Uka

0
213
marta koʻrilgan.

Karavot mungli gʻichirladi. Ona birpaslik uyqusidan uygʻonib ketgan, lekin koʻzini ocholmay yotardi. Koʻrpachada tizzasini quchoqlagancha mudrab qolgan Qamariddin shoshib koʻzini ochdi-da, onasi tomonga surilib, uning yuziga tikildi. “Chaqirsam uygʻonarmikan?”, deya xayolidan oʻtkazdi, keyin bir lahzada koʻnglidan kechgan vahimalarga berilib, yarim musht boʻlib turgan oʻng qoʻlini labiga bosdi. Ona koʻzlarini xiyol ochib, yana yumdi. Qamariddin dadillanib, yengil tomoq qirdi.

– Oyi, tuzukmisiz? Koʻzingizni oching, jon oyi. Yaxshisiz-a, endi? Choy ichasizmi?

Onaning lablari qimtildi. Toshdek ogʻir qovoqlarini arang boʻysundirib, nursiz koʻzlarini oʻgʻli tomonga ogʻdirdi. Uning lab qimirlatishga ham holi yoʻq, bordi-yu butun kuchini toʻplab ogʻiz juftlaganida ham, tiliga soʻz kelmasdi. Demoqchi boʻlganlari xayolida aylanardi. Xayolni esa eng yaqin odamingga ham soʻzsiz bildirolmaysan. Odamning xayoligina oʻziniki boʻlar ekan. Axir, koʻnglingni birovga berasan, umringni − bolangga. Xayolni esa birovga berib boʻlmaydi. Kimdir deydiki, fikrning tarjimoni til boʻladi. Bekor. Bir fikratni tarjima qilish uchun yuzta til kerak. Odam oʻyiga kelganlarining yuzdan birinigina tiliga chiqaradi. Ammo ona bugun bolalariga aytadiganlari koʻpligini anglab, battar qiynalib yotardi.

“Oʻgʻlim, seni azobga qoʻydim. Yaxshiyam oʻzing borsan. Xudo xohlasa, tuzalganimdan keyin hammasini esingdan chiqaraman”.

Qamariddin hamon onasining sargʻimtil yuziga iltijoli tikilib oʻtirar, uning biror ishora qilishini: suv ber yoki kelinimni chaqir deyishini kutar edi. Shuning barobarida onasining sochlarini qulogʻi orqasiga oʻtkazib, biroz qiyshayib qolgan roʻmolini toʻgʻriladi. Onaning koʻzlaridan chakkasi tomonga dumalayotgan koʻzyoshlari bir lahzada oʻgʻilning ham koʻnglini boʻshatgan, koʻziga yosh chaqirgan edi.

Eshik ochilib, ostonada Basida koʻrindi. Qamariddin koʻzlarini yengiga bosib-bosib oldi-da, xotiniga qaradi. Basida qoʻlidagi dazmol urilgan kiyimlarni tokchaga joylashtirar ekan, Qamariddinga “Nima gap, nima qilay?” degandek imo qildi. Yana har doimgidek javob ololmagach, karavot choyshabini toʻgʻrilab qoʻyib, jimgina tashqariga yoʻnaldi. Qamariddin: “Hoy, qayoqqa?” dedi past ovozda.

– Ovqatga qaray-chi. Hozir bolalar ham kelib qolishadi.

– Ovqatingning suvidan olib kel, – dedi Qamariddin.

Basida bosh irgʻab eshikni yopdi.

Ona birdan ingradi. Keyin birpas qosh chimirib turdi-da, bir muddatni oʻtkazib koʻzlarini ochdi. Qamariddinning chehrasi yorishib ketdi. Onacining yuzini bir qoʻli bilan ushlaganicha, entikib dedi:

– Oyi! Xayriyat. Yaxshisiz-a endi? – Qamariddin xursandligidan poyma-poy gapirar edi. – Choy olib kelaymi yo ovqatning suvini ichasizmi?

“Oʻgʻlim, boringga shukr. Qizlaringni sogʻindim. Nega narigi uyga kiritib yuboryapsan? Oldimda koʻp-koʻp oʻtirishsa, diydorlariga toʻysam. Toʻpolon qilishadi, deysanmi? Menga oʻshalarning toʻpoloni malham-ku. Ularni koʻrib turmasam, siqilib ketaman, bolam”.

Qamariddin onasining oriq qoʻllarini uqalar ekan, endi nima qilishni oʻylar edi. Shokirjon akani yana aytib chiqay desa, hali ishdan qaytmagan; hamshiraning ukoliga ham ancha vaqt bor.

“Qoʻllaringdan aylanay, bolam. Orqalarimni bir silab qoʻysang-chi. Juda ogʻrib ketdi”.

Oʻgʻil sochiq bilan onda-sonda uchragan pashshalarni haydar edi. Ostonada bir qoʻlida kosa, bir qoʻlida kichik choynak ushlagan Basida paydo boʻldi. Qaynonasining koʻzini xiyol ochganicha oʻziga qarab turganini koʻrib, siniq jilmaydi. Mastava bilan choyni xontaxtaga qoʻyib, karavotga yaqin keldi.

Qamariddinga “gapiraveraymi”, degandek bir qarab oldi-da, past ovozda:

– Oyi, tuzukmisiz? Ozgina mastava ichasizmi? – dedi.

“Yoʻq, rahmat, bolam. Negadir ishtaham yoʻq. Xudo xohlasa tuzalganimdan keyin icharman. Qamarjonimga quyib bering. Menga qarayman deb, tuz totgani yoʻq. Ilohim, shirin-shirin qizlaringizdan qaytsin”.

Ona bolalariga oʻz ogʻzi bilan bir qoshiq ham ovqat oʻtmasligini bildirolmay, boshini bilinar-bilinmas chayqatar edi.

Qamariddin kosani qoʻliga oldi. Basida onaning boshini salgina koʻtarib yana bir yostiq qoʻydi. Ona bir qoshiqdan keyinoq koʻzini yumib boshqa ichmasligini bildirdi. Farzandlari uning yonida nima qilishni bilmay kalovlanishar, bunga sari onaning koʻngliga bir xayollar kelar ediki, bu xayollar orasida dil-dilidan Xudoga oʻtinardi: “Ishqilib tezroq tuzalib ketayin. Boʻlmasa, bu soddagina bolalarim el ichida uyalib qolishadi”.

Biroz oʻtkazib Basida Qamariddinga ovqat olib kirdi, ammo eri qosh chimirib rad qildi-da, bosh eggancha oʻtiraverdi. Oʻgʻlining oʻziga olib kelingan ovqatni qaytarganini koʻrib tiliga borib yetgan soʻzlarni ayta olmay qiynalayotgan ona ingrab yubordi. Boshining orqasiga kirib oʻrnashib olgan tovoqdek bir narsa yanada ogʻirlashgandek, kattalashgandek boʻldi. U biladi: tez kunda sogʻayadi. Axir kechagidan koʻra ancha yaxshi. Koʻzlari ham xira tortgan edi. Mana, ravshanlashdi. Kecha mana bu qotmagina kelinini anchagina qarab turib keyin tanigan edi, bugun yuzini aniq-tiniq koʻryapti.

