Togʻ goʻzali

0
624
marta koʻrilgan.

– Bu yerlar hali dasht. Qarang, gʻildirakli uychalardan boshqa hech vaqo yoʻq, – kuyinib ketdi qurilish boshligʻi. – Respublika gazetasining muxbiri boʻlsangiz, qanday tashlab ketaman? Kattalar eshitishsa, terimga somon tiqishadi-ku!

Men uning bezovta nigohiga ergashib atrofga koʻz tashladim. Atrofda qum, gʻisht uyumlari. Nariroqda gugurt qutisidek qator terilgan kichik-kichik oq uylar. U yogʻi koʻklam maysalari bilan qoplangan biy dala. Hozir esa ufqqa tutash bu qir-adirlarni quyoshning qizgʻish nurlari siypalamoqda.

Koʻzlari katta-katta, gʻoʻlabirdan kelgan boshliq Nazarqul Shodiyevning ovozi mayinlashdi:

– Hech qursa, menikiga borayik, a, nima dedingiz? Xotin gʻilmindiga toza-a usta. Ertasi Toshkentga oʻzim kuzataman?

Men oʻjarlik bilan oyogʻimni tirab oldim. Oxiri unchalik sodda ham boʻlmagan bu odam yengildi:

– Hay, mayli, mehmonga yoʻq deb boʻmaydi, – pishillab boʻshashdi Nazarqul. Pochalarini chang qoplagan shimining choʻntagidan gʻijimlangan dastroʻmol olib, peshonasidagi terni artdi. – Hammasini oʻz koʻzingiz bilan koʻrmoqchi boʻlasiz-da, a?

– E-e yashang, xuddi shunday!

– Aslida, dashtda tunashning ham gashti bor.

– Tushungan odamsiz-da, – uni qoʻllab-quvvatlayman. – Ichimdagini topdingiz!

– Xafa boʻlish yoʻgʻ-a?

– Aslo! Meni qorovulga ishonib, bahuzur qaytavering.

– Sizdi-i qorovulga emas, Berdiyor akaga topshiraman, – Nazarqul oʻylanib qoldi. – Oʻta-a bamaʼni odam. Viloyatdagi hamma qurilishlarda Berdiyor Boboyev desa darrov tanishadi. Boya siz ham uning ishini a-ancha kuzatdingiz?

Nazarqul Shodiyev aytayotgan oʻrta boʻy, qizil yuz, moʻyloviga oq oralagan odamni esladim. Gʻisht terayotganida boʻzchining mokisidek aniq, chaqqon ishlarkan. Qoʻllari gʻisht toʻpi bilan devor oʻrtasida shunaqangi tez borib-kelardiki, nima qilayotganini ilgʻab ololmaysan.

– Ha-a, gʻisht terishning hadisini olgan ekan, – Nazarqulning gapini tasdiqladim.

– Shunday, “katta”. Bir oʻzi toʻrt-besh kishining ishini bajaradi. Uni qurilishga bejiz olib kelishmagan-da. “Masterok”ni oʻynatib yuboradi. Bugun uychasida yolgʻiz qolgan. Sherigi javob olib ketdi.

Ming bir tavallolar bilan boshliqning “araz”ini tarqatib, ortidan ergashdim.

Oqshom qoʻna boshlagandi. Zaminga mart oyining namxush havosi ingan. Ulkan qurilish maydoni tungi oromiga hozirlanayotgandek sokin boʻlib qoldi.

Men Jizzaxdagi industrial hududda olib borilayotgan ulkan ishlar haqida yozmoqchi edim. 2013 yili boshlangan bu joʻshqin jarayon ikki yilda butun voha boʻylab quloch yozdi. Respublika ahamiyatidagi qurilishlarga eng mohir ustalar jalb etildi. Berdiyor ana shundaylardan edi. U bilan gʻisht terayotganida ancha suhbatlashdik. Tengdoshligimiz uchun gapimiz darrov qovushdi…

Men shularni oʻylab boshliqning ortidan yurdim. Gʻisht, beton parchalariga qoqila-qoqila, gugurt qutilaridek qator qilib joylashtirilgan muvaqqat uychalarga yetib oldik. Nazarqul quruvchilar “mahalla”sining etagiga boshladi. Naryogʻi baland-past qir-adir. Barra maysalarning xushboʻy hidi kelib turibdi. Butun borliq bahor libosiga burkangan. Bu yoqlarda koʻklam mangu qoladigandek. Ammo unday emas. Erta-indin yoz quyoshida ajriqlar sargʻayadi, shuvoq, yantoq boʻy koʻrsatib qoladi. Quyosh tandirdek qizdirib, dasht oʻzining asriy hokimligini qoʻldan bermaslikka urinadi. Shu paytda koʻp yillar avval oʻzim uchrashgan, choʻlni oʻzlashtirayotgan odamlarni eslab ketdim. Koʻz oʻngimda oʻn yillar davomida tabiat injiqliklari bilan kurashayotgan choʻlquvarlarning mardonavor qiyofalari gavdalandi.

Berdiyor zamonaviy panellardan montaj qilingan oppoq uychadan jilmayib chiqib keldi. U men bilan tengdosh – qirq besh yoshlarda. Qurilishda, gʻisht terayotganida koʻzimga boshqacha koʻringandi. Hozir jilmayib turgan, yuzi oftobda qizargan qurdoshimning oddiy qishloq kishisidan farqi yoʻq edi: oq-qora katak koʻylagining yengini shimarib olibdi, boshida urinib qolgan eski doʻppi.

– Kelingizlar, – dedi ikki qoʻlini uzatib soʻrasharkan.

– Berdiyor aka, “katta” bugun siz bilan qoladigan boʻldilar, – boshliq gapni choʻzmay, loʻnda tushuntirdi. – Bir mehmon qilasiz-da endi.

– Jonim bilan. Qani, ichkariga, – Berdiyor oʻzini chetga olib, ochiq chehra bilan uychaga ishora qildi.

– Menga ruxsat berasizmi, yigʻilish bor edi?

Nazarqul Shodiyevning bu gapi ayni muddao boʻldi. Uzoq yoʻl, qurilish obʼyektidagi yugur-yugurlar ancha tinkamni quritgandi. Bir chekkadagi mana shu uychada orom topishni oʻzim ham istab turgan edim.

– Bahuzur boravering, men bu kishining suhbatini olay, – dedim chin dildan.

U yana allanimalar deb gʻoʻldiraganicha oq uychalarni oralab nari ketdi. Biz Berdiyor bilan qoldik.

– Qani, ichkariga, – dedi u samimiy jilmayib.

Uychaga kirib, atrofga alangladim; ishchilar yashayotgan boʻlsa ham xona ozoda, shinamgina ekan. Jihozlari ikkita karavot, javonchalar, ixcham stol, yana ikkita kursidan iborat. Jajji oshxona, dush ham bor.

Berdiyor biroz qarab turdi-da, karavotining yonboshidagi pastak javonchadan toza sochiq olib uzatdi:

– Yuvinib oling, yengil tortasiz. Issiq suv bor. Men hozir dushga tushdim.

Rahmat aytib sochiqni oldim-da, yuvinish joyiga kirib ketdim. Dushdan chiqqanimda kunduzgi charchogʻimdan asar ham qolmagandi. Chehram ochilib, stolning yonboshidagi boʻsh kursiga oʻtirdim. Berdiyor darrov bir piyola choy quyib uzatdi.

Shu payt uychamizning oldiga zulukrang “Neksiya” kelib toʻxtadi. Berdiyor ochiq derazadan bir qur koʻz tashlab, tashqariga chiqdi. Kim bilandir gaplashayotgani eshitilib turdi. Birozdan keyin qoʻlida ikkita sellofan xalta bilan kirib keldi.

– Oshga masalliq olib kelishibdi, – dedi beozor jilmayib. – Oʻzimda ham bor edi. Mayli, mehmondi izzati-da.

U darhol oshga unnab ketdi. Berilib sabzi toʻgʻrayotganida uyali telefoni yosh bolalarning oʻyinchoq surnayiga oʻxshagan gʻalati ovoz chiqarib jonlanib qoldi. “Ona qizim”lab ancha gaplashdi. Nevarasining ovozini eshitgisi keldi.

– Nevarani sogʻinibsiz-da? – dedim qizil tugmachani bosib telefonini oʻchirganida.

– Sogʻinaman, biroq… borolmayman, – Berdiyor boshini chayqadi. – Bu – qizim, birinchi xotinimdan.

Oʻrtamizga bir fursat noqulay jimlik choʻkdi. Keyin qurilish haqidagi gaplarga alahsib ketdik.

Osh yeb boʻlib ancha paytgacha achchiq koʻk choy ichib oʻtirdik. Biz allaqachon eski qadrdonlardek inoqlashib olgan edik. Ikkimizning ham uyqumiz kelmasdi. Uychadan chiqib, tashqarini aylandik. Dasht tuni oʻziga xos, ajoyib edi. Shaharning shovqin-suronidan yiroqdagi bu sukunatni chigirtkalarning jon-jahdi bilan berilib chirillashlarigina buzib turibdi. Qoʻshni uychalardan quruvchilarning baland ovozda gapirishlari, qoʻshilishib kulganlari eshitiladi. Shundoqqina oyogʻimning ostidan allanima zuvillab oʻtib ketdi. Choʻchib tushib, sergaklandim. Berdiyor kuldi:

– Siz oʻylagan narsa emas, – dedi doʻstona ohangda. – Ilonlar ho-ov narida. Baniodamga yaqinlashmaydi. Bu – tipratikan. Tunda uychalardi oralab nasibasini terib ketadi.

Biz yana ichkariga kirdik.

– Boya gapim chala qoldi, – dedi Berdiyor nimanidir aytishga chogʻlanib. – Qizimni birinchi xotinimdan, dedim sizga. Bu gʻisht teruvchi xotin olib, xotin qoʻyaverar ekan-da, deb oʻylamang. Biroq hayotimda katta xato qilganman, tan olaman…

Unga sinovchan tikildim. Goʻyo anchadan buyon oʻziga bir sirdosh topa olmayotgan, ichini kuydirib yotgan achchiq dardini kimga toʻkishni bilmayotgan kishiday uning yuzida ogʻriq, alam koʻpchib turardi.

Shundan keyin Berdiyor boshidan oʻtgan voqealarni gapirib berdi.

 

…Men gʻallazor qirlar, uzumzor bogʻlar bilan qurshalgan qishloqda katta boʻlganman. Qishlogʻimizning nomi ham “Uzumzor”. Bolaligim tuproq koʻchalarni changitib yugurishu dala joylarda mol-qoʻy boqish bilan oʻtgan. Maktabda yaxshi oʻqimadim. Shuning uchun oʻninchini bitirdim-u, sinfdosh joʻram Gʻayrat bilan tuman markazidagi qurilishga ishga bordim. Bizni gʻisht teruvchi ustaga shogird qilib berishdi. Ustamiz Pirmat amaki ellik yoshlardagi, oq-sariqdan kelgan, norgʻul, gavdali kishi edi.

Qishloqda oʻsgan baquvvat bolalarmiz. Pirmat amakining aytganlarini qilib, gʻisht, paqirda qorishma tashib yuraverdik.

Gʻayrat – boʻyi mendan pastroq, chorpahil, suyagi yirik, chayir bola. Biroz ichi qoraligi, shumligi bor edi uning. Qurilishdayam ishning ogʻiri oʻzimning zimmamga tushdi. Bunga parvo qilmasdim. Joʻram-da, kulib qoʻya qolaman. Zavqlanib-zavqlanib ishlayveraman. Menga gʻisht teruvchilik yoqib qoldi. Gʻayratga qarab oʻtirmay, ikkalamizga aytilgan yumushni tez-tez bajarib qoʻyaman. Shundan keyin Pirmat amakining oldiga borib, gʻisht terishini tomosha qilaman. Usta shunaqangi chaqqon ishlardiki, xayolimda goʻyo koʻzini yumib ham gʻisht tera olardi. Boʻsh qoldim deguncha yoniga boraverardim. Usta buni payqab yurgan ekan. Bir kuni “Hov bola, bu yoqqa kel”, dedi. Birpasga belchasini berib, qorishmani yoyishni, qanday qilib gʻisht terishni tushuntirdi. Hayajondan qoʻlim qaltirab gʻisht tera boshladim. Bunday holat har kuni takrorlanadigan boʻldi. Shunday qilib Pirmat amakining shogirdiga aylandim. Uning har bitta gapi men uchun qonun edi. Hatto koʻz qarashlaridan ham nima demoqchiligini tushunib oladigan boʻldim. Oʻzimni oʻtga-choʻqqa urib boʻlsa ham gʻisht terishni oʻrgana boshladim. Bundan oʻzimni yettinchi osmonda his qilardim.

Bir-ikki oyda qoʻlim ishga kelishib qoldi. Gʻishtni qulf-kalit qilib terishni, ravonlik olishni oʻrgandim. Sement-qumli qorishma jazirama yoz kunlarida tez qotib qoladi. Chaqqon ishlash, terilayotgan gʻishtlarning choklarini buzmaslik kerak. Xato qilsam, ustaning baqirib soʻkinadigan odati bor edi. Bundan xafa boʻlmasdim. Birozdan keyin Pirmat amakining oʻzi insofga kelib, muloyimlashib qolardi.

Gʻayrat ustimdan kulib yurdi. “Boshingdan “haligindaqa” toʻkib yuborsayam chidaysan, ustaning malayi”, deyishgacha bordi. Baʼzida yarim hazil, yarim chin yoqalashib ketardik. Bir-birimizdan arazimiz uzoqqa choʻzilmasdi. Joʻrachilik shu-da, deb oʻylardim. Biroq ustamiz Gʻayratni sira-sira yoqtirmadi. Bu unga eʼtiborsizligi, bor-yoʻqligi bilan ishi boʻlmayotganidan ham sezilib turardi.

Shunday qilib, oradan salkam bir yil oʻtdi. Men yaxshigina gʻisht teruvchi boʻlib oldim. Pishgan gʻishtni ushlayverib qoʻlimning terilari shilinib, azob bergan kunlar orqada qoldi. Endi kaftlarim toshdek qotgan, na gʻisht, na loy chaplaydigan belchaning dastasi taʼsir qilardi. Ustamning qavatida mustaqil gʻisht tera boshladim. Endi Gʻayrat menga yordamchi edi. Pirmat amaki oʻziga boshqa sherik oldi.

Qurilishda Pirmat amakidan oʻtadigan gʻisht teruvchi yoʻq. Brigadadagi ustalarning aytishlaricha, uni katta maosh vaʼda qilib koʻ-oʻp qurilishlarga chaqirishgan. Lekin u oʻrgangan joyim, daraxt bir yerda koʻkaradi, deb unamabdi. Shuning uchun ham obroʻsi baland edi-da.

Baʼzida oldimga kelib, ishimni kuzatib turadigan odati bor edi ustaning. Zigʻirdek kamchilik topsa, qoʻlimdan belchani tortib olib, oʻzi gʻisht terib ketardi. Shunday paytlarda yosh boladek ishiga tikilib turaman. Pirmat amakida oʻzimga nisbatan otalarcha mehr borligini ham his qilardim.

Vaqt oʻtib, biz ancha ulgʻaydik. Endi maktabdagi oʻquvchilik davrlarimiz ortda qolgan, muallimlarimizning tergashlaridan ozodmiz. Biroq yaxshi-yomon odamlar orasida oʻz kunimizni koʻrishimiz kerak. Inidan endigina uchirma qilingan polapondek qiynalgan paytlarimiz ham boʻldi. Gʻayrat brigadamizdagi yigitlarga qoʻshilib chekishni oʻrgandi. Pirmat amakining u bilan ishi yoʻq. Meni esa hamon tergashdan charchamasdi.

Oradan yana bir yil oʻtdi. Oʻsha bahorda Gʻayrat ikkalamizni harbiy xizmatga chaqirishdi. Tuman markazidagi mudofaa ishlari boʻlimiga qatnay boshladik. Doʻxtirlar yalangʻoch qilib obdo-on tekshirishdi. Qurilish idoramizdan maʼlumotnoma olib bordik. Yana bir talay hujjatlarni toʻldirdik.

Harbiy xizmatga joʻnab ketishimizdan bir kun avval ustamning oldiga xayrlashgani bordim. Oʻshanda qurilish koʻzimga juda-a chiroyli koʻrinib ketdi. Men bu yerda oʻzimni uydagidek his qilardim. Sochilib yotgan gʻishtu qum uyumlari, bu yerdagi har bir unsur, bari-bari mening hayotim edi. Yuragimdan allanarsa uzilib ketayotgandek boʻldi. Yugurgilab Pirmat amaki ishlayotgan joyga bordim. U berilib gʻisht terayotgan ekan, kelganimni sezmadi. Qoʻlining chaqqon harakatlariga tikilib koʻnglim buzildi. Mening ham gʻisht tergim kelayotgandi. Qoʻllarimni gʻisht terayotgandek qimirlata boshlaganimni sezmay qolibman. Tanish ishchilardan biri turtganda uyalib ketdim. Unga eʼtibor bermasdan ustamning oldiga yaqinlashib, salom berdim. Pirmat amaki boshqacha, qandaydir muloyim boʻlib qolgandi.

