Tangritoqqa oʻrlayotgan oʻgʻlon

0
203
marta koʻrilgan.

Istamin koʻzini ochganda oʻtovning tepasidagi tuynuk – tobdon ochib qoʻyilgan, unda tongning boʻzarib otayotganligi koʻrinib turardi. Onasi doim shunday – juda erta turadi-da, tobdonni ochadi. Emishki, tongda koʻk uzra uchib oʻtayotgan Umay ona[1] shu tuynukdan rizq-nasiba tashlab ketarmish.

Yigit hozirgina koʻrgan tushi taʼsirida karaxt edi, koshki edi, koʻzini yumsa-yu, qaytadan uni koʻrsa. Shunday qildi ham, biroq endi uning koʻz oldida faqat zulmat koʻrindi, xolos.

Shu onda oʻtov eshigining ochilgani eshitildi. Yigit koʻzlarini xiyol ochdi. Eshikda otasining qorasi koʻrindi:

– Turaqol, oʻgʻlim, Istamin bahodir! – bolasini erkalab uygʻotdi ota. – Bugun ovga chiqamiz.

Boshqa payt boʻlganda bu soʻzdan yigitcha uchib ketguday boʻlardi, axir qanchadan beri qabiladoshlari bilan birga ovga chiqishni orzu qiladi. Udumga koʻra, ovga chiqish oʻgʻil bolaning yigit boʻlganligidan nishona berar, birinchi ovdan oʻlja bilan kelish qabiladoshlari maqtoviga sazovor qilar, qabila ayollari uni kuyovlikka zimdan “koʻz ostiga olib” qoʻyishardi. Biroq hozir yigitcha koʻrgan tushi taʼsirida uzoq vaqt xayol surib yotgisi kelayotgandi. Lekin iloji yoʻq, ovdan bosh tortib boʻlmaydi.

Istamin oʻtovdan tashqariga chiqqani zahoti dimogʻiga togʻ chechaklarining hidi kelib urildi. Tik turgan koʻyi oʻchoqda pishgan issiqqina nonni kavshab, onasi keltirgan biya sutini simirdi-da, omonatgina tiklangan otxonadan betoqat yer tepinayotgan toʻriq qashqasini olib chiqdi. Egar-jabdugʻini urgach, otning boʻyniga shapatilab erkalatdi-da, qashqaning kishnab qoʻyishidan zavqi kelib, bir sakrab, ustiga mindi.

Qabila erkaklarining pisib borib vahshiy hayvonlarga nayza otishlari, jayron ovlashlari, kamonning moʻljalga bexato sanchilishi, ov qushlarining pastga oʻqday shoʻngʻishi yigitchaning tomiridagi qonni joʻshtirib yubordi. Koʻrgan tushi tamoman esidan chiqdi. Otasi Burgut bahodir bilan quyon, hatto olqor ovlashdi. Otasi mamnun boʻlib unga koʻz qisib qoʻydi.

Turkiylarda ism deganlari odam bilan bir umrga qolmaydi, u tez-tez oʻzgarib turadi. Chaqaloq tugʻilganda tabiatsevar bu xalq chor-atrofdan ulgu olib biron ism qoʻyadi. Masalan, oʻgʻil boʻlsa, Toʻrgʻay yoki Boʻribiy, qiz boʻlsa Yulduz yo Oychechak. Keyin esa erkakning el koriga yarashiga, qiz bolaning qanday oilaga “tushishi”ga qarab ismi oʻzgartiladi. Yeldirim bahodir yoki Elbilga beka kabi. Lekin Burgut bahodirning ismi jismiga munosib qoʻyilgan ekan. Uning oʻtkir koʻzlari nafaqat ov chogʻida, balki yov bosganda ham elga koʻp xizmat qildi. Shuning uchun uning ismi oʻzgartirilmadi, balki uning ismiga beklarday “bahodir” unvoni qoʻshib aytiladigan boʻldi. Burgut bahodir esa eldoshlaridan farqli oʻlaroq oʻgʻlini ulugʻ Turk xoqoni nomi bilan atadi. Istamin – yurtni qullik zanjiridan ozod qilib, hurlik koʻkiga olib chiqqan, elu yurtini tenglar ichida teng qilib, ne-ne yurtlarni zabt etgan buyuk Turk xoqonining ismi edi. Istamin xoqonning akasi Bumin bahodir bilan qilgan jahongirliklarini turkiy ayollar hali-hamon bolalariga ertak qilib aytib berishardi.

