Toʻyona

0
242
marta koʻrilgan.

 –… Boshidan aytadigan boʻlsam, hammasi arzimagan xoʻja koʻrsin uchun… dan boshlandi…

Rixsitilla bilan ja unaqangi oramizdan qil oʻtmaydigan darajada qalin, oqibatli doʻst ham emas edik. Oʻzi u bizga yettinchimi-sakkizinchimi sinfda oʻqiyotganimizda qoʻshildi. Shungami, biz bilan elakishib ketolmadi, eshitishimizcha, baʼzan qoʻshni qishloqdagi sinfdoshlari oldiga borib turardi. Buning ustiga, oʻziyam sal odamoviroq bola edi, kirishimli emasdi.

Xullas, maktabni bitirdik, hamma har tomonga tarqalib ketdi.

Institutni tugallash arafasida qishloqqa kelganimda Rixsitillani koʻrib qoldim, ozgina gaplashdik. Dalada ekan. Suvchi, chopiqchi deganday. Uylanishgayam ulguribdi. Oʻpkalagan boʻldim: “Toʻyingga nega chaqirmading? Shumi oqibat?”. Bunaqa ginani kutmagan ekan, shekilli, ayb ish ustida qoʻlga tushganday esankirab qoldi, soʻng – aniq esimda, xijolat zoʻridan qizarib ketdi, men ana oʻshanda qora odamning ham lavlagi tusga kirishini koʻrganman – bir amallab:

– Nasib qilsa… bolalarning toʻyiga… – dedi.

Men:

– Chaqir! – dedim. – Albatta, chaqir!

Illo, dunyoda qisir vaʼda berishdan osoni yoʻq, ustiga-ustak, allaqachon shaharning nuqsi urib boʻlgan: mulozamatni boplab tashlaymiz!

Chin gap, bu uchrashuv esimdan ham chiqib ketgan ekan. Yanglishmasam, oradan besh-olti yil oʻtib, bir gal yoʻl-yoʻlakay ovulga kirganimda akam “Anavi Rixsi joʻrang uch marta hovliqib kelib toʻyiga aytib ketdi, telefoningni, adresingni soʻragandi, “bilmayman” deb turib oldim”, deganida, rosti, bunaqa joʻram borligini hech eslolmadim… Nihoyat, akamdan soʻrab-surishtirib “uch marta hovliqib kelib toʻyiga aytib ketgan” joʻram kimligini aniqlashtirib oldim. Avvaliga Rixsitillaning meni bolalarining sunnat toʻyiga chaqirgani oʻzimga gʻalati tuyuldi: qachon u bilan oftobda qatiq yalashgan ekanmiz, ha, ana, bir paytlar bir sinfda oʻqigan boʻlsak oʻqigandirmiz, undayam bor-yoʻgʻi ikki-uch yil edi, shekilli; oʻzimcha gumongayam bordim: biron dardi bor-ov shu bolaning. Toʻyiga borsam, non-tuzidan totinsam, keyin iltimosini aytib qolsa, qaytib “yoʻq” deb javob beraman, axir, yegan ogʻiz uyaladi. Yaxshisi, och qornim – tinch qulogʻim. Shunday qarorga kelib turgan mahalim hoʻv oʻsha uchrashuvni, lavlagiday qizarib ketgan Rixsitillaning vaʼdasini eslab qoldim.

Mutlaqo tasodifan shu kuni kechqurun bekor boʻlib qoldim, choʻntagimda uch-toʻrt soʻm pul ham bor edi. “Boray-chi, bir narsa soʻrab yopishib olsa yo oʻzimni mastlikka solib qutulaman, yo hech kimga bildirmasdan inglizchasiga joʻnab qolaman”, degan oʻyda baland musiqa ovozi eshitilayotgan tarafga qarab yurdim.

Meni koʻrib Rixsitilla shaytonlab qoldi oʻziyam… Toʻy egasining dir-dir titrayotgan qoʻllariga – “Eldan burun ichib olganmi nima balo!” degan gustohona oʻy oʻtdi koʻnglimdan – toʻyonamni tutqazdim, tabriklagan boʻldim va har ehtimolga qarshi vaqtim ziqligini, azbaroyi hurmat yuzasidan birrovga kirganligimni pisanda qilib oʻtdim.

Meni alohida izzatli qoʻnoqlarga moʻljallangan maxsus soʻriga boshlab borishganiyu, bazm davomida adashib, balki Rixsitillaning oʻtinchi bois bir emas, ikki marta qutlov soʻzi aytish uchun oʻrtaga taklif qilishganini eslab oʻtirmay. Yodimda qolgani shuki, lab-lunjini yigʻishtirolmay qolgan Rixsitilla atrofimda parvona deng, baayni toʻyiga tashrif buyurib unga buyuk marhamat koʻrsatgandayman. Oʻzingni qandaydir kattakonroq, ulugʻvorroq, kerakliroq odam his etasan.

Hay, mayli, bularam oʻtdi.