Bechora kelin. Bu ham qaribdi. Qanday yoqimtoy edi. Kelin boʻlibdiki, kamgap. Oʻzi ham shu kamgapligi uchun kelin qilgan. Toʻrt hovli narida turadigan qoʻshnisi Manzuraning qizi. Olti qizning oltinchisi. Onasi oʻtgan yili qazo qildi. Basida battar kamgap boʻlib ketdi. Dard-dardi ichida. Oʻzi ham besh marta qizli boʻldi. Xudo oʻgʻil bermadi. Har gal tugʻruqxonadan kelgan Qamariddin yoʻliga chiqib, koʻziga javdiragan onasiga mulzam tortibgina: “Yana qiz-ku, oyi”, der edi. Aslida u shu xabarni yetkazgani zahoti onasi har gal aytadigan bir dunyo ovutmachoq gaplarini eshitish uchun ham uyga shoshardi, qolaversa, uning ota boʻlganidan chinakam xursand boʻladigan odam onasi edi. U har gal:

– Bolaning yaxshisi – qiz, Qamarjon. Akangdan keyin qizli ham boʻluvdik. Juda chiroyli qiz boʻladigan edi. Xudo oʻziga yaratgan ekan. Bir kechada oldi-qoʻydi. Mana endi qizimning yoʻqligi ham bilinmaydi. Ular seniki emas, meniki. Menga qolsa yettita qizing boʻlsa. Turmushga bersang-u, haftada bir martadan kelishsa, har kuni uyimiz toʻladi, bolam. Sen shoshilma, qiz bergan Xudo oʻgʻilniyam beradi… – derdi.

Qamariddin uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi marta qizli boʻlganini birgina akasiga aytishga juda qiynalgandi. Akasida bir emas, uch oʻgʻil. Sayfiddin bu yangilikni telefonda eshitadimi, ukasining oʻz ogʻzidanmi, ishqilib, Qamariddinni mazax qilmay qoʻymasdi.

– Qamar, oʻzing ham qiz boladay yumshoqsan, – derdi u.

Gap Qamariddinning xotini toʻgʻrisida aylanishib qolsa:

– Xotining ham qiz koʻpaytirishda onasidan taʼlim olgan ekan-da, – deb pisanda qilar edi.

U akasining gaplaridan sira ranjimagan. Negaki akasi oʻzidan yetti yosh katta boʻlganidan esini tanigan vaqtlarda ham, uning yelkasida oʻtirib erkalanganlari koʻz oldidan ketmaydi, qichqirib kulganlari oʻz qulogʻiga eshitilaveradi. Qamariddinga, onasining soʻzi bilan aytganda, “kichik oʻgʻlining dunyoga kelganini ham koʻrolmay ketgan” otasining yoʻqligi u qadar sezilmagan.

Toshkentda oʻqib, oʻsha yerda ishlab qolgan Sayfiddin chirchiqlik kursdoshiga uylandi. Ishlari yurishib, katta tashkilotga rahbar boʻlib ketdi. Onasi Qamariddin yangi uylangan vaqtlarda bu yigirma sotixli, ilon tiliday uzun hovlining etagiga oʻzlari oʻtirgan uyga qaratib Sayfiddin uchun bir uy solish kerakligini bot-bot takrorlardi. Keyingi yillarda negadir shu gapini aytmay qoʻydi.

Qamariddin devordagi soatga tez-tez qarar, hamshira bu gal ham kechikmasa edi, deb asabiylashar edi. Birdan darvoza oldiga qandaydir mashina shitob bilan kelib toʻxtadi-yu, taxmon pardalarini toʻgʻrilayotgan Basida, onasining oyogʻini uqalashga oʻtgan Qamariddin bir-birlariga shoshib qarashdi.

– Akam shekilli, – Qamariddinning koʻzida gʻalati bir quvonch uchqunladi.

Ikkisi hovliga otilishdi. Sayfiddin ikki, ikki yarim oyda bir keladi. Ishlari koʻp, axir. Oilasi bilan kelgan vaqtlari juda kam boʻlgan. Kelganda ham onasining sogʻligi, ahvolini surishtiradi, tezgina maktabga xabar yuborilib chaqirtirilgan Qamariddin bilan soʻzlashib, uning ishlari haqida soʻraydi, soatlab dars oʻtishga qanday toqat qilishiga hayron boʻlib, har gal boshini sarak-sarak qiladi, qizlarining oʻqishlarini soʻraydi, hovlining bogʻ tomonini aylanib mevali daraxtlar, sabzavotlarni tomosha qiladi. Keyin shundaygina koʻchalari boshidagi guzarga chiqib ketadi. Bu yerda qishloqning katta yoshli kishilari shom mahaligacha gaplashib oʻtirishadi. Sayfiddinning kelganini uning mashinasi motori sovumasdanoq bilishadi. Koʻchadagi suhbat ham joniga tegib, uyiga kirib ketganlar Sayfiddin kelgan boʻlsa zerikmaymiz, deb yoki yangiliklardan qolib ketmaylik deb, bir-birlarini xabarlab chiqib keladi. Ularning koʻpi dadasining oshnalari boʻlganidan Sayfiddinni oʻz oʻgʻillaridek koʻradilar. Yana uning kam kelishi tanishlar orasida bir qadar qadrini oshiradi.

Sayfiddin ularning hammasidan hol-ahvol soʻraydi. Shahardagi ishlari, eng muhim yangiliklar, oʻgʻillarining aqlli ekani, onasini olib ketay, desa koʻnmayotgani, ukasiga ham yaxshi ish topib berishi mumkinligi-yu, uning esa shu yerda ham yaxshi, aka, deyishdan nariga oʻtmagani, ularning yashashni bilmayotganlarigacha gapiradi. Mahalladagilarga, ayniqsa, Toshkentning kundan-kunga oʻzgarayotgani, yangi ixtirolar va shunga oʻxshashlar toʻgʻrisidagi xabarlar juda yoqib tushadi.

Sayfiddin qoʻlidagi non, qand-qursni Basidaga tutqazib, Qamariddin bilan quchoqlashayotganda xavotir bilan “Nima gap?” dedi-yu, javobini ham kutmay, uyga yugurdi. Karavot yoniga tiz choʻkkancha, onasining qoʻlidan tutib, yuziga tikilib ancha vaqt jim qolib ketdi. Keyin orqasida boʻynini qisib turgan Qamariddinga “Xoʻsh”, degandek qaradi.

– Toʻrt kun boʻldi: bogʻda u-bu ishlar bilan aylanib yuruvdik, birdan “Sal mazam boʻlmayapti”, dedilar. Uyga yetaklab olib keldim. Joy qilib yotqizib Shokirjon akani aytib chiqqunimcha, shunaqa boʻlib qoldilar.

