Shukrulloh

0
171
marta koʻrilgan.

Rixsiloy momo sandalning bir burchagida kuygan kundaday turardi. Boshiga shohi roʻmoli tashlangan. Bir roʻmolni tomogʻi tagidan oʻragan, ikki chakkasiga qurigan rayhonni osib olgan, tez-tez derazadan tashqari moʻralaydi. Momodan mador ketganiga ancha boʻlgan. U suv sepilgan yer bilan soya tushgan yerni farqlolmaydi.

– Ayni peshinda chinorning tagiga kim suv sepganikin. Biror tadorik borga oʻxshaydi.

Momo har gal quyosh tik koʻtarilganda tushadigan soyani koʻrib, shunday fahmlaydi. Saksonni qoralab qoʻygan oʻgʻliga yuzlanadi:

– Karimboy, biror toʻy-poʻying bormi, a?

– Ne deysiz, ena?

– A-a?

Ona-bolaning eng uzoq suhbati ana shu boʻladi. Ular bir-biriga aytgan gapni eshitmaydi. Shu payt Rixsiloy momo tashqaridan chopib oʻtib qolgan bir gala bolakayga ovoz beradi. Ulardan biri ostonada qoʻqqayadi.

– Ha, momo, keldim.

– Bugun uyda toʻy-poʻy bormi?

– Yoʻq, shunchaki, amaki bovamning nabiralari kelgan.

– Ha-a, sen Tursunboymisan?

– Ha, momo.

Asli bu bolaning ismi Tursunboy emas. Oʻrganib qolgan, momo qariyb oʻn yillardan buyon qorasi koʻringan bolani Tursunboy, deb oʻylaydi. Bolalari nevarali yo evarali boʻlganini eshitsa, beshik belarga borib, “Endi, buni Tursunboy deb ataymiz”, deydi. Bu, tabiiyki, etagi bola bilan toʻla kelinlarga, qizlarga yoqmaydi.

Bir gal Karimboyning nabirasi Goʻzal yigirmaga kirmay qoʻchqorday oʻgʻil tugʻdi. Kayvoni bilib momoni olib borishdi. Irim-sirimini joyiga qoʻyib, beshikka belashdi. Belar paytda “ismi nima ekan bu toychogʻimni”, deb qoldi momo.

– Tursunboy emas, – baland ovozda toʻngʻilladi Goʻzal. – Ha, momo, Tursunboy emas. Bizning uruqqa oʻlat tekkanmi, tugʻilgan bolaga Tursunboy deb ism qoʻyaverasiz. Bilsangiz, nabiralaringiz orasida bironta ham Tursunboy yoʻq.

Momo bu gapni eshitib bir ogʻizgina “Bu ham yaxshi niyat-da, bolam”, deya shivirlab qoʻygandi. Oradan uch yil oʻtdi. Momo u gaplarni unutib yuborgan. Ammo Tursunboy nomini emas. U urushga yem boʻlgan erining siyrati, suvratini uning avlodlarida koʻrmoqchi boʻlgan-da. Biroq birortasi suyak surmadi. Polvon boʻlib davra aylanmadi. Faqat shu Karimboyining serjun qoʻllaridan zigʻir moyini oqizib, osh yeyishlari otasi Tursunboyga tortgan. Boshqa xislati yoʻq.

Eri urushga ketayotib:

– Rixsi, men qaytmasam, erga teg. Bolalar bilan qiynalib qolma, – degandi.

– Yoʻq, oʻlmaysiz. Men tirik ekanman, siz oʻlmaysiz, – yigʻi aralash aytardi Rixsi. – Boshqa bu haqida soʻz ochmang.

Rixsiloy momo dasturxon ustidan qaltiragan qoʻllarini aylantirib, bir hovuch shirinlikni ostonaga qarab otadi.

– Ukalaring bilan yersan, Tursunboy.

