Uy

0
26
marta ko‘rilgan.

1

O‘toqqa tushildi:

– “Assalomu alaykum”ni qara!.. Hamma yoqni qurshab olibdi…

– Yeryong‘oqlarning bo‘y cho‘zishiga monelik qilayotganini-chi?.. Bitta qo‘ymay yulish kerak ularni!..

Opam va singlimning tomorqadagi g‘azabnok suhbati qulog‘imga kirishi hamono joyimdan qo‘zg‘alaman.

– Qayoqqa???

Mendan avval turadi onam.

Mendan avval turadi otam.

– Tashqariga chiqmoqchiman!..

– Chiqmaysan tashqariga!.. Tashqarida nima bor?..

Onamning o‘tkir ovozidan joyimda taxtadek qotaman.

– Hovliga chiqmay qo‘ya qol, – deydi otam holatimdan biroz ko‘ngli yumshab. – Nima kerak bo‘lsa, ayt, olib kelamiz?

– Otajon, onajon!.. Meni deb urinmang!.. Menga hech narsa kerak emas, faqat toza havoda nafas olmoqchiydim… Ko‘nglim biroz aynigandek…

Barmoqlarimning bo‘ynimga inganini ko‘rgan onam zudlik bilan harakatlanadilar:

– Mana – idish!.. Qayt qilaver!.. Tuvakni ham keltirib qo‘yganmiz, xohlasang, otang xonadan chiqib turadi.

– Yo‘-o‘-o‘q!!!

Ular tutgan pokiza idishni kirlamaslik uchun tomog‘imni achitgan tupikni ichimga yutaman-da, yana o‘rnimga uzalaman. Kattalar tomonidan ko‘rinmas kishanga solingan vujudim yerga uzaladi-yu, qimirlashga majol topmaydi. Ammo yuragimning pitirlashi ko‘paysa-ko‘payadiki tinchimaydi. Miltillagan bir shu’la izlab derazaga yuzlanaman. Afsus, oynak ham qalin pardalar bilan mustahkam berkitilgan… Ana shunda nigohlarimni-da bee’tibor qoldirmayotgan onam deraza tomonga “uchib” o‘tadilar. Qo‘llari bilan paypaslab, elas-elas og‘ib kirayotgan yorug‘likni chaqqon to‘sadi, to‘saveradi…

– Onajon!.. – Uning harakatlarini ko‘rib chidolmayman. – Nega quyoshni yashirasiz?..

– Quyoshni yashirayotganimiz yo‘q, bolam, – izohlaydi otam. – Quyoshni hech kim yashirolmaydi!.. Faqat uning nurlari seni bezovta qilayotgani uchun xavotirdamiz, qizim.

– Quyosh ham, oy ham meni hech qachon bezovta qilgan emas. Men ularni juda yaxshi ko‘raman, shu bois ularning yo‘qolib qolishidan juda qattiq qo‘rqaman. Ular juda mehribon. Mana, qarang, quyoshning nurlari darpardalaringizdan oshib, chiroqsiz uyni qanday yoritayapti?! Ko‘rayapsizmi?.. Uni sog‘indim…

– Esingni yig‘!.. Hozir tush payti!.. Oftob – ofat!..

– Kun – qiyom?!… Kun oyoqlarini tiradimi? Quyosh osmonda turib qolgan bo‘lsa… endi unga hech kimning kuchi yetmaydi! Bosh uradigan tomonlar ham qulaydi endi! Endi qayoqqa berkinamiz?!.. Qayoqqa boramiz endi?..

– Yana gapi ayniy boshladi, – shivirlagancha otamga yuzlanadi onam. – Endi nima qilamiz?! Qachon tuzaladi bu?! Bolalariyam qiynalib ketdi…

– Bolalarimga nima bo‘ldi?! – sapchib turib so‘rgan rozimdan cho‘chib tushadi ular, va birvarakay gapira boshlaydilar:

– Ular yaxshi…

– O‘ynab yuribdi…

– Hozirgina anhorda cho‘milib keldi…

– Kenjangga boyagina qatiq ichirdim…

– To‘ng‘iching azondan beri tovuqning tuxum qo‘yishini poylaydi…

– O‘rtanchang olmalarni bitta qoldirmay terib yedi…

Ularning tavsifi uzilmas, biroq mening ishonchim kesik:

– Ular rostdan ham hayotmi?..

