shu-da! Yashab ketar, oʻldimi? Bir roʻzgʻorni koʻrdi.

 

* * *

Ovul toʻs-toʻpolon edi. Faqat mening ichimda sovuq sukut kezinardi.

Ilgari Otamning uyi bor edi, endi esa yoʻq.

Ilgari shu uyning loysuvoq tomi ustiga chiqishga odamlar iymanardi, endi esa yoʻq. Ilgari ovul bu uyni “otamning uyi” derdi, endi esa yoʻq. Ilgari otam Otamning uyini buzishga qarshi chiqqandi, endi esa yoʻq…

Otamning uyi buzilib ketarkan, goʻyo shu ovulning oʻtmishi ham shu uy kabi koʻz oʻngimda nurab, buzilib borayotgandek tuyulardi. Bunga baʼzan oʻzimni aybdor sanardim, oʻsha ikki enlik xatni yozib berganim uchun…

 

* * *

Uy buzilayotganini eshitgandan beri onamning paytavasiga qurt tushgan edi: “Dadangga ayt, mayli, shu uy Oʻljaboy akaga qola qolsin! Talashib oʻtirmang, menga kerakmas, de”.

– Menga kerakmas deganim bilan indamay oʻtirmaydi-ku! Oʻzingiz koʻrdingiz, qoziq qoqib boʻlganini. Boʻpti, aytaman.

– Keng dala turib, bari shu uyga tiqiladi, talashadi. Nima, boshqa joy qurib qolganmi? Otaning ruhi urmasa boʻldi bularni. Tavba qildim… Oʻljaboy bobongning oldiga oʻtib kelay-chi, nima derkan? Bizga sotarmikan?! Otni sotib boʻlsayam, uyni olsak. Oʻlmagan qulga ot bitar, lekin uyni buzish yomon.

– Dadam baqirib yurmasin, eshitib.

– Baqirib-baqirib koʻnadi. Baribir biladi, otni bozorga kim chiqaradi, boʻlmasa?..

 

* * *

Onam Oʻljaboy bobonikidan qaytganda kun choshgohga yetgandi. Asabiylashib qaytganidan sezdim, ishi bitmagan. Oʻziga oʻzi kimnidir qargʻab, ayvonga chiqib oʻtirdi. Keyin birdan negadir yuzi yorishdi:

– Bolam, ma, qogʻoz, ruchkani ol! Hammasi kechagidek koʻz oldimda. Tez yoz-chi, ilgariyam sen yozib berganding, esingda bor-ku!

– Nimani?

– Xatni. Oʻljaboy bobo kelib, yozib ber, deb qistagani esingdami? Oʻshanday yoz. Suyar akang baribir qaytadi, oʻz uyiga oʻzi egalik qilsin! Bir amallab saqlab qolaylik.

– Kelmayman, deb ketibdi-ku.

– Qariydi, qartayadi, oʻladi – shu tuproqqa qoʻyiladi. Yomon boʻlsayam, shu el koʻmadi. Boshqa qayerga boradi, oʻzining eli shu yerda.

– Yozganimni Oʻljaboy bobo bilib qolsa-chi?

– Bilsa, bilar. Otaning qilgan yaxshiligini hech qaysisi bilmayapti-ku. Ungacha Xudo poshsho, bir gap boʻlar. Otaning uyi boshqacha baribir. Mingta saroy qursayam, unga teng kelmaydi. Qayerda boʻlsayam, uning qadri oʻtadi. Qaytmasa, shunday tursin! Turaversin!

Endi oʻzim istab xat yozib berdim:

“Assalomu alaykum, Suyarjon! Yaxshi ishlab yuribsizmi? Uy gʻalvasi haliyam tingani yoʻq. Toʻrt-besh kishi kengashdik, oxiri shuni Murodjonga qoldirsakmi, deb oʻyladik. Hamma shunga rozi, lekin oxirgi gapni sen aytasan baribir. Esonboydan sariq chaqa kutma, baribir hech narsa bermaydi. Aravangni oʻzing tort.

Mendan xotirjam boʻl, buni birovga aytmayman. Faqat sendan gap qochmasa boʻldi. Oxirgi gapingni kutaman.

Akang Oʻljaboy”.

 

* * *

Xatning javobini ancha kutdik. “Keldimi-kelmadimi”, deb pochtaga qatnadim, Oʻljaboy bobo joʻnatdi, deb. Oradan bir oylar oʻtib, xat kelganini eshitdim.

Aniq esimda, oʻshanda dadam ogʻzi qulogʻida uyga keldi. Suyar akaning xat joʻnatganini aytdi. “Uy endi seniki”, dedi. Na kulishni bilardim, na yigʻlashni. Na quvonishga, na achinishga arzirdi.

Onam negadir mungʻaydi.

 

X

Uy bitmadi boshiga! – dedi otam Suyar akani eslab. – Darbadar hayoti tugamadi. Shuncha vaqt oʻtdi-ketdi. Shaharda qorni toʻyganiga mast boʻlib yuraveradi. Yoshiyam qirqni qoralab qoldi: oʻgʻil-qizi boʻy yetayapti. Ulargayam uy-joy tashvishi tushadi. He, shu oʻzimizning choldevordan qoʻymasin ekan. Uyi borning oʻyi yoʻq.

– Xoldon momosi aytdi, ovulga kelayotganmish, – dedi onam xamir yoyib gapga qoʻshilarkan. – Koʻnglim sezuvdi, qaytishini. Xush koʻnglim – xushboq koʻnglim, deb bir umr yashab boʻlmaydi-da.

Dadam gʻijingandek burnini tortib-tortib qoʻydi.

– U yoq yoqmay qopti-da! Ha, endi bu yoqqa qarab oʻrlasa, kim uy berarkan. Yalangoyoq kelsayam, birov darvozasidan kiritmas.

 

* * *

Qancha uy qurildi, qancha uy buzildi. Lekin otamning hovlisi shu holicha turibdi. U endi meniki. Endi men ham tom solishim kerak. Ertami-indin Suyar akam uy daʼvosini dastak qilib kelsa, na chora koʻraman? Asrolmagan esa-da, otasining uyi. Oʻylab koʻrsam, uning uy toʻgʻrisida gap ochishga haqqi yoʻq. Ota uyini tashlab ketgan-ku.

Ilgari mehrim iyib ketgan kezlari, qaytaraman, derdim oʻzimga oʻzim. Buni esdan chiqarganimga ancha boʻldi.

Ahyon-ahyon uning toʻy-maʼrakaga kelgani haqida eshitaman-u, biroq oʻzini koʻrmayman. Koʻrmaganim ham yaxshidir. Endi ota ekkan daraxtlar qaridi, oʻrniga yangi koʻchat oʻtqazish kerak.

Men qaramaganimda, uy allaqachon buzilib ketardi. Qir labidagi otxonani ming ur-yiqit bilan koʻchirdik. Xullas, soʻrashga beti bormikan akaning?! Ehtimol, yana sotib yuborish uchun kelayotgandir. Men bilan savdolashsa-ya! Uyni sotishga qanday koʻzim qiysin! Oʻzi, Oʻljaboy boboning ogʻzini yopishga chakana pul ketmadi.

Odamlar haliyam uyni “Otaning uyi” deydi. Yoniga ikkita katalakdek tom qoʻshgani bilan uy Suyarniki boʻlib qolmadi. Men u yerga saroy qursam ham, baribir, otaning uyi, deydi. Men faqat Otaning uyiga egaman, xolos.

 

Olim JUMABOYEV

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.