– Vey, rosti bilan armiyaga ketyapsanmi? – dedi.

Qoʻlidagi belchasini gʻishtga qoʻydi-da, oldimga keldi. Birdan mahkam quchoqlab oldi:

– Sensiz zerikib qolaman-ku, Berdiyor bolam!

U odatda “hov bola” deb chaqirardi. Hozir esa otalarcha mehr bilan “bolam” dedi, hatto ovozi titrab ketdi. Men ham gʻalati boʻlib qoldim. Axir, oz emas, roppa-rosa ikki yilga xayrlashayotgan edik-da. Qanday qilib ustam ishlayotgan joyga borganimni sezmay qolibman.

Paqirda qorishma bor edi. Belchani olib indamay ishga kirishib ketdim. Qurilishga kelmaganimga oʻn kundan koʻproq boʻlgandi. Shunaqangi ixlos bilan gʻisht terdimki, birorta chok buzilmadi, bir tomchi qorishma yerga toʻkilmadi. Harbiy xizmatga ketayotganimni, bu yerga nima uchun kelganimni unutib qoʻygan edim. Qorishma tugaguncha tinmadim. Shu paytda qilayotgan ishimdan har qachongidan ham koʻproq rohatlanardim, men gʻisht terishni sogʻinib qolgandim.

Qorishma tugaganda qoʻlimdagi belchani oʻzim tergan gʻishtning ustiga qoʻydim. Yengil tortib, ortimga oʻgirilganimda Pirmat amaki tergan gʻishtimga tikilib turardi. Hozir baqirib beradi, deb oʻyladim. U odatda oʻzi ishlayotgan joyga hech kimni yoʻlatmasdi.

– Gʻisht termaganimga ancha boʻldi-da, – dedim oʻzimni oqlab.

Usta sekin oldimga keldi. Bir tekis terilgan gʻishtlarga qaradi-da, yelkamga qoqdi:

– Armiyadan qaytganingda toʻgʻri oldimga kel. Endi bor, sogʻ-omon koʻrishaylik, – deb duo qildi.

Pirmat amaki menga oʻgʻlidek mehr qoʻyib qolgan ekan. U bir daraxt boʻlsa, men uning mevasi edim. U bir togʻ boʻlsa, men bagʻridan sitilib chiqqan buloq edim. Shu kungacha ustamning duolari bilan yuribman. Sanamoyni ham ustamdan oʻrgangan gʻisht teruvchilik kasbim sabab uchratdim…

 

* * *

Gʻayrat bilan bir joyda xizmat qilishni juda-juda xohlagan edim. Bolalikdan joʻram, qishlogʻimizdan yiroqlarda bir-birimizga suyanch boʻlamiz, deb oʻylardim. Qarangki, bu niyatim ham ijobat boʻldi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin yigitlarimiz oʻzimizning yurtimizda xizmat qila boshlashdi. Biz oʻz armiyamizning birinchi askarlaridan edik. Bu, ayniqsa, ota-onalarimizni quvontirgan edi oʻshanda. Esingizda boʻlsa, mustaqillikdan avval dengizdek qalqib turgan davrlar boʻldi. Armiyaga ketib, temir tobutda qaytib kelganlar qancha edi…

Bizni uzoqqa emas, viloyatimizning uzoq togʻli qishlogʻidagi harbiy qismga olib ketishdi. Bu qishloqning nomi Oydin edi.

Oydindagi harbiy qismimiz, chamasi, sakkiz-oʻn gektarli katta hududni egallagan. Qismga kirib kelayotganimizda chala koʻtarilgan devorga koʻzim tushdi. Bu devorning gʻishtlari notekis, pala-partish urilgandi. Usta koʻrmagan noʻnoq kimsaning ishi kaftdagidek koʻrinib turibdi.

Soqchilikda turgan askar bola toʻsiqni ochdi. Biz oʻtirgan avtobus toʻgʻriga qarab yurdi. Bu yer harbiy qismning ofitserlar oilasi yashaydigan tashqari hovlisi ekan. Quyuq daraxtzor ortida pishgan gʻishtdan bir tekis qilib qurilgan uylar koʻrindi. Yosh bolalarning qiyqirigʻiga itlarning akillashi qoʻshilib eshitildi. Men armiyani qurol koʻtargan askarlaru harbiy texnikalar qatorlashtirib qoʻyilgan joy deb tasavvur qilardim. Bu yerda esa oʻzimizning qishloqdagidek itlarning ovoziyu bolalarning quvnoq kulgulari eshitilayotgandi.

Toʻgʻridagi katta temir darvoza gʻoʻrillagan, gʻijirlagan ovozlar bilan ikki tomonga surilib ochildi. Avtobusimiz sekin ichkariga jilib, ulkan daraxtlarning soyasida toʻxtadi. Darvoza berkilganda “Endi qishlogʻimizdan, uyimizdan uzoqdamiz, bu yerda qanday hayot kutyapti?” degan gap xayolimdan kechdi. Yonimdagi Gʻayrat ham shunday oʻyda boʻlsa kerak, atrofga alang-jalang tikilardi. Ammo shundan keyin bunday oʻylarga vaqtimiz ham, imkonimiz ham boʻlmadi. Asfalt yoʻlakda safga tizilgan onimizdan bizlar uchun askarlikning joʻshqin hayoti boshlangandi.

Qishloq quyoshida toblangan, qurilishda bilagi qotgan yigitlar edik. Salkam bir oylik yosh askar mashqlaridan yaxshi oʻtdik. Harbiy qasamyod qabul qilganimizdan keyin haqiqiy xizmatni koʻrdik. Biz harbiy texnikalarni oʻrganar edik. Avvaliga bu juda qiyin boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Kichik komandir qilib tayinlangan serjant shunday dedi:

– Velosiped minganmisizlar?

– Ha! – deymiz bir ovozdan.

– Velosipedni taʼmirlagan hamdirsizlar?

– Xuddi shunday!

– Demak, bu texnikalarni ham oson oʻrganib olasizlar.

Darhaqiqat, har kuni tinmay mashq qilaverib, juda murakkab koʻringan ishlarni koʻzimizni yumib ham bajaradigan boʻldik.

Men harbiy xizmatda qiynaldim deyolmayman. Faqat boshida uyni sogʻinish biroz ichiktirdi. Bir-ikki oyda bunga ham oʻrganib ketdik. Togʻli Oydin qishlogʻida yoz fasli boshlandi. Qismimiz hududida daraxtlarga qoʻnib olgan qushlar erta tongdan bor ovozda chugʻurlashadi. Roppa-rosa soat oltida turib, badantarbiya mashqlariga chiqamiz. Osmon tiniq, havo toza. Toʻrt-besh chaqirimga yugurish, turnikda mashq bajarishga oʻrgandik. Mushaklarimiz qotib, baquvvat yigitlarga aylana boshlagandik. Shunday kunlarning birida qismimiz komandiri podpolkovnik Xolbek Safarbekov chaqirtirib qoldi. U askarlarga ortiqcha gapirmas, ammo ozodalik, tartib saqlanishini qattiq talab qilardi. Harbiy qismimizning har bir burchagi yogʻ tushsa yalagudek toza, kiyim-boshlarimizga ham dogʻ tegmaydi. Askarlar yotogʻidan chiqib kelganimda komandir hovlida turardi.

– Boboyev, ortimdan yur, – dedi meni koʻrgani hamon.

Gap-soʻzsiz Xolbek Safarbekovga ergashdim. Nima gapligiga tushunolmay gʻalati boʻlib ketdim. Chunki komandirimiz bilan hali biror marta ham yakkama-yakka gaplashmagan edim. Biz qism darvozasidan tashqariga chiqdik. Ofitserlar yashaydigan hovlidan bolalarning quvnoq qiyqiriqlari, laycha kuchukning jon-jahdi bilan chiyillashi eshitildi. Oldimizdan katta ola mushuk yugurib oʻtdi.

Komandir qismga kirayotganimizda koʻrganim – bir cheti qulagan devorning oldiga boshlab bordi.

– Boboyev, qurilishda ishlagan ekansan, gʻisht terishni bilasanmi? – deb soʻradi qulagan devorga tikilib.

– Xuddi shunday! Gʻisht teruvchiman, – dedim jonlanib.

– Unda ayt-chi, nima uchun bu devor hali bitmasidan qulagan?

Bunday savolni kutmagandim. “Meni sinab koʻrmoqchimi? – deb oʻyladim. – Rostini aytsam, jahli chiqsa-chi?”

Oʻylanib turganimni koʻrib komandirning hafsalasi pir boʻlib qoʻlini siltadi:

– Sen ham xom ekansan!

Bu gap nafsoniyatimga tegdi.

– Devorni usta termagan, choklar notoʻgʻri, har ikki yarim-uch metrga “ustun” qoʻyish kerak edi, – dedim shoshib.

Bu gapim komandirga yashindek taʼsir qildi. Birdan chehrasi ochildi. Menga kulib qarab:

– Shu devorni qulamaydigan qilib koʻtara olasanmi? – dedi.

– Xuddi shunday! – dadil javob berdim.

– Unday boʻlsa, ikkita yordamchi olib, shu bugundan ish boshlaysan!

Bu gapni eshitib xursand boʻlib ketdim. Harbiy xizmatda ham gʻisht teruvchiligim kerak boʻlib qolishi xayolimga kelmagan edi-da.

Yordamchilardan birini oʻzim tanladim. Bu – doʻstim Gʻayrat edi. Ammo keyinchalik ana shu ishimdan bir umr afsuslanib yurdim… Eh, komandirga u ham qurilishda ishlaganini aytib koʻndirgandim!.. Ikkinchi yordamchi qilib Esonali degan fargʻonalik yigitni berishdi.

Biz shu kunning oʻzidayoq bel bogʻlab ishga kirishdik. Bukir yogʻochdek qiyshayib turgan devorni buzib tashlashga toʻgʻri keldi. Devor askarlarning oʻzlari quygan xom gʻishtdan koʻtarilgandi. Gʻishtlar-ku bir navi, gugurt qutisidek tekis boʻlmasa ham ishga yaroqli edi. Ammo umrida gʻisht termagan “usta”lar oʻzlari bilgancha qalashtirib tashlashgan. Salkam oʻn metrli devorni ikki kunda buzib, saranjomlab oldik.

Esonali, oʻsha fargʻonalik yigit chumolidek tinim bilmasdan ishladi. U favqulodda mehnatkash chiqib qoldi. Goʻyo oʻz uyida ishlayotgandek edi. Gʻishtlarga yopishgan loyni tozalab, birpasda taxlab tashladi. Gʻayrat shu yerda ham oʻzini panaga urdi. Tez-tez dam oladi, ishning yengiliga gʻoz boʻlib turadi. Unga ortiqcha gap aytishdan oʻzimni tiydim. Nima boʻlganda ham joʻram, biz esa bu yerlarda musofirmiz, bir-birimizni qoʻllashimiz kerak, deb oʻyladim.

Esonali bilan basma-basiga, yeng shimarib ishga kirishdik. Devor mustahkam boʻlishi kerak edi. Komandirning oldida uyalib qolmasligimiz lozim. Har ikki yarim metrga tayanch ustunlar terdim. Choklarni ustam oʻrgatganidek qulf-kalit qilib ixlos bilan ishlayverdim. Yana toʻrt azamat askar gʻisht quyishga kirishdi. Yozning jaziramasida gʻishtlar tez quriy boshladi. Ishimiz yurishib ketdi. Tez orada koʻrsang havas qilgudek ravon devor koʻtarildi.

Sanamoyni shu kunlarda uchratdim. Ularning uyi biz tiklayotgan devorning ortida ekan. Togʻ tomondan oqib kelayotgan soy harbiy qismimiz oralab oʻtardi. Bir qiz har kuni suv olgani chiqadi. Chelak koʻtargan sarvqad nozanin koʻzimga juda chiroyli koʻrindi. Uning suvga chiqishini zoriqib kutadigan boʻldim. Qoʻlim ishda boʻladi-yu, xayolimda oʻsha qizning himo bilan bir-bir qadam tashlab kelayotganini tasavvur qilaman, tez-tez soy tomonga moʻralayman.

Yoz chillasi boshlanib, kunlar nihoyatda isib ketdi. Oftob zaminni tandirdek qizdirdi. Har zamonda togʻ tomondan kelayotgan salqin shabada jonimizga oro kiradi. Shundayam tinimsiz suv ichamiz, ichgan suvimiz zum oʻtmay badanimizdan ter boʻlib oqadi. Paqirdagi qaynatib sovitilgan suvimiz tugab qoldi. Soydan suv olib kelishga hech kimning yuragi betlamadi. Bizga qaynatilmagan suvni ichishga ruxsat berishmasdi. Ichish uchun askarlar oshxonasidan qaynatilgan suv olib kelishadi. Qismimiz doʻxtiri shunday tayinlagan. Chanqab turganimda boyagi qiz chelakda suv olib oʻtib qoldi. Soy tomondan kelayotganida undan koʻz uzolmadim. Buni qiz ham payqadi.

– Chanqadingizmi? – dedi bir zumga toʻxtab.

Qizning shirin jilmayishi yuragimni sirqiratib yubordi. Ovozi chertilgan chinnidek tiniq ekan. Falakdan qarshimga farishta uchib kelgandek boʻldi. U atirguldek yonib, oʻzidan nur taratib turardi. Toshdek qotib qolibman. Qoʻlimdagi belcha tushib ketdi. Belchani olish uchun devordan koʻcha tomonga sakradim. Qiz choʻchib menga qaradi. U bilan yuzma-yuz turib qoldim. Qiz chelagini yerga qoʻydi.

– Bildim, chanqagansiz. Mayli, ichib oling, – dedi chelakka imo qilib.

Suv ichadigan idishimiz devor ortida edi. Ikkilanib turganimda qayta chelagiga ishora qildi:

– Shunday ichavering.

– Maylimi?

– Ha-da, savob boʻladi.

Qattiq chanqagandim, choʻk tushib chelakdagi muzdek suvdan simirib, toʻygunimcha ichdim. Oʻrnimdan turdim-u, nimagadir koʻzim tinib, boshim aylandi. Suv ichib rohatlanganimdanmi, bu mohichehra qarshimda turganidanmi, mast boʻlib qolgandek edim. Ixtiyorim qoʻldan ketib, unga tikilib qoldim. Eski askar kiyimidagi davangirdek yigitning yosh boladek moʻltirab turishi gʻalati tuyulgan boʻlsa kerak, qiz nigohini olib qochdi. Shunda u yanayam chiroyli boʻlib ketdi.

Harbiyda boʻlgandirsiz, shunday holat sizning ham boshingizdan oʻtgandir. Oylab askarlar yotogʻi, oshxona, harbiy mashqlardan boshqasini bilmagan yosh yigit uchun bunday onlar juda-juda tansiq boʻlar ekan-da. Bu qiz meni sehrlab qoʻygandi.

– Ismingiz nima? – soʻradim oʻzimni tutib olib.

– Sanamoy.

– Meniki Berdiyor. Rahmat sizga.

– Arzimaydi.

Qiz shunday dedi-yu, chelagini qoʻliga oldi. Indamay uyi tomon keta boshladi. Xoʻraga tashna otdek ortidan tamshanib qoldim. Devor ortidan Gʻayratning tajang ovozi eshitilganda oʻzimga keldim:

– Hov usta, qayoqda qolding?

– Hozir boraman, – dedim devor urilmagan tomonga yurayotib.

– Tilla topdingmi?

– Shunaqaga oʻxshaydi.

Biz odatdagi ishimizga kirishib ketdik. Baʼzan Gʻayratning jagʻi ochilib qolardi. Bugun ham ogʻziga kelganini gapiraverib jonga tegdi. Mening xayolim bilan kimning ishi bor. Xayolimdan esa oʻsha qiz ketmay qolgandi.

Kun boʻyi ishlab charchagan boʻlsam ham, oʻsha tun uzoq vaqt uxlolmadim. Soy boʻyidan yurib kelayotgan qizning jilmayib qarashlari sira koʻz oldimdan ketmadi.

Shu kundan Sanamoy bilan tanishib oldik. Soydan suv olgani chiqqanida salom berib oʻtadi. Menga uning bir ogʻiz lutfi ham beadad rohat bagʻishlardi. Uzoqdan sarvdek qomatiga koʻzim tushsa yuragim qafasdagi qushdek bezovtalana boshlaydi.

