Tasalli

0
136
marta koʻrilgan.

Qabriston jimjit. Faqat yoʻlakning ikki chetida saf tortgan mirzateraklar qabr ustiga bosh eggan farzandlardek onaga orom tilab alla aytadi. Ularning mungli shivirlashi tilovat sadolariga qoʻshilib, yurakni ezuvchi ohangga aylanadi… Oq surp yaktak kiygan, mosh-guruch soqoli oʻziga yarashgan goʻrkov yuziga fotiha tortib oʻrnidan turadi:

 – Boʻldi endi, bolam! Bunaqada oʻzingizni oldirib qoʻyasiz. Dunyoning ishlari shu ekan, iloj qancha? – U bir zum indamay qoladi-da, qoʻshib qoʻyadi: – Volidai mehriboningiz xoʻp yarlaqagan odam ekanlar. Toʻshakda yotmabdilar, birovga zoriqmabdilar… Bunaqa beozor oʻlim har kimga ham nasib etavermaydi.

Nami qurib ulgurmagan tuproq uyumiga tikilgancha oʻylayman.

Ehtimol shundaydir. Onam bu dunyoda kamsuqumgina yashardi. Hech kimga ozor bermasdi. Hech kim bilan hech nimani talashmasdi. Ehtimol, tabiatning eng shafqatsiz elchisi bilan ham olishib oʻtirishni xohlamagandir. Ehtimol…

 – Koʻrdingizmi, – deydi qariya oʻychan ohangda, – oʻsha kuni kechasi bilan jala quyib chiqdi. To qabrga qoʻygunimizcha tinmadi. Qoʻyishimiz bilan charaqlab oftob chiqdi. Bunaqa ruhi pok odamlar kam boʻladi, bolam, men bilaman-ku.

Ehtimol shunday hamdir. Balki, odamlarning dardiga sherik boʻlaverib koʻnikib ketgan bu nuroniy qariya kerakli paytda har kimga ana shunday tasalli soʻzini aytar. Rahmat senga, otaxon. Ertami-kechmi har kimning ishi tushadigan mana shu qoʻllaring uchun rahmat. Oʻrtanib turgan yurakka suv sepa biladigan mana shu hamdard qalbing uchun rahmat. Faqat… Hamma gap yomgʻirda boʻlsa, yana aqalli uch kungina onamning umri choʻzilsa-yu, keyin yomgʻir emas, muttasil tosh yogʻsa ham rozi edim…

Bir hafta boʻldiki, doʻstlarim, tanish-notanishlar eshikdan maʼyus kirib kelishadi. Doʻstlarim jimgina oʻtirib, jimgina chiqib ketishadi. Boshqalar ohista soʻraydilar:

 – Necha yoshda edilar?

Men aytaman… Aytamanu oʻylayman: onaning yosh-qarisi boʻladimi? Mehrning yosh-qarisi boʻladimi? Shafqatning-chi? Sadoqatning-chi?

Ilgarilari bir haqiqatni bilardim. Ona uchun bolaning katta-kichigi boʻlmaydi. Endi yana bir haqiqatni angladim. Bola uchun ham onaning katta-kichigi boʻlmas ekan. Ona – ona ekan. Unga boshqa sifat kerakmas.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.