Toshqotgan ajdarho

0
129
marta koʻrilgan.

Qadimda Boysun bilan Shoʻrchi orasidagi kichik soʻqmoq Qoradaradan oʻtardi. Savdogar, yoʻlovchi karvonlari ming azob bilan dara ichidan oʻtib, Hisor tomonlarga borishardi.

Qoradaraning kunchiqar tomondagi qoyasi ustida dahshatli ajdarho pastga tashlanishga hozirlangancha toshqotgan. Ajdarga diqqat bilan, qarasangiz, goʻyo u hozir tiriladi-yu, pastga sakraydi. Qizigʻi, u faqat pastda turganlargagina koʻrinadi. Chunki yemirila boshlagan bu baland, tik qoya ustiga chiqishning aslo iloji yoʻq. Xalq orasida bu ajdarho haqida shunday rivoyat yuradi.

Qoradarada bir odamxoʻr ajdarho yashagan ekan. U daradan oʻtayotgan karvonlarga hujum qilib, koʻp ozor yetkazar ekan. Sarbonlar uning hujumidan omon qolish uchun bir oʻspirin yoki qizni oldinroq keltirib, dara ogʻziga qoʻyib ketar ekan. Ajdarho oʻljani olib uyasiga chiqib ketgach, karvon xotirjam daradan oʻtib olar ekan. Nihoyat, qurbonlik navbati karvonboshining yosh, goʻzal qiziga kelibdi. Ota-onasining oh-nolasiga qaramay, jasur qiz ajdarhoga yem boʻlishga rozi boʻlibdi. Karvondagi baquvvat, mard qoʻriqchi bir yigitning qizda koʻngli bor ekan. Qoʻriqchi yigit karvondagilarga qarab shunday debdi:

– Bola ketsa botir qolmas, qiz ketsa ona qolmas, har ikkisi ketsa el-yurt qolmas, qachongacha ajdarho zulmiga chidaymiz? Qiz oʻrniga meni qoldiringlar, men u odamxoʻr bilan jang qilaman.

– Oʻgʻlim, men karvonboshi boʻlsam-da, hamma qatori shu xalqning biriman, qanday qilib qizim oʻrniga seni yuboraman? – debdi sarbon.

– Men jangchiman, – debdi qoʻriqchi yigit, – inson oʻzining yer yuzidagi lahzalik umrida uch amalni bajarishi lozim. Bular – daraxt oʻstirish, quduq qazish, ilon oʻldirish. Men hech boʻlmaganda, uchinchi qoidani bajaray. Koʻksimda yuragim urib turar ekan, bilagimda kuch-quvvatim bor ekan, men sevgilimni ajdarga yem qilib qoʻymayman. Bu yigit shaʼni uchun haqorat. Yuhoni kurashda yengsam, yoʻltoʻsar qonxoʻr maxluqdan umrbod qutulamiz, oʻlsam, haqqimga duo qilasizlar.

Karvondagilar noiloj rozi boʻlishibdi. Qoʻriqchi chakmoni ichiga oʻtkir qilichni yashiribdi. Uning qoʻl-oyogʻini oson yechsa boʻladigan qilib yengilgina bogʻlashibdi-da, ajdarga “sovgʻa” qilib qoldirishibdi. Uchar ilon odam hidini sezgan zahoti quyunday kelib, qoʻriqchi yigitni olib choʻqqi tomon uchibdi. Shu payt darani qop-qora bulutlar qoplabdi. Momaqaldiroq guldurab, yashin chaqnabdi. Qoʻrqib ketgan Ajdarho yigitni tashlab oʻzini ulkan kovakka uribdi. Fursatdan foydalangan yigit iplarni yechib, qilichni orqasiga yashiribdi. Momaqaldiroq tingach, Ajdarho kovakdan chiqib, yigitni yutmoqchi boʻlib unga yaqinlashibdi. Yigit bor kuchi bilan ajdarning ikki koʻzi orasiga qilich sanchibdi. Ajdarho jon holatda yigitni dumi bilan urib, qoyadan uchirib yuboribdi. Yigit toshdan-toshga urilib halok boʻlibdi. Birdan chaqnagan kuchli yashin yigitning yerda yotgan qilichiga urilibdi. Ajdarhoni kuydirib toshday qotirib qoʻyibdi. Nafaqat ajdar, yashin zarbidan qoyatoshlar ham kuyib, qop-qora koʻmirga aylanibdi. Oʻshandan buyon togʻ nomi – Qoradara deb atalar ekan.

Karvondagilar toshni oʻyib, shahid boʻlgan mard yigitni udumga muvofiq dafn etishibdi. Karvonboshining qizi ham, boshqa qizlar ham soy yoqasidagi oppoq ohaktosh ustida achchiq-achchiq koʻzyosh toʻkishibdi. Bu koʻzyoshlar shivalab yogʻayotgan yomgʻirga aralashib, toshlarga singib ketibdi.

Oradan oylar oʻtib, karvon ortga qaytibdi va yigit halok boʻlgan joyda, bir ajib moʻjizaga guvoh boʻlibdi. Qizlar koʻzyoshlari singgan ohaktoshdan buloq sizib chiqayotganmish. Ajablanarlisi, suv chiqayotgan joyda na bir yoriq, na bir teshik koʻrinmasmish. Baland toqqa yopishgan ulkan ohaktoshdan sizayotgan suv tosh ostidagi chuqurchaga yigʻilar, ortiqchasi soyga oqib tushayotgan ekan. Karvondagilar buloqdan miriqib suv ichishibdi. Shunda tanalaridagi charchoq tarqab, oʻzlarini bardam his qilishibdi. Uyga qaytgach, shifobaxsh buloq haqida hamyurtlariga aytib berishibdi…

Mana oradan necha-necha zamonlar oʻtdi. Oʻsha sirli ohaktoshdan hamon suv sizib oqmoqda. Buloq suvi – oshqozon-ichak tizimi va teri kasalliklariga davo. Hozirgi kunda ham har bir yoʻlovchi buloq boshida bir zum toʻxtab, undan toʻyib-toʻyib suv ichadi. Zarur boʻlsa, idishni toʻldirib oladi. Suvdan oltingugurt hidi keladi. Shuning uchun oltingugurt suvi, ham deyishadi. Ammo suvni idishda biroz saqlasangiz, hidi yoʻqoladi. Buloq saxovatli insonlar tomonidan muhofazaga olingan. Suv toʻplanadigan chuqur ustiga temir panjara ishlangan. Panjara oʻrtasiga kichik temir eshikcha oʻrnatilgan. Idishga suv olingach, turli hayvon, jonzotlar suvni iflos qilmasligi uchun eshikcha yopib qoʻyiladi. Eng muhimi – buloq shundoqqina yoʻl yoqasida. Soydagi xarsang toshlar ichidan hatlab, bemalol buloq yoniga boriladi. Baland metin qoya ustidagi ajdartosh, pastdagi shifobaxsh oltingugurtli toshbuloq – koʻhna togʻlarimiz oʻz bagʻrida qanchalab sir-jumboqlarni saqlayotganini eslatib turadi.

 

Ochil TOSHQULOV

 

“Gulxan”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.