Tundaliklar

0
751
marta koʻrilgan.

Keyingi vaqtda – keksalik, xastalik sabab, judam kamuyqu boʻlib qoldim. Uyqu qochganda bosh-keti yoʻq, uziq-yuluq oʻy-xayol qalashib kelaverarkan. Shunda tunchiroq ostida turgan daftarga baʼzi tasodifiy fikrlarni yozib qoʻyadigan boʻldim.

Daftarimni “Tundaliklar” deb atadim. Bu “janr”ning “kundalik”dan farqi shuki, unda xronologik tartibdagi voqealar boʻlmaydi.

Bu gaplar, biri bogʻdan, biri togʻdan boʻlsa ham, kimnidir fikri yo saʼy-harakatiga turtki boʻlishi mumkin. Qolaversa, ular muallifning ruhiy holatidan darak, zero biz hammamiz maʼnaviy olamga hamisha qandaydir bir tarzda ulush qoʻshib yashaymiz.

Muallif


 

Ortiqcha soʻzdan tilish tiyolmagan odamning jilovi shayton qoʻlida.

Zamaxshariyning “Navobigʻal – kalim” asaridan

 

 

BIRINCHI DAFTAR

 

* Oʻzingniki emas, oʻzgalarning nodonligi ham yozishga halaqit beradi.

* Kitob – boylik. Lekin sotib olgani emas, oʻqilgani.

* Oʻylaymanki, Hamlet, Farhod, Don Kixot, Oblomov singari obrazlar inson xotirasiga tipik xarakter emas, asosan tipik muammo, abadiy savol sifatida mixlanib qolgan.

Chinakam badiiy asar hamma vaqt javobsiz savoldir, bordi-yu, adib unda biror muammo koʻtargan boʻlsa ham, bu – amalda hal qilib boʻlmaydigan muammodir. Agar muallif amalda hal qilinadigan vazifa qoʻysa, asosan, ocherk yoki maqola boʻladi. Yozuvchi esa tashviqotchi emas, shoir boʻlishi kerak.

* Eshik yopilganda jimlikning etagi qisildi.

* Laganbardor boshliqning erish nuqtasini biladi.

* Bu tanqidchi misli jarrohdek: avval jindek maqtov bilan uxlatib, keyin operatsiya qiladi.

* Tyutchevning lirik sheʼrlari – rus poeziyasining durdonalari. Shoir ularni yozgan joyida tashlab ketaverarkan. Qizi yoki xizmatkorlari topib olib saqlab qoʻyar ekan. Koʻp shohsatrlar shunday saqlanib qolgan.

* Biz soyuzda (yozuvchilar uyushmasida.X.D.) bir qoʻlyozmani ikki yil qidirdik. Muallifning tazyiqi bilan nechalarga xayfsan eʼlon qilindi, yozishmalarimiz ikki jild boʻlib yotibdi. Ikki yildan keyin moʻjiza yuz berdi: “durdona”lar topildi. Oʻqidik. Mana, ulardan biri:

Husningni jamoli zor etdi,

Har kecha koʻzimni xumor etdi,

Ishqing yuragimni tor-mor etdi,

Koʻz yoshimni suvombor etdi.

* Yozuvchi sayoz joyda choʻkadi.

* Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli boʻlavermaydi. Chunki hech kim oʻzini talantsizman deb oʻylamaydi.

* Toshning bardoshi zoʻr.

* Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) boʻlish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.

* Kichkina bir ahmoqdan qoʻrqing (masalan, u “qizil” tugmachani bosib yuborishi mumkin).

* Tanqidchi yosh adibni qimmatbaho fikrlarining oltin yombisi bilan urib mayib qildi.

* Adabiyot fan-texnika inqilobi davrida ham ishonch bilan ish koʻrish kerak. Ekzyuperi maqtagan samolyotlar hozir hech narsaga yaramay qoldi. Lekin Mitti Shahzodasi hali uzoq yashaydi.

* Dengiz, goʻyo Yerni hushiga keltirmoqchidek, hadeb qirgʻoqqa suv separdi…

* Odissey arvohlarni oʻzi bilan suhbatlashishga koʻndirish uchun ularga oʻz qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak.

* “Muz oʻchib qoldi!” dedi bola suvda erib ketgan muz parchasini koʻrib.

* “Biz XII-XIV asr Dashti Qipchoq (Oltin Oʻrda) turkiy adabiyotini negadir yaxshi oʻrganmaymiz. Vaholanki, bu adabiyot (Qutb, Sayfi Saroyi, Hisom Kotib) sof turkiy til, xalqchillik jihatidangina emas, umuminsoniy mundarijasi bilan ham katta eʼtiborga loyiq. Birgina “Jumjuma Sulton” dostonini oling, Hisom Kotib uni Farididdin Attorga (“Jumjumanoma”) taqlid qilib yozgan. Zamondoshi Dantening “Ilohiy komediya”si bilan taqqoslasangiz, juda antiqa fikrlarga kelasiz. (Masalan, dunyoni vertikal holda olib, yaʼni hamma zamonlarni bir vaqtda jamlab (xronotop), abadiyat uchrashtirib tasvirlash…) Bu ikki muallif bir-birini bilmay turib, maʼnan juda ohangdosh asar yozganiga hayron boʻlasiz.

Alisher Navoiydan oldingi turkiy tilga quloq soling:

Chun ki kelding dunyoya – ketmoq kerak,

Bor kuning yetgancha xayr etmoq kerak!

Hisom Kotib

Soʻngakka ilikdur, eranga bilik,

Biliksiz eran ul – soʻngak beilik.

Adib Ahmad, XII asr

(Darvoqe, “Ilohiy komediya”sining motivlari Al-Maarriydan buyon davom etib keladi).

* Tovus – pensiyadagi afsona.

* Yozuvchi yolgʻonni toʻqiydi-yu, haqiqatni yozadi.

* Shamol shamni oʻchiradi. Shunga oʻxshab, ayriliq ham shunchaki xushtorlikni sovitishi mumkin, chin muhabbatni esa oʻt oldiradi.

* Haqiqat – xudodir: uni hamma biladi-yu, oʻzini hech kim koʻrmagan.

* Oʻzimizda boʻlgan tuygʻularni yashirish qiyinmi yoki oʻzimizda boʻlmagan tuygʻularni ifodalashmi? Shukur Burxon mening bu savolimga shunday deb javob bergan edi: ikkalasiga ham artistizm kerak.

* Baxt – boylikda, desangiz, hamma baxtsiz. Chunki aqlliga koʻp narsa kerak emas, ahmoq esa baribir toʻymaydi.

* Agar ayb faqat bir tomondagina boʻlsa, urushlar uzoq davom etmas edi.

* Yozuvchi mashinkasi yasama tishlarini koʻrsatib tirjayadi…

* Real Aleksandr Makedonskiy – Iskandar bor. Afsonaviy Iskandar Zulqarnayn bor, uni ulugʻlab paygʻambar darajasiga koʻtardilar (Xusrav, Jomiy, Navoiy, Tojiddin Ahmadiy… oʻnlab “Iskandarnoma”larda). Bu – oʻrta asrlarga xos narsa. Menimcha, Temurni biz bunday qilishimiz kerak emas.

* Shoir boʻlish yaxshi, shoirlik daʼvo qilish yomon.

* Ikki mahbus qamoqxona panjarasidan tashqariga qarab turarkan, biri axlat uyumini koʻribdi, biri – yulduzlarni…

* Daholar oʻz kasblari doirasidan chiqib ketadilar. Falonchi – shoir, falonchi – olim, ammo Navoiy – Navoiydir, Eynshteyn – Eynshteyn.