Endi bunisi aniq esimda: oradan ikki yildan soʻng men shaharda oʻtayotgan nikoh bazmimda qishloqdan kelgan mehmonlar safida Rixsitillani koʻrib ajablandim. Savolimga akam bamaylixotir, dunyoning eng joʻn haqiqatini tushuntirayotgan kabi izoh berdi:

– Nimasiga hayron qolasan, qaytar dunyo bu. Senam uning toʻyiga borgansanmi, borgansan. Toʻyona bergansanmi, bergansan. Keladi-da. Toʻyona qarzday gap. Boʻyinda qarz bilan oʻtib ketish yomon…

Darhaqiqat, ertasi kuni akam tutgan oʻn ikki varaqli katak daftardagi qingʻir-qiyshiq yozilgan ismlar orasida Rixsitillaning nomini ham uchratdim. Uning toʻyonasi men berganga nisbatan ikki hissa koʻp edi.

Daftarni olib qoʻydim. Boʻyinda qarz bilan oʻtib ketmasman, qaytararman.

Koʻp kutmadim, oradan ikki yil oʻtib, Rixsitilla yana sunnat toʻy qiladigan boʻldi. Buning xabarini akamdan eshitgach oʻsha kunni moʻljallab qishloqqa oʻtdim, borib sobiq sinfdoshimni qutladim va uch hissa toʻyona tutdim.

Oradan uch yil oʻtdi-oʻtmadi, toʻyimda “qiyomat qarz” toʻrt hissa boʻlib qaytdi. Darrov “temir daftar”ga ildirib qoʻydim.

Nima, mening Rixsitilladan kam joyim bormi? Yoʻq! U oʻgʻil uylantirganida men biroz qiyinchilik bilan boʻlsa ham besh hissa toʻyona obordim: pul ketsa ketsin, obroʻ ketmasin!

Siz boya: “Ashaddiy oʻqirman yaxshi kitob uchun oxirgi ishtoniniyam sotadi”, deb qoldingiz. Jim oʻtirgandim, shu gapingiz tilimni qichitdi-da. Bizam sotamiz, aka, oxirgi chalvorimizniyam sotamiz, kerak boʻlsa boʻgʻzimizga qadar qarzgayam botamiz. Faqat boshqa narsa uchun…

Xullas, qiz chiqarganimda men olgan toʻyona olti hissaga yetgandi. Qanday eplagan ekan shoʻrlik. Maʼlum-ku ahvoli. Oʻziyam choʻpday ozib ketibdi, battar qorayibdi, nuqul yerga qaragani-qaragan, bazmdayam yegan-ichgani ichiga botmadi-yov: oyogʻiga tikan kirganday bezovtalanib oʻtirdi…

Tez orada u oʻgʻil uylantirdi, men koʻrsatkichni yetti hissaga yetkazdim. Oʻzimning ahvolim oʻzimga maʼlum, aytib oʻtirmay.

Oʻgʻlimning boshini ikkita qilganimda toʻyona sakkiz hissa boʻlib qaytdi.

Oradan ikki yil oʻtdi-oʻtmadi, u qiz chiqardi. Roppa-rosa toʻqqiz hissalik toʻyonani qandaydir vahima ichida qalt-qalt titrab turgan Rixsitillaga tutqazdim. U balki ichida: “Iloyo, shu joʻram toʻrt-besh yil toʻy qilmay tursin-da” qabilida iltijolar qilgandir. Ammo men keyingi yili toʻy qildim, turish-turmushi ayonligi bois atay unga taklifnoma yubormadim. Biroq qishloqda gap yotarmidi, kimdandir eshitgan ekan, iztirobdan yuzi burishgan, yelkasini bosgan vahm-qoʻrquv togʻlari ostida qaddi yoyday bukilgan Rixsitilla oʻn hissalik toʻyonani koʻtarib kelib qoldi… Buni koʻrib ichimda bir nima uzilganday boʻldi. Lekin men bir narsani bilib turardim: endi hatto xohlagan taqdirimda ham bu musobaqani toʻxtatolmasdim, u mening ixtiyorimdan tashqari ravishda tobora kattalashib-shishib, vahimali tarzda ulkanlashib-bahaybatlashib borardi. Balki u bir kuni oʻzimni bosib ketar, ammo shundayam tin olmaydi…

Tez orada… Oradan ikki yil oʻtib…

Xoʻsh nima qipti shunga, oʻlar joydamisan, buncha vahima qilasan deysizmi? Mayli, savolingizga javob beray. Men bittagina Rixsitillani esladim. Lekin xuddi shunday boshqa rixsitillalarim ham bor-da: sakson oltita qarindosh-urugʻim, oʻn oltita sinfdoshim, oʻn yettita kursdoshim; rafiqam tomonidan xeshlarim, qudalarimni sanab ham oʻtirmay… Men ularning hamma-hammasi bilan xuddi shunday musobaqa oʻynayman, xuddi shunday. Zigʻirchayam farqi yoʻq… Nimasini aytay, umrim shunaqa oʻyin bilan oʻtib ketyapti, yozuvchi aka. Siz boʻlsa menga kitobni gapirasiz-a…

 

Abduqayum YOʻLDOSHYeV

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.