Xavotiri bo‘g‘ziga tiqilgan qo‘sh nigohlar kosasidan chiqqudek bo‘ladi. Onamning ko‘z yoshlari sizib chiqadi, otam yon-veriga tez-tez qarayveradilar. Ularning bu harakatlari meni tag‘inam junbushga keltiradi. Tilimni qattiq tishlayman-da, qo‘limni musht tugib ko‘ksimga uraman. Ota-onam jon holatda qo‘limga yopishadilar…

– Bolalarini chaqirish kerak!.. Chiq, ularni olib kel!

– To‘xtang, – onamning etagini qo‘yvormayman. – Ularni opkemang, kasalim ularga yuqib qolmasin!..

 

2

Har gal ko‘zimni ochganimda biror qarindoshimning tepamda yelpig‘ichni charx urib aylantirayotganiga guvoh bo‘laman va shu zahoti ko‘zimni mahkam yumaman. Mana, bu gal kichik singlim yonimda o‘tirgancha yelpig‘ichning ushlog‘ichini mahkam siqib, bir maromda tebratayapti. Yelpig‘ich ham unga bo‘yinsunib, imkon qadar shamol puflashga tutingan. Sal narida chorpoya qurgan xolam mendan ko‘zini uzmaydi. Qo‘lida – pashshao‘ldirgich. Yonlarida uchib qo‘nayotgan pashshalar bilib-bilmay ajal sirtmog‘iga tortilmoqda.

– Xola!..

Kutilmagan ovozdan ikki jonning ham ko‘zlarida bir zum shodlik, masrurlik jilolanadi. Diqqat bilan og‘zimga termulib, nafas olmay turadilar.

– Xolajon, – deyman siniq tovushda. – Farishtamisiz?

Og‘zini yoyib tovushsiz kulib qo‘yadi xolam. Men jim. Shunda ularning har galgi hirgoyilari boshlanadi:

– Ovqat yeysanmi?

– Choy opkelamiz!

– Pamidor-bodring, meva-chevalar…

Qulog‘imga kirayotgan so‘zlar nafratimga sabab bo‘ladi:

– Nuqul yedirasizlar… Men hayvonmanmi?

–…

Yana ko‘z urishtirish boshlanadi.

– To‘ydirib qo‘ygan-da, – deydi xolam. – Joniga to‘ydiribdi-ya!?

Kuyunadi xolam. Xolamning nima demoqchiligini ilg‘amoqchi bo‘laman-u, ilg‘ayolmayman. Kutilmaganda xonaga ammam bosh suqadi.

– Qanday? Yaxshi o‘tiribsizlarmi?..

– Haliyam o‘zgarish yo‘q, – fursatdan foydalanib ko‘ngil yozadi xolam.

– Yo‘g‘-ey?!

Ammamning rang-quti o‘chib menga yaqinlashadi:

– Jiyan, senga nima bo‘ldi?.. Sen yaxshi eding-ku?!

Ammamning bu gapidan sarosimaga tushaman:

– Men yaxshi edim-ku, amma, menga nima bo‘ldi?..

– Ko‘p-ko‘p ovqat yeb, ko‘-o‘-o‘p uxlashing kerak!..

Qulog‘imdan kirayotgan xitobga ajablanib qarayman, ishonqiramay ko‘zimni ammamning nigohiga qadayman. Ammam esa yakdil, ovozinini yanada ko‘taradi:

– To‘g‘ri-da, ovqat yemaysan, uxlamaysan, so‘ylamaysan… Sen ham nimadir qil-da!.. Yashash uchun kurash!.. Katta-katta ye, to‘yib-to‘yib uxla, ichingda nima bo‘lsa hammasini ayt?..

– Amma?!

– Nima deysan?

–… Men sizning tog‘angizni ko‘rganman.

– Ha-a, – ma’noli tasdiqlaydi ammam. – Tog‘amni aytyapsanmi? Bechora so‘nggi kunlarida tildan qolgandi.

– Ana shunda ko‘rgandim-da…

– Nima, senga biron narsa deganmidi?..

– Yo‘q, faqat yig‘lagan.

– Tog‘am-ku, o‘sal edi. Sen soppa-sog‘san. Nega gapirmaysan? Seni deb bir uy odam o‘tiribdi. Galma-galdan yoningga kiramiz. Lom-mim demaysan. Boshingdagi nima?.. Uning nimaligini aytsang, birgalashib chora izlaymiz?..

