To yiqilguncha oʻz oʻrningda mahkam turmogʻing kerak

0
144
marta koʻrilgan.

Yuksak badiiy ifoda, teran maʼno, chuqur falsafiy mushohada va ixcham fikr Chingiz Aytmatov asarlarining eng muhim jihatlari hisoblanadi. Adib inson feʼl-atvori, uy-xayollari, umr, hayot va uning turfa ranglari haqida soʻz yuritar, maʼlum voqea-hodisalarni taʼriflar ekan, bitta ibora yoxud chiroyli badiiy ifoda bilan oʻz fikriga shunday tugal xulosa yasaydiki, oʻquvchida hech bir ortiqcha savolga oʻrin qolmaydi. Shu bilan birgalikda, kitobxonni mushohadaga, oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarib olishga undaydi.

Quyida Chingiz Aytmatov asarlaridagi ana shunday satrlardan bir nechtasini saralab oldik.


 

***

Agar yulduzlar odamga aylanib qolsa bormi, osmon ularga torlik qilib qoladi. Agar baliqlar odamga aylanib qolsa bormi, ularga daryo va dengizlar torlik qilib qoladi.

 

* * *

E, boʻtam, pul hukmron boʻlgan joyda ezgu soʻzga oʻrin yoʻq, goʻzallikka oʻrin yoʻq.

 

* * *

E, boʻtam, hofizlar hamdu sano oʻqishda bahslashsa, qanday yaramaslik, ular qoʻshiqchidan qoʻshiq kushandasiga aylanishadi.

 

* * *

E, boʻtam, qadimgi odamlardan qolgan gap bor: boylik – takabburlikni, takabburlik esa telbalikni tugʻdiradi.

 

* * *

…oʻz aybingni yashirmoq uchun uni birovga toʻnkamoq kerak deb bekorga aytishmagan-da.

 

* * *

Insonni tugʻish va oʻstirish qanchalar qiyin, oʻldirish esa – hammasidan oson.

“Oq kema” qissasidan

 

* * *

Hayot dengizining usti sokin koʻringani bilan uning tagida koʻzga koʻrinmaydigan shiddatli oqimlar borligi ravshan.

 

* * *

Odam bolasi odamlarsiz yasholmaydi, yana buning ustiga odamlarga ham toqat qilmaydi.

 

* * *

Inson munosabatlari shunchalar turfa, tabiati, feʼl-atvori shunchalar rang-barang va murakkabdirki, hatto eng mukammal, eng zamonaviy kompyuter sistemalari ham eng oddiy inson tabiatining umumiy chizigʻini ajratib berolmaydi.

 

* * *

Jahon qanchalik ulugʻ koʻrinmasin, yangi taassurotlar nechogʻlik quvonchli tuyulmasin, agarda onging va xotirangda noʻxatdan ham kichik ogʻriq nuqta boʻlarkan, bularning hammasi na tatiydi, na aqling, yuragingga halovat beradi.

 

* * *

Juda qattiq seva olgan chin sevgiga yeta olmas…

“Qiyomat” romanidan

 

* * *

Suqsur qizlardek yaxshi yoʻrgʻa otning ham xushtori koʻp boʻladi.

 

* * *

Odam qarib boraveradi, koʻngil esa taslim boʻlishni xohlamaydi, ahyon-ahyonda bir ijirgʻanib, oʻzini eslatib qoʻyadi.

“Alvido, Gulsari” qissasidan

 

* * *

Har kimning oʻz xulqi, feʼl-atvori bor. Ularni boshqarib turish kerak, albatta, biroq bunga hamma vaqt ham muyassar boʻlavermaydi kishi.

 

* * *

Baʼzan kattalar ham bolalik qilib qoʻyadi.

“Sarvqomat dilbarim” qissasidan

 

* * *

Shuni unutmaginki, hech kim birovga oʻylash, istash, orzu qilishni man eta olmaydi. Insonning hayvondan farqi ham ana shu fikrlash qobiliyatiga ega boʻlishida.

 

* * *

To yiqilguncha oʻz oʻrningda mahkam turmogʻing kerak.

“Boʻtakoʻz” qissasidan

 

* * *

…gʻalaba oʻlja olib, bayram boʻlib kelgani yoʻq, u bizga urushda omon qolgan jangchilarning sirli timsolida qancha yoʻllar bosib, tovoni teshilgan soldat etigini kiyib keldi.

“Somon yoʻli” qissasidan

 

* * *

Agar u shunday yuksak qalb egasi boʻlmay, didi past, yuragi muz bir kishi boʻlganda edi, tabiat uni qanchalik isteʼdodli qilib yaratgan boʻlmasin, bari bir u bunchalik kuylay olmas edi.

“Jamila” qissasidan

 

* * *

Yerda faqat odamlarning xotirasi hammadan uzoq yashaydi, odamning umr yoʻli esa qisqa – qosh bilan qovoq orasicha. Odamdan odamga oʻtadigan fikrgina boqiydir; avlodlardan avlodlarga qoladigan soʻzgina abadiydir…

 

* * *

…hech kim boshpanasiz yashay olmaydi – yosh ham, qari ham, boy ham, kambagʻal ham, qoʻychivon ham, biya sogʻuvchi ham!

“Oʻtar qush nolasi” hikoyasidan

 

JAHONGIR toʻpladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.