“Soqov” laycha

0
198
marta koʻrilgan.

(Viloyat teatri aktyorining hangomalaridan)

 

Viloyat teatrida ishlab yurgan kezlarim edi. Teatrni bilasiz. Goh spektakl kech tugaydi. Goh uzoq xoʻjalikka borib, tomosha koʻrsatishga toʻgʻri keladi. Koʻpincha uyga tun yarmida qaytamiz.

Ayol kishi ming tushungani bilan baribir har xil xayolga boradi-da. Kech kelsam, tergaydigan odat chiqardi.

Oʻylab-oʻylab yoʻlini topdim. Darvozaning bitta kalitini kissaga solib yuradigan boʻldim. Kech kelsam, imi-jimida hovliga kiramanu soʻrida uxlayman. Ertasiga xotinim, qayerda edingiz desa, kun botmasidan kelganman, sening gʻish-gʻishangdan bezor boʻlib, ovqat ham yegim kelmadi deb, baland keladigan boʻldim.

Shu orada, desangiz, yon qoʻshnim it boqdi. Boyvachcha odam. Umrida kitob oʻqimagan. Aktyor deganda masxarabozni, yozuvchi deganda igʻvogarni tushunadi. Xullas, qoʻshnim it boqdi. Laqabi – “Arslon!” “Arslonboy”ni nima deb taʼriflasam ekan? It desam, rosmana itning haqi ketadi. Kuchukbachcha desam, “Arslon”ning. Choynakdan kattaroq, futbol koptogidan kichikroq laycha. Ammo ovozdan bergan. Bir akillasa, butun mahallani uygʻotadi. Tenor ovoz “vak-vak-vak”, “vak-vak-vak” deganda, manaman degan apcharkalaru boʻribosarlar jimib qoladi. Tagʻin shunaqangi ziyrakki, koʻchadan pashsha uchib oʻtsa, olamni boshiga iladi: “vak-vak-vak”, “vak-vak-vak”!.. Kechasi bilan uyqu yoʻq. Qoʻshniga: “Itingizning jagʻi muncha ochiq, tuni bilan tinchlik bermaydi”, desam, askiya qildi:

– Kechasi siz bilan lapar aytgisi kelgandir-da! Boqsa, yaxshi artis chiqadi!

Bunisi-ku mayli. Xohlaymanmi-yoʻqmi, qoʻshnimning darvozasi oldidan oʻtishim kerak. Uch yuz qadam naridagi katta koʻchadan burilishim bilan laycha “yangajon, eringiz kelyapti, boxabar boʻling”, degandek akillashga tushadi. Darvozaga kalit solsam, nariyoqda xotin poylab turgan boʻladi.

Oxiri chiday olmadim. Bir kuni ishga ketayotib, qoʻlimga tuxumdekkina kesak oldim (kattarogʻi bilan urishga achindim, oʻlib-netib qolmasin jonivor). Qoʻshnining darvozasini qiya ochishim bilan laycha akillab yugurdi. Kesak otdim.

“Arslon” degancha bor ekan yaramas! Yoniga borib tushgan kesakni rosmana itlarga oʻxshab, hidlab ham koʻrmay, gʻajib tashladi-da, men tomonga otildi. Shoshilinchda darvozani qiya ochiq qoldirgan ekanmanmi, katta koʻchaga “kuzatib qoʻydi”.

Qoʻshni kun oʻtib hazil qildi:

– Kecha oqshom rayonga borganmidingiz? Soat oʻn ikkidan sakkiz minut oʻtganda “Arslon” sizga salom berdimi?

E, saloming bilan qoʻshmozor boʻl, degim keladi-yu, koʻzdek qoʻshni…

– Xoʻp eʼtiborlisiz-da, qoʻshnijon! – deyman. – Qilgan yaxshiligingiz mendan qaytmasa, itingizdan qaytsin!

Dam olish kunimidi, esimda yoʻq, xotin tandir qizitib, non yopdi. Qarasam, tandir tagida yarim paqir kartoshka turibdi. Xotin non chekichlashga kirishgan zahoti oʻrtacharoq kartoshkani tandirdagi choʻqqa koʻmib qoʻydim. Xotin nonni uzib uyga kirishi bilan kartishkani kosov uchida choʻgʻdan ajratib oldim. Qoʻl kuymasligi uchun roʻmolchaga solib, qoʻshninikiga gʻizilladim.

Qoʻshnining darvozasini qiya ochdim. Kartoshkani yugurib kelayotgan it tomonga dumalatib yubordim.

“Arslon” qaynoq kartishkani gʻarchcha tishladi! Na chaynab yutadi. Na chiqarib tashlaydi. Tanglayiga yopishib qolgan! Ikki marta “viyq-viyq” dedi-da, mingga qoʻyib, hovli etagidagi makkazorga urib ketdi!

Shu-shu “soqov” boʻlib qoldi, jonivor. Koʻchadan pashsha tugul, ekskavator oʻtsa ham, gʻiring demaydi! Ora-chora qoʻshnimdan soʻrayman:

– “Arslonboy” jimib ketdimi?

– Iniga kirib mashq qilyapti, – deydi qoʻshni boʻsh kelmay. – Katta ashula aytmoqchi!

– Niyatiga yetsin, – deyman men ham sir boy bermay. – Umri siznikidan ham uzoq boʻlsin. Koʻp aqlli it-da! Egasiga tortgan…

“Arslon” chindan ham uzoq umr koʻrdi. Oʻn besh yildan ortiq. Ammo biron marta ovozi chiqmadi. Faqat, meni koʻrsa, “viyq” deydi-da, oʻzini joʻxorizorga uradi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.