SMS

0
484
marta koʻrilgan.

Koʻrmaganning koʻrgani qursin.

Bahor kunlarining biri edi. Xolmat tusning toʻngʻichi otasiga soʻnggi rusumdagi mobil telefon sovgʻa qildi. Otaning koʻngli togʻdek koʻtarildi. Farzandini umringga umr, topganingga baraka bersin, deb ichida duo qildi. Suyunganini yashirdi. Sirtiga chiqarmadi.

– Oʻzimning eskim ham boʻlaverardi, – dedi u, – bekorga xarj qilibsan-da!

– Hozir hamma shunisidan tutayapti, – dedi oʻgʻli otasining raʼyini anglamay.

Zamonning zayliga qarang! Ikki-uch yil avval hammani hayratga solgan matah bugun hech kimga zaril emas. Ikkovining oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Pul uchun odamlar nimalarni oʻylab topishmaydi-ya! E-e, qoyil! Manovisi ekranidan boshqarilarkan. Erta-indin aytar gapingni tushunadigani ham ishlab chiqilsa, ajabmas. Xolmat tus yongʻoq yaprogʻidek keladigan telefonni birinchi marta qoʻliga olganda shunday oʻyladi.

U haftaning nari-berisida yangi telefondan qoʻngʻiroq qilish, javob berish va SMS yozishni oʻrganib oldi. Oʻgʻlidan qayta-qayta soʻrab, musiqa tinglashni-da bildi. Ayniqsa, telefon xotirasi lol qoldirdi. Shapaloqday qutiga bir sandiq kassetada jam boʻlgan ashula sigʻganini koʻrib, oʻziga ishonmadi. Zamonaviy telefon televizor aytganiday yomon emas ekan. Uni oʻylab topgan odamga qoyil qolish kerak!

Choʻponlar otarini toqqa haydagan kuni Xolmat tus saharmardonlab bogʻiga keldi. Roʻmolchaga oʻralgan telefonini choʻntagidan chiqarib, angor oʻrtasidagi daraxt shoxiga ildi. Ashula qoʻydi. Dilga yoqar musiqa yangradi.

Erta turgan bir kun yutadi, deydi. Haq gap. Tong yorishib, togʻ ortidan quyoshning yuzi koʻringuncha, Xolmat tus toʻqqiz bolorli xonaning oʻrnicha keladigan yerni agʻdarib ulgurdi. Hali nami qurimagan tuproq hidi odamning dimogʻiga xush yoqardi. Dunyoda bir-biridan muattar hid koʻp. Ammo tuproqning isi boʻlakcha. Odamning gʻayratiga gʻayrat qoʻshadi. Balki inson tuproqdan yaralgani uchun shundaydir. Telefondan taralayotgan ashulani qoʻshilib aytaverganidan, hadeganda ketmon dastasini qah-tuf deb ushlayverganidan Xolmat tusning ogʻzi quruqshadi. Tomogʻini hoʻllab olish uchun qayragʻoch ostidagi supa yoniga bordi. Oʻchoq boshidagi oftobadan piyolaga suv quyib, sipqorib ichdi. Chanqogʻi bosilmadi, shekilli, piyolaga yana suv quydi. Bu safar ichishga ulgurmadi. Azondan beri chakagi yopilmagan telefon birdan jimib, qisqa-qisqa tovush eshitildi: tiring-tiring.

Piyoladagi suvni yerga sepib, peshonasidagi terni qoʻli bilan sidirib-sidirib, Xolmat tus telefon turgan yerga yugurib keldi. Olisroqdan kuzatgan odam u chopganda tustovuqday lapanglashini sezadi. “Gugurtga ketib” filmidagi Ixalaynenning xuddi oʻzi. Balki Xolmat ismiga qoʻshilib qolgan “Tus” laqabi ham shundan.

Daraxt oldiga kelgach, u shoxga ilingan telefonni ushlash-ushlamaslikni bilmay ikkilandi. Kaftlariga boqdi. Ular qop-qora, kir-chir. Kaftlarini bir-biriga urib-urib changini qoqdi. Yana qoʻllarini oldinga choʻzib, kaftlariga qaradi. Baribir koʻngli toʻlmay, kaftini qorniga ishqab-ishqab, qaytadan tozalagan boʻldi. Bu orada telefon yana jiringladi: tiring-tiring.