Gʻayrat bilan Esonali buni sezmay qolishmadi, albatta. Esonali vodiycha tarbiya koʻrgan, hushmuomala yigit. Meni “usta” deb chaqiradi. Sanamoy bilan qoʻlini koʻksiga qoʻyib, “Singlim, yaxshimisiz?” deb salomlashadigan boʻldi. Gʻayrat oʻzini gʻalati tutardi. Sanamoyni oldimda koʻrsa qovogʻini uyib oladi, qoʻlidagi gʻisht yo loy paqirni jahl bilan uloqtiradi. Sanamoy u bilan ochilib gaplashmasdi. Shunga jahli chiqayotgandir, deb oʻylardim. Ancha goʻl ekanman. Uning botinidan qirindi oʻtayotganini sezmabman…

Oydin qishlogʻining odamlari oriyatli, ochiqkoʻngil. Dilidagini dangal gapirishadi. Sanamoy ham bizni akalaridek bilib, hol-ahvol soʻrashib ketaverardi.

Komandir devor qurilishidan har kuni xabar olib turdi. Roppa-rosa yigirma kunda devorimiz bitdi. U ishimizdan xursand edi. Bir kuni yelkamga qoqib:

– Yaxshi usta ekansan, – dedi.

Bu menga katta mukofot edi. Ustozim Pirmat amakining ishonchini oqlayotganimdan oʻzimda yoʻq xursand boʻldim. Gʻayrat bilan Esonali komandirning oldiga kelishga haddilari sigʻmasdan nariroqda turishdi. Bilaman, komandir ketganidan keyin Gʻayrat meni “patxalim” deb chaqib-chaqib oladi. Uning ana shunday gaplaridan bezillab qoldim. Sheriklarimning beriroq kelishlarini, komandir ularni ham ragʻbatlantirishini istayotgandim. Biroq devorga tikilib turgan komandir boshqa narsa haqida gapirdi:

– Xoʻsh, usta, kuz kelsa yogʻin-sochinli kunlar boshlanadi. Devoringga soyabon qilish kerak. Tunuka olib bersak qoqa olasanmi?

– Qoqa olaman-ku…

– Xoʻsh-xoʻsh, gapir, nima demoqchisan?

– Tunuka boʻyab turilmasa zanglaydi. Biz devor soyabonini pishgan gʻishtdan terardik. Salobatli, ham puxta boʻladi.

– Gapingda jon bor, – komandir oʻylanib qoldi…

Shu kuni devor qurilishida ishlagan askarlarga dam berishdi. Har birimiz tuman markaziga borib kelish uchun ruxsatnoma oldik. Men qishloqda qolishni, Sanamoy bilan uchrashishni rejalab turardim. Lekin unday boʻlmadi. Serjantimiz boshchiligida tuman markaziga joʻnadik. Kinoga tushdik, bozor aylandik. Xullas, oʻzimiz bilgancha yayradik.

Ertasiga harbiy qismimizga quyosh nurida oltindek tovlanayotgan, sap-sariq pishgan gʻisht, qum, sement olib kelishdi. Gʻayrat bu ishni komandirga men taklif qilganimni bilardi. Rosa jigʻibiyron boʻldi, “patxalim”dan olib “patxalim”ga soldi. Ammo harbiyda koʻnglingga qarab oʻtirishmaydi. Buyruq soʻzsiz bajarilishi kerak! Gʻayrat bilan Esonalini yonimga olib yana ishga kirishib ketdim. Aslida, bu men uchun rohat edi. Qurilish ishlaridan zavqlanib, mazza qilardim.

Biz yana ishga tushdik. Gʻayrat qorishma tayyorlashga boshchilik qildi. Esonalini ishlatib, oʻzi “usta” boʻlib oldi.

Men oʻzimiz yasagan yogʻoch eshakka chiqib pishgan gʻishtdan devorga soyabon terayotgandim. Koʻchada qoʻlida chelak bilan Sanamoy koʻrindi. Unga tikilib turib qolibman. Qorishma olib kelgan Gʻayratning tovushi oʻzimga keltirdi.

– Yana oʻsha qiz kelyaptimi?! – dedi u tajanglashib.

– Sekinroq gapir, eshitiladi, – qoʻlim bilan “jim” ishorasini qildim.

– Har kuni sendaylarning nechtasi bilan gaplashadi, – Gʻayrat jahl bilan yerga tufladi.

Uning bu gapi Sanamoyning shaʼniga haqorat edi. Qonim qaynab ketdi. Mayli, Gʻayrat – doʻstim, soʻksa ham chidayman. Lekin men uchun dunyodagi eng suyukli qiz haqida nomaqbul gap aytgan kimsa – yovuz dushmanim! Devorga tiralgan yogʻoch eshakdan shiddat bilan sakrab tushdim. Koʻzim qonga toʻlgandi. Gʻazabimni bosolmay qoldim. Pastda har bir harakatimni sovuqqonlik bilan kuzatayotgan Gʻayratning yoqasidan oldim.

– Ovozingni oʻchir! – dedim oʻshqirib. Yana allanimalar deya guvrandim.

Gʻayrat qarshi hujumga shay turgan ekan. U miqtidan kelgan boʻlsayam juda baquvvat edi. Toʻqmoqdek mushtlari bilan ikkala bilagimga shunaqangi zarba berdiki, qoʻllarim oʻz-oʻzidan yoqasini boʻshatdi. Ikkinchi musht yelkamga tushdi. Orqamga munkib yiqildim. Gʻazabim vulqondek qaynab-toshdi. Hech qanday ogʻriqni sezmadim. Hansirab oʻrnimdan turdim-u, ikki oyogʻini ayri yogʻochdek kerib, qoʻllarini beliga qoʻyib olgan Gʻayrat tomonga otildim. Uning nafrat bilan tikilgan koʻzlarini hozirgacha unutganim yoʻq. Ha, ha, koʻzlari botinida yigʻilib yotgan beadogʻ nafratni menga nayza qilib sanchishga shay edi. Goʻl ekanman, bu haqida keyin ham oʻylab koʻrmabman. Buning sababi bor ekanini juda kech bildim… Kech bilganimdan hozirgacha afsusdaman. Butun umr afsuslansam kerak…

Esonali oʻrtaga tushmaganida mushtlashuvimiz anchaga choʻzilishi aniq edi.

– Boʻldi qilinglar! – u Gʻayrat bilan mening oʻrtamga devordek turib oldi. – Oshnalar ham ashinaqa boʻladimi.

Men Esonaliga qarab biroz boʻshashdim. Ammo Gʻayratning mushtlashuvni bas qilish niyati yoʻq edi. U Esonalini uloqtirib tashlamoqchi boʻlib yelkasidan ushlab jon-jahdi bilan tortdi. Shunda Esonali emas, uning oʻzi uch-toʻrt qadam nariga uchib tushdi. Bu bir lahzada yuz berdi. Nima boʻlganini payqamay qoldim. Faqat choʻpdek ozgʻin Esonali qoʻllari bilan yashin tezligida allaqanday harakatlar qilganini koʻrdim. Gʻayrat chirpirak boʻlib uchib ketdi-da, gurs etib quladi. Oyogʻi qorishma tashiydigan pachoq paqirga tegdi. Paqir daranglab yumalab ketdi. Men sarosimalanib qoldim. Bir Esonaliga, bir Gʻayratga qarayman. Gʻayrat qattiq tushgandi. Ixrab-sixrab yerdan boshini koʻtardi. Eng ogʻir ishlarni qilib yurgan, moʻmingina “qora ishchi”mizga nima boʻldi, demoqchidek baqrayib qoldi. Esonali oʻzini yoʻqotmadi. Chaqqon borib Gʻayratga qoʻlini uzatdi:

– Turing, oshna, ayb bizda, – dedi qimtinib.

Hozirgina buqadek baquvvat Gʻayratni bitta qoʻl siltash bilan chillakdek uchirib yuborgan Esonali yosh boladek xijolat chekib turardi. Gʻayrat ham, men ham nima uchun mushtlashganimizni unutib qoʻygandek edik. Joʻram rangi oqarib hamon yerda yalpayib yotardi. Nihoyat oʻziga kelib qimirlab qoldi. Esonalining doʻstona choʻzgan qoʻlini siltab, soʻkinib oʻrnidan turdi. Doʻrdoq lablarini alam bilan qimtib, ichiqoralik bilan bir Esonaliga, bir menga oʻqraydi. Esonali hech gap boʻlmagandek xotirjam edi. Dumalab yotgan pachoq paqirni olib, qorishmaga ketdi. Men devorga tiralgan yogʻoch eshakka tirmashib chiqdim. Gʻayrat nima qilishini bilmay simyogʻochdek biroz qaqqayib turdi-da, u ham pishgan gʻisht olib kelgani ketdi. Tushlikkacha gap-soʻzsiz ishladik.

Nima boʻlganini Esonali keyinroq aytdi. U bolaligidan “sambo” kurashi bilan shugʻullangan, yoshlar oʻrtasida respublika chempioni ham boʻlgan ekan.

Gʻayrat ikki-uch kun tumtayib yurdi. Keyin hammasi avvalgidek boʻlib ketdi.

 

* * *

Purviqor togʻlar etagiga yastangan Oydin qishlogʻi xushhavo, juda goʻzal. Bahaybat toshlar bagʻridan sitilib chiqqan buloqlarning suvi kengligi bir quloch keladigan soy boʻlib oqadi. Soy qismimiz oralab oʻtadi. Ofitserlar hovlisidan quyiga, dehqonlarning dalalariga buriladi. Suvi qochganda koʻcha tomondan paqirni toʻldirish qiyin. Shunday paytlarda Sanamoy suv olgani ofitserlar hovlisiga kiradi. Soqchilikda turgan paytlarimda u bilan tez-tez koʻrishamiz. Harbiy mashqlardan toliqqanimizda soy boʻyida oʻtirib nafas rostlaymiz. Men boshidagi durrasi yengil shabadada hilpirab suv olayotgan Sanamoyni tasavvur qilaman, uni sogʻinaman…

Kuz keldi. Baʼzan osmonni qora bulut qoplab, yildirimlar yogʻdu sochib qoladi. Oydinlik dehqonlar daladagi hosilni shoshilinch yigʻishtira boshlashdi. Biz navbat bilan qismimiz oshxonasi uchun kartoshka kavlagani qishloqqa chiqamiz. Shunday paytlarda Sanamoyni koʻrib qolaman. Yuragim hapriqib ketadi. Oldiga borsam, miriqib gaplashsam, visoliga toʻyib taftimni bossam deyman. Tez orada ana shunday imkoniyat boʻldi.

Kuzning boshlarida hali kunlar iliq edi. Qism boʻyicha navbatchimiz komandir chaqirayotganini aytib qoldi. Komandirning xonasiga kirganimda Xolbek Safarbekov bahaybat stolida nimalarnidir yozib oʻtirardi.

– Buyrugʻingizga binoan oddiy askar Boboyev keldi! – dedim qoida boʻyicha.

– Boboyev, suvoqchilik qoʻlingdan keladimi?

Qurilishda suvoqchilik ishlariga ham ancha koʻzim pishgandi. Boʻsh qolgan paytlarimda suvoqchi yigitlarning oldiga borib, ishlariga qarashib yurganman.

– Suvoqchilik qila olaman! – dedim dadil.

Gap nimadaligini fahmlagandim. Gʻayrat, Esonalilar bilan koʻtargan devorimizni suvoq qilish kerak edi. Biroq harbiy oʻquv mashqlari boshlanib bu ish qolib ketdi. Mana endi komandirning oʻzi shu haqda gap ochdi. Yana Sanamoyni har kuni koʻrishimni oʻylab ich-ichimdan suyundim.

– Unda oʻzing qurgan devorni yordamchilaring bilan suvoq qilasizlar, – dedi komandir.

Shu kuni yana harbiy qismimizdan tashqarida ish boshladik. Sirtqi devorning suvogʻini Sanamoylarning hovlisi tomondan boshladim. Gʻayrat bilan Esonali qum, sement, ohakni aralashtirib qorishma tayyorlab turishdi. Suvoq gʻisht terishga qaraganda ancha tez bitadi. Men ishni ataylab choʻzardim. Devorning Sanamoylar hovlisi tarafida ishlayotganimizda u choy damlab kelib turdi. Har kuni koʻrishib, uzoq-uzoq suhbatlashardik. Shu kunlarda bir-birimizga oʻrganib qoldik. Oʻrtamizda muhabbatning koʻrinmas iplari bogʻlandi. Sheriklarim buni payqamasliklari mumkin emas edi. Gʻayratning gʻashligi kelayotganini sezardim. U baʼzan gʻamgin boʻlib qolar, baʼzida meni siltab tashlardi. Bu oddiy gʻashlik emasligini sezmabman…

Shunday qilib, ikki yil davomida Sanamoy bilan tez-tez uchrashib turdik. Muddatli harbiy xizmatim tugashi arafasida gapni bir joyga qoʻydik: uylariga sovchi yuboradigan boʻldim.

Men endi avvalgi boʻsh-bayov Berdiyor emasdim. Askarlik hayoti jismimni chiniqtirdi, fikrim tiniqlashdi, oʻz yoʻlimni oʻzim topa oladigan boʻldim. Bilaklarim toshdek qotgan, chaqqon, choʻrtkesar yigitga aylandim.

Ayni bahorda Gʻayrat bilan birgalashib qishlogʻimizga qaytdik. Ikki joʻra bir kunda xizmatga joʻnab, bir kunda uyimizga kirib bordik. Ammo Gʻayrat juda-juda oʻzgargan, mendan oʻzini olib qochardi.

Ota-ona, jigarlarimning bagʻri, qadrdon joʻralar bilan diydorlashish – juda shirin damlar edi. Boshim osmonda, quvonchli kunlarimda faqatgina Sanamoyning sogʻinchi qiynadi. U paytlari qoʻl telefoni yoʻq. Tunlarim xayolan sevgilim bilan dil izhorlashib oʻtdi. Uni tushlarimda koʻrib tong ottirdim. Xat yozishib turamiz, deb kelishgandik. Xatni uylariga joʻnatolmasdim. Xayrlashayotganimizda pochta boʻlimiga “Talab qilib oluvchiga” deb yozishga kelishgandik. Birinchi maktubimni Sanamoyning oʻziga aytolmagan ishqiy hissiyotlarim bilan toʻldirdim. Tez orada javob xati keldi. U men ketib harbiy qismimiz huvillab qolganini yozibdi. Buning maʼnosini tushunib, togʻli Oydin qishlogʻiga qushdek uchgim keldi.

Ishqning hijroni yomon boʻlar ekan, hayhotdek qishlogʻimizga sigʻmay qoldim. Bir hafta oʻtar-oʻtmas oʻzim ishlagan qurilish tashkilotiga bordim. Ustozim Pirmat amaki shu yaqindagi obʼyektda ishlayotgan ekan. Meni koʻrib quvonib ketdi, oʻz oʻgʻlidek bagʻriga bosib soʻrashdi. Harbiyda ham gʻisht terganimni aytganimda boshi osmonga yetdi. “Endi sen shogird emassan, men bilan birga ishlaysan”, dedi. Shu kunning ertasiga boshliqlar bilan gaplashib, gʻisht teruvchi qilib brigadaga ishga oldirdi. Birinchi kuni gʻisht terayotganimda ishimni kuzatib turdi. Koʻngli toʻldi, chamasi:

– Balli, unutmabsan, deb maqtab qoʻydi.

Tez orada yoz kelib, kunlar isib ketdi. Togʻ havosiga oʻrganib qolgan ekanman, quyoshning tigʻida ishlash oson boʻlmadi. Biroq meni Sanamoyning sogʻinchi koʻproq qiynardi. Qoʻlim ishda-yu, xayolim Oydin qishlogʻida boʻladi. Soy boʻyida uchrashgan paytlarimizni qoʻmsayman. Hoziroq uning oldiga uchib borsam, toʻyib-toʻyib bagʻrimga bossam, deyman. Bir oyni amal-taqal qilib oʻtkazdim. Unga xat yozib, yaqinda sovchilar borishini xabar qildim.

Birinchi maoshimni olgan kunim bozordan jiyanlarimga kiyim-kechak olib, qoʻshni qishloqqa uzatilgan Durdona opamnikiga bordim. Meni koʻrib opam suyunib ketdi. Yelib-yugurib dasturxon tuzadi. Oshga unnamoqchi boʻlganida, “Opa, gap bor”, deb toʻxtatdim. Durdona opam koʻzlarini moʻltiratib, xavotirga tushib qoldi:

– Nima gap, Berdiyorjon? – dedi koʻrpachaga choʻk tushib oʻtirayotib.

Kulib turaverdim. Opamning ichi qizib menga tikilib qoldi.

– Harbiyda bir qiz bilan ahdlashib qoʻyganman, – dedim yerga qarab.

– Voy, Berdiyorjon, kim u qiz?! – Durdona opamning gap ohangi birdan oʻzgardi.

– Sanamoy.

– Ismi chiroyli ekan.

– Oʻzi ham chiroyli.

– Ukaginam-a, harbiyda vaqtni bekor oʻtkazmabsan-da!