Qolgan gaplar qulog‘imga kirmaydi. Qo‘llarim qaltiragan ko‘yi boshimni paypaslashga tushaman. Ingrashimga chidolmagan ammam xonani tark etadi. Singlim oyoqlarim uchida cho‘kkalaydi.

– Opajon, sizga nima bo‘ldi?.. Siz yaxshi edingiz-ku!?

– Men yaxshi edim-ku, menga nima bo‘ldi?!

Singlim oyoqlarimni silamoqchi bo‘ladi. Uning bu niyatini sezganim hamono oyoqlarimni yig‘aman:

– Men yomonman, juda yomonman!..

Xonani emas, butun uyni shubha o‘rab oladi. Men esa boshimni qiblaga burgancha yuzimga choyshab tortaman. Ko‘zlarim ochiqmi-yumuqmi bilolmayman-u, ammamning tog‘asi so‘nggi pallada nima demoqchi bo‘lganini topish uchun butun fikru zikrimni ishga solaman…

 

3

Tun. Qishloqda bir ko‘z tashlagandayoq kecha yoki kunduzligini fahmlasa bo‘ladi. Kunduzlari quyoshdan qochishning imkoni yo‘q, eng ichkari xonaga ham kirib keladi u. Tun esa ko‘lankasini shunchalar quyuq yoyadiki, hattoki undan hukumatning chiroqlari ham xira tortadi. Peshonamda pomidormonand yoqilgan chiroq xira nurlarini sochyapti. Pardaning qaysidir tirqishidan uchib kirgan qo‘ng‘izchalar unga o‘zini urish bilan band. Yonimda esa har galgidek onam, opam va ikki xolam. Ko‘z ochishimni poylab turgan onam zudlik bilan boshimga keladi:

– Nima kerak, qizim?

– Ona, uxlayvering. Meni deb uxlolmayapsizmi?.. Uxlasangiz-chi!.. Men hovliga chiqib yuz-qo‘limni yuvib kelaman.

– Yo‘q, senga hovliga chiqish mumkin emas!.. Hovliga chiqmaysan!.. Shu yerning o‘zida hamma sharoit bor, istaganingcha foydalanaver, lekin tashqariga chiqma!

Nahotki, bolaligim quvnab o‘tgan bu hovliga biror daf’a oyoq qo‘ymay o‘tib ketaman. Ichimdagi bu hayqiriq jonimni sug‘urib olay dedi. O‘rnimdan shahd turib eshikka chopdim, biroq har tomonimdan yopishgan qo‘llarning changalidan chiqolmadim.

– Otasi, keling, bizning kuchimiz yetmayapti?

Hovlida qulog‘i ding yotgan otam yugurgancha xonaga kirdi.

– Ota, o‘z holimga qo‘yinglar, tashqariga bir chiqay?

– Tashqarida nima qilasan? Tashqariga chiqma!.. Tashqariga chiqishga seni undayotgan kuch nima?.. Kim senga tashqariga chiq, deyapti?..

– O‘zim… Men tashqariga chiqishim kerak!..

– Seni tashqariga chiqarmoqchi bo‘lganlarga quloq solma!.. Eshitma ularning gapini!.. Seni tashqariga chiqarmoqchi bo‘layotganlar – dushmaning!.. Dushmanlaring!!!

– Hovliga chiqqim kelyapti… Atrofni bir ko‘ray?..

– Yo‘q-q!!! Yot-u, uxla!..

– Nima, biror hodisa sodir bo‘ldimi?..

–…

– Endi tong otmaydimi?.. Ayting, ota?..

– Yo‘q, hech narsa sodir bo‘lmadi. Sodir bo‘ladigan narsaning o‘zi yo‘q. Endi faqat uxlash kerak, vassalom!..

– Ota, men juda ko‘p uxladim… Endi uxlolmayman!.. Endiyam uxlasam o‘laman, otajon!..

