Toʻyda aza

0
348
marta koʻrilgan.

Zoʻri behuda miyon meshikanad

 

Dotsent Muxtorxon Mansurov nihoyatda istarasi issiq, nihoyatda dilkash chol, shu qadar dilkashki, uni koʻrgan kishi har faslning oʻz husn-latofati bor degan gapni yil fasllari toʻgʻrisidagina emas, umr fasllari toʻgʻrisida ham aytsa boʻlar ekan, deb qolardi. Uning bitta-ikkita qora tuk chap berib qolgan oppoq choʻqqi soqoli… Yopirimay, soqol ham odamga shuncha yarashadimi-ya!..

Cholni bunchalik istarasi issiq, dilkash qilgan, soqolidan tortib yurishigacha hamma narsasini, har bir harakatini chiroyli, yoqimli qilib koʻrsatgan, ehtimol, uning odamoxunligi ham boʻlsa. Oʻzi shunaqa boʻladi-ku: yaxshining yuzida zuluk ham xol boʻlib koʻrinadi.

Ammo, lekin Muxtorxon domla nafsambiriga odamning joni edi. Uning xushfeʼlligi, toʻporiligi… mahallada katta-kichik hamma bilan salomlashar, yosh bilan yosh, qari bilan qari boʻlib gaplashar, xursand kishi bilan chaqchaqlashib, xafa bilan dardlashar edi. Bu odam mahalla hayotiga, har bir kishining diliga kirib, shu qadar singib ketgan ediki, otpuskaga yo komandirovkaga ketsa butun mahalla huvillab qolganday boʻlar edi.

Kunlardan bir kuni mahallada duv-duv gap boʻlib qoldi: “Muxtorxon domla uylanarmishlar!..”

Domla bundan uch yil burun beva qolib, unga goh singlisi, goh uzatgan qizi qarab yurar edi. Uning niyatini eshitib mahallada xursand boʻlmagan odam qolmadi.

Hech kim qarigan chogʻida juftidan qolmasin. Osonmi, kishi nima boʻlishini bilmaydi, bosh yostiqqa tegishi bor… Qari odamga mahram kerak…

Hali hech kim koʻrmagan boʻlsa ham, Muxtorxon domla yoqtirgani uchun juda aqlli, tamizli ayol chiqishi muqarrar boʻlgan kelinni hamma gʻoyibona yaxshi koʻrib qoldi.

– Mahallamizning tolei bor ekan, – deyishar edi. – Domla otaxonimiz edilar, kelinimiz bizga onaxon boʻladilar…

Mish-mish rost boʻlib chiqdi: domla bozor qilishni, magazinga kirishni jinidan battar yomon koʻrar edi, kimdir uni univermagda ochered turganini koʻribdi; ertasiga choyxona oldidan chamandagul toʻppi kiyib oʻtdi.

Mahalla aktivlari kengashib, mahalla nomidan yaxshiroq bir toʻyona qiladigan boʻlishdi. Ularning fikricha, bu narsa kuyovga ham, kelinga ham butun aholining hurmat va muhabbatini izhor qilishi kerak edi.

Shu orada domla qayoqqadir ketib bir haftadan keyin paydo boʻldi. Uning avtobusdan tushib kelayotganini koʻrgan choyxonadagi odamlar hang-mang boʻlib qolishdi; chol oʻlgur soqolini, shunday chiroyli soqolini, tag-tugi bilan qirdirib tashlabdi! Achinmagan, xafa boʻlmagan odam qolmadi.

U biron yoqqa borib qaytganida choyxonaga kirmasdan, katta-kichik bilan koʻrishib hol-ahvol soʻramasdan oʻtmas edi, hozir choyxonaga yaqinlashganida koʻchaning narigi yuziga oʻtib oldi-yu, yerga qarab, jadallaganicha oʻtdi-ketdi. Uning oʻzigagina emas, butun mahallaga fayz kirgizib turgan soqolini oldirgani, buning ustiga yana choyxonani chetlab oʻtgani baʼzilarni tashvishga solib qoʻydi:

– Domlamizga nima boʻldi ekan? Domlamiz nega bunaqa boʻlib qoldi ekan?..

