Soya

0
109
marta koʻrilgan.

Oʻshanda kissasida olti yuz soʻm bilan avtobusga chiqdi. Uyiga bordiyu kiyimlarini apil-tapil almashtirgan boʻldi. Zoʻr ishni tindirib kelganday, gilamga uzala tushib yotvoldi. Onasi, akalari, opalari uning kelgan yo kelmagani haqida bir-birovidan gap olayotgan kezdagi ovozlar qulogʻiga yetib, yostiqni boshiga yopdi.

Kech mahal dasturxon atrofidagi sukunat – qoshiqlarning kosaga tegib tiqirlashi, akasining piyoladagi choyni xoʻrillatib ichishi yoki ovqatni chapillatib yeyishi… U choʻchidi. Hayiqdi. Ogʻrindi. Hali uning oʻqishga ketish masalasi ochiq turibdi. Shunisi yomon-da! Odatga koʻra pul kerak, deyiladi. Aslini olganda, pul hammaga kerak. Onaning oʻqituvchilik va kechqurunlari tikish-bichishdan keladigan daromadi urvoqchalik boʻlsa qaniydi.

U shundogʻam ikkala akasidan birining botinkasi, birining shimi yo kostyumi, boʻyinbogʻi bilan mavsumdan mavsumga amal-taqal yetib olardi. Aksiga olib vaqti bemahal qoqogʻlab yotar tovuqlar tugʻmay qoʻydi. Harqalay tuxum berib turganida yoʻl-yoʻlakay bozorga kirib, koʻtarasiga sotardi-yu, yoʻl haqini chiqarib olardi. Bir gal dasturxon atrofida onasining “oq tovugʻimiz negadir koʻrinmaydi-ya, ishqilib it-pit ilib ketmagan boʻlsin-da”, deb boshlagan gapi oʻgʻlining oʻqishga ketish masalasiga borib taqaldi-yu, birovi doʻrilladi, birovi yer depsindi. Onaning yuragi uvushdi. Qay biri eshikni qarsillatib yopganida xoʻrligi, yigʻlagisi keldi.

Uning koʻzlariga tugʻmayotgan tovuqlar baloday koʻrinib ketdi. 

 

***

Ertasiga azonlab togʻasi keldi. Koʻrmaysizmi, togʻa vaqt topib kelibdi. Yoʻq, vaqtini topib kelibdi. Uzzukun paxsa tiklayotgan ustalar biror tansiqroq taomni tusab qolibmi, goʻsht qolmaganidan kelibdi. 

 – Togʻangga xoʻrozlaringdan eng kattasini tutib ber, – tayinladi ona. Koʻrsa, oq tovugʻi katakning qay tuynugidan chiqib, endi-endi qizgʻish tus olayotgan pomidorlarni choʻqilab yuribdi. Alami tarqab ulgurmagan edi, koʻzlarini tovuqdan uzmay engashdi. Mayda-mayda kesaklardan terib oldi. Soʻng…

– Tugʻmayotganlari yetmaganday, koʻngillari pomidor tusab qoldimi?! Mana senga! Mana! Qanoting singur, mana yana!

Oq tovuq katakka quvildi. Kirmadi. Kisht-kishtlandi. Kira qolmadi.

– Mana, nimaga tovuqmiya ekansan? Pitirlaysan, tumshugʻing tagidagi eshikni topolmaysan!

Uning asabi qoʻzigandan qoʻzidi. Kesakning naq mushtday keladiganidan oldi-yu, bir koʻzini qisib moʻljalladi. Otdi.

– Butun boshli uy qurarkan-u, goʻsht topilmaydimi?! Qozonga tushgani bilan shu zormandaning goʻshti oʻnta ustaga nimayam boʻlardi?! Qiltiriq boʻlsa… Kirarkansan-ku! – u tovuqxona eshigini ichkarisidan yopdi.

Yeng shimarib, qulochini yoydi. Quvladi. Tovuqlar qochdi. Qoqogʻladi. Uchdi. Don-dunli idishlar agʻanadi. Chang koʻtarildi. Axiyri ushlandi. Onasi tayinlagan xoʻroz emas, aynan oʻshanisi – pomidorlarini choʻqilab yurgan oq tovuq ushlandi. Botinkasi bilan tovuqning qanotlarini qayirib bosdi. Oyoqlarini bir-biriga chuvalab bogʻlayotuvdi, qanotlari botinka tagidan sirgʻalib chiqdi. Jimjilogʻini tilib yubordi. Oq tovuq xaltaga otildi.