Istamin kichkina chiroyli jayronni koʻrdi-yu, ixtiyorini yoʻqotganday u tomonga ot boshini burdi. Jayron esa dashtning koʻm-koʻk yulgʻunlari aro yigitga qarab-qarab, avval sekin, keyin esa tez yugurib ketdi. Jayron bir koʻrinib-koʻrinmay chopib borarkan, Istamin otasiga tortgan oʻtkir koʻzlari bilan uni taʼqib qilardi. Jayron va tulpor bir-birlaridan qolishmay yelib borishar, shamol yigitning boʻrk ostidan toshib chiqqan sochini toʻzitar, shox-shabba yuz-qoʻllarini tirnar, biroq ov shavqiga tushgan yosh ovchi bularni ham, qabiladoshlaridan ancha uzoqlashib ketganini ham payqamasdi.

Birdan yulgʻunzor yoʻqolib, Istamin biyday dalaga chiqib qoldi. Uni oʻzi bilan ergashtirib kelgan jayron xuddi yer yutganday hech qayerda yoʻq edi. Uning oʻrnida… uning oʻrnida esa… biyday dalada birdan ulkan saroylari bor katta shahar paydo boʻldi. Uning devorlari turkiylarning oʻtovi singari qizil ham, sarigʻu yashil ham emas, oppoq, xuddi yogʻdu taratib turganday edi. Oʻsha ulkan saroylarning biridan… voajab, Istamin bugun, erta tongda tushida koʻrgan goʻzal qiz chiqib kelar edi. Goʻzalning liboslari ham nur sochib turganday, qorday oppoq yuzi, maʼjusiylar sigʻinadigan quyoshday serjilo sochlari, koʻk singari moviy koʻzlari… yo Tangri, madad ber, odam bolasi ham shunday chiroyli boʻladimi, yoki bu Istaminga Turkoy momo aytib bergan choʻpchaklardagi parilardanmi?

Qiz oyogʻi yerga tegib-tegmay, xuddi Umay Ona kabi uchib kela boshladi. Yigitning qarshisiga kelgan goʻzal Istaminning alp kelbatiga, yelkasiga tashlagan yoʻlbars terisiga, quyoshda qoraygan qoʻllariga, qop-qora sochlariga, oʻt chaqnab turgan qisiq koʻzlariga hayrat va allaqanday quvlik bilan tikildi.

Tushida ham zulmat ichidagi yogʻdu kabi xuddi mana shu qiyofa, mana shu chehra uni taʼqib etgan, ammo bir soʻz demay gʻoyib boʻlgandi.

– Ketib qolma! – jon-jahdi bilan pichirladi yigit. – Isming nima, qayerdansan?

Qiz bosh chayqab:

– Nafahidam, – dedi.

“Tushunmayapti shekilli”, – oʻyladi Istamin va barmogʻi bilan oʻz koʻksiga nuqib.

– Istamin! – dedi va ishorani qiz tomonga qaratdi:

– Isming nima? Isming?

– Ha, – qiz tushundi shekilli, qah-qah urib kulib yubordi. – Ravshanak.