Domlaga hech bir gʻubor qoʻnishini istamagan boshqalar bu ikki gunohni bir-biriga yegizib, uni oqlashga tirishdi:

– Domlamiz biron xayolga borib soqolini qirdirganu hozir pushaymon, uyalganidan bizga roʻpara boʻlmadi…

Oradan koʻp oʻtmay choyxoʻrlardan biri qiziq bir gap topib keldi. Bu yigit domlani shaharning narigi chekkasidagi parkda koʻribdi. Domla, boshida chamandagul toʻppi, egnida kalta va tor shim, katak koʻylak, yengini baland shimargan, bilagida kattakon tilla soat, oʻzi yakka pivo ichib oʻtirgan emish! Uning bunday odati yoʻq edi, shuning uchun yigit hayron boʻlib bir oz qarab turibdi. Domla ikki shisha pivoning ustidan yuz gramm aroqni bitta otib oʻrnidan turibdiyu, gulchidan kattakon guldasta sotib olib, parkning orqasidagi jinkoʻchaga kirib ketibdi. Bu gapni eshitib odamlarning dami ichiga tushib ketdi. Baʼzi birovlarning koʻngliga allaqanday jirkanch, domlaning shaʼniga hech toʻgʻri kelmaydigan gaplar keldi… Shunda mahallaning qariyalaridan Karim ota hozir baʼzi birovlarning koʻngliga kelgan gapdan ham xunukroq bir taxminni aytib qoldi:

– Xayr, ishqilib oxiri baxayr boʻlsin, – dedi, – kelinimiz yoshga oʻxshaydi… Kiz boʻlmasa deb qoʻrqaman!

Karim otaning bu taxmini, domlaning keyingi vaqtlardagi raftoriga qaraganda ehtimoldan uzoq boʻlmasa ham, odamlarga qattiq malol keldi. Bir-ikki kishi Karim otaning dilini ogʻritdi.

Biroq, oradan koʻp oʻtmay, Karim otaning taxmini toʻgʻri chiqib qoldi: “Domla oʻzining studentkasi – yigirma yashar bir juvonga uylanayotgan emish” degan gap tarqaldi.

Toʻyga yaqin qolganda kelin koʻchaning boshidagi atelega koʻylak buyurgani kelgan ekan, nima boʻlib bundan habar topgan ayollar koʻrgani borishdi. Kelin, darhaqiqat, yosh, lekin xuddi qiziqchilikka semirganday yum-yumaloq; egnida yengsiz qizil koʻylak, boshida popushakning tojiga oʻxshagan, lekin qizil shlyapa; qoʻlidagi sumkasi, oyogʻidagi poshnasi bir qarich tuflisi ham qizil. Uni adovat va nafrat bilan boshdan-oyoq kuzatgan ayollardan biri, burilib ateledan chiqib ketar ekan:

– Xoʻrozqandga oʻxshamay oʻl! – dedi.

– Karigan chogʻida xoʻrozqand yalamay domla ham oʻlsin! – dedi yana biri.

Bu laqab darrov tarqalib ketdi. Domlaga qoʻl urish bilan mahallaning fayzini oʻgʻirlagan, odamlarning dilini hamisha yoritib turadigan chiroqni soʻndirgan bu ayolni koʻrgan ham, koʻrmagan ham toshni teshadigan bir gʻazab bilan yomon koʻrar edi. Bu gʻazab odamlarning koʻnglidagi domlaga boʻlgan hurmat va muhabbat tuygʻusini chirita boshladi. Bora-bora domla deganda odamlarning koʻngliga gʻashlik tushadigan boʻlib qoldi. Domla, shuni oʻzi sezsa kerak, mumkin qadar odamlarning koʻziga koʻrinmaslikka tirishadigan boʻldi.

Toʻy kelinnikida boʻlib oʻtdi. Buni mahallada Karim otadan boshqa hech kim bilmay qoldi. Karim ota ham toʻyga emas, kabob pishirib bergani chaqirilgan ekan. Bundan xabardor boʻlgan mahalla yoshlari uni hol-joniga qoʻymay, choyxonaga olib chiqishdi va toʻy qanday oʻtganini gapirib berishga majbur qilishdi. Karim ota “birovning sirini aytmayman” deb avval tarxashlik qildiyu, bir-ikki savolga javob berganidan keyin qulfi-dili ochilib ketdi: ikki gapning birida peshonasiga urib, goh boʻgʻilib va goh qotib-qotib kulib, odamlarni kuldirib hikoya qildi.

