Tabiat. Jamiyat. Inson.

0
1664
marta koʻrilgan.

Tabiat gultoji”

Kiyik och qolmaslik uchun koʻkat yeydi. Amma bir-birini oʻldirmaydi. Sher och qolmaslik uchun kiyikni yeydi. Ammo bir-birini oʻldirmaydi. Odam koʻkatni ham yeydi. Kiyikni ham yeydi. Koʻngil hushi uchun sherni ham oʻldiradi… Keyin.. urush qilib, bir-birining boshini yeydi…

 

Darvinga eʼtiroz

Darvin taʼlimoti notoʻgʻri. Odam maymundan emas, maymun odamdan tarqagan. Oyogʻi yerdan uzilmaganlar odam boʻlib qolgan. OyogʻI yerdan uzilganlar esa maymun boʻlib daraxtga chiqib ketgan… Bu jarayon hamon davom etmoqda…

 

Eng aqlli jonivor

Dunyoda eng aqlli jonivor-baliq! Birinchidan, soqov. Ikkinchidan, muttasil dumini likillatadi!

 

Haqiqat

Shu qadar shirinki, totib koʻrging keladi. Shu qadar achchiqki, tilingni kuydiradi!

 

Qaldirgʻoch

Eʼtibor berganmisiz: qaldirgʻochlar fayzsiz, noahil xonadonga hech qachon in qurmaydi. Goho qaldirgʻoch odamdan aqlliroqmikin, deb oʻylab qolaman.

 

Atlantika okeani ustida

Tepada bir ummon, pastda bir ummon,

Ikki dengiz aro kechar lahzalar.

Xayolga tolaman: men oʻzi kimman?

Ojiz va notavon zarra… alhazar!

 

Oshkoralik

Oshkoralik shunday daraxtki, uning mevasini eng avval chinqiroq maymunlar yeydi.

 

Xavfli odam

Yaxshigayam, yomongayam birdek yaxshi koʻrinishga urinadigan odam eng xavfli odamdir!

 

Inson va shayton

Baʼzilarga hayron qolasiz. Qilgʻilikni qilib qoʻyadi-da, “bilmay qoldim, shayton yoʻldanurdi”, deydi… Toʻgʻri, odamzot qonida shayton vasvasasi aylanib yurishi-bor gap.

Ammo.. Shunaqangi erkaklar borki, qirqta urgʻochi shaytonni bolalatib tashlaydi. Shunaqangi ayollar borki, qirqta erkak shaytonni aliment toʻlaydigan qilib qoʻyadi…

Hamma aybni shayton shoʻrlikka toʻnkayvermang!

 

Ayol qalbi

Ayol qalbi teskari magnitga oʻxshaydi: yaqinlashsang-uzoqlashadi, uzoqlashsang-yaqinlashadi.

 

Hushyor boʻling

Ayol sizni juda qattiq sevsa, hushyor boʻling. Otashin muhabbat-rashkka, rashk- shubhaga, shubha-xudbinlikka, xudbinlik-dushmanlikka aylanishi mumkin.

 

Goʻdak isi

Ayol goʻdak isini birinchi farzandi tugʻilganidayoq his etadi. Erkak esa goʻdak isi nimaligini nevarali boʻlganidan keyin anglaydi!… Biz-erkaklar doim kechikib yuramiz…

 

Otalar va bolalar

U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. Toʻrt qiz, uch oʻgʻilni oyoqqa turgʻazdi. Oʻgʻillarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi.

Koʻz yumayotganida “hammalaringdan mingdan-ming roziman”, dedi…

Qarashsa, kafanligi yoʻq ekan…

 

Gumroh bandalar

Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki ogʻiz shirin soʻzni tekinga aytmaydi-da, ular oʻlganidan keyin ming-ming pul sarflab, oʻsha soʻzlarni qabrtoshga yozdirib qoʻyadi…

 

Kulgi va yigʻi

Kulishni bilmaydigan odam-baxtsiz odam. Yigʻlashni bilmaydigan odam esa ikki hissa baxtsiz!

 

Asl aynimas

Sopol tovogʻing sinsa, dod sol: kesakka aylanadi. Tilla idishing sinsa, parvo qilma: bahosi tushmaydi!

 

Yuk koʻtargan…

“Yuk koʻtargan odam yuzaga chiqadi”, deydilar… Chiqadi. Albatta chiqadi! Faqat yuk koʻtarganni koʻtarib yuboradigan Qoʻl boʻlsa bas!

 

Baxtli va baxtsiz

Baxtli odam xudbin boʻladi: baxtsizlarga achinmaydi. Baxtsiz odam ham xudbin boʻladi: baxtlilarga gʻayirligi keladi.

 

Daʼvo

Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha koʻp daʼvo qilsa, shuncha nodon boʻladi!

Bilimdon”

“ Ayol qavmini ipidan ignasigacha bilaman”, deysizmi? O-o-o, siz daho ekansiz!

Aytingchi, sharqdan sekundiga besh-yetti metr tezlikda esayotgan shamol oʻn daqiqadan keyin shimolga buriladimi, janubgami? Yarim soatdan keyin izgʻiringa aylanadimi, boʻrongami?…

 

Xudoning qudrati

Tabiat shunaqangi qudratliki, hohlasa, gulshanning qoq oʻrtasida sassiq alaf oʻstiradi. Hohlasa, botqoqning qoq oʻrtasida nilufarni gullatib qoʻyadi…

 

Laylak

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola gʻor edi, bola goʻdak edi… Kunlarning birida ona-bola qishloqqa –uzoq qarindoshlarinikiga boradigan boʻlishdi. Ona qaddini gʻoz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni koʻrib angrayibqoldi: chinorning tarvaqaylab oʻsgan shoxida supradek kattakon uya qorayib koʻrinar, uyada esa oyogʻi, tumshugʻi uzun bir qush turar edi.

Bola moʻjiza koʻrgandek taqqa toʻxtab qoldi.

– Anavi nima, oyi?- dedi oʻsha tomondan koʻz uzmay.

-Laylak, oʻgʻlim, laylak!- ona oʻgʻlining boshini silab qoʻydi. – Yura qol, jonim.

Bola hech qachon bunaqa qushni koʻrmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana toʻxtab qoldi.

-Nima u, oyi? –dedi tagʻin chinor uchiga koʻz tikib.

-Laylak, oʻgʻlim, laylak.

– Nimaga bir oyoqda turibdi?

Ona kuldi:

– Bir oyogʻi charchagandir-da. Yura qol, jonim.

Bola hech qachon bunaqa qushni koʻrmagan edi. Qush negadir boʻynini choʻzib tumshugʻini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak” degan ovoz eshitilardi.

Bola tagʻin toʻxtab qoldi.

– Nima oʻzi u, oyi?

Uning koʻzlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.

-Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, oʻgʻlining yuzidan oʻpdi. – senga salom beryapti-da.

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi.

… Oradan oʻttiz besh yil oʻtdi. Bola yigit boʻldi. Ona keksayib qoldi. Oyogʻidan mador, koʻzidan nur ketdi.

Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana oʻsha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini gʻoz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, ogʻir-ogʻir koʻtarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab oʻsgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib koʻrinar, uyada esa oyogʻI, tumshugʻi uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qoʻydi-yu qadamini tezlatdi.

Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan koʻzlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa koʻziga gʻalati koʻrindi.

– Anavi nima, oʻgʻlim? – dedi toʻxtab.

-Laylak, oyi, laylak!

Ona yaxshi eshitmadi. Uch-toʻrt qadam yurib yana toʻxtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib koʻrinyapti. Qiziq…

-Nima, oʻgʻlim? – dedi koʻzlarini pirpiratib. Oʻgil taqqa toʻxtadi. Gʻashi keldi. Oʻzi shoshib turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma boʻlib qolarkan-da!

-Laylak! –dedi jerkib. –Laylak deyapman-ku, karmisiz!

Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi koʻp. hali shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi koʻp. hali shaharga qaytishi kerak… Uning gʻor, goʻdak bolalari bor…

 

Tarix “xatosi”

Toʻqqizinchi asr. Muhammad al- Xorazmiy algebra faniga asos soldi.

Oʻninchi asr. Abu Nasr Forobiy Aristotelning “Metafizika” asariga ehg mukammal sharh yozib, “ikkinchi ustoz” unvonini oldi.

On birinchi asr. Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy oʻrtasidagi masofani oʻlchadi. Ibn Sino medetsina Qomusi- “Tib qonunlari” ni yaratdi.

Oʻn toʻrtinchi asr. Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli ilm boshini silab, oʻlmas obidalar yaratdi.

Oʻn beshinchi asr. Ulugʻbek 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy oʻlmas “Xamsa” sini yozdi.

Oʻn oltinchi asr. “Boburnoma” olamga tarqaldi.

Oʻn yettinchi asr. Shoh- Jahon dunyodagi yeti moʻjizaning biri- “Tojmahal” ni bunyod etdi.

Yigirmanchi asr. Oʻzbek-sovet olimlari misli koʻrilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato” sini tuzatib, oʻtmishda biz yoppasiga “savodsiz” boʻlganimizni isbotlab berdilar…

 

Umr

Tanishdilar…

Sevishdilar…

Turmush qurdilar…

Farzand koʻrdilar…

Toʻngʻichi nimjonroq edi. Kasal boʻlib, koʻp kuydirdi…

Oʻrtanchasi oʻyinqaroq edi… Qamalib chiqdi…

Kenjasi qiz edi… Erkaroq oʻsdi. Turmushi buzildi…

Bir kuni erkak kechasi uygʻonib ketdi. Uzoq oʻy oʻylab yotdi. Qarasa, ayoli ham uygʻoq ekan.

– Onasi,- dedi. – – Dunyoga kelib nima koʻrdik oʻzi?

– Bilmasam, – dedi ayoli xoʻrsinib…

..Bobotoqqa borganimda qurib qolgan ikkita daraxtnikoʻrgandim. Ikkalasi bir-biriga suyani-i-ib turardi…

 

Kuchsizniki-kuchli

Kuchli odamning gʻazabidan qoʻrqmang. Ojiznikidan qoʻrqing! Kuchli toʻksa, oʻz gʻazabini toʻkadi. Ojiz esa oʻz gʻazabi bilanbirga oʻzgalardan koʻrgan sitamini ham qoʻshib sochadi…

 

Tarnov

Erta bahor edi. Hordiq kuni edi. Kech turdim. Hovliga tushsam, havoning avzoyi buzuq. Yuvunib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir tomonga qiyshayib yotibdi. Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib qolgan shekilli… Qatiqroq shamol boʻlsa, tushib ketadigan…

Yoʻlakda yotgan narvonni koʻtarib kelib tomga tiraguncha tinkam quridi, zax tortib, zildek boʻp ketibdi.

Narvon zinasiga oyoq qoʻyishim bilan ayvondan onam tushib keldi.

– Nima qilmoqchisan?- dedi koʻzimga termulib.

– Hozir,- dedim beparvo qoʻl siltab.- Tarnov qiyshayib qopti.

– Shoshma, bolam, avval choyingni ichib ol…

– Hozir tushaman.

Shunday dedim-u narvonga tirmashdim. Tomga chiqishim bilan pastdan onamning xavotirli xitobi eshitildi:

– Ehtiyot boʻl, tom labiga borma!

– Uyga kirsangiz-chi! – dedim ogʻrinib.

Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov oldiga keldim. Uvallo urinaman, tarnov laʼnati oʻnglansa qani! Zanglab ketganmi, boʻyoʻgʻi yopishib qolganmi…

Aksiga olib, yomgʻir shivilay boshladi. Avvaliga tomchilab turdi-da, keyin shiddat bilan yogʻib ketdi. Tom labida oʻtirgancha, tarnovini qoʻshqoʻllab surishga urindim. Qilt etmaydi!

Pastdan yana onamning ovozi keldi:

– Menga qara, bolam.

Narvon oldiga qaytib keldim.

– Nima deysiz?

– Jon bolam, mana buni kiyib olgin…

Qarasam, onam bir qoʻli bilan narvonni changallagancha, ikkinchi qoʻlidatoʻn ushlab turibdi. Yupqa roʻmoli, nimchasi hoʻl boʻlib ketgan…

Xunobim oshdi.

– Hozir tushaman, dedim-ku! Men yosh bolamanmi?

– Shamollab qolasan!

– Obbo! Siz uyga kiravering! Hozir tushaman.

Shunday deb, tagʻin tarnov oldiga qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim.

Bir mahal pastdan yana ovoz keldi:

– Ada! Adajon!

– Ha! – dedim battar xunob boʻlib.

– Varragim yirtildi!

Qarasam, yetti yashar oʻglim hovli oʻrtasida turibdi. Oyogʻi ostida yirtilib, qamishlari qovurgʻadek turtib chiqqan varrak loyga qoʻrishib yotibdi. Oʻzi koʻylakchan. Boshyalang. Yomgʻir ostida diydirab turibdi.

-uyga kir, Farruh!- dedim baqirib.- Uyga kir, shamollab qolasan!

Quloq solsa qani! Goh varragiga, goh menga qaraydi. Kapalagim uchib ketdi! Tomda sirgʻalibsirgʻalib, narvon tomon yugurdim.

Uch-toʻrt pillapoya tushib qarasam, onam hamon narvon oyogʻini changallab turibdi. Roʻmoli jiqqa hoʻl boʻlib, sochlariga yopishib qolgan…

Bir qoʻli Narvon oyogʻida. Bir qoʻlida toʻn…

 

Inson

Inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini oʻlchash- dunyodagi eng baland togʻning eng baland choʻqqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu qadar tubanki, uning illatlarini oʻlchash- dunyodagiyeng baland togʻning eng baland choʻqqisidan emaklab tushish zahmati bilan teng.

Otchopar” da

“Otchopar” bozorida eski doʻstimni uchratib qoldim. Matematik… Olim… Sigaret sotib oʻtirgan ekan… Meni koʻrib koʻzini yashirdi. Men ham burilib ketdim… Ikkalamiz bir-birimizdan nega uyalganimizni bilmayman. Negadir.. yigʻlagim keldi…

 

Farishtalar

Xonadoningizda keksa odam bormi? Baxtli ekansiz! Dunyo tashvishlaridan toʻyib ketsangiz shularni ziyorat qiling: hayot abadiy emasligini oʻylab, taskin topasiz.