Bola hovliqqancha shirinliklarni terib, choʻntakka uradi-yu, juftakni rostlaydi. Momo yana derazadan termuladi. Chinor ostida ikki sharpani ilgʻaydi. Tanishga chogʻlanadi-yu, foyda boʻlmaydi. Ichi qizib sekin oʻrnidan qoʻzgʻaladi. Oʻsha tomonga yoʻl oladi. Momoning toʻxtab-toʻxtab, qaltirab-qaltirab borishi yengil shabadada uchib ketayotgan qovjiroq yaproqni yodga soladi.

Manzilga yaqinlashgan sari Rixsiloy momoning qulogʻiga yigʻiga qorilgan soʻzlar eshitila boshladi. Munday yaqiniga borib qarasa, Karimining kichkinasi uch bolasini yetovlab turibdi. Momo supaga ogʻir choʻkdi. Nevarasi va kelinning gaplariga quloq tutdi.

– Ajralaman, ena, ajralaman. Qachongacha shunday yashayman. Bir emas, besh ukasi bor. Ularning ovqatini pishirish, kirini yuvishning oʻzi boʻladimi?! Yana sassiq choliga ham men qarayman. Odam qarisa ham surovini yoʻqotmasa.

Bu gaplarni eshitgan ona qiziga momoni koʻrsatib imo qildi:

– Xafa boʻladilar-a!

– Eshitmaydi-ku, ena, tirik-oʻligini ham bilmay qolgan bu kampir.

– Nega unday deysan, shunday tarbiya berganmidik senga. Arzimas bahonalarni deb, arazlab kelaverasanmi? Sabr qil, bolam, sabr qil. Qiz bola chirik muammolarni deb, eri bilan otasining uyi oʻrtasida boʻzchining mokisiday qatnamaydi. Odamlar kuladi-ya. Uyat, uyat! Sening taqdiring oʻsha. Undan kechganing, Xudodan kechganingday gap. Bolalaringni oʻyla. Momongdan ibrat olsang boʻlmaydimi?!

 

* * *

…Urush yillari. Rixsiloyning eridan qoraxat kelgan. U toʻrt bolasi bilan yolgʻiz qolgandi. Jigar baribir jigar-da, ocharchilik payti boʻlishiga qaramay, akalari Rixsini uyiga olib ketishdi. Ammo uning quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. Akalar bir kech dasturxon ustida maslahat soldi. Gapni katta akasi Mamasharif boshladi:

– Singlim, bir emas, toʻrtta eting bor. Hali xom. Pishmagan. Hayot beshafqat. Biz bugun bormiz, ertaga yoʻq. Xudo koʻrsatmasin, akalaringdan ham ajrab qolsang, kim kuningga yaraydi. Sen yangi turmushga tayyorlan. Ibodullaboy ogʻiz solyapti.

Rixsi yuzini roʻmol bilan toʻsdi. Sandalga orqa berdi. Xuddi eshikdan Tursunboy kirib kelayotganday, uni bu muammolardan olib ketadiganday tuyuldi. Dastlab yelkalari uchdi. Tizzasini mahkam quchoqlab yigʻlab yubordi.

– Kuyovingiz kafansiz koʻmilganining oʻzi yetadi. Chirqiragan ruhini yana chirqiratmoqchimasman. Qoʻlimda hunarim bor. Shu yetimchalarimning nonini topib berarman.

Qolgan akalar lom-mim deyolmadi. Mamasharif xotiniga oʻzing gaplash, degan maʼnoda imo qildi-da, ukalarini yetaklab tashqariladi.

– Aylanay, Rixsijon, akangizning gapida jon bor. Keyin er koʻrgan xotinsiz. Nomus masalasi ham bor. Akalaringizning yuzi…

– Yanga, etimni it timdalasayam, birovga etagimni ochadigan suyuqi emasman. Oʻylab gapiring. Isnodni sizdan yaxshiroq bilaman.

