Soy sohili

0
268
marta koʻrilgan.

Er-xotin oradan yigirma yetti yil oʻtgach yana “Xinali qor”ga keldi va yana birinchi qavatdagi moʻjazgina xonaga joylashdi.

– Avval kelganimizda bu dargohning binosi ham, jihozlari ham ancha gʻarib edi, – dedi ayol. – Qarang, endi qanday yaraqlab, yashnab ketibdi. Tanish qiyin.

– Gʻaribligini men unchalik sezmagan ekanman.

– Unda yosh edik-da, dadasi.

– Endi-chi, qarib qoldikmi?

– Har holda… Men yigirmada, siz yigirma beshda edingiz…

Ayol siniqqina kuldi. Avval karavotining oyoq tomoniga suyab qoʻyilgan bir juft qoʻltiqtayoqqa, soʻng ostonada turgan aravachaga maʼyus nigoh tashladi. Er xotinining koʻnglidan oʻtgan oʻkinchni sezdi – u paytlar mana bu dahmazalarga kunim qolmagan edi.

Er avval kelganlarida esida qolganlarini xotiniga toʻlib-toshib, qoʻshib-chatib, odatdagidek hazil-huzullardan aralashtirib aytgisi keldi, lekin aytolmadi. Endi hech qachon ayta olmasligini anglab, labini tishladi. Aytsa, shikasta ayolning majruh koʻngliga beadad ozor yetadi. Uni pichoqsiz soʻygan boʻladi. Mayib odamga toʻrt muchasi sogʻligidagi totli damlarini eslatishdan ogʻirroq azob bormi! Biroq aytsa aytgulik xotiralari kam emasdi. Ayniqsa, qoʻshni xonada turgan ellik yoshlardagi chuvakkina, koʻsanamo odamning Yoʻldoshni bir chetga chaqirib:

“Uka, sizda insof bormi oʻzi? – deb soʻragani. – Na kechasi uyqu berasiz, na kunduzi? Kasalmisiz nima balo? Bu ezgʻilashda bechora qizni oʻldirib qoʻyasiz-ku?..” Yoʻldosh yelkasini uchirgan: “Sizga nima qaygʻusi qoldi, amaki?” Lekin “gʻamxoʻr” qoʻshnining niyati buzuqroq ekan, savolining javobini ham kutmasdan muddaoga oʻtgan-qoʻygan: “Jononingizning birorta dugonasi yoʻqmikan, uka?.. Qancha desa berardim?..” Aftidan, Mahfuzani Yoʻldoshning jazmani deb oʻylagan ekan. “Dugonasi-ku, yoʻq, – deb qattiq gʻijingan yigit, – lekin toʻqsonga kirgan momosi bor. Chaqiraymi? Tanishasizmi?..”

Ayolning qoʻltiqtayoqqa suyanib, aravachaga mixlanib qolganiga uch yildan oshdi. Uch yil burun, qishda, ertalab ishga ketayotganida ne bir falokat bosib, uni mashina urib ketdi.

“Oʻzingni mashinaning tagiga tashlar ekansan, – deb hazillashgan edi oʻshanda oyogʻini qoʻliga olib shifoxonaga yetib borgan eri, – kelib-kelib “Zaporojets”ni tanlaysanmi, qaddingdan! Kasofat haydovchisi ham toʻqsonga borib qolgan nogiron bir chol ekan. Durustroq mashina, boyvachcharoq odam topolmadingmi?”

“Nima qilay, topganim shu boʻldi!..”

Erning odati shu – hazillashayotganini ham, masxara qilayotganini ham dabdurustdan bilish qiyin. Bir nima desang, javobi tayyor: “Toʻrt kunlikkina umrimizni sud majlisiga aylantirib, bu hayotdan bir-birimizga xoʻmrayib oʻtamizmi, qaddingdan?”

Bu kabi hazil-huzul gaplar oʻz yoʻliga-yu, lekin ayolning koʻngli ham, qaddi ham yarimta boʻlib qoldi – beli sinib, orqa miyasi qattiq lat yegan ekan.