– Ravshan… oy! – xursand boʻlib qaytardi Istamin va… koʻz oʻngida yeru koʻk ostin-ustun boʻlib ketdi. Bir zum ichida goʻzal qiz ham, u chiqib kelgan saroy ham, shahar ham yoʻqlikka singib ketdi…

Keyin nima boʻlganligini onasidan eshitdi. Jayronni quvib borarkan, otdan yiqilib, hushini yoʻqotgan, ancha vaqt biyday dashtda qolib ketgan. Esli oti esa qaytib kelib, qabiladoshlarini oʻsha yerga oborgan…

– Haliyam Koʻk Tangri[2] asrabdi, toʻriq qashqa xabar beribdi, – dedi Lochin beka oʻgʻlining ustidagi yoʻlbars terisini toʻgʻrilab qoʻyarkan. – Boʻlmasa bolam bechorani qanday topardik?

Istaminning boshi aylanar, koʻngli esa, allaqanday gʻalati hisdan behalovat boʻlayotgandi. Oʻgʻlining yon tomonida choʻkkalab oʻtirgan Burgut bahodir oʻngʻaysizlana boshladi.

– Hammasi yaxshi edi-ya. Istamin birinchi marta ovga chiqsayam, abjir yigitlardan qolishmayotgandi.

– Bas, yetar, – Lochin beka oʻgʻliga qarab gapirsa-da, eriga murojaat etayotganligi aniq edi. – Endi hech qayerga bormaydi. Bir yil keyin erkak boʻlsa nima qilibdi? Mening oʻgʻlim oʻnta emas.

 

* * *

 

Koʻchmanchi hayot tarzida tugʻilib, voyaga yetgan Istamin tez tuzaldi. Uch kundan keyin oʻtovdan chiqib, atrofni kuzatdi.

Koʻchmanchi turkiylar qishlogʻi bir-biridan ancha uzoqda joylashgan oʻtovlardan iborat boʻlib, osmondan yoki biror balandlikdan kuzatganda kenglikka sochib yuborilgan donni eslatardi. Har bir oilaning chorvasi, qozon-oʻchogʻi alohida boʻlsa-da, ular urugʻlarning kichik jamoasiga birlashgan, bu jamoa esa ayni paytda qabila jamoasiga tegishli boʻlib, bu mustahkam tartib xoqonlik darajasigacha yuksalib borardi.

Atrof-javonib ayni koʻklam ogʻushida. Yon-verdagi dala ham, huv uzoqlardan koʻringan qirlar ham yashil libosini kiyib, dala chechaklari qizlarning chakkalarini bezagan. Huv anavi yerda Istaminning boʻy yetgan amakivachchalari yigʻilib, qiqirlab allanimani muhokama qilishgancha oʻsma qoʻyishyapti. Beriroqda oʻn-oʻn ikki yoshli qizchalar toychoqqa minishni oʻrganishyapti. Ayollar bunga eʼtibor bermay oʻz yumushlari bilan andarmon. Chunki turkiylarning qizlari balogʻatga yetguncha roʻzgʻor ishlari bilan birga ot minish, oʻq otish, ov qilishni bilishlari shart edi. Istaminning onasi oʻchoqqa oʻtni langʻillatgancha, shopirib-shopirib sut pishiryapti. Uning yonida amakisining xotini – chechasi oʻchoq qizdirib, non yopyapti. Ularning atrofida uch-toʻrt yoshli bolakaylar tol xivichdan ot yasab, oʻynashyapti. Ancha narida katta momosi Turkoy momo kichik chevaralarini qarshisiga toʻplab, nimanidir soʻzlayapti. Momoning goh qoʻllarini silkitib, goh bosh chayqatib, goh gavdasi silkinib gapirishidan bolakaylarga choʻpchak aytayotganga oʻxshardi. Ertak Oʻgʻuz Xon yoki Koʻk Boʻrining turkiylar qavmini asrab qolgani haqida boʻlsa kerak. Istamin ham bir vaqtlar Turkoy momodan shu ertakni eshitgan. U shunday aytilardi:

Olis-olis zamonlarda yov ayyor boʻlgan ekan. U turkiylarni zamindan supurib tashlamoq uchun tunda qishloqqa hujum qilibdi. Hammani bitta qoldirmay qilichdan oʻtkazgan yov tonggacha huvullagan qishloq oralab yurib, omon qolganlarni izlabdi. Lekin vayron boʻlgan bir oʻtov ichida jon saqlab qolgan ikki bolakay – bir oʻgʻil va bir qizaloqni topa olmabdi. Koʻk Tangrining izmi shunday boʻlgan ekan-da. Bolalar sovuq va ochlikdan, kimsasizlikdan yigʻlab oʻtirishgan ekan. Shu payt qishloqqa yollari koʻm-koʻk boʻri kirib kelibdi. Qoʻrqqanidan qochishni ham unutgan bolalarni yelkasidan beozorgina tishlab, oʻz iniga olib ketibdi. Ularni oʻzining suti bilan boqibdi. Katta boʻlishgach, ularga olqor, jayron ovlab keltiribdi. Shu bolalar turkiylarning avlodini davom ettirishibdi…

Negadir bu koʻz ilgʻaydigan joylarda Istaminning teng-toʻshlari koʻrinmasdi. Yana ovga chiqishdimikin? Yo qir bagʻrida koʻpkari chopishayotganmikin? Balki biron ovloq oʻtovga kirib, qimizxoʻrlik qilishayotgandir? Istaminning xayoliga ov chogʻida uni otdan yiqitgan oʻsha moviy koʻz goʻzal keldi. Yuragi oʻynab ketganini sezdi. Voajab, uning surati yigitning qalbiga muhrlanib qolgan, koʻzini yumdi deguncha sirli siymosi gavdalanardi. Lekin koʻngil yorib aytishga biror sirdosh, darddosh qani deysiz?

Yigit shu kunlarda ancha oʻychan boʻlib qolgan, goʻyo uch kun ichida ulgʻayib, hayot, muhabbat, nomus haqida oʻz fikrlari shakllanib qolgandi. Yoʻq, u muhabbatni zoʻrlik bilan oʻlchaydigan, “ot choptirib, ov qilishni qoyillatsang, har qanday qiz tulporingga mingashadi”, degan tengdoshlarining fikriga qoʻshilmaydi endi.

Istamin shularni oʻylarkan, oʻsha goʻzalni sogʻinganini his qildi.

 

* * *

 

Istamin balki ismi jismiga monand bu goʻzalni unutib yuborarmidi?! Agar qiz yana va yana tushiga kirib, uni bezovta qilavermaganda. Tushlarida endi u avvalgiday shoʻx-shaddod kulmas, balki sirli va maʼyus jilmayar, koʻrinishidan uni intizor kutayotganday boʻlardi. Lekin oʻsha sirli goʻzalning xayoliga kundan-kun qattiqroq bogʻlanib borayotgan bechora yigit, shoʻrlik oshiq qayoqqa borishni, boshini qayerga urishni bilmasdi. Ana biyday dala, sargʻayib borayotgan qirlar, oʻsha olis-olislargacha turkiylarning oʻtovlari yayrab yotibdi. Ularning birortasida bu moviy koʻzli goʻzal yoʻq. Ularning har birida qora koʻzlaridan oʻt chaqnaydigan, ot choptirib yuradigan suluvlar bor. Lekin bu koʻhlik qizlarning birortasi Istaminning dardiga davo boʻlolmaydi.

Muttasil ishtahasizlik, tunlardagi bedorlik, tushkunlik va umidsizlik oʻz ishini qildi. Vaqt oʻtishi bilan yigitning bugʻdoyrang yuzi sargʻayib, tanasini darmon tark eta boshladi. Uning koʻzlaridagi oʻt soʻnib, qorachigʻi xiralashib borardi. Qishning rutubatli kechalarida yuragi qattiq siqilgan oshiq oʻtovning kigizini yigʻib tashlab, koʻkragini zax yerga bosganda sal-pal halovat tuydi, buni odat qilgani esa boshiga balo boʻldi. Isitmasi koʻtarilib, dardi oshkor boʻlgach, ota-ona rosmana talvasaga tushib qolishdi. Endi unga turkona dorilaru, shomonlarning “alas-alas”i ham foyda qilmayotgandi.

