Tirik tovon

0
173
marta koʻrilgan.

Toʻqsonbosdi mahali edi. Tilovning baytal chopib boʻlsa-da, poyga olaman, deb karillab yurgan paytlari.

Boʻsagʻadagi ola poʻstakning ustida “xur-xur” uxlab yotgan mushuk yoniga tushgan choponning shovuriga uygʻondi; koʻzini erinibgina ochdi, choʻzilib kerishdi, old oyogʻi bilan yuzini yuvdi.

– Pisht-yey! – dedi xoʻjayin asabiy. – Tur, yoʻqol, koʻzimga koʻrinma…

Mushuk mushuk boʻlib, xoʻjayindan dagʻal gap eshitdi. Hurkib turdi-turdi, xoʻjayiniga olazarak qaradi-yu, dumini qisib, chiqib ketdi.

Mushukning hech qursa miyovlamagani Tilovga gʻalati tuyuldi. “Bekor qildim-ov shuni. Xudoning jonzoti-da buyam. Nima aybi bor edi uning?”.

Tilovga nima jin urdi – oʻziyam bilmaydi. Lekin doʻxtirning soʻnggi gaplari qulogʻidan ketmayapti. Endi nima qiladi? Xotini ham bu yoqda tizillab yigʻlagani-yigʻlagan. Dardini eshitar quloq yoʻq. Tilov u yogʻidan oʻtadi, avraydi – bu yogʻidan oʻtadi, ovutadi, foydasi yoʻq, illo, oʻzining ham koʻngli gʻash. Bu gʻashlik tobora kuchayib borar, xotinning shishib ketgan koʻzlariga qarab, yuragi achishadi; nima qilsin, kuygandan kuyib ketyapti. Xotini yukli boʻlib, koʻylagining burmasi kengaya boshlagan mahali suvchechak toshdi. Ogʻir toshdi. Undan soʻng boshi xastalikdan chiqmadi. Buyam yetmaganday, bemorlikdan zada xotini asabiy boʻlib qoldi-yu, tez-tez janjal chiqa boshladi.

Dilsiyohlik ortgandan ortib bormoqda edi. Chiroq yoqsa, ichi yorishmaydi. U xonaga oʻtadi – oʻtirgani joy topolmaydi, dahlizga chiqadi – turolmaydi. Uyqusidayam halovat yoʻq. Doʻxtirning gaplariga ishonmay, xotinini sinashta boshqasiga koʻrsatgani olib bordi ham. Uyam oʻsha gapni aytdi: yukli xotinga chechak chiqsa, qornidagi bola koʻr boʻlib tugʻilishi mumkin ekan… Apparatga ham tushirdi, alomatlari borday, deyishdi… Bilgich el-xalq ham aytdi, eshitgani boshini sarak-sarak qildi.

Uch kunki, ikkisi ham ich-etini yeb yotibdi. Ogʻir – ogʻir, Tilovga ogʻir boʻldi-da. Zurriyodini, uning taqdirini oʻylab bir ezilsa, xotinining holiga boqib, ikki kuyadi. Manavi beozor mushukcha ham koʻziga ofat, ajina boʻlib koʻrinyapti.

Tilov dahlizga chiqib, eski bir taypoq xontaxta yoniga uzaldi. Oʻng qoʻlini boshiga tirab yotdi-yotdi, boʻlmadi. Xayoli ming bir xalta koʻchaga kirib chiqdi.

Nega bunday boʻldi, Tilov? Axir ikki oʻgʻling soppa-sogʻ tugʻilgan edi-ku?! Durkun boʻlib katta boʻlyapti-ku? Urugʻ-aymogʻingda koʻr yoʻq edi-ku? Yo xotiningning naslida bormikin? Yoʻgʻ-a… Uylanayotganingda ota-onang yetti pushtini surishtirgan edi. Yaxshi eslaysan buni. Ayolingning bittagina kamchiligi chiqqan, Joʻlli soqov degan uzoqroq bir amakisi bor ekan. Surishtirsa, uyam tugʻma soqov emas ekan: boʻzbola payti Oqsuv qishlogʻidan tunda yolgʻiz kelayotganda oldidan tuyqus bir sharpa chiqib, otni hurkitgan, baytal oʻzini qirga urib, uni tashlab qochgan ekan. Amakisi qoʻrquv sabab bir muddat butkul tildan qolgan, keyinchalik sal-pal duduqlanib, gapira boshlagan, endi tuzalay deganda odamlar masxaralab, ustidan kulavergani tufayli uyatdan yana gapirolmay, battar tildan qolgan ekan. Soqovlik nasl surmaydi.