“Shukr qilaylik! – deb chaynaladi endi Yoʻldosh xotini injiqlik qilsa. – Kasalini bergan, shifosini ham berar…”

U bundan joʻyaliroq gap topolmaydi. Topolmagani uchun gapni mudom boshqa yoqqa buradi.

“Men-ku mayli, siz juda qiynalib ketdingiz, dadasi, – deydi ayol. – Mengina shoʻrlik sizning kuningizga ham, tuningizga ham yaramasa-am!..”

“Ey Xudoyim! – deb tavallo qiladi er ichida. – Oʻzing taskin-tasalli ber! Oʻzing sabr-qanoat ber!..”

Ayolga erining xayoli buzilgandek tuyulaveradi. Ilgari “qaddingdan” degan erkalash tilidan tushmas va bu xotiniga behad yoqar edi. “Qaddi-qomatingdan oʻzim oʻrgilay” degani-da. Endi “onasi”ga oʻtib olgan. Yarimjon xotinini ayaganidan shunday desa-ku mayli, lekin Mahfuza erining boshqa ayolga koʻngli sust ketganidan xavfsiraydi. Eri baʼzan ishdan kech keladi. Baʼzan shirakayf boʻladi. Bunday kezlarda xotiniga mehribonligi yanada oshib, iyib ketadi.

Ayol chidab turolmaydi:

“Kayfingiz taroq-ku! – deydi ovozi titrab. – Kimlar bilan shakarguftorlik qildingiz?”

Er nega ushlanib qolganini aytadi: “Boshqarmada majlisda edim”, “Chorak yakunlari boʻyicha hisobot topshirdik…” Lekin ayol ishonmaydi – qoʻrqqanning koʻziga doim qoʻsha koʻrinadi…

“Kimlar bilan shakarguftorlik qilardim? – Gapni hazilga buradi u. – Jononkalar bilan-da. Hammasi senga salom aytdi!..”

Yoʻldosh qarasa, soʻnggi paytda kollejdagi bozori oʻtib qolgan muallima qizlar, boshi ochiq ayollarning salom-aligi ancha quyuqlashgan: “Yangamiz tuzukmilar? Oyoqqa turib ketdilarmi?..” Oyoqqa turib ketolmasligini juda yaxshi biladi. Bilgani uchun ham nimadandir umidvordek astoydil soʻraydi. Soʻrar ekan, goʻyo “ahvoli ogʻir”, “umid yoʻq” degan javoblarni kutgandek boʻladi. Nigohini bosh hisobchining oʻychan koʻzlariga gʻamza bilan tikadi: “Dardingiz boʻlsa, ayting, akajon, oʻzim darmon boʻlaman!..”

“Rahmat! – deydi ichida Yoʻldosh. – Hozircha “Tez yordam”ga ehtiyojimiz yoʻq!”

Ayol erini zimdan kuzatadi. Sezdirmasdan uning yon telefonini titkilab koʻradi, koʻylaklarini hidlaydi, kostyumidan begona soch tolalarini qidiradi. Qidirar ekan, albatta yigʻlaydi. Er buni sezib sezmaslikka, bilib bilmaslikka oladi. Eziladi.

Ayol bir kuni erining oldiga bir enlikkina yelimxaltacha tashladi:

“Buning ichidagi nima? – dedi titrab-qaqshab. – Sochmi?”

“Ha, soch”, – sirli qarash qildi er va nigohini yerga qadab, biroz sukut saqlab turdi. Xotinining rosmana jahli chiqishini kutdi. Jahli chiqqanida Mahfuza yanada chiroyli boʻlib ketadi.

“Kimning sochi ekanki, yoningizda tumorday olib yuribsiz?” – ovozini balandlatdi ayol betoqat boʻlib.

Er sezdi: ayolining butun vujudi quloqqa aylanib, nafas olishi ham toʻxtab qolgandek boʻldi.