* Miltiq har otganda oʻzi seskanib orqaga tisariladi.

* Olma nega qizaradi? Balki, Odam Atoning Momo Havo qulogʻiga shivirlagan gaplarini eslayotgandir?..

* Qalam soʻzning soyasini chizadi.

* Oʻzbek xalqining nomini Oʻzbekxon ismi bilan bogʻlashadi. Oʻzbekxon oʻzi qayerdan kelib chiqqan?

Menimcha, bu soʻzning (demak, xalq nomining ham) tarixi ancha uzoq. 721 yilda turkiy qabilalarning qurultoyi boʻlgan. Shunda Bilga xoqon oʻz nutqini bunday soʻzlar bilan boshlaydi: “Ey, turk oʻgʻiz beklari!” “Oʻgʻiz” u vaqtda “qabila” maʼnosida ishlatilgan. Demak, “Oʻgʻiz begi” – qabila boshligʻi degan soʻz. Oʻgʻiz beklari zamonida elning ancha imtiyozli bir qatlami boʻlgan. Oʻzbeklar turkiylarning ana shu qatlamiga mansub tabaqadan kelib chiqqan, degan farazim bor.

* Sonet – sheʼriyatning olifta kamzuli.

* Asal – urugʻlikdir, goʻsht – qotillik, sut – buzoqning haqi… Yo Olloh, gunohlarimizdan kecharmikansan?!

* Tun shafaqning tasmasini kesdi…

* Boylikni boylik qilgan – oʻzimiz. Agar unga bunchalik sigʻinmasak, u bir tiyinga arzimas edi.

— Tanqidga qalaysiz? – deb soʻradi muxbir.

— Faqat qogʻoz gul yomgʻirdan qoʻrqadi, — deb javob berdi adib.

— Senga teatr yoqadimi kinomi? – dedi muxbir.

— Sizga odam yoqadimi yo uning soyasi? – dedi adib.

— …Baʼzi odamlar boʻladiki, oʻzidan soyasi tuzuk, — deb hazil qildi muxbir ham.

Kuldilar.

* Har xil ekstrasensu azayimxonlarning aybi yoʻq: ular aldangisi kelganlarni aldaydi.

* Ilgari men abstrakt sanʼatni tushunmas va hazm qilolmas edim. Inson samoga uchib, kosmos davri boshlangach, bu sanʼatga qiziqib qoldim. Abstrakt sanʼat Kosmos obrazining estetik ibtidosi boʻlsamikin?

* Sizif afsonasini bilasiz, “abadiy xarsang”ni ham bilasiz.

Mening avlodim oʻsha xarsangni 70 yil davomida “choʻqqi”da yumalatdi.

Ichimda nola bor. Goho shu nolani eshitib, Maksim Gorkiyning gapi esimga tushadi. Undan “Ahvolingiz qalay?” deb soʻraganlarida “Maksimalno gorko!” deb javob bergan ekan.

* Mix bolgʻadan qochib qutulaman deb, taxtaga kirib ketdi.

* Sadriddin Maqsudiy (Sorbonna dorilfununini bitirgan Istanbul dorilfununing professori) “Oʻrta Osiyo turk davlatlari”, “Qutadgʻu bilig”, “Turk tarixi”, “Forobiyning huquq falsafasi” degan asarlar yozgan. Topish kerak edi. qizi hayot ekan, Odila (Aida) degan. Yirik diplomat. Anqarada. Shundan soʻralsa, balki otasining kitoblarini topib berardi. Bir urunish kerak.

Sadriddin Maqsudiy Rusiya dumasida nutq soʻzlab, ruslarning Qoʻqonda yigirmata musulmon maktabini yopganini, Toshkentda Munavvarqorini taʼqib qilishganini, Olmaotada, Oʻshda, Namanganda musulmon ziyolilari siquvga olinganini roʻy-rost gapiradi. (Bu nutq “Vaqt” gazetasida bosilgan).

Yana topish kerak boʻlgan narsalar mana bular:

Husayn Fayizxonov (Marjoniyning shogirdi) 1862 yilda tatar maktablari uchun darslik chiqardi. Unda Navoiying “Majolisun-nafois” tazkirasidan parcha bor.

Abdulaʼlam Fayizxonov (ukasi) 1891 yilda Abulgʻozixonning “Shajarayi turk” asarini nashr qildiradi. Bu olim ham Marjoniyning qoʻlida oʻqigan, uning taklifi bilan besh yil Oʻrta Osiyoda yashab, oʻzbek tilini oʻrgangan (arab, fors, rus, fransuz tillarini bilardi). “Kalila va Dimna” hamda “Toʻtinoma”ni tatarchaga tarjima qilgan.

Zohir (ehtimol Zokirdir) Begiyevning ukasi Muso Begi 1907 yilda Al-Maarriyning “Luzumiyat” asarini tarjima qilib bostirgan.

Sharqshunos Rizo Faxriddinning (1939 yilda vafot etgan) Abu Ali ibn Sino, ibn Battuta, Fuzuliy haqidagi kitoblarini topish kerak.

* Turkiy “Iskandarnoma”ning muallifi Tojiddin Ahmadiy (XIV asr) Amir Temur bilan koʻrishgandan keyin Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini turk tiliga tarjima qilgan ekan. Bu – Sohibqiron siymosiga yana bir chizgi.

* Rassom qoʻlida palitra. Goʻyo uchmoqchi-yu, lekin qanoti bittagina.

* Ohangdorligi bilangina emas, mazmunan ham qofiyadosh soʻzlar koʻp: tosh-dosh, ohang-jarang, zamon-yomon…

* Avvallari yashash uchun yozdim, endi yozish uchun yashamoqdaman.

* Boy boʻlish uchun koʻp narsani qurbon qilish kerak: halovat, salomatlik, goho balki vijdonni ham… Yoʻq, menim bunga qurbim kelmaydi, men unchalik badavlat emasman.

* Biz ateist ham emasmiz, xudojoʻy ham emasmiz. Biz shunchaki yalqovmiz: xudoning bor yoki yoʻqligi haqida astoydil oʻylashga erinamiz.

* Inson – tabiat bolasi, bolaning gunohidan kechish mumkin.

* Arab alifbosi tillardagi talaffuz oʻzgachaliklarini yoʻqqa chiqaradi, deydi A.Borovkov. Demak, bu alifbo turkiy xalqlarni birlashtirib turardi. Ularni ajratib tashlash uchun alifboni oʻzgartirishdan ham qulay siyosat bormidi?

* Xotin kishini qimmatbaho moʻynalarga oʻrasang – sovimaydi.

* Okean orqali telefon aloqasi oʻrnatildi, endi odamlar bemalol gaplashadi.

Bunga bobo dedi:

— Ularning nima orqali gaplashishining ahamiyati yoʻq, nima haqda gaplashishadi – shuni ayting.

* Bahorning oq xushboʻyi.

* Hayot shunday ajoyib moʻjizaki, oʻlim uning evaziga berilgan arzimas bojdir.

* Ishlamagan tishlamaydi, derdi amaldor. Oʻzi esa hamon tishlardi. Chunki uning ishi shu.

* Chernobildan keyin odamzot oʻzi qilib qoʻygan ishlardan bir choʻchib, orqaga tisarildi. Orqada esa – spiritualizm (xurofot, milliy sektantlik, ekstrasens, kashpirovskiylar…)

Lekin hali Yangi ludditlar (mashinabuzarlar) chiqqanicha yoʻq, yalpilargina (xudojoʻy texnokratlar) paydo boʻlibdi. Bu gʻayritabiiy guruh xippilardan kelib chiqmadimikan?