Unda nega bunday boʻldi, Tilov? Bolang nogiron tugʻilsa, bir umr oʻzingni aybdor his qilmaysanmi? Xotining-chi? Bolangning oʻzi-chi? Koʻzi ochiq tugʻilsa ekan, tik boqib, haqiqatni aytsang… Oʻzingning aybdor emasligingni tushuntirsang. Axir u…

Esla, nimadir xatong bor sening. Xotiringdan oʻchgandir. Yo taqdirga tan berib yashaysanmi? Yoʻq, unday qilolmaysan. Nogiron bola koʻziga qarashga yuraging dov bermaydi. Axir oʻzing koʻzi ojizlikning nima azob-uqubat ekanini yaxshi bilasan-ku…

Ana, xotining yostiqni jiqqa hoʻl qilib, narigi xonada yotibdi, bolalaring tashqarida qiyqirib oʻynab yuribdi. Hech boʻlmasa, hozir, yolgʻiz paytingda yigʻlab ol. Oʻkirib yigʻlasang ham mayli, hech kim eshitmaydi baribir. Shumxabar hammani karaxt qilib qoʻygan, seni tushunishadi.

Tilovga alam qildi. Koʻzi yiltilladi. Nimadir ichidan quyilib keldi. Boʻgʻzi achishdi. Kipriklari ohista ulandi.

E, voh! Koʻzi yumilishi bilan necha kundan beri oʻylab oʻyiga yetolmayotgan odamning xayolida yaqin oʻtmishi – talabalik yillaridagi bir manzara chaqinday chaqnab ketdi.

…Yetaklashib kelayotgan ikki yigitni hamma qiyomatlik doʻst derdi. Qurbonjon oqibati boʻyidan baland Tilovdek oshnasi borligidan terisiga sigʻmay yurardi. Nima qilsin, Qurbonjon – nogiron. Koʻzi ojiz hisob. Dunyoni ninaning teshigidan moʻralaganchalik ham koʻrolmaydi. Uning koʻzi – Tilov.

Tilov deganlari bamaʼni yigit edi. Novcha, bugʻdoyrang, koʻzlari qisiqqina sertavoze bu yigitni misoli Hotamtoy deysiz. Har yerda har kimga poyu patak boʻlib ketaveradi. Birovning dilini ogʻritmaydi. Sochini kalta kuzab, doim moviy boʻyinbogʻ taqib yuradi. Yelkasiga kattagina sumkani osvolgancha tinim bilmaydi. Oʻqish, ish deb oyogʻi olti. Butun kurs uni yaxshi koʻradi. Odamshavanda-da Tilovboy. Yelkasi yoʻq ayrimlar: “Zarilga – zaril, Tilovga nima zaril bularni taqimiga bosib yurishning?” deya gʻayirligi kelar, Tilov esa bunday gaplarga parvo ham qilmasdi. Ota-onasining baqbaqa toʻrasi boʻlib yurgan u arzandalar doʻstlik nimaligini qayerdan bilsin, axir.

Mana, hozir ham u Qurbonjonni yetaklagancha darsga kirib kelishi bilan kursning yuzi yorishib ketganday boʻldi. Faqat burun-qulogʻigacha tuk bosgan falsafa oʻqituvchisi Maxsumov domlagagina bu kechikish xush kelmadi. Qovogʻini osib, mingʻirlagancha oʻtirishga izn berdi.

Tilov Qurbonjonni oʻrta qatordagi partasiga oʻtirgʻizib, oʻzi yoniga choʻkdi. Qurbonjon paypaslab sumkasidan brayl yozuvidagi kitobini chiqarib, parta ustiga qoʻygan edi hamki, yelkasiga kimdir gurs etkazib urdi. Qurbonjonning yuragi qinidan chiqayozdi.