“Kimniki boʻlardi, seniki-da, – dedi Yoʻldosh osoyishta ohangda. – Tanimadingmi? Oʻtgan yili Germaniyaga borganimda yonimga solib ketgan edim. Shundan beri…”

Ayolning oyoqdan qolganini hamma – qarindosh-urugʻ, tanish-bilish, nashriyotda birga ishlaydigan hamkasblari birin-ketin unuta boshladi, bayramlaru hayit kunlarini hisobga olmaganda, hol-ahvol soʻrab keladiganlarning qadami sekin-asta siyraklashib bordi, soʻng butunlay uzildi hisob. Omon boʻlishsin, farzandlar ham oʻzidan ortmas ekan. Mahfuza yozmishiga – yolgʻizlikka koʻnikdi. Qamoqxona tuynugidan osmonga noumid termulgan mahbusday oltinchi qavatdagi uyning derazasidan gavjum koʻchada emin-erkin yelib-yugurib yurgan odamlarga uzun kun qarab oʻtiradi. Farqi – derazaning panjarasi yoʻq.

Soʻng deraza oldiga ham kelmaydigan boʻldi.

Yoʻldosh bir kuni qarasa, xotini deraza rafiga tirsaklarini qoʻyganicha pastga engashib turibdi. Ichkariga yopirilib kirayotgan yoqimsiz shamol pardalarni beayov tortqilaydi, toʻqqiz qavatli uyning tomigacha bostirib kelgan qora bulut yurakni ezadi. Nafas olish qiyin.

“Tinchlikmi?” dedi er koʻngliga xavotir oralab.

“Ilgari eʼtibor bermagan ekanman, – dedi ayol hazin. – Oltinchi qavat ham anchagina baland boʻlar ekan. Deraza rafiga chiqsang-da, tashqariga qarab bir talpinsang… Bor-yoʻgʻi bir marta… Hamma muammo oʻz-oʻzidan hal boʻladi-qoʻyadi. Azoblar tugaydi!..”

Har qancha gapdon, har qancha dadil boʻlmasin, erning tiliga kalima kelmay qoldi. Mehr toʻla koʻzlarida yosh gʻiltilladi.

“Keyin men nima qilaman? – dedi derazani yopar ekan ovozi titrab. – Meni ham oʻylaysanmi, sen xotin!..”

“Sizni oʻylaganim uchun aytayapman-da!..”

“Bu gaplarni qoʻy! – dedi er. – Xudoning qahrini keltirma!..”

Ayol sekin aravachasiga choʻkdi.

“Shuncha yil birga yashab, seni biror joylarga dam olishga ham olib bormabman”, – dedi Yoʻldosh aybdor ohangda.

“Olib borgansiz, – dedi ayol oʻychan. – “Xinali qor”ga borgan edik… Esingizdami? Togʻdagi dam olish uyi. Hozir sanatoriy boʻlgan deyishadi.”

“Ha-a, esimda. “Asal oyi” edi”.

“Yana “asal oyi” deysizmi? – ayolning ovozidagi mahzunlik oʻrnini tetiklik egallayotgani sezildi. – Oʻzbekchada “chilla” boʻladi, degandim-ku…”

“Xoʻp, ana sen aytgancha – chilla boʻla qolsin! Ham yozning chillasi, ham kelin-kuyovning chillasi edi! Toʻgʻrimi?..”

“Toʻgʻri! Oʻshanda siz meni soydan koʻtarib oʻtolmagan edingiz…”

Er labini tishladi: “Soydan koʻtarib oʻtolmagan edimmi?..”

Shu gapdan keyin – oradan bir hafta oʻtgach u “Xinali qor”ga ikkita yoʻllanma koʻtarib keldi.

 

* * *

Mana, sanatoriyga kelganlariga ham uch kun boʻldi. Er ayolini aravachaga oʻtqizib muolaja xonalariga, oshxonaga olib boradi, oqshomlari sayrga olib chiqadi. Koʻzi tushgan borki, ularning yonidan beparvo oʻtolmaydi – birov achinish, birov hayrat bilan kuzatadi, yana kimningdir nigohida havas jilvalanadi. Odamzot qiziq, baʼzan nogironga ham havas qiladi.