Xonadoningizda goʻdak bormi? Siz ham baxtli ekansiz… dunyo tashvishlaridantoʻyib ketsangiz, goʻdakni bagʻringizga bosing: hayot abadiy ekanini oʻylab, taskin topasiz…

 

Eng oliy tuygʻu

Eng toza tuygʻu nima?

Birinchi maoshingizni keltirib berib, otangizning duosini olganingizmi?

Birinchi marta sovgʻa keltirib berganingizda onangizning koʻzida qalqigan yoshmi?

Birinchi boʻsami?

Toʻy kechasidagi hayajonlarmi?

Nogahon koʻz yumgan onangizning qabrini silab yigʻlaganingizmi?

Toʻngʻich farzandingizni ilk bor maktabga yetaklab borganingizmi?

Hammasi… hammasi pokiza tuygʻular… Ammo…

Bola emizib oʻtirgan ayolga zimdan razm soling… goʻdagiga termulib bola emizayotgan onaning koʻzlariga sinchikla-a-a-b tikiling…

Eng oily tuygʻu nimaligini shunda koʻrasiz!

 

Rost va yolgʻon

Haqiqatdan qoʻrqqan odam yolgʻonning panasiga berkinadi.

 

Xom sut emgan banda

Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sogʻlik. Tinchlik.

 

Gunohi – azim

Doʻstni hoʻrlash-gunoh. Umr yoʻldoshini hoʻrlash- yuz hissa gunoh. Ota-onani hoʻrlash- ming hissa gunoh. Goʻdakni hoʻrlash- cheksiz gunoh.

 

Qismat

Inson hayoti shatranj taxtasidagi piyodaning yurishiga oʻxshaydi. Goh oq katakdan oʻtadi, goh qora katakdan… farqi shuki, birovning qismatida oq kataklar koʻproq boʻladi, birovnikida- qora kataklar…

 

Oftob

Yaxshiyamki Xudo oftobni bagʻrikeng qilib yaratgan. Boʻlmasa yer yuzidagi odamlarning illatlarini har kuni koʻraverib, allaqachon soʻnib qolgan boʻlarmidi…

 

Orol va qitʼa

Insoniyat orol emas, qitʼa boʻlib yashashni oʻrgansa, koʻp balolarning oldi olingan boʻlardi.

 

Baho

Odam bolasi elektr simi emaski, birini musbat, birini manfiy desang…

 

Hayot falsafasi

Munkillab qolgan ammam boʻlardi. Oʻta xudojoʻy kampir edi. Bolaligimda oldiga oʻtkazib qoʻyib, bir gapni koʻp aytardi.

– U quloq, bu qulogʻing bilan ham eshitib ol, bolam. Odamning u yelkasida ham, bu yelkasida ham bittadan farishta oʻtiradi. Oʻng yelkangdagi farishta umr boʻyi qilgan savob ishlaringni, chap yelkangdagisi gunohlaringni hisoblab boradi. U dunyoga borganingda hisob-kitob qilib koʻrishadi. Savobing ortiq boʻlsa, jannatga, gunohing ortiq boʻlsa, doʻzaxga tushasan…

Savodsiz kampirning sodda falsafasida qanchalik chuqur maʼno borligini endi tushunyapman.

 

Moʻtabar zot

Ayol kishiga avvalo Ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi.

 

Tosh va qum

Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Doʻstlik ham shunga oʻxshaydi.

 

Bosh aybdor

Turmush sinovlariga biz-kattalar dosh berolmasak, bolada nima gunoh? Nega bizning aybimiz uchun goʻdaklar yetim qolib, aziyat chekishi kerak?

 

Donishmand

Nar lochin yemish topib kelarkan. Moda lochin oʻljani polaponlariga boʻlashib berarkan. Biron falokat boʻlib, moda lochin oʻlib qolsa, nar lochin har qancha yemish topib keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud boʻlar ekan. Negaki, nar lochin oʻljani bolalariga burdalab berishni eplolmas ekan…

Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono!

 

Toʻla va chala

Yarim haqiqat chin bilan yolgʻonning oʻrtasida turadi, degan odam yanglishadi. Yarim haqiqat hamisha chindan koʻra yolgʻonga yaqinroq turadi.

 

Zulm

Odamlarni qoʻrqib yashashga majbur qiladigan jamiyat- eng omonat jamiyatdir.

Munofiq

Onasini behurmat qilgan odam qoʻshni kampirni yaxshi koʻraman desa, ishonmayman. Oʻz xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilmagan odamboshqa xalqlarningtilini,madaniyatini, tarixini hurmat qilaman, desa ishonmayman.

Oʻzbek ishi”

Osmon baravar plan berdilar.

-Bajarasan!-dedilar.

-Bajarolmayman,-dedi.

-Bajarasan!!- dedilar.

– Bajarmayman!!-dedi.

-Qamalasan!!!-dedilar.

Bajardi… Bola-chaqasi koʻp edi…

Orden berdilar… Planni oshirib bajargani uchun…

Keyin… qamadilar… Qoʻshib yozgani uchun… Bola-chaqasi koʻp edi…

 

Nigilist

Millatchilik juda xavfli illat. Milliy nigilizm esa undan ham xatarli. Millatchi qoʻshnisini yomon koʻradi. Milliy nigilist esa oʻzini ham yomon koʻradi!

 

Ona tili

Qancha koʻp tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona tilida tush koʻradi, ona tilida yigʻlaydi… oʻlim oldida onasini ona tilida yoʻqlaydi…

 

Oʻjar

Haqiqatni mayib qilish mumkin, ammo oʻldirib boʻlmaydi!

 

Ozchilik va koʻpchilik

“ Ozchilik koʻpchilikka boʻsunadi!” yoqimli shior! Ommabop shior!

Faqat… xudo haqqi, bir narsani hech tushunolmayman: dunyoda donolardan koʻra nodonlar, isteʼdodlilardan koʻra iqtidorsizlar hamisha koʻproq boʻlgan. Demak… Uzr… uyogʻiga aqlim yetmay qoldi…

 

Afsona

Qadimiy turkiy afsona bor. Emishki, Olloh Arshi aʼlodan Yerga tushibdi. Qarasa, kimsasiz orolda bir tola tuk yotgan emish. “Mayli,-debdi karami keng Xudo.-Shunga ham jon ato eta qolay”. Oʻsha zahoti jonsiz tuk odam qiyofasiga kiribdi. Odam bunday qarasa, Ollohning qudrati beqiyos emish: xohlasa jonlini bejon qiladi, xohlasa bejonga jon ato etadi. Odam oʻylab qopti. Nega Xudo xohlagan ishini qilishga qodir-u, men qilolmayman? Nimam kam undan?!

… Shunday qilib, Odamning koʻnglida hasad degan qora niyat paydo boʻlibdi.

Ollohning qahri kelib, farmon qilibdi:

“ Odamzot mengaki hasad qildimi, bir-biriga omonlik bermaydi. Hasadgoʻy doʻzaxga kunda boʻlsin!”

Oʻsha-oʻsha doʻzax langʻillab yonarmish.

 

Nisbiylik

Olam shu qadar kengki, xayolan ham qamrab ololmaysan.

Olam shu qadar torki, olgan nafasing aks-sado beradi…

Yaxshiga kun yoʻq..”