U telefonni avaylab qoʻliga oldi. Ekranda hech qanday raqam-paqam koʻrinmaydi. Yo, tavba, dedi oʻziga. Apparatning ikki-uchta tugmasini oʻzicha bosib koʻrdi. Uni ikki-uch marta oʻchirib yoqdi. Foydasi boʻlmadi. Shu payt tugun koʻtargan ayoli keldi. Erining avzoi norasoligini koʻrib, indamay supaga dasturxon yozdi. Olib kelganlarini qoʻydi. Termosdagi choyni choynakka agʻdarib, eriga qaradi. Xolmat tus telefondan boshini koʻtaray demaydi. Xotini ovoz berdi: hov, otasi, choyga keling! Eri telefondan koʻzini uzmay, oyogʻi ostidagi kesaklarga qoqilib-qoqilib keldi. Qoʻlini yuvmay dasturxon yoniga choʻkdi.

– Ha, tinchlikmi? – dedi ayoli qovogʻidan qor yogʻay deb turgan eriga. – Soʻfi azon aytmay timrayib olibsiz?

Ayol soʻnggi gapini kesatibroq aytdi.

– Manovi bachchagʻar halidan beri tiring-tiring qiladi, – dedi Xolmat Tus ikki koʻzini telefondan uzmay. – Na nomer koʻrinadi, na boshqa belgi!

– Shunga ota goʻri qozixonami? – dedi xotini endi ancha dadillanib. – Men biror yerga oʻt ketdimi, deb oʻylabman. Oling, choyingizni iching, sovib qoldi.

Nonushtadan soʻng Xolmat tusning qoʻli ishga bormadi. Koʻngliga qil sigʻmadi. Bogʻning u boshidan bu boshiga borib, kunni kech qildi. Quyosh botay-botay deb turgan mahal yoʻldan oʻtib ketayotgan Roʻzi anjomning oʻgʻliga koʻzi tushdi.

– Hov bola, menga qara! – dedi u. – Oting nimaydi? Roʻzining oʻgʻlimisan?

– Menman bova, – dedi moʻylovi sabza urgan yigitcha salom berib. – Choriman.

U supaga kelib oʻtirdi.

– Manoviga tushunasanmi, bolam? – deb Xolmat tus qoʻlidagi telefonni koʻrsatdi.

– Nima qildi? – dedi yigit hayron boʻlib. – Oqligini aytmasa xuddi menikini oʻzi.

– Peshindan beri tiring-tiring qiladi, – dedi Xolmat tus xoʻrsinib. – Endi oʻziyam, ovoziyam oʻchdi.

Roʻzi anjomning oʻgʻli telefonni qoʻliga olib, yoqib oʻchirdi.

– Bova, blokka tushib qopti-ku, – dedi u apparatga imo qilib. – Ustasiga koʻrsatish kerak!

Xolmat tus uning gapini maʼnisiga bormadi. Yigit cholning ahvolini fahmlab, im notoʻgʻri kiritilgani bois blokka tushganini oʻzicha tushuntirdi. Kompyuterda maxsus dastur yordamida sozlash mumkin, deya qoʻshib ham qoʻydi.

Ikkovi qishloqqa kirib kelganda oqshom choʻkib boʻlgandi.

Roʻzi anjomning oʻgʻli ertasiga peshinga yaqin keldi. Xolmat tus bu payt xas-xazonga toʻlib-toshgan quloqboshidagi oʻqariqni tozlayotgan edi. U Chorini koʻrib, qoʻlidagi ketmonni oʻsha yerga tashlab, supa yoniga keldi.

– Kasalini topdingmi? – deb soʻradi Xolmat tus choynakdagi sovuq choydan ikkita piyolaga quyib. – Ishqilib, tuzaldimi?

– Ustasiga nima degan ish, – dedi yigit dunyoni qutqarib qolgan qahramonday gerdayib. – Imini butkul oʻchirib tashladim.