Tushlar esa… tushlar oʻsha goʻzalni takror va takror eslataverar, hayhotki, u suluv ham ayriliqmi va yoki boshqa dard tufaylimi, tobora xomush boʻlib borardi.

Ota-ona najot istab toʻrt tomonga yugurishdi, ota-bobolar ruhiga qurbonlik qilishdi, shomonu baxshilarga qaratishdi. Mozorlarga chiroq yoqishdi, chalpak pishirib, qoʻshnilarga chiqarishdi. Qabiladagi koʻpni koʻrgan keksa donishmandlar bilan maslahat qilishdi. Donolar avvalo yigitning koʻnglidagini bilinglar, balki kimgadir koʻngil qoʻygandir, deyishdi. Ishq dardi ogʻir, davosi esa faqat visoldir, deb tayinlashdi. Lekin ota-ona oʻgʻillarini qancha oʻrtaga olishmasin, qancha aldab-suldashmasin, Istamin faqat yerga qarab, sukut saqlar, koʻzidagi yoshni koʻrsatmaslik uchun ota-onasining yuziga qaramasdi.

Koʻklam kelgani sari Istaminning halokati yaqinga oʻxshab tuyulaverdi.

– Jonliq soʻyib, Umay onaga qurbonlik qilish kerak. Oʻshanda otdan yiqilganda, unga yomon ruhlar tekkan koʻrinadi, bolani yaxshilab qonlash lozim! – najot yoʻlini topganday dedi ona.

– Yoʻq! – dedi qatʼiy ovozda Burgut bahodir. – Istamin allaqachon yigit boʻlgan. U endi Umay Onadan emas, Koʻk Tangridan nasiba soʻraydigan payt yetdi. Bor, chaqir uni.

– Nima qilmoqchisiz?

– Chaqir.

Oʻtovga beruh holda kirgan Istamin avval onasiga, soʻngra otasiga salom berdi. Keyin esa ularning qarshisiga tiz bukib oʻtirdi.

– Oʻgʻlim, sening koʻnglingda bir dard bor, lekin bizga aytmayapsan, toʻgʻrimi?

Burgut bahodirning soʻzlaridan Istamin yuzi qizarib ketganini sezdi-yu, boshini yanada egdi.

– Bu balki nomus ishidir, balki koʻngil ishi, – Burgut bahodir xotiniga bir qarab olib, davom etdi: – Ota-bobolarimiz Tangridan bir nimani tilagan boʻlishsa, baland toqqa, Koʻk Tangriga yaqinroq maskanga chiqib, Tangriga yuzma-yuz turib, koʻngil dardini aytganlar. Sen ham shunday qil, oʻgʻlim. Bor, Tangritoqqa chiq. Eng yuksak choʻqqisiga yolgʻiz oʻzing oʻrla. Tilagingni Tangri beradi, oʻgʻlim. Ertagayoq yoʻlga otlan!

Istamin bosh egib, rozilik maʼnosini bildirdi va oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi.

Lochin bekaning rangi oqarib ketdi, Burgut bahodir oʻgʻlini naq ajalning qaʼriga yuborayotgan edi. Tangritogʻ ancha uzoq, yuksak togʻ boʻlib, unga odam bolasi chiqqanligi maʼlum emas edi. Balki hali hech kim uni oshib oʻtmagandir? U togʻda qanday vahshiylar, gazandalar bor, kim biladi?

Koʻzyoshlari yuzini yuvgan bechora ona eriga qarata:

– Nimalar qilayapsiz? – deya oldi, xolos.

– Oxirgi najot shu, onasi. Tangri oʻgʻlimizni bizga deb bergan boʻlsa, qaytib keladi, yoʻqsa, hech boʻlmasa, halokatini koʻrmaymiz.

Burgut bahodir koʻzyoshini yashirish uchun chetga qaradi.

