“Toy”

0
142
marta koʻrilgan.

Bultur bahorda eshigimiz oldidagi gullarni sugʻorayotgan edim, yap-yangi “Moskvich” kelib toʻxtadi. Mashina eshigi ochilib, zabardast gavdali yigit tushib keldi. Taniy olmadim.

 – Hormang, dehqonchilik katta-ku! – dedi notanish yigit doʻrillagan ovoz bilan.

Shunda hayratdan baqirib yubordim:

 – Iya, Toymisan?

Ha, xuddi oʻsha Toyning oʻzi. Faqat shuncha boʻy, bunaqa uzun qoʻl-oyoqlarni qayoqdan oldi ekan! Yaqindagina buloqdek oqib turadigan burnini eplolmay mashaqqat chekadigan bola edi.

 – Poshsha oyimlarni koʻrgani keldim! – dedi bahaybat qomatiga uncha mos kelmaydigan alpozda muloyim jilmayib. Uzun oyoqlarini katta-katta bosib hovliga kirdi-yu, onamga duch keldi.

Qiziq, onam uni darrov tanidi.

 – Voy, oʻzimning toychoq oʻgʻlimdan aylanay! Voy, oʻzimning oʻgʻlim kelib qolibdi-ku!

Onam peshonasidan oʻpayotganda Toy ikki bukilib turdi.

 – Mashina teguvdi, – dedi yana iljayib. – Sizdan fotiha olgani keldim. Yuring, bir aylantirib kelay.

Toy onamni oldingi oʻrindiqqa oʻtqizdi. Yarim soatcha aylantirib keldi.

Onamning yosh boladek birovning mashinasiga tushib “kataysa” qilishi menga erish tuyuldi. Ammo onam xursand edi.

 – Nordek yigit boʻpti, – dedi quvonib. – Istalovoyda sheppovar ekan. Xudoyo umridan baraka topsin.

Toy keyin ham oʻtgan-ketganda biznikiga tez-tez kirib turadigan boʻldi.

Uni har koʻrganimda bolaligimni eslayman. Kichkinaligimizda oramizda eng boʻsh-bayov bola shu edi. Uyimizning orqasida kattagina maydoncha boʻlardi. Uzoq-yaqindan mol boqishga kelgan bolalar shu yerda yigʻilib shovqin-suron solib oʻynardik. Toy hammadan uzoqdan – Beshqoʻrgʻondan oʻziga oʻxshash yuvosh, shoxsiz sigirini oldiga solib kelardi.

Har faslning oʻz oʻyini bor: erta bahorda chillak, varrak, yozda futbol, kech kuzda lanka tepish… Faqat ikkita bola oʻyinga koʻp qoʻshilmasdi. Bittasi – koʻzlari doim javdirab turadigan Xoʻja, yana biri – Toy. Xoʻjaning oʻzi oʻyinga uncha qiziqmas, Toyning esa oʻz yumushi bor edi. Nega deganda zimmasida mol boqish vazifasi bor. Birovning daydi sigiri, birovning shaytonga dars beradigan echkisi zum oʻtmay ekin oralab ketadi. Shunda moʻylovi qorayib, doʻrillab qolgan joʻraboshimiz buyuradi:

 – Toy! Galing keldi, echkini qaytar!

 – Sigirga qara, Toy, sigirga!

 – Toy! Qoʻy kartishkaga oralab ketdi-ku!

Negadir Toyning navbati hammanikidan tez kelaverardi. Sigiri xuddi oʻrgatib qoʻygandek egasidan nari ketmaydi. Ammo boshqalarning moliga ham kimdir qarashi kerak-ku. Toy burnini tortib qoʻyadi-da, indamay polizga qarab yuguradi. Dikonglab sakrayotgan takani qaytarib kelguncha biron buqacha dumini xoda qilib jiydazorga yugurgilab qoladi… Oʻynab-oʻynab charchaganimizdan keyin hammamiz tol soyasida dam olamiz. Joʻraboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelni oʻtga yoyib, ustiga yonboshlaydi-da, maza qilib esnaydi:

 – Toy, biz charchadik. Bir mizgʻib olmasak boʻlmaydi. Sen dejursan, mollarga qarab turasan.

Toy burnini jahl bilan tortadi-yu, indamaydi.

Bir kuni u astoydil yalindi:

 – Meni Toy demanglar. Oʻzimning otim bor – Toyir.

Joʻraboshimiz quvlik bilan hammaga bir-bir qarab qoʻydi.

 – Boʻpti! – dedi doʻrillab. – Senga uch kun muhlat. Uch kungacha hammaning molini yaxshilab boqsang, Toy otingni oʻzgartiramiz. Ammo kechqurun sigirimning yelini tirsillab tursin, bildingmi?

Chindan ham Toy uch kungacha sidqidildan xizmat qildi. Biz maza qilib futbol tepdik. Toʻrtinchi kuni joʻraboshimiz “majlis” toʻpladi.

 – Bolalar, – dedi tantana bilan. – Endi Toyni hech kim Toy demasin. Bugundan boshlab uning oti – Xoʻtik. Yana bir yil harakat qilsang, oʻsib Eshak boʻlasan.

Hammamiz xaxolab kulib yubordik. Toy bolalarga birma-bir qarab chiqdi-da, burnini tortdi. Indamay yer chizib oʻtiraverdi.

Chillak oʻyinining shafqatsizroq bir qoidasi bor: yutqazgan bola zuvlab nafasi yetmay qolsa, bir oyoqda hakkalaydi. Qoqilib ketsami, ikkinchi oyogʻi yerga tegsami, tamom! Tagʻin tayoq bilan chillakni urib sanaladi-da, yana chillak otiladi. Chillak borib tushgan joydan qaytadan zuvlash shart.