Sayfiddin jahl bilan qarab nimadir demoqchi boʻlgan edi, ona tomoq qirishga oʻxshash bir ovoz chiqardi.

– Oyi, meni eshityapsizmi? Oyi, uygʻoqmisiz?

Qamariddinning koʻziga yosh quyildi. Axir akasi onasining ovozini eshitolmaydi. Ishqilib, Xudo tezroq shifo bersin.

– Nega gapirmayaptilar? Nima boʻldi oʻzi? Yaxshi yurgan edilar-ku, – Sayfiddin ukasining qoʻlidan tortib yoniga oʻtirgʻizdi. – Doʻxtirga koʻrsatdingmi? Nima deyishdi? Sendan soʻrayapman, Qamar!

Qamariddin yosh boladay burnini torta-torta:

– Avval sal-sal gapirib tushuntirayotgandilar. Ikki kundan beri… – Qamariddin hiqillab toʻxtab qoldi.

– Nima “ikki kundan beri”?

Ukaning qolgan gapi yigʻi aralash boʻgʻiq chiqdi:

– Gapirmayaptilar.

Sayfiddin onasining yuziga tikildi. Peshonasini siladi. Salobatiga yarashmagan iltijoli tovushda:

– Oyi, eshityapsizmi, men keldim, – dedi.

Qamariddin oʻrnidan turib derazaga yaqinlashgancha, tinmay koʻziga roʻmolcha bosar edi.

“Sayfijonim, oʻzingmisan? Keldingmi, bolam? Xayriyat. Juda sogʻingan edim. Seni bagʻrimga bosolmayman, holim yoʻq, oʻgʻlim. Hidlaringni sogʻindim. Ana, uyga hidlaring toʻlib ketdi. Chaqaloqligingda ham xuddi shu hidni uyimizga olib kelganding. Yaqinroq kel. Yuzimga yuzingni qoʻy, yelkalarimdan tutib koʻtargin, quchoqlashib koʻrishaman devdim-a”.

Ona gʻamgin ingradi. Sayfiddin dast oʻrnidan turib ketdi. Ushoqqina gavdasi keyingi kunlarda yana-da kichiklashib qolgan ukasiga yaqin keldi.

– Menga qara, qaysi doʻxtir koʻrdi oʻzi?

– Shokirjon akani chaqiruvdim, “Eng toʻgʻri yoʻl – shu: qimirlatmaysiz, bezovta qilmaysiz. Xudo shifo bersa, sekin-sekin yaxshi boʻlib ketadilar”, dedi.

– Topgan odamini-chi buning. Xudo deb oʻtiravergin, deyishga oʻqigan ekanmi kasofat? Ukol qilmadimi? Nimaga kasalxonaga yotqizmadi?

– Ukol olyaptilar, aka. Birpasdan keyin Feruza chiqib ukol qilib ketadi.

– Ey, sen nima deyapsan oʻzi-a? Nima qilib qoʻyganingni bilasanmi? Tamom qilibsan-ku onamni.

Ona esa boshini sarak-sarak qilar edi:

“Oʻgʻlim, unday dema. Men yaxshiman. Kechagidan ancha yaxshiman-ku. Qoʻy, urishma ukangni. Necha kundan beri kechasi ham uyqu yoʻq bolamda. Undan koʻra koʻnglini koʻtarsang-chi. Senga qoʻngʻiroq qildirganiga ham uch kun boʻldi. Shu uch kun menga uch yil boʻlib ketdi, bolam. Men tuzalib qolaman, hech qayerim ogʻriyotgani yoʻq. Sen qoʻlimni ushlab oʻtirgin. Ikkalang yonimda boʻlsang eng yaxshi davo – shu”.

Sayfiddin ukasini deyarli itarib yuborib, vaysaganicha, koʻchaga yurdi. Ona uning muddaosini tushunib turardi. Allaqanaqa odamlarga koʻrsatmoqchi.

“Sayfijon, jon bolam, kerakmas. Meni begonalarga roʻpara qilma. Ukang qaratyapti. Tuzukman axir”.

Ona yana yurakni ezadigan ovozda ingray boshladi.

Sayfiddin oldin kelganda ham uyda koʻp turolmas, onasining soʻroqlari tugaganda koʻchaga otlanardi. Ona esa keliniga aytib eng tansiq ovqatlarni tayyorlatar, u koʻchadan kirguncha dasturxonni turshak, qand-qursga toʻldirib yuborardi. Sayfiddin charchaganidan boʻlsa kerak, tez uxlab qolardi. Onasi tuni bilan uning yuziga tikilib oʻtirardi. Ertalab ona kelinini shoshirib dasturxon tuzattirar, lekin oʻgʻli tura solib joʻnab qolar, onasining hay-haylashiga ham qaramasdi. Ona kuni boʻyi oʻgʻlining nahor ketganidan keliniga, Qamariddinga, nabiralariga shikoyat qilib yurar, shahardagi katta kelinini, bolalarini olib kelmagani uchun yanib qoʻyardi.

Sayfiddin tuman markazidan bir shifokorni olib keldi. U ham “Endi bemorni qimirlatmagan maʼqul”, – dedi-yu, Sayfiddinning “Nima kerak boʻlsa topib kelaman”, – degan gapidan soʻng qogʻozni toʻldirib nimalarnidir yozdi.

Sayfiddin u bilan chiqqanicha, bir xalta dori-darmon koʻtarib keldi. Ona tinmay ingrar, ukol-dorilarsiz tezroq tuzalishiga ishonib turganini aytolmay battar azob chekardi.

Kechki paytga borib ona birmuncha tinchlandi. Qamariddin deyarli tovush chiqarmas, Sayfiddin esa baland ovozda gapirib oʻrgangan, u gapirganida onasining qovoqlari biroz koʻtarilar, lekin koʻzlari ochilmasdi. Sayfiddin tokchadagi oʻzi olib kelgan yelimxaltani ochib, ichidan yumshoq non oldi-da, onasiga yaqin keldi. Hozir labini qimirlatishga ham holi boʻlmagan onaga non yeyish haqida gapirish juda nooʻrin boʻlsa-da, boshqa gap topolmay:

– Oyi, yeysizmi, siz yaxshi koʻrgan nondan olib keluvdim, – dedi.

