Tarnov

0
79
marta ko‘rilgan.

Erta bahor. Dam olish kuni edi. Hovliga tushdim. Havoning avzoyi buzuq. Yuvinib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir tomonga qiyshayib yotibdi. Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib qolgan, shekilli… Qattiqroq shamol boshlansa, tushib ketadigan…

Yo‘lakda yotgan narvonni ko‘tarib kelib tomga tiraguncha tinkam quridi, nam tortib, zildek bo‘p ketibdi.

Narvon zinasiga oyoq qo‘yishim bilan ayvondan onam tushib keldi.

– Nima qilmoqchisan? – dedi ko‘zimga termilib.

– Hozir, – dedim beparvo qo‘l siltab. – Tarnov qiyshayib qopti.

– Shoshma, bolam, oldin choyingni ichib ol…

– Hozir tushaman.

Shunday dedimu narvonga tirmashdim. Tomga chiqishim bilan pastdan onamning xavotirli xitobi eshitildi:

– Ehtiyot bo‘l, tom labiga borma!

– Uyga kirsangiz-chi! – dedim og‘rinib.

Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov oldiga keldim. Uvvalo urinaman, tarnov la’nati o‘nglansa, qani! Zanglab ketganmi, bo‘yog‘i yopishib qolganmi…

Aksiga olib, yomg‘ir shivalay boshladi. Oldin tomchilab turdi-da, keyin shiddat bilan yog‘ib ketdi. Tom labida o‘tirgancha, tarnovni qo‘shqo‘llab surishga urindim. Qilt etmaydi!

Pastdan yana onamning ovozi keldi:

– Menga qara, bolam.

Narvon oldiga qaytib keldim.

– Nima deysiz?

– Jon bolam, mana buni kiyib olgin…

Qarasam, onam bir qo‘li bilan narvonni changallagancha, ikkinchi qo‘lida to‘n ushlab turibdi. Yupqa ro‘moli, nimchasi ho‘l bo‘lib ketgan…

Xunobim oshdi.

– Hozir tushaman, dedim-ku! Men yosh bolamanmi?

– Shamollab qolasan!

– Obbo! Siz uyga kiravering! Hozir tushaman.

Shunday deb, tag‘in tarnov oldiga qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim.

Bir mahal pastdan yana ovoz keldi:

– Ada! Adajon!

– Ha! – dedim battar xunob bo‘lib.

– Varragim yirtildi!

Qarasam, yetti yashar o‘g‘lim hovli o‘rtasida turibdi. Oyog‘i ostida yirtilib, qamishlari qovurg‘adek turtib chiqqan varrak loyga qorishib yotibdi. O‘zi ko‘ylakchan. Boshyalang. Yomg‘ir ostida diydirab turibdi.

– Uyga kir, Farrux! – dedim baqirib. – Uyga kir, shamollab qolasan!

Quloq solsa, qani! Goh varragiga, goh menga qaraydi. Kapalagim uchib ketdi! Tomda sirg‘alib-sirg‘alib, narvon tomon yugurdim.

Uch-to‘rt pillapoya tushib qarasam, onam hamon narvon oyog‘ini changallab turibdi. Ro‘moli jiqqa ho‘l bo‘lib, sochlariga yopishib qolgan… Bir qo‘li narvon oyog‘ida. Bir qo‘lida to‘n…

 

O‘tkir Hoshimov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.