– Ha, endi, Tursunboyning har sahar muzyorarga ketayotganini koʻp eshitganmiz-da. Oʻrgangan koʻngil…

Oʻrtaga yurakni yorgudek vahimali sokinlik choʻkdi. Rixsi baqirib-baqirib yigʻlagisi keldi. Roʻmolini yechib, oʻziga havo bergan boʻldi. Ogʻiz juftlab, nimadir demoqqa chogʻlandi-yu sirtiga chiqarmadi. Faqat koʻzidagi yosh sizib lablarining ikki chetidan oqib, xuddi hayotday shoʻrxok taʼm uning hushini ushlab turdi. Sopol choynakdan sipqorib, hoʻrillatib sovuq choy simirdi. Yangasiga oʻqrayib qaradi, yeguday boʻlib qaradi. Oʻrnidan shart turdi-yu, arabi naqsh tushirilgan taxta eshikni shahd bilan ochib, ichkari uyga kirib ketdi. Oʻzini joyga otdi va hoʻngrab yigʻlab yubordi. Deraza yonida, tashqarida akalarining gʻoʻldir-gʻoʻldir suhbati eshitilib turdi.

– Aka, Sulton oshnamning xotini bor edi-ku, Zumrad. Kecha Izzat echkini uning koʻrpasi ostidan topishibdi, – Safaralining vahimali ovozi pichirlaganda yanayam vahimali tuyulardi. – Abdusalom gʻururli yigit-da. U yerda, frontda “sallot”lar nima uchun jon olib, jon berganini yaxshi biladi. Zumrad yon qoʻshnisi. Sulton bilan qadrdon edi. Avval ham Izzatning egri qadam ekanini sezganmi, ishqilib, ushlab olibdi.

– Eh, nimasini aytasan, uka. Bu urush odamlarni iymondan ayirdi. Er zoti itday oʻldi, xotin-xalaj yer boʻldi. Endi tanda harorat bormi, shayton ham vasvasaga solaveradi-da.

– Rixsining orqasidan ham shundaychigʻin gaplar eshitmaylik, deb uyga olib keldik. Boshida eri boʻlsa, yaxshi-da. U tushunmaydi hali. Endi yigirma toʻrtga kirdi. Yoshda-yosh!

– Balki, shuning uchun oʻjarligi bordir, – suhbatga qoʻshildi Razzoqboy. – Ibodullaboy bamaʼni odam. Yurish-turishida fayz bor. Oʻylab koʻrsa, yaxshi boʻlardi.

– Ey, oʻz holiga qoʻyaylik, shu Rixsini, – akalariga tanbeh bergan boʻldi Kenjaboy. – Toʻgʻri-da! Qoʻlida hunari boʻlsa, kam boʻlarmidi.

– Yoʻq, uni erga berish kerak. Bolalar tarbiyasida ham ota asqotadi. Biz koʻngli yarim desak, u erkalanib ketadi. Qachongacha koʻngliga qaraymiz. Zamon notinch. Rixsi bizning yuzimiz. Bir qalpoq kepak uchun beva ayollar har narsaga tayyor.

– Ja unchalikmasdir, Mamasharif aka, – dedi Kenjaboy. – Erga bersagam, yoshrogʻi chiqar. Yo sizlarga ogʻirligi tushayotgan boʻlsa, oʻzim qarayman.

– Bu nima deganing, xunasa. Ertaga bir yomon gap chiqsa, kimga el boʻlamiz. Odamlar orasida qanday bosh koʻtarib yuramiz. Sen ham yoshsan hali. Qoʻyning ayol bilan toʻlmagan-da, hayotning makrlaridan bexabarsan.

Bu gaplardan Rixsiloyning yuragi uvushdi. Dunyo koʻziga tor koʻrindi. Ruhi siqildi. Bosh olib olislarga ketgisi keldi. Keyin oʻzini chalgʻitish uchun qoʻshni ayolning buyurtmasini tikishga unnadi. Xayoli chalgʻib, qoʻliga igna sanchib oldi. Yana yigʻladi. Ammo dunyoda shunday dardlar borki, ularni na koʻz yosh va na qon yuva oladi. Rixsiloy ham ana shunday qarama-qarshiliklar qarshisida soniya sayin qarib borardi. Oʻzini qoʻyishga joy topolmasdi.

