Turoq

0
1003
marta koʻrilgan.

Xoʻ-oʻsh, endi sizga bir hangomani aytib bersam, boʻlmagan gap deysiz, toʻgʻri oʻylaysiz, shu gapni boshqa birovdan eshitganimda oʻzim ham ishonmas edim, odamlarni goʻl deydi shekilli bu odam yo oʻzini goʻllikka solyaptimi deb, ensam qotardi balki, lekin sizni aldamay deb koʻrganimga munkir kelsam, bu ham toʻgʻri boʻlmas. Keyin, gap ishonishda emas, hamma ishongan gap toʻgʻri chiqqanida, oʻzingizga maʼlum, bunaqa yurmagan, olam gulistonda yashayotgan boʻlur edik. Quruq ishonch aldanishdan boshqa nima beradi? Lekin u ham bir soʻrgʻich, aldanishga oʻrgatib qoʻyadi, aldanmasangiz, qatordan tushirib yuborishgandek boʻlaverasiz. Gapim tegib ketmasin, bilaman, oʻzingiz ham toriqqansiz bunaqa gaplardan, bilgan odam toriqadi, albatta. Ana, shuning uchun xitlanavermay, boʻlar ekan-da shunaqa, ajab-yey, qani, eshitaylikchi, shuncha eshitganimizning biri-da, deb koʻngilga kenglik bering, bu bir gurung, diqqatingizni yozadi, kamina ham ogʻziga kelganini qoʻyib yuboravermas, aytadigan gapimni orqa-oldimga qarab, sizning nima deyishingizga toʻgʻrilab gapiraman. Balki tagidan boshqa gaplar chiqib qolar.

Albatta, ishonish qiyin voqea oʻtirikka tortadi, lekin undan-bundan gurung qurib oʻtirganda yoʻgʻidan koʻra shuning ham bori yaxshi, deb qoʻyadi gapkashlar; men ham yana bir marta xoʻ-oʻsh deb boshlasam, shu gap boʻldi, aytmasam tinchimni topolmayman. Xullasi, oʻz uyimda, oʻng qoʻlimda burda non, qon bosimim oʻynab tursa ham, nafs oʻlsin, – balodur, yongʻon oʻtga solodur, – parra qazi, chap qoʻlim bilan katta qirmizi lugʻatni varaqlab oʻtirib (shu joyini unutmang), misolga olingan “Mard boʻlsang, Eskijuvada hangra” degan gapga toʻxtab, juda topib aytilgan ekan, hozir hech kim ishlatmaydi, hangrashga boʻlakcha maʼno yuklasa boʻladi, oʻzimga ham bir xil ogʻzi buzuq odamlar xuddi hangrab yuradigandek tuyuladi, buni oʻxshatib biron joyda qoʻllarman deb, endi tagiga chizmoqchi edim, uyimga kirib kelsa! Kim yo nimaligi kallamga birdan kirmabdi – eshak! Ha, eshakning gʻirt oʻzi! Koʻzim bilan koʻrib, oʻzim ishonmadim! Kapalagim uchib ketay deganda tutib qoldim. Men shaharda, nafaqaga chiqib, endi butun ermagi qogʻoz qoralash bilan kitob mutolaasi boʻlgan odam, bu esa hu chang bocgan qishloqda qolib ketgan bir eshak. Toʻrt oyoqlab kelib turibdi, paqqos! Oʻzingiz tasavvur qiling, parketda eskiroq boʻlsa-da qimmat gilam, divan, yumshoqkursi, yana derazalarda buyurtma tikilgan shokila pardalar (shuni yomon koʻraman), oyoqni yechib kiradigan joyga tuyogʻini bosib kirib kelsa!

Esankiradim, tagʻin qoʻlimda qalam deng. Sal oʻzimni yigʻib, bu nima gustohlik, ellik yil burun bosilgan eski lugʻatdan shoʻp chiqib kelib, xayolimni buzsa, deb ichimda yozgʻirdim. Boshqa hayvonlar ham bor-ku bu kitobda, ammo birontasi bu yoqqa chiqib kelmaydi, a, bu nimadan quruq qolgan! Oʻzi shu boʻlmaydigan narsani koʻrsam, el boʻlyapti-ku deb unga ishonib tursa ham chekkam tirishadi, lekin ishonganlarning yuzi, koʻpchilik nima desa – shu, boʻri yemasin deb, inq etmay tishlanib turaveraman. Ha endi, bunaqa gaplarni eshak misolida aytish noqulay-u, lekin ming hay demay, bu bekorga kelmagan, uzunquloq kalla bilan shuncha yoʻldan shaharda uyimga yoʻl topibdimi, biron karomati bor, na iloj, bilmaganimda maʼquli shu, biron yoʻli koʻrinar deb, oʻzimni vazminlikka soldim.

U avvaliga bir nimalarga chogʻlanib, tumshugʻini choʻzdi, lekin shu asnoda uyimga alanglab, bu yerda toʻgʻri kelmasligiga aqli yetdi chogʻi, kallasini pastga tashlab, quloqlarini salanglatdi. Qarang-yey, odam bor joyga boryapman, u yoq-bu yogʻimni toʻgʻrilab olay deb, qora tuproqqami, kulgami xoʻp agʻnagan, tozalangani shudir-da bu turqi betarovatning; shundan oq toldan chopib, xom teri tortib yasalgan egari yonboshga ogʻib qolgan. Esingizdami, qoshi yoʻq hisobi past, egar deb ham boʻlmaydi, tagiga tiqsa, yosh bolaning qoʻli ham kirishi mahol? Beshinchi sinfdaligimizda navroʻztepalik Saidvali noskadisini shunga tiqib yurar ekan, bilmaganmiz. Ismoil – zehni oʻtkir, qarab yurib, topdi, topganiga Nosir muallimimizdan suyunchi oldi. Nosir muallim Saidvalining eshagidagi egarning qoshi tagiga ikki barmogʻining uchini tiqib, noskadini chiqardi-da, koʻrganlar, yaʼni bizni, irgansin deb, aftini atay mujmaytirib, yerga urdi, sinfimizning eshigi oldi kirib-chiqib bosaverganimizdan yomgʻir ham yuqmaydigan zarang-tosh boʻlib ketgan edi, noskadi maydalanib, urilgan joyi koʻkarib qoldi. Nosini tergilab olmasin tagʻin dedimi, ustidan shalpillatib tupurdi ham. Ismoil muallimga pishang boʻlib, u ham borib oʻsha yerni tepkiladi. Chinni koʻzachadek gul solingan haqiqiy eski kadicha, nariroqqa tushgan boʻlagini olib qarasak, naqshlari, nos isi kelib tursa ham, qizgʻish gulli xitoyi piyola sinigʻiga oʻxshar edi, tomosha qilib achindik, uchib ketgan yana uch-toʻrtta boʻlakni bir-biriga ulab koʻrdik, boʻlmadi. Noskadiga ham shunaqa chiroyli bezak beradimi, a, deb xunobimiz oshdi. Bunaqa kadichani hech kim ekmay qoʻygan, oshkadiga oʻxshab oʻsadi, palagi soʻriga chiqib tugadi deb eshitamiz, xolos, koʻrmaganmiz; Saidvalining buvisiga ham momoenasidan meros oʻtgan boʻlib, u oʻgʻirlab tutib yurgan ekan, kuyganidan irillab yigʻladi. Qizigʻ-yey, shunaqa gʻalati yigʻlardi, oʻzini koʻrmay yigʻisini eshitgan odam seskanib tushardi.

Nosir muallim Saidvalini oldindan urishib keladi, yana urishdi, tak-tak boshiga chertdi, chertkisi qoʻrgʻoshin qoʻlamidek ogʻir, naq tovongacha oʻyib tushardi, bor gap, bu ham kor qilmagandan keyin urishga oʻtdi, yomon urar edi lekin, insofi yoʻq, qoʻli bilan yoʻlga solardi-da. Saidvali bechoraning nima joni bor, qoʻl tegmasidan dumalaydi, chaqqon oʻrmalab partaning tagiga kirib ketadi, koʻzi quruq, odamning yuragini ezib vigʻillaydi, lekin qattiq oʻrgangan ekan, shuncha kaltak bilan tashlamadi, igʻ-vigʻ, oʻninchini bitirgunimizcha oʻlmay, – odamning joni-yey! – keyin ham yashab ketaverdi! Ha, biz tayin oʻladi der edik-da, non tegmagan oriq, oriq ham emas, tirriq, poʻsti borib ustixoniga yopishgan, koʻhna kasalning yopigʻidan xabari borov degan gumonimiz ham aniq; u paytlari biz tomonda bunaqa kasalning urugʻi koʻp, yopigʻi bildirmaydi, kalta yoʻtaltirib yuraveradi, ochigʻi esa koʻpga qoʻymaydi: binoyidek yurgan odam kun sayin rangi qochib, beti soʻrrayib, gavdasi bukilib, ketib boraveradi. Shunga kasal boʻlmaganlar ham vahimakasal. Saidvali oʻzi shu ahvolda, yana nos otadi. Nahs bosgurning, chakmazagi ham bor deymiz, har tanaffusda badrafga qatnaydi; ogʻzini artib chiqishidan tuflab kelayotganini koʻramiz, ammo qaydan olib chekadi – boshimiz garang; muallimlar axtardi, biz qarab oʻtirmadik, qiziqish-da, najosat joyda gʻoyibdan tushadimi yo oʻrtani toʻsgan taxta devordagi poylaydigan teshigimizdan qizlar beradimi, bu ham bor gap, endi aytsa boʻlar, ishqilib, ogʻzida nosi boʻlgan, ammo noskadi yoʻq, na jildida, na lippasida; pachoq qalpogʻini yechib, astarining piltasigacha sitib qaraganmiz, soʻraganda miq etmaydi, faqat beti jiyriladi, qirriqning bopladimmi deb tirjaygani shu. Ismoil bu yerda boshqa bir gap bor deb, payiga tushgan-da, ammo-lekin buning shumligi undan ham oʻtib tushardi, boʻlmasa, hammamiz Saidvalining eshakka mehr qoʻyishiga hayron, es joyidami, kalla ketmaganmi deb. Har tanaffusda badrafga kirishdan oldin borib ayilini qayta tortadi, silab-siypaydi. “Ha, joʻra, maktab boʻlsin, ketami-iz”, deb qoʻyadi; – joʻra-ya! – bizda oʻzi birov eshakni hayvon oʻrnida koʻrmaydi, qishda moldan ortgan noʻshxurtni ham bermay, ketiga tepib haydaydi dalaga, pichan tortilganda bu ham umtilsam deydi-da; joʻra emish, oʻrgildim! – a, joʻrang boʻlsa, minma ustiga, otnikidek gilam jabduq yop-da, oldiga tushib jilovidan yetakla! Noskadi egarning qoshida boʻlishi hech birovimizning kallamizga kelmabdi. Eshakka nimani uqtirsa bu deb, qarab turamiz, u esa bizga chappa oʻgirilib shippa kappalayverar ekan. Yana aytma deb erkalatgandek, tizzasi bilan eshakning biqiniga turtib qoʻyadi. Yuribmiz oʻttizimiz, nashavandning oʻzi tupirkilos, nos battar qiladi, bechoraning rizqi qiyilgan, e-e, ishqilib, qatorimizda yurgani yaxshi edi-da, deb ichimiz achib. Noskadini topib yoʻqotsak, nasibasi uzilmas edi deb juda ishonamiz. Qayda, noskashligini qoʻymadi, jon ham savil ekan, Azroildan bir otim otib, keyin tupurib olay, keyin ixtiyor oʻzingda, deb soʻraganmi, shu-shu-shilagan koʻyi hammamizni ahmoq qilib, aytdim-ku, maktabni bitirdi, traktor haydadi, bola-chaqalik boʻldi, men hayotda uloqib ketdim, u qishlogʻidan chiqmadi, qaytib koʻrishmadik.

Yashayotgandir hali ham nosini otib deb yurardim, yaqinda sinfdoshlarim qidirib kelib qoldi, shunda soʻrasam, Vafoqul: “E-e, sen eshitmagansan, hay, koʻkarib chiqqaniga ham… Ismoil, uch yil boʻldimi, yo toʻrt?”, dedi. Oltmishdan oshibmiz, hali ham senlaydi, yaqinligimizni bildirib turarmish. Ha, mayli, yaqinlik shu senlashsiz boʻlmasa, senlashaqolaylik. Ishqilib, koʻkarib chiqdi desa, oʻyimga nosning koʻki kelib: “Shu nosdan ketdimi?” deb soʻrabman… “Endi, nos chekkan oʻlaversa, odam qoladimi! Ikki ming sakkizda qattiq qor yogʻdi-ku, zahar sovuq, Moʻltipdan kelayotib yoʻlda yiqilib qolgan. Oʻpka ketgan oʻshanda. Koʻpga ham bormadi keyin”, dedi Ismoil uncha xushlamay. “Nimaga yiqiladi? Oʻsha nimjonligi edimi?”, deb yana soddalik qilibman. Shunaqa shoshib oʻylashim bor. Ismoil bilan Vafoqul iljayib qoʻydi, odam oʻlgan boʻlsa, bular nimaga kuladi deb gʻashlanib indamadim. “Nimjon-a! Qovjiroq boʻlsayam pishiq odam edi. E-e, tuproq yetkazmasin, koʻzga qarab ichish kerak edi-da”, dedi Vafoqul. “Nimaga ichadi?” deb soʻradim; boshiga bir gʻam tushgan ekan-da, deb oʻylabman. “Obbo, – dedi Vafoqul, – nimaga ichadi – ichadi-da. Qishloqdan toza chiqib ketibsan-ku”.

Qishloqdan chiqib ketganimni oʻzim ham bilaman, qirq yil boʻlyapti, lekin u yoqdan chiqmagan odam ichib oʻlaveradimi? Bularning gapini eshitsang, hazilga dumalaganga oʻxshaydi. Yana nima emish: rozi-rizolik tilashganda bosh uchimga shampan shishasini nosga toʻldirib qoʻyish eslaringdan chiqmasin, diqqatim oshganlarida chekib yotaman, deb tayinlagan. Astagʻfirulloh, Vafoqulning gapiga oʻzimning ham ichimdan ihi-ihi degan tovush kelib, labim burilib ketdi. “Qoʻyinglar-yey, yaxshi emas”, dedi Rashid ham iljayib. “Ana, badrafga kirib oʻtirmaydi, poylaydigan odam yoʻq, – deb Vafoqulning yana tili qichidi. – Nosir muallimning shuncha urgani bekor ketdi”. “Hay, hay”, – dedi Rashid chimirilib. Ismoil esa beozor gʻashlanib: “Qiziq-da, birov uni oʻlsin deptimi? Oʻziga oʻzi qilgan. Koʻziga qarab ichmaydimi!”, – dedi oʻziga oʻzi gapirgandek. “Ha-ey, boshqa gapga oʻtaylik,” – dedi Rashid. “Odam ikkita oyogʻining ustida oʻzini eplab yurishi kerak”, – dedi Ismoil. “Nos, koʻp ichgan odamning oyogʻidan yomon olib qoʻyadi-da”, – dedi Vafoqul, murosa bilan.

Ismoil yana gapirmoqchi edi, Rashid, aytmasa ham biladi shekilli, qoʻymadi, “Xuddi ichimizda eshitib oʻtirganday, odamga juda noqulay-ye”, – deb Saidvali toʻgʻrisidagi hangomani ham kesdi.

Menga ham shunday tuyuldi, Saidvali jiyirchiqli yuzini tirishtirib, qoʻlini misoli eshik qisib, gʻirmayib qarayotgandek koʻrinib ketdi. Uning ustidan xuddi u oʻlmagandek kuldik, men ham sinfdosh joʻralarimga qoʻshildim, kuldimu, xotiramning tubidagi qishloqqa choʻkib ketaverdim. Joʻralarimning gaplarida menga zimdan taʼna bor edi.

Uyga kelgan shalpangquloqqa qaytadigan boʻlsam, bu ham Saidvali maktabga minib qatnagani bilan bir tus, umuman bu hayvon zotini koʻp ham farqlamaysiz-ku-ya, lekin mazkur, uyimga kirib kelgani qandaydir juda umumiy bir eshak, hammasiga shundan nusxa olsa boʻlar edi.

Yana tozalanib olay deb, eshikka ishqalanib, chorchoʻpni sovunlab qirtishlamasa ketmaydigan kir qildi, boʻlmasa, koʻcha toʻla daraxt, qator simyogʻoch, ishqalanishga boshqa joy qurib ketmagan, bir xil gʻoʻdayib turadiganlar bor, shunaqa betaʼsirki, simyogʻochdan ham besh battar, oʻshalarga ishqalansa boʻlardi! Voʻh, zoʻr gap chiqdimi! Lekin, ey, namuncha eshakni gapiraman deb, odamga oʻtib ketyapman?

Mayli, bu ham lugʻatdan. E xullas, uyimda bunga nima bor deb boʻgʻilganimdan yeb turgan luqmam ham tomogʻimda qoldi, oʻtmadi – oʻldimmi endi, eshakka qarab qazi chayna-ab oʻtirsam. Ot boʻlsa ham boshqa gap edi. Ot – vafodor doʻst, mingan odamning koʻrki, goʻshti halol. Bu bir yuviqsiz…

Shu gaplarni oʻylaganim hamono u qulogʻini salanglatgancha salom berib yuborsa! Vo ajab, eshakdan salom-a, deb ajablanishga ulgurmay, alik olib qoʻyibman. Ibratini koʻrib xomsiradim-da, hozirgina aytdim-ku, aytmasam ham koʻrasiz, bor shundaylar: odam, lekin salomingizga alikni tilab olasiz, oʻla qolsa oʻzi oldin mulozamat koʻrsatmaydi, misol uchun, deylik, qoʻshningiz, sizdan besh-olti yosh kichik, tutgan martabasi ham siznikicha baland emas, katta ketib koʻnglini ogʻritmagansiz, gapingiz doim yaxshi, ammo uni, albatta, sizni emas, muomaladan urib ketgan; hu narida yoʻngʻichqani koʻrgan tulpor yo yemga toʻygan hoʻkiz, toʻrsayib oʻtib ketaveradi, ishqirib ham qoʻyadi. Burnidagi junigacha tikraygan! Xudoyim farosat ulashganda qisgan, lekin, mana, bizni oʻzi yaratib qoʻyibdi deb, shunga mast, kim qilib yaratgani bilan ishi yoʻq. E mahluq, xudoyim sendan boshqalarni ham yaratgan! Yo tavba, hayvondan odamgarchilik kutmaysiz, toʻgʻri, lekin, axir, odam mol emas-ku, insonda insonlik farqi boʻlishi kera-ak, deysiz. Ha, mayli, gʻiybat yaxshi emas, tilning uzunini ularga ham bergan; peshana-da – qaysi gunohingizga, darvozasi darvozangizga toʻgʻri, qaramay desangiz ham, har kuni oʻzi koʻzingizga qadaladi, koʻnglingizga ertalabdan xufton soladi. Chidaysiz-da, chidaysiz, hayot bu. Oʻshalarga: he esh-shak, devorgim keladi-yu, ammo manavi qobilning iltifotini koʻrib, bunga tenglashtirsa, obroʻsi koʻtarilib ketadimi deyman-da ularning. Yana oʻsha yoqqa oʻtib ketyapman, uzr. Ichidagini yengishi qiyin-da odamning. Men ham bir banda, axir. Lekin bir xillar minbarga chiqib olib hangraydi-da, axir.

Ammo, buning ham oʻzini har qancha tarbiyali tutgani bilan aytilmagan joyga kirib kelgani, ancha narsani esimga solib, koʻnglimni sal ilitgan boʻlsa-da, ochigʻi, chekkamni tirishtirdi. Hu burunlari, yaʼni eshak mingan paytlarim boshqa gap edi, endi esa shahar toʻla mashina, uyda ham bor, oʻzim haydayman, xullasi, eshaklik ish yoʻq, yaqin oʻrtada unga hojatim tushmagan, tushmaydi ham, qishloqda hozir hatto oʻqituvchilar ham mingani or qiladi, men ziyolinikida nima yoʻqotgan ekan bu, deb diqqatimni oshirdi. Axir, toʻgʻri-da, minganim qachonlar edi, hu bolalik chogʻlarim mol boqqanda, oʻtga chiqqanda, somon tashiganda. Esingizda-ya, mushtday boshimiz bilan oʻt ichida dimiqib oʻrganimiz ikki bogʻni, – ha-a, kuchan-a-kuchan, turshak polvon, boʻsh kelma, koʻta-ar! – yana bir siltov bilan egardan oshirib, tepasiga bir bogʻni bosib, orqasiga qoʻnib ham olardik; shuni eplaganimizga oʻzimiz shishingan, koʻrgan kattalar, hoʻ, barakalla, pishiqligini, deb qaraydi, boʻycha bir qarichligidan bosh koʻrinmaydi, jonivorning kallasi ham oʻt ichida, misoli koʻm-koʻk gʻaramning oʻzi, tagidagi toʻrtta tipir-tipir oyogʻi bilan, lam-lum, la-la-lum, uyga qarab yoʻl tortadi. Gʻaramning ichidan ashulasi chiqayotgan oʻzingiz.

 

Bolalik – eshak mingan ashula, ulovdagi hofiz.