* Odam mast boʻlsa, bir uxlab turgach, hushiga keladi, ahmoq esa – aslo. Bordi-yu, odam ham ahmoq, ham mast boʻlsa-chi?

* Mehmon yaxshi-da! Kelganida bir xursand boʻlasiz, ketganida – yana.

* Ateizm? Bu nima oʻzi? Ayniqsa, buni fan deb hisoblovchilarga sira tushunmayman. Bu faqat sunʼiy yo yolgʻon fan boʻlishi mumkin. Menimcha, xudosiz inson boʻlishi mahol, chunki xudo – sirdir. Dunyoda sir borki, xudo ham bor. Sirsiz olam esa abadul-abad boʻlmasa kerak.

Sir – nomaʼlumlik – gʻayb…

Qurʼoni karim, gʻaybga ishoning, degan chaqiriqdan boshlanadi.

Olam sirli, odam xudojoʻy.

* Hurmatni u boylik yo sarmoya deb biladi chogʻi, qarzga berganday ulashadi.

* Mehnatni rohatga aylantirishni xayol qilar edik, rohat mehnatga aylandi.

* Oʻrgimchak shamoldan nimadir tikyapti…

* Yurak qoni bilan yozgan odam uzun yozolmaydi.

* Mumtoz badiiy obrazlar koʻp qavatli, yaʼni chuqurroq oʻylaganingiz sari yangi-yangi maʼnolar kasb etguvchi boʻladi. Rassom Rembrantning “Gumroh oʻgʻilning qaytib kelishi” degan asarini bilasiz, albatta. Tagʻin bir eslang…

Bir qarashda, bu – shaxsiy taqdir: uydan qochgan bola ekan, esini yigʻib olgach, otasining oldiga qaytib kelibdi, oʻz uyim – oʻlan toʻshagim-da, deysiz.

Yana bir oʻylab qarasangiz, jami inson bolalarining qismati shunday: yoshligida koʻp urinadi, adashadi, xatolar qiladi, tavbasiga tayanadi, quyiladi, “ot aylanib qozigʻini topadi”da, tinchiydi.

Yana chuqurroq oʻylab koʻrsangiz, bu – xalqlar taqdiriga ham xos. Mana, biz. Inqiloblar qildik, qonlar toʻkdik, kishilik qonunlarini buzdik, shariatga qarshi bordik. Peshonamiz taq etib devorga tekkanda jon tinchligi – iymon esimizga tushdi. Quyila boshladik, oʻzligimizni topgandaymiz. Aslimizga (uyimizga) qaytmoqdamiz…

* Qovoqari – choʻgʻ, tegib boʻlmaydi.

* Isteʼdodsiz shuhratparast juda tuban va shafqatsiz boʻladi.

* Tarjimondan aniqlik talab qilmang. U chizmakash emas, rassom!

* Kimningdir yozganiga ofarin, kimningdir yozmagani uchun rahmat.

* Bu dunyoning chalkashliklari… Petrarka kuylagan goʻzal Laura, necha avlodlar qalbida muhabbat timsoli boʻlib yashayotgan markiza Laura qayoqda-yu, jirkanch yovuzlik – sadizmning asoschisi markiz de Sad qayoqda!

Ular esa (ziyo va zulmat) yaqin qarindosh boʻlgan.

* Rus yerlarini talab payhon qilgan, bosh chanoqlaridan togʻlar yasagan… Yo rab! Bu siymoni avlodlar qulogʻiga quyilgan bunday tuhmatlardan mosuvo qilish, asliga qaytarish uchun tariximiz sahifalariga tez-tez koʻz solishimiz kerak emasmi?!

Mana, shu sahifalardan biri:

“Amir Temur Kama daryosini kechib, Malasda toʻxtadi… Navkarlari qirgʻoqdagi ovullarga joylashdilar. Kun sovuq, qor qalin, yoʻllar loy, yurish mushkul edi.

Zay daryosining quyi oqimi Bayrashxon tasarrufida edi. Temur shu xonga maktub yoʻlladi, yaʼni qorli-qirovli kunlarni shu yerda oʻtkazsam, deb.

Bayrashxon javob qildiki, “Sulton Amir Temur, bosh ustiga, biz xizmatingizga doim shaymiz. Tangri rizqimizni bersa, siz janobga jonu molimiz qurbon”.

Bayrashxon daryo yoqasidagi tepalikda bir qasr soldira boshlagan edi. Shu tayyor boʻlgach, Amir Temurni taklif qildi. Oʻzining xos soqchilari qurshovida kelgan mehmonni xon asʼasa bilan kutib oldi.

— Sodiq qulingiz siz uchun ushbu qasrni inshon etdim, koʻngillariga xush kelsa, marhabo, qabul qilgʻaylar.

Amirga qasr juda yoqdi. Bayrashxonga xazinasidan moʻl-koʻl sovgʻa va sarpo buyurdi. Shu yerda qishlab qoldi. Buxorodan kelib qazo qilgan ulamo Mulla Hofiz qabrini ziyorat qildi. Minzala vodiysining begi Mustafoxon saroyida mehmon boʻldi.

Qorlar ketganda yoʻlga otlandi. Bayrashxon uni Iyq daryosi boʻyiga, Tugʻoshxon mulkigacha kuzatib qoʻydi. Amir Temur Samarqand sari yoʻl oldi”. (Hisomiddin Bulgʻoriy (XVI asr). “Tavorixi Bulgʻor” asaridan).

* Talant dialektik mohiyatini ochadi; oʻrtamiyonalik eklektika darajasida qoladi.

* “Men kamtarman” degan odamni kamtar ekan deb oʻylamang.

* Har bir Shaxs – mustasnodir.

* U adabiy bahs va muhokamalarga sara fikrlarini qimmatbaho taqinchoqlarday taqib, koʻz-koʻz qilgani kelardi.

* Yolgʻon oʻzi uncha xavfli emas, uning haqiqatga oʻxshab ketishi xavfli.

* Dara tinch. Bu yerda hamma narsa sekin-asta: tong asta yorishadi, olam toʻfondan qalqib chiqayotganday, tun zulmatidan asta koʻtariladi. Bu joylarda Yerning aylanishini tasavvur qilish mumkin emas.

Bu yerlarga Kopernikning oʻzi kelib qolsa ham gapidan voz kechardi, voolloh!

* Ushalmaydigan orzu yaxshi, uning aybi ham yoʻq, javobgarligi ham yoʻq, dilingni allalab yashayveradi. Ammo ushaladigan orzular koʻpincha alam bilan tugaydi. Sen dohiyona shoir boʻlolmasang, bu – bir nav, oʻtar-ketar… lekin koʻngil qoʻyganing qoʻshni qiz erga chiqib ketsa, bir umr kuyasan.

* Bizni tanqidchilar qoʻrqqanimiz uchun emas, koʻpincha dadilligimiz uchun urishdi.

* Yaxshi niyat – peshtoq emas.

* B.ni qatʼiyatli, prinsipial odam, der edilar. Aslida, u bir narsa haqida ikki marta oʻylash qobiliyatidan mahrum edi, xolos.

* Tabiat – yaxshilik va goʻzallikning bevosita ifodasi.

* Bir qolipdagi (tipovoy) imoratlar, bir qolipdagi shaharlar xuddi shunday bir qolipdagi odamlar va bir qolipdagi fikrlovchilarning paydo boʻlishiga yordam beradi.

