“Turmush – musht”

0
194
marta koʻrilgan.

Anton CHEXOV

 

Yaqindagina nikohdan oʻtgan yosh juftlik cherkovdan qaytayotgan edilar.

– Xoʻsh, Varya, – dedi eri, – qani, soqolimdan ushlab, bor kuching bilan tortib koʻr-chi.

– Nimalar deyapsan, jinnimisan?

– Yoʻq, yoʻq, iltimos! Oʻtinaman sendan! Ushlagin-da, vahima qilmasdan tortaver…

– Masxarabozlikni bas qil. Nimaga bunday deyapsan oʻzi?

– Varya oʻtinaman… buyuraman endi! Agar meni rostdanam sevsang, soqolimdan ushlaysan va tortasan. Mana soqol, tort!

– Ovora boʻlasan, bunday qilmayman! Umr boʻyi sevgan odamimga ozor yetkazish… yoʻq, hech qachon!

– Oʻtinaman! – deya yalina boshladi yangi kuyov. – Tushunyapsanmi? Men sendan iltimos qilyapman va… talab qilyapman!

Nihoyat, uzoq tortishuvlardan soʻng, hech baloni tushunmagan xotini oʻzining nozik qoʻlchalari bilan erining soqolidan tutdi va kuchi yetganicha siltab tortqiladi… Xoʻjayini esa hatto yuzini tirishtirmadi ham…

– Xotirjam boʻlaver, umuman ogʻriqni sezmayapman! – dedi u. – Xudo haqqi, sirayam ogʻrimadi! Qani, boʻldi toʻxtat, endi mening navbatim.

Er xotinining bir tutam sochlaridan ushlab, kuch bilan torta boshladi. Xotini esa ogʻriqdan chinqirib yubordi.

– Mana endi, azizim, – deya xulosaladi eri, – koʻrdingki, men sendan anchagina kuchli va chidamli ekanman. Buni har gal menga musht oʻqtalganingda yoki koʻzlarimni oʻyish uchun, timdalash uchun taraddudlanganingda yodga olishing kerak. Qisqacha aytganda, xotin oʻz eridan qoʻrqishi kerak, tushunding?..

 

Rus tilidan Temur TANGRIBERGANOV tarjimasi.

 

“Yoshlik”, 2014 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.