 

Bahorikorda ashulaxonlikka majol yoʻq, kiftini oftob kuydirayotgan qirlar hansiraydi, qizigan tandir misoli oqarib, hovur bilan yutaman deydi, ha, qulogʻingizga shunaqa bir och hansirash kelib turadi, kun tigʻida jingirtob oʻt-oʻlan chitir-chitir yonib bergudek, yurak kuyadi, ichishga olib chiqqan suv ham shishada bijgʻib, takillab qurigan tilning ustida yumaloq dumalaydi, bosmaydi suvsimni, kombayn toʻkib ketgan mayda somon oʻroqqa ilinmaydi, qoʻlda toʻdalash azob, ter quyilib, koʻz achishganidan koʻrganingiz atrof sariq oqova chayqaladi, yaydoq jazirama, ustida jivir-jivir saraton roʻyolari, sal olisda Gʻubdin togʻi ham koʻk buruqsaydi; boʻyingdan ikki barobar katta qanorni miqtilab tepib joylab, matashtirib eshakka ortib, – ayni ha-hiylab yerdan uzgan payti bu xonasallot (alamdan soʻkinardik) yurib ketmasa – ustiga yana bir qanorni koʻndalang yotqizib olguncha, eh-he, bu azoblarga chillakchoʻp oyoqlari dir-dir qaltirasa ham faqat bolagina dosh beradi. Hatto soʻfitoʻrgʻay ham koʻrgan koʻziga ishonmay uchishni esdan chiqarib qochmay turaveradi. Hay polvon, hay eti ustixoniga yopishgan alpomish! Ehtiyot boʻl, zoʻr kelmasin – ertalab girdoliga toʻygansan!

Eshak boyaqish, biqiniga tepsa ham, boʻyniga xalachoʻp mixini tiqsa ham, turib beradi, dod demay koʻtarib ketaveradi, chidamdan bergan! Bir tovush chiqaray desang, charchaganidan nafas yurakka tushib ketgan, qoʻshiq ham oʻsha ichkari yoqda nuqul inqillaydi, xolos. Faqat ix-ix, keyin pastgina yalingan tovushda: ha, jonivor, ha jonivor… Bir ketini koʻtarib tashlasa-ku, shuncha gʻayrat bir pul, lekin unda bolaning mehnati uvol ketishini shu ham biladi.

Ana shularni eslaganda xayol qochadi-da, xayol, qayoqlargadir ketib, achchigʻi yillar poʻrtanasida takka choʻkib, shirini qalqib yuzalab, irmoq-irmoq yodimga oqib kiradi. Mehnatning tagidan oʻrmalab, hech bir mashaqqatga boʻyin bermay, yoruqqa umtilavergan bolalik… Uning yukini yelkalamagan qishloq bolasi yoʻq. Koʻp oʻrib qoʻyib, bogʻlar katta boʻlib ketib, ortishga kuch yetmagan paytlari hammasini tashlab, yerga oʻtirib olib baqirib soʻkinganlarimiz esingizdami! Ih-ih deb yigʻlab yuboray deysiz, hech kim koʻrmayotgan boʻlsa ham koʻzingizga yosh kelmaydi. Oldimda ikki bogʻ oʻt, kuch yetmaganidan ich qaltiraydi, chora yoʻq, sira yoʻq, butun dunyo chorasiz. Bu dunyo koʻzimda alam boʻlib koʻkaradi. He, deb soʻkinib yana oʻrnimdan turaman, chogʻlanib borib, kichkina gavdamdagi bor kuchni qoʻlim bilan belimga berib, ikki bogʻ tutash ipga tarmashaman… Quvvat deb atayin chaqirgandek dodlayman. Xudoyim oʻzimda yoʻq olgʻovni qaydandir olib beradi ham shu payti.! Eshak bir gandiraklaydi, lekin joyida turadi, yurib ketmaydi, bola jonimga rahmi keladi…

E-e, bu xotiralarning shirini tagida achchigʻi yashirin, achchigʻidan shirini chiqib kelaveradi. Oldin aytgan boʻlsam ham, aytgim kelaveradi, shunaqa qiziq gaplar sizda ham boʻlgan, hu oʻsha, salqinini jazira soʻrib olgan kallak tut soyasiga boshimizni tiqib, kim qaysi qizni olishiga kelisholmay, jiq-jiq talashgan, tayini ham, oxiri ham yoʻq valdir-vajir damlarimiz. Menga qara, oʻsha qizga gapirib koʻrganmisan oʻzi, deb soʻraydigan odam yoʻq, cholvor ketga zoʻrgʻa ilinadi, burunni bilakka artib, yoʻq narsaga, nimaligini ham bilmay, talpinib yurganlarimiz, hay, mishiqi qurmagurlar! Oʻsha qiz ham hali oʻsma qoʻyishni bilmaydi, latta jild tutadi, dovot ushlab yurganidan qoʻli koʻm-koʻk, yozgʻichni tishlash odati bor, shundan tili ham koʻk. Bilgan savoliga oʻzi ham choʻzilib baland koʻtaradi koʻkargan qoʻlini.

Odam shunaqa unib boʻy yetsa kerak-da. Qoʻlini baland koʻtarib, men javob beraman, deb.

Endi bularning hammasi koʻkrakda, tovushi ichida qoʻshiq boʻlib qolgan. Qishlogʻimizning koʻkliklari ichra koʻmilib, beun girya qilib oʻtirgan ham oʻsha oʻzim, giryamning rangi ham koʻk.

Olis ortga qarayman: malla sochim oftobda unniqib, qizgʻish tus olgan; Bulungʻurning zilol chashmalar bilan paxta oqovasi aralash boʻz suvi, Qipchoqariqning boʻtanasida choʻmilib, jazillama bilq-bilq tuproqqa koʻmilib yotavergandan, bet shoʻralab, suyaklar kuyka teri tortilgan tarasha, maktabimiz chorbogʻidan oʻgʻirlagan achchiq olmadan tish qamashib, mujmayib yurganlarim… Oʻzimiznikida shovuldek solib, yer bilan bitta boʻlib yotganini koʻz oldimga keltirsam, ogʻzim suv ochib ketadi, eshak olmani deb Nosir muallimdan kaltak yemasak, ochdan oʻlarmidik? Vafoqul ikkovimiz tepada, shoxda, Nosir muallim pastda, pusib kelib olgan, qoʻli orqasida, niyati betida, sado bermay olayib turadi, tushirib olgandan keyin chap qoʻli bilan quloqni burab, oʻng qoʻlining oʻrtancha barmogʻining bukigi bilan boshga tukillatib urganda bola odamning tishigacha qoqilib ketadi. Rahmi yoʻq, mehrsiz, odam emas, zoʻr dars beradi lekin deb, tirishib oʻqir edik – qoʻlidan qoʻrqardik.

Saidvali hadisini olgan, Nosir muallim hali urmasidan, koʻzining paxtasini chiqarishi bilan partaning tagiga kirib ketadi, chiq-e bu yoqqa, deb yaxshi gapirib tortsa ham, tiralib, chiqmay gʻujanak boʻlib olib bigʻillayveradi, qoʻngʻiroq chalinganda kallasini chiqarib bizga bir irshayadi-da, eshagining oldiga haydaydi. Nosir muallimning, aytdim-ku, qoʻli, Saidvalining joni qattiq edi. Ha-ya, darvoqe, Saidvalining xati nihoyati chiroyli edi-yey; oʻzi chapaqay, bizga kelganda ham peshanasini tirishtirib, ogʻzini ochib harf urishtirib oʻqiy olmasa ham yozganini tomoshaga qoʻyguli edi. Bunaqa chip-chiroyli husnixat unga chikora, tushunmaydi odam.

U bizga beshinchi sinfdan qoʻshilgan, Gʻaffor, Begimqul, Sulton bilan Navroʻztepadagi boshlangʻich maktabdan birga kelgan, toʻrt chaqirimdan qatnaydilar, ular piyoda, Saidvali eshakda. U paytlari velosiped juda kam bolada, bori ham minib kelsa, darsda oʻtirgan payti Gʻaziraning bolalari urib ketishi bor. Ertalab qizigʻi yoʻq, chunki kattalariga himoyalanib kelishadi, lekin qaytishlarida bizga kun tugʻadi, kattalarining darsi kechroq tugaydi, oʻ-oʻ, toʻpir-toʻpir kesakparron! – bularini qaqshatamiz, lekin bular ham koʻp oʻtmay uyushib oladi – Saidvalining eshagi atrofiga – Gʻaffor Saidvaliga mingashgan, Begimqul bilan Sulton eshakni panalagan, hali urmasimizdan toʻrtovlashib chinqirib, hay-haylashib bizning uy oldidan suron solib suradilar, kesak otishga yurak betlamay qoladi. Sinfda urishmaymiz-u, lekin darsdan keyin koʻchada gʻanimmiz, qiziq, bola ekanmiz-da, bolalikning kesaklari ham yumshoq boʻlganmi, bunaqa otishmalarda onalarimiz, hay yash-shamagur, koʻzini chiqarib qoʻyasan, boshing yoriladi, deb javrashlariga qaramay, birortamizga zarar yetmagan, ammo-lekin tosh otmasdik, faqat kesak, bolacha dushmanligimiz ichida gʻirromlik yoʻq edi.

Oʻzi shu, tuproqning ichida pishib, kesagiga toʻqishib oʻsganmiz. Gʻaziramiz ona ariq Bulungʻurni bagʻirlab shimib, koʻkka burkanib olgan boʻlsa-da, suvsiz qoq yerda tirishib-tirmashib oʻsib chiqayotgan qayragʻochga oʻxshataman bolaligimizni. Boʻlmasa, norasta boʻyimiz bilan kolxozning katta klubining, yonidagi imoratlarini ham qoʻshib, gʻishtini quyib qoʻyamizmi! Nima ham jonimiz bor edi! Qarang-ey, har kuni ming, ming ikki yuz-uch yuzgacha gʻisht tashlaymiz. Haligi, esingizdami, oʻn toʻrtu yigirma sakkiz, toʻrttalik qolip, shuni qoringa tirab, oyoq qalt-qalt chalkashib, yukning zalvoridan tovon yerga gursillab urilib, zir chopishimiz! Otam yarim kechalari: “San bola ochingdan oʻlyapsanmi, a? Yana kel-chi, urib oyogʻingni sindiraman!”, deb oldilariga solib ketadilar, kechasilik salqinda, oy yorugʻida ish yaxshi ketishini tushunmaydilar-da, lekin qatordan qolar ekanmanmi, sahar qorongʻisida shamgʻalat urib, yarim yoʻlgacha uyqum ochilmay, loy chiqargani yuguraman. Avval handaqni ikki agʻdarib pishitaman, keyin tepaga qulochlab otaman, toʻdalangan uyumni suvlab, ketmonning orqasi bilan silliqlayman, – oftob yaltillaydi loyning ustida, – soʻgʻin tushdan keyingisiga yer agʻdarib, suvga bosdirib qoʻyaman. Orada bir nafas rostlab, choylanib olaman-da, shu bilan ke-yetdi! Kaftingizning qirrasi bilan loy kesib, hovuchlab qolipga urasiz, hmlab koʻtarasiz, borib tap agʻdarasiz, qaytasiz, tagʻin qumlaysiz, qoʻl pichoq boʻlib loyni tilimlayveradi, loy kamayay demaydi, qolip qoringa tiralgan, yalang tovon tosh qotgan, chop-chop qatnovning adogʻi yoʻq; chanqov tinkani quritgan, barimizda bittadan tunuka choydish, joʻmragidan qult-qult tortamiz, ichganimiz oʻsha zahoti tirqirab chiqadi, oldinda koʻkrak, orqada kurakning oʻrtasidan milt-milt yumalaydi, oqib chotimizga kiradi; peshanabogʻni siqqanda yerga shirillab tushadi. Sahar chiqargan loyni tushgacha, tushda chiqarganni qora shomgacha quyib qoʻyish kerak. Oʻtirib tikilsangiz, ish sira tugamaydigan koʻrinadi. Qipchoqariqning pastida qator-qator loyhandaq, belidan yuqori yalangʻoch, qora-qura Vafoqul, Abduhamid, Karim, Berdiboy, Nusrat… Oq-sariqlarimiz ham koʻmirxonada tugʻilgandek tusi oʻzgarib ketgan… Hozir hammasi bormikan deb oʻylayman, uyga kelgan sinfdoshlarim mendan qari koʻrinadi, boshqalari ham boboy boʻlib qolgandir toza.

Hammasi kecha oʻtgandek. Oʻzimizga kattalik qiladigan ketmon, har agʻdarganda bir tirsak chuqurlaydigan handaq, oxiri loy chiqarishga boʻy yetmay qoladi, yangisini ochamiz. Boʻshaganini Qipchoqariqning boʻtanasiga toʻldiramiz, pishinib olishga boʻlaveradi. Kim koʻp quyariga oʻzishma, bir kunligini qatorma-qator juftlab sanaymiz; Karimniki bir marta bir ming olti yuzu saksonta chiqqan, yetolmaganlarning alamini koʻrsangiz! Oʻziga qarab, shu quydimi-yey, deb ishonmaydi odam. Abdualim hamsoyam, mendan yoshga kichik, boʻyi hali oʻsmayapti, har kuni kelib, oʻksinib oʻtiradi, yigʻlamsirab iljayadi, tirsagini bukib: “Bu yil kuchim koʻpayadi. Mana shu, yoningdan loyxona qilib, ikki mingtalik joy tekislayman. Qara qoʻlimga, turtib chiqqanini, kuchim qotyapti!”, deb chiranadi, bir yaxshilik koʻrsatib, qatorimizda yurish uchun: “Shiyponning oldidan qovun olib kelaymi?” deb xushomad qiladi. Lekin qovun oʻgʻirlashning hadisini olgan: egat ichidan bitta yo ikkita qovunni izma-iz sekin dumalatib kelaveradi, qoʻli orqasida, pastga egilmaydi, qaragan odam uni gʻoʻzaning ichida erinib oʻynab yuribdi deydi. Tanlashni juda bilardi, yo boʻlmasa, shundan shungacha dumalab kelgan qovun ichi ezilib pishardi, ishqilib, suvsirab turgan loykashlar, sapchasini ham yeb toʻymas edik.

Kolxoz, hamiyatini qarang, uch-toʻrt kunda bir qum olib kelishga mashina ham beradi, kechasi, ammo-lekin yayraymiz. Kun boʻyi oftobda kuyib, tosh qotgan badanlarimizni Qorasuv silaydi, siypaydi, yumshatadi; oy kecha, oydin kecha, gʻira-shira tol koʻlkasidan pari qizlar poylab, bizni tanlayotgandek sirli hayajonda, shivirlashib, shapir-shupur choʻmilamiz.

Kattalar qora suv bu, sizot, ichmanglar, choʻmilmanglar – xomlatadi, deb mudom tayinlaydi, lekin qayoqda!

Uning qumlari toza, suvi koʻzyoshdek tiniq, tagidagi mayda shagʻaliyu oqimga boshini tutgan toshbosh chavoqchalarigacha koʻrinib turadi. Koʻkragi koʻm-koʻk chipor qushcha chiy-chiy qilib suvga kalla tashlaydi-da, tumshugʻida baliqchani biltanglatib chiqadi.

Saratonda Bulungʻur loylanadi, Qorasuvning tinigʻini deb qoq tushda uch-toʻrt chaqirimga issiqda pishib boramiz. Iyaklar tikillab, koʻkariblar ketguncha choʻmilamiz, ertalabda yegan burda nonimiz sirilib, ichimiz shilinib tushadi, qaytishimiz Gʻarovtepada sut poʻnkiti bor, unda birinza degan narsa qilinadi, bilmaymiz, qayoqqa joʻnatiladi, shahardagi oʻrislar yesami, bizdagi doʻkonga chiqmaydi, kattalar shuncha qurut turib shuni yeysanlarmi, ichlaringni shoʻrlatib yuboradi, deb ijirgʻanadi, biz esa eshikka tiqilishib, boʻyinni choʻzib kutamiz, oqligi bilinmay ketgan kamzul kiygan armanimi, eroni amakimi, biroz mustar qilgach, katta pichoqda kirsovundek boʻlaklab, qoʻlimizga bitta-bitta tutqazadi. Ana, bu shoʻr baloni qoringa urib olib, keyin kela-kelguncha uchragan oʻqariqmi, suv qoʻyilgan egatgami koʻkrakni berib, toʻgʻri ogʻiz bosamiz. Dorilangan paxtaning ichidan chiqsa ham, yetti yumalaganmi – halol, keyin, maykani ogʻzimizga tutib, sizdirib ichamiz, tutilgan joyiga loy oʻtiradi. Eh-he, ichimizga nimalar oʻtib ketganini hosilotlar bilmasa, bizga nima, chanqaganda paxtaning dorisi ham bir nordon tam qoʻshadi, lekin toʻxtab-toʻxtab, nafas rostlab simiramiz, toʻyib ichishga nimadir qoʻymaydi. Yer ham u paytlari tozaroq edimi, balxi tutlarning toʻkilganini tuprogʻini puflab yeyaverardik, qoʻshilib chumchuqning tezagi oʻtib ketsa, ichogʻriqqa davo; oyoqni shisha kessa, arava izi iylagan toza tuproq bosamiz, bir pasda tuzalib ketadi. Qoʻlimizning qotib oʻlgan qadogʻini ham tirnoqlab koʻchirib, oʻrniga tuproq qoʻyamiz, achigani qoladi.

Qaytishda yana terlab pishamiz, shuncha yoʻlga borib choʻmilganimiz bir pul, endi Bulungʻurga kalla tashlamay uyga bormaymiz. Yozimiz ish, ishdan qochib, tuproqqa botishu suvga shoʻngʻish bilan oʻtadi.

Aytgancha, kolxoz gʻishtning mingiga sakkiz soʻmdan pul vaʼda qilib, quyganimizdan keyin esa boʻ-oʻ deb, biz bolalarga hech zarili yoʻq bugʻdoyiga chaqqan, eshakda toʻrvalab tashiganmiz; qoʻlimiz pul koʻrsa, velosiped olamiz, koʻchadan qizlarni havaslantirib uchirib oʻtamiz degan orzular oʻsha qazganimiz loyhandaqlarda uyalaganicha qolgan. Hozir oʻgʻlimni oʻzimning oʻrnimga qoʻyib koʻrsam, im-m deb tishimni tishimga bosaman, uning qilmagan, endi sira qilmaydigan mehnatidan ezilaman. Yoʻq, bolalarim, nevaralarim uchun ham boʻtanalarni oʻzim ichdim, hayotining imoratiga qancha gʻisht lozim boʻlsa, oldindan oʻzim quyib qoʻydim. Qilgan mehnatlarim yetti avlodimga yetguli. Shunaqa gaplar bilan ham oʻzimga taskin beraman-da.

Ey-y, kun tagida kun koʻrmagan bolalig-ey!

Ha-ya, bitirganimizda maktab ham shunday qoʻyib yubormagan, qizlarga nima yuklagani esda yoʻq, balki devor oqlatgan, pol yuvdirgandir, balki gʻoʻza chopiq, ishqilib, hafta-oʻn kun ishlatgan, aniq aytolmayman, lekin oʻgʻil bolalardan oʻn mingtadan gʻishtni sanab olib, attestatini keyin bergan. Biz ham bu paytga kelib pircha boʻlib qolganmiz, imtihonlardan qutulgan, baholar olingan, qurigan gʻishtni uchtadan sakkiz qavat, ustiga bitta qoʻyib yigirma beshtadan yondama qilib terishda ichini boʻsh qoldirib, sanoqda aldaganmiz. Muallimlarimiz buni bilmagan, yo, koʻrinib turganini ham ishlatadigan joyning oʻzi yoʻqligi uchunmi, bilmaganlikka olgan.

Shu tinmaslik shashti bilan universitetga ham kirib ketdim: mol haydash, oʻt oʻrish, paxta chopiq, yer agʻdarish, somon tashish, ariq tozalash, gʻisht quyishlar endi yoʻq, terimdan bu yoqda ham qutulib ketmadig-u, lekin yotib oʻqisang, oʻqiganlaringni uqsang boʻldi ekan – shahar seniki. Bulungʻurning tubidan sakrab boshimni chiqargandek boʻldim, misoli, havo yetmay boʻgʻilib yotganda tuyqusdan hi-i deb yutoqib nafas oldim, koʻkragimga erkinlik keldi. Bu yerda uylar qalashib yotsa ham bir kenglik, darslardan boʻlak paytlari oʻzingga oʻzing xon, oʻzing bek, kinoteatrlar yarim oqshomgacha ochiq, ertalab yumshoq boʻlkanonga qalin sutshinni suramiz – nonushta, tushlikda yigirma ikki tiyinga yarim kosa lagʻmon degan narsa, yigirma toʻrt tiyinga kartoshka qaylali kotlet, kechqurunga yana boʻlkanon bilan kilka-konserva tayyor. Shu kilka ham qancha talabaning joniga ora kirgan! Yashash zax ijarayu choʻntak mudom kasalligi qishloq bolasiga choʻt emas, madrasa tuprogʻini yalash – koʻrmagan martabamiz. Lekin bu tarixlarga hali ancha bor. Ulargacha kechgan bolalik xotiram arqoqlarida chuvalashib yotibdi…

 

Kichik gunohidan bir uyalgan odam keyin katta gunohlardan tiyilib qolar ekan. Shu desangiz, bir kuni bodring oʻgʻirlovdim. Ha, oʻgʻirlikka kirganman. Bodring ayni yetilgan payt, gurkin palagining hidi dimoqqa gupillab uriladi, juda chanqagan edim, Bulungʻur yoqadagi chashma bir chaqirim, borishga sabrim yoʻq, oftob tikkada, chidamadim, kirib oldim. Oʻralmagan, hatto uvati ham yoʻq tomorqa, bodringlari bilakdek, koʻklari palak tagida suv olib yotibdi, sen je-men je, pishganlari oftobda sargʻayib tovlanadi. Biz tomonlarda tomorqa deb faqat hovlidagi ekin-tikinni emas, odamlarning dalada paxtadan ortgan boʻltak-soʻltaklarni yer qilib olgani ham aytiladi, bu tirikchiligini hech kim ihotalamaydi, agar ham hu haligi Valentin Tyupkoning chigitni kvadrat uyalab ekishidan qolgan dona-dona dumaloqli simi bilan atroflab qoʻymasa; hujjat-pujjat kerak emas, yillar badalida, paxtaning qartalari qayta tuzilib, bu yer ham kirib ketmasa, bir kishiga umrlik tegish, meros boʻlib oilasiga oʻtaveradi ham. Narzulla bobonikining ham chayla oti bor-u, yomgʻir yuvgan, tomi yoʻq toʻrt katak – odam belicha paxsadan boshqa vaqosi yoʻq, Qipchoqariq uvati bilan oʻrtada shapaloq yer, mol ham bemalol bosib ketaveradi…

Xullasi shuki, burganning panasida koʻrinmayapman deb oʻmarganimni yeb oʻtirsam, uch-toʻrt kunda bir ham koʻrinish bermaydigan Narzulla bobo ustimga kelib qolsa! Oʻtirgan joyimda taxta qotdim. Narzulla bobo bermagan salomimga: “Va-alaykum! Bay-bay, yonishini! Eshonbovo, Qipchoqariqdan ichib qoʻymang tagʻin, paxtadan hamma zahar shunga tushadi, – deb yaktagidan bir etak bodring toʻkdi oldimga, – Mang, koʻkrakning kuyganini juda oladi-da”. Tishlaganim qoʻlimda, ogʻzimdagi tomogʻimdan oʻtmaydi, qoʻlga bunday laqqa tushganimga angrayib, betilu bezabon oʻtiraverdim. Bobo yana meni otamning hurmatiga sizlaydi deng! Shuncha bodringni atay berdimi yo bilmaymi, lekin yomon uyaltirdi. Shu-shu, yuzim shuvit, qovunlari palagida toʻrlab, tarvuzlari tirsillab yotadi, yonidagi yoʻldan oʻtib men qaramayman! “Hoʻ, eshonbobo, xoʻjabilmas shirasiga chidamay yorilib ketibdi-da, keling, uvol boʻlmasin, bitta kosa qilib beray”, deb oʻzi chaqirib tursa ham u-bu deb gʻoʻldirab qochaman.

