Toʻzon

0
572
marta koʻrilgan.

Bu laʼnati toʻzon boshlanishidan ikki kunmi, yo uch kunmi oldin Olloberdi chol omonatini topshirdi. Xudoning qargʻishiga qolgan shaharchani oʻrab turgan qumtepalar tomondan gʻalati hovur koʻtarilar, shamol bu yurtni butkul unutib yuborgan boʻlsa kerakki, onda-sonda uchraydigan butalarning shoxlari ham zobitning oldida turgan askardek qilt etmas, osmon ham xira kulrang tusda edi. Biz bolakaylar tikansimlar bilan oʻrab olingan, har joy-har joyda soqchi minorasi qoʻqqayib turadigan shaharchadan bir amallab chiqib olib, bir necha chaqirim naridagi, shoʻr va sassiq suvli zovurda choʻmilib qaytayotgan pallada, Olloberdi cholning jon taslim qilayotganini koʻrib qoldik.

Chol beton panellardan tiklangan toʻrt qavatli uyning birinchi qavatida bir oʻzi yashar, bizning maktabda qorovullik, goʻlahlik qilardi. U kechqurunlari, havo biroz salqin tortgan paytlarda, uyga kiraverishdagi yoʻlak yoniga oʻrnatilgan xarrakda oʻtirib xayol surishni yaxshi koʻrardi. Biroq, oʻshanda u qoq tush pallasida, mis tovaday qizib turgan xarrakda boshi qiyshayib, iyak qoqib turardi.

Cholning koʻrinishi dahshatli edi: yagʻir doʻppisi yonga surilib, kirligidan sargʻayib ketgan oq sochlari koʻrinib qolgan, ogʻzi qiyshayib, lablaridan qon aralash koʻpik sizar, koʻzlari olayib ketgan edi. Manzara dahshatli boʻlsa-da, undan koʻzimizni uza olmasdik. Biz qoʻrqa-pisa ajal girdobida qolgan cholga yaqinlashdik.

– Ketinglar bu yerdan, – xirilladi chol. – Ketinglar… Toʻzon yaqinlashmoqda…

Holbuki, bir haftadan beri bu sahro shaharchasida qilt etgan ojiz shabadaga ham zor edik.

– Meni toʻzon olib kelgandi… – xirilladi chol, soʻnib borayotgan koʻzlari bilan bizga tikilib, – Endi u qaytarib olib ketadi, shekilli…

Chol xarrakning suyanchigʻiga oʻzini tashlab tirishdi, keyin bir xoʻrsingandek ojiz tovush chiqardi va boshi shilqillab yelkasiga tushdi. Biz qurbonining oʻlimini kutib turgan kalxatlar kabi uni oʻrab turgandik. Oʻlimning etni junjiktiruvchi sovuq nafasini his qilib, saratonning jaziramasida, quyoshning olov nafasi ostida turgan boʻlsak-da, titrab ketdik. Keyin esa cholning murdasini xarrak-da qoldirib, toʻrt tomonga tiraqaylab qochib qoldik.

Uchinchi qavatga hansirab chiqib, uyimizga kirdim. Otam ishdan kelmagan, onam esa uch oylik singlim bilan andarmon edi.

– Ona-a, – dedim, hiqillab, – Ona-a!

– Baqirma, – dedi onam yarim shivirlab, – singlingni zoʻrgʻa uxlatdim. Nima ilon-pilon koʻrib qoldingmi, buncha elovriysan?

– Ona, Olloberdi chol… Olloberdi chol oʻlib qoldi!

– Nima? Qayerda oʻldi? Nega oʻladi?

– Yoʻlakning oldidagi xarrakda oʻlib qoldi.

Onam biroz sarosimada allanimalarni pichirlab, yuziga fotiha tortdi. Keyin menga oʻgirildi.

– Yonida hech kim yoʻqmidi?

– Yoʻq edi.

– Bir moʻminning jasadi koʻchada qolmasin. Chopib borib komendantga ayt. Tushundingmi? Olloberdi bobo xarrakda oʻlib qoldi, degin. Keyin sandiroqlab yurmasdan uyga qayt.

Mening tashqariga chiqishga, bundan ham yomoni, chol yotgan xarrak yonidan oʻtishga yuragim betlamasdi. Onam tixirlik qilishimga eʼtibor bermay, narigi koʻchadagi komendaturaga joʻnatdi.

Komendant, sargʻish moʻyloviga tamaki va aroqning omuxta hidi oʻrnashib qolgan, ellik yoshlardagi xomsemiz polkovnik, biz bolalar “Vasilich amaki” deb ataydigan Aleksey Vasilyevich Dudko, mening gʻoʻldiragancha, soʻzlarni chala yamlab yetkazgan xabarimdan keyin boshidan furajkasini olib, oʻylanib qoldi. Keyin ikkita askar bilan oʻzining shaloq “UAZ”ini bizning uy tomonga joʻnatib, murdani “Morg”ga olib borishni buyurdi. Komendaturadan chiqayotganimda negadir kunbotar ufqda xira tumanlik paydo boʻlayotganiga koʻzim tushdi. Bunga eʼtibor ham berib oʻtirmay uyga qarab chopdim.

 

* * *

Otam qamalganida men ikki yarim yoshda ekanman. Toʻqqiz yasharligimda otamga biroz yengillik berilib, qamoqda emas, balki shu yopiq shaharchada ishlashga yuborildi. Buning ustiga oilasini ham koʻchirib olib kelishga ruxsat berilgach, otam bizga xat yoʻllab, yoniga chaqirdi. Onam bir qoʻli bilan meni yetaklab, ikkinchi qoʻlida ogʻir jomadonni koʻtargancha yoʻlga tushdik. Mening esimda qolgani avval avtobusda qandaydir shaharga borganimiz, keyin vokzalda, qumursqadek gʻuj-gʻuj olomon orasida sarson-sargardon boʻlib yurganimiz, keyin bir amallab, poyezdga ilashib, loʻlilar, ipirisqi daydilar bilan toʻlib toshgan “obshi” vagonda ikki kun yurib shu ovloq stansiyaga tushib qolganimiz, u yerda esa ikkita askar qurshovida otam bizni kutib olgani edi, xolos. Otam bizni olib kelib shu, uchinchi qavatdagi beton katak uyimizga oʻrnashtirgach, shoshgancha yana ortga, ishiga qaytib ketdi. Biz onam ikkalamiz begona uyda nima qilishni bilmay serrayib qoldik. Keyin men barcha eshiklarni bir-bir ochib xonalarga koʻz tashlay boshladim. Birida koʻrpa-toʻshakli karavot, shkaf, stol va uchta stul, birida kattakon lagan va ikkita yaltiroq joʻmrak, birida esa gaz plitasi va idish-tovoqlar, yana biri esa poliga toʻshalgan eskiroq palosdan boshqa hech narsasi yoʻq, boʻm-boʻsh xona edi. Onam jomadonni shu xonaga qoʻydi. Biroz oʻylanib turganidan keyin oshxonaga oʻtib, kosa-tovoqlarni yuva boshladi. Gazni yoqib choy qoʻydi.

Koʻrpachalarni toʻshab, momom turshak, jiyda, qurut va kulcha tugib bergan olaquroq dasturxonni ochdi. Biz jimgina choy icha boshladik.

Shu payt eshik taqilladi. Onam seskanib tushdi. (Otamning qoʻllarini qayirib olib ketishganidan beri onam oyoq ostida qisirlagan xazondan ham qoʻrqadigan boʻlib qolgan ekan). U qaltiragancha borib eshik ilgagini tushirdi. Eshik oldida toʻladan kelgan, malla moʻylovidan tamaki va aroqning qoʻlansa hidi anqib turgan harbiy kiyimli kishi va askar turardi.

– Z-zdrasti, xozyayka! – dedi u bilinar-bilinmas chayqalib. – S novoselyem!

Onam hech narsaga tushunmay, oʻtakasi yorilgudek boʻlib ortga tisarildi. Men ham uning keng koʻylagi ortiga bekindim.

Harbiy kishi bilan yelkasiga avtomat osgan askar hech qanday takallufsiz ichkariga kirishdi. Askar eshikni yopdi. Harbiy kimsa xuddi oʻz uyida yurgandek bemalol oshxonaga kirdi va kursiga oʻtirdi. Askar esa xuddi biz qochib ketayotgandek, avtomatining qayishini changallagancha faxriy qorovulda oʻtirgandek eshik oldida gʻoz turib qoldi.

– Polkovnik Aleksey Vasilyevich Dudko, komendant kolonii U-ya 126/74! – Tanishtirdi oʻzini harbiy kishi. Onam uning tilini tushunmasdan qaltirab turardi. Men oʻzimni ancha bosib olgandim. Harqalay oltinchini tugatganman. Rus tili muallimamiz Alfiya opaning taʼrifi boʻyicha shu tilni oʻzlashtirish boʻyicha maktabdagi eng iqtidorli oʻquvchilardan edim.

– Ona, bu kishi shu yerning kattasi ekan, bizning qanday joylashganimiz bilan qiziqyapti.

Onam menga koʻzlarini katta-katta ochib qaradi. Bu “chulchut”ning tilini uqishimga hatto onam ham ishonmasdi.

– Hammasi yaxshi, deb ayt. Tezroq keta qolsin.

Maktab darsligi boʻyicha rus tilini yaxshi oʻzlashtirgan boʻlsam-da, hali biror marta tirik oʻris bilan gaplashib koʻrmagandim. Tutila-tutila gapirdim:

– Ispasiba. Vse xorosho.

Mening rus tilida gapirganim Dudkoga yoqib tushdi.

– Nu, tiʼ molodets, paren! Kak tebya zvat?

– Bahrom, – dedim men, endi onamning etagidan nariroq surilib. Komendantning yaxshi muomalasi menda oʻzimga nisbatan ishonch uygʻotgandi.

– Bax-xram, – dedi u biroz qiynalib, – tiʼ ne protiv, yesli ya tebe Borey zovu?

– Net, ne protiv.

– Molodets, Borya! – U endi onamga oʻgirildi. – U tebya slavniy paren, xozyayka! Vot miʼ i poznakomilis. Vecherom Alik pridyot, pust zaxodit v komendaturu. Tiʼ ponyal menya, Borya?

– Da, ponyal, dyadya…

– Vasilich, – dedi u. Keyin qoʻshib qoʻydi: – Zdes detvora menya dyad Vasilichom klichit. I tiʼ toje tak zvat mojesh. Nu, schastlivo ostavatsya, xozyaeva. – Burilib ketar ekan, yana bir karra menga eslatdi. – Ne zabud, Bor, Alik vecherom zaxodit komendaturu.

– Ne zabudu, dyadya Vasilich!

Kechqurun otam kelganida komendantning kelganini va nimalar deganini oqizmay-tomizmay aytib berdim.

– Sen rus tilini qayerdan bilasan? – hayron boʻldi otam.

– Maktabda “besh”ga oʻqiganman! – Maqtanib qoʻydim.

Otam ulkan, temirdek qattiq qadoqli panjalari bilan boshimni siladi.

– Yaxshi! Bu ishing zoʻr boʻpti. Tilni bilsang bu yerda qiynalmaysan. Tezda oʻzingga oʻrtoqlar topib olasan.

 

* * *

Otam toʻgʻri aytgan ekan, kuzda yangi maktabga qatnay boshlaganimga koʻp oʻtmasdan oʻzimga yarasha oʻrtoqlar topib oldim. Birinchi bor sinfxonaga kirganimda, qator partalarda oʻtirgan bolalar koʻzimga begona va sovuq koʻringan edi. Oʻrta yoshlardagi toʻladan kelgan oq-sariq ayol – rus tili oʻqituvchimiz va sinf rahbarimiz Lidiya Aleksandrovna meni oʻrta qatorda yolgʻiz oʻtirgan, malla yuzini sepkil bosgan, boʻyi mendan bir kalla baland, suyagi buzuq qizning yoniga oʻtqazarkan, tanishtirdi:

– Bolalar, bu sizlarning yangi sinfdoshlaringiz Baxram Abdullayev. Umid qilamanki hali doʻstlashib ketasizlar.

Oʻqituvchi ortiga oʻgirilib, doskaga mashqning qolgan qismini yoza boshlaganida sinfda misli koʻrilmagan shivir-shivir toʻzoni boshlanib ketdi. Men indamay sumkadan kitob-daftarimni chiqarib partaning ustiga qoʻydim. Suyagi buzuq qiz mening har bir harakatimni yirik-yirik moviy koʻzlarini yanada katta ochgancha kuzatib turardi. Oxir sabri yetmay soʻz qotdi:

– Mening ismim Masha…

– Menikini esa hozir eshitding, – dedim biroz qoʻrsroq ohangda.

– Isming gʻalati ekan… – u biroz tutilib qoldi. – Biroq, bizda senikidan ham gʻalati ismli bolalar bor. Misol uchun, uchinchi qatorning oxiridagi bolaga qara, uning ismi Nur-dau-let. Biz uni Davka deb ataymiz. Xuddi boʻgʻma ilonni atagandek.

Masha partada yolgʻiz oʻtirib rosa zerikkan koʻrinadi, labi labiga tegmay pichirlardi. Men u koʻrsatgan tomonga qaradim. Uchinchi qatorning soʻnggi partasida boshqalarga nisbatan yoshi kattaroq shekilli, baland boʻyli, polvon kelbatli, yalpoq va keng yuziga unchalik oʻtirishmagan mitti qisiq koʻzlari yiltirab turgan oʻspirin oʻtirardi. Masha yana allanimalarni shoshilib gapira boshlaganida Lidiya Aleksandrovnaning qahrli ovozi eshitildi:

– Dudko! Agar yana shivirlay boshlasang, sinfdan chiqarib yuboraman!

– Kechirasiz, Lidaleksanna. Boshqa qaytarilmaydi, – dedi Masha shosha-pisha va jim qoldi.

– Nima, sen komendantning qizimisan, hali? – soʻradim uning familiyasini eshitganim zahoti.

– Ha, shuning uchun ham partada yolgʻiz oʻtiribman. “Zek”larning bolalari men bilan oʻtirishni xohlashmaydi, yaramaslar. – U gʻijinib, yirikkina mushtini qisib qoʻydi. Keyin menga oʻgirildi. – Sening otang ham ariston, a? Sen mendan nafratlanmaysanmi?

Vasilich amaki menga yomonlik qilgani yoʻq. Tanishgan kunimizdan boshlab bu xoʻppa semiz polkovnik menga sodda va samimiy odam boʻlib koʻringandi. Bolalarga uning nimasi yoqmaskan. Tushunmadim. Otasi yoqmasa, qizida nima ayb.

– Yoʻq, – dedim Mashaning sepkil bosgan yuziga qarab. – Sen bilan endigina tanishdim-ku. Nima uchun nafratlanishim kerak.

Mashaning koʻm-koʻk koʻzlari quvonchdan porlab ketdi.

– Maylimi, seni Borya deb chaqirsam?

– Ixtiyoring. Otang ham meni shunday deb ataydi.

– Sen hali otam bilan tanishmisan?

– Ha, kelgan kunimoq tanishib olganman.

Mashaning koʻzlaridagi quvonch alangasi bir zumda soʻnib, oʻrnini mubham, allaqanday gʻussali tumanlik qoplab oldi.

– U otangni urdimi? – bir oz tin olib, hazin tovushda soʻradi.

– Yoʻq, – dedim biroz hayron boʻlib, – nega unaqa deysan?

Masha ogʻir tin oldi.

– Otam ichib olgan paytlarda koʻziga tashlangan aristonni rezina tayogʻi bilan doʻpposlab qoladi. Gap qaytarganini esa qamoqqa tashlaydi. Yaqinda Davkaning otasini kaltaklab, mayib qilib qoʻyishiga sal qoldi. Shuning uchun ham Davka meni yomon koʻradi. Agar xilvatda qoʻliga tushib qolsam, oʻldirib ketishdan ham toymaydi, u!

– Lekin otang unaqa odamga oʻxshamaydi-ku?

– Ichmagan paytlarida yaxshi odam. Ichsa, hayvonga aylanadi, qoladi.

Oradan bir necha kun oʻtdi. Eʼtibor bersam, haqiqatan ham Mashani hech kim, hatto qizlar ham oʻz saflariga qoʻshmasdilar. Yangiligimgami, yoxud, tavqi laʼnatga qolgan Masha bilan partadosh boʻlib qolganim uchunmi, men ham beixtiyor ularning nafrat oʻqiga nishon boʻlib qolgandim. Rasman sinfga “professor” laqabli qiltiriqqina, koʻzoynak taqib yuradigan armani bola Gogik sinfboshi boʻlsa-da, biroq butun sinf, hatto qizlar ham mushtumzoʻr Nurdaulet – Davka qozoqqa quloq qoqmay boʻysunishardi. Bechora sinfboshi esa uning xos gʻulomiga aylanib qolgandi. Mashaning aytishicha uni qizlar orqaravotdan “Otnesi-prinesi” deb atasharkan.

