Tashakkurnoma

0
513
marta koʻrilgan.

Qishloqdagi gurunglar nuqul “qoʻyi qoʻzilabdi, echkisi uloqlabdi”dan nariga oʻtmaydigandek tuyuladi. Aslida bu shunchaki, yoʻliga. Toʻy-hashamlarda, toʻrt odam yigʻilganda gurung qiladigan mavzular boʻladi. To yana bir qiziq voqea yuz bermaguncha, butun qishloq shu gapni aylantiraveradi, aylantiraveradi. Bu ham bir qarashda targʻibot yoki akstargʻibotga oʻxshab ketadi. Lekin samarasi oʻn chandon ortiq boʻlsa bordir, aslo kam emas.

Qishloq toʻylarida eng qizigʻi dikkis-dikkis oʻyinga tushish yoki ichvolib janjallashish deganlar adashadi. Eng qizigʻi, katta toʻygacha oʻtadigan marosimlar, maslahat va sabzitoʻgʻrarlarda boʻladi. Bobo va momolarning gurungida boʻladi. Qishloqqa toʻyga borsam, shunaqa davralarga suqilib kiraman. Tunov kuni maʼrakadagi gap “Otangga rahmat!” degan bitik haqida ketdi.

– Qishlogʻimiz tarixida hali bunaqasi boʻlmagan, – dedi Jonuzoq malim soqolini selkillatib. – Gʻaybiddinboyga Toshkentdan “Shunday ul oʻstirganingizga rahmat!” degan xat keldi. Imzosi, muhri bilan. Menga ishonmasalaring, borib koʻringlar, – yonboshlagan qoʻli bilan ishora qiladi, – uyining toʻriga ilib qoʻygan.

Shivir-shivir: “Gʻaybiddin boy?!”, “Kim, kim?” “Gʻaybi gʻaltakmi?!”. Jonuzoq malim barini qiziqtirib, ichini kuydirish uchun joʻrttaga sukut saqlaydi, xoʻrillatib choy ichadi.

– Bugundan keyin qishlogʻimizda Gʻaybi gʻaltak yoʻq, Gʻaybiddin boy bor! – salmoqlab yana gap tashlaydi. – Shunday ul oʻstirgan odamni Toshkentda eʼzoz qilibdi-ma, biz ham hurmatini joyiga qoʻyuvimiz kerak.

Davradagilarning ayrimlari “E-e, umi?” degandek miyigʻida kuladi.

– Tuvri, u maktabda matematikadan misol yecholmay, mening kaltagimdan qashqa boʻlib ketgandi. Oʻzi oʻqmasayam, bolalarini oʻqitaman deb eski gʻaltagini gʻiyqillatib koʻringannikida ishladi. Shuytib ullarini oyoqqa qoʻydi. Oʻsha payt sen bilan men nima qilayatuvdik? – domla gurungning oʻzanini atayin shu tomonga buradi, miyigʻida kulganlarni nishonga oladi. – Sen bilan men topganimizga tom solayatuvdik. Gʻaybi gʻaltak hovlimizda ishlayatuvdi. Topganimizning yuzdan birini unga tomizayatuvdik. U shu tomizgʻi bilan bolalarini oʻqitayatuvdi. Oxiri kim yutdi?

Ayrimlar chuqur xoʻrsinadi, baʼzilarning ensasi qotadi. Parmon pakki gapga aralashadi:

– Oʻsha Gʻaybiddinboyingiz tagʻin nima qilibdi? Bu yogʻini ham eshitdingizmi?

– Nima qilibdi?

– Uch kun ziyofat beribdi!

– Kallasi joʻq-da.

– Undan koʻra, imkoni yetganicha pul yigʻib, bolaga noutbuk opbermay-ma?! – Pakki eski bugʻoltirligiga boradi-da, nuqul foydani oʻylaydi.

– Uning noutbugi bor. Bultur tanlovda yutib edi. – Sabzi toʻgʻrayotgan yigitcha gap qotadi, sinfdoshini maqtayotganidan ichiga sigʻmay.

