Telbaning savoli

0
340
marta koʻrilgan.

Qishlogʻimizda yoshi qirq-qirq beshlar atrofidagi bir odam boʻlardi. Oʻzi telbasifat (boshqacha atashni bilmadim), doim koʻcha changitib yurgan bolalar bilan oʻynar, allambalolarni gʻoʻldirab, yoshiga yarashmaydigan qiliqlar qilardi.

Aftidan, uning hech kimi yoʻq boʻlib, maktab qorovulxonasida yashardi. Tirikchiligi qishloq odamlari beradigan besh-olti soʻm pul bilan oʻtardi. Pul uzatsangiz, biror ishingizni sidqidildan bajarib, soʻng olardi. Agar shunchaki pul bermoqchi boʻlishsa, olmasdi. Oʻzim ham bir necha bor sinaganman. U yerga qarab, boshini likillatib “Men gadoymasman sadaqa soʻraydigan. Ishing boʻlsa, ayt, bajaraman”, deb turib olgan. Soʻng chiqindini toʻkib kelish, ikki-uch metrcha yerni chopishga oʻxshash maydaroq ishlarni aytib, pulini berardim. Bu telbaning ismini hech kim bilmas, yosh bolalar bilan ham, kattalar bilan ham sensirab gaplashardi. Bir gal odatdagidek yumushini bajarayotganida, undan “Men yaxshi odammanmi yoki yomon odammanmi?” deb soʻradim. Negadir ichimda uning fikrini bilish istagi uygʻongandi. Institutda tahsil olayotgan vaqtimda falsafa domlasi “Hayot tarzi boshqa insonlarga oʻxshamaganlarning fikrlari va hayotga munosabati boshqacha boʻladi”, degan gapni eslaymanda… Oʻshanda koʻz oldimga darrov qishlogʻimizning bu telbasifat odami yarq etib gavdalangandi. Keyinchalik ham undan “Men yaxshi odammanmi yoki yomon odammanmi?” deya juda koʻp soʻradim. U esa har doimgidek yerga qarab, nimalarnidir gʻoʻldirar, umid bilan bergan soʻrogʻimga sira tayinli javob qaytarmasdi. Ammo hammasi keyin maʼlum boʻldi, bu voqea hayotimdagi bir umr unutilmas hodisaga aylandi.

Bir kuni ikki qizimni yetaklab bogʻchaga yoʻl oldim. Katta qizim Xadichabonu besh yoshda, kichigi Asilabonu esa uchdan oshgandi. Ota uchun farzandining azizligi, ayniqsa, qiz bolaning qadrli ekanini ota boʻlib, koʻz qorachigʻidek asrab, ularni voyaga yetkazgan insongina anglaydi. Men ikki davlatimni yeru koʻkka ishonmay yashayman. Oʻsha kuni koʻcha boshida telbani uchratib qoldik. U qizaloqlarimni koʻrishi bilan birdaniga ularni oʻynatishga tushib ketdi. Kulib qoʻydimu yoʻlimda davom etmoqchi boʻldim. Telba esa duduqlanib, menga hazil aralash gapirdi.

– Toʻxta, shoshma, qizlaringni kimga berasan-a, qizlaringni kimga uzatasan?

– Tentakmisan, hali ular juda yosh-ku?!

– Ularni kimga uzatasan? Ayt.

– Hali ular bogʻchaga borsa…

– Oʻzingga oʻxshagan kuyov chiqsa, berarmiding-a, berarmiding?

– Nimalar deyapsan, qoch yoʻlimdan!..

Men uni turtib yoʻlga tushdim, u qizlarimdan koʻzini uzmay, kulib qiliqlar qilgancha ergashdi. Muyulishda toʻxtadi, keyin ortiga qarab yugurib ketdi. Men qizlarimni bogʻchaga olib borib qoʻydim, negadir miyamda oʻsha telbaning savoli gir aylanaverdi. Toʻgʻrisi, oʻsha kuni ishlay olmay uyga qaytganman. Oʻsha kundan buyon bu savolni oʻzimga berib kelaman. Telbaga bergan savolimga javob topgandek boʻldim. Topganimda ham ortigʻi bilan topdim. Men yomon odamman! Chunki qizlarim ota uyini tark etadigan fursati kelsa, ularni oʻzimga oʻxshagan insonga uzatmagan boʻlardim!

Koʻp oʻtmay, telba qishloqda koʻrinmay qoldi… Odamlar ahyon-ahyon u haqda eslab qoʻyishar, koʻcha changitib yurgan bolalar baʼzida uni izlab qolardi. Men esa shuncha yildan beri telbaning savolini har on oʻzimga berib yashayapman. Doim yaxshi tarafga oʻzgarishga harakat qilganman. Ayolimning ham menga mehri boʻlakcha boʻlib qolgan. Oʻsha telba esa onda-sonda tushlarimga kirib savolini berib qoʻyadi.

Ertaga ikki qizimning ham toʻyi. Taqdir ekan, ikkovini ham bir kunda uzatyapman. Ichimda esa bir savol menga tinchlik bermaydi: “Kuyovlarim yaxshi odammikin?..”

 

Dostonbek RAHMATULLAYEV

 

“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.