Unimdanam, dudimdanam yuz burgan atrofimdagilar majburlab to‘shakka mixlaydilar. Otam kaftlari bilan ko‘zlarimni chippa yopadi. Endi qancha chiransam ham ko‘zlarimni ocholmayman. Onam esa nafas olayotganimni kuzatishdan charchamaydi…

 

4

– Nega meni o‘z holimga qo‘ymaysizlar? Kecha-yu kunduzdan shunchalar qo‘rqasizmi? Ular meni yeb qo‘yarmidi?! Men ularning ichida yashamasam, qayerda yashayman? Nega ko‘rsatmaysiz ularni menga?.. Nega meni ulardan mahrum etyapsiz? Axir men tirikman-ku?..

– Qizim, hech kim seni ulardan mahrum etayotgani yo‘q. Sening foydangni ko‘zlab shunday ish tutyapmiz, xolos. Hovliga chiqishing bilan qoqilayapsan. Bir-necha bor yerga o‘zingni otding. Seni zo‘rg‘a suyab qoldik. Axir o‘zing o‘yla. Senga biror shikast yetsa, bolalaringga kim qaraydi? Xudoga shukur, guldek oilang bor.

– Ona, kuyovingizga bir narsa bo‘ldimi?..

– Yo‘q, kuyovimga nimayam bo‘lardi. Ishga borib-kelib yurgandir-da…

– Hech bir xat-xabar yo‘qmi?

Ko‘zlarini olib qocharkan, so‘z qidiradi onam:

– Fursati yo‘q bo‘lsa kerak, ishi ko‘p-da!.. Hozir erkaklarning hammasi – shu!.. Ishsiz yashab bo‘lmaydi – ishga borish kerak!..

Endi boshqa tomonimda turgan otamga yuzlanaman:

– Ota, meniyam biror kun ishga olib boring?..

– Qizim, sen juda noziksan-da… Buning ustiga mazang yo‘q.

– Ota, men qachon tuzalaman?

– Uxlasang – tuzalasan!.. Sening shifoing – shu!.. Ko‘zingni yum, qizim, bir pas uxlagin?..

– Ota, men kasalmanmi?

– Yo‘q, sen binoyideksan. Faqat uxlashing kerak!..

– Bu yo‘l menga berilgan so‘nggi imkonmi?

– Ha… Shunday qilmasang – tuzalmaysan!..

– Otajon, onajon, men ovqatning ham uyquning ham mazasini yo‘qotib qo‘ydim. Ularning ta’mini unutsang, ularga xohishing ham, imkoning ham bo‘lmas ekan-a?!

– Qizim, sen – onasan!.. – jarangdor ovozi bilan uyni to‘ldiradi onam. – Sen ovqat yeyishing kerak!.. Oilangga biror yegulik tayyorlab berish uchun ham taom iste’mol qilishing shart!! Bo‘lmasa hech bir ishga yaramaysan!..

– Ona, kelganimga sal kam bir oy bo‘ldi. Biror yumushga qo‘l tekkizmadim. Nega meni qimirlatmaysizlar?

– Qizim, gapirsang – xato gapirasan, yursang – yiqilasan, shu ahvolda seni o‘z holingga qo‘yib bo‘ladimi? Qo‘lingda bolang bor. Hech yo‘g‘i shuning rioyasini qil!

– Ona, onalarning yiqilishga haqlari yo‘q!.. Bolamni ko‘tarib chiqsam sira yiqilmayman!.. Nega menga bolamni bermaysizlar?

– Uxlamasang, ovqatlanmasang – senda qanday kuch bo‘lsin?! Qizingni ko‘tarishga majoling yetmaydi. Sen uni ko‘tarolmaysan!..

– Oh, bu qanday KUN o‘zi?.. O‘zimning bolamni o‘zim ko‘tarolmasam-a?!

– Kim aytdi senga uni ko‘tarolmaysan deb, – jag‘lari qaltirab, ovozi o‘zgargan onam jon holatda yonida turgan qamchiga yopishadi. – Menga ko‘rsat shuni?! Bolani dunyoga keltirgandan keyin ko‘tarasan, yuvib-taraysan, o‘zing yemay, unga yedirasan, kiydirasan ham!.. Hayotning mazmuni shu-da!..

– Haq gap, – ergashadi otam. – Mana, onangni qara, sen kelganingdan buyon kiprik qoqqani yo‘q. Faqat sening ko‘zing ilsagina uxlaydi, qancha yesang – shuncha yeydi. Mening ham osonlikcha tomog‘imdan ovqat o‘tayotgani yo‘q!.. Faqat ishga borib-kelish uchun, bolam-chaqam deb kovshanib yuribman-da!.. Bizlarni o‘ylamaysanmi?..