Bugun tushlik mahali er-xotin oshxonaga kirib borganida tanovvulga oʻtirganlarning hammasi, qariyb ikki yuz kishi, yana ularga – aravachada oʻtirgan qirmizi koʻylakli ayol bilan saxtu sumbati kelishgan basavlat erkakka baravar burilib qaradi.

“Bu ukamiz zavjingizmi, singlim?” – deb soʻradi ikkala qulogʻiga ham rayhon qistirib, qosh-koʻzlariga qalin oʻsma surib olgan oltmish yoshlardagi ayol ular dasturxonga oʻtirganida.

Mahfuza savol nazari bilan eriga qaradi. U “zavjingiz”ni tushunmagan edi.

“Husband”, – dedi Yoʻldosh.

“Ha-a, – javob qildi Mahfuza, – erim”.

“Xudoga shukr qiling, singlim, – dedi “Bibi Rayhon” (Yoʻldosh unga darhol shunday nom qoʻydi). – Beadad shukr qiling, baxtingiz bor ekan… Ochigʻini aytaymi? Maning shunday mehribon, shunday sadoqatli erim boʻlganida umrimni aravachada oʻtkazishga ham rozi edim, dardingizni olay!..”

Mahfuza yana, bu gal minnatdor boʻlib eriga qaradi. Eri esa yana oʻz bilganidan qolmadi. Qolsa haqi ketadigandek, gap qildi. Qoʻying, xola, unaqa demang, biz bir koʻrkam yigit boʻlsak, koʻngli sust ketgan xonimlarning hammasini “Zaporojets” turtib ketaversa, bu muzofotda sogʻ ayol qolmaydi. Innankeyin bunday mashinalar noyob matoh sifatida tarix muzeylaridan joy olganiga chorak asrdan oshgan boʻlsa, shuncha “Zaporojets”ni qayerdan topamiz?

Bibi Rayhon ham boʻsh kelmadi:

“Boshqa xil mashina turtib ketgani hisobga kirmaydimi, dardingizni olay?”

“Yoʻq, kirmaydi. Innankeyin haydovchisi ham kamida toʻqsonni urib qoʻygan frontovik chol boʻlishi kerak!”

“Gapga juda usta ekansiz, dardingizni olay? Artest-partestmisiz?”

“Qayoqda! Artist emasman, lekin ozgina muddat partiyest boʻlganman. Komfirqa davrida”.

 

* * *

Oromkursida oʻtirgan er shaxd bilan turdi:

– Ketdik! Soy boʻyiga boramiz:

Soy sohili – soʻlim-soʻlim,

Soy boʻyiga tushsa yoʻlim,

Sevganimning visolini

Soʻlim soydan soʻrar koʻnglim…

Bir zamonlar shunday bir qoʻshiq boʻlardi. Esingdami?

– Esimda… Choʻtga mehr qoʻymaganingizda, sizdan zoʻr hofiz chiqardi, – dedi karavotda oyogʻini mitti gulli oq choyshabga oʻrab oʻtirgan ayol katta-katta koʻzlari quvonchdan chaqnab. – Soy boʻyiga boraylik, deyishga tortinib turgan edim… Koʻnglim boʻp keting-ey!..

U qoʻltiqtayoqqa qoʻl choʻzdi.

– Shoshma!

Er aravachani xotinining karavoti yoniga surib keldi va oʻng qoʻltigʻidan olib, aravachaga oʻtqizdi. Ayolning oyoqlarini aravachaning yassi uzangisiga ildirgach, paypoqlarini almashtirdi, tagi yupqa va tekis oq tuflisini kiydirdi.

Ilgari bu oyoqlar… Endi manikenning plastmassa oyogʻini eslatadi – sargʻimtir, sovuq, soʻli qochib, terilari quriy boshlagan. Shu qusurni yashirish uchun Mahfuza bechora yozning chillasida ham yo lozim, yo uzun paypoq kiyishga majbur…

– Hammayoq jimjit, – dedi ayol hovliga chiqqanlarida. – Havoning issiqligini qarang.

– Ahli oromgoh orom ogʻushida. “Tixiy chas”!..

