Sinfdoshlar “odno”da

0
242
marta koʻrilgan.

Viktor KOKLYUSHKIN

 

Favqulodda internetga kirib qoldim, unda “Odnoklassniki” sayti bor ekan – oʻzimiznikilar hammasi shu yerda, Petka ham! U maktabda faqat ikkita toʻrt baho olgan, bu yerda boʻlsa qandaydir devor oldida turibdi va “Men Stokgolmdaman” deb yozib qoʻyibdi.

Eh, men yarim kechagacha uxlolmadim, ertalab Botanika bogʻiga bordim! Qandaydir kaktus oldida suratga tushdim va “Men Misrdaman” degan yozuv bilan internetga joyladim.

Keyingi kun saytga qaradim – Petka xotini bilan mamnun qiyofada. Meniki boʻlsa, uyda yoʻqligimdagina xursand boʻladi.

Mayli, deb oʻyladim. Teatr oldida mashhur aktrisani kutdim, birga suratga tushishga koʻndirdim, tushdim va saytga qoʻydim. “Baxtiyor kelin-kuyovlar Taitida oʻtadigan asal oyi oldidan”.

Keyingi kuni saytni ochsam, Petka bolalari bilan turibdi! Ikki – oʻgʻil va qiz. Mening uyimda ham ular ikkita: qutidagi toshbaqa va mushugim Borsik. Ha, men bolalar bogʻchasiga bordim, tarbiyachidan iltimos qilib, bolalar bilan suratga tushdim – ular yigirmatacha bor! Keyin – internetga! Ostiga esa “Oila davrasida baxtli soatlar” deb yozib qoʻydim.

Petka jimib ketdi. Keyinroq qarasam, surat paydo boʻldi: Petka ot ustida! “Mening sevimli Argunim 50 ming yevro turadi”, deb yozib qoʻyibdi. 50 ming… men oʻzimning Borsikimni yuvindixonadan topib olganman.

Hayvonot bogʻiga chopdim. Filning oldida suratga tushdim va bu mening filim – Filya, 500 ming turadi, ertalablari shippagimni keltirib beradi, deb koʻrsatdim.

Petka ikki kun jim qoldi, keyin koʻrdimki u “Mercedes” yonida turibdi! Ostida yozuv: “Ikkinchisini nega sotib oldim, bilmayman!”

Ha-a, hozir bilasan, deb oʻyladim! Markazga bordim, “Lexus”, “Rolly-Royce”, “Jaguar”lar bilan suratga tushdim va yozib qoʻydim: “Avtomobillarni kolleksiya qilish odati bolaligimda – marka toʻplab yurgan paytlarimda paydo boʻlgan”.

Petka pisib ketdi, keyin koʻrsam, u yaxta yonida turibdi. “Men va mening yaxtam “Izolda”. Xotinim sharafiga nomlangan” deb yozib qoʻygan.

Men Moskva daryosiga bordim! U yerda oʻziyurar “Axtubinsk” barjasi – yuk kemasi. Suratga tushdimu internetga joyladim “Men va mening qaynonam sharafiga nomlangan barjam “Axtubinsk” deb yozib qoʻydim.

Petka tinim bilmadi, keyin qarasam, u yaramas dubulgʻa kiyib samolyot yonida turibdi! Yozuv: “Mening qiziqishim osmon!”. Osmon emish… oʻzi boloxona ayvoniga ham ehtiyot choralarisiz chiqishga qoʻrqardi!

“Men yashashni xohlayman!” deb qichqirdim. Ha, mayli, Sheremetyevoga bordim, u yerda devor ortida havo laynerlari turibdi, suratga tushdim va yozib qoʻydim: “Faqat “Boing – 737” ni sotib olgachgina, menga nima yetishmaganini tushundim!”

Tamom – oʻyladim men. Petkaning ovozi oʻchadi! Ammo… qarasam, u qoʻlida kitob bilan turibdi va yozuv bor: “Menga Bukerov mukofotini topshirish marosimida”.

Eh, sen eshak, deb oʻyladim! Sen sakkizinchi sinfgacha toʻrtta harfli soʻzda ikkita xato qilarding. Toʻqqizinchida esa Lev Tolstoyni “Lev Tolstiy” derding.

Ha, men uch kun oʻylandim, nima qilish kerak, keyin oʻzimga qorakuya chaplab rasmga tushdim va yozib qoʻydim: “Menga yodgorlik, haykaltarosh Sereteli ishlagan. Mening sharafimga nomlangan “Boronkin” shohkoʻchasida oʻrnatish rejalashtirilyapti”.

Ana shunda qoʻqqisdan bir nima shaq etdi! Saytni qaradim – uchrashuv oqshomi haqida xabar! Oʻylayapman: Petka, yaramas, “Mercedes”da keladi, men-chi, tramvaydami?! Yana onam yettinchi sinfdaligimda olib bergan katta kamzulda-ya?

Qoʻshnimning qaytarma shoyi yoqali movut kostyumini olib turdim, tomida oʻchib-yonadigan chirogʻi bor BMW haydovchisi bilan kelishib qoʻydim, u meni maktabga olib borib, signal chaladigan, hamma derazadan qaraganda menga eshikni ochadigan va hurmatimni joyiga qoʻyib turadigan boʻldi.

Ketyapmiz, qarasam, Petka ketyapti… xomush, kiyilaverib qiyshayib ketgan poyabzalda. Unga rahmim keldi, mashinaga chiqarib oldim, maktabimizga yetib kelganimizda esa, haydovchi signal chaldi, Petka bilan mashinadan tushdik. Mayli, barcha bizda hammasi yaxshi deb oʻylasin!

 

Rus tilidan Habib SIDDIQ tarjimasi

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.