“Qiziq, – xayolimdan oʻtdi shu tobda birinchi partada oʻtirgan Gogikka nazar tashlarkanman, – shu gavdasiga shuncha laqab ogʻirlik qilmasmikan: “Professor”, “Otnesi-prinesi”, yana buning ustiga “Sinfboshi” ham…”

Tanaffusda bir chetda turib, toʻpolon qilayotgan kichkina sinf oʻquvchilarini tomosha qilib turardim. Nariroqda esa Davka boshchiligidagi bir nechta oʻgʻil bolalar nimanidir qizgʻin muhokama qilishar, ahyon-ahyonda men tomonga qarab-qarab qoʻyishlaridan, suhbat mening sinfda qoʻqqisdan paydo boʻlib qolishim toʻgʻrisida ekanligiga ishonchim komil edi. Men tabiatan kamsuqum bolaman. Odamlar bilan tez kirishib keta olmayman. Tortinaman. Shu tortinchoqligimni yashirish uchun xoʻmrayib olaman. Xuddi bu “yalangoyoq”larni pisand qilmayotgandek koʻrsataman oʻzimni. Bu qiligʻim menga koʻp pand bergan. Bir necha bor kaltak yeb qovoqlarim ostini koʻkartirib ham yurganman. Biroq bu odatdan qutulolmayman sira. Hozir ular ham bu gʻoʻddaygan oliftaning adabini berib qoʻyishni oʻylayotgan boʻlsalar kerak. Achchiq tajribamdan bilamanki, ular bu ishni tanaffusda, maktab hovlisida amalga oshirishmaydi. Balki, shaharchaning bironta xilvat goʻshasida ora ochdi qilinadi. Ular hamon nimanidir qizgʻin muhokama qilishardi. Oxir-oqibat kelishib olishdi, shekilli, bir-birlariga qoʻl tashlashdi.

– Boʻldi, – xayolimdan oʻtdi, – endi ichlaridan bironta notavonroqni “elchi” qilib joʻnatishadi.

Aytganimdek boʻldi. Sinfboshi Gogik menga yaqinlashib kela boshladi.

– Borya, – dedi u koʻzoynak ostidan qora koʻzlarini alang-jalang oʻynatib, – yur, gaplashib olishimiz kerak.

Biz chetroqqa oʻtdik.

– Davkaga sening komendantsha bilan osh-qatiq boʻlib yurishing yoqmayapti! – dedi u qariyb shivirlashga oʻtib ketayozgan past tovushda. – Bu ishga shu bugunoq barham berishingni talab qilyapti!

– Kim? – dedim oʻzimni goʻllikka solib, – kim talab qilyapti?

Gogik xuddi kirlanib ketgandek koʻzoynagini yechib, choʻntagidan oppoq roʻmolchasini chiqardi va hafsala bilan oynaklarini artib chiqdi. Keyin avaylab uzun qirra burnining ustiga qoʻndirdi.

– Nahotki tushunmagan boʻlsang?! Davka talab qilyapti!

– Agar Davkangning talabini bajarmasam-chi?

– Unda oʻzingga qiyin boʻladi.

Ichimdan zil ketib turgan boʻlsam-da sir boy bergim kelmadi. Oliftalarcha chetga “chirt” etib tupurdim-da, bamaylixotir qoʻl silkidim:

– Boshga tushganini koʻz koʻradi, – dedim kattalardek salmoqlab va sinfxonaga tomon yurdim.

Goga yetti yildan beri shu sinfda oʻqib, shu yetti yil davomida sinfning tan olingan “qiroli”ga sadoqat bilan xizmat qilib yurib bunaqa “qahramonlik”ni ilk bora koʻrib turgan boʻlsa kerakki, koʻzlarini hatto koʻzoynakdan chiqib ketgudek qilib chaqchaytirgancha ortimdan hangu mang qarab qoldi.

Vaziyat ancha tarang edi. Muammoni diplomatik yoʻl bilan hal qilishning hali ham imkoni saqlanib qolgandi-yu, biroq… Men Davkaning barcha shartiga koʻnsam va hammaning oldida undan kechirim soʻrasam, olam guliston boʻlishini Gogik bir necha marta qulogʻimga quydi. Lekin men magʻrurlik taxtidan tushmay har safar bechora sinfboshiga bepisandlarcha qoʻl siltab qoʻyardim.

Hamma tan olgan zoʻr Davka qozoqdan qoʻrqmasmidim? Yoʻq, oʻlgudek qoʻrqardim. Hatto, soʻnggi kunlarda u tushlarimga kirganida alahlab uygʻonadigan boʻlib qoldim. Kun qorongʻilashganida ostona hatlashga yuragim dov bermasdi. Har koʻringan qora qoʻyniga oʻtkir pichoqchasini yashirib poylab turgan Davka qozoq boʻlib koʻrinaverardi.

Maktabda esa ichimdagini sirtimga chiqarmay, yana oʻsha magʻrur va bepisand qiyofaga kirib olardim. (Toʻgʻrisini aytsam, bu qiyofaga kirishning oʻzi boʻlmasdi). Bu qiyofa Davkaning notavon yugurdaklari va qizlar oʻrtasida ancha-muncha obroʻ qozonishimga ham sababchi boʻldi. Toʻgʻri-da, kimsan dahshatli Davka qozoqning dagʻdagʻasini bir tiyinga olmagan yakkayu-yagona kimsa men edim-da. Xuddi shu obroʻni toʻkib qoʻyishdan qoʻrqishim, Davkaning kaltaklashidan qoʻrqishimdan bir necha baravar katta edi va mening magʻrur qiyofamni saqlab turishimga koʻmak berardi.

Shunday, asablar tarang tortilgan kunlardan birida Mashaning qoʻllarimga tez-tez razm solayotgani eʼtiborimni tortdi.

 

* * *

Otam qamalganida men ikki yarim yashar goʻdak boʻlganligimni aytgandim. Oradan besh yil oʻtganida men ikkinchi sinfni tugatib uchinchi sinfga oʻtgandim. Turmushning butun tashvishi onamning yelkasida. Yarimjon keksa momom bilan meni oq yuvib, oq tarab boqardi. Buxorodagi allaqanday texnikumda oʻqiydigan Abdurayim amakimning tashvishi ham onamning boʻynida. Oʻn besh kun, bir oyda bir kelganida onam uning choʻntagiga toʻrt-besh soʻm pul tiqib yuborishini bilaman.

– Obunaga bir soʻm pul soʻrasam bermaysiz-da, amakimga bus-butun beshtalikni qistirib yuborasiz! – deb gʻishgʻisha boshlaganimda onam jerkib berardi:

– Sen oʻz uyingda yuribsan, tirmizak! Amaking esa musofirchilikda. Unga pul kerak!

Toʻshakda yotgan momom mening xarxashamni eshitgan chogʻi ichkaridan ovoz beradi:

– Bahromjon, bolam, buyoqqa qaravor.

Men sekin momom yotgan uyga bosh suqaman. U yostiqqa suyanib oʻtiradi. Kamzulining choʻntagini kavlashtirib ikkita oʻn tiyinlik chaqa olib menga uzatadi.

– Ma, bolam, xoʻrozqand olasan. Hali otang kelsin, oʻzim senga koʻ-oʻp pul olib beraman.

Shosha-pisha momomning qoʻliga tashlanaman. Otamni esa eslay olmayman. Lekin hali-veri kelmasligiga aqlim yetadi.

Maktabdan kelasolib, chala-chulpa choy ichgancha, chogʻroq boltani yelkamga qoʻyib, toʻrt tirraqi echki va besh qoʻyni oldimga solib daryo boʻyiga yoʻl olardim. Kechgacha qoʻylarni toʻydirib, bir bogʻ yulgʻunni yelkalagancha uyga qaytardim. Esimni tanibmanki, shu qoʻylarning ortidaman. Yana tandir-oʻchoqni oʻtin bilan taʼminlash ham mening boʻynimda. Baʼzan jonimga tegib ketadi. Bor-ey, deb barchasiga qoʻl siltab, chimzorda toʻp tepayotgan bolalarga qoʻshilib ketgim keladi. Biroq, onamning tappi yopaverganidan, gilam toʻqiyverganidan tarasha-tarasha yorilib ketgan qoʻllari koʻz oldimga kelib, fikrimdan qaytaman. Bor kuchim bilan yulgʻun poyasiga bolta uraman.

Qish chillasida momom oʻsal boʻlib qoldi. Onam yugurgilab Uljon tabibni boshlab keldi. Tabib xola momomni obdon koʻzdan kechirganidan keyin boshini chayqab tilini chuqillatdi.

– Kelin, momoni ancha charchatib qoʻyibsiz. Illat oʻpkalarida. Asal topiladimi?

Onam indamay yerga qaradi.

– Asal hozir otliqqa yoʻgʻ-u…

– Topmasangiz boʻlmaydi, kelin. Momoning kuraklariga asal yopib, illatni haydaymiz.

– Mayli, xola. Shu zormandani topsak, momo tuzaladilarmi?

Tabib xolaning biroz jahli chiqqandek boʻldi.

– Men sizga Xudomidim, kelin! Xudo shifo beraman, desa, men bir sababchiman-da, oʻrgulay. Siz asalni toping, Xudo xohlasa, momo koʻrmagandek boʻlib ketadilar. Ha, aytgancha, istansadagi Rauf noʻgʻoydan soʻrating. Shunda topiladi.

Rauf noʻgʻoyni men tanirdim. Gazeta qogʻoziga tamaki oʻrab chekadigan jizzaki chol. Temiryoʻl boʻyidagi kichkina hovlichasida asalari boqadi. Bir banka asalni ikki shisha aroqqa almashtirganini koʻrganman.

Tabib xola ketdi. Onam ortidan mingʻirlab qoldi:

– Rauf noʻgʻoyda asal borligini oʻzim bilmaymanmi? Qani unga beradigan pul? Nasiyaga koʻnarmidi u tirraqi…

Ernazar polvon nevaralariga kurashli toʻy beryapti. Kun sovuq boʻlishiga qaramay davraga yugurdik. Qisilib-surilib davraning oldingi qatoriga oʻtib, chordona qurib oʻtirib olamiz. Biz – bu, men bilan Ravshan. Burnimizni kamzulning yengiga artgancha tezroq olish boshlanishini kutamiz. Ikkita cholni yolgʻondakam olishtirib, davrani boshlab olgan bakovul endi bolalarni kurash tushira boshlaydi. Shunda kimningdir baquvvat panjalari meni yerdan uzib davraningdir oʻrtasiga olib chiqadi. Bu panjalar otamning eng yaqin oʻrtogʻi Niyoz amakimniki boʻlib chiqadi.

– Polvon bova, – deydi u bakovulning tirsagidan tortib, – bizning polvonchaga mos bir raqib toping.

Bakovul mening qoʻlimdan ushlab davrani aylantiradi.

– Bahrom polvonga talabgor bormi?! – deb hayqiradi.

Bir zumda toʻrt-beshta talabgor davraga chiqadi. Razm solaman. Barchasi mendan bir-ikki yosh katta bolalar. Zil ketaman. Biroq bilintirmayman. Bakovul qoʻshni qishloqdan Zokir degan bolani menga raqiblikka tanlaydi. Zokirni taniyman. Bizdan bir sinf yuqori oʻqiydi. Xoʻppa semiz, shunga yarasha kuchiyam bor. Usulni yaxshi bilmaydi. Kuchiga ishonadi. Agar qoʻliga tushsang mijgʻilab tashlaydi. Chap berib, yoqangni tutqazmay olishsang, tez charchaydi.

Bakovul zotni eʼlon qildi:

– Bahrom polvonga Zokir polvon talabgor boʻldi. Bularning zoti uch soʻm pul! Qani, polvonlarim, halol olishinglar.

“Uch soʻm pul. Buni Rauf noʻgʻoyga eltib bersam, hech boʻlmasa yarim banka asal berarmikan?” Zokir baqaloqning ortidan davrani aylanarkanman, xayolimdan shu soʻzlar oʻtadi. Nima qilib boʻlsa ham Zokirni yiqitishim kerak. Menga, toʻshakda bir burdagina boʻlib yotgan momomga shu pul kerak.

Zokir baqaloq suzongʻich buqadek ustimga bostirib keladi. Chap beraman. Uning yoqamga uzalgan qoʻllari muallaq qoladi. U gʻazablanib boʻgʻriqqancha yana tashlanadi. Chap bera turib oyogʻiga qoqma beraman. U yuztuban qulaydi. Davrani qiyqiriq bosadi.

– He, yashavor, ota oʻgʻil!

Bu Niyoz amakimning ovozi edi. Bakovulning guldiragan tovushi qiy-chuvni bosadi:

– Bu polvonlarning zoti oshdi! Niyozboy Bahrom polvon uchun yana uch soʻm qoʻshdi! Bu polvonlarning zoti olti soʻm boʻldi! Eshitmadim demangla-ar!

Zokir charchadi. Yelkasidan nafas ola boshladi. Changalida ham kuch qolmadi, shekilli, yoqamdan ushlaganida keskin siltab tashladim. Barmoqlari shalvirab, yoqamdan ajraldi. Payti kelgandi. Uning yoqasidan ikki qoʻllab changalladim va shu zahoti tiz choʻkib yelkamdan oshirib yubordim. Zokirning ogʻir gavdasi qipiq toʻkilgan yerga gursillab tushdi.

– Halol!

Men choʻntagimga ulkan boylik – ikkita yashiltob uch soʻmlikni yashirgancha istansadagi Rauf noʻgʻoyning uyiga qarab uchib ketdim.

 

* * *

Qoʻllarim bolaligimdan issiq-sovuq kunlarda bolta ushlab oʻtin chopaverganimdan qoramtir, serqadoq va gavdamga nisbatan katta edi. Uyalganimdan qoʻllarimni parta ostiga oldim. Uning razm solayotganini sezib qolganim uchunmi, Masha “duv” qizardi.

– Sen sambo bilan shugʻullangansan-a? – soʻradi u biroz oʻngʻaysizlanib.

Sambosi nima ekanligini biroz bilaman. Lekin u menga yoqmaydi. Baʼzi tomonlari oʻzimizning kurashga oʻxshaydi. Lekin unda yotib olib ham olishaverarkan. Qoʻlni, oyoqni qayirishlari ham bor. Shunisi bizga toʻgʻri kelmaydi. Mardmisan, tikka turib olish-da!

– Unchalikmas…

– Kamtarlik qilma. Hamma seni sambist boʻlsa kerak, deyapti. Agar sambist boʻlmasang, nega Davkadan qoʻrqmayapsan?

– Seningcha Davkadan qoʻrqmaslik uchun faqat sambist boʻlish kerak ekanmi?

– Gapni aylantiryapsan. Gogik seni sambist, toʻrt-beshtani bir oʻzi chalpak qilib tashlay oladi. Shuning uchun ham doim gʻoʻdayib, hech kimga qoʻshilmay yuradi, dedi.

Men qachondir Davka qozoq bilan roʻpara kelishimga ishonardim. Davkaga oʻxshagan bolalar yo seni yengib bukib olishi, yo yengilib, tan berishi kerak. Boʻlmasa oʻrtada pinhoniy jang davom etib kelaveradi. Lekin hal qiluvchi jang ortga surilaverdi. Davka yo bir zarb bilan tarozining posangisini oʻzi tomonga ogʻdirib olishga payt poylayapti, yo boʻlmasam, mening ortimdan yurgan mish-mishlarga ishonib ochiq jangga chorlashga jurʼati yetmayapti… Men esa tezda orani ochiq qilishni xohlardim. Arosatda, gumon va tahlikada yurish jonimga tekkandi. Yana ikki kun chidayman, deb oʻzimga oʻzim soʻz berdim, shundayam boshlamasa, oʻzim boshlayman!

Kechqurun otam odatdagidan ancha ertaroq ishdan keldi. Kayfi chogʻ, koʻzlari yiltirab turardi. Onam oshxonada kartoshka archar, men esa karavotga chalqancha choʻzilgancha grammatikadan allaqanday mujmal, tushuniksiz qoidani yodlab oʻtirardim.

– Bahrom! – Bor ovozi bilan shangʻilladi otam. – Buyoqqa chiq!

Men kitobni tumba ustiga tashlab koridorga chiqdim. Otam qoʻlidagi qogʻoz paketni menga tutqazib, oʻzi qoʻpol botinkasi bilan paxtaligini yecha boshladi.

– Oshxonaga olib kir. Bugun sizlarga bir qoʻlbola osh qilib beray!

Bizning shovqinimizga onam chiqib keldi. Qoʻlida chala artilgan kartoshka.

– Nima? Osh? Men makaron shoʻrva qilayotgandim.

– Yoʻqot makaron shoʻrvangni. Bugun osh qilamiz!

– Ibi, qanday yoʻqotaman? Qozonga solib boʻldim-ku!

– Oborib Vanyaning choʻchqalariga berib kel!

Birinchi qavatda turadigan Vanya amaki uyning hovlichasi burchagida bostirmacha qurib olib choʻchqa boqardi. Shu vajdan Xudoning bergan kuni Olloberdi chol bilan janjal qilar, chol uning ustidan komendantga bir necha bor arz qilgan, biroq Vanya amaki komendantga bitta choʻchqa bolasi va bir shisha samogon berib suvdan quruq chiqib ketar va bemalol toʻngʻizlarini parvarishlar, hovlini qoʻlansa isga bostirib yuraverardi.

– E, Xudo olsin u isliqini. Halol oshimni harom qilib uning toʻngʻizlariga yediramanmi! Ana balkonga chiqarib qoʻysam turadi. Ertaga pishirib berarman.

– Bilganingni qil. Besh minutdan keyin qozon tayyor boʻlsin!

Otam bugun maoshga qoʻshib mukofot ham olibdi. Pulning choʻgʻi ancha baland ekanligi qulfi-dilini ochib yuborgan shekilli, “Mexsex”dagi (otam kombinatga qarashli mexanika sexida chilangar-usta boʻlib ishlardi) ulfatlari bilan mukofotni yuvib, yuzta-yuzta otgach, shaharchadagi yakkayu yagona gastronomga kirib oshning masalligʻini olgancha uyga chopibdi.

Otam qappayib turgan choʻntagidan bir dasta qizil oʻntalikni olib stol ustiga qoʻydi.

– Ma, Bahrom bilan oʻzingga qishlik biron narsa olarsan.