 

* * *

 

Istamin tongda tetik uygʻondi. Burgut bahodir oʻgʻlini koʻksiga uch marta bosib, vidolashdi. Onasi koʻzyoshlarini arang tiyib yoʻl xurjunini uzatdi. U jun ipdan soddagina naqshlar tikilgan xurjunni toʻriq qashqaning ustiga yopdi-da, “Yo, Tangrim!” – deb bir sakrab mindi. Toʻriq Tangritoqqa, aziz maskan ziyoratiga borayotganini sezgandek oldingi ikki oyogʻini koʻtarib, osmonga sakradi. Otning kayfiyati yigitga ham taʼsir qilib, kulib yubordi.

Keyin shiddat bilan ot choptirib ketdi. Tong shabadasi yigitning boʻrk ostidan chiqqan oʻsiq sochlarini erkalatib oʻynar, moʻylovi sabza urgan yuziga tegib siypalar, Istamin esa koʻnglidagi ishq ogʻrigʻini unutganday, bobolari necha martalab ot choptirib oʻtgan bu dashtlarda shamolday yelib borardi. Koʻksidagi pinhon ishtiyoq – bobolaridan oʻtgan jangarilik qonini koʻpirtirib, yuzlariga qizillik yugurtirgan, koʻzlarida yana oʻt chaqnayotgandi.

Uch kungacha xurjun koʻzi ochilmadi. Mehmondoʻst turkiylar otliq sayyohni oʻtovga taklif qilishar, navqiron qoʻnoq qamchinni koʻksiga bosib, uzr soʻramoqchi boʻlsa, mezbonlar eshitishni ham xohlamay uni otdan sudragudek tushirib, oʻtovga olib kirishardi. Istamin oldiga qoʻyilgan sutli va goʻshtli taomlardan, oʻchoqda pishgan nonlardan tatib koʻrardi-yu, lekin qimizni qatʼiyan rad etardi.

Istamin kimning oʻgʻli ekanligini, ne maqsadda yoʻlga tushganini bilgan mezbonlardan yoshi ulugʻrogʻlari “zoʻrlamanglar, yigit ziyoratga chiqqan ekan”, deyishardi. Shundan keyin mezbonlar yigitga boshqa alohida kelishni tayinlagancha, xurjuniga allanimalarni solib berishar, rad etishdan foyda yoʻqligini bilgan Istamin kulib qoʻyar, minnatdorchilik bildirib taʼzim qilib, hozirgina tanishgan mezbonlari bilan quchoqlashib xoʻshlashardi. Mezbonlar esa uning urugʻidan yoki ogʻayni qarindoshlaridan kimni tanishsa, oʻshani qayta-qayta soʻrashar, salom aytishni tayinlab, Istamin bilan qadrdon birodarday xoʻshlashishardi.

Safarning toʻrtinchi kuni togʻ etagidagi choʻponning oʻtovida tunagan Istamin otini unga omonat qoldirdi-da, yelkasiga xurjunini tashlagancha, olgʻa intildi.

 

* * *

 

Oʻngirdan oʻngirga, qiyalikdan tiklikka oʻrlab borayotgan Istamining yuragi yana bezovta boʻla boshladi. Biroq bu bezovtalik yor visoliga intiq oshiqning intizorligi boʻlib, Istaminni yanada tezroq, yuqoriroq, ildamroq yurishga undardi. Beliga ot yolidan oʻrilgan arqonni bogʻlab olgan yosh zabtkor arqonning narigi uchidagi changakni yuqoriga otar, u ilingach, tortib-tortib qoʻyar, tushib ketmasligiga ishonch hosil qilgach, ikki qoʻllab arqonga osilgancha, oyoqlarini ishga solib, yuqoriga oʻrlardi. Chiqib olgach, yana shu harakatni takrorlab, yuksakka intilardi.

Yoʻlida uchragan olqorlar, togʻ kaptarlari bu tabiat qoʻnogʻidan hurkib, oʻzlarini panaga urishar, biroq ularni ovlash Istaminning xayoliga kelmas, xurjunidagi qotgan nonni jilgʻaga ivitib yeb, yaxna goʻshtu qurut bilan qornini toʻygʻizardi-da, yana olgʻa intilardi.

