Temir yoʻl izlarining ovozi

0
258
marta koʻrilgan.

Kamol TOHIR

 

Bugun soʻnggi kun edi. Soʻnggi kun.

Oʻttiz besh yilu ikki oy kecha kunduz ishlagan bu kulbani tashlab ketishi kerak edi. Nafaqaga chiqayotgandi. Rasmiylashtirish ishlari ham yakuniga yetgan, hatto oʻrniga yangi ishchi tayinlangan. Uning oʻrniga koʻtargich (shlagbaum)ni boshqaruvchi navbatchi kelayotgandi.

Nafaqaga chiqishni oʻylamagandi emas, bilardi. Nafaqaga chiqish nasib qilsa, har bir ish odamining uzun mehnat yoʻlidan keyin oqibat taqdiri, tinch, osuda joyda, yumshoq oʻrinda tinchlanib, hordiq chiqaradigan muddati edi uning nazdida.

Bir necha yildan beri qishda ishlash mashaqqat tugʻdirayotgandi unga. Xotirasi pand berib, poyezdlarning qatnash soatlarining tartibini unutib qoʻyardi. Yotogʻidan istar-istamay, malol bilan uygʻongan kezlari:

– Koʻpi ketib, ozi qoldi, – deya gʻudranardi oʻz-oʻziga.

Uskudorda, Nuhkuyusuga yaqin joyda yashardi. Navbat almashib, haftalik taʼtilga chiqqan kezlari uyiga ketganida, ortiga qaytishni intiqib kutar, shanba tongida yangicha kuch-quvvat, oʻzi anglamagan istak bilan ishiga qaytardi.

 

* * *

Issiq peshin quyoshiga qorishib ketgan temir yoʻl izlari porlab turgan kezda kulbasidan chiqdi. Atrofni kuzatdi. Xuddi bu yerlarni oʻttiz besh yil koʻrmagan, kuzatmagan kabi borliqni diqqat bilan tomosha qilardi. Hov anavi koʻmir uyumi har doim shu yerdamidi? Oldinroqdagi suv deposining rezina joʻmragi eskirib qolibdi. Oʻng yoʻldagi vagonlarga qaradi. Eh-he, qancha vaqt oqib ketmadi! Bu vagonlar yap-yangi holatda kelgan paytlarni esladi. Temirdan yasalgan vagonlar shu qadar choʻkib, xarob holga kelgan boʻlsa, uning oʻzi qay ahvolda ekan hozir? Bir muddat kulbasidagi koʻzguga qaramoqchi boʻldi. Xayolidan darhol voz kechdi. Signal fonariga koʻzi tushdi. Endi uni ishlatmaydi. Fonari bilan bogʻliq gʻalati holatlarni xotirladi. Bir kecha fonarining qizil shishasi sinib, nima qilishni bilmay qolgandi. Yana bir boshqa kecha uyqusirab adashib signal berib yuborgandi. Oʻz ishining ustasi, ilgʻor navbatchiga aylangunicha nimalarni boshdan kechirmadi. Bular eski xotiralar edi. Yoshlik davrlarining eng goʻzal kunlari. Keyinchalik fonarini ham sindirmadi, navbatchilikda uyqusirab ham qolmadi. Parovozlar, lokomotivlar, boshqa yoʻldagi navbatchi koʻtargich boshqaruvchilarni ovozidan taniydigan boʻlgandi. Hatto hidi, havosidan farqlay olardi poyezdlarni. Shamoliga qarab radar tutar, poyezdlarning temir izi tovushini telefon chaqirigʻidek bilardi.

Yaltiroq temir yoʻl izlari koʻzlarini qamashtirib kulbaga kirdi. Narsalarini yigʻishtirib, tayyorlab qoʻyibdi. Eski sandigʻi yillar davomida qoʻngan koʻmir gʻuborlaridan kirlangandi. Stansiyada bu rang yopishmagan biror narsa yoʻq edi ham. Temir qopqoqli, osma kalitli kichik sandiq ham stansiyadan bir parcha yodgorlik. Uni olib ketishning qiyinligini oʻylamaydi. Aksincha, shu sandiq stansiyada kechgan yillarini eslatib turishidan mamnun.

Qirmizi yopinchiq yopilgan yigʻma karavotida mashina kutyapti. Ertalabdanoq hamkasb doʻstlari bilan xayrlashgani yaxshi boʻldi. Biroz boshini yostiqqa qoʻyib dam oladi. Hozirdanoq nafaqada dam olishni boshlaydi.

 

* * *

Yangi navbatchi-boshqaruvchi yoshroq erkak edi. Shu atrofdagi stansiyalardan birida ikki yildan beri koʻtargich boshqarardi.

– Omon boʻling, Rajab ota! – deya qoʻlini oʻpdi.

Rajab soʻnggi nasihatlari, tavsiyalarini takrorladi. Oʻz asarini iqtidoriga ishonmagan begona kishiga topshirayotgan sanʼatkordek qoʻrquvda edi. Mashinada yotogʻi va kichik sandigʻining orasiga oʻtirib oldi. Gʻildiraklar yurishga shaylanarkan, pastga qarab ovozi berdi:

– Oʻgʻlim, uchinchi yoʻlning koʻtargichi uncha yaxshi ishlamaydi. Koʻtarilayotganda ovoz chiqardi. Bor kuching bilan bosmagin.

Balandlikdan chiqayotib, stansiyaga, koʻtargichlarga oʻng-soʻl tarafiga yana bir bor qaradi-da, shivirlab qoʻydi:

– Rabbim, bu kecha biror halokat yuz bermasin-da…

 

* * *

Koʻtargich-boshqaruvchi Rajab ota Rajab boy boʻldi. Uyidagi shu paytga qadar hech qaramagan bogʻiga gullar ekdi. Oʻrtasiga marmar hovuz qurib, hovuz atrofini rangli gumbaz bilan yopdi.