Xalqimiz: “Yaxshiga kun yoʻq, yomonga oʻlim”, deydi. Haq gap! Yomonlar yaxshilarni oʻldirib, ularning umrini ham oʻzinikiga qoʻshib oladi. Shuning uchun uzoq yashaydi.

 

Toʻrt toifa

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan doʻst-shunchaki doʻst.

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida gʻoyib boʻladigan doʻst-doʻst emas.

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida xiyonat qiladigan “doʻst”- dushman.

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan quvmaydigan, boshingga bulut kelganida izingdan qolmaydigan doʻst-haqiqiy doʻst.

 

Oliy jazo

Afrika qabilalaridan birida jinoyat qilgan odamni sazoyi qilish, qamab qoʻyish, qatl etish degan gaplar yoʻq ekan. Tanho oʻzini qabiladan haydab yuborisharkan, xolos…

 

Tush

Boshimga tashvish tushsa, bir narsadan qattiq siqilsam, onam tushimga kiradi. Quvonchli damlarda esa, xohlasam ham na onamni, na otamni tushimda koʻrolaman… Qiziq…

 

Halol va harom

Baʼzilar “halol va harom” deganda “ yeb-ichish mumkin boʻlgan va yeb-ichish mumkin boʻlmagan” narsani anglaydilar… yuzaki tushuncha! Aslida bu- “qilish mumkin boʻlgan va qilish mumkin boʻlmagan” amallar degani hamdir…

Bilasiz: non eng tabarruk neʼmat. Biroq nopok yoʻl bilan topilgan non ham harom! “Noningni halollab ye”, degan gap bejiz aytilmagan.

 

Odat

Ishdan nega kech kelganingizni surishtirsa, hayron boʻlmang.

Boʻyinbogʻingizni yechishga koʻmaklashish bahonasida yoqangizni hidlab koʻrsa, hayron boʻlmang.

Majlisda nima masala koʻrilganini soʻrasa, hayron boʻlmang.

Majlisda necha kishi qatnashganligini soʻrasa, hayron boʻlmang.

Kimning yonida oʻtirganingizni soʻrasa, hayron boʻlmang.

Telefoningizning rangi qanaqaligini soʻrasa, hayron boʻlmang.

Necha kishi qoʻngʻiroq qilganini soʻrasa, hayron boʻlmang.

Qayerda tushlik qilganingizni soʻrasa, hayron boʻlmang.

Bufet nechanchi qavatdaligini soʻrasa, hayron boʻlmang.

Nima ovqat yeganingizni soʻrasa, hayron boʻlmang.

Bufetchining yoshi nechadaligini soʻrasa, hayron boʻlmang.

Sizga choyni qaysi qoʻli bilan uzatganini soʻrasa, hayron boʻlmang!

Boringki, oftob qaysi tomondan chiqqanini soʻrasayam hayron boʻlmang.

Qiziquvchanlik-ayolning tabiiy odati!

 

Kuch va adolat

Adolat Kuchga boʻsungan yurt-vayron yurt.

Kuch adolatga boʻysungan yurt-boʻston yurt.

 

Yaxshilik va yomonlik

Oʻz fursatida qilinmagan yaxshilik- yomonlikka yoʻl ochishi mumkin.

 

Ketmas boylik

Menda bir soʻm bor. Sizda ham bir soʻm bor…

Men sizga oʻzimning pulimni berdim.

Siz ham menga oʻzingizning pulingizni berdingiz…

Hech nima oʻzgarmadi. Sizda ham bir soʻm pul qoldi, menda ham…

… Menda yangi bir fikr bor. Sizda ham yangi fikr bor…

Men sizga yangi fikrimni aytdim. Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz…

Sizda ham ikkita fikr paydo boʻldi, menda ham…

Esli odam pul almashmaydi. Fikr almashadi.

 

Sevgi

Avvaliga bir-birlarini tanimas edilar. Ularni sevgi degan gʻaroyib kuch topishtirdi. Ular ana shu kuch sehriga maftun boʻlib qoldilar.

Ajab, Sevgi hech qachon yolgʻiz yurmas ekan. Unga Hijron degan alanga ergashib keldi. Ular ana shu alanga otashida baravar kuya boshladilar.

Nihoyat, Hijron alangasi soʻndi-yu, sevgi Visol degan entiktiruvchi tyygʻuni yetaklab keldi. Endi ular baxtiyor edilar.

Ajab, Sevgi hech qachon yolgʻiz yurmas ekan. Endi I Sinov degan toʻsiqni yetaklab keldi. Agar ular Sevgining qoʻlidan mahkam tutishganida bu toʻsiqdan oʻtishlari mushkul emasdi. Ammo bunday boʻlmadi. Ular sinov oldida chekindilar.

Oʻrtada Shubha, Rashk degan sharpalar oʻrmalab qoldi. Shunda ular oʻzlarini topishtirgan Sevgiga ilk bor taʼna toshi otdilar.

Sevgi shunda ham ularni kechirdi. Sabot, Mehr degan kuchlarga oshno qilishga urindi. Ammo ular Sabotni ham, Mehrni ham unutdilar. Oʻzlarini topishtirgan Sevgi degan “yovuz kuch” ga laʼnat aytdilar!

Shunda… Ularning qismatiga Xiyonat kirib keldi! Ular Sevgini ayblay-ayblay, oxiri… ajrashdilar…

Qismat chorahasida esa uchta begunoh goʻdak chirqillab qoldi. Besh yashar oʻgʻil, uch yashar qizaloq va… yetim qolgan Sevgi…

 

Burch

Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas qilib, polaponlariga yemish tashiydi.

 

Mushuk

Oʻzi itdan qochib, daraxtga chiqib oladi-da, tagʻin qushlarga dagʻdagʻa qiladi… qoʻrqoq shallaqi boʻladi!

 

Olim va shoir

Hech nimaga hayron qolmaydigan odamdan olim chiqadi.

Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi!

 

Bozor iqtisodi

Kecha kolxozda ketmon chopib, biri ikki boʻlmagan dehqon bugun yer olib, bola-chaqasi bilan gullatib qoʻysa-yu, qaddini kerib yursa, quvonaman.

Omadini bersin! Bu – bozor iqtisodi!

Kecha zavoddan olgan maoshini qay biriga yetkazishini bilmay rangi sargʻayib yurgan injener bugun qoʻshma korxona ochsa-yu, nest-nobud boʻlib yotgan mevalardan sharbat olib boyib ketsa, yana quvonaman.

Qandini ursine! Bu-bozor iqtisodi!

Kecha katalakdek xonaga tiqilib, “eskilik sarqiti” –beshik va sandiq yasagani uchun nalugchidan baloga qolib yurgan hunarmand bugun kattakon sex ochsa-yu, rohatini koʻrsa, tagʻin bir bor quvonaman.

Baraka topsin! Bu bozor iqtisodi!

Kecha alifni kaltak deyolmay oʻqituvchisidan dakki eshitgan va oxir-oqibat “xudosizlar jamiyati”da qoʻnim topgan notavon bola bugun “biznesmen”boʻlsa-yu, xususiy samolyot sotib olsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi.

Kecha buyuk ixtirolar qilgan olimning isteʼdodli shogirdi bugun ilmini tashlab, tadbirkorga aylansa-yu, papkasiga “delavoy shartnoma” solib, zipillab yursa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!