Onam sekin pulni oldi-da pichirlab sanay boshladi. Keyin bir qismini ajratdi.

– Otasi, buni qishloqqa, momoga joʻnatamiz.

Otam unga hayron qaradi.

– Nega? Yaqinda joʻnatganding-ku. Oʻzingga palto, Bahromga etik bilan quloqchin olmoqchi eding…

– Biz bir kunimizni koʻrib turibmiz. Uyoqda momo nima qildilar ekan… Hali Abdurayim uylanishi kerak.

– Abdurayim… Abdurayim! – Jahli chiqadi otamning. – Yigirma beshga kirdi u! Haligacha onamning pensiyasiga koʻzini tikib moʻltirab turadi! Onam bilan ikkalang shu bolani yomon erkalatdilaring-da!

Onam toʻgʻrayotgan sabzisidan qoʻlini olib otamga gʻalati qaraydi. Otam bir zumda soviydi. Bilganingni qil, deganday qoʻlini siltab qoʻyadi. Onam apir-shapir sabzini toʻgʻrab berib, koʻchaga oshiqadi. Pochtaxona yopilmasdan ulgurishi kerak.

Oshxonada otam bilan ikkalamiz qolamiz. Otam qizib turgan qozonga boʻlaklangan dumbani tashlab jaz boʻlguncha qovuradi. Keyin jazni suzib olib ustiga tuz sepadi. Qozonga toʻgʻralgan piyozni tashlaydi. Oshxonani xushboʻy, ishtahani qitiqlovchi piyozdogʻ hidi tutadi.

– Bahrom, anavini olib kel, boʻlmasa oshimiz bemaza boʻlib qoladi.

Men shkafdan shisha bilan stakanni olib stol ustiga qoʻyaman. Otam tishi bilan shishaning alyumin qopqogʻini sugʻurib oladi va stakanni yarimlatib quyadi. Xuddi shuni kutib turgandek eshigimiz jiringlaydi. Otam gʻoʻldirab soʻkingancha stakanni boshiga koʻtararkan menga koʻzlari bilan ishora qiladi. Eshikning ortida tirjaygancha yuqori qavatda turadigan Mishaning otasi Sergey amaki turardi.

– O, Alik! – shangʻillaydi u. – Znachit segodnya plovniy den!

– Zaxodi, Sergey, – deydi otam uncha yoqtirmay.

Sergey amaki pildirab kelib kursiga choʻkadi. Qoʻynini titkilay boshlaydi. Otam unga eʼtibor qaratmay qozondagi goʻshtni kavlaydi. Laganga uyib qoʻyilgan sabzini qozonga agʻdarib qopqoqni yopadi. Qoʻlini sochiqqa arta-arta kelib uning roʻparasiga oʻtiradi.

– Ichasanmi?

Sergey amaki yoyilib iljaygancha qoʻllarini yoyadi. Otam shkafdan ikkinchi stakanni olib stolga qoʻyadi va har ikkalasini yarimlatib aroq quyadi. Sergey amaki qoʻynidan bitta uzunchoq bodring bilan bitta pomidor chiqaradi. Otam tuz sepilgan jazli tarelkani uning oldiga suradi. Bundan keyin nima boʻlishini yoddan bilganim uchun oʻrnimdan turib narigi xonaga oʻtaman. Tumba ustidagi titigʻi chiqib ketgan grammatika qoidalari kitobini qoʻlimga olaman.

Ular shishani quritishadi. Ikkala ulfatning feʼli-xoʻyi turlicha. Sergey amakining kayfi oshgani sari sergaplashib, shangʻillay boshlasa, otam aksincha har bir quritilgan qadahdan keyin tundlashib, indamasga aylanib boradi. Shu narsa mayxoʻrlik davralarida tez-tez boʻlib turadigan janjal va mushtlashuvning oldini oladi. Sergey amaki vaysab-vaysab charchagach, eng asosiysi shisha boʻshab, uy xoʻjasi ikkinchi shishani qoʻymasligiga aqli yetgachgina ketish taraddudiga tushadi. Otam indamay uni kuzatib qoʻyadi. Sergey amaki keta ketguncha podyezdni boshiga koʻtarib shangʻillaydi:

– Alik, tiʼ zolotoy paren! I tvoi ruki toje zolotiʼe!

Otam indamay eshikni yopib ichkaridan zanjirlaydi. Tashqaridan Sergey amakining mastona gʻoʻldirashi eshitilib turadi:

– Shunday tilla yigit bu Xudo qargʻagan joyda nima qilib yuribdi? Tu-shu-nmay-man! Ne ponimayu!

Otam indamay borib qozonga guruchni bosadi. Keyin idish-tovoq turadigan shkafni uzoq kavlashtirib yarmi ichilgan aroq shishasini topadi va uni boshiga koʻtaradi. Tamakidan sargʻaygan moʻylovi shalpayib qoladi. Gazagiga bosib-bosib “Belomorkanal” tortadi. Oshxonani piyozdogʻ hidiga omuxta boʻlib tamaki va aroqning achimsiq hidi tutadi. Koʻnglim ayniydi. Derazaning bir tavaqasini ochib yuboraman. Xonaga kech kuzning qor hidi anqib turgan sarin havosi yopiriladi. Otam shundagina oʻzining yolgʻiz emasligini, xonada men ham borligimni sezib qoladi. Papiros qoldigʻini derazadan otib yuboradi. Shishani olgan joyiga qayta yashiradi. Deraza oldida koʻksini sovuq havoga tutib bir dam turib qoladi. Keyin menga oʻgiriladi. Unda kayfdan asar ham qolmagan boʻladi.

– Xoʻsh, oʻqishlar qalay? Yangi maktabingga oʻrganib qoldingmi?

– Yomonmas, – deyman ruhsizgina. – Chidasa boʻladi.

Koʻz oldimda Davkaning sovuq basharasi paydo boʻladi.

– Toʻgʻri, – deydi otam, koʻzimga qattiq tikilib. – Chiday olgangina yakunda gʻolib boʻladi.

Shunda kunduz kuni ikki kun chidashga va Davka jim yuraversa jangni oʻzim boshlashga qaror qilganimni eslab uyalib ketaman.

Qariyb ikki haftadirki, asablar janggi davom etardi. Davka zimdan bosim oʻtkazar, qariyb har kuni Gogik menga Davkaning qanday kuchga ega ekanligi, hatto yuqori sinflarda oʻqiydigan nechta joʻjaxoʻrozning esini kiritib qoʻyganligini shipshir, u bilan san-manga bormasdan, aytganini qilish eng toʻgʻri yoʻl ekanligini uqtirishga harakat qilardi. Men esa hamon oʻsha-oʻsha, Gogikka yuqoridan kibrli nigoh tashlar va oliftalarcha “chirt” etib tupurar va “chepuxa” deb qoʻyardim. Vaqt mening foydamga ishlayotgan edi. Oldin butun sinf Davkaga soʻzsiz boʻysungan va unga ishongan boʻlsa, mening boʻysunmasligim ularning ishonch qalʼasini zimdan yemira boshlagan edi. Davkaga boʻysunmasdan ham yashash mumkin ekanligiga men yaqqol misol edim. Kechagina quldek xizmat qilgan yugurdaklari uning buyrugʻini ogʻrinib bajarishar, baʼzi bir jurʼatliroqlari esa bajarmay qoʻya qolishardi.

Kutilmaganda Gogik qaltis qadam qoʻydi. Uch-toʻrtta oʻziga oʻxshagan oʻrtogʻi bilan men tomonga oʻtganini tantanavor eʼlon qildi. Bu hodisa darsdan keyin, sinf rahbarimiz Lidiya Aleksandrovna bilan birgalikda oʻtkazadigan sinf majlisimizda yuz berdi. Sinfboshi sifatida soʻzga chiqqan Gogik, mening aʼlochi va faol oʻquvchi, yaxshigina sportchi ekanligimni maqtab, sinfdan tashqari sport musobaqalari oʻtkazishga masʼul sinf faoli qilib saylashni taklif qildi. Shu orada oldingi faol Davkaning oʻzlashtirishi pasayib ketganligini, xulqi ham sinf faoli degan masʼuliyatli vazifaga mos kelmasligini taʼkidlab oʻtdi. Men sinf faoli boʻlib saylandim. Bu Davkaning mavqeiga qaqshatqich zarba boʻlib tushdi. Ertasiga ertalab maktabga kelar ekanman, hovlida Gogik bilan birga yetti-sakkiz bola toʻplanib turganini koʻrdim. Nariroqdagi Davkaning toʻpi esa anchagina siyraklashib qolgandi. Gogik men bilan birinchi boʻlib salomlashdi.

– Borya, bugun navbatchilikka kimni qoʻyay? – soʻradi u yaltoqlanib.

– Sinfboshi sensan. Kimning navbati kelgan boʻlsa, oʻshani qoʻyasan-da!

– Bugun aslida sening navbating kelgan, – dedi u ayyorona koʻz qisib.

– Boʻpti, – dedim toʻngʻillab, – navbatim kelgan boʻlsa qilaveraman.

– E, yoʻq, – dedi qilpanglab yoʻlimni toʻsgancha, – sen kechadan boshlab sinf faolisan. Turgan gapki, faollar navbatchilikdan ozod qilinadi. Bugun Davka navbatchilik qiladi. U endi faol emas.

“Bilganingni qil!” deganday qoʻl siltadim va ichkariga kirib ketdim.

Navbatchilik masalasi Davkaning shu paytgacha toʻlib yurgan sabr kosasini toshirib yuboribdi. U ochiq jangga oʻtishga qaror qilibdi. Katta tanaffusda undan ultimatum keldi. Agar barchasini eski holiga qaytarib chekinmasam, u holda urush boʻlishi muqarrar ekan. Davka oʻziga xos tarzda yon ham beribdi. Undan uzr soʻrash majburiyatidan ozod qilibdi. Yana oʻz holimcha yuraverishim mumkinligini, oʻziga boʻysunishga majburlamasligini ham pisanda qilib oʻtibdi. Faqat uning mulkiga (menimcha u oʻzining xizmatini qilib yuradigan yugurdaklarini nazarda tutgan boʻlsa kerak) koʻz olaytirmasam bas, ekan. Aks holda urush. Jang maydoni qilib yozgi kinoteatrning orqa tomonini belgilabdi. Darsdan soʻng oʻsha yerda ochiqchasiga gaplashib olarkanmiz.

Mana, nihoyat men biroz xavotir va qoʻrquv bilan kutgan kun ham yetib keldi. Soʻnggi dars tugaguncha bu xabar butun sinfning qulogʻiga yetib ulgurdi. Hamma dars tugashini sabrsizlik bilan kutardi. Nihoyat orziqib kutilgan qoʻngʻiroq chalindi. Davka va uning yugurdaklari tezda kitob-daftarlarini yigʻishtirib chiqib ketishdi. Qolganlar esa menga koʻz tashlamasalar-da, chiqishimni kutib imillagancha sumkalarini yigʻishtirishardi. Sumkamni yelkamga ilib, sinfdan chiqdim. Ortimdan gurillab butun sinf qoʻzgʻoldi. Koʻchada ketaturib yoʻlimni chapga soldim. Yozgi kinoteatrga orqa tomondan bormoqchi edim. Ortimdan oyoq tovushlari eshitildi. Joʻrttaga orqaga qaramasdan qadamimni tezlashtirdim.

Kinoteatrning orqasida Davka toʻrt oʻrtogʻi bilan kutib turardi. Davkaning qoʻlida he oʻsha, mening tushlarimga kirib chiqadigan oʻtkir pichoqcha, qolgan shotirlar esa oq qayin yogʻochidan (bu shahar ruda qazib olish va uni qayta ishlashga moslashgani uchun, shaxtalarga tirgak vazifasini oʻtaydigan oq qayin gʻoʻlalari hamma joyda sochilib yotardi) yasalgan mustahkam gavronchoʻplar bilan qurollanib olishgan edi. Raqibning tish-tirnogʻigacha qurollanganini koʻrib badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin endi ortga yoʻl yoʻq edi. Tizzam qaltirayotganini bilintirmaslik uchun yanada shaxdamroq yurib ularga yaqinlashdim. Davka ham ikki qadam oldinga yurdi.

– Borya, mening taklifimni oʻylab koʻrdingmi?

– Ha.

– Rozimisan?

– Yoʻq.

– Qaysar bola ekansan. Haliyam kechmas. Menga qoʻshil. Oʻng qoʻlim boʻlasan. Birov pishagingni pisht demaydi.

– Birovlarning qoʻli, yo oyogʻi boʻlib oʻrganmaganman.

– Unda urush boʻladi!

– Ixtiyoring.

Davka menga yeb qoʻygudek tikildi. Men ham koʻzimni loʻq qilib unga qarab turaverdim. Nihoyat uning uning kipriklari pirpiradi. Bu mening ilk gʻalabam edi.

– Nima, sen qoʻrqmaysanmi?

– Yoʻq.

Uning oʻng qoʻl barmoqlari bukila boshladi. Demak, u toʻsatdan musht tushirib qolmoqchi. Men esa chapaqayman. Buni Davka bilmaydi. Bu mening “kuzirim”. Uning musht boʻlib tugilgan oʻng qoʻlini koʻzdan qochirmay yarim qadam ortga chekindim. Buni Davka qochish deb oʻyladi shekilli, oldinga tashlanib, oʻng qoʻlini sermadi. Men lip etib qoʻltigʻining tagidan oʻtib oldim va shu zahoti chap qoʻlim bilan chakkasi va boʻynining tutashgan joyiga tushirib qoldim. Davka gursillab quladi.

– Nokaut!

Shundagina ortga oʻgirildim. Ortimda qariyb butun sinf, qiz-oʻgʻil aralash chuvillashib turishardi.

Davkaning qulaganini koʻrgan shotirlari allaqachon quyonni surib ulgurishgandi. Jang maydonida bechora raqibimning bir oʻzi qolgan. Buning ustiga tuproqqa qorishgan holda. Men unga qoʻlimni choʻzdim. Davka bir zum menga gʻazabli nigoh tashlab turdi, biroq oxir-oqibat qoʻlimdan ushladi. Tortib turgʻazdim. Kurtkasiga ilashgan xas-xashakni qoqib tashlashga koʻmaklashgan boʻldim. Qoʻlini qoʻyib yubormay koʻziga tik boqdim.

– Yarashmi?

U bir zum tin oldi. Keyin qoʻlini bir siltab jilmaydi.

– Yarash.

Bizning sarguzashtlarga boy, ajralmas doʻstligimiz xuddi shu daqiqadan boshlangan edi.

 

* * *

Otam anchadan beri ichmay qoʻygan. Basharasi tund, qovogʻini solgancha tishining oqini koʻrsatmay yuradi. Uyga kelganida ham yarim kosa makaron shoʻrvani ishtahasiz ichar, bosib-bosib arzon va achchiq “Belomorkanal”ni tutatar va kirib yotardi. Otam uyda payti hatto qadam tovushini chiqarishga ham qoʻrqardik. Shivirlashib gaplashardik. Yuragim siqilib ketardi. Uyda oʻtirgim kelmay qolar, biron narsani bahona qilib tashqariga otilardim. Koʻchani kesib oʻtib narigi kvartalga, Davkaning oldiga chopib qolardim. Davka esa hovlidagi bolalar maydonchasidagi temir halinchakni gʻichirlatgancha uchib papiros tutatib turgan boʻlardi.

– Kel, Borya, – surilib joy beradi u. – Senikiyam ichyaptimi?

– E, yoʻq, – deyman xoʻrsinib, – qaytaga ichgani yaxshi edi. Siqilib ketyapman.

Davka papirosni chuqur tortadi. Keyin ogʻzidan pagʻa-pagʻa tutun chiqaradi.

– Chekasanmi? – U yarmi chekilgan papirosni uzatadi.

– Yoʻq, – deyman, qoʻlini qaytarib, – chekib boʻlganman.

Ikki oycha oldin ilk marta tamaki tutunini tortganim esimga tushadi. Oʻshanda achchiq tutundan boshim aylanib, koʻnglim aynigan, rosa qayt qilgandim.

– Oʻzing bilasan.

Davka papirosni soʻnggi bor tortadi va qoldigʻini irgʻitib yuboradi.

– Meniki ichyapti. Uch kundan beri. Tinimsiz. Kecha onamni doʻpposladi. Bugun esa komendant uni. Nima qilishga hayronman.

Oxirgisiga men tasodifan guvoh boʻlib qolgandim.

Onam pul berib, bir shisha yogʻ olib kelish uchun gastronomga joʻnatdi. Ishdan keyingi vaqt boʻlgani uchunmi, gastronom gavjum edi. Odamlar ikki qator boʻlib navbatga turishardi. Ikkita sotuvchi xotin qoʻli-qoʻliga tegmay mijozlarga xizmat qilishar, biroq shunda ham qatordan norozi gʻoʻngʻillagan tovushlar eshitilib turardi. Men indamay borib qatorning oxirida turdim. Endi bir-ikki qadam siljigandim ham, safning oʻrtarogʻida toʻpolon koʻtarildi. Boʻynimni choʻzib qaradim. Toʻpolonning epitsentrida Davkaning otasi Qoʻnisbay amaki turardi. Ogʻzida uchi chaynalgan papiros buruqsir, qoʻlidagi qizil toʻrxaltadan vinodan boʻshagan bir nechta shishaning ogʻzi chiqib turardi. U hadeb chuvillashayotgan oʻris xotinlarga oʻzining shu qatorda turishga haqqi borligini tushuntirishga harakat qilardi. Sotuvchi xotinlar esa bu yerda chekish mumkin emasligini aytib doʻkondan chiqib ketishni talab qilishar, Qoʻnisbay ham agar fuqarolik huquqlari tiklanmaydigan boʻlsa xuddi turgan joyida ochlik eʼlon qilishini aytib dagʻdagʻa qilardi. Shu payt gastronomga yaxshigina yutib olganidan boʻlsa kerak, sargʻish moʻylovi shalpayib, tashlagan qadami moʻljalga yetib-yetmay tushayotganidan biroz gandiraklab qolgan komendant ikki askar kuzatuvida kirib keldi.