– Ota, ona, men orqamdan yomon iz qolmasa, deyman…

– Niyating xolis bo‘lsa, nega ota uyingga o‘lgani kelasan? – tutoqadi otam. – Biz seni yaxshi niyatlar bilan kuyovga berganmiz, o‘lging kelsa, o‘zingning uyingda o‘l!..

– Bu uy – men tug‘ilgan Vatan!.. Unda o‘lish baxt!.. Men unda o‘lishni orzulayman, xolos. Biroq, qayerda va qachon o‘lishimni bilmayman…

– Men tirikligimda sen o‘lib ko‘r-chi!.. O‘ldirib bo‘pman seni!.. – Onam qamchisini olgancha oyoq-qo‘llarimga ura boshlaydi. – Chiq, bolamni o‘ldirmoqchi bo‘layotgan kuch, bolamni tark et!!!

Qamchi zarbidan tanam jizzilaydi. Onamning oyoqlariga yopishaman:

– Onajon, nega shu paytgacha oyoqlaringizni o‘pmadim-a!?

 

5

– Singlim-a, singlim-a, oydekkina ko‘nglim-a!.. Juda intiqding. Yur, seni hovliga olib chiqaman. Faqat yiqilmaslikka so‘z ber?

– Opajon, men atay yiqilayotganim yo‘q!.. Quyoshning zarrinligi, oyning tanholigi, osmonning bala-a-andligi oyog‘imdan chalib yuboradi. Ularning go‘zalligidan o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman…

– Shunday bo‘lsa, sen ularga qarama!.. Meni opichib ol-da, oyog‘ingning ostiga qarab yur. Qadaming nimani bosayotganini ko‘r! Hovlida gul ham bor, xas ham bor. Ariq ham bor, yoriq ham bor, shuning ehtayotini qil! Yo‘qsa, yiqilish tugul, qulab tushasan, uqdingmi?!

Hayajondan titragan oyog‘im hovliga tushadi. Oyoq kiyimimni yechaman. Bu harakatimdan sarosimaga tushgan opamning afti burishadi.

– Opajon, men bu tuproqni juda sog‘inganman. Unda bir bor yalangoyoq yuray, ruxsat ber!

Opam hayronlikdan nima deyarini bilmaydi, fursatdan foydalanib yerga oyoq qo‘yaman. Tashlayotgan qadamlarimdan shodlangancha esdan og‘aman:

– Men yurayapman!… Men – hayotman!.. Yashash – inoyat!.. Yaratganning bir martaga bergan imkoni!..

– Oyoqlaring kuymayaptimi? – entikadi opam. Hovli yuzida huzurbaxsh odim tashlayotganimni ko‘rib badtar tutoqadi u: – Sen shaytonga aylanib qolibsan!.. Uyga bog‘lab qo‘yish kerak seni!!!

Zorlanaman:

– Opajon, unday dema, men hali sen bilan ko‘chagayam chiqmoqchiman. Yodingdami, bolaligimizda anhordagi tiniq oqiziqqa mittigina vujudimiz tugul, osmon ko‘nglimizni ham tutib berardik? O‘ylab ko‘rsam, onamning qanqa-qancha ro‘mollari-yu, buvimning qator-qator durmunchoqlarini yo‘qotishimizga bois bo‘lgan ana shu anhorning oqiziqqina fe’liga aslo parvo qilmagan ekanman. Bugun unga bir yuvilishga mushtoqman…

– Jon singlim, saratonning qoq peshini bo‘lishiga qaramay dir-dir titraganimizda, go‘dak jussamizni qumga belardik-a?.. Ana shu qumni suvga qorgancha qancha-qancha omonat uylar qurganimiz yodingdami?

– Ha, biroq biz ularni hech qachon “omonat” deb hisoblamaganmiz!..

– To‘g‘ri, bu bizning xatoimiz, qolaversa, aqlimizning ojizligi. Lekin endi yosh bola emasmiz. Qulab tushadigan uy qurishga ham, birovning uyini buzishga ham haqqimiz yo‘q!..

– Opa, men hech kimning uyini buzmoqchi emasman, hattoki chumolilarning ham. Qirg‘oqda yasalgan qum uylardan sakrab o‘taman. Ularning qoshidan nafas olmay o‘tishga-da roziman. Faqat o‘sha anhorga boray?..

