Tekin reklama

0
240
marta koʻrilgan.

Uzoq yillar burun, tamaki endi-endi tarqala boshlagan paytlarda togʻ etagidagi bir qishloqqa ana shu oʻsimlikni olib kelishibdi. Qishloqda bir donishmand chol yashar ekan, u birinchi koʻrishdayoq tamakini yoqtirmapti va odamlarni undan foydalanmaslikka chaqiribdi.

Bir kuni cholning koʻzi bozorda dehqonlarni toʻplab olib mahsulotini maqtayotgan savdogarlarga tushibdi. Ular qoʻllaridagi tamaki yaproqlari haqida turli-tuman ijobiy sifatlarni aytardi. Donishmand ularga yaqinlashibdi-da: “Bu barglar faqat foyda olib keladi: chekadigan odamning uyiga oʻgʻri tushmaydi, oʻzini it tishlamaydi, hech qachon qarimaydi”, debdi.

Bunday tekin reklama sotuvchilarga moydek yoqib tushibdi. “Bu bebaho oʻsimlik haqida kengroq gapirib bering, taqsir”, deb iltimos qilishibdi otaxondan. Chol soʻzida davom etibdi: “Oʻgʻri kashandaning uyiga kirmaydi, chunki u tun boʻyi yoʻtalib chiqadi. Hammalaring yaxshi bilasizlar, oʻgʻri uygʻoq odam bor uyga kirishni uncha yoqtirmaydi. Koʻp chekadigan odam tez orada kuchdan qoladi, hassaga suyanib yuradigan boʻladi. Qoʻlida tayogʻi bor odamga esi bor it tashlanmaydi. Va nihoyat, chekuvchi qarimaydi, qarishga ulgurmay yoshligidayoq “oyoqni uzatib” yuboradi”.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Irfon” taqvimida (2014 yil, I chorak) chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.