Roʻzi anjomning oʻgʻli apparatni yoqdi. Ekranda avvaliga suv toʻlqiniga oʻxshash tasvir koʻrinib, soʻngra sana va vaqtni toʻgʻrilang, degan eslatma paydo boʻldi. Taajjubki, bu orada telefon yana tiring-tiringladi.

– Ana-ana, koʻrdingmi? – dedi Xolmat tus hovliqib. – Yana eski qiligʻini boshladi.

Hovliqmang bova, hovliqmang! – dedi Chori. – SMS keldi.

– SMS? Qanday? Qayerdan? Kimdan? – dedi Xolmat Tus dovdirab.

– Hozir, – deb Chori ekranni koʻrsatkich barmogʻi bilan nuqidi. – Eh-he, SMS kompaniyadan kelibdi!

– Oʻqi-chi, – dedi Xolmat tus. – Nima deb yozibdi? Yana ob-havo maʼlumotimi?

– Yoʻgʻ-a! – dedi Choriboy. – Tanishishni xohlaysizmi? Qizlar bilan tanishish uchun “Q” harfini, yigitlar bilan tanishish uchun esa “Y” harfini 0670 raqamiga yuboring, deb yozibdi.

– Gapni aylantirma – dedi Xolmat tus. – Hazillashma, chiningni ayt, bola! Salkam bovang tenggiman-a!

Uning gapi yigitga ogʻir botdi. Xolmat tusning yoshini hisobga oldi chogʻi, Chori ortiq soʻz demadi. Oʻzingiz oʻqib koʻring, deb telefonni egasiga berdi. Xolmat tus SMSni oʻqidi. Koʻziga ishonmay, qayta-qayta oʻqidi. Voh, ajab! Haqiqatan shunday!

Telefon tagʻin tiringladi. Bu safar Xolmat tus uni ovoz chiqarib oʻqidi: “LOVE yoki SEVGI bosh soʻzini qisqa 6365 raqamiga yuborib, har kunlik sevgi latifalari, sevgi tostlari va izhorlarini bir hafta ichida bepul oling!”

Oradan uch kun oʻtdi. Oʻsha SMS voqeasi Xolmat tusga hech tinchlik bermasdi. Boʻlmagʻur xayollardan chalgʻish niyatida bogʻiga odatdagidan ertaroq kelardi. Bugun ham u tong yorishmay keldi. Kechadan chala qolgan ishini davom ettirib, ozgina yerni shudgor qildi. Ishga hafsalasi boʻlavermagach, telefonni qoʻliga olib, oʻsha kungi SMSlarni yana bir marta oʻqidi. Hamma, odamlar oʻzgarib ketgan, deb oʻylaydi. Boʻlmagan gap. Aslida, zamon oʻzgargan! Bizning davrlarda qizlar bilan tanishish uchun qancha qir oshardik, soy kechardik. SMS bilan ham sevib boʻlarkanmi? Eshitganim bor, bir gazetda kimdir er, birov xotin izlab, eʼlon berar ekan. Tavba, endi bu ham modadan qolibdi-da, deb oʻyladi.

Keyin qayragʻoch ostidagi supaga toʻshak yozib, yonboshladi. Rostdan ham shundaymikin? Qizlarning qadri shu boʻlib qolibdimikin? Menga nima! Yo, SMS yuborib sinab koʻrsammikin? Yoʻgʻ-e, eshitgan quloqqa yaxshimas. Birov bilsa, el orasida qanday bosh koʻtarib yuraman. Oʻgʻil-qizimga nima deyman! Onasining oldida nima degan odam boʻlaman! Xolmat tus bir oʻngiga, bir soʻliga agʻdarilib oʻyladi. Chalqancha yotib oʻyladi. Bu ishlar unga toʻgʻri kelmaydi. Boʻldi, hammasini unutadi, vassalom!

Xolmat tus xayoliga kelgan fikrdan uyalib, miyigʻida kulib-kulib, yana yer chopa boshladi. Doimgidek telefondan musiqa yangrab turibdi. Tonggi shabada togʻdan turli giyohlarning hidini dimoqqa keltirib uradi. U ishga berilib ketib hammasini unutdi. Kutilmaganda ashula birdan toʻxtab, telefon yana tiringladi.

