Sirli yaxshilik

0
225
marta koʻrilgan.

Hojar buvi eshik tambasini tushirib, ichkari uyga oʻtdi. Joynamoz ustida uzoq oʻtirdi. Yurtga, xonadoniga tinchlik, yon-atrofdagilarga mehr-oqibat tilab, duoga qoʻl ochdi. Ota-onasidan erta yetim qolgan ikki nabira qizni uzatguncha foniy dunyodan koʻz yummasligini soʻrab, Yaratganga iltijo qildi.

Buvi?

Nabirasining sarosimali ovozidan koʻngli allanechuk boʻlib ketdi. Keksayganda yurak qurgʻur qafasga tushgan qushdek pitirlab turar ekan-da, degan oʻy bilan yuziga fotiha tortdi.

– Nima gap, tinchlikmi? Namuncha, erta tongdan hovliqasan? – deya boʻsagʻada turgan nabirasiga yuzlandi.

– Buvi, kimdir eshigimiz tagiga bir dunyo narsa tashlab ketibdi.

Nabirasining soʻzlaridan Hojar buvining koʻngliga gʻulgʻula oraladi. Qarichilik qursin, oyogʻini zoʻrgʻa koʻtargancha nabirasi ortidan darvoza tomon arang sudraldi.

Qiziq, halizamon eshik tambasini tushirayotganimda hech gap yoʻq edi-ku, – deya kampir oʻziga-oʻzi taskin bera boshladi.

Darhaqiqat, darvoza tagida bir qop un, yelim idishda yogʻ, yarim qopdan moʻlroq guruch, uch-toʻrt qogʻoz qutida shakar va bir qancha oʻquv qurollari turardi. Hojar buvi kutilmagan sovgʻani koʻrib, hangu mang boʻldi-qoldi. Koʻnglini bezovta qilayotgan yomon oʻylar daydi shamoldek tarqab ketdi. Oyoq-qoʻlidan mador ketib, behol choʻkkaladi. Nabirasi esa oʻquv qurollarni qoʻliga olib, sevinganidan “Buvi, bularni kim tashlab ketdi?” – deya ketma-ket savol berardi.

– Bolam, qoʻlingdagilarni bir chetga qoʻya tur. Tez borib mahalla idorasidan raisni chaqirib kel. Yana bular boshqa birovga tegishli boʻlmasin, – deya nabirasining qoʻlidagilarni olib, yelim xaltaga soldi.

– Buvijon, tong saharda oqsoqol idoraga kelmaydi-ku?!

– Ha-ya, esim qursin, ular hali-beri ishga bormaydi. Unda sen tezda Akrom muallimni chaqirib kel. Oʻqimishli odam-da, koʻp narsaga aqli yetadi.

Zum oʻtmay, Akrom muallim yetib keldi. Hojar buvi unga boʻlgan voqeani gapirib berdi. Muallim vaziyatni kampirning nabirasidan yoʻl-yoʻlakay eshitgan boʻlsa-da, sir bermadi.

– Bularni kim tashlab ketdi ekan-a, inim, – dedi buvi hayratini yashirolmay.

– Ayajon, siz bundan xavotirga tushmang. Yaxshisi, bunday saxovat, muruvvat koʻrsatgan, “Oʻng qoʻling qilgan xayrni, chap qoʻling bilmasin”, qabilidagi hikmatli soʻzga amal qilgan insonlarni duo qiling, – dedi buvini xijolatli holatdan qutqarish uchun.

Qoʻshnisining uyidan chiqqan Akrom akaning xayoliga shu on shogirdi Humoyun keldi. Yosh tadbirkor ustozining uyiga kelgan paytda Hojar buvining nabirasi roʻzgʻorga kerakli nimadir soʻrab chiqqandi. Shunda ustoz shogirdiga qoʻshnisi haqida gapirib, uni xayrli ishlarga chorlagandi.

Demak, shogird ustozining soʻzlaridan toʻgʻri xulosa chiqaribdi. Bundan Akrom muallimning koʻngli togʻdek koʻtarildi. Muhtojlarga oʻz vaqtida yordam qoʻlini choʻzadigan shogirdlari borligidan faxrlandi…

 

Dilfuza MIROBIDOVA

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.