Kecha yurak qoni bilan doston yozgan shoir bugun oʻsha dostoniga qalam haqi olsa-yu, puli mashinka haqiga yetmasa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!

Kecha unvon olish uchun yugura-yugura betob boʻlib qolgan chalasavod “hofiz” bugun “otarma-otar” yursa-yu, “Yaguar” mashinasida kataysa qilsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!

Kecha bitta rostga bitta yolgʻon qoʻshmasakuni oʻtmagan eshak bozorining daloli bugun “zamonaviy broker”ga aylansa-yu, uch qavatli “dacha” solsa, hayron qolmayman.bu ham bozor iqtisodi!

Ammo kecha alifni kaltak deyolmagan ateist bugun ming kishini toʻplab “amri-maʼruf” qilsa-yu, unga dashnom bergan oʻqituvchisi choy tashib yursa, hayratlanmay iloj yoʻq!

Oʻsha oʻqituvchi ertasiga maktabni tashlasa-yu, “Ippadrom”ga chiqib sigaret sotsa, hayratlanmay ilojim yoʻq!

Kecha buyuk ixtirolar qilgan olim, bugun eng yaxshi shogirdidan ayrilgani uchun maʼyuslanib bekatda tursa-yu, “kontrakt” bilan oʻqishga kirgan birinchi kurs talabasi “inomarka”sida unga loy sachratib oʻtsa, hayratlanmay ilojim yoʻq.

Olim shu ahvolda tramvayga chiqishdan iymanib, uyiga piyoda ketsa, hayratlanmay ilojim yoʻq!

Kecha eshak bozorida dalllollik qilgan “zamonaviy broker” bugun uch qavatli dachasini “yuvsa-yu”, chalasavod “hofiz” bir soat “hangragani” uchun boshidan dasta-dasta “koʻki” dan sochsalar…

Davraning bir burchida oʻtirgan shoir yurak qoni bilan yozgan gʻazallari tuproqqa qorishganidan koʻngli oʻksib izdihomdan bosh egib chiqib ketsa, hayratlanmay ilojim yoʻq!

Oʻsha davraning yana bir burchida xuddi shu “hofiz”ni bir tiyin taʼmasiz davolagan doʻxtir ham oʻtirgan boʻlsa-yu, “otarchi” unga koʻzi tushib “iya, sizam shu yerdamisiz, doxtir?” deb piching qilsa…

Doʻxtir esa, “ertadan boshlab oʻlikdan kafanlik tilaganim boʻlsin!” deb qasam ichsa…

Hayratlanmay ilojim yoʻq!

Bunaqa bozorga oʻt tushib, alangasi osmonga chiqsin!!

 

Paxtakor

Koʻngli- paxtasidek oppoq. Feʼli-paxtasidek yumshoq. Mehri- paxtasidek qaynoq… faqat bitta aybi bor: “paxta qoʻyish”ni bilmaydi.

 

Kapalak va toshbaqa

Toshbaqa guldan-gulga qoʻnib yurgan kapalakni koʻrib gʻashi keldi.

“Bir kunlik umriga uchishini qara!”

Kapalak toshbaqani koʻrib kuldi.

“Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!”

 

Koʻngil

Odam hamma narsaga toʻyishi mumkin. Boylikka… Amalga ham… Shon-shuhratga… Xudoning oʻzi kechirsin-ku, hatto… hayotga ham… Qarib-churiganida “omonatingni ola qol, yaratgan Egam”, deydiganlar, chin dildan gapiradi…

Odam hamma narsaga toʻyishi mumkin. Faqat bir narsaga-Mehrga toʻymaydi. Bu masalada shohu-gado barobar.

Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yoʻq.. bir ogʻiz shirin Soʻz, bir chimdim Mehr kimni oʻldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz…

 

Sharq fojiasi

Sharq ayoli bir qadar zabun boʻlgan.

Gʻarb ayoli bir qadar erkin boʻlgan.

Sharq podshosining harami boʻlgan. Haramda rasman tan olingan kanizaklar boʻlgan. Xohlasa oʻnta, xohlasa qirqta…

Gʻarb qirolining harami boʻlmagan. Ammo uning rasman tan olingan jazmanlari-favoritkalar boʻlgan. Xohlasa oʻnta, xohlasa qirqta.

Sharqda toʻrt nikohga ruxsat berilgan.

Gʻarbda bitta nikoh tan olingan.

Sharqda toʻrt xotinning har biri oʻz bolasini taxtga daʼvogar qilib tarbiyalagan.

Gʻarbda oʻnlab favoritkalarning birontasi bolasini taxtga daʼvogar deyishga haqqi boʻlmagan.

Sharqda ne-ne saltanatlar oʻgay aka-ukalar oʻrtasida xomtalash boʻlib, parchalanib ketgan.

Gʻarbda bu muammo boʻlmagan…

Xulosa: Gʻarb qiroli bir qadar dono, ayollar esa bir qadar erkin va… anchayin soda boʻlgan. Sharq podshosi bir qadar soda, ayollar esa bir qadar zabun va … anchayin makkor boʻlgan!

Sharqning eng katta fojiasi-rasman qonunlashtirib qoʻyilgan koʻp xotinlilik!

 

Qoida

Baliq boshidan sasiydi. Ammo uni dumidan tozalaydilar.

 

Charxpalak

Maktabimiz biqinida ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanafufusda charxpalakni tomosha qilishni yaxshi koʻrardim… yogʻoch gardishi koʻhna, temir paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga koʻkimtir suv oʻtlari yopishgan… birov yolgʻondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek… charxpalak nolali gʻiyqillab aylanadi. Kaftida suv koʻtarib, yuqoriga olib chiqadi… tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi… charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan-yangi suv tomchilarini yuqoriga koʻtarib beraveradi… ngʻiyqillaydi…

Oradan koʻp yillar oʻtib, oʻsha charxpalak tushlarimga kiradigan boʻldi. Nega shunday boʻlganini uzoq oʻyladim…

Soʻng… bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qoʻmsar ekanman.

Suv-suv emas, men ekanman! Charxpalak- charxpalak emas, oʻqituvchilarim ekan!

Meni-bir tomchi suvni katta hayot yoʻliga olib chiqib qoʻygan ustozlarim-charxpalak zahmatini oqlay oldimmikan?… Bilmadim.

…Koʻhna charxpalak hamon tushlarimga kiradi…

 

Bozor va mozor

Bozorda hayot qaynaydi… mozor esa marhumlar makoni…

Bozorda shoh-shoh, gado-gado. Mozorda esa shoh-u gado barobar…

Bozorda kun-u tun shovqin tinmaydi. Mozor esa sukunat maskani…

Bozor bilan Mozor bir-biridan naqadar uzoq…

Lekin…

Aqli raso odam hech qachon Bozorni buzmaydi. Aqli raso odam hech qachon mozorni ham buzmaydi…

Aqli raso odam qay yurtga bormasin, bozorni aylanadi. Aqli raso odam qay yurtga bormasin Mozorni ham aylanadi. Bozorga kirib, bu yurtning moddiy boyligini koʻradi. Mozorga kirib, maʼnaviy boyligiga baho beradi…

Bozor bilan Mozor bir-birdan naqadar uzoq. Bozor bilan Mozor bir-biriga naqadar yaqin!