– Opa, sovchi yuborish kerak, uydagilar bilan gaplashsangiz…

– Gaplashaman, jonim bilan gaplashaman! Togʻ tomonlar uzoq-ku?

– Oʻzim olib boraman.

– Voy, kuyovning oʻzi sovchilikka boradimi?

– Opa!

– Nima deysan, Berdiyorjon, – opam oʻylanib qoldi.

– Qizning uyi harbiy qismimizning qavatida. Men joʻralarim bilan koʻrishib turaman. Sovchilaringizga Sanamoyning uyini koʻrsatib yuboraman.

– Shunday demaysanmi.

Uyimizga Durdona opam bilan birga qaytdik. Otamga maoshimdan qolganini olib kirib berdim. Uzoq duo qildi. Bu paytda Durdona opam onamning oldiga kirib, gapni pishitayotgan edi. Men tezda uydan chiqib ketdim. Oʻsha paytda biz tengi qishloq yigitlari juda-a istiholali boʻlishgan. Mendan avval uylangan joʻralarim ham shunday qilishgan.

Kech boʻlganda uyga keldim. Durdona opam qaytib ketibdi. Onam kulib, odatdagidan boshqacharoq qarshi oldi. Chehrasidan nur yogʻilib turardi. Shu kungi qiyofasi hali-hanuz koʻz oldimdan ketmagan. Biz onamiz uchun doimo bola boʻlib qolaveramiz. “Oʻgʻlim er yetib qolibdi, kechagina bagʻrimda olib oʻtirardim-a, endi uylantirishimiz kerak ekan, bola degani qushning polaponidek tez uchirma boʻlar ekan-da”, deya oʻylagan boʻlsa neajab. Onajonimga, mehribonimga yuragimni yorgim keldi. Sanamoyni sevishimni, uning togʻ osmonidagi ukpar bulutlardek mayin, toshdan toshga sakragan ohulardek goʻzalligini aytish istagini yengolmay qiynaldim. Oriyatdan hamma gaplarim botinimda qolib ketaverdi. Ayb ish qilib qoʻygan boladek bosh egib turdim.

– Durdona opang hammasini aytdi, – dedilar onam. – Otang ham bildi. Biz rozi. Mayli, bolam, oʻsha qiz koʻnglingga oʻtirishgan boʻlsa, kelin qilamiz. Bir-ikki kun tayyorlik koʻraylik, otang kimni qoʻshib bersa, birga borib kelasizlar.

Men yana Sanamoyni koʻrishimni oʻylab shamdek erib ketdim. Uning oldida yuzim yorugʻ boʻlayotgandi. Tezda sovchilar kelishadi, deb ishontirgan edim-da.

Ertasiga otam qarorini aytdi. Sovchilikka Durdona opamning eri Zafar pochcham bilan Pirmat amaki boradigan boʻlishdi. Pirmat amakini koʻndirish mening zimmamga tushdi.

– Otang toʻgʻri oʻylagan, – dedilar onam. – Uzoq yoʻl, erkaklar borgani maʼqul.

Pirmat amaki rozi boʻlmasa-chi, deb choʻchigan edim. Xavotirim oʻrinsiz ekan. Shu kunning ertasigayoq ustamga yuragimni yordim. Pirmat amaki ochiqkoʻngillik bilan iltimosimga koʻndi. “Mayli, Berdiyor, toqqa borish kerak boʻlsa boramiz-da, sen bola shoʻx chiqding-ku, kelinni oʻsha yoqlardan olib kelar ekanmiz-da”, dedi yelkamga qoqib.

Oydin qishlogʻi bizdan ikki yuz chaqirimlar yiroqda edi. Shanba kuni tong otmasdan Zafar pochchamning “Jiguli”sida yoʻlga chiqdik. Yozning chillasida jaziramaga qolmasdan yetib olaylik, dedik-da.

Mashinada uch soatlar chamasi yoʻl bosdik. Qishloqqa yaqinlashganimiz sari oldindagi yuksak togʻlar bostirib kelayotgandek tuyulardi. Moviy osmonga tutashgan qorli choʻqqilarga qarab Sanamoyni esladim. Xayolimda sevgilimning soʻlim chehrasi jonlandi. Men togʻ goʻzalining shahlo koʻzlarini, kulib-kulib qarashlarini judayam sogʻingan edim.

Vaqt oʻtgan sayin yuragim taka-puka boʻla boshladi: “Sanamoyning uyidagilar yuq deb oyoq tirab turib olishsa, nima degan odam boʻlaman?”

Harbiy qismga yetganimizda rulda oʻtirgan Zafar pochchamga toʻxtash ishorasini qildim. Mashinadan tushib atrofga alangladim. Xayolimda mana hozir paqirini koʻtargan Sanamoy soydan suv olgani chiqib keladigandek tuyuldi. Ammo koʻcha boʻm-boʻsh edi, hech kim koʻrinmadi. Oʻzim, oʻz qoʻllarim bilan koʻtargan ravon devorga birinchi bor koʻrayotgandek havas bilan tikildim. Hozir jonsiz devor ham men uchun qadrdon va suyimli edi. Axir, shu yerda ishlayotib Sanamoyni topgan edim-da.

Zafar pochchamga devorga tutash, yashil daraxtlar koʻkka boʻy choʻzgan hovlini koʻrsatdim.

– Sen joʻralaring bilan boʻlib tur, oʻzimiz chaqiramiz, – dedilar Zafar pochcham mashina eshigini yopayotib.

Meni koʻrib harbiy qismimizga kiraverishda qorovulda turgan askarlar suyunib ketishdi. Biri olib, biri qoʻyib uyda qanday kutib olishgani, hozir nima ish qilayotganimni surishtira boshlashdi. Ularni tushundim, uylarini qoʻmsashayotgan edi. Menga yopishib olishganining boisi shu. Xizmat davrida oʻzimda ham shunday boʻlgan. Birorta askarga taʼtil berilsa, qaytganidan keyin hammamiz uni qoʻrgʻalab olardik. Men ham uning taassurotlarini jon qulogʻim bilan eshitar, goʻyo oʻzim qishlogʻimizga borib kelgandek boʻlardim.

Ancha gap-soʻzlardan keyin bu ikki askar nima uchun Oydinga kelganimni soʻrab qolishdi. “Sizlarni sogʻindim, koʻrib ketay deb keldim”, deb qutuldim. Qism navbatchisiga qoʻngʻiroq qilib, ichkariga kiritishdi. Qadrdon yoʻlkadan tez-tez yurib ketdim. Uchragan joʻralarim bilan quchoqlashib koʻrishdik. Ular meni askarlar yotogʻigacha kuzatib borishdi. Ichkariga kirganimda navbatchi ofitser komandir soʻrayotganini aytdi. Xolbek Safarbekovning menga munosabati xizmatimning oxirgi kunlarigacha yaxshi boʻlib qolgandi. Hatto qisqa muddatli taʼtil ham bergan. Oʻzim voz kechganman. Shundoq ham ikki marta uydagilar kelib ketishgan edi. Komandir quchoq ochib koʻrishdi. Unga kelishimning sababini ochiq aytdim.

– Boboyev, devor urayotganingda qishlogʻimiz qizini ham yuragidan urgan ekansan-da, – deb kuldi.

Shu kuni harbiy qismimiz oshxonasida mehmon qilishdi. Tushdan keyin nazorat punktiga chaqirtirishdi. Chiqqanimda Zafar pochcham kulib qarshi oldi. Nima gapligini bilolmay hayajonlanar edim. Yuragim bezovta qushdek bejo ura boshladi. Oʻzimni biroz bosib, oldiga bordim.

– Qaynim, kelindi otasini koʻndirish ancha-a mushkul kechdi, – dedi pochcham salmoqlab. – Ammo-lekin seni yaxshi bilisharkan. “Devor urgan askar bola” deganimizda darrov eslashdi. Pirmat akaga yaxshilab eriydigan boʻlding. “Meni shogirdim”, deb toza-a maqtovingdi keltirdi. Endi toʻyga tayyorlik koʻraveramiz.

Biz Oydin qishlogʻidan yaxshi xabar bilan qaytdik. Shu kundan uyimizda toʻy maslahati boshlandi. Zafar pochcham bilan Durdona opam kunda, kunora kelib turishdi. Toʻyning oldi-berdilarini kelishish ham pochchamga yuklandi. Chamasi uch-toʻrt bor Oydinga borib keldilar. Ikki oy ichida Sanamoy bilan toʻyimiz boʻldi. Men baxtli edim. Xursandligim olamga sigʻmasdi. Sevgan qizimga yetishdim. Qurilishdayam ishim chakki emas. Bir yigitga yana nima kerak.

Biroq sharsharadek quyilib kelgan quvonchli kunlarim bir umrlik emas ekan. Oradan yarim yil oʻtib baxtimga koʻz tegdi. Gʻayrat yegan oshimga zahar soldi. U harbiydan qaytganimizdan keyin qurilishga bormagandi. Tuman markazidagi sugʻurta tashkilotiga ishga kirib oldi.

Qish oylari edi. Biz sinfdosh yigitlar bilan haftasiga bir kun gashtak qilar edik. Galdagi oʻtirish Shodmonqul degan joʻramizning tugʻilgan kuniga toʻgʻri keldi. Ziyofat quyuq boʻldi. Men aroq ichmas edim. Shu kuni joʻralarga qiziqib yaxshigina “olib” qoʻyibman. Tunda Gʻayrat bilan uyga qaytayotganimizda nimadandir gap talashib qoldik.

– Sen ham tezroq uylanib olsang, bosilib qolasan, – deyishimni bilaman, Gʻayrat birdan tutaqib ketdi. Yoʻlning oʻrtasida ketayotgan edik. Oldimni toʻsib, vajohat bilan turib oldi. Sovuq qish tunining qorli kechasida ikkimiz yolgʻiz edik. U menga gʻazab bilan tikildi. Koʻzlaridan uchqun sachragandek boʻldi.

– Bir uylangan senmi! – dedi yonboshiga “chirt” etkazib tuflab.

Meni ajablantirgani Gʻayratning ovozida beadogʻ bir nafrat bor edi. Dafʼatan gapining mazmunini tushunolmadim.

– Nima demoqchisan?! – etim jimirlashib ketdi.

– Xotiningdi qornidagi bola sendan emas! – ilondek vishilladi u. – Sendan emas, loʻx! Erkaklar bilan ochilib gaplashib yurishidan bilmadingmi?!

Gʻayratning, yaqin joʻramning tomdan tarasha tushgandek bunday deyishi bomba portlashidek taʼsir qildi. Qulogʻim shangʻillab, vujudim muzga aylandi. Osmondagi yulduzlar badanimga sanchilib, butun tanamni tilka-pora qilayotgandek tuyuldi. Boʻynimga arqon solingandek, dorga tortilgan odamdek boʻgʻila boshladim. Qoʻllarim oʻz-oʻzidan musht boʻlib tugildi. Bor kuchimni toʻplab yuziga tushirdim. Nima deganim, qanday soʻzlarni aytib soʻkinganimni eslolmayman. Gʻayrat ham qarab turmadi. Jon-jahdi bilan yuz-koʻzim aralash mushtlay ketdi. Biz yoqalashib qorda dumalashar, bir-birimizni ayamasdan urardik. Gʻayrat mendan ancha baquvvat, kuchli edi. Uning ketma-ket bergan zarbalaridanmi, alamdanmi, karaxt boʻlib qorda yotib qolibman.

Bir payt oʻzimga kelganimda Gʻayrat yoʻq edi. Sovuq qish kechasida, qor bosgan yoʻlda hush-behush boʻlib choʻzilib yotibman. Itlarning akillashidan boshqa ovoz eshitilmaydi. Sovuqdan etim junjikdi. Yarim tunda qishloq chekkasidagi yoʻldan kim ham oʻtardi. Oʻrnimdan qoʻzgʻamoqchi boʻlib talpindim. Yuzimda, biqinimda sanchiq turdi. Ammo yuragimdagi toshdek ogʻir dard oldida bu ogʻriq hech gap emas edi. Qorda oʻtirib oldim. Oʻrnimdan turishga majolim yoʻq. Gʻayratning gaplarini eslab oʻkirib yigʻlab yubordim. Qulogʻim ostida “Xotiningdi qornidagi bola sendan emas”, degan dahshatli haqorat qayta-qayta jaranglayverdi. Quloqlarimni berkitib oldim. Oʻsha tovush miyamni kemira boshladi…

Shu ahvolda qancha oʻtirganimni bilmayman. Oʻzimga kelib, oʻrnimdan turdim. Boshimni egib uyimiz tomonga gandiraklab yurib ketdim. Mastligim allaqachon tarqagandi. Alamdan, iztirobdan yurgan yoʻlimda daryodagi qayiqdek chayqalaman. Sanamoyning qiliqlari, erkalanishlari sel boshlanishi oldidagi chaqmoqdek lip-lip etib xayolimdan oʻta boshladi. Bu oʻylar meni yanayam kuchliroq gʻazablantirdi.

Togʻli qishloqning erkagu ayoli ochiqkoʻngil, jaydari. Sanamoy hech kimdan oʻzini olib qochmasdi. Hamma bilan aka-ukalaridek soʻrashib-salomlashib ketaverardi. Shu odati qishlogʻimizga kelin boʻlib kelganida ham qolmadi. Birovni aka, boshqasini uka deb yuraverdi. Gʻayratning gapidan keyin bular oʻsha iddaoning isbotidek tuyula boshladi. Yuragimga xanjar sanchilgandi! Bu tigʻ shu paytda yuragimnigina emas, ongimni ham jarohatladi. Sanamoy haqida oʻylaganim sari Gʻayratning gapida jon bordek tuyulaverdi, uning pokligiga shubham ortdi.

Uyga yetib kelganimda gʻazab otiga mingandim. Xotinim koʻzimga buzuq ayol boʻlib koʻrindi.

Qishlogʻimizda uylar chetan devor bilan oʻralgan. Darvoza oʻrnidagi toʻsiqni surib ochdim. Uzun yoʻlakdan oldinga tomon yurdim. Sanamoy bilan yashayotgan alohida uyimizning chirogʻi yoniq edi. Bilaman, kech qolsam uxlamasdan kutadi. Koʻnglim alagʻda boʻldi. Gʻayratning gapiga ishonmasligim kerak, deb ham oʻyladim. Lekin bu oson emasdi. Bunga kuchim yetmadi! Qoʻllarim yana oʻz-oʻzidan musht boʻlib tugildi. Uyga shiddat bilan otilib kirdim. Eshik taraqlab ochilganda Sanamoy dahlizga chiqdi. Koʻzimning atrofi koʻkargan, burnim qonagan ahvolda ekanman. Meni koʻrib rangi-quti oʻchib turib qoldi. Uni ogʻiz ochishga qoʻymadim. Alamimni toʻkib olmasam yorilib ketay deyayotgandim.

– Qorningdagi bola kimdan, qanjiq?! – deb quturgan buqadek boʻkirdim.

Sanamoyning koʻzlari pirpiradi-yu, gapirolmay qoldi. Oʻsha paytda buni aybiga iqrorlik deb oʻylabman. Oʻzimni tutolmasdan yuziga bor kuchim bilan tarsaki tushirdim. U chinqirib yubordi-da, yuzini qoʻllari bilan toʻsib oldi. Butun vujudi kech kuz boʻronida qolgan bargdek qaltirardi. Yana xezlanib turganimda madordan ketib yerga yiqildi. Men tepasida turib olib, ogʻzimga kelgan gaplar bilan uni soʻkar, buzuqdan olib, buzuqqa solar edim. Sanamoy ingrar, yigʻlar, “yoʻq, yoʻq” deyishdan nariga oʻtolmasdi. Men it boʻlib ketgandim. Xotinimning har bitta harakati, oʻzini oqlaydigan biror soʻz ham aytmayotgani Gʻayratning gapi rostligiga ishonchimni yanayam orttirdi. Odam gʻazab otiga minganida aql ketadi, deganlari shu ekan-da. Engashib yana musht oʻqtalayotganimda onam kirib qoldi.

– Nima boʻldi, nima gap?! – titrab-qaqshab baqirdi menga. – Nega urasan kelindi, nodon bola, ogʻir oyoq-ku, axir! – deya yerda gʻujanak boʻlib yotgan Sanamoyga yopishdi.

Onamni qishloqda “Norgul momo” deb hamma hurmat qiladi. Aqlli, zukko ayol. Sanamoyning turishiga yordamlashayotib qoʻli bilan ishora qildi:

– Sen chiq bu yerdan! Meni uyimga kirib oʻtir. Ichib kelibsan-da!

Men turgan joyimdan qimirlay olmasdim. Shu payt yigʻlayotgan Sanamoy tilga kirib qoldi:

– Ena, enajon! Oʻgʻlingiz bola… bola kimdan, deyapti! – u alamdan dodlab yubordi. – Men bu gapni koʻtarolmayma-an!