– Ha-a, “Oʻgʻlim Germaniyada matematikadan oltin medal oldi. Aeroportga kutib olgani chiqamiz”, deb yuruvdi, – Parmon pakki atayin yerga urib gapiradi. – Oʻshanda yutganmi noutbukni?

– Yoʻq, u voqea burnogʻi yili edi. Bunisi bultur… Oʻzi, Alisher Toshkentda oʻqiyman, deganida hamma “Katta institutlarga kattalarning bolalari kiradi. Sendaqalar imtihondan orqachayin yiqilib qaytadi”, deb masxaralab edi. Mana, grantda oʻqiyapti, – yosh yigitning suhbatga aralashgani davraga yoqmaydi, beeʼtibor eshitadilar. Ayrimlar “Sen-chi?” degandek qaraydi. Yaxshiki, u ham vaziyatni vaqtida fahmlaydi.

– Yutarakansan, bir yoʻla “Molibi” yutmaysanmi? Vo-ho-ho-ho… – Vahob “voh-voh”ning haziliga oʻzidan boshqa hech kim kulmadi. Kurkaning jigʻildoniga oʻxshash boʻyni liqillab ketdi. Koʻrik-tanlovni lotoreya deb oʻyladi, shekilli.

– Boʻlmasa, boshqa foydali ish qilsin. Ular yutuq yuvadi. Keyin bu yoqda – bizning qudanikida janjal boʻladi, – Parmon pakki gapni oʻz dardiga olib kelib ulaydi.

Hamma sergak tortadi. Chekka-chekkada oʻzaro gaplashib oʻtirganlar jimib qoladi. Sabzitaxta va pichoqlarning taqillashi tinadi.

– Bizning kuyovimiz Gʻaybi… – “gʻaltak” deb yuborishiga sal qoladi: – Gʻaybiboyga sinfdosh boʻladi-da…

– Qaysi? Kattasimi?

– Oʻrtanchasi.

Pakkining toʻrtovmi, beshov qizi bor. Oʻrtanchasi qaysi ekan, kimga tushgan ekan? Hamma oʻzicha tusmollaydi.

– oʻappor akaning toʻngʻichi-ma?

– Yoʻq, Habi – Mengli bovaning kenjasi.

– Uning bolalari endi maktabga chiqdi-ku! Suvon soʻpining ulini aytayapti.

Parmon pakki gʻala-gʻovur tinguncha indamay oʻtiradi. Birovi ham oʻzi aytsin demaydi-ya. Bari oʻlarmonlik qilib oʻzinikini oʻtkazish payida. Oxiri toqati toq boʻladi:

– Oynisa mening uchinchi qizim-ma? Suvon akaga kelin boʻgan-ma? Ikkinchi uliga, Karimga… Boʻldi-da!

– Mayli-mayli, janjaldan gapiring, janjaldan…

– Xullas, sinfdosh joʻralar Gʻaybi… boynikida qoʻyarda-qoʻymay boʻyni uzundan otishgan. Ustudentning kistasiga bir-ikki soʻm solib qoʻyuvmiding vaqtida, deb soʻraydigan odam yoʻq. Keyin Karim kuyov uyga kelib, qizimizni tubalagan. Nega sen geniy tugʻmaysan, deb.

– Geniyni ena tugʻarmikan, ota tarbiyalaydi-da! – dedi Jonuzoq malim oʻngidan chapiga yonboshlab. Aytgan gapiga biroz oʻylanib qoldi: – Lekin qars ikki qoʻldan, degan gaplar ham bor.

– Shu adolatdanmi? – Parmon pakki qizisha ketdi. – Tashakkurnomani Gʻaybi… gʻaltak olsa-da, kaltakni bizning qiz yesa…

Pichoqlar sabzitaxtaga qattiq-qattiq tega boshladi. Ikkiora-uchora shivir-shivir gaplar oyoqlandi. Parmon pakkining shu odati qolmadi-da. Qizlariyu kuyovlarining oʻrtasiga tushgani tushgan. Balkim, bittagina oʻgʻli boʻlganida, bittagina kelin tushirganida… tushunarmidi?

