Usta

0
235
marta koʻrilgan.

Oʻzbekning otpuskasi yo uy qurish bilan oʻtadi, yo toʻy qilish bilan. Bultur hovli etagiga mehmonxona, ayvon soladigan boʻldik. Imorat solish tashvishini boshiga tushgan biladi. Taxta boʻlsa, gʻisht yoʻq, gʻisht boʻlsa, tunuka yoʻq, tunuka topilsa, boʻyoq yoʻq… Mayli, hozir gap bunda emas.

Devor koʻtarilganidan keyin Abdujabbor degan usta ishga tushdi. Gʻirt chapani, ammo qoʻli gul yigit. Toʻsin tashlash deysizmi, ustun qoʻyish, pol qoqishmi – hammasini oʻrinlatadi. Halol ishlaydi. Faqat bitta kamchiligi bor – ichadi, har kuni ichadi. Peshingacha amallab turadi-yu, tushlik paytida chidolmay qoladi.

– Oʻv, akam, opkela qoling anovi “oqbola”dan! Tomoq jonivor bedana boʻp sayrab ketdi-ku!

Nima qilsayam mehmon, bir nima deyolmayman. Oyimga sezdirmaslik uchun imi-jimida piyolani toʻldirib quyib beraman. U oʻzining aytishicha, “zahariga” otib oladi-da, ashulani vang qoʻyib ishini davom ettiraveradi:

Bogʻ aro-o-lab boraman,

Gulshan aro-o-olab boraman…

Oyim uning yana ichganini bilib, meni koyishga tushadi.

– Bola-chaqali odamni piyonista qilmoqchimisan? Har kuni ichirishga uyalmaysanmi?

Abdujabbor tepadan turib hayqiradi:

– Ichganim yoʻq, Poshsha oyi! Ichganim yoʻq! Ichgan boʻlsam bir qoshiq suvda choʻkib oʻlay! Meni mast deb oʻylayapsizmi? Mayli, kerak boʻlsa bir oyoqda turib beraman. – U toʻsin ustida bir oyoqlab turib “mast emasligini” namoyish qiladi. Oyim battar chirqillaydi:

– Hoy, ehtiyot boʻl, yiqilib ketasan!

…Ish tom yopishga yetganda oyim meni chetga imlab qattiq tayinladi.

– Agar shu bolaga endiyam ichirsang, norozi boʻlaman! Kecha yiqilib ketishiga sal qoldi. Birovning bolasi mayib boʻlib qolsa, Xudo nima deydi!

Oʻsha kuni tushlikda Abdujabborga yotigʻi bilan tushuntirdim:

– Endi, birodar, koʻnglingizga kelmasinu tushlikda ichmay qoʻya qoling.

Usta u deb koʻrdi, bu deb koʻrdi, boʻlmadi. Oxiri qovogʻi osilib tomga chiqib ketdi. Qoʻshiq aytish yoʻq, gaplashish yoʻq… Uch-toʻrt kun ahvol shunday davom etdi. Keyin men ham ishga tushib ketdim.

Bir kuni tushdan keyin xabar olay deb kelsam, uzoqdan ustaning vadavang ashulasi eshitilyapti. Tunukani ikki marta taraqlatadiyu iyagini oʻng tomonga choʻzib chiranib qichqiradi:

Bogʻ aro-o-olab boraman…

Bolgʻani yana ikki marta uradi-da, iyagini chap tomonga choʻzib qaytaradi:

Gulshan aro-o-olab boraman…

Oshxonada choy qaynatayotgan oyimning oldiga kirdim.

– Bu, yana “bogʻ arolab” borish boshlanibdi-ku, kim ichirdi?

– Bilmasam, – deydi oyim menga qaramay. – Ichgani yoʻq shekilli.

Abdujabbor gapimizni eshitib qoldi chogʻi, tomdan turib baqirdi:

– Nima deyapsiz, oʻv akam! Ichgan boʻlsam bosgan izim orqamda qolsin. Nima, ichsam aytishga qoʻrqamanmi sizdan! Poshsha oyimning oldilarida ichib jinni boʻpmanmi! Yaxshisi, bitta opkeb qoʻying “oqbola”dan! Kechqurun jigarini ezamiz…

Birovga tuhmat qilgim kelmay indamay qoʻya qoldim. Keyin bu gaplar unutilib ketdi.

…Yaqinda uyda ishlab oʻtirsam, Abdujabbor kelib qoldi. Kiyimlar bashang, doʻppi boshga qiyshiq qoʻndirilgan. Soqollar qirtishlangan…

– Qalay, akam, qogʻoz qoralab oʻtiribsizmi! – dedi shangʻillab. – Bizga xizmat-pizmat yoʻqmi bundoq.

Qiziq, uning shangʻillashi, chapanilarcha “akam” deb gapirishi ham oʻziga yarashadi. Quchoqlashib koʻrishdik.

– Ozgina olasizmi? – dedim kulib. – Oʻshanda besh-oʻn kun sazangizni oʻldirgan edim. Endi qarzimni uzay.

– Yoʻq. – Abdujabbor keskin bosh chayqadi. – Oʻzim qarzimni uzgani keldim.