– Bu nima toʻpolon!? – dagʻdagʻa qildi xoʻppa semiz polkovnik. – Davay, tez tarqaling!

– Oʻrtoq polkovnik, – dedi malla sochli, toʻladan kelgan ayol, – Manavi grajdanin ichib olib, jamoat tartibini buzmoqda! – U qoʻllarini bigiz qilib Qoʻnisbayni koʻrsatdi.

Qoʻnisbay esa birdan hushyor tortib, sasib turgan papirosini polga tashlab tezda yagʻir botinkasi bilan bosdi. Yuziga jiddiy tus berdi.

– Eh, laʼnati Konus, yana boshlayapsanmi?

Qoʻnisbay gʻazabdan titragancha, beliga osilgan rezina tayogʻini changallab turgan komendantga qarab tanbeh bergan kishi boʻldi:

– Hali meni piramida yoki kub ham deb atarsiz, grajdanin komendant. SSSR konstitutsiyasida sovet kishisini allaqanday geometrik shakllar nomi bilan emas, oʻz ismi bilan atalsin deb yozib qoʻyilgan.

– Shu holiga Konstitutsiyani ham biladi-ya… – pichirladi kimdir. Yana kimdir “piq” etib kulib qoʻydi.

– U hatto “Inson huquqlari deklaratsiyasi”ni ham yoddan biladi! – xirilladi kimdir.

Bu ovoz tanishdek tuyuldi. Boʻynimni choʻzib alanglagandim, tarix oʻqituvchimiz Yan Grigoryevichga koʻzim tushdi. U har doimgidek ozoda kiyingan, tilla gardishli koʻzoynagi ostidan mitti, qoʻy koʻzlari yiltirab turardi.

Shu payt Vasilich amaki nihoyat belidagi qayishidan rezina tayogʻini sugʻurib oldi va Qoʻnisbay amakining yelka aralash boʻyniga gursillatib tushirib qoldi. Bechora jabrdiyda toʻrxaltasidagi shishalarni beton polga urilib sinishdan saqlab qolish uchun katta mahorat va jasorat namunasini koʻrsatib, toʻrxaltani bagʻriga bosgancha chalqanchasiga quladi. Ikkinchi zarbani esa qoʻllari bilan boshini changallab gʻujanak boʻlib yotganida qabul qilib olarkan, shunda ham oʻz gapidan qolmay gʻoʻldiradi:

– Ana koʻrib qoʻyinglar, kommunistcha zoʻravonlikni! Oʻz huquqini talab qilgan mazlum proletariatni hatto imperialistlar ham buncha xoʻrlamaydi!

Gʻazabdan qip-qizarib ketgan komendant ortida gʻoʻddayib turgan ikki askarga oʻshqirdi:

– Qani olinglar bu ablahni! – Keyin gʻujanak boʻlib yotgan Qoʻnisbayning ketiga oʻxshatib bir tepdi. – Hali senga huquqingni ham, imperialistlaringni ham koʻrsatib qoʻyaman! Proletariatmish-a!

 

* * *

Tungi sovuq qalin paxtaligimning choklari orqali kirib tanamni qaltirata boshlaydi. Davkaning ham sovuq qotayotgani sezilib turardi. Biroq ikkalamiz ham halinchakning muzdek temir oʻtirgʻichidan turib uy-uyimizga tarqalishni istamaganimizdan jimgina qaltirab oʻtiraverardik. Shu payt koʻzimizga koʻrindimi, bir sharpa shitirlab oʻtib ketdi. Tanglayimizgacha muzlab uning ortidan qarab qoldik. Sharpa xuddi havoda suzayotgandek uzoqlashib bir zumda qorongʻilik bagʻriga singib yoʻqolib ketdi. Ikkalamiz bir-birimizga termulib jim qoldik.

– Sen… sen ham koʻrdingmi? – qiynalib tilga kirdi Davka.

– H-ha, – dedim men ham tilim zoʻrgʻa aylanib.

Qoʻshni uyning derazasidan tushib turgan xiragina yorugʻlikda Davkaning rangi gezarib ketgani koʻrinib turardi. Bir-birimizning pinjimizga tiqilib qancha oʻtirdik, bilmayman. Bizning sukutimizni quyuq, qop-qora tun bagʻrini xanjardek tilib oʻtgan qiz bolaning qichqirigʻi buzdi:

– Po-mogite-ye! Mamu ubili!!!

Bu Mashaning tovushiga oʻxshardi. Darhaqiqat, komendant Davkalarning uyida, faqat boshqa podʼyezdning ikkinchi qavatida kasalmand xotini va qizi bilan yashardi.

Biz xuddi komanda berilgandek, oyogʻimizni qoʻlimizga olgancha tovush chiqqan tomonga chopdik. Yetib borganimizda qoʻshnilar allaqachon erkak-ayol aralash yigʻilib boʻlishgan ekan. Ikkinchi qavatga intilayotgan olomon orasida qisilib-turtilib Mashalarning kvartirasiga kirib borganimizda qiyomat qoyimning ustidan chiqdik. Xona tartibsiz: stol ustida yegulik qoldiqlari, ichkilikdan boʻshagan shishalar sochilib yotar, eshik oldida Mashaning onasining oriq tanasi gʻalati choʻzilgan, uning qoq peshonasiga avtomatning stvoliga oʻrnatiladigan harbiycha nayza-xanjar naq boʻgʻzigacha qadalgan edi. Jasadning yonida singan tarelka, sochilib ketgan chuchvara, ikki pallaga boʻlingan olma yotar, polga toʻshalgan guldor patgilam qondan jiqqa hoʻl edi. Masha onasining sovib borayotgan koʻksiga boshini qoʻygancha hiqillar, yoshgina, kapitan formasidagi yigit rangi gezargancha qaltirab, hadeb papiros tutatar, komendant esa xira koʻzlarini olomonga tikkancha hadeb “Ne p-ponimayu” derdi. Uning gʻirt mast ekanligi koʻrinib turardi.

– Skoriy chaqirish kerak! – hiqilladi qoʻshni xotin.

– Foydasi yoʻq, – dedi oqish shop moʻylovli erkak ayolning peshonasiga sanchilib turgan nayza-xanjarga imo qilib, – joni oʻsha lahzadayoq uzilgan.

– Boʻlmasa komendaturaga xabar berish kerakdir, – jahli chiqdi ayolning.

– Komendatura shu yerda! – dedi erkak divanda choʻchqadek pishillab turgan badmast polkovnikka nafratli nigoh tashlab. Soʻng oʻgirildi va xonadan chiqib ketdi.

 

* * *

Kapitan Semyon Veremeev U-ya 126/74 degan nom bilan ataluvchi, tikansimlar va soqchi minoralari bilan oʻrab olingan yopiq shaharcha komendantining oʻrinbosari lavozimiga tayinlov qogʻozini koʻtargancha soat sakkiz yarimda komendaturaga kelganida, komendant – polkovnik Aleksey Vasilyevich Dudko birinchi yuz grammni allaqachon otib ulgurgan edi. Veremeev unga tayinlov qogʻozini topshirgach roʻparadagi stolga oʻtirdi. Oldingi oʻrinbosari boshqa ishga oʻtib, shaharchani tark etganidan beri komendaturaning hujjat ishlari oʻlda-joʻlda qolib ketgan, shu bois boshliqlardan dakki eshitishga ham toʻgʻri kelgandi. Tabiatan qogʻoz ishlariga uquvi yoʻq polkovnikning hujjat titkilab oʻtirishga hafsalasi yetmasdi.

– Yaxshi boʻldi, – xayolidan oʻtdi polkovnikning, – hisobot-pisobotlardan qulogʻim tinchiydigan boʻldi. Keyin qogʻozdan boshini koʻtarib kapitanga diqqat bilan razm soldi. – Yangi vazifa bilan tabriklayman, kapitan. Shu bugunoq ishga kirishishingizni istardim. Komendaturaning barcha hujjat va hisobotlarini koʻrib chiqing. Chalkashliklar boʻlsa tuzating. Yanagi haftaning boshida yuqoriga hisobot topshirishimiz kerak. Tushunarlimi?

– Xuddi shunday, oʻrtoq polkovnik, – Veremeev gʻoz turib chest berdi. Ketishga ruxsat bering, oʻrtoq…

– Shoshma kapitan… – Polkovnik tortmasidan, bir shisha va ikkita stakan oldi. Ularga yarimlatib aroq quydi. Bittasini kapitan tomonga surib qoʻydi. – Qani yangi ishning omadli boshlanishi uchun…

Ikkalasi choʻqishtirib qadahlarni koʻtarishdi.

– Ulfat yigitga oʻxsharkan, – xayolidan oʻtdi komendantning.

Ikkinchi qadah boʻshaganidan keyin kapitan Syomaga, oʻrtoq polkovnik esa Aleksey Vasilyevichga aylanib, qirq yillik qadrdonlardek ulfatga aylanishdi-qolishdi. Polkovnikning tortmasidagi shisha qoqlangach, kechqurun Aleksey Vasilyevichning uyida ulfatchilikni davom ettirishga kelishib tarqalishdi.

Kechqurungi ulfatchilik uzoq davom etmadi. Bunga Aleksey Vasilyevichning harbiycha nayza-xanjar bilan olma archishi sabab boʻldi.

Syoma polkovnikdan nayza-xanjarni soʻrab olib, uning tigʻini bosh barmogʻi bilan siypalab koʻrgan boʻldi. Keyin bilyard soqqasidek keladigan olmani qoʻlida salmoqlab koʻrib tepaga otdi va yashin tezligida pichoqni sermadi. Olma teng toʻrt boʻlakka boʻlinib tarelkaga tushdi.

– Qoyil, Syoma! – dedi polkovnik, kapitanga istehzoli kulimsirab qararkan. – Qani, pichoqni menga ber-chi.

Polkovnik vazadan yana bitta olmani olib, eshik tomon otdi va uning izidan pichoqni irgʻitdi. Hammasi oniy lahzada roʻy berdi. Eshik ochilib, polkovnikning tarelka koʻtargan zahil yuzli kasalmand xotini koʻrindi. Olma xotinning qoq peshonasiga urilib pastga tushishga ulgurmay oʻtkir nayza xanjar uni qoq ikkiga boʻlib bechora jabrdiydaning bosh suyagini teshgancha sanchilib qoldi. Xotinning qoʻlidan tarelka tushib, bugʻi chiqib turgan chuchvara sochilib ketdi. Bechora maqtula esa yurakni zirqiratib yuboradigan darajada boʻgʻiq ingragancha polga uzala tushib choʻzilib qoldi. Hang-mang boʻlib qolgan polkovnik nima boʻlganini aroqdan xiralashgan aqliga sigʻdirolmas, hadeb bir gapni takrorlardi:

– Tushunmayman! Qayoqdan paydo boʻlib qoldi bu jin urgur! Tushunmayman!

 

* * *

Maktabdan kelaman-u belimga ikki quloch arqonni bogʻlab, yelkamga boltani tashlab, bir parcha nonni kavshagancha daryo boʻyiga yuguraman. Bu paytda momom qamishzorda qoʻylarni oʻtlatib yurgan boʻladilar. Yonlarida hamishagidek men “Mishka” deb ataydigan qoʻchqorcha. Momom kamzullarining choʻntagidan bir hovuch paxta olib, chigitlab oʻtiradilar. Mishka esa tushgan har bitta chigitni isrof qilmay paqqos tushirib turadi. Shuning uchun momomdan bir qadam nari jilmaydi.

– Hali otang eson-omon qutilib kelsa shuginani uning oyogʻining ostiga soʻyamiz. Bolam, shuni yaxshilab boq. Xoʻpmi? – deydilar va oʻrinlaridan turib uyga qaytish taraddudini koʻradilar.

Qoʻylar toʻyib, bir-bir daryo boʻyidagi qumloqqa choʻkkalab oladilar. Men ham chalqancha yotib, koʻm-koʻk bahor osmonida chiziq tortib uchayotgan reaktiv samolyotni tomosha qilib koʻzim ketib, mizgʻib qolibman. Daryoning narigi qirgʻogʻida qoʻy boqib yurgan bolalarning qiyqirigʻidan choʻchib uygʻonib ketdim. Bolalar daryoga imlab nimalarnidir tushuntirishga urinishardi. Oʻrnimdan turib suv tomonga shoshdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, momomning arzandasi – Mishka qoʻchqorcha bahorgi toshqin daryoning qoq oʻrtasida, bir koʻrinib, bir koʻrinmay oqib borardi. U ancha uzoqlashib qolganidan, quvib yetishim uchun qirgʻoq boʻylab ancha halloslashimga toʻgʻri keldi. Men bilan baravar narigi qirgʻoqdagi bolalar ham yetib kelishdi. Qoʻchqorcha oqib ketayotgandi. Biroz hayallasam toʻgʻon tomonga ketib qoladi. Keyin uni tirik qutqarib qolishning iloji boʻlmaydi. Nima qilishning ilojini topolmay angrayib turganimda narigi tomondagi bizdan uch sinf yuqori oʻqiydigan Karim degan bola eshagining ipini yechib oldi.

– Men ipni otaman! Sen suvga tushib uni qoʻchqorchangning shoxiga bogʻla! Biz tortib olamiz.

Daryo boʻyida oʻsgan bolamasmanmi, suzishni eplardim, biroq bahorgi toshqinda guvranayotgan daryoga tushishga yuragim betlamasdi. Lekin agar Mishkani oqizib yuborsam, momomning, onamning koʻziga qanday qarayman?!

Koʻylak-ishtonimni yechdim-da, koʻzimni chirt yumgancha, oʻzimni daryoga otdim. Bir amallab qoʻchqorcham oldiga suzib borib, uning shoxlaridan ushlab oldim. Karimning otgan arqonini ushlab olib, hoʻpiqa-hoʻpiqa uni Mishkaning shoxiga bogʻladim. Uyoqdan bolalar kuchanib arqonni torta boshlashdi. Mishka ikkalamiz asta-sekinlik bilan qirgʻoqqa yaqinlasha boshladik.

Bu voqeani ertasi kuniyoq momom eshitibdi. Men maktabdan kelishim bilan qoʻlida yulgʻun xipchinni oʻynatgancha koyiy boshladi.

– Shu bitta beaql jonivorni deb oʻzing oqib ketsang nima boʻlardi, betiyiq! Keyin otangga nima derdim, shuni oʻylamadingmi?!

– Lekin momo, men Mishkani qutqarib chiqdim-ku!

– Ikkinchi shunaqa qilma, kasofat!

 

* * *

Komendant mavqeidan foydalanib xotinini tinchgina koʻmib yubordi. Kapitan Veremeev ham bu qabih jinoyatga sherik ekanligi uchunmi, yo oʻzining birinchi ish kunidayoq shunaqangi ishkal chiqqani uchunmi bu voqeaga aralashmay turdi. Boshqa guvohlarning koʻpchiligi aristonlar boʻlgani uchun ham qahri qattiq komendantga qarshi chiqishni istamasdilar. Qoʻnisbay amaki va unga oʻxshagan bir-ikkita tili uzunlar esa komendantning “dubinka”si mazasini yana bir karradan tatib, oʻn besh sutkani qorongʻu va zax zindonda oʻtkazib, tavbasiga tayanib chiqqanlaridan keyingina tinchib qolishdi.

Biroq, Mashaning koʻzidagi mung aralash alam hech soʻnmas, kundan kunga u odamovilashib, kamgaplashib borardi.

– Borya, – deb qoldi u bir kuni kutilmaganda, – senda zarur gapim bor edi. Kechqurun bizning “dom”imiz yonidagi bolalar maydonchasiga oʻtsang, gaplashib olardik. Davkani ham olivolsang, yaxshi boʻlardi.

Onasi oʻldirilgandan beri bolalarning unga boʻlgan munosabati mutlaqo oʻzgargan. Chunki komendantdan eng koʻp zarar koʻrgan shu Masha edi-da. Boshqalarning otasini yo onasini urgan, soʻkkan boʻlsa-da, oʻldirmagan edi.

– Boʻpti, kechqurun Davka bilan halinchakda boʻlamiz.

Uyga kelsam otam negadir ertaroq ishdan kelibdi. Oʻz odaticha goʻsht maydalab oʻtirardi. Yana mukofot olganmi, kayfiyati yaxshi edi. Eshikni ochib kirishim bilan, ortiga oʻgirilmasdan turib chaqirdi.

– Buyoqqa kel, Bahrom.

Dadamning roʻparasidagi stulga choʻkdim.

– Xoʻsh, oʻqishlar qalay?

– Yomon emas.

– Baholar-chi?

– Yaxshi.

– Eshitishimcha Qoʻnisbay alkashning oʻgʻli bilan, keyin anavi komendant choʻchqaning qizi bilan osh-qatiq emishsan?

– Ular yomon bolalar emas, ota.

– Sen qayerdan bilasan ularning yomon emasligini. Otalarining kimligini koʻrib turibsan-ku!

Indamadim. Bunaqa paytda otamga gap qaytarish oʻzingga dilxiralik sotib olish bilan teng.

– Koʻzingga qarab yur, bola. Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi. Senga yoningdagilarga qarab baho berishadi. Tushundingmi?

– Tushundim, ota!