Sekin oʻrnimdan turaman, tashqarilayman. Chiroq arang yoritib turgan oʻchoqboshida ham shu gap ekan.

– Qishlogʻimizning obroʻyi-da! – deya gapini maʼqullayotgandi Sharop shildir.

Qozon atrofi tongda osh tortiladigan stol-stullardan boʻz mato bilan ajratib qoʻyilibdi. Biqqi oshpaz yaxna goʻsht pishirayapti, archa hidi… Xontaxtani qoʻrgʻalab yosh-yalang turibdi. Gurung yana oʻsha mavzuda:

– Qani, onglar! Qishlogʻimizda shunaqa bollar koʻpayaversin!

Ortimga qaytaman, koʻrib qolmaganlari maʼqul. Yangalar, qizlar zinadan tepaga koʻtarilib, pastga tushib, ayvondan oʻng qoʻldagi uyga kirib-chiqadi. Haytovur, momolar, ammayu xolalar shu yoqda boʻlsa kerak. Ichkari moʻralayman:

– Assalomu alaykum!

Keng uy toʻrida choy ichayotgan, quyiroqda likobchaga qand-qurs solayotgan – barcha yalt etib qaraydi.

– Ke, kelaver. Begonasi yoʻq.

Oʻzimiznikilar bemalol oʻtiraveradi. Sal narilar, ayniqsa, yangalar yigʻinib oladi: roʻmolini, yoqasini toʻgʻrilaydi. Hol-ahvol soʻrashgach, suhbatni uzilgan joyidan davom ettiradilar.

– Ha… Alisherjon amaliyot oʻtash uchun bizning ishxonaga keldi, – deydi Buvinisa bugʻoltir. – Bir savollar beradi, uyalib qolamiz. Sen tashqariga chiqib tur deb, toʻrt hamkasb maslahatlashib olamiz. Kattamizga kirib soʻraymiz. Tanishlarga telefon uramiz. Oxiri tushuntirdik: “Sening joying bu yer emas ekan. Bor-da, yaxshiroq joyda amaliyot oʻta. Qogʻoz kerak boʻlsa, muhr bosib beramiz. Lekin oʻqishni tugatgandan soʻgʻin oʻzimizga ishga kelasan, rahbar boʻlib…”.

– Shul Gʻaybining uli-da? – soʻraydi Hanipa momo, ichiga botgan koʻk koʻzlarini Buvinisa opaga tikib. – Pahmoqdan chaqmoq, deganlari shul-da…

Qishloqda yaqin-orada hech kimning sigiri buzoqlamaganmi, deyman. Na birovning qizi eridan arazlab kelgan, na birovning uyiga oʻgʻri tushgan. Hech qursa, biror-yarimta televizorda futbol koʻrayotib “Gol!” deya baqiraman deb ogʻzidagi nosini yutib yubormagan-da. Topgan gaplari “Gʻaybiddinboyga oʻgʻlining domlalaridan “Otangga rahmat!” degan yorliq keli-i-i-ibdi!”. Shunga nima boʻlibdi? Adashib-madashib ketishgandir. Avvaliga yoqdi bu gurung, keyin-keyin eʼtibor bermaslikka urindim. Indamasam… Mana, men ham Toshkentda yuribman-ku! Nega “Hasanboyding uli…”, deb maqtashmaydi, a? Koʻziga koʻrsatib qoʻymasammi bularning! Hikoya yozaman. Yozuvchi boʻlaman. Kitob chiqaraman. Barining oldiga bitta-bittadan tashlayman. Dastxat yozib tashlayman. Koʻrib qoʻyishsin biz kim, Gʻaybi gʻaltakning oʻgʻli kim?

 

Farrux JABBOROV

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.