Ikki cheti qalamdek tekis asfalt yoʻlka boʻyidagi archalarning oftob tomoni oq boʻzga oʻralib, tagiga halqob qilib suv quyilgan. Atrofi chimzor-stadionni eslatadi. Birorta sargʻaygan, toptalgan giyoh yoʻq. Hammayoq koʻm-koʻk. Oʻngirlari oromgoh hovlisiga tutashib ketgan baland togʻ choʻqqilaridagi qorga qoʻngan chang-gʻubor uzoqdan xinaga oʻxshab koʻrinadi.

Aravachaning gʻildiraklari keksa chinor tomon burildi.

– Soyning shovullashini qarang!.. – dedi ayol yuziga urilgan salqin epkindan yayrab.

Soy yigirma yetti yil, balki yigirma yetti ming yil avval qanday oqqan boʻlsa, shunday shovullab oqib yotar edi.

– Yodingizdami, Yoʻldosh aka?.. – deb soʻradi ayol.

– Nima yodimdami?

– Avval kelganimizda siz meni shu chinorning tagida opichlab olib, soydan koʻtarib oʻtmoqchi boʻlgan edingiz!..

“Yoʻq, koʻtarib oʻtolmagan edingiz!..”

Erning tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi. Ha, yonida yaqindagina visoliga yetgan tengsiz bir sohibjamolni koʻrib, yigitning kishti kelgan, zavqiyu gʻayrati joʻshgan edi oʻshanda.

“Suv juda sovuq! – deb tipirchilagan edi kelinchak. – Shamollab qolasiz. Iltimos, qoʻyvoring, Yoʻldosh aka! Ogʻrimagan boshingizga bir dard orttirmang! Iltimos, jonim!..”

Bu gapni eshitib, yigit boʻshashgan va shashtidan tushgan edi. Tushgani uchun soʻng koʻp afsus chekdi. Garchi tipirchilab, qattiq qarshilik koʻrsatgan boʻlsa-da, kelinchak oʻshanda kuyovi soydan koʻtarib oʻtishini juda-juda istagani har gal shu voqea eslanganida uning gap-soʻzlaridan sezilib turadi: “Yodingizdami, siz meni soydan koʻtarib oʻtmoqchi boʻlgan edingiz?..” Bu savol erning qulogʻiga: “Yodingizdami, siz meni soydan koʻtarib oʻtolmagan edingiz?” boʻlib eshitiladi.

U paytlar ikkisi ham yosh, har qanday erkalik, shoʻxlik koʻngliga ham, haddiga ham sigʻadigan paytlari edi. Mana endi biri yarimjon, ikkinchisi, qad-qomati avvalgidek tik va sogʻlom boʻlsa-da, siyrak sochlariyu yoʻgʻon qoshlariga allaqachon qirov qoʻngan, ajin tusha boshlagan yuzlari oʻychan bir qiyofada yana oʻsha sohilda, oʻsha chinor tagida turibdi.

– Yodimda, albatta!

Er aravacha gʻildiraklarini tormozlab, oyogʻidagi charm chorigʻini yechdi va kulrang shalvorining lippasini sonigacha shimardi. Mayda tosh aralash qum oyogʻini moʻrchadagi tomchiday qattiq kuydirdi.

– Oʻshanda anavi teraklar ingichkagina qalamcha edi, – dedi ayol atrofni suqlanib kuzatar ekan. – Qarang, koʻp qavatli uydan ham baland boʻp ketibdi. Lekin ancha siyraklashib qopti.

Er ayolni belidan ushlab, aravadan ozod koʻtarib oldi:

– Yo, Rabbi-im!..

– Voy, oʻlmasam! Voy-voy!.. Nima qilyapsiz? Qoʻying, qoʻyib yuboring! – Tipirchilashga tushdi ayol. – Koʻrganlar nima deydi, axir!.. Sharmanda boʻlamiz!..

– Jim boʻl!..