– Bugungi bayraming – Xalqaro nogironlar kuni bilan tabriklayman, oshna! – dedi qoʻl tashlagan shivirlab.

Bu yana bir yaqin doʻsti Behzod edi. Uyam nogiron, qismatdosh. Biroq ikkisi ham ilmtalab, behad quvnoq yigitlar. Shunday hazil-latifalari borki, eshitsangiz, etingiz jimirlab, hayron qolasiz. Hozirgina eshitganingiz tabrikning ohangi oʻzgarmaydi hech…

Qurbonjon ham boʻsh kelmadi:

– Seniyam tabriklayman, “Shahlo”! – dedi shivirlab.

Ular ilk bor tanishuvi chogʻida bir-biriga: “Sizning ham koʻzlaringiz shahlomi…” deganini keyinchalik eshitib, kursdoshlar rosa kulgan.

Hozir ham piq-piq kulgi koʻtarilgani bejiz emas. Baʼzan bu ikkovlon bir-birining oyogʻini atay bosib olib, joʻrttaga qattiq chinqirib qolishardi. Tagʻin, koʻngliga hazil ham sigʻadi bularning.

– Koʻzing koʻrmi? Nega oyogʻimni bosasan? – deya baqirardi Qurbonjon yolgʻondan.

– Oʻzingning-chi? Gʻilaymisan, men bosmadim-ku? – derdi “Shahlo” ham poʻpisa qilib.

Ikkovi koʻzining paxtasi chiqib, tergab, turtib-surtinishi tinguncha hamma kulgidan qornini ushlab qolardi. Ularning feʼli-xoʻyi hammaga maʼlum, hech kim ajablanmaydi, qaytanga, zavq bilan qoʻshilib kulardi. Bunday chogʻlarda, ayniqsa, Tilov yayrab ketardi. Qurbonjonning yelkasiga qoqib, yasha, joʻra, yasha, derdi koʻzlarini ishqalab. Soʻng qoʻltigʻidan olib, shoshilinch allaqayerlarga ketib qolishardi. Ertasiga dars mahali Qurbonjon ogʻzi toʻlib maqtardi.

– Jon doʻstim bu – Tilov. Har kuni institutga qoʻlimdan tutib olib kelib, olib ketadi. Kecha hatto bozorga tushib chiqishim kerak, degandim, oborib, uyimga tashlab ketdi. Shunday oqibatli doʻstlarimizdan ayirmasin-da, ishqilib, – deya shukrona keltirib qoʻyardi.

Qurbonjonning maqtanganicha bor. Tilov qayerga borsa, uni yetaklab ketadi. Kino, teatr, bozor, hatto kezi kelganda, oʻz qarindoshlarining toʻyigayam, maʼrakalarigayam hamroh qiladi. Bunga Tilovning tanish-bilishlariyam koʻnikib ketgan, yetaklasa, bir bechora nogironni yetaklabdi-da, savob ham kerak, deya undan mamnun boʻlishardi. Goh Qurbonjon, gohida “Shahlo” bilan yetaklashib, chaqchaqlashib yurgan Tilov koʻcha-koʻyda ham odamlarning rahmati, olqishini olar, bundan koʻnglida oʻzgacha zavq ham tuyardi.

Ana shunday kunlarning birida Tilovga qoʻngʻiroq boʻldi. Qishloqdosh-sinfdoshi tugʻilgan kun qilayotgan ekan. Tilov oʻyladi-oʻyladi, oxiri Qurbonjonnikiga yoʻl oldi. Uning istiholasini eshitib ham oʻtirmadi, birga bora qol, oʻzimning qishloqdosh joʻram boʻladi, seniyam tanishtirib qoʻyaman, bir yayrab kelasan, deya qoʻyarda-qoʻymay yetaklamoqchi boʻldi. Qurbonjon oyoq tirab oldi, notanish boʻlsa, men nima qilaman u yerda, oshna, ortiqcha gap-soʻzga qolasan oʻzing, mening turishim bu boʻlsa, dedi. Tilov Qurbonjonning istiholasini tushunib turgan esa-da, yolgʻiz borishga unamadi. Ranjigannamo tutdi oʻzini. Yoʻl-yoʻlakay, “Shahlo”ni ham hamroh qilishni aytgach, Qurbonjon rozi boʻlishdan oʻzga chora topolmadi.

