Tarbiya

0
176
marta koʻrilgan.

Tarbiya – “Pedagogiya”, yaʼni bola tarbiyasining fani demakdur.

Ilmi axloqning asosi tarbiya oʻldugʻindan shul xususda bir oz soʻz soʻylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni oʻrgatmak, yomon xulqlardan saqlab oʻsdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga “yaxshi xulq” degan davoni ichidan, “poklik” degan davoni ustidan berub, katta qilmogʻi lozimdur. Zeroki, “Hassinu axloqikoʻm” amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakgʻa amr oʻlinganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi boʻlishining asosiy panjasi tarbiyadur.

Axloqimizning binosining goʻzal va chiroyli boʻlishiga tarbiyaning zoʻr taʼsiri bordur, baʼzilar “tarbiyaning axloqqa taʼsiri yoʻq, insonlar asl yaratilishida qanday boʻlsalar, shunday oʻsarlar, tabiat oʻzgarmas”, – demishlar.

 

Yomon xoʻ tuzalmaydi darmon ila,

Ipak oʻlmas ip, rangi alvon ila.

Boqing, bir daraxt mevasidur yomon,

Boʻlur yaxshi payvand, parvo bilan.

Bilur har kishi aslini rangidan,

Va yokim ulangandagi zangidan”.

 

Lekin bu soʻz toʻgʻri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, taʼsiri boʻladur. Oramizda masal borki, “sut ila kirgan, jon ila chiqar”, mana bu soʻz toʻgʻridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Beshikdan to mozorga borguncha ilm oʻrgan”, – demishlar. Bu hadisi sharifning maʼnosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: – “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʻlidur”, – demish. Shariati islomiyada oʻz bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayn, oʻz millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Paygʻambarimiz: “Bolalaringizni yetti yoshida namozga oʻrgatingiz. Agar oʻn yoshida oʻqimasa uringiz”, – demishlar.

 

Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,

Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.

Tarbiyat hamroh etadur hur ila ruzvonlara,

Gar desam boʻlmas xato jannat makoni tarbiyat.

Ey, Otalar! Jonlaringizdan suchuk farzandingiz,

Gʻayrat aylang oʻtmasun vaqt-zamoni tarbiyat.

Moyai zilli xumodur tarbiyatning soyasi,

Bizda anqo tuxmidek yoʻq oshyoni tarbiyat.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.