* Dehqon mehnati hayotning ilohiy aqidasi.

* Uning shoir boʻlishi uchun faqat birorta kamchilik yetishmasdi.

* Odamlar seni bilmasa ham, sen odamlarni bil.

* Faqat klassika munozarasiz qabul qilinadi. Biz esa klassik emasmiz. Bizning asarlarimiz qarshilikka uchrashi, bahs qoʻzgʻashi kerak.

* Fransiyada, Vishi shahri yaqinida Lapaliss degan janobning qabri bor. U hayotligida hammaga maʼlum haqiqatlarni gapirib odamlarni bezor qilish bilan mashhur boʻlgan ekan. Qabr toshiga shunday deb yozibdilar: “Vafotidan bir daqiqa oldin tirik edi”.

Baʼzi birovlarga shunday epitafiya taklif qilaman: “Vafotidan ancha oldin oʻlgan edi”.

* Bir esipast gavharni dengizga uloqtiradi, keyin uni mingta dono izlab topa olmaydi.

* Qadimda bir donishmand aytgan ekan: “Men vaqtning nima ekanini bilaman. Ammo “Vaqt nima?” deb soʻrasalar, aytolmayman”.

Nazarimda, sheʼriyat haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. u benihoya, u bitmas-tuganmas.U oʻzi rad etgan odamgina uni rad etadi.

* U oʻz soʻziga oʻzi xoʻjayin bugun beradi, ertasiga qaytib oladi.

* Ahmoq ahmoqligini bilmay oʻlib ketadi, chunki buni hech kim uning yuziga aytmaydi.

* Qurumsoq tejamkorga isrofgardan begonaroqdir.

* Ertalab turib nimalarni koʻraman? Ana koʻzgu – yorugʻlik va kristallarning sirli oʻyini… Qayerdadir tutun uygʻonib, qoʻli bilan shamol kelgan tomonni koʻrsatayapti…

Dunyo katta, moʻjizalarga chulgʻangan: chinorlarning mardligi, gullarning arxitekturasi… Oʻsimliklarda ijodkor sharbat yogʻdu bosqichlaridan koʻtariladi, yerga yashillik purkaydi.

— Hoy tanobchi ariqlar! Toqqa necha chaqirim qoldi? Ular nima qilyapti?

— Osmon tubida qoramtir biqinlarini yuvyapti!

* Shoir uchun asosiy ish – koʻngil koʻzi bilan koʻrish; qogʻozga tushirish esa – kasb.

* Vaqt inson hukmida emas. U – Ollohning mulki. Shuning uchun sudxoʻrlik (qarz berib, foizi evaziga kun koʻrish) haromdir. Zero, sudxoʻr vaqtni (oʻziga tegishli boʻlmagan narsani) sotadi.

* Baʼzi yoshlar, biz Toʻfonning ertasiga paydo boʻlganmiz, deb oʻylashadi, chamamda. Vaholanki, hamma ota-onadan tugʻiladi.

* Asl hurmat begʻarazdir. Aks holda, amaldorlar bizni nega hurmat qiladilar…

* Yolgʻonchining yolgʻonchiligi – uning eng yengil gunohidir.

* Moʻjizakor kelib, “Mana bu – haqiqat, mana bu – uni izlash imkoniyati, qaysinisini olasan?” desa, men keyingisini olardim. Tayyor haqiqat tashabbusni oʻldiradi, umuman, hayotning maʼnosini yoʻqotadi. (“Toʻgʻri yoʻlni partiya koʻrsatadi, uni izlash sening ishing emas”, deyilardi. Oʻsha vaqtlar “Izlash baxti” sheʼrim “qaytgan”. Keyingi yillarda bostirdim).

* Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.

* Uning “koʻtarilishi” ham, “yiqilishi” ham aqllilik balosi edi.

* Bizning avlodda zamonadan qochganlar qutuldi.

* Ovidiy “yolgʻizlik baxti”ni maqtagan. Buyuk shoir kechirsin, men uchun yolgʻizlikda koʻrgan huzur-halovatning alami ogʻir.

*Kishi hayoti — erkinlikning sinovlaridan iborat, odam haqiqatni erkin sinovlaridan oʻtib topadi.Mening erkim — mening shaxsimning ichki ijodiy kuchi: men roʻparamda paydo boʻlgan tayyor yaxshilik yo yomonlik yoʻlini tanlamayman. Yaxshilik yo yomonlikni men oʻzim yarataman, bu – mening erkim. Aks holda shaxs kamoloti yoʻq. Haqiqat – mening mashaqqatli maʼnaviy yutugʻim: u erkim sinovlarida qoʻlga kiritiladi. Menga birov tomonidan taqishtirilgan tayyor haqiqat emas.

* Oʻlimdan bir umr qoʻrqamiz, u esa bir keladi. Qaysi biri yomon?

* Baʼzilar haqida yaxshi gapirsang, laganbardor boʻlasan, yomon gapirish – xavfli.

* Qarilikdan qoʻrqma, unga hali yetish kerak.

* Shunday yillarni koʻrdikki, baxtli boʻlish uyat edi.

* Uning hayoti endi kuzgi yaproqlar bilan bezalgan edi.

* Agar biz tariximiz qanchalik ulugʻ, maʼnvviy merosimiz qanchalik boy, qadriyatlarimiz naqadar cheksiz ekanini yaxshi bilganimizda edi… Floberning “Haqiqat leksikoni”da bir gap bor: “Agar ot oʻzida qancha kuch borligini bilganida, tushovlab qoʻyishlariga erk bermas edi”.

Endi yugan solib yetaklab keta olmas, lekin baribir oʻtmishni astoydil oʻrganish,bilish kerak.

* Uni hamma talantli yozuvchi deb hisoblar edi. Lekin bu tasavvurni oʻzi buzib qoʻydi: oʻzi ham shunday deb hisoblar ekan.

* Xudo, haqiqat, sheʼriyat, baxt, muhabbat, vaqt, narigi dunyo… bordi-yu, bularning nima ekanini bilsak, hayotimiz qanday boʻlardi? Bilmayman. Faqat shuni bilamanki, din, adabiyot, orzu-xayol butunlay boʻlmasdi…

* Yoshlik qaytib kelmaydi. Lekin goʻyo yoshlik qaytib kelgandagidek, moʻjzaviy bir hissiyotni koʻp bor boshimdan kechirganman. Bunday hissiyot koʻngilda va xayolda yangi roman yoki qissa tugʻila boshlagan chogʻlarda vujudimni qamrar edi.

Ammo kitobni yozib tugatguncha yana qariysiz. Va uni ilon poʻst tashlaganday tashlab, orqada qoldirib, yangisiga intilasiz. Bu poyga, bu yangilanish, yoshlik ketidan quvishga oʻxshagan bu izlanish benihoyadir. Bu ijodiy qanotlanish aslida haqiqiy borliqni izlash boʻlsa kerak.

* Fizikada oqibat sababga teng. Ahloqda ham shunday.

* Isteʼdod nimaligini, tarkibiy qismlarini bilmayman-u, tasavvur salohiyati uning eng muhim jihati ekaniga aminman. Biz qahramonlarimizni ularning harakat va vaziyatlarini avval tasavvur etamiz, keyin tasvirlaymiz. Jyul Vern oʻzi koʻrmagan shaharlarni, masofalarni, oʻlkalarni tasvirlagan, uning bu tasvirlari haqiqatga yaqin; Jonatan Svift Marsning yoʻldoshlarini ular kashf qilinishidan 150 yil oldin tasvirlagan, Beruniy Amerika qitʼasining borligini Kolumbdan 450 yil avval taxminlagan. Tasavvur salohiyati adib isteʼdodini fan bilan yaqinlashtiradi.