 

Bayram chechaklari

Bugun bayram. Koʻchalar gavjum. Shoʻx- shoʻx kuylar yangraydi.guras-guras odamlar oʻtadi. Oʻyin-kulgi, shodon shovqin bahor osmonini titratadi.

Shundoqqina yoʻlka chekkasida oʻtirib olgan bolakay ovozi boricha hayqiradi:

-Gul! Kep qolinglar, gul! Atirgul. Bayram gullari!

Uning oldida bir savat gul quyosh parchasidek tovlanadi.

Gullar har xil: oq, qizil, pushti…

Odamlar kelib gul olishadi.

Nariroqda toʻnkarilgan eski paqir ustida oʻtirib, rediska sotayotgan xotin ora-chora bolaga tanbeh berib qoʻyadi:

– Izdachisini berdingmi, aʼzam? Pulingga ehtiyot boʻl!

Bolakay hamon hayqiradi:

– Kelinglar! Gul olinglar. Gul!

… Bolalik yillarimni eslayman. Toʻrt aka-uka edik. Dadam hammamizni baravar kiyintira olmagani uchun, bayramga birimizga yangi doʻppi, birimizga botinka, yana birimizga koʻylak sovgʻa qilardi. Biz bayram kelishini orziqib kutar, shungacha yangi kiyimlarimizni har kuni bir-birimizga koʻz-koʻz qilar, ammo kiymas edik.

Bayram kuni shaharga tushardik. Goʻyo hamma bizning yangi doʻppimizga, koʻylagimizga havas bilan qarayotgandek tuyulardi.

… Bugun bayram. Odamlar guras-guras oʻtadi. Chiroyli kiyingan bolalar shovqin solib yugurishadi.

Gulchi bolakay hamon qichqiradi:

– Gul olinglar, gul!

Boyagi xotin yana tanbeh beradi:

– Pulingga qara, pulingga!

Bugun bayram. Qara, hammayoq bayram! Sen qachon bayram qilasan, bolajon?! Hoy, pul joningni olgur xotin, ayt, u qachon bayram qiladi?!

 

Mevali daraxt

Mevali daraxt oʻziga ishongani uchun yonida yangi nihol oʻsib chiqsa, quvonadi. Toʻnka oʻziga ishonmagani uchun niholga gʻashlik qiladi. Biroq u xohlaydimi-yoʻqmi, nihol oʻsaveradi!

 

Erk

Inson tabiati shu: hamma erkni orzu qiladi. Hamma ozodlikka intiladi. Shunaqa-ku…

… Hech oʻylab koʻrganmisiz? Nima uchun Yer kurrasi oʻz oʻqi atrofida nuqul bir tomonga qarab aylanadi? Bugun bir tomonga, ertaga boshqa tomonga aylansa, nima boʻlardi?

Nima uchun Yer oʻz oʻqi atrofida 24 soatda bir aylanadi? Bugun 24 soatda, ertaga 30 soatda aylansa nima boʻlardi?

Nima uchun Zamin Quyosh atrofini uch yuz oltmish besh kun-u, olti soatda, ikkinchi yili ikki yuz kunda aylansa nima boʻlardi?

Nima uchun Yer kurrasi har yili 22-dekabrda Quyoshga yaqin masofaga boradi, 22-iyunda Quyoshdan eng uzoq masofaga ketadi. Shundayam keragidan ortiq yaqin ham bormaydi, keragidan ortiq uzoq ham ketmaydi?

Bu qonunlarni, aniqrogʻi, qonuniyatlarni kim yaratgan?

Olloh emasmi?

Inson esa Ollohning bandasi emasmi?

Mutloq erkin orzu qilish Tangriga ham xush kelmaydi…

 

Ilk muhabbat

Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga oʻxshaydi. Oppoq. Pokiza. Shaffof… Na qoʻlingiz bilan tutasiz. Na ortidan yugurib yetasiz… Shamol uni qayoqqa olib ketishini ham bilmaysiz…

Birinchi muhabbat koʻpincha natijasiz tugashi balki shundandir…

 

Sinov

Bir narsani koʻp kuzatdim. Ona ovqatga oʻtirgan zamon chaqaloq yigʻlayveradi. Keksalar, bunaqa paytda bolani shayton chimchilaydi, deydilar. Bilmadim… Xudoning oʻzi kechirsin-ku, menimcha gap shaytonda emas. Bu- tangrining ona mehrini sinash usullaridan biri boʻlsa ajabmas…

 

Sham yonmasa...

Erkak bilan ayol munosabatida aybni nuqul erkakdan izlash insofdan emas. Sham yonmasa, parvona yaqin kelmaydi.

 

Qirq jon

Xotin kishining joni qirqta boʻladi, desalar ajablanmang. Negaki u bitta jonni oʻziga olib qolib, oʻttiz toʻqqiuztasini farzandlariga beradi…

 

Sodda va buyuk

Qadimgi musavvirlar farishtani gʻodak qiyofasida tasvirlagani bejiz emas. Bola shu qadar soddaki, biz uning darajasiga tusha olmaymiz. Bola shu qadar buyukki, biz uning darajasiga yetolmaymiz!

 

Qoʻgʻirchoq

Bu odam loydan yasalgan qoʻgʻirchoqqa oʻxshaydi. Zamon sal oʻzgarsa, boshidan jinday suv quyadi-da, loyini iylab-iylab, oʻzini qaytadan yasab, boshqa qiyofaga kirib oladi…

Qattiqroq yomgʻir yogʻsa, balchiqqa aylanib ketadi-yov!

 

Aql va mansab

Aql bilan mansabga erishishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib boʻlmaydi.

Yeb toʻymagan-yalab toʻymas

Qadim zamonda koʻzi ojiz odam boʻlgan ekan. Albatta, koʻzi ojizlik ayb emas… Xullas oʻsha odam tirikchiligi tang ahvolda qolgach oʻziga oʻxshash soʻqir bir tilanchiga shogird tushibdi. Gadoylik hunarining sirini oʻrgatishni soʻrabdi.

– Bu hunarning uchta qoidasibor,-debdi ustozi.- Qayerda boʻlsa ham, qancha boʻlsa ham, kimdan boʻlsa ham olaverasan!

Oradan koʻp yillar oʻtibdi. Ustoz tilanchi hammomning issiq xonasida mudrab oʻtirsa, yonbosh tomondan ovoz kepti:

– Xayr qili-i-ing!

-Esing joyidami?-debdi ustoz tilanchi. –Hammomda ham sadaqa soʻraydimi?

-Qayerda boʻlsa ham!-debdi boyagi ovoz.

Ustoz tilanchining achchigʻi chiqibdi.

-Qanaqa betamizsan, yalangʻoch odamda pul nima qilsin?

– Qancha boʻlsa ham!

Ustoz tilanchi shogirdining ovozidan tanib qolibdi.

– Hoy, badbaxt! Kelib-kelib oʻz ustozingniham shilasanmi?

– Kimdan boʻlsa ham!-debdi shogird tilanchi…

Albatta, poraxoʻr tilanchi emas. Poraxoʻr avvaliga oʻzini tiyib yuradi. “Insof” bilan oladi. Ammo bora-bora qayerda boʻlsa ham, qancha boʻlsa ham, kimdan boʻlsa ham olishga oʻrganadi. Va… oxiri hammomga yalangʻoch kiradi… tagʻin kim bilsin… Qarib-churuguncha umrguzaronlik qiladiganlari ham oz emas shekilli.

