Tush

0
132
marta koʻrilgan.

Tush koʻrsam, onam chiroq koʻtarib yurganmish. Yuzini aniq koʻrmasmishmanu, ammo qoʻlidagi chiroq xira nur sochib turganmish. “Koʻzingga qara, bolam, chuqur bor”, dermish nuqul. Qarasam, chuqur yoʻq. Uygʻonsam, onam ham yoʻq…

Baʼzan ish bilan, baʼzan majlislar bilan, gohida ulfatchilik bilan uyga kech qaytardim. Bir kuni Namangandan mehmonlar kelib qolishdi. Uyga borishga koʻnmay, oʻzimni restoranga sudrashdi. Yarim kechagacha qolib ketdim. Uyga qaytganimda kayfim bor edi. Darvozani onam ochdi. Sovuqda mushtdekkina boʻlib dildirab turibdi.

 – Shu vaqtgacha uxlamadingizmi! – dedim zarda qilib. – Eshik ochishga sizdan boshqa odam yoʻqmi?

Onam maʼyus jilmaydi:

 – Uyqu qatta, bolam? Oʻ-oʻtiribman.

Ertasiga redaksiyada navbatchilik choʻzilib ketdi. Qarasam, yana onamning chirogʻi yoniq.

 – Nega uxlamadingiz?

Onam yana maʼyus jilmaydi:

 – Bilasan-ku, jon bolam, kamuyqu boʻlib qolganman.

Men nodon, onamning kamuyqu boʻlib qolganiga, yarim kechagacha yuramanmi, tongotar qaytamanmi, onamning chirogʻi muttasil lipillab turishiga xoʻp koʻnikkan ekanman.

Qaysi kuni ishdan keyin moskvalik mehmonlarni ayeroportga kuzatib qoʻyadigan boʻldim. Samolyot kechikib uchdi. Yarim kechada uyga qaytsam… hammayoq jimjit. Hamma oʻz oromi bilan…

Tushimda onam chiroq koʻtarib yurganmish.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.