Tugʻilgan kun sohibi koʻrimsiz, aftidan, talaba zoti yashashi mumkin boʻlgan xarob hujra eshigini ochar ekan, bir Tilovga, bir uning yonidagi nogiron yigitlarga qaradi, soʻng shoshilinch ichkariga manzirat qildi. Tilov hamrohlarini, keyin dasturxon atrofida yastanib oʻtirgan mezbonning oʻn chogʻli doʻstini bir-bir tanishtirib chiqdi. Dasturxon odmigina tuzalgan boʻlsa-da, fayzli edi.

Gurung avjiga chiqqanda, Qurbonjonga, azbaroyi davraga yaqinlik hissini uygʻotish uchunmi, harqalay, jon kirdi. Tilov haqida juda ohorli taʼriflar berdi. Maqtovga “Shahlo” ham ora-sira qoʻshilib turdi. Hojatbaror, shinavanda doʻstini kishi bilmas maqtashdi. Eshitganlar hali-hamon oqibat, doʻstlik degan narsalar borligini aytib, shivir-shivir qila boshlashdi.

Bir mahal Tilovning uyali telefoni jiringlab qoldi. Tilovboy, togʻlik emasmi, xuddi otasining “Bogʻi Erami”da yurganday, butun mahallani boshiga koʻtarib, gaplashdi:

– Alo? Nurmat? Senmisan? Ha, nima gap? Nega koʻchada qolasan? Qayerda? Ha, yoʻlkiraga puling qolmadimi? Ie, uzr, joʻra, mendayam shu ahvol, hemirim ham yoʻq edi-ya…

Keyin Tilov davraga bir koʻz yugurtirdi-da, muhim bir maxfiy gapni aytmoqchiday, turib, narigi xonaga chayqala-chayqala chiqdi. Qoʻli bilan telefon uchini bekitib, past ovozda shivirladi:

– Nurmat, joʻra, manzilni aytaman, shu yerga kelgin, bir ilojini qilamiz. Pul chiqmasa, ana, yonimda ikkita nogiron kursdoshim bor. Taniysan ularni. Shulardan bittasini yetaklab ketasan. Avtobusga ham, metroga ham pul toʻlamaysan… Yetaklovchisiman deysan, boʻldi. Yetaklovchilargayam “imtiyoz” bor-da… Voy-bu, nega tirik tovon boʻlarkansan? Ichingni ogʻritadimi tekin ulov? Kela qol endi, oshna…

Tilov koʻzlari suzilib, telefonning qizil tugmasini bosdi. Xayolan doim pulga zoriqib, qarz soʻrab yuradigan bechorahol Nurmatni koʻz oldiga keltirdi. “Xayriyat, – deya oʻyladi. – Yaxshiyam, shu invalid kursdoshlarim bor. Uch yildan beri oʻqishgayam, ishgayam, bozorgayam tekin borib yuribman… Ham savob, ham tekin ulov, deganday…”.

Tilov bizga tanish bazm dasturxoniga qaytib kirganida, Qurbonjon haliyam u haqida, odamgarchiligi toʻgʻrisida mamnun boʻlib soʻzlab oʻtirgan edi…

…Mana, Tilov oʻsha oqshomdagi gaplarni hozirgiday esladi. Ikki nogiron oshnasining maqtovlari moyday yoqib tushgani, mezbon joʻralariga koʻzini qisib, qara, qanday savob ishlar qilib yuribman, degani, mastlik ekan, kamiga, nogiron yigitlarning har bir gapini qoʻl ishoralari bilan koʻrsatib, kalaka qilgani, koʻchada pulsiz qolib, ijara uyiga yetolmay qolgan Nurmatga “jonli tekin yoʻl chiptasi” – “Shahlo”ni qoʻshib yuborgani – barcha-barchasini tip-tiniq xotirladi.