Xolmat tusning shumligi tutdi. Tavakkal qildi. SMS yozdi. Hadeganda hech qanday javob kelavermagach, hammasi shunchaki oʻyin, degan xayolga bordi. Ishidan uyaldi. Oftob urgan terida yanogʻi qizargani sezilmadi. Ketmonini qoʻliga endi olishi bilan yana telefon tiringladi. SMS kelibdi, shosha-pisha oʻqidi: “Bizning tanishuv xizmatimizdan foydalanganiz uchun tashakkur! Marhamat qilib, jinsingizni koʻrsating! 1 erkak. 2 ayol.”

Xolmat tus bir raqamini yozib joʻnatdi.

Tiring-tiring.

“Ikki xonali son bilan yoshingizni tering!”

Xolmat tus kalovlandi. Yoshini rostini ham, yolgʻonini ham yozishni bilmadi. Bir fursat ikkilanib, duch kelgan ikkita raqamni bosdi.

“Kimni izlayapsiz? 1 erkak. 2 ayol”

“2”

“1 sevgi. 2 oila qurish uchun. 3 doʻstlik. 4 muloqot.

“1”

“Viloyatni koʻrsating.”

“1 And. 2 Nam. 3 Far. 4 Tosh. 5 Qash. 6 Sur. 7 Boshqa”

“5”

“Ismi qaysi harf bilan boshlanuvchi qizlar bilan tanishmoqchisiz?”

“A yoki B”

“Marhamat qilib faqat bittasini tanglang!”

“B”

Tiring-tiring.

“Roʻyxatdan oʻtish uchun sizga xabar yuborildi.”

Tiring-tiring.

“8100 raqamiga nick tanlab, uni yozib yuboring. Ikkita nuqta qoʻyish ham yodingizdan chiqmasin.”

Xolmat tus xuddi SMSda yozilganidek qildi.

Tiring-tiring.

“Barakalla! Mana shunday olgʻa yurishda davom eting! Omad yor boʻlsin!”

Oxirgi xabarni oʻqigach, Xolmat Tusning ogʻzi qulogʻiga yetdi. Quvonganidan qoʻllarini bir-biriga ishqab, turgan yerida sakrab-sakrab oldi. Belining quvvati hali yaxshiligidan miyigʻida kulib qoʻydi. Biroq navbatdagi SMS kelavermaganidan koʻngli andak xijil boʻldi. Vaqt goʻyo toʻxtab qolgandek edi. Soniya sayin xunobi toshib borardi. Ne qilarini bilmay, bogʻ tevaragini ikki-uch marta aylanib chiqdi. Kutish azob, ilhaqlik mashaqqat. Uning toqati toq boʻldi. Alamini nimadan olishni bilmasdi. Qoʻlidagi apparatni barmoqlari bilan qattiq qisimladi. Kaftidan gʻichir degan ovoz eshitildi. Keyin telefonini sindirib qoʻyishidan choʻchib, hozirgi ishim ahmoqlikdan boshqa narsa emas, deb oʻyladi. Baribir hovuri bosilmadi. Yon-veriga alanglab, oyogʻi ostida oʻralashib yurgan itini koʻrib, uning och biqiniga boplab tepdi. U gʻingshib-gʻingshib nari ketdi.

Tiring-tiring!!!

Xolmat tusning chiroyi ochildi. Zum oʻtmay SMSni ochib oʻqidi.

“Calom”

“Va alaykum”

“Men Barnoman. Ismingiz nima?”

“Xolmat”

“Xolli yigit ekansiz-da!”

“Ha, endi, shunaqaroq”

“Xoliz qayerda?”

Xolmat tus nima deb javob yozishni bilmadi. Voh, darigʻ! Qurmagʻur minilmagan toyga oʻxshaydi-ku, deb oʻyladi. Boʻlmasa, hali tanimagan-bilmagan odamiga shunday savol beradimi, ayol degani.

Tiring-tiring.

“Hazillashdim. Xafa bumang.”