– Tushungan boʻlsang, bor, onangga qarash.

Men sekin oʻrnimdan turib narigi xonaga chiqaman. Onam xonani tozalayotgan ekan.

– Keldingmi, hozir ovqatingni suzib beraman.

Negadir onamning ham kayfiyati yaxshi edi. Otam sipolik bilan buni bilintirmaslikka uringan boʻlsa, onam roʻyi rost xursand edi.

– Ona, nima gap? Bugun boshqachasizlar?

Onam ichidagini saqlay olmasdi.

– Otangning muddatini qisqartirishibdi. Yaxshi ishlagani uchun. Nasib boʻlsa olti oydan keyin ketamiz!

Men momomni, qishloqdagi doʻstlarimni rosa sogʻingandim. Yuragim hapriqib ketdi.

– Rostdanmi?! – qichqirib yubordim. – Shuning uchun otam oshga unnayotgan ekan-da!

Oyim hamishagidek bir kosa makaron shoʻrva emas, toʻrtta qovurilgan tuxum suzib berdi. Tuxumni paqqos tushirganimdan keyin onamdan nima ish qilishim kerakligini soʻradim.

– Sen singlingga qarab tursang boʻldi.

Men oyimdan buni kutmagandim. Doʻkonga biron narsa olib kelish uchun joʻnatsa, gʻiz etib Davkalarning domiga borib, Mashaning nima gapi borligini aniqlab kelardim. Singlimga qarab turish degani koʻchaga chiqishni orzu ham qilib oʻtirma deganidir. Mashaning oldida noqulay boʻladi-da.

Singlim bilan bir soatcha andarmon boʻlganimdan keyin mening muammomni otamning oʻzi yechib bera qoldi.

– Bahrom, nima qilyapsan?

– Singlimga qarayapman.

– Singlingga onang qaraydi, sen buyoqqa qaravor.

Singlimni onamga topshirib oshxonaga oʻtdim.

– Bahrom, sen gastronomga chopib borib kel. Menga yengillik berilganini bir-ikkitasi eshitgan. Yuvamiz deb kelib qolishi mumkin. Shunga ikkita aroq opkelib qoʻy.

Otamdan pulni olib Davkalarning uyi tomonga chopdim. Gastronom u yerga yaqin edi. Hovlichaga kirib halinchakka oʻtirdim va hushtak chaldim. Oldin Davka, birozdan keyin esa Masha chiqib kelishdi. Biroz uyoq-buyoqdan gaplashgan boʻldik.

– Men komendantni oʻldirmoqchiman, – dedi tomdan tarasha tushgandek Masha. – Bolalar, menga yordam berasizlarmi?

Davka bilan men hayratdan koʻzlarimizni katta-katta ochib bir-birimizga termulib qoldik.

– Nim-ma deding? – hayrat bilan soʻradim.

– Ha, komendantni oʻldirmoqchiman. U onamni oʻldirdi!

– Axir u otang-ku!

– Nima qipti? Davka, u sening otangni boʻlar-boʻlmasga doʻpposlayveradi. Nima, senga alam qilmaydimi?

– Otam ham undan pesh emas! – dedi Davka va chetga “chirt” etib tupurib, choʻntagidan gʻijimlanib ketgan “Belomorkanal” qutisini chiqardi. – U ham ichib olgan kunlari alamini onamdan oladi. Bir kun kelib men ham uni oʻldirib qoʻymasam edi, deb qoʻrqaman. – U jahl bilan gugurt chizib, papirosini oʻt oldirdi.

– Bolalar, bas qilinglar! – dedim jahlim chiqib. Indamasam shu yerning oʻzidayoq bu ikkalasi oʻz otalarini oʻldirib qoʻya qolishadigandek. – Men bunaqa tuturiqsiz aljirashlarni tinglayman, deb kelganim yoʻq. Agar tuzukroq boshqa gaplaring boʻlmasa, men ketdim. – Qoʻlimga ikkita boʻsh shisha solingan toʻrxaltani koʻtargancha oʻrnimdan qoʻzgʻaldim…

Masha yengimdan ushladi.

– Toʻxtab tur. Nima qil, deysan boʻlmasa? Men u odam bilan bir uyda yashay olmayman!

Men oʻyga choʻmib qoldim. Unga nima maslahat berishga hayron edim. Mendan koʻra Davkaning kallasi tezroq ishlab ketdi shekilli, yuziga qizillik yugurdi.

– Balki Olloberdi cholnikida yashab turganing maʼquldir, Masha?

Olloberdi chol maktabimizning qorovuli. Qish oylarida esa goʻlahlik ham qilardi. U bizning podʼyezdda, birinchi qavatdagi uyida bir oʻzi yashar, koʻpincha maktabdagi qorovulxonada tunagani uchun uyida kamdan-kam boʻlardi. Chol odamovi, uncha-muncha odam bilan ochilib suhbatlashganini hech kim koʻrgan emas. Badmast, xoʻppa semiz polkovnikdan qoʻrqmaydigan yakkayu yagona shaharcha fuqarosi edi. Hammani qon qaqshatadigan komendant Dudko negadir cholni koʻrganda qalqoni teshilib, qilichi singan navkardek shalvirab qolardi. Koʻchada noxosdan uchrashib qolganlarida polkovnik gʻoʻldiragancha salom berib, zudlik bilan oʻtib ketishga tirishar, shu asnoda cholning gʻalati shuʼlalanib turgan qora koʻzlariga nigohi tushib qaltirab ketardi. Chol unga allaqanday gʻazab aralash nafrat bilan termular, polkovnik battarroq gandiraklagancha undan tezroq uzoqlashish harakatini qilardi. Bu nigohlardagi nafrat oʻti ayniqsa komendant baxtsiz, bechora ayolini noxos oʻldirib qoʻyganidan keyin yanada quyuqlashgan, endi polkovnikning bu nigohlarga dosh berishga holi qolmagan, cholni koʻchaning boshida koʻrishi bilan, ortiga oʻgirilib, juftakni rostlavorardi, qoʻyardi.

Men bunday holatga bir-ikki bor guvoh boʻlgach, Olloberdi cholda allaqanday gʻayritabiiy quvvat borligiga ishonch hosil qilgandim. Bu ne quvvat ekanligini bilishga qiziqar, biroq buni kimdan soʻrab olishni bilmasdim. Otamdan soʻrashga tortinardim. Chunki yetti-sakkiz yillik ayriliqda oʻsganim uchun otamga yaqinlashib keta olmagan edim. Onam esa men qatori kelgan. Davka va Mashalar esa yelka qisib qoʻyishardi, xolos.

Masha Olloberdi cholnikida yashasa, komendant otasi huda-behuda uni uni bezovta qilishga jurʼat qila olmasligi aniq edi. Biroq Olloberdi chol oʻzi qattiq nafratlanadigan kasning zurriyodini uyiga kiritishga rozi boʻlarmikan?

Koʻnglimdan oʻtganini sezib turgandek Davka buning yoʻlini qilishini aytib qoldi.

– Otamdan iltimos qilamiz. Otam chol bilan yaxshi kelishadi, oʻzing bilasan-ku, Borya.

Ha, toʻgʻri. Cholning yana bir qiziq tomoni: hamma unga yaqinlashsa biron joyiga najosat yuqib qoladigandek yetti koʻcha naridan aylanib qochadigan Qoʻnisbay amaki chol bilan anchagina apoq-chapoq edi. Qoʻnisbay amaki navbatdagi piyonistalik xurujidan qutulib, keyingisigacha tanasiga dam berib, oʻzining taʼbiricha “tiklanish” jarayonini oʻtkazayotgan pallalarida maktab qorovulxonasida, yo Olloberdi chol turadigan bizning podʼyezdimiz yoʻlagidagi temir xarrakda, alyumin krujkadan quyuq qora choy hoʻplab, soatlab gurunglashib turganiga koʻp bor guvoh boʻlganman. Feʼli-xoʻyi bir-biriga mutlaqo zid: biri taqvodor va zohidona turmush kechiruvchi, ikkinchisi esa har maosh olganida boʻkib ichib, uyidagilarni, qoʻshnilarni va mutlaqo begonalarning ham bezorini chiqarmasa koʻngli tinchimaydigan, oxir-oqibat komendantning rezina tayogʻidan ulushini olib, bir necha sutka zax va sassiq avaxtaxonada yotib, “mulla mingan eshak”dek muloyim tortib qoladigan hamsuhbatlarni nima bir-biriga bunchalar yaqinlashtirganini nafaqat men, balki bu Xudo qargʻagan shaharchaning yarim fuqarosi bilishni istar, lekin yurak yutib soʻrashga hech kimning haddi sigʻmasdi.

– Lekin otang Olloberdi choldan oʻzining dushmanining qizini himoyasiga olishni soʻrashga rozi boʻlarmikan?

– Uni sen koʻndirasan, – dedi Davka menga sirli jilmayib.

– Qanday qilib?

– Qanday qilib boʻlardi! Hozir sen doʻkondan aragʻingni olib biznikiga kirasan. Shishalarni koʻrganidan keyin otamning koʻzi oʻynab ketadi. Oʻsha payt unga hozirgi iltimosni aytasan. “Cholni koʻndirganingizdan keyin bizning uyga chiqing, otam palov qilyapti”, – deysan, vassalom. Oʻn besh minutdan keyin gvardiyachi katta serjant Qoʻnisbay Yenekeev hamma ishni “est” qilib mehmonxonalaringda oʻtirgan boʻladi.

Davka xoxolab kulib yubordi. Mashaning ham biroz kayfiyati koʻtarilgandek boʻldi. Men gastronomga qarab yurdim.

– Ha, – dedi otam, boʻsagʻada meni kutib olar ekan, toʻrxaltadagi “Moskovskoye” degan aroqning yorligʻiga qarab, – naq Moskvaning oʻzidan olib kelyapsanmi?

Tabiatan yolgʻon gapirolmayman. Salgina yolgʻon gapirsam ham xuddi roʻparamdagi kishi sezib qoladigandek “duv” qizarib ketaman.

– Gastronomda ochirt koʻp ekan, – soʻzlarni chala yamlab gʻoʻldiradim.

– Shunaqami? Demak ocheredda Qoʻnisbay bilan valaqlashib, vaqt qanday oʻtganini bilmay qolibdilar-da, a?! Kir, men oshni suzgunimcha oshnangni zeriktirmay oʻtir!

Ichkariga kirib ne koʻz bilan koʻrayki, Qoʻnisbay amaki, oʻgʻli Davkaning taʼbiri bilan aytganda gvardiyachi katta serjant Qoʻnisbay Yenekeev mehmonxonadagi bundayroq tuzatilgan stolning toʻrini ishgʻol qilgancha taltayib oʻtirardi! Yo, alhazar! Davka bilan birgalikda uni Olloberdi cholni Mashani himoya qilishga koʻndirish uchun maktab qorovulxonasiga joʻnatganimizdan keyin uch daqiqa ham ushlanmay uyga qaytgandim. Shu vaqt ichida u qanday qilib maktab qorovulxonasiga borishga, chol bilan suhbatlashishga va uyga kelib meni kutib turishga ulgurdiykin?

Qoʻnisbay amaki toʻrxaltadagi aroqdan koʻzini uzmay, topshiriq bajarilganini, Masha ertadan boshlab bemalol cholning uyida yashashi mumkinligini bildirdi. Men shishalarni stol ustiga qoʻyib, uning roʻparasidagi stulga choʻkdim.

– Menga qara, Borya, – dedi Qoʻnisbay amaki bitta shishani qoʻliga olib, yorligʻini sinchiklab oʻqib oʻrgana boshlarkan, – bu deyman Davka bilan ikkalang anavi goʻrsoʻxtaning qizi bilan ja-a yaqin boʻlib qolibsanlarmi?

Men unga oʻzining uslubida javob berdim:

– “Otaning gunohi uchun farzand javobgar emas” degan ekan oʻrtoq Lenin!

Qoʻnisbay amaki mendan bunaqa aqlli gap kutmaganidanmi, birinchi marta nigohini shishadan olib, menga yuz burdi.

– Shunaqa degin. Buni ham oʻsha tepakal Yan Grigoryevich aytdimi?

– Yoʻq, oʻzim oʻqiganman.

Uning qisiq koʻzlari battar qisilib, yalpoq yuzi yanada kengayib ketgandek boʻldi. Keyin bir nuqtaga tikilib qoldi. Eshik ochilib, onam choynak koʻtarib kirib kelganidagina uyqudan uygʻongandek koʻzlarini katta-katta ochdi. Men choynakni olib qaytardim va choy quyib uzatdim. Qoʻnisbay amaki piyolani ruhsizgina olib stolga qoʻydi.

– Bilasanmi Borya, oʻsha Lenining bekor aytipti! Bola otasi uchun javob beradi! Bergandayam qandoq! – U choydan hoʻplab qoʻydi. Negadir mitti, qisiq koʻzlari yiltirab ketgandek boʻldi. – Buni boshimdan oʻtkazganman! Qani oʻzing ayt-chi, katta boʻlsang kim boʻlmoqchisan?

– Tarixchi boʻlmoqchiman! Pedinstitutning tarix fakultetida oʻqimoqchiman, – dedim burro qilib. Toʻgʻri-da, axir, sinfda tarixni bilish boʻyicha mendan oʻtadigani boʻlmasa. Kimsan, maktab direktorini hassasining uchi bilan koʻrsatadigan injiqfeʼl Yan Grigoryevichning ishongan oʻquvchisi boʻlsam, tarix fakulteti mendan qochib qutula olarmidi?!

– Agar sen tarixni suv qilib ichib yuborgan boʻlsang ham, seni bu dargohga yaqin yoʻlatishmaydi. Chunki sening otang qamalgan. U jinoyatchi! Tarix siyosiy fan. Unga har qanday oʻtmishi shubhali shaxslar yaqinlashtirilmaydi! Tushundingmi, Borya? Xoʻsh, bu otaning gunohi uchun farzand javob bermasligimi?

Mening boshimdan bir chelak sovuq suv quyib yuborilgandek boʻldi. Nahotki orzularimning barchasi sarob boʻlsa?! Biroq yuragimning chet-chetida bir siqimgina boʻlsa ham ilinj saqlanib qolgandi.

– Nega endi? Menga institutga kirish mumkin emasmi?

– Qogʻozda mumkin. Biroq amalda seni u yerga yaqinlashtirmaslik uchun barcha chorani koʻrishadi. – Qoʻnisbay amaki qoʻlidagi piyolani oʻynab oʻtirib, koʻzlarini qisgancha menga termulardi. – Bu gaplarni institutning koʻchasiga ham yaqinlashmagan, qozonxonada goʻlahlik qilib yuradigan odam qayerdan biladi, deb oʻylayotgandirsan-a, Borya. Toʻgʻrisini aytaman. Men ham yoshligimda tarixni yaxshi koʻrardim. Ayniqsa kishilik jamiyatida yaratilgan qonunlar tarixini. Men huquqshunos olim boʻlmoqchiydim. Biroq, meni u yerga yaqinlashtirishmadi. Chunki otam 37-yilda “xalq dushmani” tamgʻasi bilan otilib ketgan edi. U paytda Stalin tirik edi. Jimgina kolxozga qaytib molboqarlik qildim. Oradan koʻp oʻtmay Moʻylov iniga kirib ketdi. Xrushyov uning kirdikorlarini ochib tashlagach, koʻpchilik qamalganlar oqlana boshladi. Men ham Bosh prokuror nomiga xat yozdim. Oradan ikki oylar oʻtib, otamning oʻlimidan keyin oqlangani toʻgʻrisida rasmiy xat oldim. Shu xatni koʻtarib yana institutga bordim. Istar-istamas hujjatlarimni qabul qilishdi. Biroq, konkursdan oʻta olmading deb ortga qaytarib yuborishdi. Men esa ular ustidan hatto sekagacha yozdim. Ustma-ustiga, tinimsiz. Vaziyat esa toshqotgandek, oʻzgaray, demasdi. Qishloqdan olib kelgan oxirgi chaqalarimga bir shisha pivo sotib olib doʻkonning oʻzidayoq boshimga koʻtardim. Chunki mavhumlikdan ichim yonib ketgandi. Shishani qaytarib peshtaxtaga qoʻyishim bilan ikkita norgʻul yigitning qoʻltigʻimdan olayotganiga eʼtibor qaratgunimcha boʻlmay qornimga kelib tushgan kuchli zarbdan koʻz oldim qorongʻilashib ketdi va bir zumda oʻzimni “qora qargʻa” deb atashadigan, aristonlarni olib yuradigan melisa mashinasida koʻrdim.

Qoʻnisbay amaki ogʻir soʻlish oldi. Piyolasidagi sovub qolgan choyni bir hoʻplashda quritib, menga uzatdi. Yana choy quyib berdim. U bu safar kalta-kalta hoʻplab oʻtirdi.