Toqqa koʻtarilishining uchinchi kuni Istamin bulutlarga yaqin keldi. Sovuq zabtiga oldi, havo yetishmay, nafasi qisa boshladi. Avvalgi kuchi boʻlganda yigit bularga parvo qilmasdi, lekin hozir vujudi ancha zaiflashgan, charchoq oʻz kuchini koʻrsata boshlagan edi. Ziyoratchining ruhi tushib ketdi. “Choʻqqiga yetib bormay, oʻlsam kerak”, – beixtiyor oʻyladi u holdan toyib, kattakon tosh tagiga yiqilgan payti. – Nega keldim oʻzi? Qabilada qancha qizlar bor edi-ku, tushimda koʻrgan, bor-yoʻqligi nomaʼlum bir qizni deb oʻzimni oʻtga urishim shartmidi? Balki u choʻpchaklardagi paridir, odamni esdan ogʻdirguvchi jodugardir. Kim biladi?”

Kech kira boshladi. Qorayib turgan choʻqqi Istaminning koʻziga baloday koʻrinib ketdi. Unga qaramaslikka harakat qilib, kichik bir gʻorga kirdi. Ustidagi yoʻlbars terisiga oʻralarkan, tishi tishiga tegmay takilladi. Xurjuniga solib olgan choʻp-xasak bilan olov yoqmoqchi edi, eplolmadi. Sovuqdan qotib qolgan qoʻllari unga boʻysunmadi. “Tamom, oʻlaman shu yerda,  – oʻyladi Istamin. – Alvido ey ota-ona, ogʻayni-qarindoshlar, mendan rozi boʻlinglar! Xayr, goʻzalim Ravshanoy!”

Shu payt gʻor ogʻzidan qandaydir bir hayvon oʻtib ketdi. Istamin beixtiyor tashqariga moʻraladi. Katta bir boʻri choʻqqi tomon oʻrlab borardi. Yigit boʻrining vajohatiga qarab, hayrat va zavqdan qotib qoldi. Toʻlin oy yogʻdusida uning choʻng kallasi, katta quloqlari, ulkan gavdasi, hatto koʻm-koʻk yoli ham aniq koʻrinardi. Boʻri choʻqqiga joylashib oʻtirib oldi-da, toʻlin oyga qarab choʻzib-choʻzib uvladi. Turkiylarning afsonaviy onasi boʻlgan bu jonivor, elatning oxirgi avlodini saqlab qolib, bir el boʻlishiga koʻmaklashgan bu qutlugʻ yaratiq, Istamin xoqonning harbu zarbiga, Bumin bahodirning qoʻshiniga quvvat bergan bu qutlugʻ mavjudot kishining havasi keladigan darajada chiroyli edi. Uning kishi etini junjiktiruvchi vahshati odam koʻnglida dahshat bilan birga zavq ham uygʻotar, ajabki, qaragan kishi koʻzini uzolmasdi. Harqalay Istamin shunday boʻldi. Balki uning qulogʻidagi afsonalar, koʻnglidagi eʼtiqod bunga sabab boʻlgandir. Harqalay, yigit tanining sovuq qotganini ham, olov yoqolmaganini-yu, “oʻlsam kerak” degan taxmini ham, “bu yerga nega keldim” degan afsusini ham unutib, bu ajib manzaradan koʻz uzolmay qoldi.

Koʻk Boʻri esa hamon oyga qarab choʻzib-choʻzib uvlardi. Nima deb nola qilayapti ekan u Koʻk Tangriga? Qaysi holidan arz qilayapti ekan? Yo Istaminga oʻxshab yorini soʻroqlamoqdami?.. Balki arz emas, shukronalik bordir bu nolada? “Koʻk Tangri, meni ayanch mavjudot emas, chiroyli va kuchli boʻri qilib yaratganing uchun oʻzingga qulluq! Meni odamlarning-da koriga yaraydigan, ulugʻ va qutlugʻ xalqning onasi etganing uchun Oʻzingga shukr! Omon qolishi uchun meni vosita qilganing ulusni endi oʻzing asragaysan!”