“Eh, nodon! – dedi xoʻrligi kelib. – Aslida men, oʻzim koʻr boʻlgan ekanman… Savobim bir tanga, gunohim ming tanga boʻlgan ekan-ku. Xudo jazomni berdimi endi?

Qurbonjon! Behzod! Bilgan, sezgan boʻlsanglar, nega men ablahning betimga tupurmadinglar? Bilmagan boʻlsanglar, yaxshi, lekin nega men bunday edim? Endi, mana, oʻzimning ham tugʻilajak bolamning koʻzi… yoʻq, aytishga tilim bormayapti. E, voh, nega axir? Sizlarni yaxshi koʻrishim haqiqat edi. Lekin koʻnglimning bir chetida baribir ustingizdan ozgina kulgim kelgani, sizlarni yetaklab, odamlar koʻziga yaxshi koʻringim, doim sizlardan foydalangim kelganini hech kimga aytmaganman, aytolmaganman-ku?! Ie, nimasini aytay, joʻralar! Oʻtgan umr ham otilgan oʻqday gap ekan, hech narsani ortga qaytarib boʻlmas ekan…

Yeldim-yugurdim. Biznesmen tanildim. Qaranglar, bir umr biznes qilibman. Oʻylasam, sizlarni ham biznes qilibman-a… Ay, men oʻzimni odam sanab yuribman-a…

Tilovning yelkasi silkinib-silkinib, yuzini bolishga qoʻydi.

…Oyi-kuni yaqinlashib, ingrab, xotini belgi berdi. Tilovning oʻpkasi toʻlib, onasini qoʻshib, togʻ-tosh oralatib, Morsaroyga olib bordi.

Koʻk xalat kiyib, xonaga kirib kelgan oʻsha – bolaning taqdirini aytgan doʻxtirdan ham, novcha doyadan ham koʻzini olib qochdi…

Ayolini doʻxtirlarning qoʻliga topshirib, ikki koʻzi yerda, indamaygina chiqib ketdi. Tugʻuruqxona atrofida quyuq daraxtzor tagidagi oʻtirgʻichga choʻkdi. To tunga qadar jilmadi. Koʻnglidan oʻtganini yolgʻiz oʻzi bildi.

Bir mahal tungi chiroq yorugʻida shovqin solib bir sharpa paydo boʻldi.

– Boʻriyevaning eri siz emasmi, aka? – deya soʻradi hamshira qiz.

Tilov jon holatda oʻrnidan turib ketdi.

– Menman!.. – dedi qaltirab. – Nima boʻldi? Tinchmi?

– Tinch boʻlganda-chi! Tabriklaymiz! Oʻgʻil-a! – dedi jilmayib. Uning jilmayishi xiragina tungi chiroq yogʻdusiga qoʻshilib, butun borliqni yoritib yuborganday boʻldi. Biroq Tilov hamon jim turar, suyunchitalab hamshira esa tabassum bilan, ortiq gap aytolmay, undan javob kutardi.

Bir tuki oʻzgarmagan Tilov xomush, goʻyo aza tutayotganday, hamshiraning qoʻliga ozroq pul tutqazdi. Soʻng ogʻir qadam bosib, tugʻuruqxonaga qarab yurib ketdi.

Yoʻlakda boyagi ikki shifokorni – peshonasidan reza-reza ter chiqib turgan doya va doʻxtirni uchratdi.

– Doʻxtir, ayolimiz yaxshi qutulib oldimi? Chaqaloqning… toʻrt muchasi sogʻmi? – dedi zoʻrgʻa boshini koʻtarib.

Doʻxtir jilmaydi.

– Uka, – dedi. – Hech xavotir olmang! Ona-bola soppa-sogʻlom! Baʼzan doʻxtir ham adashadi… Apparatni ham odam yaratgan…

Tilovning yuragi dukkillab urib ketdi.

“Xayriyat! – dedi. – Oʻzingga shukr, Xudoyim! Beadad shukr…”

 

Jasur KENGBOY

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.