– Uni joʻralari ichirgan, sira ichmas edi mening bolam! Sen gapiga eʼtibor qilma, kelin, – onam ovuta boshladi.

Biroq shu tobda buning iloji yoʻq edi. Zilzila sodir boʻlgan edi. Hammayoqni vayron qilib boʻlgandi bu zilzila. Aytilgan soʻz – otilgan oʻq. Men nomard Gʻayratning gapi bilan pokiza uyimga olib kelgan daʼvo dunyoni ostin-ustun qilib yubordi, Sanamoyning yuragini ovchining oʻqiga uchgan ohudek yaraladi. Oʻshanda bu jarohat hech qachon bitmasligini, mening ham yuragimni bir umrga qon qilib qoʻyishini bilmas edim.

Haqiqat shu kunning ertasiga ayon boʻldi…

…Oʻsha tunda onamning uyiga chiqib ketdim. Otamdan bir shapaloq yedim, soʻkish eshitdim. Shundan keyin issiq elitib, uxlab qolibman.

Kun yorishganda onam uygʻotdi. Yuragim siqilib oʻrnimdan turdim. Kechagi ichkilikning taʼsirida boshim garang edi. Tundagi voqealarni eslab koʻnglim gʻashlandi. Tund basharam onamga yoqmadi:

– Oʻrningdan turib yuvinib kel, – dedi bosh chayqab.

Bu tong uyimizda hammaning kayfiyati rasvo edi. Alohida xoʻjalik boʻlgan akam bilan yangam kelishdi. Ularni onam chaqirtiribdi. Besarligimizning sababini meni oldilariga chaqirishganda bildim.

– Kelin ketib qoldi, – dedi onam alam bilan. – Endi nima qilamiz? Sharmanda boʻldik!.. Qol deb Xudoning zorini qildim, boʻlmadi. “Enajon, mendan rozi boʻling”, deb yigʻlab-yigʻlab ketdi. Qishloqda Norgul momoning boʻyni bukilmagan edi. Endi mana bunday ahvol… Berdiyor bolam, sen aqlli yigit eding-ku, nima boʻldi? Ayt, seni kim yoʻldan urdi? Bu tuhmat gaplarni qay goʻrdan kavlab olding?!

Men shundoq ham adoyi tamom boʻlgandim. Gʻayratning “Bola sendan emas” degan gapini eslab ich-etimni kemiraman. Bir soʻroq qiynaydi: agar bu gap yolgʻon boʻlsa, Gʻayrat nega bunday dedi?! Maqsadi nima?! Qayerdan oldi bu bombadek portlagan, bir lahzada hayotimni doʻzaxga aylantirgan, baxtli kunlarimga ilonning zaharini solgan gapni?!

Yigʻilganlar mendan javob kutishardi. Uyatdan, alamdan hech narsa deya olmadim. Onamning, jigarlarimning koʻzlariga qarolmadim. Tilim tanglayimga yopishib qoldi. Oʻrnimdan turib, oʻqdek otilib uydan chiqib ketdim.

Gʻayratning oldiga borishim, yoqasidan olib, oʻsha magʻzavadek iflos gapiga javob berishini talab qilishim kerak edi. Qoʻllarim yana musht boʻlib tugildi. Yana kechagidek vujudim yonib, botinim gʻazab-nafratga toʻldi!

 

* * *

Bizning hovlimiz qishlogʻimizni yoqalab oʻtadigan katta yoʻl boʻyida, Gʻayratlarniki bir koʻcha nari – oʻrtaliqda. Tunda yoqqan oppoq, yumshoq qorni gʻarch-gʻurch bosib ularning uyi tomonga yurdim. Qorli yerning shaffoflik darajasiga yetgan tiniqligidan koʻzlarim jimirlashib ketdi. Mening koʻnglim esa buning aksi edi, bugun uni kadar qoplab olgandi. Bu gʻam-gʻussa yuki yuragimni gʻijimlayotgandi, men ado boʻlayotgandim. Yoʻl-yoʻlakay bozorga otlangan bir-ikki hamqishloqlar uchradi. Ularga boshimni qimirlatib, salomlashgandek oʻtib ketaverdim. Ortimdan ajablanib qarab qolishganini payqadim. Ammo buni oʻylaydigan ahvolda emasdim.

Gʻayratning hovlisi ham biznikidek chetan devor bilan oʻralgan. Hovliga kirganimda Gʻayratning onasi Sarvi momo kutib turgandek yugurgilab uydan chiqdi.

– Berdiyorjon, kel, oʻgʻlim?! – Sarvi momoning ovozida hadik, qoʻrquv bor edi.

– Gʻayrat uydami? – dedim qovogʻimni uygancha gʻoʻldirab.

– Gʻayrat joʻrang saharlab chigʻib ketgan, chigʻib ketgan, ayna, – Sarvi momo nimagadir yigʻlamsiradi. – Uzoqqa ketdim, dedi. Qaygaligini aytmadi… Nima boʻldi sizlarga, goʻdaklikdan ajralmagan joʻra edinglar-ku…

Sarvi momoning qolgan gaplarini eshitmadim. U tundagi voqeani bilishini tushundim. Gʻayratning uyida emasligiga esa ishonmadim. Uyat va alamdan bir soʻz ham deyolmay ortimga oʻgirildim-da, qalin qorni gʻarch-gʻurch bosib tez-tez yurib ketdim. Shu topda boʻshashgan, soddagina Sarvi momo ham mening ustimdan kulayotganga oʻxshardi.

Qishloqning qorli yoʻlidan tentakdek gandiraklab borardim. Goʻyo qishlogʻimiz boʻylab Gʻayratning “Bola sendan emas, bola sendan emas”, degan ovozi jaranglab eshitilayotgandek tuyuldi. Havoning sovuqligidan emas, ana shu alamli oʻylardan junjikib uyimiz tomonga shoshildim. Yotoqxonamizga kirib kelganimda ham xonada oʻsha dahshatli soʻzlar jaranglab eshitila boshladi. Ikki qulogʻimni berkitib oʻringa yotdim…

Tushlik payti boʻlganda onam uygʻotdi. Boladek tumtayib oʻtirib oldim. Bir maromda kechayotgan tinch, baxtli hayotim tugagandi. Nafaqat mening, uyimizdagilarning ham tinchi buzilgan, hammaning koʻngli xufton edi.

Onam roʻparamga oʻtirib, sekin gap boshladi:

– Sarvi momong keldi… – onam biroz jimib qoldi. – Tuni bilan ular ham uxlashmabdi. Oʻgʻli mastlikda bor gapni aytib beribdi… U ham Sanamoyni yaxshi koʻrgan emish. Senga aytgan gapi yolgʻon ekan. Oʻch olaman deb shunday qilibdi. Sen ahmoq bola…

Onam oʻkirib yigʻlab yubordi. Men sakrab oʻrnimdan turib ketdim. Bu haqiqat boshimga gurzi boʻlib tushdi. Peshonamni devorga urgim, dodlagim, oʻzimni mushtlab tashlagim keldi. Ammo koʻnglimda hech narsa oʻzgarmadi. Ichim boʻm-boʻsh. Na suyundim, na taskin topdim. Badanimda titroq turdi. Gʻayratga boʻlgan nafratim, gʻazabim oʻn, yuz chandon ortdi. Titrab, tirishib qolgan edim. Onam bilagimdan tortdi:

– Oʻtir! Hamma gaplarni esingdan chiqar! Sendan qoʻrqib Gʻayratni qochirib yuborishgan. Endi uni koʻrmaysan. Kelindi qaytarish kerak. Akangdi Zafar pochchangga yubordim, Sanamoyni olib kelasizlar!

– U kelmaydi, – dedim sekin.

– Keladi! Bolangdi yetim qilib qoʻymoqchimisan?!

Onamning bu gaplari yuragimga otilgan toshdek qattiq botdi. Men Sanamoyning qaytishini istamayotgandim. Koʻnglim singan chinnidek parchalarga boʻlinib ketgan, Gʻayratning bir ogʻiz gapi vujudimni sovuq toshga aylantirib qoʻygan…

Shu yakshanbada Durdona opam bilan Zafar pochcham biznikida yotib qolishdi. Durdona opam goʻdakligimda koʻtarib katta qilgani uchun menga juda mehribon edi. Koʻnglimni koʻtarishga urinib ancha gaplarni gapirdi. Zafar pochcham esa “Obbo qaynim-yey, nima ishlar qilib qoʻyding, togʻ tomonlarga yana borarkanmiz-da”, derdi nuqul.

Ertasiga saharda opam bilan pochcham Oydinga joʻnab ketishdi. Dushanba edi, men qurilishga bordim. Qoʻlim ishda-yu, xayolim boshqa yoqda. Pirmat amaki kuzatib turgan ekan, oldimga keldi.

– Berdiyor, senga nima boʻldi, hov bola? Kelin bilan oralaringdan bir gap oʻtdimi? – sinovchan tikildi u.

Ustaga nima deyarimni bilmasdan boladek kalovlandim. Yuragim qon edi, dardim daryo boʻlib oqayotgan edi. Sanamoyni yoʻqotganimni endi-endi his qilayotgandim. Gʻayrat qilgʻilikni qilib qochib ketdi. Men esa it azobiga qoldim! Sanamoyga ham ogʻir boʻlishini oʻylay boshladim. “Qaytib kelarmikan?” degan soʻroq uyga qamalib qolgan qaldirgʻochdek miyamda charx uradi. Men-chi, men uning qaytishini xohlaymanmi? Garchi tuhmat boʻlsa ham oʻrtaga xiyonat haqida gap oraladi. Bu gap bugun-erta qishloqqa yoyiladi. Odamlarning ogʻzini yopib boʻlmaydi… Men arosatda qolgandim. Oʻylarim tagsiz, tayanchsiz lomakonda edi…

Xayol surib qolgan ekanman, Pirmat amaki tirsagimga sekin turtdi:

– Ayt, nima boʻldi?

Oʻzim ham toʻlib turgandim. Yuragimda toʻplangan zardob yorilsa-yu, sitilib-sitilib oqsa, ozgina boʻlsa ham yengil tortsam derdim. Biz yonma-yon gʻisht terayotgan edik. Atrofda ustadan boʻlak hech kim yoʻq. Yerdagi taxlab qoʻyilgan gʻishtga oʻtirib oldim. Pirmat amaki qarshimga choʻkdi. U menga ustoz, doʻstim, otamdek boʻlib qolgan. Shuning uchun ham bor voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdim. Hech gapni yashirmasdan, hammasini aytdim. Aytib boʻldim-u, ancha yengil tortdim. Xayolimda Pirmat amaki muammolarimga yechim topadigandek edi. Oʻsha tunning azobi, Gʻayratning boʻhton gaplari, ertasiga yaramga tuz sepilgandek qiynalganlarim – bari-barisini aytdim.

Pirmat amaki gapimni boʻlmasdan eshitib oʻtirdi. Ahmoqligim uchun soʻkadi, hatto bir shapaloq urab yuboradi ham deb oʻyladim. Men bunday jazoga loyiq edim. Usta shunday qilganida yanayam yengil tortgan boʻlar edim. Pirmat amaki oʻyga choʻmib, boshini chayqadi:

– Chatoq boʻlibdi, chatoq, – dedi afsuslanib. – Berdiyor, uni ikki yil askarlikda yurib sinagan eding. Xotining toʻydan keyin har kuni yoningda boʻldi. Qanday ayolligini nahot bilmading? Gʻayrat joʻrang asli tirraqiroq bola edi, senga ham itlik qilibdi-da!

Men nodonni Pirmat amakining gaplari hushyor torttirdi. Birdan koʻzimning oldini qoplagan parda surilib, haqiqatni koʻra boshladim. Qiziqqonlik bilan qilib qoʻygan ishimning oqibatini oʻyladim. Bu mening shu yoshimgacha qilgan eng katta xatom edi. Biroq oʻsha paytda buning jabrini bir umr tortishimni hali bilmasdim.

Ish ham unmadi. Qurilishda kunni bir amallab kech qildim. Uyga kelganimda otam bilan onamdan boʻlak hech kim yoʻq edi. Kulib qarshi oladigan sarvqad Sanamoy ham yoʻq! Uyimiz huvillab qolgan.

Otam hovlida gʻimirlab yurgan ekan. Meni koʻrib qovoq uygancha indamasdan uyga kirib ketdi. Serrayib turib qoldim. Bilaman, uyimga kirsam, Sanamoyni qiynaganlarim xayolimga boʻrondek yopiriladi, yana ezilaman…

Shu paytdagi ahvolimni onam yaxshi tushundi. Onalar farzandlarini hamisha, hammadan yaxshi tushunadi. Dunyoga keltirgan zurriyodlari bilan umrining soʻnggi damlarigacha koʻzga koʻrinmas teran tomirlar bilan bogʻlangan boʻladi. Onamiz borligi uchun ham biz oʻzimizni inson deb his qilamiz. Eng ogʻir damlarda, hatto oʻlim chang solganida ham beixtiyor “ona-a!” deya emranamiz.

– Berdiyorjon, uyingga kir, – dedi onam yonimga kelib.

Meni boladek yetaklab ichkariga olib kirdilar. Choʻyan pechka yoqilgan boʻlsayam, xona sovuqdek tuyuldi. Har bir jihoz Sanamoy bor paytdagidek joy-joyida edi. Toʻshaklar taxmonga yigʻilgan. Xontaxta atrofiga baxmal koʻrpachalar solingan. Sanamoyning shoyi pardasi tutilgan derazadan qorongʻi tusha boshlagan hovlimiz mungʻayib koʻrinadi.

Onam bilan xontaxta chetiga oʻtirdik. Hadik, biroz vahima bilan ogʻzini poylardim. Men kechagi, hatto ertalabki Berdiyor ham emasdim. Pirmat amakining gaplari aqlimni kiritdi. Goʻyo osmondagi bulutlar tarqab, quyosh charaqlab chiqqan edi. Qilib qoʻygan ahmoqligimning jabrini allaqachon tortayotgan edim. “Zafar pochcham bilan Durdona opam Oydindan qanday xabar olib kelishadi?”. Oʻzim sezmagan holda shu haqda oʻylay boshlagandim. Qani endi, hammasi bir lahzada unutilsa. Hayotimni ikki kun orqaga qaytarib boʻlsa edi!

– Pochchang bilan opang qudanikiga borib kelishdi, – dedi onam xonadagi sovuq jimlikni buzib. – Quda ham, qaynonang ham aniq bir gap aytishmabdi. Harqalay, “yoʻq” deyishmabdi-ku. Kelinning oʻzi boʻlsa “Bormayman, u qishloqqa borolmayman endi”, deb yigʻlab turib olganmish. Durdona opang Sanamoyni koʻndirishga chunon urinsa ham foydasi boʻlmabdi… Endi sabr qilamiz, bolam.

 

* * *

Kunlar asta-sekin iliy boshladi. Qorlar erib, yoʻl chetlarida yashil maysalar koʻrindi. Uylarning boʻgʻotlarida juft-juft boʻlib qaldirgʻochlar chirqillab qolishdi. Hamma Sanamoyning “boʻyni yor berib qolishi”ni kuta boshladi. Shunday qilib kunlar, oylar oʻtdi. Bahor keldi. Durdona opam bilan Zafar pochcham hamon boʻzchining mokisidek Oydinga qatnashardi.

– Kelin oyogʻini tirab turib olgan. “Boshqa ovora boʻlmanglar, endi qaytmayman”, dedi.

Ular oxirgi marta borib kelganlarida ana shunday deyishdi.

Men Sanamoydan ayrilgandim. Qilgʻilikni qilib qoʻygan Gʻayrat esa qishloqqa qadam bosmadi. Choʻlga ketib qolibdi, degan gap eshitdim. Kechagina karillab yurgan yigit suvga tushgan toshdek yoʻq boʻlib qoldi. Joʻralarimdan oʻsha yoqda uylanganini eshitdim.

Qurilishda kun boʻyi gʻisht teraman. Hammadan koʻp ishlayman. Koʻzimni yumib ham gʻisht tera oladigan boʻldim. Choklari bexato chiqadi, bir tekis yoyilgan qorishmaga chaqqon-chaqqon gʻisht qoʻyib, qulf-kalit qilib ketaveraman. Pirmat amaki ishimdan minnatdor. U mening ahvolimni hammadan yaxshi tushunar, hayotimning bunday tomonga oʻzgarib ketganiga qattiq achinardi. Har zamonda “Qoʻyaver, hali yoshsan, hammasi izga tushadi”, deb qoʻyadi.

Ertaga nima boʻlishini aytib boʻlmas ekan. Hammasi izga tushib ketmadi. Suddan chaqiruv qogʻozi oldim. Sanamoy ajrashish toʻgʻrisida ariza beribdi.