Ayol beixtiyor erining boʻyniga osildi. Boʻyniga chirmashgan oppoq bilaklarning taftiyu farang atirining boʻyidan erning vujudiga ajib bir sarxushlik indi. Ayol zotining qaynoq ogʻushini sogʻinganini sezdi. Yetmish ikki tomiri boʻshashib ketgandek boʻldi.

– Dori ichaverib, doʻxtirda yotaverib, zil-zambil boʻlib ketganman, dadasi! – dedi ayol aybsinib. – Jonim, shu ishni qoʻya qoling! Iltimo-os!..

– Jim boʻl, dedim senga! – endi choʻrt kesdi er. Ovozi shu darajada keskin chiqdiki, ayolga eri jerkiyotganday tuyildi.

Er oyogʻi bilan toshlarni sekin-asta paypaslab suvga tushdi. Qaynoq qumga koʻnika boshlagan oyoqlari muzday suvda uvishib qolganday boʻldi. Etlari jimirlab ketdi.

Toʻlqin suv oʻtlarini qizlarning mayin sochlaridek tortqilab oʻynaydi.

“Ey Xudoyim, oʻzing sharmanda qilma! – deb yolvordi er ichida. – Oʻzing qoʻlla!..”

Yoʻldosh oʻzicha chamai choʻt qilgan ediki, soyning eni oʻn besh-oʻn olti metrcha keladi. Xotini koʻpi bilan, ellik kilo. Bir qop un. Nima, bir qop unni oʻn besh metrga koʻtarib borish shunchalik qiyinmi? Toʻgʻri, soy tubi notekis – balchiq yopishgan toshloq. Oyoq bexosdan toyib ketishi mumkin. Chagʻir ham kam emas. Toshdan koʻra, oyoqni tilsa ham chagʻir yaxshi. Lekin oyogʻingni balandroq koʻtarolmaysan, qadamingni kengroq tashlayolmaysan – shunisi yomon. Doʻppiday toshni ham toshbaqaday aylanib oʻtish kerak. Mabodo munkib yoki chayqalib ketsang, tamom: gavdangni ushlab qolishing gumon.

Tizzasidan ham yuqorigacha koʻtarilgan suv Yoʻldoshning boldiriga ninaday sanchilib, sovugʻi tos tepasigacha chiqdi. Saratonda ham shuncha sovuq boʻladimi, bu jonivor? Togʻdan erib tushayotgan boʻlsa kerak. Oqimning shitobi baland.

– Ehtiyot boʻling, jonim! Sirpanib ketmang!

– Qoʻrqma, kadrlar joy-joyiga qoʻyilgan!

Yoʻldosh yengi kalta havo rang koʻylagining etaklarini xotinining taqimi ostidan oʻtkazib, chap qoʻliga oʻrab oldi. Oʻng qoʻli bilan belidan quchdi.

Har kuni necha marta koʻtarib, necha marta suyab aravachaga oʻtqizib – tushirib yurgan boʻlsa-da, sezmagan, sezsa ham moʻljalni kamroq olgan ekanmi, xotini, rostdan ogʻirgina ekan. Ikki metr ham yurmasidan erning qoʻllari tolib, koʻylagining yoqalari boʻyinga solingan argʻamchiday butun gavdasini pastga torta boshladi. Koʻtarib olgani boʻychan boʻlsa-da, nozikkina ayol emas, goʻyo yarim tonnalik tosh, boʻyniyu belida qattiq ogʻriq turdi. Soyning oʻrtasiga yetishiga hali uch metrcha bor. Sudrab tashlagan qadami yarim qarichdan oshmaydigan odamning yoʻli unmaydi. Yoʻldosh qarasa, xotinining paypoqlari allaqachon hoʻl boʻlib, toʻpigʻigacha suvga botgan. Buni Mahfuzaning oʻzi hali koʻrgani, sezgani yoʻq, chogʻi.

Er toʻxtab, tobora choʻkib, bukilib borayotgan qaddini rostlash uchun qattiq silkindi va xotinini balandroq koʻtarib oldi.

– Voy! Nima boʻldi? Oyogʻingizga biror narsa kirdimi?..

– Yoʻq… hammasi joyida… – Tetik ovozda javob qildi er. – Suzishni bilasan-a?..