Ichkariga tovuq katagi qurdi. Atrofidagi qishloqlardan tovuqlar keltirdi. Gul parvarishlab, tovuq boqishga shoʻngʻib ketdi.

Har kuni tovuqlari va gullari bilan mashgʻullikda kunni kech qiladi. Ayoli bir kunga kelgan mehmon kabi xizmatiga shay turadi. Xojasining nafaqada ekani, endi hamisha yonida boʻlishini oʻylasa ayol mamnunlik tuyardi. Oʻgʻillari Rustam esa Kadikoʻyuda haydovchilik qiladi. Oʻsha yerda uyli-joyli boʻlgan, xotini, bola-chaqasi bilan oʻsha yerda yashardi. Faqat oyning ilk kunlari otasiga nafaqa pulini keltirib berardi.

Rajab boy tongdan shomgacha egniga yengil kiyim kiyvolib, bogʻida kuymalanadi. Tushlikni bogʻda yeydilar. Kunning ikkinchi yarmi yana bogʻida ishlaydi, qoʻshnilariga nafaqaga chiqqan koʻtargich-boshqaruvchining qay darajada qoʻli gul bogʻbon ekanligini koʻrsatib, mehnat qilardi.

Xufton namozidan keyin Rajab boy koʻchalik kiyimini kiyib, mahalladagi qahvaxonaga chiqadi. Mahalladosh erkaklar bilan salomlashish bahonasida tovuqchilik va gulchilik haqida suhbatlashadilar. Orada suhbat dunyoda roʻy berayotgan hodisalarga taqalar, ammo nafaqadagilar bu suhbatga uncha quloq osmasdilar. Hayotdan yaxshigina taʼlim olib, tajriba toʻplagan keksalar oʻlim vaqti yaqinlashayotganini, qazo vaqtini kutayotganlarini eslab, tark etishlari muhaqqaq hayotning zavqli onlaridan gaplashib taskin topardilar.

Oqshomda boshlangan bahs-munozarali suhbat yarim tungacha guldan xoʻrozga, xoʻzrozdan tuproq oʻgʻitlari masalasiga, undan eski koʻpkari va ov hikoyalariga taqalardi.

 

* * *

Nafaqadaligining toʻrtinchi oyi edi. Ertalabdan dengiz shamoli lodos esardi. Rajab boy pastki qavatdagi kichik sandiq turgan xonasiga kirdi. Tovuq katagining temir eshigini kesish uchun keskichini izlayotgandi. Toʻsatdan koʻzi temir qopqoqli, qora rangli sandigʻiga tushdi. Sandigʻiga yaqinlashdi. Sandigʻi bilan toʻqnashish shu qadar tez roʻy berdiki, Rajab boy bir muddat oʻziga kelolmadi. Oq yengil koʻylak-lozimli Rajab boy bir zumda koʻtargich-boshqaruvchi navbatchi Rajab otaga aylandi. Oʻttiz besh yillik hayoti bir-bir koʻz oldidan kechdi. Yoz quyoshida porlagan temir yoʻl izlari, qor zarralarini toʻzgʻitgancha yaqinlashayotgan lokomotiv tormozlarini koʻrayotgandi goʻyo.

Shu onda uzoq-uzoqlardan koʻngilga ayriliq qoʻshigʻidek ogʻriq bergan uvillagan tovush eshitildi. Lokomotiv ovozi edi u. Deraza ochiq edi.

Gʻayri ixtiyoriy ravishda:

– Gʻaffor tentakning uvillashi bu! – deya pichirladi.

Gʻaffor tentak tez-tez yurgani uchun bu laqabni unga oʻzi topgandi. Gʻafforning qop-qora koʻmir orasida porlagan koʻzlarini, koʻtargichdan oʻtayotganida qoʻl siltashlarini esladi.

Shu onda kesgichni, tovuq katagini, bogʻini, hamma narsani unutdi. Jimgina yuqori qavatga chiqdi. Kiyimlarini almashtirdi. Oʻzini indamaygina kuzatayotgan ayoliga:

– Birozdan keyin qaytaman! – deya koʻchaga chiqdi. Stansiyagacha hayajon bilan yurdi. Faqat temir yoʻl izlarini koʻrganida, endi u yerda qiladigan hech bir ishi qolmaganini angladi.

Daraxtga suyanib, bir necha soat lokomotivlarni, oʻtgan-ketgan poyezdlarni kuzatdi. Yuragini vayron etayotgan gʻariblikni, uni bu joʻshqin hayotdan shafqatsizlarcha yulib otgan keksalikni yozgʻirib, hech narsani sezmay, bor dunyoni unutib stansiyani kuzatdi. Oʻzi kabi shoxlari kesilgan, soyasi yirtiq daraxt tagida oʻtirib yum-yum yigʻlayotgan koʻnglini ovutolmay temir yoʻl koʻtargichiga mahzun termulib qoldi.

Hozir lodos poyezd ovozini Nuhkuyusidagi uyigacha keltirgan kunlarda stansiyaga uzoqdan termilib qoladigan bir keksa bor. Bu odam yillar shafqatsizlik bilan yulgan umrining qolganini ham kasbiga bagʻishlashni istagan, yana temir yoʻl izlarining ovozi bilan yashashni istagan, bunga hamisha muhtoj boʻlgan koʻtargich-boshqaruvchi navbatchi Rajab otadir…

 

Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.