Tomsuvoq

0
130
marta koʻrilgan.

Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi boʻlardi. Uning yozilmagan qoidasi bor. Birinchidan, hech kim tomini yolgʻiz oʻzi suvamaydi – hamma hasharga keladi. Ikkinchidan, beva-bechora, qoʻli qisqa xonadonning uyi eng birinchi galda tomsuvoq qilinadi. Keyin, navbatma-navbat davom etaveradi…

Oʻqituvchimizning hashariga koʻp odam yigʻildi. Uyi katta yoʻl yoqasida edi. Shundoq koʻcha chetidan loyhandaq qazilgan ekan. Somon, katta yoʻlning koʻpchib yotgan tuprogʻiga qovushib, obdan yumshadi. Oʻqituvchimizning Azim aka degan qoʻshnisi ishboshi boʻldi. Birov handaqqa tushib loy solib berib turibdi, birov paqirlab loy tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi…

Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli oʻrtasidagi tut tagida ovqatlanib oʻtirsak, oʻqituvchining keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta ilgari koʻzi yorigan qizinikiga ketgan ekan.) Kampir hassasini doʻqillatib toʻppa-toʻgʻri oʻqituvchimning oldiga bordi.

– Nima qilding?! – dedi oʻgʻlini salomiga alik ham olmay. – Nima ish qipqoʻyding?!

Hammamiz hayron boʻlib qoldik. Muallim oʻquvchilarining oldida, ayniqsa, mulzam boʻldi, shekilli, qizarib ketdi.

– Nima qipman, oyi? – dedi koʻzlarini pirpiratib.

– Dard! – Kampir hassasi bilan yerni nuqidi. – Sanga qachon aql kiradi, nodon bola! – Keyin Azim akaga yuzlandi. – Bu-ku ahmoqlik qilishga qipti, siz qayoqda edingiz? Nega koʻchadan loy qildilaring?! Koʻchaning tuprogʻiga tegib boʻladimi, nobakor! Koʻpchilikning haqi-ku bu! – Bir zum harsillab turdi-da, toʻsatdan yigʻlab yubordi. – Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman! – Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters oʻtirib oldi…

…Hammamiz qaytadan tomga chiqdik… Suvoq qilishdan koʻra loyni koʻchirish qiyin boʻlarkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, koʻchadagi loyhandaqni toʻldirib qoʻydik…

Oradan yillar oʻtib, kampir koʻz yumganida tumonat odam uni oʻsha koʻchadan soʻnggi manzilga koʻtarib bordi…

Koʻcha tuprogʻi iliq edi… Mayin edi…

 

Oʻtkir Hoshimov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.