Suratdagi yoʻlbars

0
290
marta koʻrilgan.

Rustam uydagi oʻziga tegishli darsxonani yigʻishtirayotgan edi, turli qogʻozlar orasida eski bir devor-kalendarga koʻzi tushdi. Kalendar uyga qayerdan, qanday kelgan? Eslamadi. Plakat sha-klidagi katta, qalin qogʻozning pastki qismida bundan ancha burungi yilning oy va kunlari belgi-langan, yuqori qismida yoʻlbars surati bosilgan edi.

Rustamni surat beixtiyor qiziqtirganidan, u darhol qaychi olib, pastdagi yozuvni qirqib tashladi, suratning oʻzini esa quyi devorning toʻriga yelimlab qoʻydi.

Keyin, qilgan ishidan mamnun boʻlib yozuv stoli orqasida oʻtirganicha, roʻparadagi shakl-shamoyilni tomosha qila boshladi.

Rustam – shaharda tugʻilib, shaharda oʻsgan yigit, – tirik yoʻlbarsni hech qachon koʻrmagan, bola-lik yillari “Hayvonot bogʻi”da “mushuksimonlar oilasiga mansub” deb ataladigan sirtlonni, sherni, qoplonni sim-toʻr oldida turib koʻrgan, lekin yoʻlbarsni koʻrmagan, bitta-yarim kitobda su-ratiga koʻzi tushgan, xolos. Sirasini aytganda, u yoʻlbars bilan arslon, qoplon bilan sirtlonning unchalik biri-biridan farqini ham bilmaydi. Mabodo boya qalin qogʻoz pastida nomi “Qizil ki-tob”ga kirgan yoʻlbars, deb taʼkidlanmagan boʻlsa, Rustam suratdagi hayvonni sher deb ham oʻyla-shi mumkin edi.

Surat yaqindan turib olinganmi yoki kattalashtirilganmi, harholda, yoʻlbarsning osti qizarib turgan yoʻgʻon burni va ochiq-yirik koʻzlari qaraganing zahoti diqqatingni tortar edi. Rustam surat-ga tikilganicha, koʻnglida vahmmi-qoʻrquv tuydi. Shu bilan birga, ajablandi. Odamlar “ongsiz hay-von” deyishadi. Buning ustiga, yirtqich. Ammo basharasida, ayniqsa koʻzlarida shu qadar koʻp maʼno borki! Ana, senga tik qadalgan koʻzlarda bir hushyorlik va bir ehtiyotkorlik, bir shiddat gʻururi va bir bayonsiz hasrat-mung muhrlangan!

Rustam “tomosha”ni tugatib, stol ustida yotgan kitobni erinib varaqlay boshladi. Ertaga se-minar! Tayyorlanish kerak! Bu dunyoda talabalarning toʻqson foiziga seminaru imtihonlar doim bemavrid, oʻz vaqtidan oldinroq kelgandek boʻlib tuyuladi. Hayajonlanib-shoshganing zoʻriqqaning-dan kallangga bir gap kirmaydi.

 

* * *

Yoʻq, u asta-sekin dunyoni unutib ishga kirishib ketdi.

Oradan oz vaqt oʻtdimi, koʻpmi, bexosdan nazarida, bir narsa yerga toʻp etib tushgandek boʻldi. Oʻrnidan sapchib turib qarasa, stoldan narida, xona oʻrtasida mushukdek agʻdarilib boshini qiy-shaytirgan yoʻlbars yotibdi. Rustam devorga qaradi, devordagi surat yoʻqolgan edi.

– Ie, sen suratdan chiqib pastga tushdingmi? – dedi Rustam hayron boʻlib.

Uni battar hayron qoldirib, yoʻlbars odamga oʻxshagan tilda:

– Anchadan buyon tuz totganim yoʻq. Qornim och, – dedi.

Rustam hovliqib oshxonaga bordi. Oyisi ovqatga unnayotgan ekan.

– Uyda goʻsht bormi, oyi?

– Goʻshtni nima qilasan?

– Kerak.

Rustam muzlatgichni ochdi, taxminan ikki kiloga yaqin goʻsht bor ekan, idishi bilan koʻtarib darsxonaga qaytib keldi. Yoʻlbars endi oʻrnidan qoʻzgʻolib choʻkka tushgan, havo yetmayotgandek ogʻir nafas olayotgan edi. Lahza ichida yarim chaynab, yarim yutib goʻshtni yeb qoʻydi. Keyin, kerishib-siltanganicha, eshikka yoʻnaldi.