Belgilangan kuni sudga bordim. Sanamoyni koʻraman, gaplashaman degan edim. Bu umidim ham puchga chiqdi. Uning nomidan yangasi keldi. Sudning qarori bilan ikki oy muhlat berishdi. Bu muddat oʻtgandan keyin esa… bizni ajratib yuborishdi. Oʻshanda yangasi Sanamoyning qizli boʻlganini aytdi. Mening hali bitmagan yaram yana yangilandi…

Xullas, men xotinim bilan rasman ajrashdim. Sanamoy nafaqa undirish uchun ariza ham bermadi…

Hayotimdagi bu yoʻqotishga chidash oson boʻlmadi. Tunlari uxlolmasdan toʻlgʻanib chiqardim. Shunday paytlarda Gʻayratni tutib olib boʻgʻgim, avtomat bilan otib tashlab alamdan chiqqim kelardi. Biroq bu mening xomxayolim edi. Endi biz yurgan soʻqmoqlar tutashmasligi kerakligini bilardim.

Shunday kunlarda onam meni ikkinchi marta uylantirish harakatiga tushdi. Kasbim bor, topish-tutishim yaxshi. Tegaman degan qizlar ham talaygina. Qishloqda gap yotadimi, boshimdan oʻtganlarini hamma eshitgan.

Boʻlib oʻtgan voqealar taʼsirida koʻnglim karaxt boʻlib qolgandek edi. Kelin tanlashni onamning oʻziga qoʻyib berdim. Haqiqiy sevgi lazzatini inson bir marta totadi. Sanamoy mening birinchi muhabbatim edi. Xayolimda Oydin qishlogʻida koʻrganimdek – chelak koʻtarib soy boʻyida turgan holida suratga olingandek muhrlanib qoldi. Bilaman, endigisi unday boʻlmaydi…

Onam kelinlikka Zebi degan qizni tanladi. Zebi hamshiralik bilim yurtini bitirib, qishlogʻimizdagi ambulatoriyada ishlayotgan edi. Bir marta uchrashib, gaplashdik. Men unga yuragimda borini aytdim. Sanamoyni unutishim qiyin boʻlayotgani, biroq u endi qaytmasligini – bari-barini toʻkib soldim. Zebi jim oʻtirib eshitdi. “Mayli, hammasiga roziman”, degan javobni aytdi. Shundan keyin toʻyimiz boʻldi.

Mana, oradan koʻp yillar oʻtdi. Xotinimdan nolimayman, yaxshi turmush qilib kelyapmiz. Hozir yangi qurilgan qishloq vrachlik punktida hamshira boʻlib ishlaydi. Toʻrtta farzandimiz bor. Toʻngʻich oʻgʻlimni uylantirganman, yaqinda nevarali boʻlaman. Sanamoy haqida bir martayam ogʻiz ochmadi. Bunga baʼzan oʻzim ham hayron boʻlaman. U esa koʻnglimga qaraydi…

Gʻayratni soʻrayapsizmi?.. Oʻsha voqeadan oʻn yil oʻtib yuzma-yuz boʻlganmiz. Savri momo – onasi qazo qilganda. Gʻayratning choʻldan kelganini bilganim uchun janozaga borishga ham ikkilanganman.

– Oʻgʻlim, hamma gaplar oʻtib ketdi, endi borib joʻrangga bandalik bildir, – dedi onam.

Onamning gapini ikki qilmay, el qatori taʼziyaga bordim. Gʻayrat qora chopon kiyib hassakashlar qatorida turar edi. Menga koʻzi tushib, yerga qaradi. Yaqin joʻralardek yelkasidan olib bandalik bildirishim lozim edi. Agar shunday qilsam, badanimga iflos bir narsa ilashib qoladigandek tuyuldi. Taʼziyaga borish burchim edi, burchimni ado etdim, ammo Gʻayrat bilan soʻrashmadim. Rahmatli Sarvi momoning keyingi maʼrakalarida ham shunday boʻldi. Sinfdosh joʻralarimiz meni tushunishar edi, ortiqcha gap qilishmadi.

Shundan keyin Gʻayrat bilan uchrashmasam kerak, deb oʻylagandim. U butunlay choʻllik boʻlib ketgan edi. Qishloqqa kamdan-kam kelar, joʻralarimizga ham juda-a qoʻshilavermasdi. Biroq bundan besh yil avval taqdir bizni yana uchrashtirdi…

Vaqt odamlarga boʻysunmaydi, yillar koʻnglimizda armon boʻlib oʻtaveradi. Tengdoshlarimiz bola-chaqali, oldilari quda-andali. Ulgʻayganimiz sayin bir-birimizning qadrimizga yanayam koʻproq yetadigan boʻldik. Bahor, yoz oylarida qishloq kishilari ishdan ortmaydi. Endilikda koʻpchilikning gʻallachilik, bogʻdorchilik fermer xoʻjaliklari bor. Kuzda-ku, dalaning ishi qaynagandan qaynaydi. Bizning sochlarimizga oq oralay boshladi. Lekin qish oylarida avvalgidek gashtakka toʻplanib olamiz. Bu odatimizni hozirgacha tark etmadik.

Oʻshanda qahraton qish edi. Qor boʻralab yogʻayotgan kunda joʻralar bilan gashtakka yigʻiladigan boʻldik. Navbat – Safar degan sinfdoshimizniki. Safar – koʻngli ochiq, hazilkash, quvnoq yigit. Boshimizni qovushtirib, gashtaklarimizni tashkillashtirib yuradigan ham shu Safarboy.

Safarning uyi qishloq chetida – ulkan yongʻoq daraxtlari bilan qurshalgan katta hovli. Yoʻl yoqalab Safarnikiga ketar edim. Bir payt Gʻayrat menga oʻsha dahshatli soʻzlarni aytgan joyga borib qolibman. Har safar shu yerdan oʻtganimda oʻsha qora tun esimga tushib asabiylashaman. Hozir yana shunday boʻldi…

Oʻshanda ham qahraton qish edi… Atrof qor bilan qoplangandi. Yoʻlning narigi tomonidagi gʻallazor qirlardan izgʻirin shamol esib, etni junjiktirardi… Koʻz oldimda Gʻayratning oy yorugʻida chaqchaygan qahrli koʻzlari namoyon boʻldi. Keyin u hayotimni ostin-ustun qilib yuborgan “Xotiningdi qornidagi bola sendan emas” degan oʻsha dahshatli soʻzlarni aytdi. Biz qorda yumalashib, tevalashib ketdik. Bir-birimizga ayamasdan, jon-jahdimiz bilan musht tushirardik… Men hech qanday ogʻriqni sezmasdim. Qir tomondan esayotgan izgʻirin shamol ham karaxt boʻlib qolgan tanamga zarracha taʼsir qilmayotgandi…

Xayol surib borar ekanman, Safarboynikiga yetganimni payqamay qolibman. Qishning chillasi emasmi, kun qisqa, erta qorongʻi tushdi. Yoʻlakdan yurib, chirogʻi yoniq tanish mehmonxonaga yaqinlashdim. Ichkaridan joʻralarimning gangir-gungur hangamalashayotgan tovushlari eshitildi. Endigi gashtaklarimiz avvalgidek qiyqir-qiyqirlar bilan oʻtmasdi. Biz qirqdan oʻtgan, ancha bosilib qolgan erkaklar edik.

Mehmonxonaning ostonasiga qadam qoʻyganimda ichkaridan Safarboyning oʻzi chiqib qoldi.

– Berdiyor, joʻrajon, kelaqol, – dedi shoshib. Soʻng nimagadir qoqqan qoziqdek tikilib turib qoldi.

– Uyingga kiritasanmi yo qaytib ketaymi?

– E-e, nima deyapsan, – Safar chaqqon harakat bilan oʻzini chetga oldi.

Men hech qanday shubhaga bormasdan mehmonxonaga kirdim. Kirdim-u, birov ustimdan sovuq suv quyib yuborgandek junjikib ketdim. Xonada birovi moʻylovdor, birovi koʻsa joʻralarim davra qurishgan. Ularning koʻpchiligi shirakayf. Dasturxonda ochilgan aroq shishalari bor edi. Joʻralarimning oʻrtasida, ne koʻz bilan koʻrayki, Gʻayrat oʻtirardi. Oʻsha-oʻsha miqti gavda, yoʻgʻon yonoq suyaklari turtib chiqqan yuzi ham oʻzgarmagandek. Faqat toʻlishibdi, sochlari oppoq oqarib ketibdi. Atrofida oʻtirgan tengdoshlaridan ana shu oppoq sochi bilan ajralib turardi. Gʻayratga tikilganimcha haykaldek qotib qolibman. Menda na hadik, na avvalgidek nafrat bor edi. Uning yana joʻralarimga qoʻshilib olganidan ijirgʻandim. “U boʻlgan joyda menga oʻrin yoʻq”, degan xayolga bordim.

Davrada oʻtirganlardan ayrimlarining boshlari egik, boshqalari endi nima boʻlarkin, degan oʻyda bizga tikilib qolishdi. Hamma nimadir yuz berishini kutardi. Gʻayrat ham mast koʻzlarini pirpiratib bir muddat menga tikilib oʻtirdi. Soʻngra ogʻir yuk bilan qoʻzgʻalayotgan parovozdek pishillab oʻrnidan turdi. Oʻtirganlarning oyoqlariga qoqilib-suqilib taypanglab oldimga keldi. Endi men ham hayrat bilan uni kuzata boshlagandim. “Gʻayrat nega adashgan boʻridek bu yerda paydo boʻldi? Nima kerak unga? Yana mushtlashamizmi? Yoshi oʻtgan sayin alami ortdimi? Axir, oʻsha nomardligi uchun u ham yaxshigina jabrlandi. Tugʻilib-oʻsgan qishlogʻidan badargʻa boʻlgandek qochdi. Yor-birodarlaridan, joʻralarimizdan ayrildi”.

Gʻayratga tikilib turarkanman, botinimdagi gʻalayonni bosishga urinardim. U menga yaqinlashib keldi-da, qoʻqqisdan tiz choʻkib oldi.

– Berdiyor, men itlik qildim, kechir, – dedi xirilloq tovushda. – Oʻshanda aytgan gaplarim yolgʻon! Yolgʻo-on!

– Bilaman, Savri momo onamga hammasini aytgan.

– Unda nega Sanamoy bilan ajrashding?! – Gʻayrat alam bilan baqirib yubordi.

– Koʻnglim ilimadi.

– Men aytgan gap uchunmi?

– Ha!

– Meni kechir, joʻrajo-on, kechir! – u telbalardek ikki qoʻlini oldinga choʻzdi. – Kechiringlar meni-i! Bolangni yetim qilgan ham me-yen! Bilaman, Norgul momo, xotining, sen ham… qargʻagansizlar! Ha, qargʻagansizlar! Meni qargʻish urdi, Berdiyor! Farzandsizman, bolam yoʻq, ikkinchi xotinim ham tugʻmadi. Men itni qargʻish urdi, joʻrajo-on!

Gʻayratning ovozi titrab ketdi. U jinnisifat boʻlib qolgandi. Tirishib ketgan yuziga mastlikdan qisilgan koʻzlaridan yosh quyildi.

– Qargʻishlaringni qaytib olinglar, – hiqilladi u.

– Men bunday deb qargʻaganim yoʻq, onam ham…

Xona jimjit edi. Hamma jim edi. Gʻayrat yana biroz shunday oʻtirdi-da, oʻrnidan turib, gandiraklaganicha eshikka yoʻnaldi. Safar uning ortidan chiqdi…

Oʻsha kungi gashtagimiz sovuq oʻtdi. Ichkilik ham joʻralarimning koʻngliga choʻkkan kadarni ketkazolmadi.

 

Bahorda choʻl tuni ajoyib boʻladi. Ochiq derazadan koʻrinayotgan falakning bir parchasida yulduzlar sirli-sirli jimirlaydi. Uychamizdan choʻl qoʻyniga tikilib oʻtirarkanman, allaqanday nurli chiziqlar jilva qilib qoldi. Uzoq-uzoqlardan turli jonivorlarning chiyillagan, uvillagan tovushlari eshitildi. Biz oʻtirgan xonaning ochiq darchasidan rutubatli havo toʻlqini olib kirgan anbar islar dilni qitiqladi. Ikkimizning ham uxlagimiz kelmayotgandi. Gap gapga ulandi, Berdiyor meni oʻziga yaqin olib, dilidagi armonlarini toʻkib sola boshladi.

– Gʻayratning oʻsha qish tunida alamdan aytgan yolgʻonlari boshimga koʻ-oʻp taqdir oʻyinlarini soldi, – deb hikoyasini davom ettirdi Berdiyor, – Xudoga shukur, hozir oilam tinch, bola-chaqam bagʻrimda. Onam toʻqsondan oshdi. Umrini uzoq qilsin, deyman doim. Shunday ekan, Gʻayratga yomonlik tilaymanmi. Uning befarzandligiga achindim.

Yana bir gap: men Sanamoyni hech qachon unutganim yoʻq. Shunday paytlar boʻladiki, uning soʻlim chehrasi xayolimga quyundek yopirilib kelib, koʻz oldimda turib oladi. Menga araz bilan boqadi, nimalardir deb qiynaydi. Qachondir bir voqea sodir boʻladigandek seskanaman.

Ana shunday voqea oʻtgan yili yuz berdi…

Biz qurayotgan namunali uylar tumanimizning uzoq qishloqlaridan birida edi. Qish iliq kelgan, qurilish jadal davom etayotgandi. Kun boʻyi zavqlanib ishladim. Oʻylab koʻring, qishloq odamlariga pishgan gʻishtdan koʻrkam uylar qurish qaysi zamonda boʻlgan edi! Bu haqda oʻylashning oʻzi ham kishiga zavq bagʻishlaydi!

Qurilishda tajribali gʻisht teruvchi boʻlib qolganman. Ustozim Pirmat amaki bir yil avval qazo qildi. Otamdek aziz insondan ayrilish juda ogʻir boʻldi. Ishdan taʼtil olib, maʼrakada turdim. Oʻshanda qattiq iztirob chekdim, botinimdan bir narsa oʻpirilib ketgandek boʻldi. Axir, Pirmat amaki yoshligim, qurilishga ilk kelgan kunlarimning, Sanamoyga uylanishim, yana uni bir umrga yoʻqotishim – butun hayotimning guvohi, suyangan togʻim edi…

Mamlakatimiz taraqqiy etgani sayin qurilish tashkilotimiz avvalgidan ancha kuchaydi. Yangi texnikalar oldik. Tumanimizda bir paytlar bitta gʻisht zavodi ishlagan boʻlsa, endi toʻrttaga yetdi. Qishlogʻimizning qiyofasi ham butunlay oʻzgarib ketdi. Namunali uylardan roppa-rosa oʻttiztasini qurganmiz. Shulardan birini menga berishdi. Boshlangʻich toʻlovini qurilish tashkilotimiz zimmasiga oldi. Hozir bu uyda toʻngʻich oʻgʻlim yashaydi. Endi ishga oʻzimning “Neksiya” mashinamda qatnayman. Ancha avval olganman. Joʻralarim kulib yurishadi: “Berdiyor, oʻzing oddiy gʻisht teruvchi boʻlsang, “Neksiya”da ishga borishing uyat emasmi? Hech boʻlmasa kichikroq boshliq boʻlib olgin”, deyishadi hazillashib. Boshliqlar mensiz ham yetib-ortadi. Ular mendek gʻisht teruvchilarni qadrlashadi. Shunday ekan, “Neksiya”da qatnab gʻisht teraversam nima boʻlibdi.

Oʻsha qish oqshomida uyga yetib kelganimda qorongʻi tushgandi. Yoshlikdan bir odatim bor: qayerdan kelsam ham, avval onamning oldiga kiraman. Otamiz oʻtganidan keyin onam miskin boʻlib qolgan. Qachon keladi, deb yoʻlimni poylaydi. Baʼzan otamni eslab koʻzyosh ham qilib oladi.

Shu kuni onamning oldiga kirganimda yonida oʻtirgan yoshgina kelinchakka koʻzim tushdi. Uning qoʻlida chamasi bir yarim yoshdagi bola bor edi. Kelinchakning bugʻdoyrang, biroz choʻzinchoq yuzi, qimtilgan chiroyli lablari tanishdek tuyuldi. Ancha payt koʻrmagan qarindoshlardanmi deb oʻyladim. U yengil qoʻzgʻalib oʻrnidan turdi-da, derazaning roʻparasiga bordi. Bolasini bagʻriga bosib, shamdek qotib qoldi. Koʻzlarida quvonch, shuning bilan birga, men tushunolmayotgan qandaydir hadik bor edi.

Ajablanib onamga qaradim. Onamning koʻzlaridan yosh quyilardi. Bu holat meni yanayam hayron qoldirdi.

– Ena, nima boʻldi?! – dedim oyogʻimdagi qoʻnji kalta etikni yechayotib.

Darhol oldilariga borib, tiz choʻkdim. Odamlar diydasi qattiq deydigan Norgul momo boʻynimdan quchoqlab yigʻlab yubordi.

– Bu Sanamoyning qizi, seni qizing, – dedi yigʻi aralash.