– Hey, haziling ham qursin, – dedi Xolmat tus oʻziga gapirib. – Odamning kapalagini uchirding-ku!

Tiring-tiring.

“Sevgi borligiga ishonasizma?”

“Ha, oʻziz-chi?”

“Man ishonaman. U haqda sheʼrlar ham yozganman.”

“Yoʻgʻ-ey?”

“Oʻqib koʻrasizmi? Joʻnataman.”

“Mayli.”

“Gullar doim qoʻlingda boʻlsin,
Lekin tikoni botmasin.
Sevgi doim seni topsin,
Lekin yaralamasin.”

“Zoʻr chiqibdi.”

“Yana bitta yuborayma?”

“Farqi yoʻq.”

“Ermak qilib hamma qizga gap otguncha,

Doʻstlar bilan tun boʻyi gap sotguncha,

Har xil tushlar koʻrmay tong otguncha,

Iboli bir qiz topib uylanvoling.”

Afsuski, SMS yozish pulli. Tagʻin dollarda hisob-kitob qilinadi. Yoʻqsa, hamma ishini yigʻishtirib, bir-biriga izhorlar bitish bilan mashgʻul boʻlarmidi? Yana ham Yaratgan bilgich! Xolmat tus SMS ketidan SMS joʻnataverib, pulini tugatdi. Qishloqdagi paynetga borib kelishga erindi. Izlagan imkon topar, degani rost ekan. Oʻylab-oʻylab yoʻlini topdi: Abdugʻani paynetga qoʻngʻiroq qilib yuboring, degan bepul SMS joʻnatdi. Oradan ikki-uch daqiqa oʻtib, hisob toʻldirilgani haqida xabar keldi.

Buning hech qanday hayron boʻladigan yeri yoʻq, nazarimda. Qishloqda hayot shaharnikidan keskin farq qiladi. Odamlarning aksariyatini qoʻliga oylab pul tushmaydi. Bunga doʻkondoru qassoblar allaqachon koʻnikib ketgan. Qishloqdoshlariga u-bu narsani qarzga berib yuboraveradi. Abdugʻani Paynetning Xolmat tus telefoniga pul oʻtkazishining boisi ham shu. U ne-ne odamlarning telefoniga nasiyaga pul oʻtkazib bermagan deysiz?! Qarz qiyomatga qolmaydi, albatta. Qoʻli pul koʻrganlar hisob-kitob qilib ketadi, topmaganlar kuzda hosil koʻtarganda, qarz evaziga olma-yongʻoq beradi. Abdugʻani paynet yigʻilgan mahsulotni shaharga keltirib, bozorda pullaydi. Bundan bir-ikki soʻm foyda ham koʻradi. Ayrim qoʻli kaltalar qarzini bermasa ham Abdugʻani paynet xafa boʻlmaydi. Ketsa, toʻrt-besh soʻm pulim qishloqdoshlarimga ketibdi-da, deb oʻylaydi. Ertaga yaxshi-yomon kunimga shular yaraydi, deydi.

Xolmat tusning raqamiga pul tushguncha bir necha marta SMS keldi. Ketma-ket joʻnatilgan sheʼrlarni oʻqib, uning shoirligi tutdi. Zoʻr toʻrtlik yozib, anoyi emasligini bildirib qoʻymoqchi boʻldi. Afsus, hech qanday sheʼrni yoddan bilmas ekan. Yoshligida kitobda oʻqiganlarining bir-ikki qatorini chala-chulpa esladi, xolos. Buning oʻzi yetarli emas. Shuning uchun har kuni telefonda eshitadigan qoʻshiqlardan birining toʻrt qatorini yozib yuborishni ep koʻrdi.

“Qirq quloch sochingni yoyding torga-yey,

Koʻngil berdim sendakkina yorga-yey,

Koʻngil bersam sendakkina yorga-yey,

Sen turib men osilayin dorga-yey.”

Xolmat tus oʻzicha ishidan mamnun edi. SMSning javobini ilhaq boʻlib kutdi.

Tiring-tiring.

“Bu nima?”

“Sheʼr”

“Amir Olimxon davrida yozilganma?”

“Bilmadim.”

“Sevgi haqida sheʼrlariz yoʻqma?”