– Ana shungayam yigirma yetti yildan oshibdi. Shundan beri oʻtirsam oʻpoqman, tursam soʻpoqman. Anavi gursoʻxta komendantga oʻxshagan nazoratchilarning rezina tayogʻidan ulushimni olib yuribman. Lekin singanim yoʻq! Bu laʼnati tuzumning qulaganini koʻrsam armonim qolmasdi. Agar Olloberdi cholning bashorati rost boʻlsa, bir dahshatli toʻzon yaqinlashayotgan emish. U yer yuzidan bu ikkiyuzlamachi iblis saltanatini supurib tashlarmish…

Masha Olloberdi cholnikiga koʻchib oʻtishga ulgura olmadi. Otam Qoʻnisbay amaki va yuqori qavatdagi ulfati Sergey amaki bilan ikki shisha aroqni quritishgan kechaning ertasi kuni, qoq tush mahali qizib turgan mis tovadek xarrakning ustida, iyak qoqa-qoqa Olloberdi chol omonatini topshirdi. Men qoʻrqa-pisa Olloberdi cholning jasadi yonidan oʻtib komendantga xabar qilgan kunim kechga tomon shaharchani oʻrab turgan biyday sahroning kunbotar ufqida xira sargʻish, bulutsimon tumanlik koʻzga tashlanib qolgan edi. Negadir tikansimlar bilan oʻrab olingan bu shaharcha xuddi osmonoʻpar xitoy devori bilan oʻralgandek, shamol aylanmas, havo dim va ogʻir edi. Negadir bugun nimadir sodir boʻladigandek, koʻnglim gʻash, uyga oyogʻimni zoʻrgʻa sudrab bosgancha istar-istamay yaqinlashdim. Koʻz oldimda Olloberdi cholning jon taslim qilish manzarasi qayta-qayta jonlanar, qulogʻim ostida esa cholning xirildoq tovushi eshitilib turadi: “Toʻzon yaqinlashyapti…” Qiziq, kecha kechqurun Qoʻnisbay amaki ham cholning allaqanday toʻzon yaqinlashayotganini aytgani xayolimga kelardi. Bugun quyosh ufqqa sekin bosh qoʻymadi. Kunbotar tomonga sal ogʻgach, sargʻish tumanlik ichra biroz qizarib turdi-da, birozdan keyin butkul gʻoyib boʻldi. Shaharchani xira sargʻish qorongʻulik egallay boshladi. Uyga yaqinlashdim. Podʼyezdimiz oldidagi Olloberdi chol jon taslim qilgan xarrakda otam va Qoʻnisbay amaki qaygʻuli alfozda sukut saqlab turishardi. Men qariyb pichirlagancha ularga salom berdim. Otam boshini koʻtarib menga maʼnosiz tikildi. Davkaning otasi esa nimalarnidir gʻoʻldirab qoʻydi. Chamasi salomimga alik olgan boʻlsa kerak. Men indamay yurakni ezib yuboradigan sukunat hukmronlik qilgan yoʻlakni tark etib zinapoyadan yuqoriga koʻtarildim.

Kechasi derazamiz ostida Davkaning hushtagini eshitib pastga chopqilladim. Kechqurun ojizgina boshlangan shabada biroz kuchaygan, shamol sahrodan qum aralash xas-choʻplarni shaharchaga yetkazib kela boshlagan edi. Shamol daqiqa sayin kuchayib borar, gʻalati chang shaharchaning koʻchalariga, koʻpqavatli uylarning tomlariga yogʻilardi.

– Tezda komendantning uyiga bormasak boʻlmaydi, Borya, – shoshilganidan Davka apil-tapil gapirardi. – U yerda nimadir sodir boʻlyapti!

Nima sodir boʻlayotganini tushunmasam-da, Davkaning ortidan oyogʻimni qoʻlga olgancha chopa boshladim. Komendantning podʼyezdiga yetib kelganimizda ikkalamiz ham yelkamizdan nafas olardik. Shamol endi uylarning tunuka tomlarini daranglatar, ochiq qolgan deraza tavaqalarini qarsillatib urardi. Shu shovqin-suron orasida kimningdir, qizbolaning ezgin, gʻussali yigʻi tovushi elas-elas qulogʻimizga yetib kelardi.

– Bu Masha, – dedi negadir qatʼiy ishonch bilan Davka. – Yur, ularnikiga kiramiz.

Mashaning onasi oʻldirilgan oʻsha mashʼum kechadan beri bu xonadonga kirishga yuragim betlamasdi. Bu dahshatli kvartirada Mashaning qanchalar qiynalayotganini his qilib, uning Olloberdi cholnikida yashashi uchun harakat qilganlarimiz esimga tushdi. Mashani laʼnati otasining changalidan qutqara olishi mumkin boʻlgan yagona odam ham endi yoʻq…

Boʻynimdan sudralgandek mayda qadamlar bilan Davkaning ortidan ergashib zinapoyaga qadam qoʻydim.

Eshik qoʻngʻirogʻini uzoq jiringlatdik. Bir payt sochlari toʻzgʻib, qovoqlari yigʻidan qizarib, shishib ketgan Masha ochdi. Bizni koʻrgandan keyin oshkora hoʻngrab, poyafzallar terib qoʻyilgan kichik tumba ustiga oʻtirib qoldi. Bizning soʻrab surishtirishlarimizga javoban qoʻli bilan balkon tomonga ishora qildi. Biz oshxona orqali kengish balkonga chiqqanimizda ofitserlar qayishiga osilgancha, basharasi koʻkarib, dahshatli qiyofaga kirgan xoʻppa semiz polkovnikning jasadiga koʻzimiz tushib, dahshatdan qichqirib yubordik. Komendantning joni uzilganiga bir necha soat boʻlgan, dum-dumaloq qorni battar kattalashib, doʻmbira boʻlib shishib ketgan, tili yarim qarich osilib, girih tishlari bilan gʻarchcha tishlangan edi.

– Qoʻshnilarni chaqirish kerak, – deya pichirladim, komendantning vahimali jasadidan koʻzimni uzolmay.

Keyin xuddi komanda berilgandek har ikkalamiz eshikka qarab yugurdik.

Komendant xotinini oʻldirib qoʻygan kechadan beri hech qaysi qoʻshni uning uyiga qadam bosmas, qotil polkovnikdan iloji boricha oʻzlarini olib qochishardi.

Qoʻshnilarning eshik qoʻngʻiroqlarini bosa boshladik. Kimdir gʻoʻldirab soʻkingancha bizni haydab yuborar, yana kimlardir eshikni mutlaqo ochishmasdi.

Oxir-oqibat Davkalarning uyiga borib, Qoʻnisbay amakini uygʻotishga majbur boʻldik.

– Oxiri toʻngʻiz qoʻpibdi-da, – dedi uyqusirab Qoʻnisbay amaki. U kunduz kuni Olloberdi cholni dafn etganidan keyin ancha payt otam bilan uning uyi oldida baʼzan jim, baʼzan shivirlagancha gurunglashib uzoq qolib ketgan edi. Shuning uchunmi, Olloberdi cholning musibati sababmi, u har kunlik rejasi – yarim litrni yutmagan, hushyor edi. Biroq oʻzining azaliy dushmani – komendantning oʻlimidan quvonganini ham, xafa boʻlganini ham bilib boʻlmaydigan holatda, asabiy yurib koridordagi telefon goʻshagini koʻtarib raqam terdi-da, gapni qisqa qildi:

– Allo, komendaturami? Boʻlmasa eshiting. Komendantingiz Dudko balkonida oʻzini osib qoʻyibdi! Kimning xabar berganini bilishingiz shart emas! Xayr.

U goʻshakni qoʻyib, biroz tin oldi. Keyin bizga oʻgirildi.

– Komendantning qizi uyida yolgʻizmi?

– Ha, – dedi Davka, – bir oʻzi yigʻlab oʻtiribdi. Bironta qoʻshni bizga eshik ochishni istamadi.

– Laʼnati… – dedi u qoʻllarini asabiy silkib.

U kimni laʼnatlayapti, qoʻshnilarnimi yo komendantnimi – bilib boʻlmasdi.

– Sizlar Mashani pastga olib tushib kutib turinglar. Hozir komendaturadan kelishadi. Keyin uni buyoqqa olib kelasizlar. U uyda qizni yolgʻiz qoldirib boʻlmaydi.

Tashqarida esa shamol qariyb boʻronga aylanayozgan, u xas-xashakka qoʻshib yirik-yirik qum zarralarini yuzimizga urar, osmon qop-qora, “milt” etgan yorugʻlik koʻzga tashlanmas, tinimsiz yuzimizga urilayotgan qum zarralari koʻzni ochirgani qoʻymas, tishlarimiz orasida yoqimsiz gʻichirlardi.

Shu payt osmondan tushgandek roʻparamizda otam paydo boʻlib qoldi. U mening birdan yoʻqolib qolganimdan tashvishga tushib qidira boshlagan va anchagina ovora boʻlganligi yuzidagi gʻazabdan akslanib turardi.

– Qayerda yuribsan, ablah!? – U yuzimga yengilroq tarsaki tushirdi.

Shu paytgacha bunaqa tarsaki yeb koʻrmagandim. Yoʻq, ogʻriqdan emas, balki alam, gʻazabdan yuzim lovullab yonib, koʻzlarimga yosh keldi.

– Alik amaki, Boryani urmang! Uni men chaqirgandim. Bilasizmi, komendant oʻzini osib qoʻyibdi. Shunga Mashaning oldiga kelgandik. – Davka poyintar-soyintar qilib vaziyatni tushuntirgancha oraga tushdi.

– Nima deding? Komendant?

– Mashaning dadasi… Balkonda oʻzini osib qoʻyibdi. Masha yigʻlab oʻtiribdi.

– Shunaqami… Sening otang qayerda?

– Uyda, hozir komendaturaga telefon qildi…

Otam bir pas boshini qashlab turdi.

– Sen uyga bor, – dedi menga oʻgirilib, – onang xavotir olyapti.

Men shaharchamizga kunbotar tomondan balo-qazodek bostirib kelayotgan qum boʻroniga qarshi qiynalib qadam bosgancha uyga qaytdim.

Keyingi kun ertalab ancha lohas boʻlib uygʻondim. Osmon sargʻimtir, quyuq toʻzon buluti qoplab olganidan kun nimqorongʻi, havo esa nafas olib boʻlmas darajada quyqa va ogʻir edi.

Olloberdi chol oʻlimi oldidan bashorat qilib ketgan toʻzon bor boʻy-basti bilan oʻzini namoyon qila boshlagan edi.

Onam choyga chaqirdi. Istamaygina oʻrnimdan turib yuvindim. Men dasturxon boshiga kelganimda otam oʻrnidan turib, allaqanday ezgin kayfiyatda ishga yoʻl oldi. Onamning qovoqlari ham soliq. Atigi bir yarim kun oldingi, otamning muddati qisqartirilib, bir necha oydan keyin qishloqqa qaytishimiz daragini eshitganidagi xursandchiligidan asar ham qolmagan edi. Hatto jajji singilcham ham xomushgina, belanchagida soʻrgʻichini soʻrib yotardi.

Choyni chala-chulpa ichib, papkamni ortmoqlagancha uydan chiqdim.

Boʻron tundagidek uvillamas, ozgina boʻlsa-da shashti pasaygan, biroq sargʻish chang tuman shaharchani butkul ishgʻol qilganidan, ikki qadam oldinni koʻrib boʻlmasdi. Kecha tunda otam meni uyga joʻnatib yuborganidan keyin nimalar boʻlganligini aniqlash maqsadida yoʻlimni Davkalarning uyi tomonga burdim. Yaqinlashganimda Davka bilan Mashaning birga chiqib kelayotganlariga koʻzim tushdi.

– Kecha komendantning jasadini olib ketishganidan keyin, Masha biznikida, singlimning yonida qoldi. Hozir biznikidan chiqib kelyapmiz.

Mashaning hamon qovoqlari salqigan, koʻzlari qizarib turardi.

– Endi meni detdomga topshirvorisharkan, – hiqilladi Masha yana koʻzlariga yosh olib, – men ham oʻzimni osvorsammikan. Negadir yashagim kelmay ketyapti.

Uning gapi menga joʻyalidek tuyuldi. Yuragim siqilib borardi. Negadir toʻzon nafaqat shaharchamiz havosini, balki bizning miyamizni, qalbimizni xiralashtirib tashlagan edi. Toʻzon endi abadiy davom etadigandek, bizning qolgan umrimiz shu tumanlikda xira koʻlanka boʻlib kechadigandek, oldda “milt” etgan yorugʻlik yoʻqdek tuyulib ketdi. Toʻzon shaharcha koʻchalari bilan birga bizning koʻnglimiz koʻchalarini toʻs-toʻpolon qilib tashlagandi, goʻyo.

Maktabga kelganimizda negadir sinfxonalar jim-jit, unda-bunda koʻrinib qoladigan oʻqituvchilar ham shoshgancha pichirlashib oʻtib ketishar, bizning angrayib turishimizga eʼtibor ham berishmasdi.

Hammasini sinfboshi Gogik gapirib berdi.

Tarix oʻqituvchimiz Yan Grigoryevich kecha tunda bilak tomirlarini kesib tashlabdi. Tongda uni vannaxonadan oʻlik holda topishibdi. Hozir uning tobutini maktabga olib kelish, motam mitingini oʻtkazish toʻgʻrisida oʻqituvchilar maslahat qilishayotgan ekan. Bugun darslar oʻtilmasligi ham mumkinmish.

Gogik muhim maʼlumotni yetkazib, yengil tortgandek boʻlib, ortiga qaytdi. U negadir Mashaning koʻziga qaray olmasdi. Yiltiragan qora koʻzlarini devorga, baʼzan deraza ortidagi toʻzon ichida qolgan shaharchamizga boqqancha gapirdi.

Yan Grigoryevich yoshi ellik bilan oltmishning miyonasida, toʻladan kelgan, tilla gardishli koʻzoynak taqib yuradigan basavlat kishi edi. U hammaga bepisand, yuqoridan nazar tashlar, shuning uchun ham shaharchada doʻstlari yoʻq, ikki xonali uyda qarimsiq kampiri bilan yashar edi. Ular befarzandligi uchunmi, kattakon buldog it boqishardi. Kechqurunlari er-xotinlar oʻsha koʻppagini sayr qildirgancha, parkni aylanib yurishganiga koʻp bora guvoh boʻlganman. Ular hech kim bilan gaplashishmas, salom berganlarga esa bilinar-bilinmas bosh irgʻash bilan javob qaytarishardi. Shuning uchun ham shaharchaning asosiy fuqarolari boʻlgan sobiq aristonlar bu ziyolinamo olifta kimsalarni xushlamasdilar. Biroq u bilan bir kunda narigi dunyoga safar qilgan komendant unga hurmat bilan muomalada boʻlar, uchrashib qolganlarida ehtirom bilan boshini egib salomlashardi.

Maktabda esa Yan Grigoryevichdan hatto direktor ham hayiqib turardi. Biz oʻquvchilarni esa aytmay qoʻyaqolay. Biroq men tarixdan boshqalarga qaraganda yaxshiroq edim. Buning ustiga u negadir otam bilan chiqishardi. Shuning uchun ham men ushbu “kibor” domlaning marhamatiga sazovor boʻlgan sanoqli oʻquvchilardan edim. U menga yuksak marhamat koʻrsatib, uyidagi kutubxonasidan baʼzi kitoblarni olib oʻqishga ruxsat bergan edi. Biroq uning bu “marhamati” menga unchalik xush yoqmasdi. Sababi u menga kitobni oʻzi tavsiya qilar, kitobni qoʻlimga tutqazganidan keyin uni qanday asrash, betlarini gʻijim qilmaslik, siyoh chaplamaslik toʻgʻrisida chorak soatcha tushuntirish berardi. Bu ham yetmaganidek oradan bir haftani oʻtkazib kitobni qaytarganimda, uni oʻqigan-oʻqimaganimni obdon tekshirib, savol beraverib miyamning qatigʻini chiqarib yuborardi. Shu muloqotlar tufayli uning uyiga bir hafta-oʻn kunda bir tashrif buyurib, Yan Grigoryevichning oilaviy ahvoli toʻgʻrisida yaxshigina bilimga ega boʻlib ulgurgandim. Toʻzon boshlanmasdan bir kun oldin olgan kitobimni topshirib, navbatdagisini olish uchun tarix oʻqituvchimizning ozoda va sokin kvartirasiga borgandim va er-xotinlarning motamsaro holatini koʻrib hayron qolgandim. Yan Grigoryevich esa bugun men bilan suhbatlasha olmasligini gʻoʻldiragancha tushuntirib, opkelgan kitobimni qoʻlimdan olgancha eshikni yuzimga yopdi. Qoʻshnilarining aytishicha ularning arzanda koʻppagi oʻsha kuni omonatini topshirgan ekan. Shunga chol-kampirlar aza tutib, koʻngillari xufton boʻlib oʻtirgan pallalari ekan. Men ham har doimgi mujmal savollardan qutilganimga shukr qilib, shataloq otgancha koʻchaga chopgan, ertasi kuni shahar tashqarisidagi zovurga choʻmilishga borish tashabbusini Davka va boshqa bolalarga yoyishga shoshilgan edim. Biz ushbu rejani muvaffaqiyatli amalga oshirib qaytgan kunimiz esa Olloberdi chol omonatini topshirgan kun, yaʼni yakshanba edi. Dushanbada esa Yan Grigoryevichning bemaʼni oʻlim topgani xabarini eshitib turibmiz.

Negadir yuragim siqilib borardi. Maktabdagi motamsaro kayfiyat menga yomon taʼsir qilayotgandi. Oʻtgan soatlarda kutilmaganda ketma-ket sodir boʻlayotgan bu voqealar meni esankiratib qoʻygandi. Negadir uyga ketgim kelayotgandi. Oʻqituvchilar oʻzlari bilan oʻzlari ovora boʻlib qolganliklari uchun bilintirmay uyga surib qolishni afzal bildim.

Otam negadir uyda edi. Aslida bunaqa paytlarda ishda boʻlardi. Oshxonada Qoʻnisbay amaki bilan yarmi boʻshagan shishani ermak qilib oʻtirishardi. Hamishagi odatga mos boʻlmagan tarzda ikkalalarining ham kayfiyati joyida emasdi. Qoʻnisbay amakining qisiq koʻzlari battar qisilgan, siyrak moʻylovi shalpayib, lablari ustiga osilib qolgan, tinimsiz uf tortardi. Otam esa miq emasdan tinimsiz papiros tutatar, papirosning qoldigʻini kuldonga bosib oʻchirgani zahoti aroqni taqsimlar, Qoʻnisbay amakining olishini ham kutib oʻtirmasdan, stakanni quritar va gazagiga papiros tutatardi. Mening oshxonaga kirganimni Qoʻnisbay amaki sezib qoldi.

