Tarixiy doʻstlik silsilasi

0
311
marta koʻrilgan.

Oʻzbek va tojik – ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalq, deyilishi bejiz emas. Xalqlarimiz azaldan bir daryodan suv ichgan, bir-birining anʼanalari, madaniyatini boyitgan. Bu mushtaraklik, ayniqsa, ikki xalqning mumtoz adabiyotida yaqqol koʻrinadi. Ulkan soʻz sanʼatkorlari Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy doʻstligi, ijodiy hamkorligi bugungi kunda ham xalqlarimizning madaniy-maʼnaviy yaqinligi timsoli boʻlib xizmat qilmoqda. Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻi hududida ikki buyuk mutafakkirning muhtasham haykali oʻrnatilishida ham chuqur maʼno mujassam.

Navoiy sevimli ustozi Jomiyga bagʻishlab “Xamsat ul-mutahayyirin” asarini yozishi esa ustozga boʻlgan ulkan ehtiromning yaqqol ramzidir.

Quyida ushbu asardan kichik hikoyatlarni asl koʻrinishda taqdim etar ekanmiz, Navoiy tili va undagi nozik qirralar sizni-da rom etishiga ishonamiz.

 

***

Bir kun mavlono shayx Abdulloh kotib muqarrabi hazrati boriy[1] Xoja Abdulloh Ansoriy[2]ning “Ilohiynoma”gʻa mavsum munojot risolasin faqir qoshigʻa kelturub erdi va mavlonoyi mazkurning kutub bayʼ va shirosigʻa ham munosabati, ham hazrati xojagʻa avlodligʻ nisbati bor. Faqir ul risolaning avval sahifasin ochib, xutbasin oʻqumoq bunyod qildim, bu xayol bilakim, bir sahifa yo gʻoyatash bir varaq oʻqulgʻay, andoqki el maʼhudidur, soʻzning xoʻblugʻ va ravonligʻidin hech yerda bas qila olmadim, to risolakim, ikki juzvdin ortugʻroq edi – itmomgʻa yetti. Majlis huzzori voqif boʻlub, taajjub qildilarkim, bir risolakim, ikki juzvgʻa yaqin, balki ortugʻroq boʻlgʻay, bir tavajjuh bila boshtin-oyoqqacha oʻqumoq xoli az gʻarobat emas.

Tonglasi hazrati Maxdum bandaxonagʻa tashrif kelturdirlar. Ul risola hozir erdi, olib ochib, muborak nazarlarin soldilar. Tuno kungi asʼhob andoqki roʻzgor ahlining oyinu daʼbi boʻlur, taajjub izhori yuzidin tuno oʻtgan voqeani ul hazrat xizmatlarida arz qildilar. Alar tabassum qilib, dedilarkim: “Ajab amri ittifoqiy bizning va sizning oraliqda voqeʼ boʻlgʻon ermish: ikki yo uch kun burunroq mavlono shayx Abdulloh ushbu risolani bizning qoshimizga kelturub erdi, biz dogʻi avvaldin bunyod qilduk, oxirigʻa degincha hech yerda turmoq boʻlmay tugandi”.

Tonglasi mavlono shayx Abdulloh keldi, to kitobin yo bahosin olgʻan. Baʼzi anga ayttilarkim: “Falon (yaʼni banda) bu kitobni avvaldinkim oʻqumoq bunyod qildi, tugaguncha ilikdin qoʻymadi”.

Ul taajjub yuzidin dedikim: “Hazrati Maxdumiy xizmatlarigʻa ham elta berdim, alargʻa ham ushbu hol voqeʼ boʻldi”.

 

***

Agarchi xavoriqi odat izhorigʻa haq taolo amri bila maʼmur emaslar erdi va pokiza holatlari “Malomatiya”[3] tariqini shoirliq va mulloliq tariqida yashurun tutarlar erdi. Ammo gohi gʻarib nimalar alardin zohir boʻlur erdi.

Ul jumladin dagʻi bir nechakim, aynil-yaqin boʻlubtur bitimagi munosib koʻrundi.