* “Vaqt oʻtyapti!” deymiz sal hazinlik bilan. Bu gapni inson oʻzini ovutish uchun oʻylab topgan. Aslida biz oʻzimiz oʻtyapmiz…

 

 

IKKINCHI DAFTAR

 

Bizning dahshatli sivilizatsiyamizdan tashqari hamma zamonlarda shoir va sheʼriy soʻzning nechukdir gʻayritabiiy bir ilohiy kuch bilan bogʻliqligini tan olganlar. Men shoirni paygʻambar deb atagan Pushkinnigina koʻzda tutayotganim yoʻq. Shoirning qalb boyligi real hayotiy vaziyatlardan ustunligini Gegel ham aytadi. Shellingning yozishicha, sheʼriy soʻz tugʻdirgan ideal dunyoning bizga obʼyektiv dunyo boʻlib koʻrinishi insonning Iloh haqidagi abadiy tushunchasi bilan bogʻliq. Faylasuf Novalis aytadiki, “Shoir va avliyo azaldan bir boʻlgan, lekin chinakam shoir hali ham avliyo va chinakam avliyo hali ham shoirdir”. Navoiyning sheʼriy soʻz haqidagi satrlariga quloq soling:

Chun bu nasim esdi azal togʻidin,

Muncha gul ochildi jahon bogʻidin.

Boshqa oʻrinda u shoirning “koʻngil Kaʼbasi”ni olamning qiblasiga oʻxshatadi va iltijo qiladi: “Yo rab, ani (soʻzni) xalq dilafroʻzi et!”

Shoir salohiyatini ilohiy kuchga bogʻlash tarix qaʼriga kirgan saringiz balandroq yangraydi. Yunon asotirlarida Kvasir degan ilohiy jonzod tilga olinadi. Shunday dono ekanki, dunyoda u javob berolmaydigan birorta savol yoʻq ekan. Shoirlar shoir boʻlish uchun shu donishmand jonzodning qonidan asal yalar ekanlar…

Xullas, bu masala eng muqaddas kitoblardagi “Avval kalom, u – Ilohdandur!” degan hikmatga borib taqaladi. Olloh Odam Otaga: “Hamma narsani oʻz nomlari bilan aytgil!” deb buyurgan. Nomlar, yaʼni soʻzlar esa tanzih va tashbehlardan – sheʼriyatdan iborat. Oʻljas Sulaymonovning aytishicha, oqil va halol odamlar (jumladan, shoir va olimlar) qadim turklarda bir soʻz bilan – “chalabi” deb, yaʼni “tangrisimon” deb atalganlar. Homerdan oldingi ming yillardan – azaldan esgan bu nasim! Axir, hatto Oʻrxun bitiklari barmoq vaznida yozilgan! Qurʼoni karimning sheʼriy soʻz bilan nozil boʻlgani esa bu aqidaning yana bir isbotidir.

Napoleon, Hitler, Kennedi kabi koʻp zotlarning qiladigan ishlari va taqdirlarini uch yuz-besh yuz yil oldin aytib bergan avliyo Nostradamus ham bashoratlarini katren degan sheʼriy uslubda ifodalagan.

“Haqiqat, ezgulik, goʻzallik” degan “uchlik”ni Rabindranat Tagor Kantdan olgan, deydilar. Bu – xato. Bu “uchlik” asli qadimiy hind adabiyotiga xosdir. Sheʼriy soʻz va umuman, sanʼatdan zavq olish ilohiy his ekani, insondagi tasavvur sehri azaliy muqaddas hodisa ekani Sanskrit estetikasining asosi boʻlgan. Shiva – raqs ramzi; Krishna – nazmu navo tangrisi; tabiat – ezgulik; Gang – falakdan oqib tushadi; hamduna – xonumon; tangri Vishnu va Rama – sodiq donishmand; sigir – muqaddas… Buyuk eposlarning tabiat va xudolarga bunday bogʻliqligi badiiy soʻzning ilohiy ekaniga ishonchdan emasmidi? Nahotki, bu azaliy ishonchda jon boʻlmasa?! Nahotki, buning hammasi eskirib qoldi?..

* * *

Tarjima, ayniqsa, sheʼriyatda shartli narsa. Chunki sheʼrning oʻzini oʻgirish mumkin-u, milliy janrni, sheʼrni qabul qilish tarzini, anʼanalarni, sheʼrga qarashni… yana koʻp narsalarni tarjima qilish, hatto tushuntirish ham amrimahol. Masalan, Yaponiyada, Malayziyada “tanka”, “pantun”, “xayku” bilan klassik boʻlganlar bor. Bizda bu turlarning hamma talablarini (oʻttiz bir hijo, toq satr, yashirin qofiya va boshqalarni) bajarib, eʼtibor qozonib koʻring-chi! Gap shakldagina emas, millatning ruhiy oʻziga xosliklari, dunyoqarashi, zehniyati, nafis va oniy taassurot, mung, hasrat, sogʻinch, sal kinoya… yana aytaversak, sheʼriyatga singigan, lekin tarjima qilib boʻlmaydigan talay jihatlarda hamdir.

Xaykunavis hech qachon siyosat yo ijtimoiy sohaga qalam urmaydi, u – tabiat va insonni kuzatuvchi, shu tarzda ruhga taʼsir etuvchi donishmand. Uning oʻquvchisi oddiy maysa bargiga yo shabnam tomchisiga mahliyo boʻla biladigan odam…

* * *

Umar Xayyom mayni kuylagan. Ammo buni Abu Nuvosning hamriyatlari, Manuchehrning musammatlari va koʻp sonli soqiynomalar bilan aralashtirmaslik kerak. Xursandchilik mayxoʻrligi boshqa, alamzadalik mayxoʻrligi boshqa. Xayyom kayfi benihoya alamli va fojeiy kayf: inson oʻlimga mahkum, u bir lahza boʻlsa ham lazzat izlashi kerak. Chinakam shodlik lahzalarni guldek uzib emas, Dante aytgan abadiy soʻlmas gulzorga koʻz tikib yashaydi. Abadiy soʻlmas gulzor esa – umid. Xayyomda insonning xudodan boʻlak umidi yoʻq.

Xayyom ruboiylari – foniy bandaning javobsiz faryodlaridir.

* * *

Suqrotning “Respublika”si, Forobiyning “Madinatul-fozila”si, Tomas Moorning “Utopiya”si, Kampanellaning “Quyosh shahri”, Bekoning “Yangi Atlantida”si, Kabening “Ikariyaga sayohati”… Dunyoda shunday oʻnlab asarlar bor. Bular – ijtimoiy utopiyalardir. Diniy-ahloqiy, fanniy-texnikaviy va sevgi-muhabbat utopiyalarini aytmaysizmi! Bular – inson orzu-xayolining ezgu parvozlari. Bizning “utopiya” – “xayolparastlik” degan atamalarimiz ularni yerga uradi. Aslida, bular odamzotning ideal izlashidir. Ideal esa har qanday taraqqiyotning garovi.

* * *

Donjuanlar, faustlar, majnunlar, prometeylar, iskandarlar, jyulyettalar koʻp boʻlgan. Lekin ularni faqat Bayron va Pushkin, Hyote va Heyne, Navoiy va Nizomiy, Esxil va Shekspir nomlari bilan bogʻlaymiz. Boshqa mualliflarda bular hayotda yoki tarixda boʻlgan narsa kabi qabul qilinadi. Faqat daholar qoʻliga tushgandagina “fakt” muammoga aylanadi. Biz endi buni klassika deb ataymiz.