Xolmat tus xalq termalaridan yodida qolgan eng sara ikki satrni yubordi.

“Oshiq boʻldim arpaning somoniga,

Oʻlim bersin qizlarning yomoniga.”

Tiring-tiring.

“Axmoq qilyapsizma?”

Xolmat tus xafa boʻldi. Boisi u maqtov eshitishni, shoir boʻlib keting, degan gaplarni kutgandi. Yoshlar shoirlarining kitoblarini oʻqimaganiga afsus chekdi. Jilla qursa, ikkita-uchta sheʼrini yod olmaganiga oʻzidan ranjidi. Bugun shoiri zamondan koʻpi boʻlmasa! Ammo… Hozir oʻzidan oʻpkalashning mavridi emas edi. Qanday qilib boʻlmasin vaziyatdan chiqish kerak. Shu payt adabiyot oʻqituvchisining har kim oʻz qobiliyatini koʻrsata bilishi kerak, degan gapini esladi. Hamma sheʼr yozganda men ham toʻrt qator qoralasam, osmon uzilib tusharmidi, dedi. Keyin yozganini ovoz chiqarib oʻqidi. Oʻziga manzur boʻldi chamasi, SMS qilib yubordi.

“Kunlari sevdim deb aytolmasam,

Arazlamang, jonim arazlamang.

Tunlari yoningizda yotolmasam,

Arazlamang, mendan arazlamang!”

Tiring-tiring.

“Yashang! Gap yoʻq”

Tushlik olib kelgan xotini uyga ketar chogʻ qoʻliga pul berib, paynetdan raqamiga oʻtkazib yuborishini buyurdi. Dunyoda oʻzbek ayollaridek yaxshi xotin topilmasa kerak. Erini salkam paygʻambardek ulugʻlaydi. Aytgani aytgan, degani degan. Xolmat tusning ayoli ham qishloqqa kirishi bilan boshqa ishga chalgʻimay, toʻgʻri paynet budkasiga bordi. Abdugʻani paynet qattiq muqovali daftarga nimanidir yozib oʻtirgan ekan.

– Uka, paynetingiz ishlayaptimi? – deb soʻradi ayol salom berib. – Akangizni nomeriga pul tashlab yuboring!

– Hozir, yanga, – dedi Abdugʻani paynet qilayotgan ishidan boshini koʻtarib. – Kecha peshinda ham pul tashlagandim-ku. Darrov tugabdimi? Nima balo, siz bu yoqdan, akam u yoqdan telefonda gaplashayapsizlarma deyman?

Ayol yoʻl-yoʻlakay Abdugʻani paynetning gapini oʻyladi. Koʻnglida gʻimirlagan shubhalar haqiqatday tuyuldi. Oxirgi paytda erining oʻzgacha qadam bosayotgani sababini tushunganday boʻldi. Erining kecha-kunduz telefonni quchoqlab yurishi bekorga emas! Eri oyda bir soqolini qirtishlamas edi. Hozir kunora yuziga ustara tortadi. Tagʻin odekolon ham sepishni kanda qilmaydi. Yo tavba, odam ham shunchalik tez oʻzgarishi mumkinmi?

Kecha tasodifan erini toshoyna oldida koʻrib qoldi. U pufakdek shishgan qornini dam ichiga tortib, dam erkin qoʻyib koʻrardi. Keyin deyarli qora tolasi qolmagan sochini bir oʻngga, bir soʻlga tarab tekisladi. Qilgan ishidan koʻngli toʻldi, shekilli, toshoynaga yaqinroq borib, lunjlarini qoʻli bilan tortib-tortib, yuziga shappatladi. Ayol uyiga yetguncha erining ikki-uch kun ichidagi ana shunday gʻalati-gʻalati qiliqlarini koʻz oldidan oʻtkazdi. Yurakka sanchilgan alam suyak-suyagigacha oʻtib ketgandek boʻldi. Jahli chiqib, hoziroq boqqa borib, erining yoqasidan olishni koʻzladi. Keyin shaytonga hay berdi. Boʻlishi mumkin emas, deb oʻzini ishontirdi. Chunki shu kungacha erining begona ayolga hatto koʻz qirini tashlaganini sezgani yoʻq. Boʻlar-boʻlmas xayollarga borganidan uyalib, oʻzini koyidi.