“Oʻgʻlim, boshimda bir ogʻir narsa bor-da. Shundan qutulsam otdek boʻlib ketaman. Ukangning tugʻilgan kuniga kelasanmi, deb rosa koʻz tutdim. Oʻzing-ku, mayli, loaqal Sanjarbekni yubormaysan. Axir katta yigit boʻlib qoldi. Oʻtgan gal borganimda menga bir qizning rasmini koʻrsatuvdi. Yaxshi koʻrar emish. Sizlarga aytgani uyalarmish. Keyingi gal kelganimda bir yoʻla oying bilan sovchilikka boramiz, degan edim. Tagʻin boshqa darvozani ochib qoʻymagin, demoqchiydim. Sen kelganingda gapirolmay oʻtirganimni qara. Esingdami, uyingga yaqin joydagi kabobpazdan kabob olib berganding. Xotining maqtaganicha bor ekan. Mazasi ogʻzimda qoluvdi. Qaysi kuni biram yegim keldi. Toʻrttagina koʻtarib kelib qolsa-ya, deb kechgacha eshikka qarabman. Odam yoshi ulgʻaygani sari goʻdak boʻlib qolarkan-da. Bu safar kelsa, birga ketib Toshkentlarni aylanib ikki-uch kun turib kelaman, deb turuvdim. Mayli, yaxshi boʻlib qolarman. Bolalaringni nega olib kelmading-a? Shunaqa sogʻindimki. Aytgan bilan tushunarmiding. Hali oʻzing ham nabirali boʻlarsan. Bilsang, senga aytadigan gaplarim koʻp edi”.

Bemorni koʻrishga chiqqan ikki qoʻshnini Basida uyga boshlab kirdi. Ular ovoz chiqarmay imo-ishora bilan salom-alik qilishib, bosh chayqashar, shunday ajoyib qoʻshnilarining birdan bunday boʻlib qolganiga achinishardi. Sayfiddin hovliga chiqdi. Soʻri yonida turgan Qamariddinni yana ayblay ketdi:

– Odam ham shunaqa beparvo boʻladimi? Bundoq yaxshiroq yashashniyam oʻylash kerak-da. Qachon qarama, oyim yo joʻyakning orasida, yo molxonada. Boqolmasang aytgin edi, oʻzim majburlab boʻlsa ham olib ketardim.

Yoʻgʻon tok zangiga qoʻl tirab turgan Qamariddin dedi:

– Qoʻying, oʻzimiz qilamiz desam, hech koʻnmaydilar, zerikib qolaman, deydilar.

Sayfiddinning jovlishlari qoʻshnilar chiqib ketib, aka-uka uyga kirishganida ham tinmadi. Bu vaqtda ona yengil xurrak tortib uxlamoqda edi.

– Oʻzing ham juda boʻshang boʻlding-da. Ikkita kitob qoʻltiqlab maktabingga borib kelgan bilan boʻldi-ketdimi? Shuncha uddasizliging ustiga yana mol koʻpaytirganingga odamning gʻashi keladi. Hadeb xotinning izmiga yoʻrgʻalaguncha, oʻz kallangni ham ishga solsang boʻlmaydimi?

Qamariddin akasining oldingi gapini eshitib, sut-qatigʻi qizlaridan ortmaydigan sigirini koʻz oldiga keltirayotgan edi, keyingi gapidan soʻng yer ostidan dasturxonga non keltirib qoʻyayotgan Basidaga qaradi. Basidaning yuzi xiyol oqarib tushdi-yu, oʻzi tezgina hovliga chiqib ketdi. Qamariddin bildi: akasi atayin shunday qildi. Basida oʻzi haqidagi fikrimni eshitsin, dedi. Boʻlmasa, yoʻqligida ham aytaverardi. Qamariddin baribir akasining kelganiga xursand edi. Kecha mahalla raisi kirib onasini koʻrib chiqar ekan, Qamariddinga achinib qaraganida, u oʻzini juda yolgʻiz, ojiz sezgan edi. Kim bilsin, chindan ham, Shokirjon aka yaxshi doʻxtir emasdir. Akasi ham bir narsani bilsa kerak-da, oʻzi harakat qilyapti. Shoyad onasi tezroq tuzalsa. Akasi nima desa ham mayli. Mana, haliyam bir narsalar deyapti.

Chindan ham, Sayfiddin tinmay javrar, shuncha ishlab uyini zamonaviy taʼmir qilmagani uchun ukasini ziqnalikda ayblardi. Ertaga el-xalq kelsa, oʻziga kulib ketishi haqida ham gapirar, Qamariddin esa el-xalqning qachon kelib, qachon kulib ketishini anglab yetmas, fikri-yodi onasining tezroq koʻzini ochib, tezroq gapirishi, sogʻingan oʻgʻlini koʻrishi, juda xursand boʻlib ketishi haqidagi xayollar bilan band edi. U gap topib javob qilishni oʻylamasdi. Xayollari betartib edi.

Birdan ona qoʻli bilan oʻz peshonasini silab, ustidagi yengil toʻshak chetini qayirdi. Oʻgʻillari shoshib unga qarashdi. Qamariddin onasining xurragi qachon tinganini sezmay qolganidan ajablanib, xayolida: “Akam toʻgʻri aytadi: oʻzim ham onamga beparvoman”, – deb oʻyladi. Ikki oʻgʻil karavotga yaqin kelib, onalarining yuziga tikilishar, ona esa buni sezib turardi.

“Sayfijon, oʻgʻlim, sen ukangdan bekor xafa boʻlyapsan. Xotiniyam, oʻziyam qachon bir narsa desam, xoʻp deb bosh egib turadi. Kelinim ham tillaga bergisiz chiqdi. Hali ukangga tik qarab gapirgan emas. Bittagina ukang, ahil boʻlinglar, deyman. Sen ham oʻsha yoqlarda qolib ketmassan. Qaytib ham kelarsan. Oldinlari hovlini ikkovingizga boʻlib beraman, deb yurardim. Keyin oʻylasam, mana ukangning roʻzgʻori ham katta boʻlib ketdi. Yaxshisi, senga qishloqning chiqaverishidan uchastka olsak. Balki biror bogʻ sotilib qolar. Ukang ham qarab turmaydi: bogʻdagi dehqonchiligi, qoʻy-poʻyi degandek, sotib, pulini beradi. Yaxshi boʻlib qolishim bilan oʻzim ham pensiyamni jamgʻarishga kirishaman. Oʻgʻil uylashingdan avval shu ishni bitiramiz, bolam”.

Sayfiddin homuza tortdi – yoʻlda charchagan edi. Qamariddin hushyorlik bilan buni ilgʻab, Basidani joy soldirish uchun chaqirdi.

Kechki payt Sayfiddin telefonda kim bilandir qattiq ovozda gaplashdi. Onasining ogʻir betobligini, uch-toʻrt kun borolmasligini, u yogʻiga ham bir nima deb boʻlmasligini aytdi. Ona bezovta boʻldi. Qamariddin shuncha ogʻiz juftladi-yu, lekin akasiga: “Tashqarida gaplashing, oyim eshitmasinlar”, – deya olmadi. Shu kuni onaning ingrashlari koʻpaydi. Hamshira ham ukol qilishga qiynalib ketdi. Uyalganidanmi yo chindanmi, “Tomirlarida ukol yurmayapti”, – deb qoʻydi. Sayfiddin oʻsha shifokorni olib keldi. U uzoq eshitib, tekshirdi. Xonadan indamay chiqdi. Darvoza oldidagina Sayfiddinga nimalardir dedi.