* * *

“Guliston”da ishlar edim. Mahmud Saʼdiy degan xodimimiz bozorda kitob ayirboshlayotgan ekan, militsiya ushlab olib ketibdi. U juda bilimdon, kitobxoʻr; biz uni Shayx deb atar edik… Mening iltimosim bilan militsioner idoraga keldi, yoshgina leytenant ekan.

Gapni uzoqdan boshlamoqchi boʻldim:

— Ibn Sino Buxoroning kitob rastasida Forobiyning Arastuga sharhlarini topib olganda xursandchiligidan bir zumga hushini yoʻqotgan ekan…

— Forobiy degan shoirni eshitganman, u ham sizda ishlaydimi?

— Yoʻq, bizda faqat Shayx Saʼdiy ishlaydi.

Hazil-mutoyiba oʻtmadi. Aniq gap qildim:

— Bu yigit uylanganidan kelinni kuxnyaga tushirib kelgan. Chunki uch xonali uyining hamma xonalari liq toʻla qitob boʻlgan. U shunaqa kitob jinnisi.

— Jinniligiga spravkasi bormi?

* * *

“Nur alan-nur” degan yaxshi ibora bor. Uni koʻpincha “Nur ustiga aʼlo nur” deb nodonlarcha buzib ishlatadilar.

“Ustuvor” – mustahkam, poydor, davomli degan soʻz. Biz uni ustunlik, yaʼni “prioritet” maʼnosida ishlatamiz: “ustuvor yoʻnalishlar”, “qonun ustuvorligi”… “Ustun yoʻnalishlar”, “qonun ustunligi” deb, oddiygina oʻzbekcha va toʻgʻri gapirishga nima yetsin!

“Koʻcha odamlar bilan gavjum”, deydilar. Vaholanki, “odamlar bilan gavjum”, “qoʻylar bilan gavjum” deb boʻlmaydi. Chunki “gavjum”ning oʻzi “odam koʻp” degani.

“Faoliyat koʻrsatishni amalga oshirdilar”, “sharofati natijasida”, “raqobat kurashi”, “ustidan kuldi”… Bunday “nodir” kashfiyotlarni sanayversangiz, son mingta. Yoshlarning, ayniqsa, muxbirlarning tildagi pala-partishliklaridan har gal ranjiyman. Axir, tilimiz – shakllangan buyuk tarixiy til. Hech boʻlmasa, uning oq sochli bobo yoshini hurmat qilish kerak. u yuz yil emas, besh yuz yoki ming yil emas, oʻn besh, hatto yigirma asrlik tarixga ega.

Oʻn olti asr oldin toshga oʻyib yozilgan Oʻrxun bitiklarini oʻqing: “Otim Eltugʻon Tutuk. Ban tangri elimga elchi ertim. Olti bogʻ budunga beg ertim… Tangridagi kunga, yerdagi elimga boʻkmadim, ayrildim…”

Qanday sodda, tiniq juilalar! Faqat hozirgi tilda bir-ikkitagina kichik izohga muhtoj: “tangri el” – davlat, imperiya; “budun” – xalq; “boʻkmadim” – toʻymadim.

* * *

Tarixdan maʼlumki, shiʼa va sunniylar oʻrtasida koʻp nizolar, hatto qonli toʻqnashuvlar ham yuz bergan. Ammo, mening kuzatishimcha, maʼrifatli temuriylar davrida bunday mazhabiy ixtiloflarda murosai madora va hatto betaraflik mayli ustun boʻlgan. Bunga dalillar serob.

Chunonchi, Magʻrib yurishi paytida Amir Temur tasavvufda “Qosimi Anvar” nomini olgan mashhur shiʼa allomasi Shayx Sayyid Muʼiniddin Alini qabul qiladi. Xurosonda katta nufuzli bu zoti sharifning suhbati Amir Temurga shu qadar yoqib qoladiki, uning iltimosi bilan Sohibqiron Kichik Osiyoda olingan minglab asirlarni uy-uylariga qaytarib yuboradi.

Soʻng Qosimi Anvar Shohruh bilan nizoda ayblanib, Samarqandga kelib qoladi va sunniylarning ashaddiy muxolifi boʻlishiga qaramay, Mirzo Ulugʻbekning ilmiy davrasida katta obroʻ qozonadi.

Oxirgi temuriylardan Sulton Husayn ham, boshqa obodonchiliklar qatori, Xoʻjahayrondagi “Imom Ali maqbarasi”ni muhtasham Mozori Sharifga aylantirgan…

Bunda gap Temurning ona tomonidan goʻyo hazrat Aliga borib taqalishida emas, albatta. Bu gap deyarli afsona. Mazhabiy ixtiloflardagi murosai madorani temuriyzodalarning maʼrifiy-madaniy va insoniylik darajasi bilan izohlash kerak.

* * *

Ajabki, yetti-sakkiz yildan beri birorta ham asar oʻzbekchadan ruschaga tarjima qilinmabdi. Bu sohaning bilgichlari umuman yoʻqolib ketdi.

Alam qiladigan jihati shundaki, men oʻn yillab Moskvada ham, Toshkentda ham shu ishning mutasaddilaridan biri boʻlganman. Oʻzbek asarlarini rus tiliga tarjima qilishga bagʻishlangan anjumanlarda mutaxassislar, yozuvchilar qatnashar edi.

“Shoʻrolar tarqab ketdi…” dersiz. Gap unda emas, oʻzbek asarlarini rus tiliga oʻgirish Ulugʻ Pyotr davridayoq boshlangan. Pyotr topshirigʻi bilan Tobolga kelgan ofitser shu yerlik bitta mulla yordamida Abulgʻozixonning “Shajarayi turk” asarini tarjima qiladi. 1730 yilda esa T.Ker shu asarni turkiydan toʻliq ruschaga oʻgiradi. Umuman, “Shajarayi turk” eng koʻp tarjima qilingan asarlardan. Oʻsha davrlardayoq uni mashhur shoir V.Trediakovskiy, keyin N.Chernishevskiyning doʻsti G.Sablukov (u Chernishevskiyga arabiy, forsiy va turkiydan taʼlim bergan), A.Tumanskiy va yana koʻplar tarjima qilgan. Tarjimonlarga Ibrohim Xalfa, Ali Kozimbek singari turkiyzabon olimlar koʻmak berganlar. “Qutadgʻu bilik” (V.Radlov), Yassaviyning “Hikmatlar”i, Mashrab gʻazallari (N.Mikoshin), “Boburnoma” (N.Pantusov), Maxtumquli sheʼrlari va boshqalar rus tiliga XIX asrdayoq qisman tarjima qilingan edi. undan keyingi davrlarda bu ishning naqadar keng rivojlanib ketganini yaxshi bilasiz.

Madaniyatning shunday anʼanaviy va miqyosli bir sohasi yoʻqolib ketsa-ya! Men buni tushunishdan ojizman…

* * *

Mumtoz lirikada mahbubaning tasviri albatta qoshu koʻz, yanogʻu dudoq, xolu zulfdan boshlanadi. Nima uchun shunday?