– Qayoqqa?

– Biroz yugurish kerak. Hazmi taom, – dedi yoʻlbars.

Rustam endi yoʻlbarsni oʻziniki deb bilganidan, yolgʻiz koʻchaga chiqargisi kelmadi. Apil-tapil kiyinib, eshikka yoʻnaldi.

Yoʻlbars yoʻlakdagi zinalarni koʻrdimi-koʻrmadimi, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Rustam “ketib qoldi” deb oʻyladi. Biroq pastga tushsa, hovlida yugurib yurgan ekan. Shu soniyada boshqa bir holatdan Ru-stamning kapalagi uchdi.

Ularning uyi va roʻparadagi uyning toʻrttala qavatida ham barcha derazalar lang ochilgan, chala kiyingan erkaklar-u, sochlari gʻijimlanganmi-toʻzgan xotinlar saf chekkan edi. Rustamni koʻrib erkak-ayol baravar ayyuhannos sola boshlashdi:

– Odamlarda uyat yoʻq. Katalakdek uyda mushuk tutishgani goʻrga, it ham boqishayapti…

– It nima, toshbaqadan ilongacha uyga olib kirishgan…

– Mana, yirtqichlarga navbat yetibdi. Xoʻp, senga katta hayvon kerak boʻlsa, masalan, tuya yoki filni yetaklab yurmaysanmi?

– Biz bundan buyogʻi qoʻrqib, qafasdagi qushdek, uydan chiqolmay oʻtirar ekanmiz-da?

Rustam payqadi – dahshatli joyi, uning jonajon oyisi ham deraza oldida paydo boʻlgan, bir yolvorib, bir baqirayotgan edi:

– Otang bilan qoʻshmozor boʻlgur, jon bolam. Kap-katta yigitsan. Bu hayvon uyga qayokdan kelib qoldi?

Rustamni gʻam bosdi. Bir tomondan, qutidek terib chiqilgan koʻpqavatli uy sharoitida atrofdagilar bilan hisoblashmay ish tutish yaxshi emas. Lekin ikkinchi tomondan, seniki boʻla boshlagan hayvonni “ortiqcha ekansan” deb yoningdan haydab yuborish kerakmi?

U nima qilishini bilmay, oʻzini yomgʻir ostida ketayotgan yoki toʻgʻrirogʻi, toshboʻron qilinayotgan kishidek sezib, hovlidan katta yoʻl tomon yurdi. Bir mahal yoʻlbars ergashib, yonida borayotganini koʻrdi. Inson va hayvon – ikkovlon koʻcha aylanib qaytib uyga kirishadimi? Yoʻlbarsning sayr qilishdan tashqari, koʻchaga chiqishdan biron maqsad-muddaosi bormi? – Rustam tasavvur qilolma-yotgan edi. Umuman, uyga ham, hovliga ham avvaldan sigʻmagan, sigʻmaydigan maxluqning bundan key-ingi taqdirini oʻylab, qandaydir chora topishga toʻgʻri kelmasmikan? – u tashvishlanayotgan, bu ham unga nomaʼlum edi.

Ayni yoz. Tush payti. Oftob lovullab yonayotgan, oʻt purkayotgan edi. Bunday pallada odamlar aksari uyida eshikni berkitib yotishga urinadi. Koʻchaga chiqqanda ham, soya-salqin bir joyda orom olishga harakat qiladi… Shunga qaramay, koʻchada odam koʻp, arava minganlar oʻz yoʻliga, piyodalar gʻujgʻon oʻynagan.

Rustamning yonida yoʻlbarsga koʻzlari tushib, ular toʻp-toʻp har yoqqa qocha boshlashdi. Keyin, atrofdagi uylardan turli idora binolarigacha hammayoqda yana derazalar lang ochilib, erkak-ayol ayyuhannos solishga tushdi. Keyin, bir mashina qurollangan askar keldi.

– Qochishim kerak. Bular uchragan hayvonni tinch qoʻymaydi, – dedi yoʻlbars odamga oʻxshagan til-da Rustamga.