Shu kecha tun yil boʻlib ketdi. Ertalab Sayfiddin negadir besaranjom boʻldi. Saharda Mingbuloqda yashaydigan yakka-yagona togʻalari, qishloqning Yongʻoqzor deb atalgan bir burchida dehqonchilik qiladigan kichik amakilari qayerdandir eshitib yetib kelishdi. Qamariddin gʻalati alfozga tushdi. Kelganlar juda gʻamgin edi. Qoʻshni xola hammani soʻriga chiqardi. Dam soladigan odamni toptirib keldi. Kattalarning gapi bilan koʻrgani kelayotganlar ham boshqa uydan kuzatiladigan boʻldi, onaning yoniga oʻgʻillaridan boshqa hech kimni kiritmay qoʻyishdi. Bu vaqtda onaning koʻzlari qovoq ichida aylanar, baʼzida yengil xurrak bilan uxlar edi. Hamshira bu gal ukollarni qiynalmay tomirdan yubordi. U chiqib ketgach, ona bir amallab koʻzini ochdi. Oʻgʻillarining tashvishli koʻzlari unga ogʻir botdi.

“Bolalarim, men tuzalib ketaman. Sizlar ham Xudodan soʻranglar. Hozirdanoq ikkingiz namoz boshlang. Mening hali qiladigan ishlarim koʻp”.

Shu vaqtda Sayfiddin tomdan tarasha tushgandek:

– Oyi, meni koʻryapsizmi? – dedi. Ona “Ha”, degan ishora bilan koʻzini bir yumib ochdi. Shunda Sayfiddin Qamariddinning ham asabiga qattiq botadigan bir savolni berdi:

– Men kimman?

Ona koʻzini chirt yumdi, avvalgidan ham dardliroq ingradi. Shundan keyin qaytib koʻz ochmadi, ertalabgacha jim yotdi. Xurrak ham tortmadi. Tongdayoq bemorni koʻrgani kelganlar soʻrini toʻldirdi. Sayfiddin oʻzini shahardan turib yoʻqlayotgan ishxonasidagilar bilan telefonda soʻzlashar ekan, tashqariga  – koʻpchilik oldiga chiqishdan koʻra shu yerda javob qilishni maʼqul topdi. Karaxt holdagi Qamariddin oʻz onasining oʻlimini u qadar kuyunmay kutib turgan akasining yuziga ajablanib qarar, onasining birdan yotib qolgani, akasining har galgidek, erta turib ketolmay, zarur ishlarini telefonda kimlargadir tayinlayotgani, qarindoshlar, qoʻshnilarning maʼyuslanib hovlida yurishlari – hamma-hammasi bir uzun tushdek tuyulardi. Choshgohda Sayfiddin soatga qarab bezovta boʻldi. Uzoq jimlikdan soʻng ukasi va togʻasiga:

– Men uyga borib bolalarni olib kelay. Bunaqada kechasiga boradilar shekilli, – dedi.

Qamariddin chidolmadi. Akasiga burilar ekan, qatʼiy, lekin past ovozda xitob qildi:

– Bas qiling!

Sayfiddin yonida turgan togʻasiga:

– Buni qarang, oʻzi pishirib haqqa yetkazib boʻldi. Yana doʻq urishi ortiqcha, – dedi. Keyin onasining qoʻlini ushlab rangi oqarib turgan Qamariddinga yaqin keldi-da, pishqirib ketdi. – Sen tuzuk odam boʻlganingda onamni kasal boʻlgan zahoti markazga yetkazib bormasmiding. Mana, onam, sening bolalaringni opichlab katta qilib, roʻzgʻoringni butlayman, deb oxiri tugab boʻldi. Sen ham erkakmisan? Maktabingga ertalab ketganingcha, kechqurun kelasan. Oʻzing eplab qaramagandan keyin nima qilasan bogʻ ekib?

Togʻa oʻrtaga tushmasa, yana qancha gaplar Sayfiddinning ichida qolib ketmay chiqib kelar edi. Qamariddin onasidan koʻz uzmay turar, yuzi, jahldanmi, boʻtakaday qizargan edi. U faqat onasining bu gaplarni eshitmayotganiga umid qilardi. Negaki, onasi baqir-chaqir, urush-janjalni yomon koʻrar, biror qoʻshnining uyidan qattiq ovoz, yigʻi-sigʻi eshitilsa, ruhi choʻkardi.

…Ona jim yotar, endi kipriklari ham qimirlamas, faqat koʻngli uygʻoq, xotiri but edi. Jon koʻngil bilan bir boʻlar ekan. Kim bilsin, koʻngil jonning ichidami yo jon koʻngil deganimi. Koʻngilni dunyosidan uzish nechogʻliq qiyin. Tanangdagi biror uzving pand berib, oʻz ishini bajarmay qoʻysa, noiloj, ketishga toʻgʻri keladi. Biroq fikringdan nimalardir oʻtib turar ekan, oʻsha fikrlarning oʻzi dunyosida qolmoq uchun bir ilinj. Eng oxiri taslim boʻluvchi ham shu ilinj, shu umid.

Onaning keyingi soʻzlari, toʻgʻrirogʻi, oʻylari jonidan ortiq bilgani, kam koʻrishib koʻp sogʻingani Sayfiddinga qaratilgan edi:

“Sayfi, sen nega kelganding oʻzi? Qani endi kasalimni eshitmagan, kelmagan boʻlsang. Seni shu umidda oʻstirganmidim? Meni oʻz ogʻzing bilan kechasi oʻladi, deb turibsan-a? Onangman-ku. Dadang betob boʻlganida, sen goʻdak eding, lekin dadang menga: “Shahodat, men oʻgʻlimga ishonaman. Seni kaftida tutadi, sira yigʻlatmaydi”, – degan edi. Kelmaganingda ukang meni oyoqqa turgʻizib olardi”. Onaning yuzida nimgina jilmayish koʻringandek boʻldi. “Qamarjonim, meni kechir, toʻylaringda yoningda turolmas ekanman. Koʻzimga buving bilan bobong koʻrinyapti, ana, dadang ham. Qizlaringni ehtiyot qil. Akang hali seni koʻp ranjitadi. Baribir aloqangni uzma. Odamlar nima deydi? Men ham otangga nima deyman? Shu gaplarimni oʻzingga aytsam qaniydi. Mendan rozi…”

Onaning boshida nimadir qaynoq simdek “chirs” etdi…

Taʼziyada odam koʻp boʻldi. Onaning shahardagi kelini, nabiralarini Sayfiddinning haydovchisi tashlab ketdi. Xotinlar chuvvos solishdi. Qamariddinning qizlari yigʻidan koʻzlari qizarib “buvim”lab yurishar, buvisini juda yaxshi koʻradigan Sanjar ovoz chiqarmasa ham, tinmay yigʻlar, ikki ukasi esa hayron boʻlgancha, yigʻlamsirab chetda turishar, Basidani latta-putta yo boshqa yumush bilan har tomonga chaqirishar, Qamariddin esa koʻrayotganlari oʻngi ekaniga hali ham ishonmas, oʻzi suratga aylangandek ahvolda kattalar nima desa soʻzsiz bajarar, tiliga bir kalima soʻz, koʻziga bir tomchi yosh kelmasdi. Orada xotinlarning yigʻisini Sayfiddinning “Onam-ov”lab yigʻlagani bosib tushar, shunda boshqalarning ham yigʻisi tomogʻidan otilib kelar edi.