– Voy oʻlmasam! Shunday ham hazil boʻladimi-a!.. Qoʻrqitmang!

Mahfuza jiqqa terga botib, yuzlari boʻgʻriqib ketgan eri holdan toya boshlaganini sezdi.

– Orqaga qayta qolaylik, dadasi! Oʻzingizni qiynamang, iltimos!

– Aslo! – dedi er hansirab. – “Yigitlik qalʼasin bermasman bejang!” Bilasanmi, kimning sheʼri?

– Yoʻq. Kimniki?

– Bilsam soʻrarmidim?..

Munkib ketmaslik, yiqilmaslik kerak. Yiqilsa, ikkalasini ham suv oqizib ketadi va toshdan toshga urilib, kimning boʻyni avval sinib, kimning boshi keyin yorilishini yolgʻiz Xudo biladi.

– Voy! Tuflim… “Baletka” tuflimning bir poyi yoʻq-ku… Tushib qopti!..

Tushib qolmagan, suv oqizib ketgan! Uh! Sharmanda boʻlding, Yoʻldosh! Oʻlding, Yoʻldosh! Senga bu tirtanglashni, bu bodilikni kim qoʻygan edi. Holingni bilibgina oʻtirsang oʻlarmiding!..

– Sadqai sar! – dedi er ogʻzidan olovdek chiqib kelayotgan hansirashini bosishga harakat qilar ekan. – Qoʻyaver, oʻzi ancha eskirib qolgandi… Yangisini olamiz.

U butunlay holdan toyib, oyoqlari, qoʻllari goʻyo jonsiz tayoqqa aylanib borayotganini sezdi. Toʻxtadi. Orqaga qaytib boʻlmaydi – uzoq. Oldinda yana shuncha masofa bor. Savil, toshning koʻpligini! U yana silkindi va xotinini durustroq koʻtargan boʻldi. Lekin urinishi behuda ketdi – ayolning oyoqlarini suvdan chiqara olmadi. Aksincha, silkinish asnosida xotini yanada pastroqqa, erining tizzasigacha tushganday boʻldi. Endi, ishqilib, xotinning beliga suv tegmasin! Beliga suv tegsa, shamollab qoladi.

– Biror odamni yordamga chaqiraylik, dadasi, – dedi ayol tahlika bilan. – Ana, narigi qirgʻoqda bir amaki biz tomonga qarab turibdi. Qoʻlim bilan imlaymi?..

– Jim boʻl!

Xotinining koʻngli buzilib turgan ekan, yigʻlab yubordi:

– Tagʻin bu kunimiz ham koʻp boʻp qolmasin, deyman-da, dadasi…

– Sandirama deyapman senga!..

Yoʻldosh suv boʻlib ketgan boshini arang koʻtarib, yon-veriga qaranib oldi va ellik qadamcha narida yalangʻoch toʻriq otini sugʻorib turgan oq koʻylakli baqaloq bir odamni koʻrdi. Ot egasi kaftini peshonasiga soyabon qilgancha ular tomonga ajabsinib qarab turardi. Yoʻldosh bu odam sharqiragan soydan kechib oʻtayotgan erkak bilan ayolning muddaosini bilolmay hayron boʻlayotganini taxmin qildi. Erkakning koʻzi ojizga oʻxshamaydi, chinorning tagida aravachasi turibdi. Tani-joni sogʻ desang, yigirma qadam naridagi koʻprik qolib, mayib xotinni koʻtarib kim suvga kiradi? Yo biror falokat bosdimikan? Yov quvmayotgandir axir! Yo er boʻlmish birortasi bilan garov oʻynadimikan? Aqli joyida odam ayol kishini, buning ustiga majruh xotinni oʻrtaga qoʻyib garov oʻynamaydi. Oʻzidan xabari yoʻq shaharlik biror hovliqma boʻlsa kerak. Ha, borib turgan hovliqma, hunar koʻrsatmoqchi! Boʻlmasa, oftob olov purkab turgan shu mahalda bu yerda iti adashmagandir.