 

***

Seyidam Iroqiy degan yigit Muzaffar[4] barlosning oʻbdon navkari, balkim eshik oqosi erdi, gʻoyati nodonligʻidin alargʻa munkir ermish, gʻoyati inkoridin alarning devonin birin-birin uzub, oʻtgʻa solib, kuydurubtur. Hamul uch-toʻrt kunda goʻyo bir uzvigʻa tugan qoʻpub, ul jarohat gazak boʻlub, oxir boʻldi.

 

***

Majiduddin Muhammad[5]ki, olam mashhuridur, taʼrifgʻa ehtiyoj emas. Podshoh ani yozgʻurgʻonda andin itloqigʻa zomin tilagandur. Ul alargʻa iltimos qilibdur va alar taahhud qilgʻondin soʻngra qochti. Oz fursatda, oʻn besh kunga tortmadikim, tutuldi. Azim qiyinlar tortti va boru yoʻq jihotin devoniy qildilar. Shahrdin boshin olib, ovora boʻldi va hamul ovoraliqda fanogʻa bordi.

 

***

“Fanoiyya” bogʻchasin yasardakim, ul hazrat havlilarining ichinda yer inoyat qilib berib erdilarkim, faqir oʻziga muxtasar manzil yasabmen.

Podshoh Marv qishlogʻigʻa azimat qilgʻonda faqir Darvesh Hoji Irqbandnikim, zamonning chobukdast bogʻbonlaridindur – taʼyin qildimki, bahor oʻlgʻoch, ul bogʻchaga rayohin va ashjor ekkay. Bahor boʻlgʻonda Darveshi mazkur kelib, ul bogʻchaning buyrulgʻoi ishigʻa qiyom koʻrguzurda ul hazrat dagʻi gohi kelib, muborak xotirlari tashxizi uchun bir oz zamon anda boʻlur ermishlar va baʼzi yigʻochlargʻa dagʻi iltifot qilib, yer koʻrguzur ermishlarki, qayda ekkay.

Darvesh Hoji tund mizojliq devona kishidur. Baʼzida munoqasha qilur ermish va ul hazratgʻa xush kelib, munbasit boʻlur ermishlar. Bir kun yigʻochqa alar yer taʼyin qilibturlar. Devona bogʻbon inod yuzidin debturkim: “Munda ekmasmen”. Alar inbisot bila debturlarkim “Nevchun ekmassen?” Ul debturkim: “Rajadin tashqaridur, tongla cherik kelsa, Mir Shayxim[6] bogʻbonliqda voqif kishidur, koʻrub eʼtiroz qilgʻusidur”. Alar debdurlarkim: “Bogʻcha Shayximning emas, Alisherningdur, ul eʼtiroz qilmagʻusidir”.

Cherik shahrga kelgandin soʻngra Darvesh Hojining tundliqlaridin asʼhob naqllar qilurlar erdi. Ul hazrat dagʻi zavqu nishot yuzidin ul yigʻochni koʻrguzub, oʻtgan hikoyatnikim, alar bila Darvesh Hoji orasida voqeʼ boʻlgʻondur, naql qilur erdilar.

 

***

Podshoh ul yilki Xuroson taxtin olgʻondakim, “Jahonoro” bogʻi tarhin soldilar. Bir panjshanba kuni ul hazrat xizmatlarida Gozurgohi[7]din Dasht yuzi bila Xiyobon[8] sori boriladur erdi. Sayyid Gʻiyoskim, ul bogʻning taʼmiri va bogʻbonligʻi angʻa mutaayyin erdi, yoʻlda yoʻluqtikim, arobalargʻa ulugʻroq sarv yigʻochlarin bogʻlardin sotun olib, qoʻngarib yuklab, “Jahonoro” bogʻiga eltadur erdi: Ul Hazratgʻa salom berib, iltifot qilib, mutoyaba bila dedilar:

– Yana hech sarv yigʻochi qoldimu? Ne, buyla sarv yigʻochi yuklabsen, oyo necha yigʻoch boʻlgʻay?

Ul dedikim:

– Sanabbiz, yuz toʻrt adaddur.

Alar dedilarkim:

– Ajab adaddur.

Faqir dedikim:

– Munosib adaddur, nevchunkim, “qad”[9] adadi bila munosibdur. Alar dedilarkim:

– Rostdur, – dagʻi faqirni tahsin qildilar.