– Sen – aqlli qizsan, kattalarning aytganini qilasan-ku, gapimga quloq os!.. Yana o‘sha bolalikka qaytamiz!..

– Qanday soz-a?! Yur, opajon, birga ketamiz!..

– Yum og‘zingni!.. – Jahl otiga minadi opam. – Gapirganingdan gapirmaganing yaxshiroq!.. Nuqul ketish haqida gapirasan!.. Bu yerda – qolish bor, ketish – yo‘q!..

So‘nggi xitobidan rangim siniqib, tizzalarim qaltirab ketdi. Avzoyimdan hayiqqan opam gapni-gapga uladi:

– Etaklarimiz bilan baliq tutganimiz yodingdami?

Ko‘zimni yumib o‘sha masrur xotiralarni eslayman: tutgan baliqchalarimizni silindrsimon idishga solarkanmiz, uzun orzular qilardik:

– Mana shu baliqchalar o‘sib-ulg‘ayib…

– Idishga sig‘may qoladi!..

– Hatto yetmay qolar…

– Qulochlarimiz!..

– Anhorga qo‘yvorsak kattaligidan…

– Anhor malol kelar suzg‘ichlariga!..

Xayolimizda endigina nahangga aylanib ulgurgan orzularimizni yonginamizda paydo bo‘lgan onamizning dashnomlari kesib yuborardi. To‘g‘ri-da, peshingi uyquni o‘tash sharti bilan allaqachon suvga tushib chiqqanmiz-u, ammo ilk bor suv ko‘rayotgandek hapriqamiz. Biz – onamizning roziligisiz, peshingi uyqu qamalini yorib o‘tgan – jinoyatchilarmiz!.. Shunday bo‘lishiga qaramay tillarimiz uzu-u-un: biz – BOLAmiz!!!

 

6

Chelakni ko‘targancha sermayotgan qadamimni otamning ovozi kesadi:

– Qayoqqa?.. Senga ko‘chaga chiqish mumkin emas!..

– Suv opkelishim kerak, – sinadi ovozim.

– Suvni nima qilasan? Yana yuvinmoqchimisan? Boyagina hammomga kirib chiqqan eding-ku? Bir kunda necha marta yuvinasan o‘zi? – Onamning jag‘i tolsa-da, chakagi tinmaydi.

– Qancha suv kerak bo‘lsa, mana, singling bor, olib kelib beradi, sen chiqma! – deydi otam keskin ohangda onamning javrashlarini bosib.

– Uniyam charchatdim, o‘zi chalajon bo‘lsa…

Gapim tugamasidanoq qo‘limdan chelakni yulqib olgan singlim ko‘cha eshik tomonga otiladi. Uning malollangan qadamlariga qarab jonim achiydi.

Supada o‘tirgan xolam gapini uzoqdan boshlaydi:

– Ho-ov, bu yerlar jannat-ov!.. Bizning Xo‘ssaatlar (“Xo‘jasoat” demoqchi. Oltinsoy tumanidagi qishloqning nomi) cho‘l. Minovcha ariqda, – bir tirsakcha joy qoldirib ikki qo‘lining orasini ochadi, – o‘n besh kunda bir marta navbati bilan suv keladi.

– Boshqa kunlari nima qilasizlar? – deydi opam hayratlanib.

– Hovuz qazib olganmiz. Suv kelgan kuni bajaradigan ishimiz – hovuz to‘ldirish bo‘ladi. Ana shu suv keyingi navbatgacha yetadi. Tag‘in biz sizlarga o‘xshab bo‘lar-bo‘lmasga suv to‘kavermaymiz ham. Yuz-qo‘l yuvsak biror daraxtningmi, gulningmi tupini mo‘ljallaymiz. Bahonada u ham suv ichib oladi-da…

Chelak ko‘targan singlim meni hovlidan ham, uydan ham topolmaydi. Uning vahimasidan boshqalar ham u bilan qo‘shilib meni izlashga tutinadi. Men esa og‘ilxonadaman. Cho‘k tushib o‘zimni yaniyman:

– O‘l-a, isrofgar-a, sening kirlaringni yuvishga bu yorug‘ dunning suvlari yetmas-ov!.. Shu bois ko‘nglingning ko‘z yoshlariga cho‘mil!.. Kirlaringni ko‘z yoshlarga yuv!.. Sen hayvonsan!.. Yerning hayvoni!.. Sen tekkaning bilan daryo aslo harom o‘lmas, biroq o‘zing uchun o‘l, YeTIM!..