 

Oʻrtadagi odam

Oʻrtadagi odamga havas qilmang. Ham bolgʻadan zarba yeydi, ham sandodndan.

 

Teskari haqiqat

Odam qancha koʻp qiziqsa, shuncha koʻp oʻqiydi. Qancha koʻp oʻqisa, shuncha koʻp biladi. Qancha koʻp bilsa, yashashi shuncha qiyin boʻladi.

 

Savob va gunoh

Odamzotning tabiati qiziq: oʻzining tariqdek savobi-tarvuzdek, tarvuzdek gunohi-tariqdek tuyuladi…

 

Aldov

Biz hammamiz-yolgʻonchilarmiz. Ayting, qaysi biringiz aqalli biron marta goʻdakka yolgʻon gapirmaganman, deya olasiz? Goʻdakni aldash eng katta yolgʻondir!

 

Hamma ona – bir ona

Amerika bilan Oʻzbekiston orasi oʻn besh ming chaqirim. Avstraliya bilan Kanada orasi yigirma ming chaqirim. Ammo amerikalik senatorning xotini oʻz farzandini oʻzbekistonlik dehqonning xotinidan kamroq yaxshi koʻrmaydi. Avstraliyalik aborigen ayol oʻz farzandini kanadalik millioner ayoldan koʻproq yaxshi koʻrmaydi.

 

Buzilgan nikoh

Uyni qonuniy boʻlishdingiz…

Mol-mulkni qonuniy boʻlishdingiz…

Muhabbat boʻlaklandi…

Sadoqat boʻlaklandi…

Bola-chi? Bolani qaysi qonun bilan boʻlashasiz? Onasi bilan boʻlsa, otasiz qolsa. Otasi bilan boʻlsa, onasiz qolsa… Yaxshisi, uniyam ikkiga boʻling! Bir nimtasi-erga! Bir nimtasi-xotinga!

Qani koʻtaring boltani, bolaning uvoli tutgurlar!

 

Eng sayroqi qush

Bulbulning erkagi sayraydi. Odamning-ayoli.

 

Notavon

U xoʻ-oʻ-oʻp oʻqimishli, xoʻ-oʻ-oʻp bilmdon, xoʻ-oʻ-oʻp olim odam. Faqat bitta “juzʼiy” kamchiligi bor: chin dildan kulolmaydi, chin dildan yigʻlolmaydi…

 

Tomsuvoq

Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi boʻlardi. Uning yozilmagan qoidasi bor. Birinchidan, hech kim tomini yolgʻiz oʻzi suvamaydi:hamma hasharga keladi. Ikkinchidan: beva-bechora, qoʻli qisqa xonadonning uyi eng avval tomsuvoq qilinadi.keyin, navbatma-navbat davom etaveradi…

Oʻqituvchimizning hashariga ayniqsa koʻp odam yigʻildi. Uyi katta yoʻl yoqasida edi. Shundoq koʻcha chetidan loyhandaq qazilgan ekan. Somon, katta yoʻlning koʻpchib yotgan tuprogʻiga qovushib, obdon yumshabdi. Oʻqituvchimizning Azim aka degan qoʻshnisiishboshi boʻldi. Birov handaqqa tushib loy soberib turdi, birov paqirlab loy tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi…

Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli oʻrtasidagi tut tagida ovqatlanib oʻtirsak, oʻqituvchimning keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta avval koʻzi yorigan qizinikiga ketgan ekan).

Kampir hassasini doʻqqillatib, toʻppa-toʻgʻri oʻqituvchimizning oldiga bordi.

– Nima qilding?- dedi oʻgʻlining salomiga alik ham olmay.- Nima ish qilib qoʻyding?!

Hammamiz hayron boʻlib qoldik. Muallim oʻquvchilarining oldida ayniqsa mulzam boʻldi, shekilli, qizarib ketdi.

– Nima qipman, oyi?-dedi koʻzlarini pirpiratib.

-Dard!-kampir hassasi bilan yerninuqidi.- Sanga qachon aql kiradi, nodon bola!- Keyin azim akaga yuzlandi.- Bu-ku ahmoqlik qilishga qipti, siz qayoqda edingiz? Nega koʻchadan loy qildilaring?! Koʻchaning tuprogʻiga tegib boʻladimi, nobakor! Koʻpchilikning haqi-ku bu!- Bir zum harsillab turdi-da, toʻsatdan yigʻlab yubordi.- Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman!- Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters oʻtirib oldi…

… Hammamiz qaytadan tomga chiqdik… Suvoq qilishdan koʻra loyni koʻchirish qiyin boʻlarkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, koʻchadagi loyhandaqni toʻldirib qoʻydik…

… Oradan yillar oʻtib, kampir koʻz yumganida tumonat odam uni oʻsha koʻchadan soʻnggi manziliga koʻtarib bordi…

Koʻcha tuprogʻi iliq edi… Mayin edi…

 

Qarz

Bolam bemehr chiqdi, deb, koʻp ham oʻkinmang. Balki, sizga adolatsizlik boʻlib tuyulayotgan narsaning oʻzi adolatdir… Siz ota-onangizdan olgan qarzni bolangizga berasiz. Bolangiz oʻzining bolasiga… Hayot zanjiri uzulmasligi kerak-ku…

 

Qizilishton

Bola edim… Kuz edi… soʻrida dars qilib yotibman. Ammam bir burchakda mudrab oʻtiribdi… Osmonda mezonlar uchadi. Qondek qizargan tok barglari ohista chayqaladi. Oʻrik xazonlari unsiz pirpirab toʻkiladi. Bogʻ tomondan yakkash bir sado keladi: “tuk-tuk-tuk, tuk-tuk-tuk”. Gʻashga tegadi. Xayolingni qochiradi… oxiri boʻlmadi, ammamdan soʻradim:

– Nima, u, amma?

Ammam chochib, koʻzini ochdi.

– Nimani soʻraysan, bolam?

-Anavi toʻqillatayotganni-da, nima oʻzi?

Ammam bir zum quloq solib turdi. Keyin nosini tupurib, jilmaydi.

– Qizilishton-ku!

-Nega hadeb toʻqillatadi? Jonga tegdi-ku?

– Unaqa dema, bolam,- dedi ammam xoʻrsinib.- Xudo uni shunga yaratgan, daraxtning qurtini yeb tozalaydi…- Uzoq jim qoldi-da, qoʻshib qoʻydi.- Qaniydi, Olloh odamzotning koʻnglidagi qurtlarni tozalaydigan shundoq jonivor yaratsa. Hamma jannatga tusharmidi…

 

Omonatga xiyonat

Umr tangrining odamzotga oʻlchab bergan omonatidir. Biz esa koʻpincha, uni behuda oʻtkazib, omonatga xiyonat qilamiz.

 

Yovvoyilar

Moʻgʻullar Movarounnahrni bosib, qirgʻin qilganida bir ayol tirik qolishning yoʻlini topibdi. Bosqinchiga aytibdi:

– Men bahosi yarim jahonga teng bir gavharni yutib yuborganman. Meni oʻldirmay, uch-toʻrt kun sabr qilsang…

Shunda moʻgʻullar oʻsha qishloqdagi hamma xotinlarning qornini yorib, gavhar izlagan ekan…

Shoʻrlik yurtim! Ne balolar kechmadi boshingdan!