 

***

Bir kun alar yoʻl bila boradur ermishlar. Mahmud Habib otligʻ devonai xumoriyi abtariy bor erdi, mast va oshufta, alargʻa yoʻluqub, beadabona soʻzlar aytib, balki safohatlar qilibtur, ammo alar mutlaq iltifot qilmaydurlar, dagʻi aning sori boqmaydurlar. Yana bir kun faqir alar xizmatida boradur erdim. Hamul devona faqirni alar bilan koʻrdikim, boradurmen. Ul yerdinkim, junun ahli va abtar xaloyiq fosid xayoloti boʻlgʻay, sogʻinmish boʻlgʻankim, alar aning tuno kungi beadabliqlaridin faqirgʻa shammai izhor qilgʻaylar yo qilmish boʻlgʻaylar. Alarga betaqrib soʻz qotib, uzrxohliqlar boshladi. Faqir taajjub qilib, alardin istifsor qildimkim: “Bu devonaning parishon uzrxohliqlari, oyo, ne jihatdin erkin?”.

Alar soʻzni oʻzga sori yutkab, tuno kun oʻtgan holatdin hech nima izhor qilmadilar. Ammo asʼhobdin tuno kun oʻtgan soʻz maʼlum boʻldi. Ul devona beeʼtidolliqlar qilsa erdi, anga taʼzir va adab qililur erdi. Faqir tiladimkim, anga adab buyurgʻayman.

– Sen hech nima demagilkim, anga adab yetgusidur. Bir necha kun oʻtmadikim, yana bir devona ani urub oʻlturdi.

 

***

Alar Makka safaridin[10] qaytib shahargʻa kelganda, podshoh roʻzgor havodisi iqtizosidin Balx yurushigʻa borib erdilar. Chun humoyun royotkim, Balxdin qaytib, taxtgʻa ozim boʻldilar, istiqbol rasmi bila Murgʻob viloyatigʻacha kelib erdilar. Podshoh bila muloqotdin soʻngra bandaxonagʻa tashrif kelturub, kecha anda boʻldilar. Kecha alar istirohat qilur uchun bir yangi takallufliq oq uy bor erdi, ani tikturuldi, to ul Hazrat anda osoyishgʻa mashgʻul boʻldilar.

Ittifoqo ul kecha bir gʻarib tund yel estikim, oʻrduning koʻproq oq uy chodirlarin yiqib, ajab oshub el orasigʻa soldi. Alar uchun tikkan oq uyni dagʻi yiqib, ushotibdur.

Alar xizmatidagʻi asʼhob degandurlarkim:

– Hayf bu uydinki, yaxshi uy erdi, ajab pora-pora boʻldi. Muni tikkan farroshlar, oyo, ne degaylar?

Alar debturlarkim:

– Ne degaylar, aytgʻaylarkim, koshki bu shum

qadamliq mullolar bizning uyga kelmasalar erdi.

 

 

“Yoshlik”, 2018/2

 

 


[1] Ollohga yaqin hazrat (arabcha).

[2] Abdulloh Ansoriy – Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad al-Ansoriy Hirotiy – soʻfiylik tariqatining yirik arbob va nazariyotchilaridan biri, “Ilohiynoma”ning muallifi.

[3] Malomatiya – IX asrda Nishopurda paydo boʻlgan taʼlimot.

[4] Muzaffar Barlos – Husayn Boyqaro amirlaridan.

[5] Majduddin Muhammad – Husayn Boyqaro vazirlaridan.

[6] Mir Shayxim – Amir Shayxim Suxayliy – hirotlik mashhur shoirlardan, Navoiyning yaqin doʻsti. U haqda “Majolis un-nafois”da maʼlumot beriladi.

[7] Gozurgoh – Hirotda togʻ etagidagi xushmanzara maydon.

[8] Xiyobon – Hirotning markaziy koʻchasi.

[9] Arabcha yozuvdagi “qad” soʻzining harflari miqdori abjad hisobida 104 boʻladi.

[10] Jomiy Makka safariga 1472 yilda chiqqan edi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.