– Kel, Borya. Maktabda nima gap?

Men javob berishga ulgurmadim. Otamning ilkis bosh koʻtarib, zildek ogʻir nigohlari bilan qattiq tikilishidan duduqlanib qoldim.

– Nega maktabdan buncha erta qaytding?!

– T-tarix oʻqituvchimiz Yan Grigoryevich…

– Bundan xabarim bor.

– Sh-shunga oʻqituvchilar miting qilishmoqchi. Darslar oʻtilmasakan.

– Unday boʻlsa bor, gastronomga oʻtib kel.

Otam choʻntagini kavlab papiros va bir shisha aroqqa yetadigan pulni sanab berdi.

– Imillama. Tez borib kel!

Men sumkamni qoziqqa ilib, yana koʻchaga chiqdim. Toʻzon hali veri tinadigan emas, qaytaga zabtiga olayotgan edi. Koʻchada odamlar siyrak, borlari ham ustiga yogʻilayotgan chang va qum zarralaridan qochib tezroq uyiga kirishga oshiqishardi. Men ham xaridor yoʻqligidan pashsha qoʻrib oʻtirgan badqovoq xotindan otam buyurgan narsalarni olib, ajdahoning boʻgʻzidek vahimali va yoqimsiz koʻchani tezroq tark etib uyga kirib olish uchun oyogʻimni qoʻlimga olib chopdim.

Ular yana icha boshladilar. Mening esa deraza ortidagi sargʻish tumanlik qoplagan kulrang tusdagi uylarga qarashga yuragim betlamas, bu toʻzon birin-ketin butun shahar aholisini oʻz komiga tortadigandek tuyulardi. Tushga borib boshim loʻqillab koʻnglim ayniy boshladi. Onam peshonamni ushlab koʻrgach tipirchilab qoldi. Oshxonada ichishib oʻtirgan ikki ulfat ham birin-ketin peshonamga qoʻllarini bosib koʻrishdi.

– Skoriy chaqirish kerak, – dedi Qoʻnisbay amaki.

Otam ham nimadir dedi, biroq uning ovozi uzoqdan kelayotgandek tushunarsiz edi. Qovoqlarim oʻz-oʻzidan yumilib, koʻz oldimni koʻchadagi xira tumanlikdan biroz yorqinroq sargʻish tumanlik qoplab oldi.

Allaqanday qorishiq narsalar orasida uzoq vaqt sarson yurdim. Bunda tishini irjaytirib yurgan shoqollar ham, yuzi koʻkarib, tillari osilib qolgan komendant ham bor edi. Buning ustiga ular tinimsiz oʻzgarar, tishlari irjaygan shoqol zum oʻtmay komendantga, komendant esa qip-qizil tilini yarim qarich osiltirib, irillab turgan shoqolga aylanardi. Keyin esa ular koʻz oldimdan yoʻqolib ucha boshladim. Sal eʼtibor bersam, men toʻzon buluti orasida suzib yurgan ekanman. Keyin bulut pastlab, tarqadi. Oʻzimni qadrdon qishlogʻimizda koʻrdim. Momom bilan ikkalamiz qoʻy boqib yurgan ekanmiz. Daryo, mening qadrdon daryom ham toʻlib-toshib oqayotgan ekan. Shu tanamning shoʻrlab ketganini his qilaman. Oʻzimni daryoga otaman. Momom ortimdan hay-haylagancha qolaveradi. Men toʻlqinlar bilan bellashib uzoq suzaman. Narigi qirgʻoqdan Abdurasul amakim koʻrinadi. Negadir uning qoʻlida oddiy yulgʻun tayoq emas, komendant beliga taqib yuradigan rezina toʻqmoq bor boʻladi. U menga toʻqmoqni oʻqtalib, yoniga chorlaydi. Koʻrinishi vajohatli. Men toʻlqinlar ustida, ularning oqimtir-sargʻish koʻpiklari orasida suzib ketaveraman. Abdurasul amakim ham, momom ham ortda qolib, koʻzdan yoʻqolishadi. Birdan daryo yana toʻzon bulutiga aylanib meni yuqoriga koʻtaradi. Yana oʻsha tusini tinimsiz oʻzgartirib turuvchi maxluqlar orasida parvoz qila boshlayman. Atrofimdagi maxluqlarning tinimsiz hayqirishi, boʻkirishi, chinqirishi va chirillashidan qulogʻim qomatga keladi. Oʻzimni allaqanday tushuniksiz, negadir xuddi kultepalarga oʻxshash qum barxanlari saf tortgan behudud sahroda koʻraman. Sahroda toʻrt tomonga chopaman. Tikkaygan buta tugul, ojiz xas-xashak ham koʻzga tashlanmaydi. Bitta ham tirik jon yoʻq. Sarhadsiz sahroda bir oʻzim… Intihosiz yolgʻizlik komida qolganimni his qilaman. Maxluqlar bilan qilgan parvozim paytidagi yuragimni qoplab olgan qoʻrquv oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi. Oʻrnini tubsiz tushkunlik va gʻussa egallab oladi. Shunda olis-olislardan ovoz eshitiladi.

– Bahromjon! Bolamu-u!

Bu tovush judayam olisdan kelayotgan boʻlsa-da, aniq-tiniq eshitaman. Bu onamning ovozi edi. Koʻz oldimni qoplab olgan qoramtir sahro chekina boshlaydi. Olisdan onamning oppoq roʻmoli shamolda silkinayotganini koʻraman.

Atrof sekin-asta yorisha boshladi. Uygʻonib ketdim. Sekin koʻzimni ochdim. Tepamda yiltiroq koʻzoynakli, tepakal kishi oʻtirganini koʻrdim. Oq xalatiga koʻzim tushgach uning doktorligini, oʻzim esa kasalxonadaligimni angladim.

– Oʻziga keldi, – dedi doktor yonidagi sariq sochli xushbichim juvonga va men tushunmaydigan allaqanday atamalarni aytgancha unga topshiriq bergach, chiqib ketdi.

Juvon esa bilagimga nina sanchib ukol qildi. U chiqqanidan keyin palataga onam kirib keldi.

– Yaxshimisan, bolam, – degancha peshonamga qoʻllarini bosdi. Issigʻim ancha tushgan boʻlsa kerakki, bu safar uning yuzi xavotirli emasdi. – Bizni ancha qoʻrqitding-da, Bahrom.

Shosha-pisha uyda tayyorlab bankaga solib kelgan tovuq shoʻrvasidan majburlab bir necha qoshiq ichirdi. Ichimga kirgan issiq va mazali shoʻrva anchagina tetiklashtirdi. Miyamdagi xiralik tarqab, atrofga dadilroq nazar tashladim. Keyin menga nima boʻlganligini soʻradim.

– Ikki kundan beri hushsiz yotganding, bolam. Bugun nihoyat koʻzingni ochding. Anavi oʻrtogʻing bor-ku, qozoq bola. Oʻsha ham ikki kundan beri shu yerda edi. Doktor hushingga kelganini aytganidan keyin shoshilib chiqib ketdi.

Demak, meni bu yerga olib kelishganiga ikki kun boʻlibdi. Shu vaqt mobaynida Davka kasalxonada boʻlgan. Negadir uni koʻrgim, quchoqlab bagʻrimga bosgim keldi.

 

* * *

Kechroq otam keldi. Ungacha boshimda girgitton boʻlib turgan onam uning bir imosi bilan palatani tark etdi.

– Oʻzingni biroz tutib olgin, oʻgʻlim, – dedi otam yoʻgʻon qadoq qoʻllari bilan peshonamni silab. – Har narsani oʻzingga olaverma. Tuzalganingdan keyin qishloqqa ketasan. Hozircha bexavotir yotaver, boʻptimi, Bahromjon?

– Boʻpti, ota.

– Mayli boʻlmasa, men ketdim. Kechroq xabar olaman.

Otam tez-tez yurib chiqib ketdi. Birozdan keyin eshik qiya ochilib Davkaning paxmoq sochli boshi koʻrindi. Uning keng yonoq, qisiq koʻzli basharasidagi xavotir, meni koʻrgach tarqalib, yoyilgancha iljaydi.

– Salom, Borya. Kirsam maylimi?

U javobimni kutmasdan oʻzini ichkariga urdi.

– Qalaysan endi? Tuzalib qoldingmi?

– Rahmat. Oʻzingning ishlaring yaxshimi?

Davka aytsammi, aytmasammi, degandek biroz ikkilanib turdi. Keyin bir qarorga keldi shekilli, “yaxshi” deb qoʻydi. Keyin biroz uyoq-buyoqdan gaplashib turgan boʻlib men bilan xayrlashishga chogʻlandi.

– Boʻpti, Borya. Ertaga yana kelaman. Bugun bir zarur ishim bor edi.

Davkaning oʻzini tutishi menga gʻalati koʻrindi. Oldingi dangalchi, koʻnglidan kechganini sira tortinib oʻtirmasdan aytib yuboraveradigan, janjal va mushtlashuvga suyagi yoʻq Davkaga sira oʻxshamasdi. Goʻyo kutilmaganda boshlangan toʻzon uni butunlay oʻzgartirib yuborgandek edi. Uning bir gapi bor edi-yu, lekin aytishga ikkilanib qolganligi, apil-tapil xayrlashib chiqib ketishi menda gʻalati taassurot uygʻotayotgan edi. Uning qanaqa zarur ishi boʻlishi mumkin. Bunday toʻzonda u oldingiday koʻcha changitib yurmasa kerak. Fikrlarim chuvalashib boshim ogʻrib ketdi. Birozdan soʻng hamshira kelib bilagimga nina sanchdi. Osma ukolning shaffof quvuridan tomchilayotgan dorini kuzata turib uxlab qolibman.

Ancha tetik boʻlib uygʻondim. Keyinroq doʻxtir keldi. U qulogʻiga stetoskopni tiqib tomir urishimni tekshirdi. Qovogʻimni yirib koʻzimning oqiga nazar tashladi. Qon bosimimni oʻlchadi. Ogʻzimga termometr tiqib qoʻydi. Oxirida yengil tortgandek bir soʻlish oldi-da, “Hammasi joyida”, deb qoʻydi.

Kechga yaqin otam keldi. Mening yonimga kirishdan oldin doʻxtir bilan gaplashib olgan shekilli, yuzi oldingidek tashvishli emas edi. U iljaygancha erta tongda menga javob berilishini darakladi. Oxirgi muolajani bugun kechasi olib, ertaga uyga ketaverishim mumkinligini doʻxtir aytibdi.

Ertalab onam kelib lash-lushlarimni yigʻishtirdi. Tushlikka qolmay biz oʻz uyimizda edik. Ertalab sal avzoyi ochila boshlagan osmon yana tundlasha boshladi. Shamol kuchayib sap-sariq changni shaharcha koʻchalariga yogʻdira boshladi. Otam tushlikka yaqin qoʻlida ikki qadoqcha goʻsht, hamishagidek yonida ikkita shisha solingan toʻrxaltani koʻtarib kirib keldi. Orqasida Qoʻnisboy amakining tirjayib turgan basharasini koʻrib, oʻsha kasal boʻlib qolgan kunimdagidek, koʻnglim aynib ketdi. Ichkariga kirdim. Kitob oʻqishga holim kelmadi. Karavotga choʻzilgancha shiftga termulib yotdim. Xayriyatki, otam menga ish buyurmadi. Hammasini onamning oʻzi bajardi. Onam bir qoʻlida injiq singlimni koʻtarib, bir qoʻli bilan qozon kavlab, otam bilan Qoʻnisboy amakiga goʻshtni qovurib berdi. Qovurdoqni laganga solib, ustiga piyoz toʻgʻrayotgan paytda eshik jiringladi. Onamning ikki qoʻli ham band edi. Mehmonxonadan otamning ovozi eshitildi:

– Bahrom, qaravor. Hoynahoy Sergey boʻlsa kerak. Hid chiqqan joyni ikki yuz chaqirimdan biladi, bu sulloh. Men erinibgina oʻrnimdan turib, eshikning ilgagini tushirdim. Otam haq edi. Ostonada ogʻzidangina emas, balki butun tanasidan aroq hidi ufurib turgan Sergey amaki chayqalib turar edi. Uning bir choʻntagidan alyumin qopqogʻi oʻrniga sabzi tiqib qoʻyilgan yarimlab qolgan shisha chiqib turardi. U betakalluf, xuddi oʻz uyiga kirib kelganday, ichkariga kirdi. Toʻgʻridagi ochiq eshikdan koʻrinib turgan otam bilan Qoʻnisboy amakiga qarab samimiy, shangʻilladi.

– Alik! Zdorovo moy priyatel! Kolya, tiʼ toje zdes? Molodets, pozdravlyayu!

– Rahmat, Sergey, – dedi otam biroz qovogʻini solib. Kel, oʻtir biz bilan.

Otam Sergey amakining sullohligini, soʻrab-netib oʻtirmasdan bostirib kirib kelaverishini yoqtirmasdi. Biroq kirib kelganida koʻksidan itarmasdi ham.

U kissasidan sabzi tiqilgan shishani chiqarib stolga qoʻydi. Qoʻynini paypaslab ikkita issiqxonada yetishtirilgan va bizning gastronomga tez-tez kelib turadigan uzunchoq va tepasiga “husnbuzar” toshib ketgan bodring va sargʻishtob pomidor olib qoʻydi. Keyin menga oʻgirildi-da, tuz va pichoq olib kelishni buyurdi.

To men tuz olib kelgunimcha, Qoʻnisboy amaki uzatgan piyolani qoqlab, oʻzi olib kelgan bodringdan bittasini betuz qarsillatgancha chaynab turardi.

– Borya, sen nega anavi komendantning qizini qidirishga bormading? Mening Misham, manavi Kolyaning oʻgʻli ham ikki kundan beri soldatlar bilan uni qidirishyapti. Seni qara-yu…

Otam stolni gursillatib urdi.

– Bas qil, Sergey! Bahrom hozirgina kasalxonadan keldi! Boshini qotirma!

– Toʻgʻri, – dedi Qoʻnisboy amaki otamni qoʻllab. Hech kim yoʻqolgani yoʻq. Davka hozir oʻqishda. Darsi tugagach, albatta, Boryani koʻrishga keladi. Sen esa aljirama. Kayfing oshgan boʻlsa uyingga kirib yot.

Sergey amaki norozilanib yana nimadir demoqchi edi, otam gapirtirmadi:

– Bahromjon, bor, xonangga kirib yotaqol. Senga charchash mumkin emas. Koʻrib turibsan, Sergey mast boʻlib qoldi. Nima deyayotganini oʻzi ham bilmaydi.

Men xonadan chiqayotganimda Sergey amaki gʻudrandi:

– Men hecham mast boʻlib qolganim yoʻq! Nega ogʻzimga urasizlar?! Komendantning qizi qochib ketgan! Buni yangi komendant Veremeevning oʻzi aytdi! Ha, xuddi oʻzi! Oʻz qulogʻim bilan eshitdim.

 

* * *

Oʻsha paytda otam temiryoʻl stansiyasi yonidagi geologlar shaharchasi qurilishida ulkan samosval haydarkan. U qurilishga beton, gʻisht va allambalolar tashib berarkan. Abdurasul amakim esa oʻqishni shu yil tugatgan. Institutga hujjat topshirib, biroq u yerdan qilichi sinib, qalqoni teshilgan noshud askardek qaytib kelib, koʻchaga chiqishga ham yuzi boʻlmay qorongʻu uyga qamalib olgan amakimni otam mashinasiga mindirib qurilishga olib borib ishga joylab qoʻyibdi.

Bir kuni amakim kechga yaqin usti boshi dabdala, bir qovogʻi koʻkarib kirib keladi. Otam endigina mashinasini qantarib, supada maykachan boʻlib olgancha sovuq choy ichib huzurlanib oʻtirgan boʻladi. Amakimning holini koʻrib momomning esxonasi chiqib ketay, deydi. Onam esa oʻchoqboshida kuymalanib yurarkan, uning holiga eʼtibor bermaydi. Amakim indamay uyga zipillab qolmoqchi boʻlganda otam toʻxtatib qoladi.

– Qani buyoqqa kel-chi, joʻjaxoʻroz. Aftingni kim bunchalik bezab qoʻydi?

Amakim xuddi oyogʻiga tosh bogʻlangandek, supaga qarab sudraladi. Biroq savolga javob bermay koʻzlari yer chiza boshlaydi.

Otamning jahli chiqadi. Bunaqa paytda chap qoshi sal koʻtarilib, yuz mushaklari pirillay boshlaydi.

– Sendan soʻrayapman?! – past, ammo boʻgʻma ilonning oʻljasiga tashlanayotganida chiqaradigan tovushidek vishillaydi.

Amakimning gapirishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Sekin boshini koʻtarib avval otamga, keyin momomga qaraydi. Momom lablarini qimtigancha erkatoyini bagʻriga bosib, yuz-koʻzidagi gʻurra va yaralarini silagisi kelar, biroq otamning haybatidan hayiqib, tipirchilab turadi.

Otam Abdurasul amakimning onasi oldida gapirishga uyalayotganini sezib momomga oʻgiriladi.

– Anavi keliningiz hamma joyni tutunga toʻldirib yubordi. Oʻzingiz yoqib bermasangiz, hozir hamma boʻgʻilib oʻladi.