 

7

Oqsoqlangancha zo‘rg‘a yonimga ingan ammamning qizi peshonamni ushladi:

– O‘lsin-a, oyog‘im yeb qo‘ydi!..

Uning tilidagi nolish dilida undan-da quyuq. Shu bois yuzidagi ziynatlar – qoshu ko‘z, og‘iz-burun va ularning izmidagi jamiki chiziqlar nolishning pinjiga kirib etak yig‘di-da, yuzga allaqanday surat chizdi. Men uni qirg‘inbarot qurolga o‘xshatdim. Ko‘z o‘ngimdagi qurolning kutilmaganda portlab ketishidan cho‘chib, zudlik bilan qo‘limni uning oyog‘iga bosdim:

– Senga nima bo‘ldi?

– Bunga tugun tushgan, – izohladi ammamning qizi. – Men bo‘lsam, ahmoqqa o‘xshab do‘xtirma-do‘xtir chopib yuribman… Folbinga borgandim, bir qarashda aytdi – o‘zimning yangam duo qilgan ekan…

Ajablandim:

– Duo – yaxshi-ku!.. U seni duo qilgan bo‘lsa, sen uni qarg‘aysanmi?

– Uning duosi – kasofat! Qarg‘ishdan ham yomon… Agar shu bo‘lmaganida allaqachon uyli-joyli bo‘lib ketardim… Baxtimni bog‘lagan shu-da!…

– Baxtni ham bog‘lab bo‘ladimi?.. Bog‘lanadigan baxtning senga nima keragi bor?..

Atrofimdagi “kapalaklar” gapimni eshitmadi. Ularning g‘ami bitta:

– Senga nima kerak? Nima xohlaysan?..

Nima deyishimni bilmayman.

Menga, aslida, ko‘p narsa kerak, lekin shu asnoda kerak narsaning o‘zi yo‘q, faqat:

– Tog‘amni bir ko‘rsam!.. – tilimdan uchdi.

Dast turdim – tog‘amni yetaklab kelishdi. Bir hovuch bo‘lib qolibdi. Tog‘amning poyabzalini yechdilar. Qon qotib g‘o‘dayib qolgan mushaklarini silab-siypab bukchaytirishdi-da, bir-biriga mingashtirib o‘tqizib qo‘yishdi. Tog‘am bo‘lsa, qiblaga o‘grilib oldi. Keyin uning oldiga joynamoz to‘shab, oyog‘ini sajdaga hozirladilar.

Yig‘ladim – bu dunyoda kim betobu, kim sog‘ – ajratib bo‘lmay qoldi…

Namoz tugagach, tog‘amga yaqinlashdim. Tog‘am juda past tovushda uzuq-yuluq gapirdi:

– En-di… ti… lim ha-am… bo‘y… sun-may… q-qol… yapti…

Ichimdan bir narsa uzilib ketdi. Nega avvalroq tog‘am bilan yuzlashmadim, so‘zlashmadim?.. So‘ramoqchi bo‘lganlarim juda ko‘p edi, nega shu paytgacha churq etmadim-a?..

Hash-pash deguncha oldimizga dasturxon yozilib, osh-non tortildi. Tog‘am kosasiga bir muddat tikilib turdi-da, diqqatini jamladi. So‘ng ohistalik bilan tebrangan ko‘yi kosaga uzaldi. Bir qo‘lida kosa, birida qoshiq. Ikkalasi ham tebranmachoq o‘ynaydi. Kosaniyam, qoshiqniyam mahkam ushladim:

– Tog‘ajon, men yedirib qo‘yay?..

– Yo‘q-q!..

Tog‘amning qat’iy tovushi meni bog‘lab qo‘ydi.

Ovqatdan so‘ng tog‘am nigohini nigohimga qadadi. Bu nigoh juda tashvishli edi. Ana shu tashvish o‘rnimdan turg‘azib yubordi. Tog‘amning qo‘l-oyoqlarini uqalagan bo‘ldim.