Boʻri uvlab-uvlab sekingina pastga tushib ketdi. Sehrlanib qolgan Istamin anchagacha oʻziga kelolmay oʻtirdi. Gʻor ichiga oy nuri tushdi. Yigit, nihoyat, qoni joʻshib, tanasiga issiqlik yugurganini sezdi. Qutlugʻ bu holat unga yaxshilikdan, yaxshilik boʻlganda ham ulugʻ ezgulikdan, yorugʻ bir baxtdan darak berardi. Istamin gʻor ichidan bir chaqmoq tosh topdi. Oʻtinlarni toʻplab oʻt yoqdi. Tong otishini besabr kutarkan, tez-tez choʻqqiga qarar, ufq yorishsa boʻlgani, uni shaksiz ishgʻol etajagiga ishonardi. Koʻnglida shu ishonch bilan koʻzi ilindi.

Istamin uygʻonganida tong boʻzarib kelayotgandi. Yoqqan oʻti oʻchgan edi. Lekin u endi sovqotmayotgandi, havo yetishmasligi ham qiynamasdi. Tabiat bilan hamnafaslik ulgʻaygan oʻgʻlonning vujudi yerdan quvvat olib, ob-havoga moslashib ulgurgandi.

Tushga qolmay Istamin Tangritogʻning eng baland choʻqqisiga chiqdi. Togʻning magʻrur shamoli uning sochlarini oʻynab hilpiratar, adl qaddi-yu, oʻktam vujudiga orom berarkan, gʻalaba shavqidan mast va masrur yigit toʻrt tomonga qaradi. Shunda… shunda voajab, quyida, togʻning narigi tomonida Istamin jayronni quvib yurgan payti koʻziga koʻringan oʻsha shahar, oʻsha manzara qoʻr toʻkib turardi. Istamin koʻzlarini qayta-qayta yumib-ochdi. Manzara sarob emas edi, yoʻqolmadi. Aksincha, shaharning katta-katta saroylari, baland minorlari, tomu devorlari quyosh yogʻdusida nurlanib koʻrindi. Istamin maqsadga yetganini angladi. Bu yogʻdularga choʻmgan yurt – Ustrushona edi. Toʻgʻri, Ustrushonaga bormaslik haqida xoqonlik bilan ahdlashuv bor. Lekin oshiq qalbi chegarayu devorlarni, ahdlashuvu bitimlarni tan olarmidi? Unga togʻning ikki tomoni emas, ikki-yu, uch dunyo bir qadam-ku, axir.

Ha, Burgut bahodir aytganidek Koʻk Tangri uning niyatini bergan edi. “Oʻzingga qulluq, Tangrim!” – koʻnglidan shukronalik oʻtdi yigitning. Keyin u chuqur nafas oldi va bor ovozi bilan naʼra tortib, hayqirdi:

– Ravshan-oy-uvvvvvv!

Ayni shu paytda oʻsha nurafshon shaharda yashayotgan, qalbiga chiroq yoqsa yorishmayotgan bir qiz – Ravshanak “yalt” etib qaradi. Atrofda hamma oʻz ishi bilan andarmon, sado esa uning qalbidanmi yoki olis-olisdanmi, kelardi. Uning moviy koʻzlari otashxonadagi mangu olovday alanga sochdi. Lablari betoqat pichirladi:

– Istamin. Istamin! Xayriyat…

 

Zuhra MAMADALIYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

 


[1] Umay ona – qadim turkiylar eʼtiqodi boʻyicha oila, bolalar va ayollarning himoyachisi, Koʻk Tangrining rafiqasi boʻlgan iloha, oqqush qiyofasida tasavvur qilingan.

[2] Koʻk Tangri – qadimiy  turkiylar eʼtiqodi boʻyicha ulugʻ Tangri, yer, osmon, jami mavjudotni yaratgan qodiri qudrat, burgut qiyofasida tasavvur qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.