Maʼlumki, tasavvufda bandai solihning yoʻli shariat, tariqat, maʼrifat va haqiqat bosqichlaridan iborat. Mahbubaning jamoli – vahtadul-vujud yoʻlidagi orzu. Ammo, tasavvuf murakkab. Uning dunyoviylikka moyil suluklari (Gʻijduvoniy, Naqshbandiy tariqatlari) ham koʻp. Real mahbuba boʻlmasa, uning ilohiy ramzi qayoqdan kelib chiqardi? Shoir botiniy nazar bilan dunyoviy mahbubaning qalbiga, sir-sinoatiga, his-tuygʻulariga intiladi. Bu (ilmul-yaqin) esa, avvalo, yuzni ochish (mukoshafa), keyin koʻzni koʻrish (muʼayyana) va soʻngra aql koʻzi bilan gʻaybni, yaʼni sirli hislarni tuyush (mushohada) bosqichlaridan iborat. Najmiddin Kubro insoniy muhabbatning bu ilmini “basira” deb ataydi. Vahdatul-vujud singari bu orzu ham ushalavermaydi, albatta. “Koʻr” shoirlarning koʻpligi (Homer, Rudakiy, Al-Maariy, Shamsiddin Zakiy…) balki shundandir? Afsonalar esa ularni chinakam “soʻqir”ga chiqargan boʻlishi ham mumkin…

* * *

Oʻtgan rus hamda Gʻarb adabiyoti va sanʼatida hamma asarlar bir turda anʼanaviy insoniy edi: Pushkin, Turgenev, Balzak, Flober, Bax, Chaykovskiy, Dostoyevskiy, Tolstoy, Rembrant, Repin, Jek London, Goncharov, Mark Tven, Chexov…

Endilikda oʻsha buyuk asosiy Sanʼat parcha-parcha boʻlib boʻlinib ketdi: avangardizm, futurizm, simvolizm, dekadentlik, modernizm, syurrealizm, akmeizm, imajinizm, irratsionalizm, absurdizm, ultraizm, freydizm, kubizm, ekzistensializm, ekspressionizm, impressionizm, abstraksionizm…

Qoʻying-chi, hamma “izm”lar bor, faqat gumanizm gʻolib chiqsa bas… Shunday boraversa, u butunlay tugab ketsa ehtimol…

* * *

Rassommi, musavvirmi?

Qurʼoni karimda Ollohning nomlari birma-bir sanalib “…al-Xoliqu al-Musavviru” deyiladi. Demak, U insonni tuproqdan yaratuvchigina emas, ruhiyat va hislar bilan bezab, tasvir qiluvchi hamdir. Hakim Sanoyi u haqda bunday yozadi:

“…z-onki gil mazlumast va dil ravshan,

Gili tu gulxanast va dil gulshan”.

Yaʼni: tuproq – zulmat, dil esa ravshan; tuprogʻing oʻt-olov, dil esa – gulshan.

Bu jihatdan, rasm solib, shakl beruvchi rassomdan koʻra, dil oynasiga rasm solib, ruhiyat va tuygʻular bilan ravshan etuvchi musavvir atamasini qoʻllash, chamamda, maʼqulroq.

* * *

Vaqt oʻtishi bilan birov aqlliroq boʻladi, birov – kattaroq.

* * *

Sheʼrni tahlil qila boshlasalar, gʻashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan koʻra, shunday koʻkrak toʻlatib nafas olgan yaxshiroq emasmi?

* * *

Bizda hozir bor-budimizni rad qilish avj olgan. Vaholanki, tap-taqir yerda hech vaqo paydo boʻlmaydi. Eski mafkuraning taʼsiri bor deb, hamma narsani inkor qilishning oʻzi ham bir mafkura emasmi? Biz badiiyatning barcha namunalarini ardoqlashimiz kerak.

Badiiyatdagina emas, ilmda, falsafada va dinda ham eng buyuk va tabarruk siymolar shunday qilganlar. Hatto gʻayridinlar ibratli merosni tan olganlar. Yahudiylar oʻz dinlariga Misr maʼjusiylarining barcha qadriyatlarini qabul qilganlar. Forobiy, Beruniy kabi allomalarimiz bosh egib hurmat qilgan oʻnlab aflotunlar musulmon emas edi-ku?!

* * *

Moʻjiza – sir – bilim – haqiqat. Bular shu tartibda bir-birini inkor qiladi va bir-birisiz yashayolmaydi.

* * *

Biz Sharq adabiyotining Gʻarbga, ayniqsa, mumtoz sheʼriyatga taʼsiri haqida qandaydir tor, parokanda bir tarzda fikr yuritamiz. Toʻgʻri, koʻp nomlar, asarlar, qiyoslashar (“Layli va Majnun” – “Romeo va Julyetta”) bizga maʼlum: Gyugoning “Sharq taronalari”, Hyotening “Sharq devoni”, Bayronning sharqona dostonlari, Adam Mitskevichning “Qirim sonetlari”, Pushkinning “Qurʼondan iqtibos”, “Bogʻchasaroy favvorasi” asarlari, Sergey Yeseninning “Fors taronalari” turkumi, Mixail Lermontovning Kavkaz dostonlari; Hofiz, Saʼdiy, Firdavsiy, Jomiy, Navoiy va boshqa ulugʻ zotlarga koʻplab bagʻishlovlar, taqlidlar… Sanab bitirgisiz. Lekin, taʼsir nega bu qadar bepoyon? Sharq dahosining sehri nimada ekanini anglash uchun ushbu hodisani keng miqyosda, adabiy oqim va usullarning harakat jarayonida tadqiq etish kerak.

Sharq sheʼriyati – muhabbat va mehr toʻla, goʻzal va hassos, yuksak badiiy ramz va tashbehlarga boy, erkin, insoniy, teran falsafiy, anʼanaviy romantik sheʼriyat. Qadimdan shunday. U asrlar davomida Gʻarb adabiyotining romantik ruhini bir necha bor qutqarib qoldi. Gʻarbda avval ellinizm taʼsiridagi romantika jonlandi. Lekin, bu yuksak va baquvvat estetik oqimni dastlab xoch (salib) yurishlari, qilich-qalqonli ritsarlar, inkvizitsiya gulxanlari, qonli qirgʻinlar boʻgʻib tashladi. Eng sodiq romantiklar Sharqqa suyanib qoldilar. “Kuchli oriyental oqim tirik edi”, deydi Gegel. “Bu tabiiy dunyo shaxsni qutqardi”, deydi Russo. Romantika yana oyoqqa turib, avjga minganda esa, unga shartli qoliplarga solingan shafqatsiz klassitsizm va ratsionalizm dogmalari xalaqit berdi. Kuzatishlarimizga qaraganda, Gʻarb romantikasini bu balolardan ham oʻsha “tabiiy dunyo”, oʻsha “oriyental oqim”, yaʼni Sharqning benazir goʻzal, erkin, romantik sheʼriyati saqlab qoldi…

Bu – mavzuning birgina jihatiga shaʼma, xolos. Miqyosli mulohazalarga turtki kerak…

* * *

Bolasini yoʻqotgan ona yuragi yorilib oʻlishi mumkin. Nomusi, izzat-nafsi toptalgan qizning boshidan kerosin quyib, oʻziga oʻt qoʻyganini koʻp eshitganmiz. Tahqirlangan, tuhmatga uchragan odam alamdan oʻzini osib oʻldiradi… Endi ayting, tan yarasi yomonmi yo dil dardimi?