Buni nimaga aytyapman, shundan ikkimi-uchmi kun keyin, Qipchoqariq uvatiga mollarimni arqonlab, oʻt oʻrib yurganimda zarurat qistab qolib, choʻnqayib oʻtirgan joyimda butimning tagidan qora ilon oʻtib qolsa! Ey-voy, dahshat! Koʻrganda yuragim yorilmas, lekin seskanishim bor edi, lekin bu, – sekin gapirasizmi, palakat! – naq ketimning tagidan, boshini sal koʻtarsa tegadi, koʻzi shunaqa sovuq, tagʻin toʻ-oʻgʻri, odamning ichigacha muzlatib tikiladi! Esim chiqib ketdi, oʻtim yorildi, kapalagim anaqa boʻldi deganlari hech gap emas!

Bilmadim, xudoning bu bola ham yashasin deb rahmi keldimi, tosh qotib toʻgʻri qilibman, padarlaʼnati, xas-xashakni bir maromda shigʻillatib, tikilgan koʻzini uzmay, simob oqib oʻtaverdi-oʻtaverdi! Yomon uzun tuyuldi lekin! Orqa joyim tosh osilib koʻringandir, oʻgʻil bolaning uyati yoʻq yerimni raqib bilmagandir, har qalay, teginmadi, lekin oʻtib, burgan ichida koʻrinmay ketgandan keyin ham nafasim chiqmay, allazamon bejon qotib qoldim. Chaqqanda oʻldirmasa ham, qoʻrqqanimdan oʻzim naqd oʻlib berardim lekin. Shu qotib oʻtirishimda oʻlganim shudir, deb ham oʻyladim bir, ey, nihoyatda xunuk sovuq, tirik jonivor ham shunaqa zimiston boʻladimi! Tilini chiqargani musulmon deyishadi, oʻsha vaqti tiliga qarabmanmi, imonini xudo koʻtarsin, shu bilan koʻp yillar, hatto qishlarda ham tushlarimga makon qurib oldi. Tushga kirgani boylik emish, lekin turqi oʻchsin, u yogʻingiz ham, bu yogʻingiz ham uzun-uzun chirmashib chalkashgan ilon, shunaqa koʻrardim-da tushimda, bir qoʻrqib uygʻoning, boylik kerakmi, joningizmi, oʻshanda bilasiz. Ha-a, uyqu buzilib, ertalabgacha xavotirda chiqing, keyin birovga oson tutasiz!

Dala-dasht mayli, lekin bu gazanda qishloqning ichida ham serob, daraxtlarning ustida chumchuqlarni qiy-chuv toʻzitib, odamning yuragiga gʻulgʻula soladi, uylarning shiftida yuradi, egasiga tegmaydi, un sepsa yoʻqoladi, lekin xayoldan ketmaydi, oʻzini ustingizga tashlab yuborayotgandek boʻlaveradi. Haligi, yalangʻoch butimning shundoq tagidan oʻtgungacha paytlari koʻrsam, yuragim ozgina shuvillab qoʻyardi, xolos, endi esa yalang katta koʻchada ham alanglab yuraman, tuproqqa tushgan izi tirikdek ilang-bilang yiltillab, oyoqdan uzib oladigandek boʻlaveradi. Kechalari sim-siyohda unsiz shuvillab daf qilayotgandek, uxlasam sekin koʻrpamning tagidan kirib kelayotgandek; ayniqsa gungurt badrafda koʻrinmay qoʻrqitadi. Bir kuni Qipchoqariqning pastida ham oldimdan chiqib qolib, oʻtakamni yordi. Oʻqilon edi. Odamga otilsa, koʻkragini teshib oʻtib ketadi degan mahovati bor. Oʻzi-ku ipdek bir narsa, bezarar, chaqsa ham kerag-u, lekin odamdan qochadi, uchrasa, koʻzingizga bir narsa lip ilingandek tuyuladi, ichingizda bir xavfsirash turadi, uch odimcha narida oʻt qimirlab qoladi, vassalom, tizimcha oʻzini oʻsha yoqqa otgan boʻladi. Bu ancha kattasi, yaʼni uzuni ekan, ustiga kelib qolganimga shoshdimi, qoʻrqqanidanmi, ishqilib, beligacha baland koʻtarilib, toʻgʻri tikilganicha qotgan. Koʻzim tushgani hamono jon holati irgʻib yuborganimni bilmayman, shunaqa paytlari vahima ham kuch berar ekanmi, fizkulturadan “uch” oladigan holimda, shu otilishda yoʻlni uch-toʻrt quloch enlagan koʻlmakning u yogʻiga tushibman, keyin shunchaga sakraganimni koʻrib, koʻzimga ishonmadim. Qipchoqariq shu yerda ikki odam boʻyi tikdan oʻtadi, pasti olmachorbogʻ, oʻrtada tuproq yoʻl, chorbogʻdan suv toshib, yoʻlni bosibdi, uvat tagida bir odam oʻtarli quruq yer, qachondir koʻrgan kinomning qoʻshigʻini e-e, nay-nay-nay, nanay-nay-nay, deb aytib, dingillab kelayotgan edim, sakrab koʻlmakning bu yogʻiga tushib ham nay-nayim toʻxtamabdi, xuddi kaltak yeb angillayotgan kuchukdek, ancha vaqtgacha nay-nay-y, deb qoʻyaman deng.

Ha, aytmoqchi edimki, haligi qora ilon Narzulla boboning chaylasiniki boʻlgan, Qipchoqariqqa suvlagani tushayotib, orqamdan kelib, bu bola endi boshqa gunoh qilmasin degan nimadir hikmatini bildirishga ataylab butimning tagidan yoʻl solgan, boʻlmasa, yer keng, oʻtishiga joy bemalol edi.

Yana… bolaligimda bu juda koʻp edi, oʻngimda ham, tushimda ham, lekin birontasi tegmagan, tushlarimda qoʻrqitgani bilan ham chaqmagan – bu ham bir narsani bildirar, axir. Buni ham donishmand deyishadi shekilli. Lekin bizda emas, oʻqiganman.

Oʻzi kichkinaligimdan oʻqishga ruju qoʻyib, hamma narsaning tagidan bir aql chiqarib olish koʻyiga tushgan edim. Kitob qishlogʻim tepasidagi bir tuynuk, shu tuynukdan tashqariga oʻrmalab chiqib, boʻlakcha dunyolarga ketib qolar, oʻsha yoqlarda qidirib, gazanda vahmi-yu koʻngilga yuk boʻladigan boshqa gaplarni tamom unutar edim. Odam boʻlishga anglab-anglamay yoʻl izlabmi, shu mehnatlar ichida maktabni, xususan uning kutubxonasini boshni sajdaga toʻgʻrilaydigan mehrobga aylantirib olgan edim. U paytlari, albatta, Allohni oʻylasak ham uzoqdan, koʻngil musulmonligi – oʻqish, kitobga ruju, ehtimolki kutubxonamizdan tarqalgan, hammaga chapa-rasta yuqmagan boʻlsa-da, menga oʻxshaganlarni ogʻritgan bir yut kabi edi. “Besh”ga oʻqish ham katta bir martaba, odamlik kelajagimiz naq sinfxonamiz derazalaridan moʻralab imlab turardi. E, bu qizlarni gapirmang, uyida qiladigan ishi yoʻqmi, kitobga yopishgan! Shular topib, oʻqiganini bir-biriga chugʻurlab, miyani qoqib qoʻlga berganidan, oʻsha yaxshi kitoblarni qoʻlga olishga orlanar edi odam. Lekin qizlar koʻkragiga bosib yurmagani ham bisyor, kutubxonada ular kirmagan boshqa koʻp dunyolarni kezishim mumkin edi. Kutubxonachimiz senga kattalik qiladi demaydi, taxta javondan qoʻlim bilan koʻrsatganimni beradi. Muqovasi qalin, semizlarini tanlayman. Nimalarni oʻqimaganman! Qanaqadir Vasyok Trubachev, Ashot, ularning doʻstlariga qoʻshilib yurib tong ottirar edim. Kimdir, toqqa qochgan Alitet, nimaga qochgan – esimda yoʻq, lekin katta, qalin kitobni namoyishga koʻtarib, oʻsha koʻp oʻqiydigan qizlarni ham hayiqtirib yurganim haligacha esimda. Baliq, tyulen ovlab kun koʻradigan qanaqadir bir shimol xalqimi, ovchi qabilasimi, shularda otasi qarib, ishga yaramay qolsa, uni oʻz oʻgʻli yelkasiga mindirib, qor bosgan togʻdagi bir ovloqqa eltib tashlar, boboy bechora oʻsha muzloqda yolgʻiz qolib, tagʻin oʻgʻlini shu qilgani uchun alqab, qismatiga rozi, oʻlib ketaverar ekan! Endi bu quruq nonxoʻr, yashab nima qiladi deb tashlab kelgan-da oʻgʻil basamon!

Ana! Oqshom yarmida tepamga kelib: “Boʻldi qil-e, valad… Koʻr boʻlguncha oʻqiysanmi!” deb mehr aralash soʻkib, kerosinchiroqni puflab oʻchirib ketadigan otam, mening qorongʻida qor bosgan tundra oʻrmonidan beshafqat toqqa qarab yoʻl bosib, otam qarisa hech qachon unaqa ovloqqa, hatto yaqinimizdagi Gʻubdinga ham tashlab kelmaslikka ont ichib, ichgan ontimdan oʻzimning koʻzim yoshlanib borayotganimni bilmaydilar-da!

Shunday lekin: qoʻlimdagi kitobning ichidan, oʻshanaqasi shaharmi, toʻqaymi, biyobongami, koʻrpachaga bagʻrimni berganim koʻyi oʻtib ketgan boʻlar edim.

E-e, aytmabman-a, endi keldi esimga: gʻisht quyganda boʻshagan handaqlarni suvga toʻldirib qoʻyib, har kuni pishinavergandan, qizib ketganda tashlab olaverar edik; loy quyqasi teriga oʻtirib, singib, kaltakesakning poʻstidek qurishtiradi, keyin shu joylar tirs-tirs yoriladi, tovon ham boʻlaklanib, tagidan qizil goʻshti chiqib qoladi, yoriqlarga qora saqich chaynab yopishtiramiz, son nozik, butning pastidan tizzagacha achib turaveradi, uning taramlari davosiga vazelin, boʻlmasa yana shu aravayoʻlning tuprogʻi. Sahar turganda uyquda bitgan tirishlar azot odimlagani qoʻymaydi, koʻzga yosh kelib, esnab-esnab kerishib, zoʻr bilan butni kerib yuramiz, bilamiz, tirishlar yirtilib qonaydi, achishadi, lekin yoziladi, bu yogʻiga chidaymiz. Faqat shabada salqini tirishlardan kirib badanni dildiratadi, hu borib, yalangʻochlanib, qoʻlda ketmon bilan handaqqa tushgandan keyin, qon yurishib, loyning sovugʻi yoʻl boʻyi achishib ogʻrigan oyoqqa malham boʻlib yopishadi, xayolda faqat chiqarib otayotgan loyim qancha gʻishtga yetsa degan oʻy-u, ichingizda toshayotgan bir gʻayrat qoladi, xolos.

Qizigʻ-ey, e-e, shuni ham oʻylab oʻtiramizmi, bolalarni solamiz, quyib tashlaydi, shataloq otib yuribdi-ku bari, degan-da bir aqlli mardi kalon; kattalarning tushunishi shu. Shataloq otamiz! Otam ham kechalari soʻkib, oldilariga solib kelsalar ham yoʻliga, bari bir, shuncha bola nima boʻlsa, bu ham shu-da deb qaraganlar.

Mayli, sardaftarning bu yogʻini kavlayvermay, oʻlmagan qul koʻravergan ekan-da-yey. U paytlari qullikni qaydan bilamiz, qullik, shunchaki, uning ham bir zavqlari boʻlgan.

Gʻisht quygan paytimda oʻqishga iloj yoʻq edi, charchayman, uxlab ham olish kerak, jazirama kunlari ham kallaga kitob kirmaydi, Bulungʻur bilan Qorasuv oʻziga tortaveradi. Lekin boshqa paytlari, ayniqsa qorongʻi qishlarda kitobga muk tushaman. Dalaga mol haydashda qulayini qilib, eshakning ustida ham oʻqib ketaveraman. Albatta, bunda koʻzi tushgan kattalarning: “E, bu bolaning kitobga yopishganini!” deb qoʻyishlaridan shishmalanish ham bor-u, lekin mullaligim, haqqast rost, Saidvalining noskashligidan oʻtib tushar edi. Mol temir qoziqni jingirlatib ipini oʻzi sudraydi, eshak ularga ergashma, eshakning yurishiga mos chayqalib-chayqalib, kitobdan koʻz uzmay ketaverasiz – koʻchma egar qiroatxona. Hu dalaga yetgandan keyin mollarni arqonlab bir soyani olsangiz, sizdan bemalol odam yoʻq.

Bir kuni tut tagida ustimdan soya ketib, oftob boshimga tikkadan urib kuydirib yuborguncha oʻqib yotaveribman, sakrab tursam, mollar yoʻq! Temir qozigʻini, tesha olib yuraman, qattiq yerga qoqqan edim, molning oʻzi tortganga sugʻurilmaydi. Qanday ketadi! Oʻgʻri kunduzi dorimaydi, uning ishi kechasilik, shunda ham onda-sonda bittalab oladi. Besh mol aqllashib gapni bir joyga qoʻyib yoʻqolgani aqlimga sigʻmaydi.

Esim chiqib, izlashga tushdim. Bulungʻur boʻylaridagi yovvoyi jiydalarning orasidan, paxtapoya, sholipoyalardan axtardim, olmachorboqqa kirdim, Valibobogacha qarab keldim, – yoʻq, yerga kirganmi, osmonga chiqqanmi – yoʻq-da. Maza qochdi, sarosimada, bu ham yoʻqolib qolmasin deb, eshakni minib, uyga chopdim, oyimga indamay, bir omonat ilinjda ogʻilxona-ayvonlarni, uyning orqasidagi yertokni qaradim, xuddi shularning orasida bemalol kavsh qaytarib yotadigandek, yoʻq! Ana shu vaqti otam kelib qoldilar! Har juma Samarqandga namozga boradilar. Endi nima deyman deb, damim ichimga tushib ketdi. Menga sovgʻa – qizil, loklangan boshmoq olib kelibdilar, hali qoʻlimga kelmasidan bildim – qizlarniki, yana oyogʻimga katta; yarqillagan ekan-da, charmi pishiq emish-yey, – bir alam qildi, bir alam! – mana boʻlmasam deb mollarni yoʻqotganimni aytib yubordim. “Oqshomi bilan oʻqib chiqib, keyin dalada uyquni urasan. Oʻzing yoʻqolib qolmabsan ham yaxshi”, dedilar otam uncha urishmay. “Yoʻq, qarab oʻtirgan edim soyada, birdan yoʻqolib qopti”, dedim. Otam toʻqiyotganimni bilib oʻsiq qoshlari tagidan bir qarab qoʻydilar, men boshmoqni yana artib silagan boʻlib: “Juda zoʻr ekan-u, shu sal kattaligi…”, deb nigohlarini yumshatdim. “Hay, Eshim kasofat oralagandir-da, qayoqqa ham ketadi”, dedilar. Boshmoqni maqtaganimga soqollarini tutamlab: “Hm, koʻni toza, shunday yarashigʻli narsa bekorga turmagan-ov, dedi-im, zaifona ekan-da”, deb xijolat boʻlgan boʻldilar.

Boshmoqni xushomadga yana bir kiyib koʻrsatdim. Qurib ketkur, qizlarniki boʻlmasa ham mayli edi. Menga toʻgʻri kelmasa, opamlar paxtaga sudrab yurar emish, a, oʻzim-chi? Saharlab dalaga chopsam, mollarini boqsam, oʻtlarini oʻrsam, pichanlarini qilsam, somongacha tashisam. Tagʻin menga kelgan toʻplini opamlar paxtaga sudrarmish. Men-chi, halokuning itimanmi! Eshakning mehnati halol-u… Hay, oborib, kiydirib koʻrib olsalar, nima qilardi! Bahonada Samarqandni koʻrib kelardim. Shu-u, boboylar bitta ishga yana bittasini qoʻshib bitirishni bilmaydi, ammo-lekin, kattalarning gapini boʻlma, yuvilmagan qoshiqday suqilma oraga, biladigan boʻlib qoldingmi, dim oʻtir, peshanangni tirishtirma, – doim jerkish, oʻzlarining bilganlari esa bu, jahling chiqmaydimi! Indamay oʻtirsang – anqayma, gapirsang – tilingni tiy. Uyquni urgansan emish!

Kuyasan-da! Senga deb kelgan narsa koʻzingni oʻynatib shunday qoʻlingda tursa-da, senga toʻgʻri kelmasa, axir, bunga chidab boʻladimi! Ey, oyogʻimda uchining yirtigʻidan boshmaldogʻim chiqib turadigan eski keda, qoqilganda qonayverib, boshmaldoq ham shum-zada boʻlib olgan, kiyib, hali yurmasimdan bezillashga boshlaydi.

Hay, mayli, endi ming kuy, befoyda, shundan shunga oborib qaytarib bermaydilar-ku, bari bir. Oyim boshmoqning uchiga paxta tiqib kiydirib, bir yurib koʻr qani, deganlariga yurib ham koʻrdim, odamning beli mayishib, quymichi oʻynab ketar ekan. Poshnaning yarmidan arralab tashlasa… e-e, boʻlmaydi, buziladi, keyin, bari bir, qip-qizil-da, kulgiga qolaman.

Boshmoqni qoʻlimga olaman, qoʻyaman, aylantirib koʻraman, battar xunobim oshadi. Otam esa shuncha diqqatligimga beparvo, yonboshlab, choylarini bemalol ichdilar-u, oʻzim boray-chi, deb eshakni minib dalaga ketdilar. Shuni ham oʻgʻlimga deb oldilarmi-ya, deb bor zaharchamni oyimga sochib, orqalaridan oʻzim ham joʻnadim. Borsam, otam olmaning tagida choʻzilgan, tomorqamizga suv ochilgan, mollarning beshovi ham Qipchoqariqning ustida, dumini yelpib oʻtlayapti, ipi Eshim kaldan omon ekan.

Bizda oʻqaloq, bir joylarda soʻna, boʻka deyishadi, ana shu kasofat kelib qolsa, oʻzini koʻrmaysiz, eshitmaysiz ham, tinchgina oʻtlab turgan mol bechora birdan shaytonlaydi, shunday shaytonlab ketadiki! Koʻzlari olayib, boʻkirib yuboradi, sakrab oʻzini toʻgʻri kelgan tomonga otadi, koʻrgan odamni ham nogahon vahm bosadi. Meniki shu oʻqaloqdan qochib, ipi pishiq jun, uzilmagan, qoziq-pozigʻi bilan Qipchoqariqning ichiga, qamishning boʻligʻiga urib ketib, soya-salqinda, boʻynigacha suv, ariq labidagi oʻtga choʻzilib, huzurini topib turgan ekan. Bu yoqda esa yuragim yorilgan, shuncha molni yoʻqotdim, qanday kunga qoldim endi, deb.

Lekin mollarning shuncha vaqt beega qolganini Eshim kal qanday bilmay, ipini qanday olmagan, bu ham jumboq, undan sirli bir xatar keladi odamning koʻngliga; kalga insof tekkanidan ham xavotir turadi.

