Topqirtoy

0
124
marta koʻrilgan.

Izzat haqida senga aytgandim-a? Ha, oʻsha qaqajon bolakay. Hozir u katta boʻlib qoldi. Yaqinda besh yoshga toʻladi. Uyda haliyam oʻzidan boshqa bola yoʻq. Shundan juda erkatoy. Bobosi, buvisi, adasiyu oyisi uni yeru koʻkka ishonishmaydi. Sal koʻrishmasa sogʻinib qolishadi. Buyam yetmagandek uni tez-tez “dom” buvisi (oyisining oyisi) ham yoʻqlab turadi. Kutilmaganda togʻasi mashinasida gʻiz etib keladiyu, “dom”ga olib ketadi. Bu paytda katta buvisi uyda boʻlmagani uchun hech kim qarshilik qilolmaydi. Toʻgʻrisi, “dom” Izzatga yoqmaydi. Negaki bu yerda yosh bola yoʻq. Togʻasi hali uylanmagan. Buvasi televizordan boʻshamaydi, buvisi bilan oʻynashni esa oʻzi xohlamaydi. Shuning uchun darrov uyga ketaman, deb xarxashaga tushadi. Namuncha, oʻsha qishlogʻingni yaxshi koʻrasan, kechgacha koʻchada yurib oftobda qorayib ketganingni qara, – koyiydi “dom” buvisi. – Togʻangga aytaman, ertaga “Hayvonot bogʻi”ga olib boradi. Ayiqpolvonni koʻrasan.

– Kerakmas, ayiqpolvonni yaqinda sirkda koʻrganman, velosiped minib yuribdi. Uyimizga ketaman. Behzodni mapediga minamiz, – bidirladi Izzat.

– Behzod kim boʻldi? – koʻzoynagini olib nevarasiga jiddiy qarab qoldi buvasi.

– Qoʻshnisi Salomatning nevarasi, – javob berdi buvisi. – Tengi-da, til topishvolgan.

– Behzod bizdan ham yaxshimi? – soʻraydi buvasi Izzatni tizzasiga oʻtqazvolib.

– Mana, men hozir senga ertak aytib beraman. Behzod ham ertak aytadimi?

– Ertak aytishni bilmaydi. Ularning hovlisidan-chi, buvajon, ariq oqib oʻtgan. Ariq boʻyidagi otquloqlarda koʻm-koʻk, chiroyli ninachilar uchadi. Biz ularni ushlaymiz. Bir marta Jurʼat ninachi tutaman, deganda u uchib ketgan. Jurʼat boʻlsa suvga tushib ketgan.

– Voy shoʻrim, buvisi qayoqqa qaradi, tutvolishdimi ishqilib? – Hovliqib qoldi buvisi.

– E, nega qoʻrqasiz, ariqcha katta emas, meni bu yerimdan keladi, – belini koʻrsatdi Izzat. – Buvisi katta buvim bilan gaplashib oʻtirgandi. Jurʼat qoʻrqqanidan yigʻlavordi. Men bilan Behzod qoʻlidan tortib, suvdan chiqarib oldik. Tutgan ninachimni unga berdim.

– Ho katta yigit-yey, sirayam ariqni yoniga borma, Xudo koʻrsatmasin, oqib-poqib ketsang… – uni boshini siladi buvisi.

– Oqib-poqib ketsam ham qoʻrqmang, koʻprikchasi bor, chiqvolaman. Koʻprikni tagida-chi buvijon, gʻij-gʻij baliqlar bor. Biz tutib butilkaga solganmiz.

– Voy shoʻrim, qoʻling bilan-a?

– Yoʻq, Behzodning toʻri bor, oʻsha toʻrri ikkalamiz asta sudrab borganmiz-da, shappa koʻtarganmiz. Qarasak liq toʻla baliqlar.

– Oʻhoʻ, shuncha baliqni nima qilding?

– Behzoddi tovuqlariga berdik. Liq-liq qilib, talashib yeb qoʻyishdi, – qiqirladi Izzat.

– Yoqmay ketsin, hamma yogʻingni suv qilib baliq tutasanu, nega endi birovning tovugʻiga berasan?

– Bizzi tovugʻimiz yoʻq-da. Bizzi buzogʻimizga-chi, buvijon, Jurʼatning oyisi chelak-chelak poʻchoq olib chiqib beradi. Buvijon, togʻamga telefon qilib chaqiring, tezroq uyimizga oborib qoʻysinlar.

– Darrov-a, shoshma, ovqatim pishsin, keyin ketarsan.

– Katta buvim sogʻinib qoladilar-da.

– Katta buving hali ishda, sogʻinishga vaqti ham yoʻq. Bir maktab bola bilan ovora, – ensasi qotdi “dom” buvining.

Izzat hushyor bola, buvisining jahli chiqqanini sezib gapni burdi.

– Buvi, togʻamning baliqlariga don beraymi?

– Qoʻy tegma, qaysi donni berishni bilmaysan, tagʻin togʻangdan baloga qolmaylik.

– Shunaqasan-da, kampir, bolani oʻz holiga qoʻymaysan. Keyin ketaman, deydi-da. Yur, toychogʻim, ikkalamiz baliqlarga qaraymiz, – nevarasini balkonga boshladi buvasi.

Izzat chopqillab borib balkondagi taxta karavotga chiqdi-da, derazadan koʻchaga qaradi.

– Buva, qarang, anavi bola Behzodga oʻxsharkan. Behzod kelgan boʻlsa-ya, chaqiraymi? – suyunib ketdi u.

– Behzod bu yerga kelmaydi, buzogʻiga qaraydi, – gapga qoʻshildi orqalaridan kirib kelgan buvisi.

– Aldamang, buzoqqa akasi qaraydi, – ishonmadi Izzat, – akasini dala buvisi, zerikib ketdik, deb uyiga olib ketgan. Biz ham zerikkanimizdan seni olib keldik-da, bolam. Togʻang ham uylana qolmadi, beminnatgina nevaramiz boʻlardi.

Izzat birdan jimib qoldi, keyin munchoq koʻzlari chaqnab “dom” buvisiga tikildi.

– Buvijon, oyimga ayting, menga ham uka olib kelsin. Ana shunda ukam sizlar bilan oʻynardi, zerikmasdinglar.

Buvisi Izzatning topqirligidan kulib yubordi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.