Tuproqqa qoʻyib kelishganidan soʻng holsiz, ikki bukilgan Qamariddinni uzoqroq qarindoshlari Raim aka xoli joyga chaqirib:

– Oʻzingni tut, oʻlim haq. Hammamizning boshimizda bor. Endi mana bu uzoqdan kelgan mehmonlarga qara. Ular – Shahodatning mehmonlari. Yaxshi kuzatsang, onangning ruhi shod boʻladi, – dedi.

Qamariddin qoʻshnisi Azamat aka joy hozirlash uchun taxta soʻragani sabab yertoʻlaga tushdi. Taxtalardan birini tortayotganda tepadan ayollarning gaplari eshitildi:

– Sayfiddin yomon kuyib ketdi, bechora. Onasiga juda mehribon edi-da. Shahodat opam ham uni yaxshi koʻrardi, – dedi ulardan biri. Boshqasi gapga aralashdi:

– Rost aytasiz. Uydagi oʻgʻilning ovozi ham chiqmadi.

– Toʻgʻri, yigʻlamasa ham, juda gʻalati boʻlar ekan, – dedi yana boshqasi.

Qamariddin bitta taxtani olib chiqib tashqariga qoʻydi-yu, bir nuqtaga tikilganicha, qolib ketdi. Boshqalar chaqirib biror ishga buyurmasalar, oʻziga kelishi gumon edi.

Bu kecha eng qora kecha boʻldi. Osmonda oy ham yoʻq. Sayfiddin yotgan zahoti uyquga ketdi. Qamariddin onasining karavotiga termilganicha, koʻziga bir chimdim uyqu kelmay tong ottirdi.

Sayfiddin bir haftadan soʻng ishlarimni bitirib kelarman, deb ketdi. Shu bilan qirqqa bir kun qolganda keldi. Xotini ham bir togʻora qatlama pishirib keldi. Marosimning ertasiga nonushtadan soʻng bogʻ tomonga oʻtib hayallagan akasining ketidan kirgan Qamariddin uning teraklarning boʻyiga qarab aylanib yurganini koʻrib ajablandi. Akam dov-daraxtga qiziqyapti, shekilli. Zora qishloqqa qaytib kelsa, deya koʻnglidan oʻtkazdi u. Akasi Toshkentga qaytib ketganidan to shu kungacha u onasisiz oʻzini juda gʻarib, yolgʻiz sezib har kuni Sayfiddinning kirib kelishini kutgan, kelgan zahoti quchoqlab: “Endi ketmang, shu yerda qoling”, – deyishni diliga tukkan edi. Akasi kelganda esa bunday qilolmadi.

Sayfiddinning nega bogʻ aylangani keyin maʼlum boʻldi. Bir oydan soʻng u qoʻshni mahalladagi terakfurushlar bilan kirib keldi. Marzadan pastdagi hamma teraklarni baholatdi. Ukasi-ku, izoh soʻrolmasdi, lekin hayron boʻlib turganini koʻrib yaqiniga keldi-da tushuntirdi:

– Oyim hov bir gal kelganimda bogʻ seniki. Borligimda teng boʻlib oʻlchab ol, meva-chevasiyam senga, devdilar.

Qamariddin gapning yolgʻonligini bildi, chunki onasi hech qachon tirikligimda unday qilinglar, demasdi. Ana, Gulshan xola, toʻqson yetti yoshga kirdi. Juda tetik boʻlmasayam, bolalarining davlati boʻlib oʻtiribdi. Onasi esa endi oltmish ikki yosh boʻlgandi. Biror marta sogʻligʻidan shikoyat qilmasdi. Akasi uni beparvolikda ayblaganida, oʻzi ham oʻzini aybdor deb bilib ich-etini yeb yurgandi. Buning ustiga akaning qaytib kelib shu yerda yashashi haqidagi umidlari ham birpasda chippakka chiqdi.

Ertasiga oʻnga yaqin odam kelib, teraklarni kesishga tushishdi. Qamariddin uzun arqon topib berdi-yu, necha yildan beri boʻyiga havas qilib qarab yurgani – teraklarning kesilishiga qarab turolmasligini anglab, uyga kirib ketdi. Teraklar har gal gursillab tushganida, koʻksida nimadir uzilar, koʻngliga ogʻir-ogʻir toshlar qulagan kabi boʻlar edi. Derazaning eng yuqori oynasidan unga soʻnggi marta qoʻl silkiyotgan adl teraklarning uchlariga qaragancha, oriq yuzini ikki qoʻli orasiga olib oʻtirgan Qamariddin yelkasiga kelib tekkan qoʻlni sezib ortiga qayrildi: katta qizi choynak-piyola ushlab turardi:

– Dada, siqilmang, mana, oyim qaynoq choy olib kir, degandilar. Iching.

Qamariddin qizini bagʻriga bosdi. Xoʻrligi keldi, lekin koʻzyoshini amallab ichiga yutdi. U hamisha qizlari oldida nochor koʻrinmaslikka tirishardi.

– Bogʻdagilarga ham choy berdinglarmi? – soʻradi undan. Qizi bosh silkidi. Ikki soatcha vaqt oʻtib, bogʻdan Murod terakfurush chiqib keldi:

– Uka, endi “Ha” deb yuborsangiz, teraklarni tashqariga chiqarib olsak.

Qamariddin bogʻ tomonga oʻtdi-yu, hang-mang boʻlib qoldi. Bor ekinlar betartib qulatilgan teraklarning yoʻgʻon tanalariyu quyuq shox-shabbalari ostida payhon boʻlib yotardi. Eng yomoni – onasi oʻz qoʻli bilan koʻtarib bogʻlagan pomidor poyalaridan birortasi ham tik qolmagan edi. Uning koʻzidan oʻt chiqib ketdi. Onasi istaklarni shunday tekis bogʻlar ediki, hamma qoʻshnilar havas qilardi.

Ishini tugatib ketayotgan terakfurush rahmat aytish uchun Qamariddinga yaqin keldi.

– Shuni kuzda kessa boʻlmasmidi? – dedi Qamariddin.

– Ekinlar payhon boʻlganiga aytasiz-da, – dedi Murod terakchi biroz oʻngʻaysizlanib, – Sayfiddin akam kesaveringlar, ekinining pulini beraman, degandilar.

