Sumalak

0
176
marta koʻrilgan.

Zebo maktab sumkasini poygakka suyab, etigini kiyar, eshik qiyasidan paxsa tomonga bir-bir koʻz qadab qoʻyardi. Paxsa ortida esa ikki yigit sabrsiz; biri oq telpakda, ikkinchisi serbar tumoq kiygan. Oq telpakka qaragani sayin qizning yonoqlari qizgʻish tus olardi.

– Kanal muzlabdi, Zebo! – Odamboy, boyagi serbar tumoqli yigit, paxsa yuzidan qor supirib olib, hovuchida dumaloqladi. – Muz toyib ketamiz.

– Xabaring yoʻq ekan-da, – Zebo sinfdoshi Dovuldan – oq telpakli yigitdan koʻzini olib qochdi. – Haydar akaning kenjasi bor-ku, Elomon… uyiga boradigan yoʻlni qisqartiraman deb…

– Qisqartiraman de-ye-yeb?! – Odamboy kaftida siqib kelayotgan qorini Dovulga otdi. Sen ham eshit, degani edi bu.

– Maynavozchilik qilmay, tek yur, Odam. Xullas, oʻsha Elomon katta olacha sigirini kanalga olib tushibdi.

– Keyin-chi, muz yorilib ketibdimi?

– Munday besabrsan! Shunchaki… kechuv omadli yakunlanibdi.

– Haziling bor boʻlsin. Sigirga bir nima boʻlibdimi debman, – Odamboy qizning poʻta roʻmolidan tortmoqchi boʻldiyu, oʻzini tiydi.

– Bilmasdan sigirga deb yubording, Elomonga demoqchi eding-ku, toʻgʻrimi? – Dovul bosh chayqab, qadamini tezlatdi, oldinlab ketdi.

– Aynan sigirga dedim! – Odamboy bu gapni Zeboning koʻzlariga tikilib aytdi, soʻng Dovulga yetib oldi. – Oʻzing oʻyla, muz degani butun boshli sigirni koʻtarib ham yorilmabdi, bizniyam koʻtaradi-da.

Shamolning gʻuv-gʻuvi, muzning tarang gʻiyqillashi va qargʻalarning bir-bir qagʻillab uchib oʻtishini hisobga olmaganda yon-atrof jim-jit. Bu payt ular kanal yoqalab borar, eng oldinda Dovul:

– Sigirga hech nima boʻlmabdimi? Shuyam gapmi!

Orqaroqda Odamboy:

– Qishning kuni sigirga nima bor kanalda?!

Eng orqada Zebo:

– Oʻzi kim u Elomon?!

Oʻsha kun oqshomi bilan yomgʻir aralash qor yogʻdi. Tarnov tagi, daraxtlarni sumalak boyladi.

 

***

Olcha, gilos shoxlaridagi muzlarning jarang-jurungi kuyga oʻxshardi. Moʻjiza.

– Ho-o-ov anavi sumalakni koʻrayapsanmi? – Odamboy qoʻlini choʻntagidan chiqarmay, tarnov tagida uzun-qisqa osilib turgan muzlardan eng kattasiga iyak otdi. – Ana oʻshani kim birinchi urib tushirsa, bayramdan soʻng Zebo bilan bir partada oʻtiradi. Kelishdikmi?

– Shuni urib tushirmasdan ham oʻtirish mumkin-ku, – Dovul telpagini ensasigacha bostirib kiyarkan, kechagi dilxiralikni tarqatish uchun bu bir bahona ekanini tushundi.

– Unda qizigʻi qolmaydi, – Odamboy hovuchidagi qorini toshdek qotirib, moʻljallab turdi-da, tarnov tomonga qarata otdi. Sumalaklar joyidan qilt etmadi. Dovulning otgani esa borib ham yetmadi. Odamboy shunda serbar tumogʻini jahd bilan yechdi.

– Tinchlikmi?! – Dovul joʻrasining niyati jiddiy ekanini tobora anglayotgan edi.

– Qarab tur, baribir Zebo bilan oʻtiraman… – shunday deb, tumogʻini tarnovga uloqtirdi. Muzlar jarang-jurung uzilib, yerga quladi. Sochilib ketdi. Biroq tarnovdagi eng katta sumalak uzilmay qoldi.

– Endi sen qaragin, – Dovulning gʻururi qoʻzib ketdi. Zebo har koʻrganida yonoqlari qizarib ketadigan oʻsha – oppoq telpagini boshidan sugʻurib oldi. Bor kuchi bilan otdi. Biroq bu safar ham tegmadi.

Zebo darvozadan chiqarkan, poyida muz parchalari va ikki telpak yotardi.

– Bolalar, eshitdinglarmi, Elomon olacha sigirini kanalga yana olib tushibdi, – darrov oq telpakka engashdi u. Qordan silkib-tozalab, Dovulga tutqazdi. – Ikkinchi bunaqa qilma!

Odamboy oʻz tumogʻini yerdan oʻzi olarkan, eski gapini qildi:

– Sigirga hech nima boʻlmabdimi, Zebo?!

 

Akmal JUMAMURODOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.