Bir gal Toyni salkam yarim chaqirim joydan zuvlashga majbur qildim. Turgan gapki, nafasi yetmadi.

 – Loʻkilla! – dedim baqirib.

U chap oyogʻini koʻtargancha hakkalab sakray boshladi. Ammo oʻn qadam ham yurolmadi. Har sakraganda burni buloqdek qaynaydi. Qayta-qayta artgani bilan foydasi yoʻq. Bolalar xaxolaydi. Ayniqsa, men huzur qilib kulaman. Oxiri boʻlmadi – Toy yiqilib tushdi.

 – Boʻldi! Qaytadan zuvlaysan.

 – Zuvlamayman!

 – Zuvlaysan!

 – Zuvlamayman! Zuvlamayman! – Toy toʻsatdan jazavasi tutib yerni mushtlagancha yigʻlab yubor-di. – Hammangni yomon koʻraman! Ayniqsa sen yomonsan!

Shovqin-suron bilan boʻlib onamning chaqirganini eshitmay qolibman. Bir mahal qarasam, tepamda onam turibdi…

 – Tur, bolam, – onam Toyning boshini siladi. Etagini koʻtarib, uning burnini artdi. – Voy, onang oʻrgilsin, qoʻy, yigʻlama, bolam. – Keyin meni chetga imladi. – Bu yoqqa yur-chi!

Nariroqqa bordim.

 – Nega ukangni yigʻlatasan? – dedi qahr bilan.

 – Qaysi ukamni?

 – Oʻsha ukangni!

 – Toy-ku! Qanaqasiga ukam boʻlsin? – dedim iljayib.

 – Shunaqasiga! Nega qiynaysan bola bechorani? Yogʻochning boʻshini qurt yemay oʻlsin.

 – Gʻirromlik qilmasin-da, boʻlmasa! – dedim chiyillab. – Nega zuvlamaydi?

 – Oʻlib qoldingmi shu bilan?..

Oʻshandan keyin koʻp oʻtmay Toylar koʻchib ketishdi. Qayoqqaligini bolalar surishtirishmadi ham.

Toy… oʻsha oʻzimizning Toy shunday yigit boʻlganiga hamon hayron edim.

Onam vafot etganda Toy onasi Niso xolani boshlab keldi. Keyin ham koʻp yelib-yugurdi. Kunora keladi.

“Bizga xizmat bormi?” deb mashinasini toʻgʻrilab turadi.

Qaysi kuni ishdan kelsam, eshik oldida yana Toyning mashinasi turibdi. Qarasam, ayvonda Toy bilan Niso xola oʻtirishibdi. Sochlari oqarib ketgan Niso xola men bilan aylanib-oʻrgilib koʻrishdi.

 – Poshsha opamni tush koʻribman, – dedi koʻziga yosh olib. – Toyirjonni yetaklab yurgan emishlar. Shunga bir xabar olay, deb keldim. – U bir zum indamay qoldi-da, ovozi tovlanib davom etdi: – Poshsha opam qandoq edilar-a! Toyirjonni qandoq yaxshi koʻrardilar-a!..

Niso xola koʻzimga tikilib ohista soʻradi:

 – Bilasiz-a?

 – Bilaman, juda yaxshi koʻrardilar, – dedim bolalikdagi oʻsha voqealarni eslab.

Niso xola koʻzimga yana diqqat bilan tikildi.

 – Aytgan boʻlsalar kerak?

 – Nimani?

 – Aytmaganmilar?

 – Nimani aytadilar! – dedim hayron boʻlib.

 – Iya, Toyirjon sizning ukangiz-ku! – Niso xola astoydil ajablandi. Keyin maʼyus tortib jimib qoldida, xoʻrsindi. – Oʻshanda siz talpinchoq boʻlib qolgan edingiz. Toyirjonning chillasi chiqmagan… Xudoning ham bandalariga atagan azobi koʻp ekan. Bir kechada kasalga chalinib qoldim. Koʻkragimga yomon yara chiqib, qirq kun “ol ket, ol qoʻy” boʻlib yotibman deng… Ayni qahatchilik, urush, birov birovga holing nima kechdi, deyishi mahol… Oʻzim-ku, mayli, bolam oʻlib qoladi, deyman. Dokaga angishvonadek yogʻmi, nonmi oʻrab chaqaloqning ogʻziga solib qoʻyishadi. Shunda deng, bir kuni Poshsha opam kelib qoldilar. Aylanib-oʻrgilib, Toyirjonni bagʻrilariga bosib emizdilar. Shu yerdan Beshqoʻrgʻonga saratonda kuyib har kuni uch marta qatnaydilar. Qirq kun shunday qildilar. Bir koʻkragini siz emasiz, bittasini – Toyirjon. – Niso xola hiqillab qoldi. Yosh gʻiltillagan koʻzini roʻmolining uchi bilan artdi. – Qandoq xotin edilar-a! Nima bilan rozi qilishimni bilmayman. Soʻrasam, urishib berdilar. “Voy, gapingiz qurmasin, ovsin, ona sutiyam sotiladimi”, deydilar. “Birovga yaxshilik qilib, ketidan tama qilgan odamning savobi gunohga aylanadi”, deydilar… Qandoq edilar-a!

Niso xola roʻmolining uchini gʻijimlagancha oʻyga toldi. Men ham, shu paytgacha oʻzim bilmagan koʻkaltosh ukam Toyirjon ham bir nuqtaga tikilib qolgan edik. Har qaysimiz oʻz oʻyimiz bilan band edik, biroq hammamiz bir odamni – onamni oʻylardik.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.