Urushlar haqida

0
650
marta koʻrilgan.

Insoniyat tarixi-urushlar tarixidan iborat. Ertaklarda-urush. Dostonlarda-urush. Kitoblarda-urush. Kinolarda – urush… Tabaqalar urushi. Fuqarolar urushi. Mamlakatlar urushi. Jahon urushi.

Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, soʻnggi olti ming yil ichida Yer kurrasida 5700 marta urush boʻlgan ekan. (Mayda-chuyda qabilalar janjali bu hisobga kirmaydi). Yana oʻsha olimlarning aytishicha, odamzot oʻrtacha oltmish yil umr koʻrarkan. Bundan chiqdi, insonbolasi hayoti davomida 57 yil urush qilib, uch yil “dam olar” ekan. Astagʻfirulloh! Biz kimmiz oʻzi?!

* * *

Urushda gʻolib va baxtli podshoh, gʻolib va baxtli qoʻshin, gʻolib va baxtli davlat, gʻolib va baxtli tuzum boʻlishi mumkin. Ammo, gʻolib va baxtli odam boʻlmaydi. Negaki, urush odamni odam oʻldirishga majbur qiladi. Odam oʻldirgan odam esa hech qachon baxtli boʻlmaydi!

* * *

Urushning yaxshisi boʻlmaydi. Ammo eng dahshatli urush-fuqarolar urushi. Negaki, u avloddan avlodga “meros” oʻtib, abadiy davom etadi!

* * *

Urush bilan besh ukunda bitadigan muammo tinchlik bilan besh yilda bitsa, ikkinchi yoʻlni tanlash kerak!

* * *

Bir zamonlar urushda askar oʻlsa-oʻlgandir. Hozirgi urushda qurol koʻtargandan koʻra qurol koʻtarmagan koʻproq qiriladi. Zamonaviy qurollar okop bilan bolalar bogʻchasining, ayedrodrom bilan tugʻruqxonaning farqiga bormaydi!

* * *

Inson-aqlli. Inson-donishmand… shu qadar donishmandki, xat-savodi chiqmay turib omoch oʻylab topdi… Gʻildirak ixtiro qildi. Narvon… Keyin suvda suzdi. Osmonda uchdi. “Oynai-jahon”ni yaratddi… koʻp bedavo dardlarga shifo topdi. Qadami Oygacha yetdi…

Inson – aqlli. Inson-donishmand… Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan butun boshli shaharni kultepaga aylantiradigan atom bombasini oʻylab topdi. Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan butun boshli mamlakatni yer bilan yakson qiladigan vodorod bombasini yaratdi. Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan million odamni, mol-holni, qurt-qumirsqani qirib tashlab, “jonsiz” boyliklarga – uy-joy, mol-mulk, oltin-kumush, temir-tersakka ziyon yetkazmaydigan “aqlli” neytron bombasini kashf etdi…

Shu qadar “donishmand”ki, bir tomchisi havoga purkalsa, yetmish odamni til torttirmay oʻldiradigan “U-X” degan zaharni ixtiro qildi va… oʻsha zahri-qotilning 15 ming tonnasini gʻamlab qoʻydi…

Bu qurol bilan yetti yuz milliard odamni qirib tashlash mumkin ekan!

Holbuki, Yer kurrasida besh milliard odam yashaydi…

… Inson-aqlli. Inson-donishmand. Inson – telba!

* * *

Odamxoʻrlik-kannibalizm, besh asr avval barham topgan, deydilar… Unday emas.

Modomiki, yer yuzida urush balosi bor ekan, shuning oʻzi odamxoʻrlikdir.

* * *

Urush degan palakatni, koʻpincha, kaltafahm siyosatdonlar oʻylab topadi. Toʻnkamijoz generallar boshlaydi. Jabrini esa begunohlar tortadi. Begunoh askar. Begunoh ota. Begunoh ona. Begunoh kelin. Begunoh goʻdak…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.