Ey-y, buning uchun uning taʼrifini keltirish kerak, aytmasa xotira ham kemtik boʻlib qoladi. Gap shundaki – Eshim kal shunchaki, soddasi koʻprik tagida turib eshak hurkitadigan joʻn bir kallardan emas, alohida, devi bormi, jinimi, ishqilib, boʻlakcha bir kal. Alohidaligi – qoʻli egriligi, kulishni ham, achinishni ham bilmaysiz – ip oʻgʻirlaydi, boshqa narsa bilan ishi yoʻq, aynan arqonlab qoʻyilgan molning ipini qoʻymaydi; devi yo jini borligi – molingizga qarab oʻtirganingizda angda qoldiradi, olganini koʻrmaysiz. Gapiray desangiz, qoʻlidan ushlab olmagansiz. Shunga duo ketgan deyman, boʻlmasa qarab turib bilmaysizmi. Oʻgʻriligi hammaga maʼlum, hamma bilishini oʻzi ham biladi, lekin kasmini qoʻymaydi, xuddi hamma bilan bas boylashgandek. Oʻzida bor-yoʻgʻi bitta oriq tanacha, u ham podasida, kal vaqti-vaqti bilan podachimiz ham, buncha koʻp ip nima zaril, inson zoti tushunmaydi. Lekin yigʻaveradi, yiqqani chirib ketguncha chiqmaydi, agar ipingiz esingizda turgan boʻlsa, yillar oʻtib, kal gʻoʻzapoya tashiyotganda, togʻdek qilib yelkalar edi lekin, kalta-kulta ulamalaridan taniysiz-da, qoʻl siltaysiz, ber deb tortib olganingiz bilan endi hech narsaga yaramaydi. Qizigʻi shundaki, ipni kal olganini aniq bilgan odamlar kuyinib ham oʻtirmaydi, xuddi oʻgʻrilik ham oshi halolga ustamadek. Ip mayli-ku-ya, lekin boʻshoq yurgan mol birovning tomorqasiga kirib ketadi, qorakoʻrpa yeb damlaydi yo yoʻqolib qoladi. Keyin Qiron jarchi bozorda chaqiradi: “Hoʻ-oʻ, eshitmadim demanglar! Hoʻ-oʻ, ola novvos yoʻqolgan ekan, hoʻ-oʻ, shu novvos falonchiniki ekan!… Novvosni topganga shu palonchi suyunchiga oʻn soʻm tikkan ekan. Hoʻ-oʻ, shuni topgan obkeb bersa, suyunchini olaversin ekan, Hoʻ-oʻ, ola novvos…”

Shuning davomiga Qiron jarchi: “Hoʻ-oʻ, ola novvosning ipini oʻzlaring bilgan Eshim kal olgan ekan”, deb yuborsa-ku, olam guliston. Lekin Qiron jarchi otini tutmaydi, Eshim egriligini qoʻymaydi. Hamsoya boʻlsak-da, eshonbobonikini ham oladi-yey, nokas! Oʻzim boqib yurib, koʻrolmay qolaman, lekin hamsoyamiz-ku, borib soʻrayman, siz koʻrmadingizmi deb, toʻgʻri tarmashishga hayiqaman, bir narsalar deb gʻudinglaydi, bilganimni bildi deyman, chunki betimga qaramaydi. Oftobda kuyib, qorayib, qoʻllari ishning zoʻridan akashakdek qiyshayib, koʻkish tomirlari boʻrtib ketgan, yelkasi sal choʻkik boʻlsa ham, juda baquvvat shayton, odam bilan urishganini eshitmaganman-u, ammo, bari bir, nimasidandir seskanaman. Tinchgina yer suzib yuradi, ming soʻrang, ipni sen oldingmi deb, ogʻzingiz ogʻrigani qoladi. Oldimi, tamom – unga oʻtgan. Baʼzan ahmoq boʻlganim oʻtib ketib, otamga aytsam: “Sen yotib kitob oʻqisang, men borib molingning ipidan ushlab turay-da, a? Qaramasang – oladi-da”, deb menga gapiradilar, oʻziga indamaydilar. Baʼzan-baʼzan ipi olingan molni izlash choʻzilib, nihoyat topilib, koʻngil joyiga tushgan paytlari: “Xudoy urgan tuyani vaysilqora ne qilsin”, deydilar, menga qoʻyaver degandek.

Endi Gʻaziramizning oʻziga kelsak, oʻrta joyda eskidan bozori boʻlgani bois butun chor-atrofiga peshgir, qizil kaltak degan zamonlariyoq maktab ochib, koʻ-oʻp oʻqimishli odamlar yetishtirgan, dotsentu professorlari Samarqandu Toshkentlarda dars berib, ularga ergashgan maktab bolalari ham oliyga guruh-guruh kirib, talabalari shanba-bozor kunlari avtobuslarni qappaytirib shaharga borib qaytadigan xiyla dami baland qishloq. Eshim kalni gapirish ham sal maydagaplik, chunki u ham shu Gʻaziraning katta bagʻriga hamma sigʻib, har kimning oʻz tegishi belgili ekani, ming yoqqa chopmasin, peshanaga yozilganidan ortigʻini ololmasligiga bir misol, xolos. Begona emas, oʻzimizning sinashta, xonazot kalimiz, podani faqat oshi halolga boqadi, ipini olsa ham molning oʻziga teginmaydi. Paxta siyosati qattiq zamonda uning zararidan foydasi koʻproq, ipini oldirmayman deb koʻz-quloq tursangiz, boʻshoq mol paxtaga tushib soʻyilib ketmaydi, egasini javobgarlikka torttirmaydi. Kalning bu tomoni ham bor.

Shu odam tinmaydi, onasi kim boʻlgan boʻlsa ham, buni lekin qora mehnatga tuqqan. Qishloqda nima ogʻir ish boʻlsa, shu balogardon, koʻklamda ariq qazigan ham, kundakov ham, yozda tomhasharga loy qorgan ham, saratonda paxsachilarga loykash ham shu, toʻy-maʼrakalarning samovari shu tekin xizmatkorsiz qaynamaydi, ayniqsa erta bahor, yer tekislash payti shudgorning ustidan mola tortiladi-ku, ikki qator temir tirma ulanib traktorga koʻndalang tirkalgan ogʻir toʻsin-bolor, shuning ustida ham kal, mola oʻnqir-choʻnqirda oʻynoqlab ketganda tagiga tushib qolgan odam tirik chiqmaydi, unga esa jin ham urmaydi, mola bilan baravar koʻtarilib tushadi, lekin sirachlab qoʻyilgandek, qoʻnib oʻtiraveradi. E-e xullas, mehnatning ogʻiri-yengili demaydi, inq etmay qilaveradi. Joni qattiq. Chidam, bardosh degan narsalar tosh-metin kelbatiga qoʻshilib, qotib ketgan. Ha, bir shatrama xotini bor, Bobili, asli oti Asolatmi, Asilami, hammaning esidan chiqib ketgan, shuning baqirishlari bilan ham ishi yoʻq. Bobili yeru koʻkni tuproqqa qorib qargʻanadi, er yer yutkur nonni nimkosaga boʻktirib uraveradi, qulogʻi yoʻq. Ha, til ham yoʻq, yo xotinidan, yo turmushidan noliganini birov eshitmagan.

Bizda oʻzi, toʻgʻri, hasratini yuzaga kamdan-kam odam yuzaga chiqaradi, dardini toʻkkani kimga ham zaril, barchaniki oʻziga yetib ortsa, oʻzganikiga tob-toqat bormi. Ming gapir, koʻrgan kuning oʻnglanmaydi. Bu paxtasida kimning biri ikki boʻlibdi, rais-pais, ferma mudirlarini aytmasa, lekin tumonat shuning ichida, baraka topsa-topmasa, sahardan qaro shomgacha borib kelaveradi; erkagu ayol bari turtingan, barining qulogʻi butun qishloqqa tortanak tortilgan radiotarmoqda, koʻchadagi karnay, uylarning devoriga osilgan qutichalar kim nima ish qilganini shangʻillab turadi, aytilganni qilmaganlarni raisboboning oʻzi chaparasta soʻkadi, jaddiga pichan yo somondan mahrum qilganini joriyalaydi. Hali daladan oʻt olmaysan, molingni chiqarmaysan, deb qolmasa! Ana endi joningizni Jabborga bermay koʻring! Roʻzgʻorga tirgak faqat mol-ku, paxtadan hemiri kelmasin, mayli, ammo molginaning tagidan shamol oʻtib tursin-da, boʻlmasa, bola-chaqani qanday boqib olamiz! Ey, bu dunyosida nimaga yugurib yuribmiz oʻzi!

Lekin shu chop-chopda bolalarning oʻzi esdan chiqib qolgandek. Bizda ham tinim yoʻq, ishga tarmashganmiz, oʻyinni qochib qilamiz. Oʻyinchoq otiga ham yoʻq, topganimiz kultivatsiyaning chingalagi, velosiped gʻildiragining spitsa degan narsasi olib tashlangan aylanasi, choʻp bilan hay suramiz-da. Urush-urush, yashinmachoq, zuv-zuv, kim koʻpga shoʻngʻish, hammompish – pushka yasab, oʻrtasidagi teshigidan raqib koʻziga tuproq puflab qochirish, chillak, quloqchoʻzma, eshak koʻpkari, qizlar mollarning junidan yulib, koptok yumaloqlab oladi, beshtoshdan tortishadi. Ha, maktabda osilsa gʻiyqillaydigan turnik ham bor, Vafoqul aylanaman deb, qoq yerga boshi bilan tushib, bir tutam sochidan ayrilgan. Yerda xuddi lankaning poʻstagidek yotgan sochi. Aytmoqchi, lanka ham yaxshi koʻradigan ermagimiz edi, hay, dabba boʻlib qolasan deb koyishsa ham, bu tepkini qoʻymas edik.

Kattalarning biz bilan ishi yoʻq: yegani noni bormi, ustida butroqmi, e-e, kimning bolasi toʻkinchilikda oʻsyapti, ikki oyoqda tik yuribdi-ku, oʻlmasa, bir kunini koʻrib ketar, tupirkilosdan xudojonning oʻzi asrasin! Biz ham shu: birov bolasini bolam-boʻtamlaganini koʻrmaganimdan keyin suykalib – suykumlanishni bilmaymiz. Soʻkish eshitmasak boʻldi-da, lekin bu ham pastu balandiga qarab, baʼzan erkalatish: “Bu onangdi… ning bolasini qara, bir oʻzi qilibdi-ya shuncha ishni!…” Bundan ortiq boʻladimi, taltayasiz-da. Qarang, qilgan mehnatingiz nazarga tushgan. Kim kimni soʻkkanini qoʻyavering.

Otamning namozdan keyin atay doʻkonga kirib, atoqlab menga boshmoq olganlari ham, mayli, keyin oyimdan bildim, narxi tushirilgan mollar doʻkoni ekan, – koʻp chibjinglayverma, suv tekinga olgan otang, – lekin juda katta eʼtibor edi. Ota – bizlar uchun, eh-he, bir ulugʻ zot, xudo xayolning bir chekkasidagi qutlugʻ bir, nima desam, jahoniy vahm boʻlsa, ota shunga yaqin buzrukvor siymo. Bolaligimda otamning yuzlariga tik qaramaganman, tikilib yodda saqlab qololmaganimga hanuz nadomat qilaman. Lekin pinhoniy ixtilof, ichimda qolib ketadigan isyonlarim boʻlib turar, u kishi gʻingshishlarimni “E, buning gapini qara”, deb oʻtkazib yuborar edilar. Baʼzan otam shuncha farzandlarining ichida mening ham borligimni payqamasalar ham kerak, deb mungʻayib qolardim. Boʻlmasa, oʻgʻil bolaga qiz bolanikini, yana oyogʻiga katta boshmoq ham koʻtarib keladilarmi? Shunaqa. Gapimni ham chaqaga olmaydilar. Bir qora qoʻchqorim bor edi, qoʻzichoqligidan oʻzim qaraganman, itimdek orqamdan ergashib yurardi, dodimga quloq solmay, boʻlak semirmaydi deb, sotib yubordilar-da, uch-toʻrt hafta oʻtib, boshqa qoʻchqor olib berdilar. Bozordayoq, savdolashayotganlarida aytdim, “Ota, shuni olmaylik, shoxlagʻich ekan, odamni mayib qiladi”, deb. “Jim-e, mushtday bolaning gap bilishini!”, deb urishib berdilar. Oq qoʻchqor xipcha, kallasini baland koʻtarib turadigan, oʻzicha kibrli bir olifta, odamni suzish payini koʻzlar edi, men ham qoʻyga qarab, pishib ketmaganmanmi, kallasini sal qiyshaytirishi bilan yo eshakka minib olaman, yo oraga mol solib chap beraman. Otamga necha marta aytdim, qani eshitsalar! Bir kuni kechqurun men toʻyga ketib, yem berayotsalar, oyimni suzibdi, xayriyat, qoʻyxona chetanining bu yogʻiga yiqilib, yanagi shoxlashidan omon qolibdilar. Shuni otamga aytib, “Molga qarash oʻgʻling turib senga qoldimi?”, deb bekorga koyish eshitdilar. Keyin qoʻchqorvoy mana boʻlmasam deb, oppoq soqollari koʻkraklariga tushganiga hurmat koʻrsatmay, oʻzlariga kalla qoʻyibdi. Bir suzib, tislanib, yana xezlanib kelayotganda boshiga bir musht tushirgan ekanlar, va-alab yonboshga qulabdi. Otam ham keksaliklariga qaramay juda baquvvat edilar-da. “E kasofat-ey, odamga oʻxshab suzilib qaraydi-ya!”, deydilar yana. A, shuncha vaqt men nima deb zorlandim? Faqat oʻzlarini shoxlasa hisobmi? “Qarang, shoxining qirrasi oqarib ketgan, koʻp shoxlashganidan”, deb xudoning zorini qilganman, shuni keyin aytib yuribdilar, bu bola ham ancha baloni biladi, bir koʻrgandan aytgan edi-ya, shoxi yeyilgan, deb.

Otam oʻzi uncha-muncha gapga quloq soladigan emas edilar, shu feʼllari oʻtganmi, baʼzida men ham oʻzimnikini juft deb turib olaman. Aldanishlarim ham otameros lekin. Uyimizning orqa-oldi vayish, yertok, uzumga chumchuq bilan mayna kun bermas, togʻorayu simga osilgan tunuka qutilarni taqillatib, hay-gala-galayu bilan ish bitmas edi. Otamga kimdir birov qoʻyning bir qulochcha ingichka ichagini puflab, vayish ustiga tashlasa, chumchuq ilon deb oʻylab qochadi, qaytib yoʻlamaydi deb yoʻl oʻrgatibdi. Bir kuni qoʻy soʻyganlaridan keyin, oyimning hay-haylari, mening qaytarganlarimga qaramay, erinmagan odam, shu ishni qildilar, bir dovot siyohimni isrof qilib boʻyadilar ham, keyin vayishga tashlagan edilar, hovlimizni shunday chumchuq bosdi, shunday qiy-chuv bosdi, qiyomat qoʻpdi chirqillab oʻziyam. “E padarlaʼnati, yomon boʻlar ekan-ku bu”, deb ichakni olib tashlaganlaridan keyin ham qani chuvvos tinsa! Shuni qilishlaridan oldin: “Ota, qoʻying shu ishni. Mayli, qarab turing, oʻzim puflab, boʻyab beray”, deb yalindim, oyim ham gapirdilar, yarashmagan ishni qoʻying, deb, yoʻq, chumchuq balosini oʻz qoʻllari bilan yoʻqotgilari kelib qoldimi, qoʻymadilar. Xoʻp tomosha boʻldi lekin, oyim kulib uyga qochib kirdilar, men labimni yigʻishtirib ololmayman, boshimni burib, chekkaga tirjayaman.

Tez-tez qulogʻim ogʻrir edi, bunaqa narsalarga otamning uncha ishlari yoʻq edi-yu, lekin bir kuni mehribonliklari tutib, azza-bazza Razizdan dori olib keldilar-da, oʻz qoʻllari bilan quyadigan boʻldilar. Qarasam, tomizgʻining rangi sariq, “Ota, bu boshqaning dorisi, quloqniki oq boʻladi”, deb oyoq tiradim. “Qani, bahona topib, tomizdirmasang-da, a!”, deb, qochmoqchi joyimda ushlab, tizzalariga qisib, qulogʻimga majburlab quydilar. Miyamga shunaqa ogʻriq kirdiki, dodlab yerga yotib qoldim. Meni shaytonlik qilyapti deb oʻylab, qarab turdilar-da, keyin nimagadir Muqaddasni ushlab, “Kel, qizim, eshitishing tozalanadi”, deb uning sogʻ qulogʻiga tomizdilar. Singlim bechoraga mendan battar boʻldi, hovlini zir yugurib aylanib chinqirib, ushlatmadi ham. Shundan keyin qoʻya qolsalar nima qilar edi, yoʻq, “E bularning ayyorligini, dori tomizdirmasa-da, a”, deb tik turgan koʻyi, boshlarini yonbosh egib, oʻz quloqlariga quysalar! Ana, tomoshani koʻrsangiz! U yoqda Muqaddas yigʻlagan, bu yoqda otam, turib olganlar, boshlarini endi bu yonboshga egib, “Ha valadi zino, ha padarlaʼnati! Bu Joʻra chachana quloqqa deb koʻznikini bergan! Oʻyib yubordi-ku! Koʻr boʻlgin, quloqni koʻzdan farqlamasang!”, deb oʻh-oʻh qiladilar. Men yigʻlashni ham, kulishni ham bilmay, faqat ih-ihilayman, gapim toʻgʻri chiqqaniga ichimda xursandchilik qamalib qolgan.

Birov uni oʻqi, buni oʻqima deb yoʻl koʻrsatmagan, qoʻlimga tushganini oʻqib tashlayveraman; gapim oʻtmay, alamim kelgan paytlari otamni shu kitoblardagi qattiqqoʻl, zolim otalarga ham solishtiraman, oʻxshamaydilar, kitoblardagi chollar yoppasiga benamoz, otam esa kunni har sahar “Allohu akbar” deb azondan boshlar, azon aytganda oʻzlari ham juda balandlab ketar edilar. Meni qattiq ushlaganlari rost, ammo maktabni tugatib, Samarqandga oʻqishga boraman desam, “Bolam, domullolarga qilib beradigan oʻn minglik dasturxon yoʻq menda, mayli, koʻngling oʻzingdan qolsin”, deb oʻzlari uchirma qilganlar. Universitetni tamomlayotganimda Toshkentdan ish topganimda ham: “E-e, bolam, men tirik ekanman, Moskovga borib oʻqimaysanmi”, deganlar. Shu-shu, uyga faqat mehmon boʻlib borib, u-bu ishlarga qarashganim bilan xizmatlarini qilolmaganimni oʻylasam, armon boʻgʻzimga keladi. Darvoqe, bu ham qismat ekan, qaytar dunyo, bolalarimni men ham oʻqitdim, ular ham dunyoning turli burchaklarida yurishibdi, yonimda oʻtiringlar, menga qaranglar, deb aytish… aytsa boʻladi-yu, lekin oʻzingni oʻylab, bolalarning oyoq-qoʻlini bogʻlab qoʻyish insofga ham, hayotga ham toʻgʻri kelmas ekan.

E-e, mana, chollar oʻtib ketdi, toʻp-toʻp ketib yubordilar. Ixcham sallalarda, u ham borida, boʻlmasa boshlariga qiyiqcha oʻralgan, egarda sal qiyshiq oʻtirardilar, egar botarmidi yo bu ham boboycha zakkilikmi, qoʻlda xalachoʻp, noʻxtaning ipi eshakning boʻyniga tashlangan, yoʻrgʻaning maromida gangir-gungir hangomalashib kelayotganlari uzoqdan koʻrinishi bilan, toʻy egalari yoshroqlarni “Hay, Qoʻngʻirotdan toʻrtta eshak kelyapti. Hay, uchta eshak kelyapti, Istalindan, qaranglar. Orqadan yana beshta eshak!”, deb shoshiltiradi. Eshak boy-u kambagʻalga teng ulov, ishlaganda oldin “Villis” moshin yo “Ural” mototsikl minganlar ham pensiyaga chiqishi bilan eshakka oʻtib olar, bu ham bir martaba, endi amalning siyosati yoʻq, el qatoriga tushib, gap-gashtak yeb, xudoyi, toʻy, maʼrakalarda qidirib yurishning gashti har qanday mansabdan yaxshi, bir yoqqa borsang, yoshlar yugurib peshvoz chiqib, eshagingdan tushirib, ichkariga manzirat qilib tursa, bunga nima yetsin! Ey, kunlar, yillar gʻirillab oʻtib ketaverar ekan, chollikka daʼvogar oʻzimiz endi, ammo, albatta, eshak minmaymiz, toʻp-toʻp yurmaymiz, bizda u zavqlar yoʻq, u chollar bolaligimizni olib, bizni xotiraga choʻktirib ketgan. Oʻzimiz ham ulardan boshqacha cholmiz.

Hamma kunlar xotirasi xira emas, bir xillari hali-hanuz koʻz oldimda gul-gul ochilib turibdi. Rahbarning bir oʻzi oʻtga kelgan kunni unutolmayman. Ha, akasi yoʻq, ukasi hali kichkina yo onasi nuqul qiz tuqqan Oʻgʻiloylargacha oʻtga chiqib turardi; ularga oʻrishamiz, oʻtini eshagiga ortib beramiz, oʻzimizcha koʻnglini olgan boʻlamiz, atrofida aylanishgandan yurakchalar hovliqqan, botinolmay, chetda qolganlarga bodilanib qaraymiz.

Oftob zaldorichorbogʻning ustiga ogʻib, dami qaytib boshlagan, men ham bir oʻzim, molga qarab yurgan edim. Rahbar menga bir qarab qoʻydi-da, oʻt qamish aralash boʻliq oʻsgan suvsiz ariq ichiga kirdi. Men ham iyardim unga. Atrofdan pana, osmon baland, oldimizga kelmasa birov koʻrmaydi, chumchuq chirqillaydi, olashaqshaq hay, aqqa qara, baqqa qara, deb shagʻillaydi, yana dalaning bebosh qushlari chugʻuri. Rahbarga qarashishdan boshqa narsani oʻylaganim yoʻq, haqqast rost, lekin u egilib, oʻtni tutamlaganda, borib orqasidan shappa quchoqlaganimni bilmay qoldim, qoʻlimga bir narsa ilinib, kaptardek pitirlab bersa! Ogʻzimga qatiqlab yuvilgan tutam sochi ham kirib ketibdi. Yuragim qinidan chiqib, oʻzimni uvatga otdim. Oʻrogʻi bilan solib qolmasa degan hadik ham bor lekin. Aʼzoi badanim yonib, boshim gʻuvullab ketdi, tilim tutilgan. Uning boʻy tortib, yetilganini koʻrib yurgan boʻlsam ham, oʻsha joylari bunday durkun boʻlgani koʻylagining tagida uncha bilinmas ekan, keyin oʻzi nimaligini ham bilmayman, qoʻlim tekkanida yuragim chiqib ketdi.