Keyin, yugurib-sakrab, shamoldek uchib, askarlar miltiq oʻqtalishga ulgurmay, allaqayoqlarga ketib qoldi… “Hayvonot bogʻi”ga borib oʻzi “taslim” boʻldimikan? U yerda ovqat bor, jon ham saqlash mumkin. Biroq erkinlikka oʻrgangan hayvon uchun u yer – odamlar uchun qamoqxonadek gap. Balki biron yalang sahroga yoki biron sokin toʻqayzorga va yoki biron togʻlardagi oʻrmonzorga bor-gandir? Odam bolasi yoningdagi hayvon qayoqqa ketgani-yu, qayerda yurganini

bilmaysan!

 

* * *

Rustam sarosimalanib, uyga qaytishni moʻljallayotgan edi, shu asnoda birov ogʻir panjasini uning yelkasiga qoʻydi. Burilib qarasa, bir kunlar dadasi ishlagan, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmaganidan halokatga yoʻliqqan qurilish idorasi boshligʻi – Farmon aka degan kishi. Oʻshanda, dadasi oʻlganida, bu odam ularning uyiga kelgan, bir bogʻlam pul ham keltirgan, oʻzicha gʻamxoʻrlik, mehribonlik koʻrsatgandek boʻlgan edi.

– Toʻxta! Obbo! Rustamboy emasmisan? – dedi boshliq jiyanini uchratgan togʻadek iljayib. – Yur. Mening uyim shu yaqin joyda, koʻrib qoʻy.

– Boshqa kun, amaki, – dedi Rustam.

– Yur. Yur. Uyalma. Uyni koʻrib qoʻysang, kerak boʻlganida kelaverasan.

Rustam iloj-noiloj Farmon akaning izidan yoʻlga tushdi. Chindan dam oʻtmay serhasham bir hovliga kirib borishdi. Farmon aka oldi ayvon imoratga imo qilib kiraver, deganicha oʻzi boshqa binoga kirib ketdi.

Rustam qisinib ayvonga koʻtarildi. Eshikni ochib ichkari kirdi.

Kirdi-yu, tosh qotdi.

Xona oʻrtasida, YAL-YAL gilamlar orasida poʻstak qabilida tulup – haybatli ioʻlbarsning boshi bilan birga shilingan terisi yotar edi.

Bu – boshqa bir yoʻlbars (balki, arslon, balki, qoplon) edi. Lekin Rustam oʻzi hozirgina koʻcha-da yoʻqotib qoʻygan, shunga qaramay, uniki boʻlib qolavergan yoʻlbars…

qaysidir sahrodami,

toʻqayzordami,

togʻlardagi oʻrmondami

otib oʻldirilgan, soʻyilgan –

oʻsha yoʻlbars boʻlib tuyuldi.

“Yoʻlbars bolasini tutmoq uchun yoʻlbars uyasiga kirmoq kerak”. Bir kitobda buni maqolmi, iborami debdi. Birovning bolasini tutmoq, uyasiga kirmoqdan dahshatliroq hol bormi? Odamlar qaysi maʼno-da toʻqigan boʻlsa ekan?

Yer yuzidagi tabiiy zilzila-yu, toshqinlar, yongʻinlar, insonga tegishli portlatishlar, bosqin-lar va bulardan allaqayoqlarga qochib borayotgan katta-kichik himoyasiz hayvonlar – ular orasida yoʻlbars ham, Rustamning xayolida yaxlit manzara kasb etdi.

Rustam xonadan yugurib chiqib, koʻchaga otildi.

U hech kimga ahamiyat bermay, oʻzining ahvoliga ham parvo

qilmay koʻchada koʻzlaridan yosh oqib, shamoldek uchib, unsiz yigʻlab borar edi.

 

* * *

Shu alfozda uyga qaytib keldi. Darsxonaga kirib, har qachongi oʻrnini egalladi. Oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmaydi, eshik taqillayotgandek boʻldi. Birov qoʻngʻiroq tugmasini bosmagan, eshikni ham yuqori qismi emas, pastki qismini bir maromda toʻq-toʻq urishdan tinmayotgan edi. Rustam aja-blanganicha borib eshikni ochdi. Yoʻlbars qaytib kelibdi. Jonivor bosh urib “eshik qoqayotgan” ekan.

– Hech yerga sigʻmayapman. Charchadim, – dedi.

– Kel. Kir. Ey… – dedi Rustam hayajonlanib-suyunib.

Yoʻlbars ichkari kirdi. Xona oʻrtasida choʻzilib, ogʻzini katta ochganicha xirillab esnadi.

Rustam oʻz oʻrniga oʻtib oʻtirgach esa… shiftga tomon yengil bir sakrab… devordagi qalin qogʻozga joylanib oldi.

 

Omon MUXTOR

 

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.