Ertasiga xotini tushlik keltirganda Xolmat tus bogʻning togʻ etagidagi lolaqizgʻaldoqqa burkangan adirlarni tomosha qilayotgan edi. Ayolini koʻrmadi. Ayol qoʻlidagi narsalarini chekkaga qoʻyib, supada qalashib yotgan koʻrpachalarni tartibga soldi. Erining yostiq ostida qolib ketgan telefonini olib, koʻrinadigan joyga qoʻydi. Keyin choynak-piyola yuvishga ariq tomonga ketdi. Shu payt telefon tiring-tiringlab, SMS keldi. U na yoʻlida yurishini, na ortga qaytishini bildi. Boisi, erining narsasiga hech qachon ruxsatisiz qoʻl tekkizmagan edi. Qalbida uygʻongan gʻulgʻula uni bir umrlik odatini buzishga undadi. SMSni oʻqidi. Koʻziga ishonmadi. Qayta-qayta oʻqidi. Badanidan sovuq ter chiqib, supaga oʻtirib qoldi.

Olisdan ayolini koʻrgan Xolmat tus bir-bir bosib, supa yoniga keldi. Xotinining dokadek oqarib ketganini koʻrib: “Tinchlikmi?”, deb soʻradi. Ayoli hech soʻz demay, oʻrnidan turib, etagini qoqdi-da qishloq tomonga tez-tez yurib ketdi. Xolmat tus nima boʻlayotganiga tushunmay ortidan qarab turdi. Ilkisdan nimadir yodiga tushib, hamma choʻntagini qoʻli bilan paypaslab chiqdi. Telefoni yoʻq. Keyin koʻrpacha ustida turgan telefonni koʻrib, nima boʻlganini fahmladi.

Xolmat tus saratonni bogʻidagi supada oʻtkazdi. Issiq-sovugʻidan oʻgʻil-qizi xabar olib turdi. Oqshomlari ham shu yerda tunab qoldi. Ayoli esa oʻsha ketgancha, qaytib oʻlikmisan yo tirikmisan, deb soʻramadi.

Togʻda birinchi qor yogʻdi. Havo ancha salqinladi. Bu yerda oqshomda tunab qolish oʻz joniga qasd qilish bilan teng. Bir kechada sovuqdan kasallik orttirib olish hech gapmas. Dala-dashtga otar haydab ketgan choʻponlar asta-asta qishloqqa qaytmoqda edi. Bogʻlarda inson zotining qorasi koʻrinmaydi. Xolmat tus ham koʻrpa-toʻshagini yigʻishtirib, asrdan beri uyga ketishga chogʻlanadi. Endi qishloqqa joʻnayman deganida, arzimagan narsani bahona qilib, yana shu yerda kuymalanadi. Koʻz oldida ayolining arazli chehrasi jonlanib, koʻngli xijil tortadi. Uyga ketay desa, hech oyogʻi tortmaydi. Buyogʻi, ketmasa ham boʻlmaydi. Yomgʻir ana yogʻay, mana yogʻay, deb turibdi.

Xolmat tus kelganda hovlida hech kim yoʻq ekan. Tomogʻini qirib, shu yerdaligini bildirdi. Ichkaridan oʻgʻli chiqib, qoʻlidan narsalarni oldi. Keyin birgalashib uyga kirishdi. Urchuq choʻzib oʻtirgan ayoli salom berib, ishida davom etdi. Qizi dasturxon yozdi. Taom suzildi. Bugʻi chiqib turgan oshga ota endi qoʻl choʻzgandi, yana telefon jiringladi: tiring-tiring. Xolmat tus eʼtibor bermadi. SMSni oʻgʻli avval ichida, keyin ovoz chiqarib oʻqidi: “Fanbox portalida romantik tanishuvlar! 7007 ga qoʻngʻiroq qiling! Bepul!”

Ular kulib yuborishdi…

 

Azim BAHODIR

 

“Yoshlik”, 2015 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.