Yuragim qalqib ketdi! Hamon poygakdagi derazaning oldida bolasini bagʻriga bosib turgan kelinchakka qaradim. Ichimdan bir narsa uzilib ketgandek boʻldi. Shu lahzada yana Sanamoyni esladim. Uning arazlagan qiyofasi koʻz oldimga keldi. Beixtiyor kelinchakning yuz-koʻzlaridan Sanamoyga yoki oʻzimga oʻxshash belgilarni izlayotganimni sezmay qolibman. Onamning gaplari osoyishta kechayotgan hayotimga dahshatli toʻfon yopirilganday taʼsir qilgandi. Kelinchakka tikilib qolgan ekanman, onamning titroq ovozlari oʻzimga keltirdi:

– Bu yoqqa qara, bolam.

Kelinchakdan nigohimni olib, boladek onamga yuz burdim. Qoʻllarida sargʻayib ketgan eski bir surat. Undan boqib turgan munis chehra juda tanish. Bu qiyofa men uchun dunyodagi eng azizlardan ham aziz edi: onamning yoshlikdagi suratlari!

– Tanidingmi, menman, – dedi onam. – Bu suratga tushganimda yosh boʻlganman. Sen qoʻlimda, goʻdak eding. Uyma-uy yuradigan suratchiga otang oldirgan.

Onam nechuk koʻhna suratni eslab qolganlarini, sirli ishoralarni tushunolmasdan, moʻyloviga oq oralagan bola boʻlib moʻltirab oʻtirardim. Hamon deraza oldida bolasini bagʻriga bosib turgan, onam “Sening qizing”, degan kelinchak hayajonning zoʻridan titroqqa tushib, bizdan koʻz uza olmasdi. U taqdirini hal qiladigan nimadir sodir boʻlishini kutib, yolvorgandek bir onamga, bir menga tikildi. Onam oʻsha suratni tutgan koʻyi unga imo qildi. Bu holatni tushunolmasdan bezovtalana boshladim. Kelinchakka qaradim-u, yuragim orqamga tortib ketdi. U suratdagi onamga, onamning yoshligiga egizaklardek oʻxshardi. Ha, u quyib qoʻygandek onamning oʻzi edi!

– Bu Sanamoyning qizi, sening qizing!

Onamning takror aytgan gaplari shundoq ham abgor boʻlib oʻtirgan meni titratib yubordi. Hayotimda odamni karaxt qilib qoʻyadigan titroqni ikkinchi bor his qildim. Gʻayrat oʻsha laʼnati soʻzlarni aytganida birinchi marta shunday boʻlgan. Endi esa topgan davlatim, duru javohirlardan ming bora aziz xazinam – onajonim bu kelinchakni mening qizim deyayotgan edi. Oʻsha daqiqadayoq ongu shuurim koʻzimning oldida isboti bilan turgan bu haqiqatni tan olgandir. Koʻnglim-chi?! Mening besar koʻnglim eng ogʻir jazoga mustahiq boʻlganday ozorlanib qolgan edi-da. Toʻqsonga kirgan onam meni tushundi. Oʻrnidan turib, biror xatti-harakat qilishga ham haddi sigʻmayotgan kelinchakning oldiga bordi.

– Bu yoqqa kel, – dedi buyruq ohangida.

Men oʻrnimdan turdim. Oʻzimga boʻysunmayotgan oyoqlarimni sudrab ularga yaqinlashdim. Onam bir zum ikkilanib turdi-da, quruqshagan qoʻllari bilan kelinchakning yoqasini ohista tortdi. Uning koʻzlaridan yosh quyilayotgandi. Zabun holati menikidan qolishmasdi. Boʻynida xuddi onamnikiga oʻxshagan, gul yaprogʻidek yoyilgan xol koʻrindi!

Men adoyi tamom boʻlgandim. Qarshimda mening zurriyodim, mening farzandim, tugʻilganida otalik zavqini tuyolmagan bolam, ota mehridan benasib, begunohim turardi. Endi bunga shak-shubha qolmagandi. Uning onamga quyib qoʻygandek oʻxshashi, boʻynidagi xol… Ichimdan bir nido, bir faryod vulqondek otilib chiqib, koʻz oldimni zimistonga aylantirib qoʻydi. Yigʻladimmi, ingradimmi, eslolmayman. Qizim bir qoʻli bilan boladek boʻynimga osilib oldi.

– Ota, otajon! – qulogʻim ostida mungli bir tovush eshitildi. – Mening otam bor, otamni topdim…

Qizimning qoʻlidagi bolasi chinqirib yigʻladi…

– Enam, ona qizim! – dedim peshonasidan oʻpib. – Meni kechir…

Boshqa bir ogʻiz ham soʻz aytolmadim.

Shu kecha onamning uyida uzoq qolib ketdim. Qizim bilan oʻrtamizda ota-bolalik mehri paydo boʻldi. Bu gapim sizga gʻalati tuyulishi mumkin. Lekin oʻzingiz oʻylab koʻring, men uni chaqaloqligida ham koʻrmagan boʻlsam. Falakning gardishi bilan oʻzi farzandli boʻlganida qoshimga kelib turibdi. Ana shu holat ikkimiz uchun ham juda-juda sirli va tasodifiy edi. U bizdan koʻzini uzolmas, yoʻqotgan tilla sirgʻasini topgan qizaloqdek tikilib toʻymasdi…

 

Uzundan-uzoq hikoyaning shu joyida Berdiyorning ovozi pasaydi-yu, jim boʻldi. Men ham bu gʻaroyib taqdirlar qissasidan qattiq taʼsirlangandim. Berdiyorning koʻnglidan kechayotgan tuygʻularni his qilmaslikning iloji yoʻq edi. Yosh yigitning begʻubor ilk muhabbati bir ogʻiz soʻz bilan zavol topganiga achinmay boʻladimi!

Dasht tunida Berdiyor ikkimiz bedormiz.

– Tashqariga chiqaylik, – dedi u.

Ilgakdagi kiyimining choʻntagini kavlab, bitta sigareta oldi.

– Chekasizmi? – menga oʻgirildi.

– Yoʻq.

– Harbiydaligimda yigitlar bilan ermak qilib yurganman. Har zamonda, yurak siqilganda tortib qoladi qurgʻur.

Gʻildirakli uychadan oldinma-keyin tashqariga chiqdik. Koʻklamning yoqimli havosi bir zumda koʻksimni toʻldirdi. Toʻyib-toʻyib nafas oldim. Tun osmoniga tikildim. Yulduzlar hozir yerga toʻkiladigandek tuyuldi.

– Baʼzi-baʼzida yuragimdagi alamlar shu yulduzlardek bolalab ketadi, – Berdiyor ham osmonga tikildi. Uning labidagi sigareta bir choʻgʻlanib, oʻchdi. – Bilasizmi, nima uchun bularni sizga aytyapman?

Men uning fikrini boʻlmaslik uchun indamadim. Berdiyor oʻz-oʻziga gapirayotgandek davom etdi:

– Siz qalam bilan ishlaysiz. Men gʻishtdan uy tiklaganimdek, aytganlarimni qolipga solishingiz mumkin. Agar shunday qilsangiz, mening xatolarim boshqalarga oʻrnak boʻladimi, deyman-da… Endi, yoshim ulgʻayganda bularni teranroq tushundim. Boshimdan oʻtgan ishlarga, Sanamoydan ayrilishimga, qizimning otasiz oʻsganiga ham qon-qonimizga singib qolgan feʼlimiz sabab… Bu feʼlimiz baʼzan bizni insofli, mushohadali odamdan yirtqichga aylantirib qoʻyadi. Lahzada qilib qoʻygan xatomizning talxi bir umrga yetadi… Aytmoqchi boʻlganlarimni yaxshi tushuntirolmayapman. Gʻisht terishga ustaman, gapga kelganda noʻnoq. Yosh edim, adashganman, qattiq adashganman.

Berdiyor qorongʻilik qaʼriga tikilib hikoyasini davom ettirdi…

…Qizim onasining keyingi hayotini aytib berdi. Dilimga ozor bermaslik uchun tafsilotlarni tashlab oʻtgani aniq. Uzuq-yuluq hikoyalaridan ham hammasi oydek ravshan edi. Sanamoy uyidagilarga, hatto onasigayam boʻlib oʻtgan gaplarni aytmabdi. Qanchalar qistovga olishsayam dardini ichiga yutib yuravergan. Onasi ortiga qaytarishga ancha urinibdi. U oyogʻini tirab turib olibdi. Zafar pochcham bilan Durdona opam qayta-qayta borishganida ham shu takrorlanavergan. Nihoyat, yangasi – akasining xotini bizni ajratish uchun sudga kelganida haqiqatni bilib borgan.

Sanamoy oilada yolgʻiz qiz edi. Singillarining qandayligini akalari yaxshi bilishardi. Yanga aytib borgan gaplar ularning ham quloqlariga yetgan. Qaynogʻalarim uch aka-uka edi. Ular qattiq gʻazablanishibdi. Meni gʻajib tashlashga tayyor boʻlib yoʻlga otlanishganida onasi toʻxtatibdi:

– Bolalarim, gʻisht qolipdan koʻchdi. Endi hech narsa oʻrniga tushmaydi. Singlinglarni bilasizlar, aytganidan qaytmaydi.

Bu paytda Sanamoy qiz farzandli boʻlgan. Chaqaloqning boʻynida onamnikiga oʻxshagan xoli bor ekan. Sanamoy unga Norgul deb ism qoʻyibdi. Norgul – onamning ismi. Shuning uchun hozir ham qizimning ismini aytolmayman. Uni “enam, ona qizim” deyman.

Onam avvalgi kelinlariga qattiqqoʻl edi. Sanamoyga esa boshqacha nazar bilan qaradi. Kelinligida qizlaridek koʻrgan. Qizimizga onamning ismini berishiga shu ham sabab boʻlgandir…

Bilasiz, qornida bolasi bilan ota uyiga qaytib borgan qizga bizda oson emas. Uning oʻshanda chekkan iztiroblari, achchiq taqdiriga qanday bardosh bergani, bularga qanday kuch topgani yolgʻiz Xudoga ayon. Men esa sochimga oq tushib, dunyoning achchiq-chuchugini tushunganimda soʻnggina bir paytlar qilib qoʻygan nodonliklarimning jabrini tortayotirman.

Qizim kelib, koʻp yillardan beri yoʻqotgan oromimni topgandek boʻldim. Yuragimning tubida toshdek qotgan dard biroz yumshadi. Qizim zimiston koʻnglimga chiroq yoqdi. Ayniqsa, shirin tili bilan mast qilgan jajjigina nevaram tizzamda oʻtirganida olamda mendan-da baxtli odam yoʻq edi. Unga Sherali deb ism qoʻyishibdi. Sherali bobosi ekanligimni bilgandek menga darrov oʻrganib qoldi.

Oʻsha tunda qizim bilan nevaram onamning oldida qolishdi. Uyimga kirganimda tun yarimlagandi. Xotinim Zebi uxlamasdan kutayotgan ekan. Qovogʻi soliq. Qizimning kelishi yoqmagani shundoqqina sezilib turibdi. Uni toʻgʻri tushundim. Qizimdan eshitgan gaplarni yotigʻi bilan aytdim. Sanamoyning allaqachon turmushga chiqqani, bola-chaqali ekanini eshitib, birdan chehrasi ochildi. Uning kechmishlari Zebini ham befarq qoldirmadi, deb oʻylayman.

Qizim bilan topishgan kunimizning ertasi, saharda bir narsadan xabar topgandek Zafar pochcham kelib qoldi. Nafaqaga chiqqan, soqol qoʻyib, qishlogʻining otaxonlaridan boʻlib olgan edi. Uni koʻrib quvonib ketdim. Axir, Sanamoylarnikiga sovchilikka borgan, ketib qolganida Durdona opam bilan Oydinga sira ogʻrinmay qatnagan ham shu pochcham edi-da.

Onam pochchamga bor gapni aytib berdi. Zafar pochchamning quvonganini bir koʻrsangiz edi. U xuddi oʻzining qizi qaytib kelgandek hayajonlanardi. Bu holatni koʻrib koʻnglim boʻshab ketdi. Koʻzimdan oqqan yoshni bilintirmay artdim. Pochcham qizimni “Uyga olib ketaman”, deb turib oldi. Onam ham “Mayli, ammasi bilan tanishadi, koʻngli yoziladi”, dedi. Durdona opamning sevinishlarini koʻz oldimga keltirib men ham rozi boʻldim. Onamning oldida birgalashib choy ichdik. Zebi qovogʻini juda-a ochavermadi-yu, hartugul, mehmonlarga xizmat qilib turdi. Zafar pochcham “Endi turayik, Durdona opangga “surpriz” qilamiz”, deb shoshirardi. Qizim bilan pochchamni oʻzimning mashinamda olib borib qoʻydim.

Biz qurayotgan namunali uylarda ish tezkor ketayotgan edi. Kuni boʻyi yosh yigitlardek gʻayrat bilan gʻisht terdim. Ish tugagan hamon uyga shoshildim. Qizimni, ayniqsa, nevaram Sheralini sogʻingandim. Bir koʻrganimdayoq jajji nevaramga shunday bir mehr uygʻondiki, buni soʻz bilan tasvirlab berolmayman. Uning munchoq koʻzlari hayrat bilan tikilganida yuragim orziqib, mahkam quchoqlab bagʻrimga bosib olardim.

Uyga kelganim hamon odatdagidek onamning oldiga kirdim. Qizim bilan nevaram qaytib kelishgan deb oʻylagandim. Biroq onam yolgʻiz edi. Qizimni, bir kechagina yotib qolsin, deb Durdona opam olib qolibdi. Buni eshitib, endigina opalarini topgan bolalarim ham ammalarinikiga joʻnab ketishibdi.

Uyda onam, men, Zebi qoldik. Kecha qizim uyalib koʻp ham gapirmagan edi. Tunda uxlolmasdan onamga bor gapni yashirmay aytibdi. Shu kuni onam qizimning hayotini batafsil soʻzlab berdi…

* * *

Xotira maktab davrimizda chizilgan surat emaski, yoqmagan joylarini oʻchirgʻich bilan oʻchirib tashlasak. Umringning yaxshi davrlari ham, qora kunlaring ham koʻngil puchmoqlarida ipga tizilgan marjondek saqlanib qolaveradi. Hozir oʻsha voqealarni eslab, Sanamoyga qanchalar qiyin boʻlganini roʻyi-rost his qilaman.

Qornida bolasi bilan ota uyiga qaytgan kelinchak haqida qishlogʻida turli gaplar oʻrmalab qolgani tayin. Sanamoyning bu gʻiybatlarni yengib oʻtishi oson kechmabdi. Bola tugʻilganidan keyin ham quvonish oʻrniga ne azoblarni koʻrgan ekan bechoragina. Qizimiz yoshiga yetganida maktabga kutubxonachi boʻlib ishga kirgan. Muallimlikka oʻqish uchun tayyorgarlik koʻra boshlabdi.

Qishloq shahar emas, odamlar bir-birlarini yaxshi bilishadi. Yil oʻtgan sayin hamqishloqlarining Sanamoyga hurmati ortadi. Institutni bitirib, maktabida obroʻli muallima boʻlibdi.

Hozir uni yana bir marta, uzoqdan boʻlsayam koʻrgim keladi. Bu istagim amalga oshmasligini bilaman. U oʻzi bilan ishlaydigan Karimboy degan muallim yigitga tekkan. Karimboy avval uylangan, xotini qora bosib oʻlgan ekan.

Bizning taqdirimizda judolik bor ekan… Endi Sanamoy baxtli yashasin, deb duo qilaman. U shunga munosib. Men esa qadriga yetolmadim. Birinchi muhabbatimni asray olmadim…

Nodon joʻramning tuhmati, mening yoshlikdagi xatom tufayli yoʻllarimiz ayro tushdi. Biroq hayot jomimizga Gʻayrat solgan zahar hali kuchini yoʻqotmagan edi. Uning taʼsiri qizginamning tinchgina oʻtayotgan kunlarini algʻov-dalgʻov qilib yuborishiga ham bir bahya qolibdi.