Rahbar esa bir qizargan boʻldi-da, egilib yana oʻrishga tutindi. Shirt-shirt oʻroq tortib, shu egilgan koʻyicha menga gʻalati qarab qoʻyadi, “Hiy-y, uyat-a, uyat! Shunday xulqi aʼlo oʻquvchi-ya”, deydi-da, yana oʻraveradi. Bir koʻnglim – uvatga qochib chiqqanimga afsus, yana bir koʻnglim xoinlikdan oʻrtanadi – oʻl-e, buzuq-bevafo! – olaman deganim boshqa edi-ku, – endi buni quchoqlab qoʻyganimga yuzim, hatto ich-ichimgacha shuvit. Lekin ushlab olganimning pitir-pitiri! Xuddi joni bordek, xursand selkillayotgandek, kaptardan boshqa nimaga oʻxshatishni bilmayman, qarashga hadiklanaman, umrimda birinchi bor ushlaganman-da oʻshanda.

Rahbar toʻgʻrisida ivir-shivirlar qulogʻimga chalingan, yopishganim ham shungadir, menga toʻgʻri kelmaydi deb bilaman, lekin endi nari ketolmay, arosatda turib qoldim. Koʻnglim aralash-quralash junbish, yana uning mayda qizil gulli koʻk koʻylagi ichida boya ushlab olganimning tinmay borib-kelayotganiga qarab, nimadir sezgilarim bilan achchigʻi chiqmaganini anglayman. Ammo kech, qoʻsh kaptar hurkib nari uchgan, oʻsha yoqdan silkinib, e-e, yuraksiz, hali kichkina ekansan-ku, deb kulayotgan edi. Rahbarning oʻzi ham bir sinf pastda-yu, lekin hozir birdan katta qiz boʻlib, boyagi qiligʻimga xuddi ukasiga quchoqlatgandek, bemalol qoʻyib bergan ekan. Koʻp kitob oʻqimaganimda bunaqa ahvolga tushmas edimmi balki.

Yonboshlab balqigan oftobda oʻroq tigʻining yalt-yult chaqnashi, oʻzimdan, istagu hayajonlarimdan ham zoʻrroq bir kuchning Rahbarga tortib ketgani, ikki qoʻlimga urilgan bir quchoq osmoniy vahima – eslaganda hozir ham oʻsha yoshga qaytgim kelib qoladi.

Gʻaziraning koʻkmaklari xayolimda toʻlqinlanadi. Kunduzning kechki gʻuboridan dalalar ustiga oqish choyshab yoyilgan, qorni doʻmpaygan jonivorlar pishillab toʻ-oʻgʻri uyga yoʻl tortadi, temir qoziqlari jingirlaydi. Shu vaqtlari qishloqning podasi ham qaytayotgan boʻlib, sigir moʻ-oʻrashi, qoʻy ba-arashiga Maʼqul yanganing ariyasi ham qoʻshiladi: “Ha-ay! Ha-ay-y!”. Shoshmay turing, bu boshlama, unga “Hay, joning chiqqur Tirkash!” degan chorlov ulanadi-da, toʻgʻri avjiga oʻtadi: “Hay, oʻlikkinangga kuyay, Tirka-ash! Molni qaytarmay nima… yeb yuribsan? Qoʻlimga tushgin, goʻshtingni yeyman lekin!”. Naqarot ham uncha boy emas, faqat unga “gina-gina”lar aralashib, battar balandlaydi: “Ha, oʻlikkinaginaginangga kuyay, sagʻana qolgurga kim qaraydi? Boʻying sartaxtada chirisi-in! Ha, ogʻzingga…” Shu yerini aytsak boʻlmas, lekin Maʼqul xola tortinmaydi, oʻgʻlining ogʻziga nima qilishini kuyga solib, butun qishloqqa yoyadi. Oʻylaysizki, bolasini shunchalar yomon koʻradi, unga oʻlim tilaydi, qoʻliga tushsa, goʻshtini burdalaydi. Yoʻq, bu hatto qargʻish ham emas, kun boʻyi roʻzgʻoriga unnab, ishi hamishagidek unmagan, yuragiga norozilik botib siqilgan ayolning dardiga ohang berib, nafas rostlab olishi, xolos. Tirkash molni qaytarib boradi ham, uyga bemalol kiradi, onasi bor-yoʻgʻi: “Ha, koʻzginang sitilib oqsin! Bola emas, boshimga balo boʻlding-ku”, deb yana qargʻishlaydi-da, chelagini koʻtarib, sigir soqqani shoshadi.

Kuni boʻyi oftobning qizdirishi, odamlarning gʻala-gʻovuri aralash dim havodan toliqib egilgan shoxlarga bolalarning qiyqiriqlari, mollarning moʻrashi osilib qoladi, kun kechkirib, salqin oralagandan keyin daraxtlar ham shabada bilan shu past shovqinlarni sekin bir-biriga ulashadi. Gʻaziramiz serdaraxt, olma, zaldori, gilos, shaftoli, olxoʻri, olmurud, jiyda, yongʻoq, hovlilarda unda-bunda ishkom, xullasi, tuproqda unadigan neki meva ogʻochi boʻlsa, baridan bor; hovlilar, shiyponlar koʻkka oʻrangan, yoʻllar quyuq soya… Eng arzandasi tut, odamlarning tomorqasi yo hovlisining oʻrtasida, paxtaning ichida ham unga imtiyoz, toʻgʻri kelayotgan yoʻl ham aylanib oʻtadi, chunki davlatning roʻyxatida.

Atrof-javonib koʻkalam: paxta bilan beda, makkayi bilan poliz ekini, qayerga suv yetsa, oʻt gurkiraydi: boʻyimodaron, salomalaykum, semizoʻt, pechak, gʻumay paxtani bosadi, tak-tak, shoʻra, yalpiz, buni pidana deymiz, achchiq itqovun, nordon ituzumni tatib koʻrib, tuflab tashlaymiz; suvsizda oʻsadigan yantoq, qushqoʻnmas, burgan, kakra, eshakmiya, uni yangiligida mol yemaydi, lekin oʻt bogʻlashga yaxshi, qishga eshakka oʻramiz, faqat oʻroq yangi charxlangan boʻlishi kerak; ipak qurtining pilla oʻrashiga bahorikordan chitir, mingbosh yulib tushamiz, yana shu yerdagi bugʻdoypoyalarni kampirchopondan tozalaymiz: oftob tagida shamol toʻnini toʻlqin-toʻlqin tovlantirgan qirlarga qaragan odamning yuragi hapriqib, ashula aytgisi keladi, shunaqa chiroyli…

Bir eshak oʻtni tushirib, saranjomlab, mollarning yemini ham berib, keyin qoʻl yuvib, xuddi katta odamdek tomoq qirib, dasturxon chetidagi oʻz joyingizga borib oʻtirish… Osh sizga mahtal, suzilmay turadi, quroq koʻrpachaga yigʻinib choʻkasiz, katta lagan oʻrtaga qoʻyiladi, ana shunda otangiz: “Qani, bismillo, dasturxonga qaranglar”, deydilar-da, sizni alohida: “Iy-e, olishda mazang yoʻq-ku”, deb undaydilar. Yeng shimarib, goʻshtdan koʻproq olish payida boʻlasiz… Oqshomlari supada yotganda osmon toʻla yulduz yaqin tushib, har donasi billur chaqnaydi, hisobini olaman deguncha koʻzingiz ketib qoladi. Sahargi uyqu esa shinnidek yelim-shirin, toʻymaysiz, boshingizni yostiqdan zoʻr bilan uzib, oʻtirib ham mulgiysiz. Shu mulgigan koʻyi egningizga bir nima ilib, koʻzingizni yirib-artib, mollarni dalaga haydaysiz. Tong salqini junjiktiradi, tirishib esnaysiz, lekin dalalarning bagʻridan nasim-shabadalar kun chiroyini ufurib olib kelib yuzingizga sepadi, tamom uygʻonib kerishasiz…

Qani edi u kunlar bir marta qaytsa! Osmon koʻk, yer koʻk, koʻm-koʻk bel boʻyi shu xilqat ichida qizning jiyaksiz kalta lozimiyu oʻsma tutashtirgan qoshlari tagidan charaqlagan koʻzlarigacha hamon oʻngimda. Uning faqat yuzi qizardi, mening ham olovim chiqib ketdi, nimaga uning istagiga peshvoz bormadim? Kichkina edim, kichkinalik qildim, bolalikning oʻzi yoʻl bermadi.

Oʻylamang, birinchi muhabbatim bu emas, bu – uygʻonishimning ilk rasmlaridan biri edi, xolos. Lekin aniq chizilib qolgan, ranglari hanuz jivir-jivir qiladi. Unga faqat qiz minib kelgan eshak tushmagan. Albatta, shundoq damlarga eshakni aralashtirib eslagim yoʻq, lekin, bor edi-da, iloj qancha. Rahbar ham oʻtni boshiga qoʻyib oʻzi tashimaydi-ku. Lekin qanaqaligi yodimdan tamom oʻchgan. Boʻzmi, kulrangmi yo oqdir, bilmadim, ishqilib, yuk tortganda kuch bersin deb birda-yarimining burni tilinganini aytmasa, hammasi tekis jaydari eshak, bu kelgani ham oʻshalarning biri, tuki ortiq emas. Nimaga bir qulogʻi shalpaygan, oʻzi shundaymi, birov yo oʻzim yomon urganmanmi, xalachoʻp boʻyniga oʻtmagandan keyin qulogʻiga solganmiz-da, oʻroqning orqasi bilan, boshqa iloj yoʻq, ayb oʻzida, aytganga yurmagan, u paytlari tushunmasdi, endi esi kirgan katta odam deb kelib, arz qilmoqchimi, yana ham bir gap aytish qiyin. Lekin bolalikka kirib qolib, bir vaqtlar qilgan achchiqlarimni bugun yuzimga solsa, gʻalati-yu.

Lekin eshak hu boshda oʻqiganim maqolni pesh qildi.

– Nimaga borib Eskijuvada hangrashim kerak? – dedi dabdurustdan. – U yer eshak saroyi emas, bozorjoy. Keyin, men, axir, oʻzimnikilarni koʻrganda, shunda ham dimogʻim chogʻ boʻlsa, mana, yuribmiz qatorda, deb bu dunyoda borligimni bildiraman. Gurungimiz shunaqa, hangomamiz shu. Odamlar eshitsin deb emas. Ha, keyin, buning nimasi nomardlik? Eshakning ham mardi yo nomardi boʻladimi?

E-e, gap bu yoqda ekan-da. Lekin toʻgʻri aytyapti, mard boʻlib ham qayoqqa boradi, oʻzi bir eshak boʻlsa. Ha, albatta, Eskijuva eskidan bozorjoy, xoʻp, shovqini bor, oldi-sotdining gʻala-gʻovuri, lekin endi eshak hangramaydi, birda yarim loʻliniki koʻrinib turadi, lekin u ham aravasini jim tortadi. Bu gap yuk ulovda tashilgan, eshak koʻp kimqaysi zamonlarda aytilgan, keyin, toʻqimtabiat odamlarga, anavinaqalar bor-ku, kuchi yapaloqqa yetib, kuchsizlarga koʻrsatib hangraydigan, bor shunaqa odamlar, oʻshalarga. Eshakning oʻziga tegib ketishini hech kim oʻylamagan.

Shuni tushuntirmoqchi edim, eshak aytishqoqlik qildi:

– Toʻgʻri kelgan joyda hangrab, nomard boʻlib yurgan ekanman-da? Boʻyningga oʻzing bexabar aybni qoʻyishsa, juda adolatsizlik.

– Mard boʻlsang, kuchingni koʻrsat koʻpchilikning ichida, deyilyapti. Meningcha, buning yomon maʼnosi yoʻq, – dedim joʻyali qilib.

Ey, juda gʻalati-yey, eshak bilan gap talashib oʻtirsam. Odamning gapini eshakka uqtirish hazil emas ekan.

– Xoʻp, unda bu gap-chi? – deb yana oyogʻiga tiraldi qashshang. – “Eshak baxshi boʻlmas, yomon yaxshi boʻlmas”, deyishadi. Yana meni yomonga chiqarishyapti. Axir, oʻzimizga baxshiman, odamlarga emas. Avjini baralla olaman, kuy pardalarim toza, xonishlarim qadimiy, oʻzgalardan koʻchirish yoʻq. Hali biron eshak ayb taqamagan, hammasiga maʼquldirki, joʻr boʻlishadi. Mana, oʻzingiz baholab koʻring, musiqani tushunsangiz kerak?

– Yoʻq, yoʻq, rahmat, – deyman shosha-pisha. – Qulogʻimni ot bosgan, musiqaning koʻchasidan oʻtmayman.

Oʻzi bolaligimdan hangrashini yomon koʻraman, minib turganimda hangrab qolsa, uyalib, noʻxtasidan tortib, kallasiga solar edim, Endi mahallaga varanglashi yetmay turuvdi. Ha, bunga birov oʻrgatgani aniq, eshak kallasidan chiqayotgan gaplarni qarang. Keyin, men ham bilmayapman, eshakning yaxshi yo yomoni qanaqa boʻlishini. Bir xillari bor, tepongʻich, bir xillari tishlangʻich, xoʻp, bunaqasini yomon deylik, lekin yaxshisi qanaqa? Yo bu gap bilgani uchun yaxshilari qatoriga oʻtadimi? Lekin tayyorlanib kelgan, xiyla bilgich, gapiga gap topish qiyin.

– Oʻzi sensiz ham bemaza qoʻshiq urchigan. Iltimos, karnayingni tortma, – deb murosaga chaqirdim. – Qoʻshnilar ja oshnosini topibdi deb oʻylamasin. Xumori tutayotgan boʻlsa, ana, shahardan chiqib, bir ovloq dalani top-da, avjingni baralla olaver.

– E-e, – dedi eshak qulogʻini salanglatib. – Hozir dalaning ovlogʻi qoptimi, yantoq bosgan choʻlgacha egali. Hangrashga ham pul soʻraydi.

Obbo, buning fermer bilan ishi bormi! U ham yerni eshak hangrataman deb olmagan-ku. Dalami, choʻlmi, oʻziniki boʻlgandan keyin, nima qilsa, ixtiyori-da, xarajatini chiqarishi kerak-ku. Yana shuncha ogʻiz solganni toʻydirsin, bir xillari chidamay, bir bosh-bir qulogʻini olib qochib ham ketyapti, eshak koʻziga koʻrinadimi shunday pallada! Koʻryapsizmi, kimdir buzgʻunchi yoʻldan urgan buni, bor, yerda hayvonlik huquqingni talab qil, kim qayerda hangrashiga erkinlik bor, deb tezlagan. Eshakka savod oʻrgatsa, oʻzini oʻqitishini oʻylamagan nodon! Ammo-lekin men nima qilib beraman bunga, fermer yo advokat boʻlmasam? Bolaligimdan kelibdi deb, nima desa qulogʻimga quyib olmayman-ku.

Oʻzimga kelsam, aytdim-ku, oʻtkizgan joylari bordir, hammasi esimda yoʻgʻ-u, lekin urgan paytlarim boʻlmagan deb aytolmayman, axir, eshakni urmasa eshak boʻlmaydi-da. Eshak – kaltak bilan eshak. E-e, shoshmang, hozir Rahbarni esladim-ku, shu bilan bir qiziq ish boʻlgan, lekin buning eshakka aloqasi yoʻq, agar tugʻdirishga borgan qaynonasi Choʻlqindiga, tuman markazidagi tugʻruqxonaga eshakda qatnaganini aytmasa, ajoyib voqealigi uchun sizga ilinyapman.

…Shu desangiz, bir kuni shu Rahbar oʻlib qoladi. Ha endi, eridan otasiga, yaʼni erining qaynotasiga oʻldi deb telegramma kelgandan keyin shumxabar qoraxat-da. Yomon boʻlgan! Yoshgina narsa tap etib oʻlib qolaversa, yaqinlariga oson tutasizmi! Kanal suvi tortganmi, u yoqda juda kattalari boʻlar ekan, yo notoza havodan kasallangan, yo biron palakat narsa chaqqan, yo, – koʻzga yaqin edi, har xil odam koʻp, – koʻz tekkanmi, koʻzikkanmi, uchinganmi, xullasi, bu yoqdagilar ming kulfat xayolda, lekin har xil xayol kelinchakning oʻligini tiriltirib, hayotga qaytarib qoʻymaydi, albatta, bechora oʻldimi – ketdi. Yana odamlari har joydan borgan, tayinli qoʻyindisi yoʻq odamyovvoyi choʻllarda! Ha-ya, aytmabman, Rahbar maktabni bitirib, hamshiralik kursida oʻqib yurganida shu narirogʻimizdagi mitanlik yigit bilan gapi bor ekan, kursni bitirar-bitirmas toʻylari oʻtib, keyin ikkalasi yoʻllanma bilan choʻl oʻzlashtirishga, ishga deyishadi-yu, lekin asli pul ishlashga Mirzachoʻlga ketgan. U yoqda joylashib, endi tomir qoʻyaman deb turganida, yil yo oʻtadi, yo yoʻq, – eh, bu musibat hech kimning boshiga tushmasin, – oʻlgani toʻgʻrisida shu tilgʻirom oshigʻich kelib turibdi-da. Shuncha talotum bilan yana oʻlikni vaqtida joyiga berish ham kerak. Yaxshiki bular serurugʻ, xeshu qarindosh darrov gangigan otaning qavatiga kirib, yolgʻizlangani qoʻymagan. Xabari yetib kelgan kechqurunoq nechchi xabarchi, chop-chop, yugur-yugur, u xolasiga odam yubor, kasal yotgan bu katta ammasiga bildirma, it egasini tanimagan shu vaqti iyak qoqib bermasin tagʻin, amaki-togʻalarni yigʻ, kuyov tomondan yigʻ, goʻrkov ham joy kavlab turadigan, e-e, xullas, mayyitni ortib kelgani bir gurzavoy moshinni ham yollab, sovxozning shaloq avtobusiga iyartirib, kechalab yoʻl bosib, tim-tirs saharda Mirzachoʻlning Bachqirmi, Qachqirmi degan qayerigadir yetib, Rahbarning devori yoʻq, lekin hayhotday darvoza qoʻnqaygan hovlijoyining bu chekkasiga tushar-tushmas: “Voy, bolam! San oʻlguncha man oʻlmaymanmi!”deb giryai qazoni boshlab yuborishadi-ku! Jim-jit yotgan oʻsha Bachqir yo Qachqir uyqudan sapchib, arining uyasidek toʻzgʻimaydimi! Kayfi uchib uygʻongan kuyovpolvon ham ishtonchang hay-haylab chiqadi. E hazilmi, uxlab yotsangiz-da, eshigingizda dabdurustdan dod solib qolishsa. Esdan ogʻayozgan, lekin choʻl koʻrgan bamaʼni yigit-da, elas-elasda qarab, kim qaytganini tusmol qilolmasa ham, birda yarim ana-mana oʻladi deganlar ham shu yerda, esa, hay, aytimlarga qaraganda ayol kishi, men bilmagan biron qarri-qurri momoy xolamiz omonatini topshiribdi-da, deb fahmlab, “Voy enam! Volidayu mehribonim enam”, deb yigʻichilarga qoʻshiladi. Oʻzingiz bilasiz, ayol oʻldimi, kampirmi, yoshmi, yigʻi-yoʻqlovda bizni tashlab qaylarga ketgan soyabonim onam, mehribonim onam, boʻladi. Koʻngil yaqinlar quchoqlashib, yelka qoqib, dod-voy boshqattan avjga minib, yana pasayib, rasmi yigʻiga bir toʻyib olgandan keyin sekin razm solsalar, kuyovning “vo enam”i sal boshqacha, arz-dodi xotinidan koʻra bundan oʻn yetti yil oldin qaytish boʻlgan buvisiga, uncha kuymayapti, kekirdakka zoʻr berish ham yoʻliga, sal shaytonligi bor, tagʻin qarasalar, ishton ham qasamga kelgan, yupqalashib, qaragan odam koʻzini olib qochadi. “Hay, polvon, baqirishdan boshqa kalla kerak ishlar bor, mayyitga odam ketdimi?” – “Kim, kim ketadi? Mayyitlaring nima? Sizlar yigʻlab kelganga xoʻp deb qoʻshilib turibman. Oraga gap suqqani qoʻymayapsizlar.” – “Iy-e, gʻirt mast-u, u yoqda xotin u ahvolda, buyoqda bu boʻkib ichsa, nokas!” – “E boʻkibmas-e, ikki piyolaga ham boʻkadimi? U ham qacho-on – oldidan kelganimda olti yarim-yettilar edi.” – “Oʻlikning oldidan kelib, paminka qilding hammi? E-e, oʻzing oʻlib ketgan ekansan, beti yoʻq esh-shak!” – “Bet bormi munda? Bir piyolani koʻrsa boʻldi ekan-ku! Shoʻrlik bu ovloqlarga shu ahmoqni deb ergashib kelib, nobud ketsa, bu ketyalang…” Ana, shu yerda kuyovning oʻzini oqlashi olovga battar moy quydi. Toʻgʻrisini aytib qoʻya qolmaydimi, choʻl yigitining ikki piyolaginada toʻxtashiga ishonadimi shu kuyib turganlar. Yolgʻonning alamidan kuyovtoʻrani tepkilab tashlashlariga sal qoladi, yaxshi ham, Rahbarning bu yoqdan borgan Vosit togʻasi, koraftaroq odam, “Hay, chuvir-chuvir qilmanglar. Koʻp gap – eshakka yuk. Koʻrmayapsizlarmi, buning miyasi ketgan. Miya boʻlsa, ketiga bir narsa yopardi. Nima deyayotganini oʻzi bilmayapti. Endi bu yogʻini koʻraylik. Oʻlikka ham odam ketmagan chogʻi, mushtiparni, yorib-netib qoʻymaslaridan yetkizib kelishni oʻylaylik. Qaytish yoʻl ham bor hali”, deb joʻyali gap qiladi. Ana, oʻzi uxlab yotganida biron momoy emas, xotini oʻlib qolgani endi kallasiga kirgan kuyovtoʻra: “Voy, meni tashlab qaylarga ketding, Rahbarjon!”, deb haqiqatan ham rosmana vovaylo koʻtarmaydimi!. Azadorlar boshqattan taʼsirlanib, chuvvos battar avjga minadi. Rahbar ham tirikligida koʻp kelinchakning biri boʻlib yurgan boʻlsa, endi hamdu sanosi osmonga balandlagandan keyin, birdan qadri ortib, bunday juftidan ayrilganiga chidamay kuyovtoʻra guppa tashlab yuboradi… Balki oʻzidan ketganga solgandir oʻzini, tagʻin meni javobgar deb sudga sudra-sudra qilishmasin deb. Lekin asli oson tutasizmi, yigit odam jondan suyganmi, suymaganmi, roʻzgʻorga zaril kelinchagidan judo boʻlib, qoʻlida chaqalogʻi bilan choʻlda qolsa! Janozaga toʻplanganlarning bitta oʻlikni ikkita qilgan boʻlmasak tagʻin deb hurrasi uchadi. Hamma ham aqlini yeb qoʻymagan, darrov betiga suv-puv sepib, inqillashini eshitgandan keyin, Vosit togʻa yana mudabbir, kim oʻlikka boradi, kim darvoza oldida tovush berib turadi, kim tomogʻi quriganlarga choy yetkazadi, kim qorashoʻrva osadi, xullas, kalapatra bosilib, marosim rasamadi yoʻlga qoʻyilib, yigʻi maromga solingan shu vaqti Choʻlqindidan kuyovning enasi, yaʼni Rahbarning qaynonasi eshagini xalalab kelib qolmaydimi! Qarasa, hovli toʻla yigʻin, yigʻichilar, kelinga aza ochilgan, oʻgʻli esa oʻrtada Alpomishning loshiday choʻzilib yotibdi. Ana, endi enaniki tutmaydimi: “Iloyo, aytganning ogʻzidan chiqib yoqasiga yopishsin! Oʻzim hozir atala ichirib kelyapman-ku. Sen, yer yutkur, nimaga ketingni korson qilib yotib olding, xotinni men tugʻdirdimmi?”, deb hovlisupurgini oʻqtaladi, oʻgʻil oʻsha koʻp dakkiga qolgan ketini koʻtarib qochib, oʻzini uyga uradi; shim-pim kiyib olmasa qoʻymaydi bular.