– Mang, doyi! Soʻyishni bilmiyman…

 

***

Kun peshinlab sigirlarning moʻrashi quloq-miyaga borib yetdi.

– Chanqagan emish. Bir paqir suv ichsang ham mayliydi, nafsingga oʻt tushgurlar, har biring toʻrt-besh paqirlab ichasan.

Birinchi, ikkinchi chelakni quritib, tagini yalab-yulqaganidayam chidab turuvdi, uchinchisida tishlari gʻichirlab, barmoqlari oʻz-oʻzidan musht boʻlib tugildi. Toʻrtinchisida ogʻilxona yonida oʻsib turgan tutning ingichga uzun shoxini sindirib oldi-da, naq manglayiga soldi. Jonivor kallasini chelakdan sugʻurib olib, orqaga tisarildi. Chiviq degani manglay qolib, koʻziga tegdimi, bir tomchi yosh sizib, jonivorning oʻng chakkasini kesib oʻtdi.

 

***

U narvon osha tomga chiqdi – yem-xashak tashlagani. Somon uyumiga panshaxani har qadaganida ertaga oʻqishga ketishi, pul kerakligi yodiga tushaverdi. Yodiga tushgani sayin jahli chiqaverdi. Jahli chiqqani sayin panshaxani uyumga qattiqroq uraverdi. Ter bosib hansiradi. Hansirab choʻkkaladi. Ana shunda somon tagidagi oppoq, yum-yumaloq bir toʻda tuxumga koʻzlari qadaldi-yu, yuziga qon yugurdi. Chehrasi yorishdi. Sanay ketdi:

– Bir, ikki, uch… oʻn ikkita!

U panshaxani tomdan pastga otdi, narvondan sekin pastladi. Oshxonaga shoshdi. Tuxumlarni sovutgichga bitta-bittalab joyladi.

– Ikkitasini kechlikka qovurib yesam, tong sahar bozorga boraman. Pullayman-u, oʻqishga ketaman!

***

Gaz yoqildi. Tova qoʻyildi. Yogʻ solindi. Sovutgich ochildi. Tuxumlardan ikkitasi olinib, bittasi chaqildi. Qobigʻidan doim silliqqina chiqadigan tuxumning oq-sarigʻi bu safar negadir ogʻir sirgʻaldi. Joʻjaga aylanib kelayotgan suyuqlik loʻp etib tushdi-yu, tovada yoyilib ketdi. U bir sovutgichga, bir tovaga qarar, yana qoʻlida qolgan tuxumga ham, boz ustiga tong oqarmay xaltaga solib, togʻasiga berib yuborgan oq tovugʻi – kurk tovugʻi esiga keldi. Peshonasiga urdi:

– Tovuqmiya!

 

***

Kun tunga choʻkdi. Tun uyga choʻkdi. U esa xayolga… koʻrpaga choʻkdi. Bu mahal roʻpara xonada oʻtirgan oʻychan bir Soya gʻamga choʻkdi. Soya xonalarga sigʻmay ketdi. Oʻtirib oʻtirolmadi. Turib turolmadi.

Chora izladi.

Yurdi. Oʻtdi. Qaytdi.

Chora izladi…

Tikuv mashinasi oldida boʻldi. Yengi bilan siladi. Yigʻlab-yigʻlab siypadi. Manglayini bosdi. Iplaridan boʻshatdi. Qoʻltiqlab oldi. Pol taxtalari gʻichirlamasin, deb bolaginasi yotgan ayvondan oyoq uchida oʻtdi…

 

***

Kun oqardi. U tura solib oʻqishga kech qolishi mumkinligi haqida oʻyladi. Qizib turgan yogʻga loʻp etib tushgan palagʻda tuxum, har bittasi toʻrt-besh paqir suv ichadigan sigirlar, paxsa tiklayotgan ustalarning tansiqroq yemishiga aylangan oq tovugʻi xayolidan oʻtdi-yu, uh tortib xoʻrsindi. Xoʻrsinib uh tortdi. Koʻrpasini bosh uchidan qayta oshirib oldi. Ana shunda shamoli yetdimi yoki qoʻllari yostiqdan teparoqda turgan qogʻozlarga tegib ketdimi, bir siqim pul gilamni yuzalab-yuzalab uchdi. Gilamdan sal teparoqda pirillab-pirillab uchdi…

 

 

Akmal Murod

 

“Hurriyat” gazetasi,

2014 yil 7 may

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.