U shimining piston choʻntagini kavlab oʻn soʻmlik chiqardi-da, stolga qoʻydi:

– Mana.

– Nima bu?

– Qarzim, – dedi u negadir qovogʻini solib.

Hech nimaga tushunmadim.

– Mendan qarzingiz yoʻq.

– Sizdan emas, Poshsha oyimdan olganman.

Uning birdan oʻziga yarashmagan maʼyus qiyofaga tushib qolishi gʻalati edi. Onamni eslab, oʻzim ham maʼyus tortib qoldim.

– Olgan boʻlsangiz yaxshi, – dedim sekin. – Shuniyam oʻylab oʻtiribsizmi?

– Yoʻq, – Abdujabbor yana keskin bosh chayqadi. – Men boshqacha olganman, – dedi negadir tajang boʻlib.

– Nima gap oʻzi?

– Bir chekkadan gapirib beraymi? – Abdujabbor oʻzini ham, meni ham yomon koʻrib ketayotganday yuzini burib toʻngʻilladi. – Bundoq boʻldi. Oʻsha, tom yopayotgan kunim uyga borsam, qoʻshninikida toʻy boʻlayotgan ekan. Olaveribmiz, olaveribmiz, xurmacha yorilib ketishiga sal qopti. Ertalab tursam boshim gʻum! Eshik qayoqda, deraza qayoqda, bilsam oʻlay. Buning ustiga xotin diydiyosini boshladi. Xotinlarni bilasiz-ku! – U tasdiqlatib olish uchun yuzimga qaradi. – Xotin zotiga “a” deganda “ma”, deb pul obkeb bersang, latta-puttasini topib tursang, odamsan. Boʻlmasa, oʻt anovi yoqqa, deydi, xumgazak! Birpas oʻtirsam, janjal chiqadigan. Choponni yelkaga tashlab chiqib ketaverdim. Padar qusur xumgazak choʻntakniyam qoqlab qoʻygan ekan. Kelsam, siz yoʻqsiz. Poshsha oyimga hasratimni aytdim. “Shundoq, shundoq, mazam qochib turibdi, ozgina paxmel qilmasam boʻlmaydi”, desam, eshitishni xohlamaydilar. Avrashga tushdim. “Jon poshsha oyi, hozir ichmasam oʻlib qolaman, uvolimga qolasiz, besh soʻmgina bering”, dedim. Koʻnish qayoqda! Qaytaga urishib berdilar. “Senga oʻz qoʻlim bilan ichkilik oberib gunohga botishga tobim yoʻq, undan koʻra achchiqqina mastava qilib beraman”, deydilar. Oʻlay agar oyoqda zoʻrgʻa turibman. Boshimni changallab oʻtiraverdim. Menga qarab-qarab qoʻyadilar. Bilaman, rahmlari kelyapti, ammo bari bir, yumshamadilar. Oxiri boʻlmadi. Tomga chiqib amallab ishga tushdimu bosh qiztaloq oʻzimnikimas. Bir mahal mastava pishdi, deb chaqirib qoldilar. Mastavani boshimga uramanmi! Ming kosa mastavadan koʻra yuz grammgina “oqbola”dan boʻlsa-ku, olam guliston! Hadeb chaqiraverganlaridan keyin tushdim. Mundoq qarasam, narvonning tagida gʻijimlangan besh soʻmlik yotibdi. Koʻzimga olov boʻlib koʻrinib ketdi. Oldim-u qoʻl qiztaloq titraydi.

– Kimniki? – dedim baqirib.

Poshsha oyim ovqat suzish bilan bandlar. Yugurib oldilariga bordim.

– Kimniki? – dedim pulni koʻrsatib.

Poshsha oyimning jahllari chiqib ketdi.

– Topib olganingdan keyin kimniki boʻlardi, seniki-da. Nima qilasan baqirib, – deb urishib berdilar.

Abdujabbor jimib qoldi. U bir nuqtaga tikilib oʻtirar, koʻzlarida odatdagidek shiddat emas, oʻychanlik bor edi.

– Keyin yana bir marta mazam qochganda Poshsha oyim tagʻin besh soʻm “tushirib qoʻydilar”, – dedi u sekin, – men topib oldim.

Oraga uzoq sukunat choʻkdi. Abdujabbor bir nuqtaga tikilib oʻtirar, qovogʻi soliq edi.

– Mana oʻsha oʻn soʻm! – U pulni men tomonga surdi.

– Qoʻying, – dedim sidqidildan. – Oyim sizdan rozi ketganlar.

– Olmasangiz otamning bolasimasman! – Abdujabbor shaxd bilan oʻrnidan turdi, ostonaga borganda toʻxtab qayrilib qaradi. – Anuv kuni Poshsha oyimni ziyorat qilgani boruvdim, – dedi ovozi xirillab. – Mozor darvozasidan qaytdim: ichgan edim. – U bir zum yerga qarab turdi-da, qoʻshib qoʻydi: – Bugun payshanba, bormoqchiman. Uch kundan buyon ogʻzimga olganim yoʻq.

U javobimni kutmay eshikni yopdi-yu, chiqib ketdi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.