Sopol quvur

0
39
marta koʻrilgan.

Oʻn bir-oʻn ikki yoshli choqlarim, bogʻimiz juda obod, ayniqsa, shiyponimiz qarshisidagi katta gulzorimiz yashnagan vaqt edi. Bir kun dadam bozordan ancha yuk koʻtarib keldilar-da, menga:

– Besh-oʻnta sopol quvur olgan edim, yukim koʻplik qilib, Olim doʻppifurushning doʻkoniga tashlab keldim. Borib olib kel! – dedilar.

– Xoʻp, – dedim. Qop qoʻltiqlab Chorsu bozoriga joʻnadim. Quvurlar gulzorimizga, yaʼni, quyilgan suvni bir poldan ikkinchisiga oʻtkazish uchun kerak edi.

Olim amakining doʻkonidan quvurlarni qopga solib, orqalab joʻnadim. Quvurlar ancha ogʻir edi. Nosbozor, tamakibozorlardan oʻtgach charchadim-da, gulbozorga (hozirgi “Bolalar dunyosi” magazinining oʻrni) burilishdagi yerdan biror gaz baland qilib qurilgan kichkina temir-tersak doʻkonining ostonasiga orqam bilan asta yukimni qoʻyib, qopning uchini yelkamdan boʻshatmagan holda dam ola boshladim. Doʻkonda xaridor yoʻq, yaxshi kiyingan oʻrta yoshli bir sotuvchi taxtaga tirsaklanib xaridor kutib oʻtirar edi. U menga dedi:

– Hay bola, koʻtar qopingni, joʻna bu yerdan!

– Hozir, amaki, charchab ketdim, ozgina dam olay.

– Bu yer dam oladigan joy emas, xaridor kiradi, joʻna, dedim, joʻna!

– Xoʻp, xoʻp, – dedim, ammo charchogʻim hali chiqmagani uchun bu qulay joyda yana ozgina oʻtirmoqchi boʻldim.

Shu vaqt doʻkondor orqamdan kelib, qopimni koʻtarib itarib yubordi. Agar oʻtkinchi bir kishi tutib qolmaganida, men tor yoʻlakdan oshib, tosh yoʻlga yuz tuban yiqilishim, quvurlar ham sinishi aniq edi. Alam qilib, yigʻlab yubordim.

– E birodar, bola nima gunoh qildi, itarib yubordingiz, yiqilsa, nima boʻlar edi?! – dedi meni tutib olgan kishi doʻkonchiga.

– Boraver, ishing boʻlmasin, oʻlib ketmaydimi!

Kishi indamadi. Yonimda boraturib, menga asta dedi:

– Oʻgʻlim, qoʻyaver, xafa boʻlma, bu odam oʻzi shunaqa ekan…

Men uyga kelib, bu haqsizlikni dadamga alam bilan soʻzladim. U kishi oldiniga jiddiy tinglab oʻylanib oʻtirdilar, keyin menga dalda berish uchunmi, kuldilar:

– Shunga ham xafa boʻlishmi? Sen hayotga endi kirib kelyapsan. Hayotda hali shunday achchiq-tiziqlar, nohaqliklar, dagʻal-qoʻpolliklar boʻladi, koʻra-koʻra chiniqasan, koʻnikasan. Birisi seni hurmatlaydi, qadrlaydi, taqdirlaydi, ikkinchisi xoʻrlaydi, haqoratlaydi, jabrlaydi. Chunki insonlarning xulqi, feʼli, tabiati turlicha. Uni oʻzgartirish, maʼlum bir yaxshi maromga solish qiyin va hatto koʻpincha mumkin ham emas, – dedilar va yana kuldilar. – Agar oʻshanda doʻkonchi “Ha, oʻgʻlim, charchab qolibsiz-da, barakalla, qopingizni sal chetroqqa qoʻying, kiruvchilar qiynalmasin”, desa, sen qanday xursand boʻlar eding-a? Albatta, bu soʻzni u odam hech mahal va hech kimga aytmaydi. Chunki uning yaratilishi, tabiati shunaqa. Buning uchun xafa boʻlish kerak emas.

– Demak, birov xafa qilsa, ozor bersa, indamaslik kerak ekan-da?

– Yoʻq, indash kerak, agar vaziyat buni taqozo etsa, kishi oʻzini himoya qilishga qurbi yetsa, mojaro va mojarochi kimsa indashga arzisa. Koʻpincha ongsiz, andishasiz, joʻn odamlar qoʻpol boʻladi. Undaylar bilan aytishib, tenglashib oʻtirishning oʻzi bir kamchilik hisoblanadi…

Dadamning bu soʻzlaridan men ancha yorishdim, boyagi alamlar koʻnglimdan ariganday boʻldi va, darhaqiqat, u kishi aytganlaridek, keyin-keyin bunday dagʻal-qoʻrs muomalalarga duch kelsam, sabr-sukut qiladigan boʻldim. Bunda hikmat zoʻr ekan… Qachon qoʻrs muomalaga uchrasam, hamisha dadamning oʻsha oʻgitlarini eslayman va hovurdan tushaman…

 

Habibulla Qodiriy

“Otam haqida” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.