Ana, bu yogʻi koʻzyoshu tomosha! Yaʼni Rahbarning mayyitini olib kelib, uyini koʻrsatamiz-da, keyin yurtga olib ketamiz deb kelganlar ahmoq boʻlganiga xunob, bir xillari kulgidan tuyilib, yelkasidan necha musht yegan, toʻrt-besh xotin xursandlikka oʻpkasi toʻlib, boshqattan xuvillagan.

E-e, xullas, “nima boʻldi-nima qoʻydi”lardan bilishsa, Rahbarni oʻldiga chiqargan kuyovning oʻzi, aniq oʻzi emas-u, “oʻzbekskiy peredavay” qildirgan telegrammasi. Rahbaroy yukli ekan, oy-kuni toʻlib, vaqti-soatida tugʻruqxonaga yetib, yana shu vaqti-soatida tugʻib ham beribdi. Osongina! Qoʻchqordek oʻgʻil. Besh kilolarga borar ekan. Kuyov oʻziga sigʻmay pochtaxonaga chopgan, qaynotamning boʻyniga suyunchini naqd qilib qoʻyay deb. Pochtachi qizga: “Davay, yoz: “Rabar ul tuvdi. Uchta soʻz”, deb buyuradi. Boʻlim pochtasida oʻtirgan bu qiz oʻzbekcha gapirishni bilsa ham, oʻrischaga oʻqigan ekan, “Kak budet po-russki?” deb soʻrab oladi. “Qanaqa poruskiy? Oʻzbekskiy peredavay. Zakon imeyu prava. Uchta soʻzga, ma-e, uch soʻm. Izdacha ne nada. Senga padarka”, deb mardlik ham qilib yuboradi otacha. Oʻzbek tili haqida yangi gaplar chiqqan vaqt, pochtachi qiz tumandagi dugonasiga ulanadi: “Zinulya, prinimay: “Ra-bar ul tuvdi”. Zina oʻzbekchani yantoqqa sudrab u-bu gapni anglar ekan, “Kto, rukovoditel?”, deb aniq qaysi rahbarning oʻlganini bilib olmoqchi ham boʻladi… “Chto tiʼ melesh? Eto po-uzbekski, imya. Jena, naverno. “Ra-bar ul tuvdi”. Tak i pereday”, deb izohlaydi pochtachi qiz. “Ladno, Rabar ultuvdi, tak, uluvdi, mne kakaya raznitsa”, deb Zinaxon eshitganini sal chala qilib Sirdaryodagi Galyaxonga uzatadi, Galyaxon Samarqanddagi Mashaxonga… shu bilan, Rahbarning oʻgʻil tuqqani haqidagi xabar hukumatning rasmiy baobroʻ qogʻozida “Rabar uldi” deb yetib kelgan ekan-da-yey!

 

Zoʻr-a? Bunaqasini toʻqib boʻlmaydi, hayotning oʻzi toʻqib qoʻygan! Yana koʻpini aytib bersam boʻladi, masalan, Mamatov Shermat degan fizkultura muallimimiz qahratonda Bulungʻurning muzini yorib choʻmilar edi, bir kuni, daraxtlarni bulduriq bosgan saharda Samida xola suvga borsa, bir yalangʻoch qizil hoʻkiz, hoʻkizning kiyingani boʻlmaydi-ku-ya, ishqilib, dev bir narsa chekkadagi muzni qars-qurs sindirib suvga shoʻngʻib, yana qaytib chiqibdi, pishqiribdi, tagʻin kampirga koʻzi tushib e-e deb uyalar emish shu qizil hoʻkiz, kampir ham esi teskari, qolishini ham, qochishini ham bilmay turavergan; eh-he, keyin qishloqda tuppa-tuzuk odamlarning bolasi, Samarqandda toʻrt yil oʻqib kelgan, bu yoqda qiz unashtirib qoʻyilgan yigit yomon bir tuzalmas qichimaga chalingan, sogʻ odam shu qorasovuqda suvga tushadimi, deb rosa gap boʻlgan. Hatto bir-ikkita odam, xayr, oʻzi tayyor yalangʻoch ekan, kampir odam – sizga uyati yoʻq, a yaxshilab qarab, yashirib yurgan qoʻtirlarini koʻrib olmabsiz-da, bizlar ham bilardik, deb Samida xoladan koyingan ham. Keyin kelin boʻlmish tomon odam qoʻyib, kishibilmas poylatganmi yo oʻzi tushuntirganmi, ishqilib, suvayiqning toʻyi oʻtdi lekin. Tagʻin, bizdan bir sinf yuqorida oʻqiydigan Xolbekning onasi bitta bugʻaltir bilan qochib ketgan; yaxshi koʻrib qolish degani shunaqa savil narsa ekan, oltita bolani onasiz yetim qoʻyib, ha-a, koʻnglini xudo olsin, besharm, uyati yoʻq, bugʻaltirning ham xotinida uchta bola qolgan, bugʻaltir Uchqulochdan, bizlar uncha tanimaymiz, molbozorda dallol ham ekan, biron yaxshi koʻradigan joyi qolmagan shekilli, Xolbekning onasi ikki yildan keyin qaytib kelib, yana roʻzgʻorini qilib ketaverdi; shuncha bolani boshqaga ishonib boʻladimi, axir, keyin qaysi xotin qarashga rozi boʻladi, otaning ham boshqa iloji yoʻq, koʻngan. Bunaqa yaxshi koʻrishni tushunmaganimizdan, gap ochilsa, tanimasak ham uchovini boʻralab soʻkar edik. Ayniqsa Xolbekning otasi latta ekan, oʻrnida boʻlsak, “Qochib ketib, endi nimaga kelasan? Yoʻqol, sendaqa xotinim yoʻq!” deb haydab yuborar edik-da, axir.

Shunaqa gaplar koʻp boʻlgan.

Bizlarning uncha ovloq emas-u, har holda shahardan olisroq Gʻaziramizda qoshiga qalin oʻsma qoʻyadigan tojik, erini qattiq ushlagan eroni yangalar, ikki uy qrim, uch-toʻrt uy ufa-tatarlar yashardi; yana qachon qayerlardan kelib qolgan Ivanbobo degan oʻris ham, uchta choʻchqasi, ikkita xotini bilan turardi, bittasi – terakdek daroz Valapa, yaʼni Valya opa, atrofdagi bor xotinni shu tugʻdirgan, mening ham kindigimni kesgan, u vaqtlari tugʻruq uchun alohida ulov yoʻq, yoʻlmoshinda shaharga olib borishga toʻgʻri kelgan, Valapa esa doim tayyor momodoya, toʻlgʻoq tutganning uyiga oʻzi borib, baranchugini tugʻdirgan, kindigini kesgan. “Baxtimizga shu Ivan bilan Valapa ham kelib qolgan ekan”, deydilar onam. Valapa kindigini kesgan bolaning sanogʻi yoʻq; ikkinchisining otini bilmaymiz, Nenamidi, Varamidi, choʻchqalarini qaytarishga chiqib qolganida koʻramiz, mudom uyida, Valapa yurib, roʻzgʻorni bu qilsa kerak. Ivanboboga oʻris boʻlgani uchun ikkita xotin olish mumkin boʻlganmi, yo balki birovi xotini, birovi oʻzining yo xotinining singlisi yo opasidir, lekin bizlar ikkovi ham Ivanboboga tekkan, deb oʻylar edik. Choʻchqa degani bizdagi hech bir hayvonga oʻxshamaydigan, ham qiziq, ham bir qoʻrqinchli, ola-bula toʻngʻiz ekan. Bulungʻurning boʻyiga tushib qolsa, ichiga kirmay, ariq labini kavlab xur-xurlab yursa ham hayda-hayda boʻlib, bir xil odamlar irganib, uch-toʻrt kunlab Bulungʻurdan ichgulikka suv olmas edi. Choʻchqani talatamiz deb zoʻr-zoʻr itlarni olib boramiz, olkishlaymiz, Vafoqulning choʻpon kuchugi bor edi, shu ham vovullab boradi-da, taqqa toʻxtab, joyida irillab turaveradi, choʻchqa esa iy-e, menda qanaqa ishi bor ekan deb, kichkina koʻzlarini ajablantirib hayron tikilib qaraydi. Bir uzoq qarindoshimiz kolxoz raisi edi, Ivanboboga hamsoya, bitta oʻgʻli Sardorni nimagadir katta qilishga shularga bergan, haligi dumaloq kampiri qaragan; Sardor gapiga “nu” deb qoʻshib gapirar, juda toza yurar, bizga oʻxshab eshak minmas; ilgari sunnat toʻylar oʻgʻil bola toʻrt-beshga chiqqanda, ishqilib, maktab yoshigacha qilinib, katta oʻtar, mening toʻyimga otam ot soʻydirgan, ana shu Sardor ot goʻshti yemayman, menga toʻgʻri kelmaydi, deb turib olib, “Vo-o, oʻris boʻlib ketibdi! Choʻchqa yeydi!” deb rosa hasadimizni keltirgan. Oʻshanda ham oʻrislarning bizga oʻxshamagan boʻlakcha bir xalq ekanini bilib, ot goʻshtini nimaga yemay, choʻchqanikini yeyishini tushunmas edik. Harom boʻlsa ham, bir tishlam yeb koʻrsakmikan, deb yurar ham edik oʻzimiz.

Yana bir Jamila degan qizni sakkizinchi sinfdan oʻz farzandiga rahmsiz noinsof otasi Galatepa degan joyga yomon bir odamga erga berib yuborgan, shunday yosh narsani olgandan keyin yaxshi odam emas, yomon boʻladi-da, lekin, bilmadim, oʻn yillardan keyin shekilli, shu Jamilani uchratdim, toʻrt bolali bippa-binoyi xotin boʻlib yurgan ekan, ukasi Oʻrin biz bilan oʻqigan, uylanganda toʻyiga borgan edim, shunda koʻrdim, lekin oʻzgarib ketganimga meni tanimadi, maktabda gavdam kichkina edi-da. Shularning sinfidan Gagarin laqabli Mamarasul Bulungʻur bandidan suv olib, sekin tepaga oʻrlaydigan Rovdon ariqqa traktor bilan agʻnab tushgan, naq yigirma quloch balanddan! Maktabimizning bitta “polutorka” bilan temirtish gʻildirak “Universal” traktori boʻlar, gurzavoyning faqat kabinasida ruli bilan taxtasi chala kuzovi qolgan, lekin “Universal”ni chuqilasa, “zavadit” boʻlar edi. Mamarasul shuni “zavadit” qilib haydab, Rovdonning ustidagi yoʻlda rulni burishga kuchi yetmay, “Universal-puniversal”i bilan qulab tushgan, xudo asrayman desa, hech gap emas ekan, balo ham urmagan. Shu bilan, Gagarin osmonga, Mamarasul pastga uchgani bilan buning ham oti Gagarin boʻlib ketgan.

Bulungʻurimiz burunlari oʻzi ham onda-sonda odam chaqirib turgan, lekin biz tomonlarga ham elektr kelgandan keyin yiliga bir-ikkitani tortib ketadigan boʻlib qoldi: kimdir tok bilan baliq ovlashni koʻrib kelgan, uni boshqalar ham oʻrgangan, shu bilan baliqqa qiron kelgan, shirmoy bechoralar oppoq qorni bilan chappa oqib qolaverar ekan, shuni olaman deb bu yoqda oʻzi suvga sim tiqqani esida yoʻqlar… “Chiqasi kelsa, egasi boshchi” degani shudir-da. Ha, aytgancha, Xursan pes degan odam boʻlar edi, yoshi oʻttizdan oshgan, hech kim qiz bermagani uchun bexotin, oʻzi pes-mes emas, bu ham traktori bilan yonib ketgan, shundan qoʻllari, betlarida katta-katta oq-qora kuyiklari bor, toʻgʻri oti Xursand, boʻjamaligidan odam irganib, otini ham toʻliq aytgisi kelmas edi. Bu keragi yoʻq gap nimaga esimda turibdi, hayronman. Shunga hech kim qizini bermaydi deb achinganimdan boʻlsa kerak. Qiziq narsalardan, Vaska degan toʻriq ot bor edi, Qrim degan joydan kelgan egasi Ridvan aka bir nima deb, bizlar duo oʻqiydi deb oʻylardik, keyin hushtak chalsa, orqa oyogʻida tik turib, oʻynab berardi. Ridvan akadan qoʻrqardik, biron yomonlik qilganini eshitmaganmiz-u, lekin gapiga ishonmagan odamni tuxum tugʻdirib, yomon uyatga qoʻyar edi. “Ha, shunaqami? Iy-e, tugʻib qoʻydingiz-ku”, deb qoʻli bilan odamning ketidan tovuq tuxumini olib berardi-da. Tuxumni siz tugʻmaysiz-ku, lekin u uning qoʻlida qayerdan paydo boʻldi, bilmay qolasiz. Baslashib, Valibobodagi chinorga oʻzini oyoq-qoʻli, hamma joyidan arqon bilan qattiq chandib bogʻlatib, keyin hech kim qarashmasa ham boʻshalib olgan, biz koʻrmaganmiz, koʻrganlardan eshitganmiz, shundan oʻzini koʻrganda, bu yoqqa kel deb chaqirib, tuxum tugʻdirib qoʻyishidan hadiksirab, yaqiniga yoʻlamas edik. Jinlardan oshnosi borligi ham balki rostdir, chunki Qambarotada ancha yildan beri qurib yotgan qayragʻochni qadamjoniki ekanidan qoʻrqmay, “Esston” degan traktorda torttirib kelib, qishga oʻtin qilsa ham hech narsa urmagan, uchinmagan. Yana bir Alim ogʻa degan, Qrimdan Ridvan aka bilan birga kelganmi, yoʻqmi, ishqilib, bitta xalqdan, yoshi katta kishi, moyga botib traktor tuzatardi, lekin koʻchaga chiqqanda toza kiyinardi, xotini bir muloyim kampir, doim kelib oyim bilan gurunglashib oʻtirar, oʻzlarining bolasi yoʻqligidanmi, menga shirin gapirib, tinmay duo qilar, eru xotin ikkalasi traktor garajining bir chetidagi gʻaribgina uyda turishar, kampir: “O-o, bir choynak tillam bor edi, askarlar mashinani toʻgʻrilab, chiq, desa, hali qaytib kelamiz-ku deb, uyning oʻrtasiga koʻmibman, qolib ketdi shu bilan”, deb ogʻir soʻlish olar edi, u paytlari tilla nima, narxi qanchaligini bilmasam ham, bir hovuchginasini ololmabdi-da, deb juda achinardim. Yana bir tatar abziy boʻlardi, uyi shundoq Bulungʻurning labida, baliq ushlashning piri deb bilamiz, qarmoq solayotganda ilgakdagi chuvalchangga: “Mening qoʻlim emas, abziyning qoʻli!” deb tuflardik, u paytlari baliq koʻp edimi, taassubimiz kor qilardi lekin. Ximiya muallimimiz Minixanov ham tatar, ufa-tatar, oti qiziq – Fan; xotini Pilura – Flyura opa kutubxonachimiz, kichkinalardan kitobni qabul qilib olayotganda, albatta “Yaxshi! Qaniy, keyin nima boʻldi, aytaver-chi”, deb oʻqiganimizni erinmay soʻrab olar, undan maqtov eshitish uchun zehn qoʻyib oʻqir edik. Uylari oqlangan, atrofi taxta panjara, ikkita qizi ham ohorli kiyingan, keyin juda yaxshi oʻqir, kattalarining tili tatarchaga ketsa-da, bolalari ancha toza gapirar, bizni nimalaridir oʻziga tortib, yana nimalaridir itarib turar edi.

Keyin-ey, odam bir yoqda sal turib kelsa, darrov oʻzgarib, tili ham buzilib qolar ekan. Gʻulomning Iskandar degan akasi Toshkentga oʻqishga borib, yiqilib, bu yili kiraman deb oʻsha yoqda qolganida, oltimi, yettimi oydan keyin otasi borib oldiga solib keldi; ketganida tili gʻirt oʻzimiznikidek edi, lekin kelganidan keyin tishining orasidan chirt tupurib, “boʻtta-shoʻtta” deb gapiradigan boʻlib qoldi. “Oʻtdagilar shunaqa gapiradi, “beda-sheda” deyishlaring notoʻgʻri, sila maqvossila oʻzi”, der edi, tavba. Oʻqishga kirgani boshqa ketmadi, lekin tilini ham tuzatmadi. Iskandarlarning qaysisi deb soʻralsa, “Ha, oʻzimizning Iskandar boʻtta-da”, deb aniqlik kiritilar edi. Gujo-gujo tojik yangalar “i-i” deb choʻzsa, toshkentliklar “boʻtta-shoʻtta” deb gapirishini oʻshanda bilganmiz.

Ey, juda qiziq, doʻngdan, oti esimdan chiqdi, bir yigit armiyadan oʻzi bilan bitta qiz olib kelgan, Gʻaziraning bozoriga olib tushib, yetaklashib yurgan, ikkovining ham koʻzida qora koʻzoynak, ikkovining ham ogʻzida pista, yuraymi, yurmaymi deb bir-bir qadam bosib oʻzlarini rosa bozorga solgan, gur ergashib tomosha qilganmiz. Ha, doʻngdan deganim, qishlogʻimiz ikkiga boʻlinardi, Bulungʻurning u tomoni baland yerlar doʻng, bu tomoni pastlik, odamlar ham qayerda turishiga qarab doʻnglik, pastlik deyilar edi. Ammo ham, shu qiz rosa tomosha boʻlgan: sochi sariq, yigʻishtiriqsiz, yaʼni yelkasiga yoyilib tushgan, koʻzida qora koʻzoynak, koʻylagi kalta, lozimi yoʻq oyoqlari ochiq, osmondan bir sariq narsa yonib tushgandek rosa gap qoʻzgʻalgan. Keyingi bozor kelmadi, undan keyingilariga ham – ketib qolibdi. Tekin tomoshadan ayrilganimizga koʻp afsus qildik.

Eshonxonov degan keksa muallim bor edi, akamlarni ham, opamlarni ham oʻqitgan, pensiyaga chiqib ketib, bizlarga kirmagan. Lenin ordeni olgan deyishardi, koʻp koʻramiz albatta, kostyum-shim, galstukda qirrali yurardi, shu kishining qizi doʻxtirlikdek zoʻr oʻqishga kirgan, lekin oʻzi bilan birga oʻqigan xorazmlik yigit bilan topishib, otasini juda nosoqqa qoʻygan. Qochishga qochib ketmagan-ku-ya, lekin sovchilari uch-toʻrt marta qaytarilgan, oxiri zoʻr toʻy ham boʻldi, biz ham toʻyib oʻynaganmiz, Zamira opani “Volga” moshinda kelin qilib olib ketishgan. Ikkovi ham Samarqandda ishga qolgan ekan, eru xotin oy oʻtmay kelib turardi, Gʻaziramizning yakkayu yolgʻiz bekatida koʻramiz, Zamira opa oqdan kelgan koʻhlik kelin, kuyov baland boʻyli, jingalaksoch yigit, nimaga qizi Eshonxonovday odamning obroʻsini toʻkib qoʻydi, degan visir-visir chiqqan, bizga qorongʻi. Keyin Turobning matpak – matematika fakultetidagi opasi ham oʻzi bilan oʻqigan urtutlikka, Salimaning biyopak – biologiya fakultetidagi opasi surxondaryolikka tegdi, Jamolning akasi texnikumdan nurotalik qiz olib keldi, bular Eshonxonov domlaning qizidek katta gap boʻlmasa-da, ishqilib, nimasidir xavotirli, nimasidir alamangiz boʻlib, qishlogʻimiz rishtalari keng dunyoga bogʻlanib borayotgani koʻnglimizga notinchlik solar, oʻzimizni ham oʻsha yoqlarga tortqilar edi.