Toʻyga kelin tomondan ellikka yaqin, kuyov tomondan sakkiz kishi aytilgan ekan, ikkala tomondan hammasi boʻlib oʻn bir kishi kelibdi. Bir dutorchi, ikki ashulachi va Karim ota ham shu hisobga kirar ekan. Soat oltiga belgilangan toʻy soat oʻndan oshganda boshlanibdi. Kelin birpas boshiga oq roʻmol yopinib oʻtiribdiyu, bir-ikki ryumka ichgandan keyin, alamiga chidolmay oʻyinga tushibdi. Domla chapak chalibdi, ashulaga qoʻshilibdi…

– Ha, aytganday, – dedi Karim ota piqirlab kulib, – domla sochlarini boʻyatibdilar!.. Azbaroyi xudo, kuya tushgan poʻstakka oʻxshaydi!.. Mayli, boʻyoq topilgan boʻlsa boʻyasin, lekin shu boʻyoq bilan qiligʻini ham boʻyashga, sochiga mos qiliqlar qilishga urinsa uncha yaxshi chiqmas ekan.

Darhaqiqat, domlaning fikr-yodi oʻzini iloji boricha yosh koʻrsatishda boʻlib qoldi. U nima qilsa, nima desa shuni esdan chiqarmas, yosh ekanini koʻrsatish uchun qulay kelgan hech bir imkoniyatni qoʻldan bermas, “hali yoshsiz” degan kishiga jonini, jahonini berishga tayyor edi.

Toʻydan keyin oradan bir oy oʻtar-oʻtmas kelin gʻalati bir dardga yoʻliqdi: baʼzan kechalari hadeb chuchkiradigan boʻlib qoldi; doktorga koʻringan ekan, doktor “bu dardning davosi – dengiz havosi” debdi. Domla ertasiga ertalabdan idorama-idora yugurdi, soat toʻrtga qolmasdan putyovka bilan poyezd biletini keltirib kelinga topshirdi.

Kechqurun eshik oldiga koʻkish taksi koʻndalang boʻldi. Domla, kuni boʻyi yelib-yugurib holdan toyganiga qaramay, ikkita ogʻir chamadonni mashinaga oʻzi olib chiqdi va bagajnikka oʻz qoʻli bilan joyladi; oʻsha yengsiz qizil koʻylagini, qizil shlyapasini kiyib hovlidan yana xoʻrozqand boʻlib chiqqan kelinga mashinaning eshigini ochib berdi, keyin chiqib yoniga oʻtirdi. Mashina joʻnadi, joʻnadiyu, tezlab doʻngroq koʻprikdan oʻtishda nima boʻlib bagajnikning qopqogʻi bir koʻtarildi-da, boyagi ikkala chamadon otilib chiqdi. Ikkala chamadon, xuddi bir-biri bilan chopishganday, irgʻishlab-irgʻishlab talay yergacha bordiyu, biri yoʻlning oʻrtasida, ikkinchisi tro-uarga chiqib toʻxtadi. Shofyor bundan kechroq xabardor boʻldi shekilli, mashina qirq-yellik qadam narida toʻxtadi. Mashina toʻxtashi bilan domla eshikdan otilib chiqdi, chamadonlarga qarab yugurdi va ketidan chopgan shofyor, choyxonadan yugurib tushgan uch-toʻrt kishining koʻmagini rad qilib, har birini bir odam zoʻrgʻa koʻtaradigan ikki chamadonni oʻzi yakka koʻtardi va mashinaga tomon yurdi. U yarim yoʻlgacha chamadonlarni azod koʻtarib, bardam qadam tashlab bordi-yu, undan nari rangi oqarib, tizzalari qaltirab tentiray boshladi; shundoq boʻlsa ham, nomus kuchli, bir iloj qilib mashinaga yetib bordi; chamadonlarni qoʻydiyu, birdan koʻzlarini ishqab, mashinaga kirib ketdi. Shofyor chamadonlarni yaxshilab joyladi.

Mashina qoʻzgʻaldi, qoʻzgʻaldiyu, oʻn-oʻn besh qadam yurmasdan, birdan eshigi ochildi, xoʻrozqand dodlaganicha oʻzini yerga otib, ikki-uch yumalab ketdi. Odam yigʻildi. Xoʻrozqandni koʻtarib olishdi. Xoʻrozqand gapirolmas, dir-dir titrab, kishnaganday bir tovush chiqarar va qoʻli bilan mashinani koʻrsatar edi.

Bir necha kishi mashinaga tomon yugurdi. Shofyor qoʻrqib, nima boʻlganiga tushunolmay, bir chekkada turar edi. Odamlar mashinani ochib qarashsa, domla… oʻlib qolipti!

Yertasiga domlani koʻmish marosimi boʻldi. Marosimga mahalladan odam koʻp qatnashmadi, aftidan, domla koʻp odamning qalbida bundan bir oy burun oʻlgan, koʻplar oʻsha toʻyni domlaning janozasi hisoblashgan edi…

 

1956

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.