Holbuki, oʻchoqda oʻtin gurillab yonardi.

Momom sergak kampir emasmi, darrov tushunadi. Ogʻir uf tortgancha oʻrnidan qoʻzgʻalib, oʻchoqboshi tomonga yoʻnaladi.

– Gapir! – deydi otam ukasiga gʻazab bilan tikilarkan.

Amakim chaynaladi. Biroq otamning oʻqdek qadalib turgan nigohiga koʻzi tushgach, oʻzini oʻnglab oladi.

– Kim?!

Amakimning koʻzlari pirpiraydi.

– Magomed… – deydi qaltirab.

– Kim-kim?!

– Magomed chechen…

– Laʼnati chechenga qanday ilakishib qolding?! Uning kimligini bilmasmiding?!

Otamning chehrasi qiyshayib ketadi. Yonoq mushaklari yanada qattiqroq pirillab ucha boshlaydi.

– Men unga ilakishganim yoʻq. Oʻzi tirgʻaldi.

– Nimani boʻlisha olmading u bilan?

Amakim gapni nimadan boshlashni bilmay biroz kalovlanadi. Jim tursa akasining gʻazab alangasiga battarroq duchor boʻlishini bilib gapira boshlaydi.

– Alfiya bilan doʻkondan chiqib kelayotgandik. Magomed bir-ikki ulfati bilan pivo ichib oʻtirgan ekan. Gap otdi…

Voqea bunday boʻlgan edi.

Kechki payt. Kuni bilan sahroning sap-sariq qumiga bor otashini purkagan oftob yotogʻiga ravona boʻlgach, sahro bagʻrida qad rostlayotgan shaharchaga oqshomgi salqin shabada yopirilib kirgach, kuni boʻyi issiqda qovrilgan kishilar oʻzini bu yerdagi yakkayu yagona doʻkonga urar, bir zumda doʻkonning ulkan sovutgichlaridagi bor pivo zahirasini jigʻildonlariga joylash harakatida boʻlishardi.

Bu sahrolar ming yillardan beri birovga kerak boʻlmagan. Uch-toʻrtta tuyaboqar qozoqlarning oʻtovidan boshqa tikkaygan buta koʻrinmaydigan bu choʻlni tikkasiga kesib oʻtgan temiryoʻl stansiyasi yonida bir nechta temiryoʻlchilarning gʻishtin uylari ancha keyin qurilgan. Nima boʻldi-yu, bu sahrolar bagʻri yermoyi va koʻkimtir alanga berib yonadigan gazga toʻla ekanligi ayon boʻlgach, shiraga talpingan chumolidek odamlar yopirilib kela boshladi. Avval geologlar, keyin parmalovchilar, keyin qazib chiqaruvchilar va quruvchilar kelishdi. Albatta, bu sahrolar bagʻrida qovurilib ishlaganlar kam pul topishmasdi. Bu kelguvchilarning ichida shu pulning ortidan quvgan, takasaltang va kazzoblar ham yoʻq emasdi. Doʻkon oldiga tanda qoʻyib, pivodan boʻshagan yashikka oʻtirgancha qoʻlidagi shishani qoqlashayotgan Magomed chechen va uning uch-toʻrt hamtovogʻi shu toifadan edi.

Amakim aytgan Alfiya esa qurilishda kassir boʻlib ishlaydigan qiz edi. Ota-onasiga ergashib, olis Ufadan kelib qolgan bu qizga amakimning ishqi tushib qolgan. Oʻsha kuni Alfiya bilan doʻkondan chiqib kelishayotganida anchagina “etilib qolgan” Magomedga shaharchadagi eng ketvorgan qizning shu qishloqi bilan yetaklashib yurishi erish tuyuladi.

– Alfiya, – deydi u koʻzi kayfdan suzilib, – Feya! Ha, sen Alfiya emas, Feyasan! Farishta!

Oʻrnidan turib, biroz gandiraklagancha ularning yoniga keladi. Qizning yonida turgan amakimga xuddi keraksiz buyumga nigoh tashlagandek mensimay qaraydi. Bu qarash amakimning suyak-suyagidan oʻtib ketsa-da, oʻzini bosadi. Mast odam bilan pachakilashgisi kelmaydi. Qizning qoʻlidan tutadi:

– Ketdik, Alfiya.

Lekin ketishga ulgura olishmaydi. Magomed qoʻlidagi yarmidan koʻprogʻi ichilgan pivo shishasi bilan amakimning boshiga tushirib qoladi. Yonidagi ulfatlari ham bu “xayrli” ishdan chetda qolmaslik uchun qoʻli yetgani mushtlab, oyogʻi yetgani tepkilab qolishadi. Bir zumda amakim tuproqqa belanib, yuz-koʻzlari gʻurradan bezaladi. Alfiya qichqirib yordam soʻraydi. Uzoqdan militsionerning hushtagi chalinadi. Magomed va uning ulfatlari bir zumda “quyonni survorishadi”.

Otam amakimni yoniga olib samosvalini gurillatgancha oqshom qoʻnayotgan qishloqning tuproq koʻchasini changga toʻlgʻazib shaharchaga yoʻl oladi va shu ketganicha qaytib kelmaydi. Momom bilan onam esa tiq etgan tovushga quloq tutib tonggacha mijja qoqishmaydi. Saharda amakimning oʻzi yolgʻiz keladi. Uning aytishicha, Magomedni doʻkon orqasidagi ishchilar oshxonasidan topishadi. Magomed ulfatlari bilan otamni ham masxaraomuz haqoratlar bilan kutib oladi. U gʻirt mast edi. Shuning uchun ham otamga yoʻllagan mushti moʻljalga aniq yetib bormaydi. Otamning zalvorli mushtidan u uchib ketadi. Ulfatlari ham birin-ketin tuproqqa qoriladi. Shu payt oʻrnidan turgan, biroz kayfi tarqagan Magomedning qoʻlida qayerdandir yarim qulochcha armatura paydo boʻlib qoladi. U armatura bilan otamning yelkasiga tushirib qoladi. Otam gandiraklab ketadi, biroq yiqilmaydi. Magomed qoʻlida armaturani oʻynatgancha ikkinchi zarba berishga chogʻlanganda amakim gʻisht parchasi bilan ensasiga zarb bilan uradi. Oʻzini oʻnglab olgan otam ogʻir kirza etigi bilan basharasiga tepib yuboradi. U yiqilayotib boshi bilan beton poydevorga uriladi va ogʻzidan qon aralash koʻpik oqa boshlaydi. Shu payt shaharchadagi yakkayu yagona militsionerga tegishli “Ural” mototsiklining tovushi eshitiladi.

– Sen ket! – deydi otam amakimga. Bu yerda sen yoʻq eding. Tushunarlimi?!

Amakim otamning gʻazabidan qoʻrqib oʻzini panaga oladi. Militsionerdan keyin”Tez yordam” mashinasi kelib hushsiz Magomedni kasalxonaga olib ketadi. Otamni militsioner kajavaga oʻtqazib melisaxonaga olib ketadi. Amakim esa ularning ortidan qorama-qora melisaxonaga borib otamning chiqishini kutib oʻtiradi. Yarim tunda oʻzida jurʼat topib melisaxona eshigidan moʻralaydi.

– Kim kerak, senga? – uyqusiragan militsionerning qoʻpol va xirildoq tovushidan u biroz kalovlanadi.

– Akamni qidirib keluvdim.

– E, anavi mushtumzoʻrning ukasimisan? Ie, sening ham basharang buzilibdi-ku! Janjalda sen ham qatnashganmisan?

Amakim seskanib ketadi. Biroq otamning unga aytgan gapi esiga tushadi.

– Yoʻq. Yiqilib tushdim. Akam shu yerdami?

Militsioner temir panjara bilan ajratilgan xonaning toʻriga ishora qildi.

– Ana, oʻtiribdi qahramon akang.

Otam oʻrnidan turib panjaraga yaqin keladi.

– Abdurasul, sen uyga bor. Onam xavotir olayotgandir. Ularni tinchit. Mendan xavotir olishmasin. Tez orada oʻzim ham borib qolaman.

– Boradi-ya boradi, – zaharxanda qiladi militsioner. – Agar anavi Magomed oʻlib qolmasa, uch yildan keyin, toʻngʻiz qoʻpadigan boʻlsa, oʻn yildan keyin boradi!

Otamning shoʻrpeshonasining yana ham tuzini koʻpaytirgancha Magomed ikki kun hushsiz yotib, uchinchi kuni omonatini topshiradi.

 

* * *

Toʻzon boshlanganining yettinchi, Masha yoʻqolib qolganining uchinchi kuni men koʻchaga chiqdim. Maqsadim Davkani qidirib topish edi. Maktabda Olloberdi chol oʻlganidan keyin yangi kelgan qorovul va ikkita farroshdan boshqa hech kim yoʻq edi. Oʻqituvchilar va yuqori sinf bolalari Mashani qidirish uchun askarlar bilan birga toʻzon qoplagan sahroga chiqib ketishgan ekan. Nima qilishni bilmay yana uyga qaytdim. Koʻchamiz boshida esa halloslab kelayotgan Davkaga koʻzim tushdi.

– Borya! – chinqirib yubordi u. – Borya, buyoqqa qara!

Toʻzon odamlarni bir necha kun ichida shunchalik oʻzgartirib yubordimi, yo boʻlmasa men oʻzgarib qoldimmikan, Davkaning oʻzini tutishi menga mutlaqo gʻalati tuyulardi. Boʻlmasa men unga qarab roʻparasida turibman-ku.

– Borya, hozirgina Mashani topishdi!

Bu yaxshilikka-ku, biroq Davkaning yuzida yaxshilik alomatidan asar ham yoʻq edi. Ranggi biroz oqarib, doʻrdoq lablari pir-pir uchib turardi.

– Bilasanmi, Borya, unga qarashga hech kimning jurʼati yetmadi… Bir qoʻlini nariroqdagi butaning orasidan topishdi, tanasining yarmini qum bosib qolgan, yuzi oʻrnida oppoq gʻajilgan suyak…

Davka gapini davom ettira olmadi. Hoʻngrab yubordi. Men qotib qoldim.

– Qanaqa qilib?!

– U sahroda adashib qolgan shekilli. Chiyaboʻrilar gʻajib tashlagan boʻlsa kerak…

Voqea bunday boʻlgan edi.

Masha koʻchada uzoq tentib yuradi. Ketma-ket onasi va otasi fojeali vafot etgan mudhish uylariga kirishga yuragi betlamas, otasining harbiylar qayishiga osilgancha koʻzlari baqrayib, tillari osilib qolgan dahshatli basharasi koʻz oldiga kelar va qoʻrquvdan oʻzini qayerga urishni bilmay qolardi. Toʻzon uvillar, sargʻish chang egallagan koʻchalar esa kimsasiz edi. Boshini xam qilgancha yuraverdi. Yurib-yurib u shaharcha chetiga, tikansimli toʻsiq va qoʻqqayib turgan soqchi minorasi yoniga kelib qolgan edi. Minora ustidagi soqchi askar darhol unga avtomatini oʻqtaladi.

– Toʻxta!

Masha uyqudan bexos uygʻonib ketgandek koʻzlari charaqlab ochilib, taqqa toʻxtaydi. Qayerga kelib qolganligini bilish uchun atrofga alanglaydi. Toʻzon ust-boshini sargʻimtir changga belagan askarga hayron boʻlib tikiladi. Soqchi unga hamon avtomat oʻqtalgancha xoʻmrayib turardi.

– Orqangga qayt! – yana oʻshqiradi askar.

Masha beixtiyor ortiga oʻgiriladi va imillagancha qadam tashlaydi. Askarning changga belangan basharasi va baqirishi uni uyqudan uygʻotgan, koʻz oldidagi otasining dahshatli qiyofasi chekingandi. Shunda xayolidagi xira tumanlik tarqalib, negadir qalbi gʻazabga toʻlib ketadi.

Nimaga u oʻshqiradi? Nima, aristonmidiki uni tikansim ortida qoʻriqlashsa? Hatto aristonning bolasi ham emas! Xohlagan joyiga borishga haqqi bor!

U yurishdan taqqa toʻxtaydi. Keskin burilib soqchi minorasi tomonga yura boshlaydi.

Soqchi askar yana avtomatini yelkasidan olib unga oʻqtaladi.

– Toʻxta! Otaman!

Masha toʻxtamaydi. Minora tomon tikka bostirib boraveradi.

– Toʻxta! Otaman!!! – qattiqroq baqiradi askar va qoʻlidagi avtomatinining saqlagichini sharaqlatib tushiradi.

Masha toʻxtaydi. Gʻazablangan askarning basharasiga bu safar qatʼiyroq tikiladi.

– Oʻtkazib yubor, – deydi u past tovushda.

– Mumkin emas! Ortingga qayt!

– Menga mumkin. Men ariston emasman! – ovozini koʻtaradi Masha.

– Mumkin emas!

– Oʻtkazmaysanmi?!

– Yoʻq! Qani bu yerdan joʻnab qol!

– Baribir oʻtaman, koʻrasan!

Shu payt uning xayoliga biz choʻmilishga borish yoki sahroda daydib yurish uchun tikansim devordan maxfiy tirqish ochganimiz keladi.

– Yana bir qadam yaqinlashsang otaman!

– Otib boʻpsan, qoʻriqchi!

Masha unga tilini koʻrsatadi va ortiga oʻgirilib chopa ketadi. Uning sargʻish gulli sarafani toʻzonda lipillagan ojiz gulxandek goh koʻrinib, goh koʻrinmay boradi.

“Jinnimi bu qizcha, – xayolidan oʻtadi soqchining, yo bu laʼnati toʻzon uning ham boshini aylantirgan, shekilli”. U choʻntagidan arzon papiros chiqarib, barmoqlari bilan ezgʻilay boshlaydi.

Bu paytda Masha bizning maxfiy tirqishimiz tomonga jon jahdi bilan chopardi. Uning xayolida bu baqiroq soqchini laqillatib, ustidan rosa kulishdan boshqa fikr yoʻq edi. Bu istak butun vujudini egallab olgan va horgʻin oyoqlariga kuch-quvvat bagʻishlagan edi.

Soqchi hali papirosini chekib ulgurmay yana qizchaning ovozini eshitib gʻazabi alangalandi. “Tinch qoʻyadimi, yoʻqmi bu tentak!” Qizchaning tanish sarafani endi tikansim ortidan kelardi. Askar qotib qoladi. “Laʼnati, jinmi yo shaytonmi bu…”

Masha unga qoʻl silkiydi.

– Koʻryapsanmi baqiroq, men buyoqqa oʻtdim! Sen esa qoʻqqayib oʻtiraver, polizdagi qoʻriqchi!!!

Masha xo-xolab kuladi va soqchini battar hayratda qoldirib toʻzonda guvranayotgan sahro tomonga chopa boshlaydi. Birozdan keyin uning sargʻish gulli sarafani chang tumanligi orasida gʻoyib boʻladi.

Uni uch kun izlashadi va nihoyat shoqollar gʻajigan loshinigina topa olishadi. “Uni sahro iblisi olib ketgan ekan-da,” – xayolidan oʻtkazadi askar va choʻqinib qoʻyadi.

 

* * *

Shundan keyin koʻchaga chiqqim kelmadi. Qachon qishloqqa qaytishimizni kutib, kun sanab uyda yotaverdim. Nihoyat uch kundan keyin otam toʻzon boshlanganidan beri ilk bora chiroyi ochilib keldi. Qoʻlidagi har qachongidan koʻra semizroq toʻrxaltasini stol ustiga qoʻyib, koʻkrak choʻntagidan bir nechta qogʻozni oldi. Ular ozod qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjat va uchta qizgʻish temiryoʻl chiptasi edi. Men hayajonlanganimdan qichqirib yubordim. Onam narigi xonadan singlimni koʻtarib chiqib keldi.

– Harakatingni qil onasi, ertaga joʻnaymiz!

Otam qoʻlidagi hujjat va temiryoʻl chiptalarini yelpugʻichdek siltadi. Onam esa stulga oʻtirib qoldi. Hayajonlanganidanmi tilida faqat bitta kalima aylanardi:

– Voy, Xudoyim! Voy Xudoyim-ey!

Ertasiga chang va xas-xashak bosgan stansiyaga bizni kuzatgani Davka va uning otasi Qoʻnisbay amaki, Misha va uning otasi Sergey amaki, Gogik boshchiligidagi bizning butun sinfimiz chiqishdi. Barchasi bilan quchoqlashib xayrlashdim. Otam Qoʻnisbay va Sergey amakilar bilan skameykaga oʻtirgancha “ketar jafosiga” yuzta-yuzta otayotgan edi. Skameykaga gazeta toʻshalgan va unda Sergey amakining doimiy hamrohi boʻlgan ogʻziga sabzi tiqilgan shisha va ikkita uzunchoq issiqxona bodringi turardi.

Teplovoz gudok chaldi. Otash shoshilib stakanni boshiga koʻtardi va biz joylashgan vagon tomonga chopdi. Uning ortidan Sergey amakining mastona gʻoʻldirashi eshitildi:

– Alik zolotoy paren! Teper bez nego nash neschastniʼy gorodok yeshʼyo skuchnee stanet…

Poyezd taraqa-turuq qilib jildi. Birozdan keyin tikansimlar bilan oʻralgan, toʻzon iskanjasida jon berayotgan ilondek toʻlgʻonayotgan shaharcha koʻzdan yoʻqola boshladi.

Oradan yillar oʻtib, xotiramda bu shaharchadan faqatgina tikansimlar, toʻzon va Davkaning qisiq koʻzli keng yuzi qoldi xolos.

 

Bahodir ABDURAZZOQ

 

“Yoshlik”, 2014 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.