– Chekkadayam joy bor edi-yu… – Qamariddin gapining davomini aytolmay kirib ketdi.

Yoz oxirlarida Sayfiddin bir necha kishi bilan keldi. Qamariddin hali ishda edi. Hammalari bogʻ tomonga oʻtib ketishdi. Basida hayron boʻlib, qizlaridan birini dadasini chaqirib kelishga joʻnatdi.

Sayfiddin ukasi bilan yaxshigina salomlashgach, uni oʻzi bilan kelgan qorindor kishining yoniga boshlab bordi:

– Bu kishi mening joyimga xaridor. Oʻzing bilasan, dacha qilyapman. Oyim aytganlaridek, oʻlchab ikkiga boʻlaylik, deb markazdan Maqsud akaniyam olib keldim, – dedi u narida turganlarga ishora qilib. – Bogʻ tomonni narxlasak, pulini dachaga ishlatardim.

Taxtadek qotgan Qamariddin, oʻzi sezmagan holda, boshini sarak-sarak qilar edi. Birozdan soʻng u, hammaning hayron qarab turganini koʻrib, shoshib qoldi-da:

– Yaxshi, aka, – dedi. Uning soʻzidan dadillangan akasi yana bagʻritoshlik bilan:

– Endi ikkalamizning ham oʻz ulushimiz bor-da. Undan keyin sening bolalaring hammasi – qiz. Chiqarib yuborganingdan keyin senga joyning ham keragi boʻlmaydi, – dedi.

Qamariddinning boshida bir ogʻriq turdi, koʻksi achishdi. Ters burilib, uyiga kirib ketdi.

Narxlar har ikki tomonda ikki xil boʻlib, sekin-sekin ikki tomon bir-biriga yaqin boʻluvidan belgi topdi. Biroq xaridor yana bir narsa dedi-yu, tortishuv boshlandi. Sayfiddin xit boʻlib Qamariddinning oldiga kirdi. Akasining bu tarzda shoshilinch qaror berishlari, hamma narsada oʻz fikrini toʻgʻri deb oʻylashlari, ukasini bir ogʻiz ogohlantirib qoʻyishni ham lozim topmay, bir vaqtlar chopqillashib katta boʻlgan hovlilarini hech koʻngli buzilmay sotish fikriga tushishlaridan lol boʻlib, butunlay garangsib qolgan Qamariddin akasining yana bir marta tomdan tarasha tashlashiga amin boʻlib dast oʻrnidan turdi. Hozirgina oyoqlarida jon yoʻq edi, ammo allaqanday kuch goʻyo uni turtib, turgʻazib yubordi. Sayfiddin ukasiga birpas tikilib turdi-da:

– Yo oʻzing olib qoʻya qolasanmi? – dedi.

Aka chindan ham u sira kutmagan taklifni bermoqda edi. Buni qara-ya. Shu narsa xayoliga kelmabdi. Balki, keyinroq kelardi, ammo unda kech boʻlardi. Akasi baribir aqlli. Endi nima qilish kerak? Axir bu – oʻzining bogʻi. Toʻgʻri, ichida deyarli ekini qolmadi. Hatto mevali daraxtlar ham terak kesilganda xalaqit bergani uchun kesildi yo sinib ketdi.

Qamariddin bogʻning narxini eshitib, bir choʻchib tushdi, lekin bugun olmasa, keyin afsus qiladi.

Birozdan soʻng u mahallasidagi sinfdosh ogʻaynisining uyiga shoshib borardi. Umarning puli bor. Keyin beraman, desa, yoʻq demas. Sira birovdan qarz soʻramagan edi. Umarga nima deydi? Oʻzimning bogʻimni sotib olyapman, demaydi-ku.

Sinfdoshi juda hayron boʻldi:

– Juda katta pul-ku, nima qilasan shuncha pulni?

– Kerak boʻlib qoldi. Menga emas, akamga. Uch kunda yarmini beraman. Senga zarur boʻlmasa, qolganini sal keyinroq, Umar.

– Nima boʻldi oʻzi? Hovlingdagi teraklarniyam kesib sotib boʻlganmishsizlar? Tinchlikmi ishqilib?

– Tinchlik, akamga juda zarur ekan-da.

Umar yana birpas oʻylanib turdi. Keyin kirib ketib, ancha vaqtdan soʻng mashinasini haydab chiqdi. Qamariddin kalovlanib Umar ochgan eshikdan mashinaga oʻtirdi.

– Oldim pulni, lekin kelasi oy katta tovar keladigan joyi bor. Undan keyin, toʻgʻrisini aytsam, ukamga mashina olamiz, deb yigʻib turgandik. Iloji boʻlsa, shu yil olishimiz kerak-da. Sayfiddin akamgayam tayinlab qoʻyayin, uyingdamilar hozir?

Qamariddin shoshib qoldi. Koʻzlarini katta-katta ochgancha, oshnasining yelkasidan ushladi.

– Umar, menga ishonmaysanmi? Beraman. Senga zarur boʻlib qolsa boshqadan olib boʻlsa ham beraman. Hozir uyimga bormagin. Boshqa kuni borarsan. Toʻxtatgin mashinangni.

Umarning hayronligi yana ortdi. Mashinani toʻxtatmay turib dedi:

– Shuncha pul ogʻir boʻlarkan-da. Qanday koʻtarasan? Tashlab qoʻyaveray.

Qamariddin rulga yopishdi:

– Koʻtarib ketaveraman. Ovora boʻlma. Pul berganingning oʻziyam katta gap.

Umar mashinani chetga oldi. Orqa oʻrindiqdan katta bozor sumkani tortib chiqardi. Keyin oshnasining qoʻlidan ushlab toʻxtatdi:

– Qamariddin, oʻzingni juda oldiribsan. Nima boʻlyapti? Menga aytarsan axir. Yaqin orada rangingga bir qaradingmi oʻzi?

Qamariddin lablari titrayotganini sezdirmaslik uchun ogʻzini qattiq yumib birpas turdi-da:

– Hech narsa boʻlgani yoʻq, – dedi va sumkani ortmoqlab tuzuk rahmat ham aytolmay tez-tez yurib uzoqlashdi…

Sayfiddin shu ketganicha, negadir jimjit boʻlib ketdi. Avvallari Qamariddin oʻzida telefon boʻlmaganidan koʻchadan yo biror oʻrtogʻinikidan qoʻngʻiroq qilib turardi. Endi esa, mana akasining ketganiga ikki oy boʻldiki, ukaning ham akadan hol soʻragulik kayfiyati yoʻq.

Bir hafta avval Qamariddin oylik maoshini ertaroq olish uchun ariza yozgan edi. Mana, bugun oldi. Uyda biror uloqchasi ham qolmadi. Hammasi sotildi. Bugungi maoshiniyam Umarga bersa, ancha yengillaydi. Garchi Umar “Oʻzingni qiynama, qolganini kelasi yil bersang ham mayli”, – degan boʻlsa-da, baribir qarz – qarz. Qancha tez toʻlasa, shuncha yaxshi.