* * *

Kuzatishimcha, odamlar gapirayotgan gapning, taxminan, yetmish-sakson foizi ortiqcha ekan. Kimdandir eshitgan edim: bir tovushni talaffuz qilish uchun falonchi energiya sarf boʻladi, deb. Unday boʻlsa, harf va raqamlar bu jihatdan ham juda katta iqtisodiy-moliyaviy kashfiyot ekan. Boʻlmasa, masalan, “uchta uy” deyish oʻrniga fikrni tushuntirish uchun oʻsha uchta uyni koʻchirib-koʻtarib keltirish kerak boʻlardi… Sviftning bir satirasi esimga tushadi. Laput boylari energiyani tejash uchun, aytish kerak boʻlgan narsalarni oʻzlari bilan olib yurisharmish. Hangomalashgani borganda xizmatkorlari hamma lash-lushlarini yelkalab kelishar ekan…

Albatta, bu – satira. Ammo men shu oʻrinda ham sanʼatni oʻylayman. Biz mazmun va shakl haqida koʻp gapiramiz. Aslida, buning birinchisi – mantiqiy tafakkur, ikkinchisi – hissiy tafakkur. Ikkinchisi (narsalar va harakatlar) birinchisidan oldin yuradi. Ikkalasining birligi badiiy obraz boʻladi.

Yaponlarda matnsiz, “bazabon” kinofilmlar koʻp boʻladi, kuzatganmisiz?

… Bu mening kasal boʻlib, tildan qolganimdan keyingi (sizga xudo koʻrsatmasin!) uyqusizligimda miyamga kelgan pala-partish fikrlar. Kechirasiz.

* * *

Biz nimaiki yozsak, kimdandir iqtibos olamiz. Falon donishmand bunday degan, falon klassik unday degan… Ulugʻlarning “aforizm”larini butun-butun kitoblar holida nashr etamiz. Vaholanki, ularning koʻpi allaqachon hech qanaqa “suyanchiq”qa muhtoj boʻlmagan, hammaga maʼlum oddiy haqiqatlar. Bu didaktik konservatizm original tafakkur rivojiga xalaqit bermaydimi? Men ulugʻlarga qarshi emasman, ammo oʻz fikrlash salohiyatimizni ham ishga solishimiz kerak-da! Ulugʻlar aytgan deb, oddiy haqiqatlarni maqola va kitoblarimiz, shiorlarimizda takrorlayveramizmi? “Sof havo hammamizga kerak!” deb hech kim alvonlarga katta qilib yozib qoʻymaydi-ku?!

* * *

Tasavvur ham bir instinkt. Lekin bu – oliy savqi tabiiy. U idrokdan tashqarida nogoh paydo boʻlib, nimanidir qamrashga intiladi-yu, nima ekani, nomi hali ongda yoʻq. U hali xira bir ichki sezim. Ammo mavjudligi aniq, uni faqat koʻchma maʼnoda, obrazli yo ramziy tarzda belgilash mumkin.

Hayvoniy instinkt xavf-xatarni oldindan payqaganday, ijodiy tasavvur ham uzoqdagi fikrni goʻyo bir oʻzgaruvchan bulut parchasi kabi koʻngil koʻzgusida koʻrib, goh chaqmoq singari oʻtli chiziqlar, goh qandaydir etyudlar, qiyofalar, kompozitsiyalar, taqdirlar tarzida shakllantira boshlaydi. Biroq, idrok tasavvurni toʻla qabul qilmasligi ham mumkin. oliy instinkt sezimi koʻpincha haligi oʻzgaruvchan bulut parchasiday tarqab ham ketadi.

Tuban instint takrorlanib paydo boʻladi. Oliy instinkt esa balqib-nurlanib yuzaga chiqadi. Ikkalasi ham kuchli, jasoratli boʻlishi mumkin. ammo, ikkinchisigina baʼzan katta gʻoya, dohiyona haqiqatga evriladi.

* * *

Tasavvuf haqida gapirilganda, u koʻpincha panteizmga, neopllotonizmga qiyos qilinadi. Unday boʻlsa, nima uchun bu oqimlarga amal qilgan Dante, Petrarka asrlardan beri ulugʻlandi-yu, tasavvufga buncha qora chaplandi? Fransuz maʼrifatchiligi butun oqim sifatida koʻklarga koʻtarildi-yu, nima uchun bizning jadidlarga “burjuy mafkurachilari” degan (goʻyo “yoʻqsil maʼrifatchilari” ham boʻladiganday!) qora tamgʻa bosildi?

Menimcha, bu va bu singari kamsitishlar bizlarga mustamlaka deb qarashning alomatlari edi.

* * *

Tanqidchi va adabiyotshunoslar asosan asar haqida gapiradilar. Yozuvchi haqida esa…

Vaholanki, asar yozuvchidan unib chiqadi; farzandiday unda tugʻiladi, ulgʻayadi, kamol topadi; u farzandini avaylaydi, himoya qiladi. Asar – yozuvchining taqdiri; kerak boʻlganda yozuvchi qurbon boʻlishga ham tayyor. Uning bu gʻayritabiiy sadoqati, yozmasdan turolmasligi, ruhiyatga, falsafaga, mushohadaga moyilligi, shaxsi, feʼli, uslubi, qarashlari, dardi, qiynalishlari hech kimni qiziqtirmaydi. Yozuvchi oʻz shaxsi va oʻzgalarning shaxsi bilan birikib ketgan – asar uning subʼyekti. U boshqa ishda ham ishlashi mumkin (yozuvchi hech qachon badavlat boʻlmagan), ammo uning mohiyati, ehtirosi – ijod. Qobiliyati qancha katta boʻlsa, shuncha katta kuch sarf qiladi. U – beixtiyor fidoyi; ham baxtiyor, ham baxtsiz – bu uning irodasiga bogʻliq emas.

Bu haqda koʻp gapirish mumkin, ammo tanqidchilar…

* * *

Amir Temur Hofiz Sheroziy bilan uchrashganda, shoirning mashhur misralarini esga olib: “Hali senmisan jononning bitta xoliga Samarqandu-Buxoroni bagʻishlab yuborgan?!” deb dargʻazab boʻlganmish, degan gaplar yuradi. Bu – aqlga sigʻmaydigan uydirma.

Aslida, bu avvaliga doʻstona hazil-mutoyibadan boshlangan jiddiy suhbat boʻlgan. Bu oʻsha, shoirning dastlabki javobidan ham koʻrinib turibdi: “Saxovat, taqsir, azbaroyi saxiyligimizdan shunday yupun boʻlib oʻtiribmiz-da!..”

Shoir oddiy xattotlik bilan kun koʻradi.

Hofizning Amir Temur bilan uchrashuvi bejiz emasdi. Mashhur sherozlik uncha-muncha hukmdor bilan uchrashavermagan. Hatto Bagʻdod sultoni Ahmad Jaloyir, Bengal sultoni Gʻiyosiddin, sulton Mahmud Bahmaniy va boshqa hukmdorlarning takliflarini rad etgan. U buyuk lirik shoir boʻlish bilan birga, bevosita ijtimoiy mavzulardagi fojeiy, alamli asarlari bilan ham mashhur boʻlgan; Xurmuz koʻrfazida hind kemasining halokati toʻgʻrisidagi, ikki oʻgʻlining bevaqt oʻlimi haqidagi, hukmdorlar tomonidan nohaq badargʻa qilingan bir doʻstini yoqlab yozgan jasoratli gʻazallari shular jumlasidandir. Tabiiyki, shuhratli shoirning bu jihati ham Sohibqironni qiziqtirgan. Shuning uchun professor A.Arberri “Mumtoz fors adabiyoti” kitobida bunday deydi: “Bu ikki buyuk shaxsning uchrashuvi adabiyotdagina emas, tarixda ham juda muhim voqea edi”.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.