 

Bilmayman, nimaga bunday, kitobning taʼsirimi, oʻylar girdobiga tushib qolganimdanmi, odamlarning ichida yolgʻizlanib yurar edim. Hech kim meni chetga surmagan, kutkilamagan, ish qildirgan boʻlishsa, qaysi bola ishlamagan, bu ham bir oʻyin, faqat jonga tegib qoladi, oʻyin tegmaydi, bari bir, ikkalasining ham oxiri birdek charchoq yo gap eshitish. Lekin oldindan shu kichkina boshimga hamma unday, men bunday, deb koʻp oʻy suraman. Maktabni boshlab ham qamoqqa tushdim. Ha, erkin yurgan bola, qoʻraga qamov boʻldim-qoldim. Oʻylarim bilan. U vaqtlari oʻqishning birinchi kuni yangi kiyimlarda, guldasta koʻtarib borishlar yoʻq. Xayr, qoʻlni kirsovunda qirtishlab, betni ishqalab yuvib, boridan tozarogʻini kiydirib, qayta-qayta: “Darrov tuproqqa bulab, moʻltonining jandasi qil-ib kelmagin, oʻldiraman lekin!”, degan ming zarda quloqqa quyilgandir, chunki yangisini olish uchun Samarqandga borish kerak, obergan bilan ham, es-hushi oʻyinda bola, ertalab kiydirib yuborgan yangini tushga qolmay eskirtirib qaytamiz. Guldastaga kelsak… oʻrib molga bersa boʻladigan gullardan xursandchilik kunlarida ipga bogʻlab guldasta tuzib, birovga siylov tutishni, hu vaqtlar oʻtib, kitoblardan oʻqib bilganmiz. U kitoblarda doim bayram, hammaning dimogʻi chogʻ, gaplari ham qarsillagan, sira biznikiga oʻxshamaydi. Oʻsha kuni endi bir nimalardan ayrilganimizdan xavotirlanib, boʻynimizni qisib maktab oldidagi maydonga toʻda boʻldik, urishish-siltash bilan bir amallab qingʻir-qiyshiq saflandik. Bu yogʻi qanaqa boʻlsa deb anqayib turganimizda qoʻlimizga bir xil yap-yangi kitob-daftar ushlatib qoʻyishdi, keyin shularni bizlarga yaxshi oʻqisin, adab-tarbiyali oʻquvchi boʻlsin, deb tekinga berganlari uchun chap-chap qarsak urdirishdi, qoʻltigʻimga qisganim esimda yoʻq, qarsak chalaman desam, bari yerga sochilib tushdi. Biram sazoyi boʻldim lekin! Hammasidan ham hali yoshing yetmaydi, ergashma menga, desam ham keyinimdan qolmay kelib, endi chekkada, tol tagida ichi kuyib oʻtirgan Abdualimning koʻzi oʻynab tirjaygani oʻtib tushdi. Kitob-daftarlarni yerdan qoqib-puflab oldim-u, lekin endi, bari bir, boshqalarniki yaraqlagan yangi, meniki esa eskirib, tutishga yaramaydigan notoza tuyulib, maktabi ham koʻzimga yomon koʻrinib ketdi. Tagʻin deng, ertasi, oʻqish boshlangan kuni, Xatira muallimaning qoʻlini qonatdim. Muallima har partaga ikkitadan oʻtirgʻizib, “Qoʻllaringni partaning ustiga qoʻyib, damgina quloq berib oʻtiringlar”, deb tayinlagan edi, bunaqa qimirlamay oʻtirishni bilmayman, birpasda diqqatim oshdi, pitir-pitir qildim, partaning qopqogʻi gʻalati, oshiq-moshiqli, buklanar ekan, ochib-yopib oʻynashga tushdim, muallima jahl bilan kelib qars yopaman degan edi, jimjilogʻi qopqoq tagiga kirib qolib, qiyilib ketdi! Qoʻli oppoq ekan, qizil qoni tirqirab chiqdi. Rosa qoʻrqdim, Xatira opa vuy-vuylab qoʻliga roʻmolcha bosdi, qoni roʻmolchadan ham sizib chiqdi; menga hech narsa demadi, lekin endi boʻldi, tamom, maktabdan haydalaman, deb oʻyladim, oʻzim ham shuni xohlab qoldim. E-e, maktabini ham, dedim! Mollarimni boqib yurganim ming marta avlo-ku. Uni qilma, buni qoʻy, yoʻq, oʻz erkimcha yuraman! Bu yerda dalaga chiqishga ham qoʻl koʻtarib, nimagaligini uyalmay aytish kerak!

Ana shunaqa, Gʻaziraning oʻrtasida maktab partasida mixlanib, shu Gʻazirani sogʻinishga oʻtdim. Qipchoqariq boʻylariga chiqaman, zaldorichorbogʻdan danak terib, tosh bilan chaqaman, olmaning kechki navlariga maza kirib qolgan, tishlab koʻrib, eng shirinini yeyman, hushtak chalaman, xirgoyi qilaman, umbaloq oshaman, erkim oʻzimda! Oxiri Bulungʻurga tushib, quloch otib suzaman, ariqning ustiga egilgan toldan kalla tashlayman, sovqotganimdan keyin tuproqqa koʻmilib isinaman – oʻtirgan joyimga yigʻinib gʻujanak boʻlib olaman; meni dars tinglayapti deb, erkin hasratga berilganimni hech kim bilmaydi.

Lekin yolgʻizlikdan qoʻrqaman ham. Maktabga borganimdan oldinmidi yo birinchi sinfdan keyinmidi, har qalay, ora uzoq emas, pishiqchilik edi-da, bizda shu mavsumda – avgustning oxiri, sentyabrning boshlarida toʻyga ruxsat bor; uyi bozorjoyga yaqin Hotambovo nevarasini kesdirib, kechqurun bazm berdi, biz bir chekkada osh yeb olgandan keyin yashinmachoq oʻynadik, men sariqmoy, chakki sotiladigan kappon tagiga kirib, qapishib bekindim, hech kim topolmadi, bir-ikki chaqirishdi ham, tovush bermadim, qancha vaqt oʻtdi, bilmayman, toʻyxonada magnitofonning tasmasi tugadimi yo bolalar boshqa oʻyinga qiziqib ketib qoldimi, ishqilib, hammayoqni tim-tirs sukunat bosdi, balki bor shovqinni qalin suvalgan kappon oʻtkazmay qoʻygandir, Hotambovoning uyidagi toʻy shuʼlalari ham bu yoqqa teskari, atrof sim-siyoh koʻrinadi, jimlik qulogʻimga botib, tom bitirgandek boʻldi-da, yuragimga gʻulgʻula tushdi: yashiringan joyimda yoʻqolib qolganman, boshqa yoqlardan izlab koʻrishadi, oʻsha yoqlardan ham topilmayman, oʻzimga oʻzim ham koʻrinmayman, shu bilan tamom yoʻq, yoʻqolib ketganman, hammaning esidan chiqqanman, unutilaman, kapponning shu tor kavagida bir umrga qolib ketdim endi.

Gungurt kecha, oysiz osmon tagida kichkinagina boʻlib qaltirab oʻtirganim! Yolgʻizlik oʻzim boʻlib qoldim, oʻzimdan qoʻrqdim. Bir sur bosdi! Kappondan otilib chiqib, yurak taka-puka, toʻyxonaga – odamlar orasiga chopdim!

Shu chopishim bir umrlik ekan, bir umr odamlar orasida yashab, bir umrki ularga tomon yuguraman.

Tugʻilgan tuprogʻimdan unib chiqdimmi, oʻsibmi, nima boʻlmasin, chiqib ketdim. Endi ona qishlogʻimga faqat mehmonman, uzoqdan borib, yaqinlasholmay kelaman – oʻrtamizni boʻlib katta koʻkdaryo unsiz ayqirib yotadi koʻnglimda… Oʻtolmay, oʻrtanib qaytaman.

Buni bilgan biladi, bilmaganga bildirish juda qiyin.

Bultur yana bir joʻram keldi. Toshkentda ishi bor ekan, qoʻyar-da qoʻymay meni koʻchaga chaqirib oldi; maktabni u oʻn bir yillik, men oʻn yillikni, boshqa-boshqa sinfda, birga bitirganmiz; universitetga bitta fakultetga kirdik, men oldin, u bir yil keyin, lekin ijarada toʻrt yil hamhujra turdik, qalin edik, uyga kelasiz, deb hargiz yalindim, koʻp yillar oldin bir-ikki qur kelgan, lekin bu gal oyogʻini tirab turib oldi, oʻlaman sattor, uyingizga bormayman, bormayman-chi, bormayman! Hayron boʻldim, mayli, deb, oʻgʻlimga obor-chi meni, nima gap ekan, deb bilgim kelib bordim. Uchrashdik, koʻrishdik, qahvaxonada undan-undan soʻrashib, gapimiz singishgandek keyin, nimaga uyga oʻtmayapsiz, devoringizni teskari urib qoʻygan yerim bormi, deb soʻradim. U birdan hurkdi, hurkib, anavi Lotin Amerikasi togʻlarida yuradigan guanako – lamaning beboshvogʻiga oʻxshab boshini tik koʻtardi, “E-e, men uyingizga bormayman”, dedi. Bilmay koʻnglini ogʻritib qoʻyganman shekilli, deb koʻnglim gʻashlandi… “E-e, joʻra, nima, menikidan ilon chiqqanmi?”, dedim. U oʻsha balanddan tuya boqish qilib: “Yoʻq, borolmayman! Odamlar, doʻst deb yuribsan, doʻsting allaqachon oʻzgargan, bitib ketgan, shunaqaki, uyidagi kursisiga ketingni qoʻyishga botinolmaysan, deb aytishadi menga”, deb qoldi! Yerga urilgandek koʻzini olib qochgani gʻalati boʻldi. Tavba, qimmatbaho kursi ham odamga nasogʻ boʻlar ekan-da! Men boy boʻlsam, sen joʻram, xursand boʻlish oʻrniga… Turib-turib alam qildi, “Qanaqa kursi ekan?”, deb tishlandim. Hay, uyimga keling, deb oʻzim yalindim-ku! Astagʻfirulloh! Men yeb u quruq qolgandek! Uyimga borishga haddi yoʻq, lekin oriyati bor, gʻururi baland, oʻzini yer qildirib qoʻymas ekan. Haligi kursilarimga oʻtirsa yer boʻlib qolar ekan-da. Ol-a! Men olmagan xotinning tugʻmagan bolasining tishi ogʻribdi. E doʻst, shunday ekan, chaqirib olishga qanday haddingiz sigʻdi, dedim. Tushmaydi pastga! Poʻchogʻimsiz, yaʼni ikkovimizni noteng qilgan boyliklarimni koʻrmay-kuymay, hu oʻsha burungi holimda gaplashgisi kelibdi, oʻsha – maktabda birga oʻqigan, ijarada bitta nonni boʻlib yegan, xullasi, men oʻzgarmagan kunlarni sogʻinibdi, yayrab gurung qurgisi kelibdi. Tavbangdan ketay! Boladay sodda odamlar hali ham bor-a!

Oldimizda kabob, gazaklar, u yarimta buyurdi, koʻnglini yozish uchun, men, tobim yoʻq, ichmadim. Bari bir, qahvaxonaning ikkovimizga ham bir xil, bir tus kursilarida oʻtirib ham gurungimiz qovushmadi. Uni esladik, buni, talabalik davrlarimizga bir-ikki tushib chiqdik, buklama karavotda yana choʻzildik, kilka yegimiz kelib qoldi, bari bir, bitib ketsam ham oʻzimni avvalgidek koʻrsatishga urinayotgan boʻldimmi, yayramadik, shuning alamigami, u birdan oʻzining kam emasligini pesh qildi: “E-e, men gurillab yashayapman, gurillab ketganman!”, dedi. Men bunaqa gurillab yashashning maʼnisini bilmas, menga bu nasib ham qilmas ekan. “Hay, gurillang! Bundan ham gurillang!”, dedim. Yoʻq, bitib ketganim bilan buni tushunmas ekanman! “Siz endi shunday qoldingiz; oʻzgarmaysiz, men oltita bolamning beshovidan qutuldim, hammasi uyli-joyli, bitta kichkinam bor, uni kollejga, bojxonanikiga joyladim. Uy, mol-hol, mashina – hammasi bor, roʻzgʻorim badastir, lekin gurillaganim bunga emas, men qishloqda yashayapman, qishlogʻimda gurillayapman, bildingizmi!”, dedi. Ha, gap bu yoqda ekan: men har qancha bitgan boʻlmay, bu yerda gurillamayman, gurillay olmayman. Toʻgʻri, shu tobda toʻgʻri qishloqqa haydab, koʻkraklarimni toʻldirib nafas olib, bir gurillagim kelib ketdi. Qani edi, Gʻaziraning oʻrtasidagi baland doʻngtepaga chiqib, qulochimni kerib uchgudek bir qiyqirsam, necha-necha yillik siqintilarim tarqab ketarmidi! Lekin gurillab boʻlib nima qilaman, nuqul gurillab yurolmayman-ku, keyin, nima, hamqishloqlarimga vatanni sevish haqida maʼruza gurillab yashaymanmi? Ularning meni tomosha qilishdan boshqa ishi yoʻqmi? Xoʻjalik doʻkonida oynaga namoyishga qoʻyib qoʻymasalar kerak, Toshkentdan kelib, mana, oʻzimizda gurillayotgan hamqishlogʻimiz deb.

Doʻstim joni achiganidan gapiribdi-da-yey, koʻchib borib bitta joy qilib qoʻyish, oʻz odamlaring ichida yashashga nima yetsin menga oʻxshab, bu dunyodan hamma oʻtib ketadi, hammasining joyi belgili, lekin sizniki… axir, oʻligingizni kim koʻtaradi, dedi, oʻligim bu yerda xor boʻladigandek; joy tiklash menga choʻt emas, shuni qilay ekan. U azaldan oʻzi gapirganiga oʻzi mast, bir tutanib bersa, bosilishi qiyin. Tili shunga qayralgan. Shuning jaddiga ancha savdolarni ham koʻrdi-yu, lekin hozir eslatganning foydasi yoʻq, mavridi emas.

Men yon bergandek boʻldim, gapimiz bolaladi, lekin tayinli toʻxtami boʻlmadi, u gurillaganini dalillab turib oldi, men gurillamayotganimni boʻynimga oldim, nima desa maʼqul topdim. Xullas, u deb, bu deb boyligimsiz xolis oʻtirishimizni yakunlab, bir umrlik doʻst bilan koʻnglimda bir umrga xayrlashib, kira mashinada uyga qaytdim. Shu kallang boʻlsa, yoʻq kursim ham ketingga hayf, dedim kelayotib. Taqdirni qarang, yaqin odamlar ham begonalashib ketar ekan. U emas, koʻproq men, unga emas, qishloqqa, Gʻaziraga. Buni avvaldan anglab, oʻylansam ham, uncha qiynalmay yurgan edim, doʻstim oramizni uzil kesil uzdi-qoʻydi.

Gap qariyotganimda emas, qarisam ham koʻchada qolmayman, xudoga shukr! Oʻligingni kim koʻtaradi, kim seni tuproqqa qoʻyadi – bu gaplar ham kurakda turmaydi. Bu dunyoda odamning oʻligi beega qolishiga odamlarning oʻzi qoʻymaydi. Gap, oʻzani tobora chuqurlashib, kengayib, u qirgʻogʻi borgan sari elaslab ketayotgan koʻnglimdagi oʻsha koʻkdaryoda, u yoqqa oʻtishimga qoʻymaydi. Qidirib boraman, yuraman, kelaman, koʻnglim boʻlingan koʻyi qolaveradi.

Ulgʻayishim bilanoq Gʻazira meni bagʻridan chiqarib yuborgan. Yelkamdan itarib, ketyapsanmi, bor, oʻsha yoqlarda kuningni koʻr, degan. Albatta, ona qishloq, tugʻilgan tuproq degan gaplar bor, lekin bular bola paytimda qolib ketgan, hozir bir narsa yozsam, tashbeh qilaman, xolos, borganimda ham oʻlan toʻshagim beparvo, yaqin qarindosh, qolgan yoru birodarlarim ochiq chehra bilan kutib oladi. Bu ham belgili bir vaqtgacha, mehmon boʻlishga hatto ukang turgan oʻz uyingda ham muddatlar bor, oy boʻyi tanda qurib olishga oʻzim ham chidamayman, boʻsh quloq – bekorchi yoʻq, hamma oʻzi bilan oʻzi.

Chiqib ketdingmi, endi kelib-ketganingda ham izzatingni bil, degan Gʻazira, mehribon qishlogʻim.

Hozir aytmasa ham, oldinlari borib turganlarimda aytgani uchun yaxshi bilaman. Shu-da qishloqdan chiqqan odamning kelib-ketish tartibi. Buni anglagunimcha oʻksinishlarim bor edi, koʻnikdim. Koʻp borar edim, oy oʻtar-oʻtmay oyogʻim qishloqqa tortaverardi. Tok ochish, koʻtarish, xomtok qilishdan tortib, kesib koʻmishgacha zimmamda edi, ukamlar bilan pichan qilishga chiqardim, uy solinsa, gʻishtini oʻzim terib berardim. Poʻrim kiyimimni yechib, egnimga eski korjomalarimni ilib, loyga ham kirib ketaverar, ey, shu ishlar bilan dam olar, noqulay boʻlsa ham aytay, ustalda bosim oʻtiradiganlarning kasalidan kamina benasib emas, oʻsha ham bir kunda oʻtib ketar edi. Lekin bunaqa yoʻqsil kiyinib, loyga botib ham yurishlarimga, soʻz topolmayapman, ishqilib, odamlar, ha, bu bola shaharda buzilmagan, qobil, oqibati bor, shundan shu yoqqa qatnab uyidagi ishlarni qilib beryapti-ya, barakalla, deb qaramas, shu… yoqtirishmas edimi, “Iy-e, iy-e, sizga qoldimi bu ish”, deb taajjublanishlarida nimadir yozgʻirish ham bor edi.

Bir borganimda hamsoyamiz Ziynat xolanikida tomsuvoq hasharga aytib qolishdi, ukam sahar turib Samarqandga ketgan edi, oʻrniga oʻzim chiqishga chogʻlandim. Oʻrtada devor ham yoʻq, u yoqda hashar boʻlsa-da, bu yoqda men sulaqmon sigaret soʻrib kirib-chiqib tursam, juda xunuk, bahonada kampirning duosini olaman, ham odamlar bilan toʻrt ogʻiz gurunglashaman degan oʻyda ustimni almashtirib, qoʻlimga qishloqda yoʻq, yarqillagan alyumin andava olib otlansam, oyim: “Hay, qayoqqa! Senga nima bor, oʻzi bir-ikki kunga kelgan odam, uyda oʻtirmaydimi!”, deb qoldilar. “Nima, hamsoya xolam bilan aytishganmisiz”, dedim. “Nimaga aytishaman, shuncha odam bor, boʻladi-da. Sen oʻzingga yarashadigan ishni qil”, dedilar. Xullas, oyimga qolsa, bormasam. Har zamonda bir kelsam, eldan chiqib ketmay, odamlarning yonida boʻlay deb (bir koʻnglimda oʻzimni koʻrsatish), oyimga koʻnmay, hasharchilarga borib qoʻshildim. Hali ish boshlangani yoʻq, Eshim kal loy pishityapti, Safar aka, andavasini tozalayapti, hamsoya xolamning nevarasi Nurali loyxona labiga paqirlarni qator qilib teryapti, Ismat aka Eshim kalga loy pishitishdan aql beryapti, Olmos aka ish oldidan choyni bostirib ichyapti, Eshdavlat ayvon tomida, loy tortishga arqon shaylayapti. Borib jappa-jamoatga salom berdim, bir-bir qoʻl olishga kirishdim. Sobir aka shoshib oʻrnidan turdi-da, qoʻlimni betimga qaramay oldi. Doim quyuq soʻrashadigan odam, “Ha, yaxshimisiz?” deb andavamga qaradi, xolos. Ismat aka kelib, qoʻl berdi-da, bir nimalar deb gʻirmaydi. Olmos aka qoʻlini koʻksiga qoʻyib, kelib koʻrishish shart emas, choy ichyapman degan imobashara bir qiliq qildi. Eshdavlat tomda turib qoʻlini koʻtarib qutlagan boʻldi. Nurali, hali yovvoyiroq, salomlashishga uquvi yoʻq. Xullas, nima desam, shu… hasharchilar orasiga borib qoʻshilgan boʻlsam ham u tomonida ular qimirlab turgan koʻrinmas devorning bu tomonida oʻtolmay qolaverdim, hech birovining chehrasi ochilmadi, hammasi u-bu gʻuldirab, koʻzini olib qochdi, toʻgʻri qaraganining nigohi ham yonboshimdan oʻtib ketdi. Hech birovi yukimizning bir tomonini koʻtaradigan keldi deb xursand boʻlmadi. Meni bu odamlarning hech biri yomon koʻrmaydi, aksincha, lekin shu damda, shu hasharga kelib qoʻshilganim bilan oralariga kirolmadim. Tushunib turgandirsiz?

Keldim-u, endi qanday ketishimni bilmay arosatda, andava tortaman, deb tomga chiqib ketdim. Tomning u yer-bu yerini qaragan, tushib qolgan mayda tosh-posh, kesakchalarni tergan boʻldim, dilam-nodilam, yana bir ketib yuboray dedim, endi noqulay, ishdan qochdi deb oʻylashadi.