 

* * *

Sanamoyni ilk uchratganimda Oydin dunyodagi eng goʻzal qishloq boʻlib koʻringan koʻzimga. Ayniqsa, bahor paytlarida uning koʻrki yanayam ochilib ketadi. Togʻ yonbagʻirlarini qoplagan alvon lolalar betakror goʻzalligi bilan koʻzni oladi. Tongda turib yuksak choʻqqilarga tikilsang, olamning qanchalar buyukligini his qilasan. Toza havodan toʻyib-toʻyib simirasan. Yashil maysaga burkangan oʻngirlarda qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yuradi. Magʻrur turib olgan choʻpon qoʻlini peshonasiga soyabon qilib uzoq-uzoqlarga nigoh tashlaydi…

Men bunday manzarani askarlik paytimda juda koʻp koʻrganman. Sanamoyga uylanganimdan keyin ham Oydinga tez-tez borib turardik. Bizni Sanamoyning onasi qarshi olardi. Qaynonamni qishloqda “Jumagul checha” deyishardi. U qoʻshni qishloqdan kelin boʻlgan. Shuning uchun yoshi ellikdan oshsa ham hamon “checha”. Qaynonam qotma, bugʻdoyrang chehra, qalam bilan chizilgandek yupqa lablarini qimtib yuradigan ayol edi. Boshiga “lakki” qilib oʻragan guldor roʻmollari boʻy-bastiga salobat bagʻishlaydi. Biz tomonlarda yoshi ulugʻ ayollar hozir ham roʻmolni ana shunday, “lakki” qilib oʻrashadi. Bunda ikkita katta guldor roʻmol yelka aralash boshga tashlanadi, yana biri qubba qilib oʻraladi. Sanamoyga magʻrurlik ham, chiroy ham onasidan meros edi. U haqiqiy togʻ goʻzali edi.

Sanamoy ikkinchi turmushga chiqqanida qizimiz onasi Jumagul chechaning qoʻlida qolgan ekan. U Sanamoyni suyganiga berib ogʻzi kuygani uchun Norgulni uy qizi qilib oʻstiribdi. Maktabni bitirganidan keyin uydan chiqarmay qoʻygan. Boʻy yetgan qizga sovchilar kela boshlabdi. Jumagul checha shu yerlik Oʻktam degan yigitni kuyovlikka tanlabdi.

Oʻktamning momosi ham Jumagul chechaning ota qishlogʻidan edi. Ular qizlik paytlaridan dugona boʻlishgan. Shuning uchun kelishuvlari moydan qil sugʻurgandek oson bitibdi. Oʻktam bilan Norgulning toʻylari juda tez boʻlib oʻtadi. Sanamoy qizini oʻqitish niyatida boʻlgan-u, biroq onasiga qarshi chiqolmagan. Jumagul chechani ham ayblab boʻlmaydi. U nevarasining baxtini oʻylab shunday qilgan.

Qizim kelin boʻlgan uy boy-badavlat. Oʻktam oddiy qishloq yigiti. Otasining bogʻdorchilik fermer xoʻjaligida ishlaydi. Siz Oydin qishlogʻining olmazor bogʻlarini koʻrmagansiz. Har tup daraxt yuz ellik, ikki yuz kilogacha meva beradi. Oʻzimizning mahalliy navlar ana shunday serhosil. Qirmizi, oltinrang tovlanadigan olmalarning shirasi tilni yoradi.

Qizim Oʻktam bilan baxtli yashay boshlaydi. Oradan bir yil oʻtib nevaram Sherali tugʻilgan. Oʻktam esli-hushli, mulohazali yigit. Buni u bilan birinchi uchrashganimizdayoq bilganman. Erta bahordan kech kuzgacha bogʻda ishlaydi. Qish oylarida joʻralari bilan biz singari gashtakka yigʻilishar ekan. Shunday oʻtirishlardan birida shirakayf joʻrasi ataylabmi, “Xotiningdi otasini bilmaysanmi?” deb soʻrab qoladi. Bu nozik gap Oʻktamga qattiq botgan. Uyiga kelib xotiniga shu mojaroni boshlaydi. Ona qizim – Norgulimga boʻy yetganida ham men haqimda hech gap aytishmagan ekan. Sanamoyning kechmishlari uning uchun sir boʻlib qolavergan. Oʻktam qayta-qayta siquvga olganidan keyin qizim momosining oldiga borib, bor gapni toʻkib soladi. Norgulning gaplari momosiga bulutsiz osmonda chaqmoq chaqqanday taʼsir qiladi. Nevarasining hayotidayam qizining taqdiri qaytarilayotgandek dahshatga tushibdi.

Bularning bariga ichimizga oʻrnashib olgan shayton sabab. Gʻayratning bir ogʻiz tuhmati bilan mening hayotim buzildi. Qizim bechoragayam shunday qora kun tahdid solib qolgan ekan. Jumagul momo Norgulga hamma voqealarni roʻyi-rost aytibdi. Yigʻlab-siqtab, ilojini qilamiz, deb ovutibdi. Oʻgʻillari bilan, kuyovlari Oʻktam bilan maslahatlashib, Norgulni biznikiga joʻnatishga qaror qilishibdi. Bu ularga hech ham oson boʻlmagan. Axir, mening oʻzim ulardan voz kechgan edim. Sanamoyning hayotini doʻzaxga aylantirgan, qizim onasining qornidaligidayoq undan voz kechgan gumroh ham men edim-da.

Qizim Norgulni bizning qishloqqa togʻasi Oʻrol aka olib kelgan. Uyimizga birga kiribdi. Uni onamga topshirib, Oydinga qaytib ketibdi.

Oʻrol aka Sanamoyning akasi. U mendan ikki yosh katta. Oʻsha paytlarda Oʻrol aka bilan yaxshi chiqishar edik, joʻra boʻlib qolgandik desam ham boʻladi. U bir gapirib, oʻn kuladigan koʻngli ochiq yigit edi.

Qizimni qishlogʻiga yana Oʻrol aka olib ketishi kerak edi. Men tunda shu haqda oʻylanib uxlolmay yotdim. Ona qizimni shundaygina ortiga qaytarib yubora olarmidim. Sanamoyning chekkan jabru jafolari, endi qizimning ham tinch hayotiga chang solayotgan ishlarga men aybdorman-ku. Shularni taroziga solib, bir qarorga keldim: “Norgulni Oydinga oʻzim olib boraman. Nima boʻlsa peshonamdan koʻrdim. Sanamoyning akalari yoqamdan olishar, shu yoshimda urib-soʻkishar ham. Faqat ona qizimning yuzi yorugʻ boʻlsa, uning ham otasi borligini, tagli-tugli ekanini el bilsa bas. Bu yoshlikda qilib qoʻygan xatolarimning tovonidir balki”.

Ertasiga Zafar pochcham bilan Durdona opam qizimni ergashtirib kelib qolishdi. Norgulning chehrasi ochiq, kulib turardi. Nevaramni olmoqchi boʻlganimda jajji qoʻlchalari bilan menga talpindi.

– Ota, sizga oʻrganib qoldi, endi suykalib bezor qilib yuboradi, – dedi qizim jilmayib.

Uning ochiqkoʻngillik bilan aytgan gapidan koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Qizimni, nevaramni topib olib yengil tortgandim shu damda.

Hammamiz uyga kirdik. Onam Durdona opamni koʻrib arz qila boshladi:

– Enam bor deb tez-tez kelib turmaysan. Men ham gʻanimat boʻlib qoldim, bolam.

– Ena-a, bir hafta boʻldi-ku, kelib ketganimga, – jilmaydi Durdona opam.

– Yoʻgʻ-e, shunday degin. Men sogʻinaman-da. Ukangdi qizini yaxshi mehmon qildingma, axir?

Durdona opam kulib yubordi. Hammamiz kuldik. Uyimizda koʻpdan beri bunday kulgular eshitilmagandi, chogʻi. Yoki menga shunday tuyuldi. Hatto xotinim Zebining chehrasi ham anchagina ochilib qoldi. U chaqqon dasturxon solib, qand-qurslarni olib kelgani chiqib ketdi.

– Ena, bugun nevarangiz uyiga qaytadi, – dedi Durdona opam. – Kuyovi tinmay telefon qiladi, oʻgʻlini sogʻinibdi. Togʻasi olib ketar emish.

– Qizimni oʻzim olib boraman! – dedim.

Durdona opamning gapi ogʻzida qoldi. Hamma ajablanib menga qaradi. Onam norozilik bilan boshini chayqadi. Dasturxon tuzayotgan xotinim Zebi choʻk tushib oʻtirgan koʻyi yuzimga tikilib qoldi. Ammo bir ogʻiz gapirmadi. Bu sukunatni qizimning yigʻisi buzdi.

– Ota, otajonim! – dedi kafti bilan koʻz yoshlarini artib.

Hamon bagʻrimda tipirchilayotgan nevaram onasining ovozini eshitib chinqirib yubordi. Uni Durdona opam qoʻliga oldi. Qizimning “otajonim” deya hayajonlanishi koʻnglimni buzdi; koʻzimdan yosh chiqib ketdi…

Hammamiz yigʻilib oʻtirganda maslahatlashib, gapni bir joyga qoʻydik: Oydinga men, Zafar pochcham bilan Durdona opam birga joʻnaydigan boʻldik. Shundan keyin onam mening borishimga rozilik berdi. Aslida onamning xavotiri ham oʻrinli edi.

Shu payt qizimning qoʻlidagi uyali telefoni jiringlab qoldi. U dam-badam kuyov bilan xabarlashib, uni xotirjam qilib turar edi. Bugun koʻpchilik boʻlib borishimizni aytganida u judayam quvondi. Koʻngli ochiq yigit ekan, dedim oʻzimcha.

Vaqtni oʻtkazmay, Durdona opamni olib, “Neksiya”da tuman markaziga joʻnadim. Bozorga kirib, bitta beshik, nevaram, qizimga, kuyovga kiyim-kechaklar xarid qildik. Yoʻl-yoʻlakay qurilish idoramizga kirib boshliqqa uchrashdim. Bor gapni tushuntirib, bitta yuk mashinasi soʻradim. Baraka topgur yosh yigit boʻlsayam ahvolimni tushunib, mashina berdi.

Uyga keldig-u, yuk mashinasiga bitta gʻunajin, ikki qoʻyni chiqardik. Buni bizda “enchi” deyishadi. Ota turmushga chiqqan qiziga sogʻin sigir qilib olishi uchun bir mol berishi odatimizda bor.

Ona qizim turfa ranglarga boʻyalgan, qoʻngʻiroqchalar ilib bezatilgan beshikni koʻrib biram quvondiki, asti qoʻyaverasiz.

Bularning bari togʻ goʻzali Sanamoyning, ota mehrisiz oʻsgan qizginamning toʻkkan koʻz yoshlariga arzirmidi. Men nima qilib boʻlsa ham yuragimdagi ogʻir yukni yengillatishga urinayotgan edim.

Shu kunning oʻzida onamning duosini olib, yoʻlga tushdik. Ketayotganimizda ona qizim buvisining yuz-koʻzlaridan oʻpib, koʻz yoshi qilib oldi. Xotinim Zebi, ukalari bilan ham shunday xayrlashdi. Aytish yodimdan koʻtarilibdi, qizim uydagi bolalarim bilan allaqachon apoq-chapoq boʻlib olgandi.

Oydinga “Neksiya”da ancha tez yetib keldik. Qishloqqa kiraverishda toʻxtab yuk mashinasini kutdik. Men qorli choʻqqilari keksa odamning sochlaridek oqarib turgan togʻlarga qarab askarlik davrlarim, Sanamoy bilan ilk uchrashgan kunlarimni xotirladim. Togʻ goʻzalining oʻsha paytdagi qiyofasi xayolimda jonlanib entikiblar ketdim. Bular mening olislarda qolgan, his-tuygʻularga toʻla yoshligim edi…

Bizni kuyovim Oʻktam, onasi Shodagul opa, bir uy boʻlib oʻtirgan qarindosh-urugʻlari kutib olishdi. Ularning orasida kichik qaynogʻam Oʻrol akani koʻrib bezovtalanib qoldim. Oʻrol akaning yoshi ulgʻaygan, sochlari oqarib, ancha toʻlishgan. Faqat ochiq chehra bilan kulishlari oʻsha-oʻsha edi. Nima qilishimni bilmasdan jim turaverdim. Uning oʻzi kelib quchoq ochib koʻrishdi. Zafar pochcham bilan Durdona opam ham Shodagul opa bilan quda-qudagʻaylab soʻrasha ketishdi. Oʻktam – kuyovim, qotma, yuz-koʻzidan samimiylik yogʻilib turgan yigit ekan. U oʻsha lahzadayoq Sheraliga yopisha ketdi. Nevaraginam otasining boʻynidan quchoqlab sira qoʻyib yubormasdi.

Zafar pochcham bosh boʻlib gʻunajin, qoʻylar mashinadan tushirildi. Beshik, sovgʻalarni Oʻktamning uyiga olib kirishdi. Qudamnikida bizni xuddi toʻydagidek kutib olishdi. Qoʻy soʻyib, et osildi. Eski gina-kudratlarni hech kim eslamadi. Ayniqsa, kuyovim Oʻktamning ogʻzi qulogʻida edi. Men uni oʻz farzandimdek tushunib turardim. Oʻktamning baxtiga ham oʻsha mayda gaplar, joʻralarining urugʻ-aymoqni “kavla-kavla” qilishlari chang solib turgan edi-da.

Shu kuni qudamnikida yotib qoldik. Sanamoylarnikidan birortasi keladi degan oʻyim ham yoʻq emasdi. Unday boʻlmadi. Faqat Oʻrol aka bilan koʻrishdik.

Ertasiga saharlikka togʻliklarning mehmon kutish odatiga koʻra oq osh qilishdi. Bu xamir yoyib, kesiladigan ugra oshimiz. Sariyogʻ quyib, kosada tortiladi. Nonushtadan keyin qudalarning, bir kun qolinglar, deyishlariga qaramasdan yana yoʻlga tushdik.

Xayolimda Oydin qishlogʻini bagʻriga olgan purviqor togʻlar bizni xomush kuzatib qolayotgandek edi. Mashina rulini tutib yoʻlga tikilar ekanman, koʻz oldimdan Sanamoyning soʻlim qiyofasi sira ketmadi. Xayr, togʻ goʻzali, koʻnglingga bergan ozorlarim uchun kechir, der edim oʻzimcha.

 

…Oʻsha tunda biz juda kech yotdik. Berdiyor bilan Sanamoyning taqdirini oʻylab uyquga ketganimni sezmay qolibman. Quruvchilar uychasining derazasidan quyosh nuri tushib yuz-koʻzimni siypalaganda uygʻondim. Odatda begona joyda yaxshi uxlolmas edim. Bu yerda oʻz uyimdagidek qattiq uxlab qolibman. Berdiyorning oʻrni boʻsh edi. Stol ustida bir kosada qaymoq, ikkita tandirdan yangi uzilgan issiq non, sochiq bilan oʻralgan choynakda choy turardi. Yuvinib, nonushta qilib oldim.

Qurilish maydonida allaqachon ish qizib ketgan edi. Moviy korjomali uch-toʻrt ishchi koʻtarma kranning patnisga oʻxshagan tagligiga gʻisht taxlayotir. Beton qoradigan moslama oldida belkurakka suyanib olgan sheriklari qorishma tayyor boʻlishini kutishmoqda.

Berdiyor binoning ikkinchi qavatida gʻisht terayotgan edi. Ishiga berilib ketganidan meni payqamadi. Yonida qotmadan kelgan yosh yigit ham bor. U tikilib turganimni koʻrib, ustoziga nimadir dedi. Berdiyor pastga qaradi.

– Oʻzim chiqaman, – dedim bor ovozda baqirib.

Tovushim texnikalarning shovqiniga singib ketdi. Qoʻlim bilan ishora qildim-da, sap-sariq gʻisht uyumlarini chetlab binoga kirdim. Beton zinadan ikkinchi qavatga koʻtarilganimda qarshimda Berdiyor jilmayib turardi.

– Oʻzim tushayotgandim, – dedi xijolat boʻlib. – Yaxshi yotib turdingizmi?

– Rahmat, doʻstim.

– Qurilish erta uygʻonadi. Korxona shu yilning oʻzida ishga tushadi-da.

Berdiyor yonidagi yigitga imo qildi:

– Erkinboy – mening shogirdim. Qoʻli ishga ancha kelishib qoldi. Mustaqil gʻisht teryapti. Erta-indin harbiy xizmatga joʻnaydi. Shundaymi, Erkin?

– Xuddi shunday, usta.

– Qarang, harbiychasiga javob qaytarishniyam oʻrganib olgan, – kuldi Berdiyor. – Xizmatdan keyin qurilishga qaytasanmi, yo…

– Albatta qurilishga-da, Berdiyor amaki, – Erkin samimiy jilmaydi.

Men Berdiyorning qurilishga kelgan kunlari haqidagi hikoyasini esladim.

– Ishlayveringlar, biroz shu yerda turaman, – dedim.

Berdiyor chaqqon gʻisht tera ketdi. Men dasht qoʻynidagi ulkan qurilish maydoniga koʻz tashladim. Tepamizdan chirqillashib uchib oʻtgan bir juft qush xayolimni boʻldi. Osmon tiniq edi. Uzoq-uzoqlarda choʻqqisidagi qorli chiziqlar oqarib koʻrinayotgan togʻlar. Berdiyor ham beixtiyor oʻsha tomonga nigoh tashladi. Balki shu damda ilk muhabbati – togʻ goʻzalini eslab qolgandir.

 

Abdujalol RAHIMOV

 

“Yoshlik”, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.