– Bu yerlarga meni soydan koʻtarib oʻtaman, deb olib kelgan ekansiz-da, dadasi, – dedi ayol hiqillab. – Eski gaplarni esingizga solguncha tilginam kesilsa boʻlmasmidi? Sanatoriyasiga kelmaylar ketay! Endi nima qilamiz-a?.. Anavi amakini chaqirayli-ik!

– Chaqirmaymiz! – dedi er qatʼiy va xayolidan oʻtkazdiki, chaqirganimda nima deyman? Aka, xotinimni koʻtarolmay qoldim, iltimos, kelib, koʻtarishib yuboring, deymanmi? Otboqar kelib Mahfuzaning bellaridan quchib, oyoqlaridan opichlab, sohilga chiqarib qoʻyadimi?.. Undan koʻra yerga kirib, ustimga tuproq torganim durust emasmi!..

– Seni oʻzim, faqat oʻzim koʻtarib oʻtaman, Mahfuz! – dedi Yoʻldosh ehtiros bilan. – Bilib qoʻy, seni birovlarga xor-zor qilib qoʻymayma-an, Mahfuz!.. Men seni qoʻlim nima, boshimda koʻtarib oʻtaman, Mahfuz!..

– Qiynalib ketdingiz, dadasi!..

Er xotinining gapini shartta kesdi:

– Qoʻrqma, oʻlmayman!.. Mening jonim qattiq!..

U chap tovoni qattiq achishganini sezdi. Savilgina qolgir, shu yetmay turuvdi! U endi eʼtibor berdi: tinimsiz chirillayotgan chigirtkalarning tovushi quloqni teshib yuboray deydi. Qayerdadir qoʻzichoqning nochorgina maʼragani eshitiladi.

– Ozgina qoldi! – dedi ayol.

– Ozgina qoldi! – deb pichirladi er. – Ozgina, Mahfuz!..

Erning oyoqlari, qoʻllari goʻyo paxtaga aylanib, oʻziga boʻysunmay qoldi. Tizzalari tinimsiz titray boshladi.

– Faqat chayqalib ketmasligim kerak, – deb pichirladi u oʻziga oʻzi gapirgandek. – Yana ozgina chidashim kerak!

U oldinga qaradi-yu, lekin hech narsani koʻrmadi. Goʻyo koʻz oldini qalin oq parda, tuman qoplab olganday. Saratonda tuman nima qiladi? Yoʻq, bu tuman emas, shafaq. Koʻzini shafaq bosdi.

Qayerdandir, uzoqdan elas-elas ovoz keldi:

– Bir qadamgina qoldi, jonim! Bir qadamgina-a!..

– Yiqilsam ham oldinga yiqilishim kerak, – deb hansiradi Yoʻldosh.

– Yoʻq, siz yiqilmaysiz, dadasi! Siz polvonsiz-ku! Oʻzimning polvonimsiz-ku! Oʻzimning mehribonimsiz-ku! Oʻzimning yurakkinamsiz-ku!..

Yoʻldoshning boʻynidagi va belidagi chidab boʻlmaydigan ogʻriq yanada kuchaydi. Quloqlari chippa bitib qoldi.

– Ehtiyot boʻling, dadasi, oldingizda xarsang bor! – dedi ayol. – Salgina chapga, chapga yuring!..

Yoʻldosh koʻzlarini ochishga madori yetmayotganini sezdi.

– Chapga, sal chapga oling, dadasi…

Yoʻldosh oʻngu soʻlni anglaydigan holda emasdi. Soʻnggi kuchini yigʻib, mast odamdek gandiraklagancha ikki qadam qoʻydi.

– Boʻldi, yetdik! – degan sas keldi uzoq-uzoqlardan.

“Yetdikmi?” deb pichirladi Yoʻldosh.

– Yetdik! – ayol oʻkirib yigʻlab yubordi. – Sohilga yetdik, dadasi!..

Oldinga munkib ketgan er xotinining ustiga yiqilar ekan, tizzalari qaynoq qumga choʻkkanini sezdi.

 

Qulman OCHIL

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.