Tog‘am-a, tog‘am-a, ichidagi titroqlarni tashqariga chiqarib, tashqaridagi shovqinlarni ichiga solib olibdi-ya!.. Ichim quyilib ketdi: “Ey oyoqlar, ey qo‘llar! Nega buncha titraysiz? Sizning bu shashtingiz quvonchdanmi, alamdanmi?.. Bo‘ldi, bas, tog‘amni charchatdingiz?.. Qo‘nishingiz uchun boshqa bir vatan topmadingizmi?.. Tog‘amni ne ko‘yga soldingiz?.. Ularning butun vujudiga raxna solishga qanday haddingiz sig‘di?.. Dunyoning jamoliga qiyo ham boqmagan tog‘am sizning arpangizni xom o‘ribmi edi? Mushtingiz zo‘rlargamas, zorlarga yetdimi?.. Yiqqani boshqa bir jon yo‘qmidi?.. Kechayu kunduz tindirmaysiz?.. Qayoqqa olib ketyapsiz uni?.. Ey titroq, tinishing yaxshilikkami, yomonlikka!..”

Yashayotgan odamning oldida, aslida, o‘limdan boshqa hech narsa yo‘q. Men esa qarshimda turgan bor-yo‘g‘i shu bitta narsani ko‘rolmay qiynalaman…

 

8

Qoq peshin. Mendan boshqa hamma uyquda. Hovlidan zo‘rg‘a yo‘l topib yuraman. Og‘ilxona buzildi. Yashayotgan uyimiz ham buzilish arafasida. Shu bois hovlida ehtiyojlar uchungina yo‘laklar qolgan, xolos. Ana shu yo‘laklardan odimlayotib, osmonga judayam qaragim keladi. Biroq qo‘rqqanimdan unga qaray olmayman.

Alla bolam, jo-o-onim, bolam,

Jonimga darmonim, bolam.

Alla bolam, jo-o-onim, bolam,

Sen-la yo‘q armonim, bolam-ov,

Sen-la yo‘q armonim, bolam…

Bolaligimda ko‘zimdan ko‘nglimga bo‘ylagan feruza gumbaz mungni umidga, umidni orzuga qorgancha yangrayotgan onamning allasiga mengzardi. Men uning nihoyatda go‘zal va beg‘uborligiga cho‘mib, tiniqib uxlagim kelardi. Bugun esa u kipriklarim orasida tog‘dek yastanib oldi…

Mana, bolaligim va keng dala. Paxta teryapman. Etakni belimga uch aylantirib bog‘layman hamki, eni enlamaydi. Bunga beparvo shonalar qorachiqlarimni opqochadi. Oq momiqqa ingan qaroqlarim undan sira bosh ko‘targisi kelmaydi. Men ham uning erkini bo‘g‘mayman: zora, shu oqqa qo‘shilib, ichimga oq – oqib kirsa…

Bugun osmonim – ko‘nglim. Butun dunyoning ozordaligi shundan. Yer va quyosh esa men – shukursizning qo‘limga bir kaft non ulashish uchun sira tinim bilmaydi. Na mudroq tutadi ularni, na uyqu. Men esa u tutqazgan ne’matdan noz qilib, yuz o‘giraman… Yer-chi, biror safar mening qilmishlarimni ko‘rib, to‘xtadimi, arazladimi?! Aksincha, ko‘rsayam, ko‘rmaslikka olib yo‘lida davom etadi.

Engashgancha oyog‘im ostidagi yerni o‘paman:

– Yerjon, senga havasim keladi!.. Qancha toptasalar shuncha saxiysan-a, qancha qarg‘asalar shuncha karaming keng!… Men esa senga yiqilishdan u yog‘iga o‘tolmayman… Xislatingdan mengayam bir chimdim yuqtir?.. Ertaga hojam keladi!!! Uning oyoqlari ostiga ko‘nglimdan poyondoz to‘shamoqchiman!.. Uning oyoqlari ko‘nglimni bosayotganda ozorlanmasin, ko‘nglimning tikanlari botmasin unga… Qara, ko‘nglim vatan qo‘msasa, ota uyimga tizzalab kelib o‘tiribman-a?! Oh, kaltafahmligimga borib, shir yalang‘och musofirligimni unutibman!.. Ona YER! Men ham sen kabi bir yo‘lovchi!.. Bu dunyoda bizning uyimiz yo‘q!.. Ko‘nglimiz qo‘msagan asl vatan esa – ichimizda, ildizimizda!..

 

Mavjuda Abdulloh

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.