Surat

0
184
marta koʻrilgan.

Dunyoning ishlari doim shoshilinch. Odatdagidek tik turgancha nonushta qilayotgan edim. Onam odatdagidek qistardi:

 – Oʻtirsang-chi, bolam. Birpas oʻtirgin.

 – Boʻldi, ketdim.

 – Shoshma, bolam. – Onam koʻzimga odatdagidan boshqacha, qandaydir mung bilan termildi. – Gap bor.

Tipirchilab soatga qaradim: hali benzin olish kerak, ishga borish kerak, keyin nashriyotga oʻtish…

 – Nima edi?

Onam koʻzimga hamon maʼyus termilib oʻtirardi.

 – Suratga tushaylik, – dedi toʻsatdan.

Ajablandim.

 – Nega?

 – Yaqinda men oʻlaman.

Onam bu gapni xuddi: “Qoʻshninikiga chiqib kelaman”, degandek ohangda aytdi. Kulib yubordim.

 – Qoʻysangiz-chi, oyi.

Shunday dedim-da, chiqdim ketdim.

Oradan ikki hafta oʻtdi-yu… Kechalari uygʻonib ketaman, oʻylayman. Oʻylayman: sen nomard, sen ahmoq nimaga, nimaga oʻshanda kulding? Suratga tushishga vaqting yoʻqmidi? Kerak boʻlsa topasan-ku! Kitob uchun, jurnal uchun, ish ustida, bogʻda, koʻchada… Nima, sen kinoyulduzmisan? Jahonshumul shaxsmisan? Ana, bir dasta surating yotibdi. Har xil. Har yerda… Faqat… Onang bilan tushgan surating yoʻq!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.