Keyingi oylarda kayfiyati bugungidek yaxshi boʻlmagandi. Hozir bozorchadan qizlariga biror narsa xarid qiladi. Shu xayolda uch-toʻrt qadam tashlagan edi, katta dorixona oldida turgan sotuvchi Qamariddinni koʻrib unga yaqinlashdi:

– Domla, yaxshi yuribsizmi? Juda xijolatli-ku, lekin bizniki ham hisobli ish-da. Agar hozir ilojingiz boʻlsa, oʻshanda xolam uchun olingan ukollarning pulini tashlab ketsangiz. Sayfiddin akam uydagilardan berib yuboraman, degandilar.

Qamariddinning rangi qum oʻchdi. Qancha vaqt sotuvchining oldida turgani-yu, sotuvchi nimalar deganini ham bilmaydi. Oʻziga kelganida, sotuvchi yuring degan boʻlsa kerakki, dorixona ichida turardi. U pulni toʻladi. Bunaqa toʻlashlar nima ekan. Bir umr toʻlaysan. Goho pul, goho tovon. Faqat… pulni toʻlayotganda ich-ichidan bir qaltiroq kelib, pullar qoʻlidan tushib sochilib ketishiga oz qoldi. Buni sotuvchi oʻzicha tushundi.

Qamariddin dorixonadan chiqib uyiga tomon ketarkan, hech kimni koʻrmas, shuning uchunmi, unga qarab bosh irgʻab salomlashmoqchi boʻlganlarni ham lol qilib, jim ketib borar, nazarida butun dunyo bemaʼni, sovuq va yoqimsiz edi. Inson dunyo ertaga yanada rangli boʻladi, deya ishonadi. Koʻrgan yaxshi kunlari hali koʻrmaganlari oldida hech narsa emasdek tuyuladi. Hatto keksalikda ham shunday.

Uning shuuriga biror maʼnoli fikr kelmas, hech narsani anglamas, shunda ham oyoqlari oʻzi har kuni yurib oʻrganganidan boʻlsa kerak, qadrdon hovlisi tomonga toʻgʻri yurib borardi. Darvozasiga yuz qadam qolgandagina, esini yigʻib atrofiga qaradi. Bir dam toʻxtab qoldi. Tevarak uning nazarida oq va qora ranglardangina iboratdek, tezroq uyiga kirib ketmasa, shu ranglardan ham faqat bittasi qoladigandek edi.

Oy yangi boʻldi. Yaxshi ham ish bor, tili bir-biridan shirin qizlari, hangomatalab doʻstlari, har burchagi qadrdon hovlisi, yomgʻir-qordan saqlaydigan uyi bor. Bularning barisi koʻzyoshini jilmayishga, koʻngil dogʻini malhamga, aziyatni marhamatga, arazni kechirimga almashtirishga qodir.

Qamariddin maktab binosida eshigiga “Tarix xonasi” deb yozilgan yorugʻ xonada qogʻozlarga koʻmilib oʻtirardi. Uzun yoʻlakdan eshitilayotgan “taq-tuq” oyoq tovushlariga hayron boʻlib turgan edi, ostonada ishga yangi kelgan qiz Zahro paydo boʻldi.

– Kechirasiz, ustoz, sizni koʻchada kelinoyim chaqiryaptilar.

Qamariddin dast oʻrnidan turdi. Basida hech qachon maktabga uning ortidan kelmagan. Nima boʻldi ekan? Oʻzi anchadan beri parishonxotir boʻlib yuruvdi. Ie, yonidagi katta opasi-ku. Qizlarning birortasi… Yoʻgʻ-ye! Qaysi kuni opam bilan doʻxtirga borib bir koʻrinib kelay, tobim yoʻq deganmidi? Bugun hamma oʻqituvchilar hovliga chiqib olishganmi? Akam keldimikan? Basidaning boshi nega egik?

Qamariddin oyoqlari chalishib-chalishib, oʻylari chalkashib-chalkashib darvozadan chiqib, oʻzini kutib turganlarga yaqinlashdi. Salom bergan boʻldi.

– Tinchlikmi, nima gap?

– Ha, domlajon, tinchlik, − dedi Basidaning opasi shoshib. − Uyga ketsangiz birga gaplashib ketarmiz, deb men chaqirtiruvdim. Doʻxtirga boruvdik. Hammasi joyida ekan, qizlaringizning onasi sogʻ-salomat ekan. Shunga xursand boʻlib sizga yetkazay dedim ertaroq.

Basida esa savol nazari bilan oʻziga tikilib turgan erining nigohiga dosh berolmay, yana yerga qaradi, lekin past ovozda tushuntira boshladi:

– Haligi, opam yana qiz boʻlsa, oʻzingni qiynab oʻtirma, devdilar, keyin… unaqa emas ekan.

Qamariddin gapni tushunib yetgunicha yoʻl chetidan tanish xotinlar kelib qolishdi-yu, Basida bilan opasi ayollar bilan koʻrisha ketishdi. Qamariddin xoʻshlashishni ham unutib xotinlar yonidan oʻtib maktab hovlisiga kirib ketdi.

Choshgoh mahali u uyga yurmadi − onasini yoʻqladi. Qabr tepasida uzoq oʻtirdi. Qancha alamlari, hasratlarining, koʻngil dardlari-yu anduhlarining, sanab yurgan baxtlariyu keyingi shodligining behisob yoshlarini toʻkdi. Onasi hayotligida aytmagan, lekin hozir tirik boʻlganida ham uning oʻziga baribir hech qachon aytolmaydigan gaplarini aytdi, aytaverdi:

– Oyi… bilaman siz hali ham tepamizda turib… bizga tilak tilaysiz. Akamni ham, meni ham kechirgan boʻlsangiz kerak, oyi. Mana, nasib etsa, oʻgʻilli boʻlarkanman. Bir narsa soʻrasam… mayli deysizmi? Oʻgʻlimning otini Sayfiddin qoʻyaman. Chunki… chunki… akamni yaxshi koʻraman. Sizga vaʼda beraman. Uni sizning koʻnglingizdagidek qilib tarbiyalayman. U bizning − men bilan akamning xatolarini takrorlamaydi. Men unga… ham dada, ham aka boʻlaman. U menga ham oʻgʻil, ham uka boʻladi, oyi… Men uni yolgʻizlatmayman. U esa bizni boshida koʻtaradi, keksarganimizda avaylaydi. Vaʼda beraman, oyijon. Bilaman, siz oʻshanda osmonlarda turib bizdan juda xursand boʻlasiz…

Qamariddin aytib-aytib yigʻlar, koʻzyoshlari hech toʻxtamas, yurak-yuragining tugunlarini boʻshatib, koʻngil gʻuborlarini yuvib turganida, yaxshiki, qabristonda hech kim yoʻq edi.

 

Maʼmura ZOHIDOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.