Tom suvashni boshladik. Bu ish shiddat bilan ketadi, boʻl-ha-boʻl, loy-choy-suv, hoʻ Eshim, gʻoʻrasha chiqyapti, boz bir pishiting, Nurali, anqayma, ey Olmos, havolating siltamay, ustunga urilmasin; Safar akaning andava tortishimga gap topolmay sinchilashini aytmasa, menga boshqa eʼtibor ham boʻlgani yoʻq. Ikki andavakashga loy yetkazaman deb oʻrtada Nurali bechora pishib ketdi. Katta tomni boʻldik, ogʻil, bostirma tomini ham suvadik, hojatxonaga kelganda Safar aka chiqdi, men andavamni yuvib, ketishga chogʻlangan edim, Ziynat xolam sezib qoldi: hay, bolam, katta boshingni kichik qilib kelibsan, baraka topgur, endi bir choʻqim oshimni yemay ketasanmi, unday qilma, bolam, xullas, oshga oʻtirmay ketishning iloji boʻlmadi. E bor-e, shu toʻrt paqirgina ham ortmasin, deb tandirning usti ham suvab tashlandi.

Ha-a, zoʻr boʻldi, e-e, bu ish koʻp bilan-da, ha endi Ziynat xolaning yogʻingarchilikda bir dardi aridi, suvoqning obravlari yaxshi, chakka oʻtkizmaydi, bir paslik yugur-yugur, jonni sugʻurib oladi-ya – qilgan ishimizdan oʻzimiz taskin topdik, gapga men ham suqma qoshiqdek suqilib turdim, lekin, bari bir, el boʻlolmadim, yana turib ketishni oʻyladim. Olmos aka kampir damlagan oshni katta laganga bosdirib keldi, ustida ikki tuyur goʻsht. Hay, endi turib ketsam, kampirning oshini koʻngli tortmadi, deyishadi. Olmos akaning orqasidan Ziynat xolamning oʻzi keldi, qoʻlida bitta sargʻish suvli shisha bilan. Ismat aka besaranjom tipirchilab, menga tirjayib qarab qoʻydi. Safar aka ogʻzini qoʻli bilan artib, koʻrpachaga bemalolroq joylashdi. U ham menga bir qarab qoʻydi. Keyin qovoq uyib goʻsht toʻgʻrashga tushdi. Eshim kal yer tagidan shishaga xoʻmraydi: bitta aroq yetmas-v. Bir Eshdavlat menga qarab xursand im qoqdi, shunchaki ichkilik kelganiga ochilib. Kampirning sandigʻida yotaverib sargʻaygan bu narsa aroqmi yo… deb tursam, rostdan “Persovka” degan aroq ekan, dasturxon atrofidagilarning sinovidan oʻtgan chogʻi, hali ichmaslaridan kayflar choq, menga oʻqtin-oʻqtin nazar tashlab qoʻyishlari sababi ham maʼlumdek – loy ishidan chiqqan besh kishiga bitta shisha… “Ha, xola – mard!”, dedi Safar aka. Olmos aka shishani Ismat akaga uzatib: “Oz-ozdan suzasiz, momomniki tabarruk”, dedi. “Shu – bittami?” deb Ismat aka yana menga qarab qoʻydi. “Yoʻq, men ichmayman”, dedim. “Bizlar bilan ichmaysizmi?”, dedi u, menga pisanda qilayotgandek tuyuldi. “Momom baquvvat, buni ichaylik, yalinsak, taxmonning orqasiga yashinib qolgani ham chiqib qolar”, deb Olmos aka bilib tamshandi. Ismatning akaning chehrasi yorishgandek boʻldi, “Ha, endi, bizlar bilan ham oʻtiring-da”, dedi menga. “Loy ishi – zax ish, shuni oladi bu qalampir aroq”, dedi Safar aka, loy ishi qilmagan odam buni bilmaydi degan maʼnoda. “Oladilar, Safar aka, oladilar”, dedi Eshdavlat. “Oʻzimizning odam, nimaga bizlar bilan olmas ekan, oladi”, dedi Olmos aka.

Ismat akaning aroq suzishlari, betini tirishtirib iljayishlar, menga uzatganda dim-dim nigohlar, ichishdan oldin bor gunohni zaxga toʻnkashlar, hi-hi kalta kulgilar – hammasi men boʻlmaganimda bularning bemalol, yayrab oʻtirishini bildirar edi. Umuman oʻzimning qozonimga tushmabman, oyim dono gap qilgan ekanlar – yarashmagan ish boʻldi.

Hammasi qoʻni-qoʻshnilarim, faqat kampirning jiyani Ismat aka doʻngdan tushgan, bari bir, bitta qishloq, begona yoʻq, hech kim menga yomon gapirmadi, hech kim bilan aytishmadim, qoʻyar-da qoʻymay bir piyola ichirishdi ham, lekin oʻsha devor devorligicha turaverdi, bular u yoqda, men bu yoqda.

Nimada xato qildim desam, hammasi – hasharga qoʻshilish oʻyidan boshlab kelib qoʻshilishimgacha, qoʻshilib andava tortishgacha, birgalashib aroq ichishgacha, ichida chayon oʻlganmi, yomon achchiq ekan bu ham, oʻzimni zoʻrlab gurung berishga urinishimgacha, bari yarashmagan, bu yerga, bu davraga qovushmagan edi. Chuqur qilib tushuntira olmayapman, lekin boshingizdan oʻtgan boʻlsa, shu aytganlarimdan ham anglaysiz – Gʻazira meni bagʻridan chiqarib, begona qilib yuborganini!

Koʻp misollar keltirsam boʻladi, lekin barining tagida u yoki bu taxlit bitta gap yotadi.

Mening dardim koʻp, dardlarim sizib tushib, jilgʻa-jilgʻa oʻsha koʻkdaryoga qoʻshiladi, Gʻazira koʻkdaryodan koʻkka burkanib turaveradi. Qushi koʻp edi uning, shu qushlari ozod edi, tongda oʻrganmagan odamning qulogʻini qomatga keltirardi. Bolaligimda bir qushning uzun hushtagini har kuni eshitardim, oʻzim ham qoʻshilardim, hushtagini qaytarsam, u ham qaytarardi, keyin bilsam, kitoblarda koʻp oʻqib, bir koʻrsam deb orzu qilganim bulbul shu, hozirlari juda koʻpaygan, basma-basiga sayrogʻi qishloqni bosar ekan. Olamga chaqirar edi bu qushlar.

Gʻazira oʻsha kunlarimni koʻrgan, bari uning beparvo-palak bagʻrida kechgan. U hozir… yukinib men boraman, u esa kelding ham, ketding ham demaydi, birdek koʻkligi, koʻkligida oʻsha shivirlar, xayr, qarib kesilgan daraxtlari oʻrniga ulardan ertak tinglagan kechagi nihollari qad rostlagan, yoʻllar hali-hanuz quyuq soya, musichalari gʻuv-gʻuvlaydi, qumrilari kukkulaydi, ertalablari bulbul hushtagi yaratganga sano aytadi, – oʻsha keksa mashq ogʻushidagi yashil maskanim, – men ham koʻpni koʻrib qoʻydim, oʻzida shuncha koʻrsatib, yana sogʻintirgani uchun aytadiganlarim bor, lekin tuz haqqi qoʻymaydi. Sevsang meni shundayimcha sevasan, yoʻq esa, bari bir, ana, boshingga oftob urmasin ketayotganingda deb, katta koʻchamga koʻlanka solganman, deydi va bolaligim tengi bolalarning mehnatiga, bular ertaga katta odam boʻlar-ku demay, koʻkdan toʻqigan toʻrini keng yoyib turaveradi.

Ufqning hu chetigacha parda tortgan kechki gʻubor tagida koʻp bedilliklar bor hali, eshakka oʻt ortib daladan kelayotgan, poda qaytishini kutayotgan, chingalak surayotgan bolalarning qiyqiriqlari ezgin, ayollarning koʻngillaridan sizib chiqayotgan hasrat alyorlari hali hamon barglarga ilashadi, ular kirib ketganda alyorlar barglarda qoladi, barglarning har biri ularni oʻzicha pichirlab koʻrib, keyin bir-biriga uzatib, shivir-shivir shabada gurungiga qoʻyishadi, shangʻi qargʻishlar koʻcha tuprogʻiga tushib, gard bilan yoqalashadi, yarim oqshomgacha beibo daydiydi, chang koʻtaradi, tinch yotgan odamlarning tinchiga kunchilik qiladi, yaxshilab oʻylasangiz… Mana, Maʼqul xola bilan Bobili yanga shu qari tolning tagida aytishgan, ikkovining tili yomon, bir-birini xoʻp tuproqqa qorgan, qargʻashdan boshqa nimaga ham kuchlari yetadi, katta koʻchada yulishmaydi, qishloqchilik, manjashganlari oʻzlarining esidan chiqib ketgan, lekin, mana, tagidan shu ikki xotin oʻtsa, oʻtgan qargʻishlardan tolning barglari mujmayadi.

Oʻylab qarab, shu barglarda sogʻinchlarim ham ilashib turganini koʻraman.

Ha, shu, men ham, sogʻinch ichidan qarayman. Gʻaziraning bemehrligi – mehr, bari bir, meni katta qilgan, katta yoʻlga kuzatgan, shu yerning bolasiman, – bolaligimdan yukinib salomda kelaman…

Lugʻat varaqlashdan shuncha gap chiqib ketdi! Lugʻatdan chiqib bu kirib keldi, bolaligimdan kerak-nokerakni eslatdi, men zavq qildim, oʻksindim, oʻyga choʻmdim, uning gapi tugamadi, bor kinlarini toʻkib soldi, unga qarab oʻtiraverdim xotiralarning ichida, oʻzi aralashmasa yaxshi boʻlardi deb…

Aralash-quralash koʻp narsani ortib kelganiga boshda nima degani esimdan chiqayozibdi – maqollarga eʼtiroz bildirayotgan edi-ya. Joʻn, jaydari desam, juda aytishqoq ekan, u desam, u deydi, bu desam, bu, oxiri xunobim oshdi. Nima, axir, bitta men eshak minibmanmi, qishloqda katta boʻlgan barcha, hatto qizlar ham, u paytlari birda-yarim xotinlar ham, dashtlarda kampirlar ham mingan. Hamma qolib bu nimaga meni topib oldi? Keyin, maqol, hikmatli soʻzlarni men oʻylab chiqarganim yoʻq, koʻpchilik toʻqiganmi, javobini ham koʻplashib bersin-da. Bolaligimni boʻlsa, kim nima desa, desin, yashab oldim.

– Xoʻ-oʻsh, – deb yana oʻzimni bosib, yotigʻi bilan gapirishga oʻtdim. – Oʻzingni har narsa deb xayol qilib, shundan xulosa chiqaraverma. Eshaklik ishlaringga men aralashgan emasman.

Murosa qilib, maqolda aynan oʻzi emas, balki uning misolida eshaktabiatlar nazarda tutilgani, buning uchun xafa boʻlishga sira asos yoʻqligi, aksincha, odamlar shundan oʻzlariga xulosa chiqarib olishi kerakligini tushuntirmoqchi, hatto kelib oʻtmish gaplarni eslatgani uchun rahmatlar ham aytmoqchi boʻlgan edim, u gapni burib yubordi:

– Ot ham hayvon, toʻgʻrimi? – deb soʻradi.

Shunaqa ham oddiy savol beradimi, yo oʻzini merovlikka solyaptimi deb oʻylab:

– Ha, ot ham hayvon, – dedim-u, toʻxta, bundan bir gap chiqarmasin deb: – Lekin ot hayvon, – deb urgʻuladim.

– It-chi? – deb soʻradi yana eshak.

– Ha, koʻppakmi, u ham hayvon, lekin u boʻri oilasiga kiradimi yo boʻri bularning oilasigami, ishqilib, tubi bir, lekin hozir uy hayvoni-da, – deb ilmiyroq javob qildim.

– Mushuk-chi? – deb soʻradi eshak.

E-e, bular azaldan kelishmaydigan edi, nimaga uning hamma savoliga javob topishim kerak deb, sal jerkib berdim.

– Nima demoqchisan oʻzi, hamma hayvonlarga kunchilik qilasan? Odamdan boshqa hammasi hayvon! Nima xusumating boʻlsa, borib oʻziga ayt, mutasaddi emasman senga. Qara, “Eshakning mehnati halol, goʻshti harom” emish, yeyishmasa, goʻshtimni nimaga yomonlashadi, deysan. A bu, odamning mehnatini qadrlash haqida bir hikmat boʻlsa! “Eshak eti gʻoʻsht boʻlmas, savdogar hech doʻst boʻlmas” deb, etimni noinsof savdogarlarga muqoyasa qilish adolatsizlik deysan yana. Yoʻq yerdan oʻzingni xafa qilyapsan. Senga birov doʻst boʻl deyaptimi? Ochigʻi, men ham senga bolaligimda doʻst deb qaramaganman, azob ham berganman. Lekin bahorikordan uch qanor somonni sen turganda oʻzim koʻtarib kelmayman-ku. Mayli, oʻsha kunlarni olib kelganing, bari bir, yaxshi, ammo u paytlari hikmat nimaligini men ham bilmaganman. Qoʻlimdagi qirmizi lugʻat oʻsha paytlari chiqqan, bosilgan yili mana, ellik toʻqqiz, oʻtgan asrning ellik toʻqqizi. Hozir ham oʻqib, seni koʻp nooʻrin misol qilganlarini koʻryapman. Masalan, “Eshakni betamizligidan eshak deydilar” deb yozilgan, tavba, eshakning tamizligiyu betamizi boʻladimi, men ham farqiga bormayman. Endi, bu maqollarning barini otam zamonida, eshak koʻp payti oldingilar aytgan, ularga ham necha asr burun oʻtib ketganlardan qolgan, endi topib borib, oʻzlaridan nimaga bunaqa degansizlar, deb soʻrashning sira-sira iloji yoʻq. Qaysi hayvonning hayvon yo hayvon emasligi masalasini qoʻzgʻashga kelsak, sen shu gʻalvani koʻzlab turibsan shekilli, bu ham sira kerak emas. Hammasi ham oʻz oʻrni, oʻz joyi, oʻz aʼmoliga koʻra yashab yuribdi hayvonligini qilib. Shuning uchun qoʻy bu qitmirliklarni, – dedim, uzoq gapirdim, siltab tashlasam ham insofdan emas.

Siz ham lugʻatni bir varaqlab koʻring, eshak haqida rostdan ham misol koʻp. “Eshak minganning oyogʻi tinmas, ikki xotinlikning – qulogʻi” degan gapning unga nima aloqasi bor, mingan odam ustingda ikkita oyogʻini osiltirib yurishini aytmasa, aniq bogʻlanadigan mantiq yoʻq.

– Men shu hayvonlik qilmasliklarini aytyapman, – deb eshak gapimni eshitmayapsiz degan maʼnoda qulogʻini salanglatdi. – Ot otligini qilmaydi, it itligini unutgan, mushuk odamlarning uyida yashab, sichqon ovlashdan or qiladi, a, ishi-ku shu! Ot ishlamaydi, har zamonda bir poygada chopib maza qiladi, koʻpkariga chiqadi – boʻldi! Sayisxonalarda koʻk beda-yemni urib, bekor turaveradi, qashlogʻichigacha bor! It egasinikini qoʻriqlashi kerak, u esa hatto oʻgʻriga hurishni ham bilmaydi, lekin uydan joy olgan, suyuq sovunlarda choʻmiltirib, junini taroqda taraydilar. Bu qanaqasi! Dangasalarning dangasasi mushuk, koʻngli tusasa miyovlaydi, odamga oʻzini siypatadi, boʻlmasa shu ham yoʻq. Bekorchiligidan oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmay, tomlarda daydiydi. E-e, tavba, odam hayvonning xizmatida-ya! Odam-a! Mana, choʻchqani olaylik…

– E qoʻy, gapirma shuni, men yomon koʻraman, – dedim irganib.

– Mayli, gapirmayman, – dedi bari bir gapirgisi kelib. – Lekin, bilmayman, oʻzini nima deb oʻylasa, jonining rohatini topgan, boʻkib yeydi, balchiqqa botadi, yana yeydi, yana balchiqqa kiradi, ishqilib, xarish toʻnka-da, odamlarni oʻziga ishlatadi. Haq yerini topgani shumi! Hayvonligini unutganlar yana bor-u, sanasam, hasaddan gapiryapti, oʻzi shunday boʻlolmaganining alamidan deb oʻylaysiz.

Bu qanaqa eshak oʻzi? Ali desang, bali deydi!

– Menga qara, – deb yana sal siltadim. – Sen ot boʻlolmaysan, koʻppak ham, eshaksan, lekin oʻrningni bil, oʻzing uchun harakat qil. Aytib qoʻyay senga, bu maqolda yoʻq – eshaklikni ham koʻrsatish kerak.

– Ishlayapman-ku ertayu kech, – deb hayron boʻldi u, nihoyat-e, gapim yetib bormadi.

– Ishlash boshqa, kurashish boshqa. Ertayu kech ishlaganing bilan bu hayotda oʻrningni topmasang, eshak ham boʻlolmaysan, – deb keskin gapirdim, keyin rahmim keldi. – Oʻzingni himoya qilishni bilmaysan, misol uchun, boʻrini koʻrsang, boʻldi, taqqa qotib, soʻm goʻsht boʻlib turaverasan.

– Iy-e, ilojim qancha: men – eshak, u – boʻri, – dedi eshak maʼyuslanib.

– Hech boʻlmasa, tepin. Shuni ham qilolmaysanmi? – dedim.

– Ho-o, jahli chiqib ketsa-ya, – deb eshak hurkib ketdi.

– Baribir yorib ketadi-ku seni! – dedim boʻgʻilib; bu galvarsga bir narsani uqtirib boʻladimi oʻzi!

– E-e, mendan buzgʻunchi chiqmaydi, – dedi eshak kallasini solintirib. – Har xil yoʻlga boshlab, eshaklikdan chiqarib yubormang meni. Shu eshakligim oʻzimga mos, qulay.

– Chiqmaysanmi eshakligingdan? – dedim boʻgʻilib.

– Nima qilaman chiqib? Ming yildan beri shundayman, shundayligimcha qolaman, deb hangrab yuraman.

Ana xolos, bu oʻylaganimdan ham qaysar chiqib qoldi-ku!

– Yuraver shunday! Boʻlishing shu boʻlsa, seni boʻri tugul kuchuk ham gʻajib ketadi, – dedim.

– Shunchaki yurganim yoʻq, eshakligimni qilib yuribman, – dedi eshak gapimni qaytarib.

– Xoʻp, shu eshakliging nimadan iborat ekan? – dedim boʻgʻilib.

– Eshakligimmi? – deb gapimni takrorladi eshak. – Eshakligim – tinim bilmay ishlayman, hamma ishga chidayman, keyin chidab ishlaganimga oʻzimga tasanno aytib yashayman.

– Tasannong nima? – deb hayron boʻldim.

– Oʻzimga tasanno aytaman – hangrayman, – dedi eshak kallasini koʻtarib.

Gap topilmay qoldi. Nima ham deyman? Eshak kallasi bilan shu gapni aytib turibdi.

– Faqat meni bemalol hangrashimga qoʻyib beringlar, – deb eshak faqat menga emas, koʻpchilikka gapirdi. – Nimaga meni odamning yomonlariga tenglashtirasizlar, axir, men bor-yoʻgʻi eshakman-ku! Eskijuvalaring bilan nima ishim bor!

Ana shu yerga kelganda tilim tutilganidan jahl bilan qalamni sindirib qoʻydim; attang, attang, yumshoq yozadigan, jumlalarning tagiga chizishga juda yaxshi edi.

– E bor! Ana, tinmay ishla, ishingga besh ketib, tinmay hangra, – dedim. – Mehnatdan boshing chiqmay oʻzingga tasanno aytishdan toʻxtama.

Men kinoya qilib aytsam, bu tushunmadi.

– Rahmat! – dedi. – Aytmagan gaplarimni ham tushundingiz. Meni har nimaga teng qilib, har yoʻlga boshlamadingiz.

Sizga qanday bilmadim-u, lekin bu bilan gaplashaman deb oʻzimning ham aqlim toʻmtoqlashib, tezroq qutulishni istab qoldim.

– Boʻpti, boʻpti! Tushungan boʻlsang, endi joʻna! – dedim.

Endi eshak ajablandi:

– Qayoqqa ketaman, siz bilanman-ku, – dedi.

Hu boshdagidek yana angraydim, kallam ishlamay qoldi.

– Qanaqasiga men bilansan?

Eshak xuddi kulgandek irshaydi:

– Doim birgaman siz bilan – kitobingizdan chiqdim-ku!

Siz bir narsaning maʼnisiga bordingizmi? Men shu maʼnini topolmadim. Kitobni, shu qirmizi lugʻatni pop etib yopib qoʻydim. Yarmi tishlangan parra qazi ham xor boʻldi.

Koʻp oʻylandim, bolaligimga necha bor tushib chiqdim, u yoqdan ham tasanno aytadigan gap topolmadim.

Oʻzimcha taxmin qildim: nima edi bu eshak: jaydari, qoʻsqi, qaysar, mayli, boshqa nimalarga oʻxshatmay, oʻzi shuni soʻradi, ammo dunyodagi jami eshaklarga misol qilsa boʻladigan – eshaklarning eshagi, hali eski tilimizda aytiladi-ku, shohul shahanshoh degandek, eshagul eshak edi.

Lekin kitobdan chiqdim deb, meni xotiralarga koʻmib, eshik chorchoʻpini kir qilib ketdi.

Yuvsa ketarmikan?

Hozirlari yana oʻylasam, qishlogʻim mendan norozi koʻkliklarini uyub qarayotgandek boʻlaveradi: yana nima qarzlarim qolgan ekan? Boʻlmasa, nimaga bu eshagi kelib yuribdi?

 

Ahmad AʼZAM

 

2011–2012

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.