 

Mehr

Quyosh buloq suviga ham, magʻzavaga ham baravar nur sochaveradi.

Yer chuchmomani ham, chaqirtikanakni ham baravar oʻstiraveradi.

… Ota-onaga bolaning yaxshi-yomoni yoʻq…

 

Ilon

Koʻp yillar avval Missisipi sohillarida dunyodagi eng katta ilon-anakondani tutib oʻldiribdilar. Uzunligini oʻlchayman, deb harchand urinsa ham eplay olmabdilar. Ilonning jasadi, nuqul buklanib qolarmish…

Odamlar ham qiziq. Muttasil egri yurgan mahluq oʻlganidan keyin toʻgʻri boʻldi nima-yu, boʻlmadi nima?

 

Yoʻqchilik va toʻqchilik

Bir narsaga hech tushunmayman: kitob oʻqiydiganlarda pul yoʻq. Puli koʻplar kitob oʻqimaydi.

 

Tebranma dunyo

Mehr-yaxshilik, qahr-yomonlik belgisi, degan gap bor…

Teskarisi boʻlsa-chi?

Tasavvur qiling. Bir nomard, begunoh odamni oʻldirdi. Siz mehr koʻrgizib, uni jazodan saqlab qoldingiz. U ertasiga boshqa bir begunohni oʻldirdi. Sizning mehringiz yaxshilikka emas, yomonlikka sabab boʻldi…

Dunyoda soat kapgiridek tebranib turadigan haqiqatlar ham boʻladi…

 

Ildiz

Nuqul oʻtmishidan noliydigan odam kelajagini barbod qilishi mumkin. Oʻz ildizini inkor qilgan daraxt qurib qoladi.

 

Oʻlchov

Umr oʻlchovi yolgʻiz Ollohga, mazmuni esa koʻp jihatdan insonning oʻziga bogʻliq.

 

Bolalik va keksalik

Bolalikda dunyo keng-u kiyim tor.

Keksayganda kiyim keng-u dunyo tor…

 

Odob

Farzandga oson tutmang. Otaning yuziga tik qarolmaydi.

Otaga oson tutmang. Farzandiga dardini ayta olmaydi.

 

Aql yoshda emas

Yoshligida aqli raso odam keksayib, “annaqaroq” boʻlib qolishi mumkinmi-yoʻqmi, unisini bilmadim-ku, ammo yoshligida “annaqaroq” odam keksayganda aqli raso boʻladi, desalar… Bilmadimov.

 

Tiriklar va oʻliklar

Vaqti-vaqti bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib oʻtganlar ruhini xotirlaysiz… Keyin… oʻz yumushingiz bilan ketasiz.

Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas… iloji boʻlsa, qabristonni osoyishta aylaning. Shunda… gʻalati holat roʻy beradi. Marhumlar sizga koʻ-oʻ-oʻp narsalarni aytadi…

Ishoning, oʻliklar tiriklardan koʻra teranroq fikrlaydi…

 

Neʼmat

Ayollar! Yigʻlab koʻnglingizni boʻshatishdek neʼmatni ato etgani uchun Yaratganga shukronalar qiling!

 

Majnuntol va qamish

Majnuntolning bosh egib sukut saqlashi donoligi va chayirligidan.

Qamishning gʻoz turib shovullashi nodonligi va moʻrtligidan… qiziq, ikkalasi koʻpincha yonma-yon oʻsadi…

 

Nur va soya

Olloh insonni eng mukammal, eng mukarram zot qilib yaratgan. Bas shunday ekan, yomon odamlar qayoqdan paydo boʻladi?

Nachora nur bor ekan, soya ham boʻlaveradi. BuyogʻI oʻzingizga bogʻliq: xohlang nur boʻling, xohlang-soya…

 

Oy va quyosh

Oy quyoshdan nur oladi. Quyosh qancha yorqin porlasa, oy shuncha tiniqlashadi.

Erkak qancha mehr bersa, ayolning husni shuncha ochiladi…

 

Jinoyat

Oʻz koʻnglidagi mehrni oʻldirish odam oʻldirishdan ogʻirroq jinoyatdir. Negaki har qanday razillik bemehrlikdan boshlanadi.

 

Boy va kambagʻal

Boy gerdaysa-salobat. Kambagʻal taʼzim qilsa-xushomad.

Boy gapirsa-donolik. Kambagʻal sukut saqlasa-nodonlik.

Boy “Mersedes” olsa-kamtarlik. Kambagʻal velosiped olsa-manmanlik.

Boy jinoyat qilsa-“shoʻxlik”. Kambagʻal shoʻxlik qilsa-jinoyat.

Boy oʻlsa-motam. Kambagʻal oʻlsa-“bandalik”…

 

Amalparast

Echkidek amalga mingan edi, fil ustida oʻtirgandek bosar-tusarini bilmay qoldi. Amaldan tushganida fildan yiqilganidek suyaklari sochilib ketmasa deb qoʻrqaman!

 

Mahalliychilik

Mahalliychilik-millatchilikning nikohsiz tugʻilgan bolasi, shovinizmning nikohsiz tugʻilgan nevarasidir!

 

Biri kam dunyo

Bola tugʻdirganlarning hammasi ham Ota boʻlavermaydi.

Bola tuqqanlarning hammasi ham Ona boʻlavermaydi.

Bolaning hammasi ham farzand boʻlavermaydi…

 

Ustoz

Ustoz otangdan ulugʻ, deganlari bejiz emas, Ota hayot beradi. Ustoz esa yashashga oʻrgatadi. Tugʻilish oson, yashash qiyin…

 

Husn

Yoʻlbars boshqa ov topolmasa, daraxtning pastak shoxiga qoʻnib turgan tovusni dumidan tutib yer ekan… Ortiqcha husn boshga bitgan balo boʻladi, deganlari shu boʻlsa kerak…

 

Ilgʻor tajriba

Odamlar “bozor munosabati” ni baliqdan oʻrgangan. Kattasi kichigini yeyaveradi…

 

Adolat

Adolat bitta boʻladi, deyish soddalikdir. Adolatning qiyofasi ming xil boʻlishi mumkin. Bu-unga qayoqdan qarashga bogʻliq.

 

Xazina

Dunyoda eng bebaho, ammo hamisha tekinga tarqatiladigan xazina bor. Bu- Ona mehri…

 

Doʻst

Doʻst degani daraxt yaprogʻiga oʻxshaydi. Bahor chogʻi-behisob. Kuz kelganda-sanoqli. Yoshlik chogʻi-behisob. Keksayganda-sanoqli…

 

Vatan tuygʻusi

Qaysi yurtda non arzonroq boʻlsa, oʻsha yerga koʻchib yuradigan odamda Vatan tuygʻusi boʻlmaydi.

 

Dono va nodon

Dono nodondan oʻzini bir pogʻona quyi tutsa, hayron boʻlmang. Taroning yukli pallasi boʻsh palladan pastroqda turadi.

 

Orzu

Qani endi, qaytadan goʻdakka aylanib qolsang-da, oʻylaganingni qoʻrqmasdan aytaversang.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.