Shu tun tush koʻrdi. Tursunboyni koʻrdi. Ularning toʻyi boʻlayotganmish. Xesh-aqrabolar jamuljam. Bolalar hovlini boshiga koʻtarib oʻynaydi. Yosh qizaloqlar kelin koʻrarga oshiqadi. Bir payt kuyov keldi. Tursunboy keldi. Urf-odatini qilishdi. Oyoqbosar payti oyoq bosay desa, kuyovining oyogʻi yoʻq emish. Qoʻliga suv qoʻyay desa qoʻli yoʻq. Eshon roziligini soʻrasa gapirolmasmish. Tili uzib olinganmish. Bosh silkitay desa, Tursunboyning boshi yoʻqolib qolibdi. “Yoʻq” deya baqirib uygʻonib ketdi Rixsiloy. Tong otguncha toʻlgʻonib chiqdi. Yostiqni mushtlab-mushtlab yigʻladi. Tushining taʼbiridan xavotirlandi.

Erta tongdan akalari yana eski gapni qoʻzgʻashdi. Ibodullaboyning toleidan gapirishdi. Ikki bevani nikohiga olib, ularning issiq-sovugʻidan xabardor boʻlganini aytishdi. Bu gaplar Rixsiloyning bagʻrini nimta etdi. Koʻksiga bigiz botganday boʻldi. Etini yulib olganday vujudi achishdi. Ruhi qaqshadi. Sekin turdiyu, ogʻilxonaga kirib, kalimasini qaytardi. Boshidan roʻmolini yechib otdi va taqdirini sirtmoqqa topshirmoqqa ahd qildi. Mamasharif ustaxonasiga yoʻl olayotganida xirillagan ovozni eshitib, ogʻilxonaga yugurib kirdi. Rang-quti uchib, arqonni kesishga chogʻlandi.

– Kechir, bizni kechir, singiljon! – U shunday deb tinimsiz yigʻlardi. Yosh ikki yuzini yuvar, moʻylovi moʻylaridan sirgʻalib tushardi.

Shu-shu boʻldi-yu, qaytib akalari Rixsini erga boʻlishini oʻylamay qoʻyishdi.

 

* * *

– Abdusalom buva sasigan cholmas, – dedi Karimboyning zavjasi qiziga qarata. – Vaqtida qishloqning mana-man degan yigitlari oldidan oʻtolmagan. U oriyatli, gʻururli odam boʻlgan-da. Senlar yengil hayotga oʻrganib qolding. Qara, jiyaning Goʻzalni. Bolasi xastalanib oʻlsa ham tushgan yerida toshday qotdi. Erta-indin ikkinchisini tugʻadi. U ham senday edi. Shukr qilishni oʻrgandi. Xudo insof berdi.

Rixsiloy momo boshini quyi eggancha, chinor tanasiga suyanib, roʻmolining uchini oʻynab oʻtirardi. Ogʻir xoʻrsinar, evarasining beandisha gaplaridan uyalar, uning shu holga kelganida oʻzini ham aybdor sanardi. Ona-bola chinor ostidan uzoqlasha boshladi. Momo ularning ortidan qimtinibgina termulib qoldi. Chinor shoxlariday qaltirab qarab qoldi.

Birov ilgʻar-ilgʻamas ovozda shivirladi:

Toʻqlik nadir, edirmaydi,

Ochlik nadir, yedirmaydi.

Oradan yetti kun oʻtdi.

Momo, momo, Goʻzal opam oʻgʻil tugʻibdi, suyunchi bering, – dedi Rixsiloy momo chaqirsa, doim ostonada beminnat qorasini koʻrsatadigan nevarasi.

Rixsiloy momo sevinib ketdi.

– Voy, ogʻzingga paygʻambar tupurgur, bola tushmagur-yey, zoʻr yangilik aytding-ku.

Momoning qaltiragan qoʻllari dasturxon ustidagi qandli likopchaga qoʻndi. Ostonaga qarata bir hovuch shirinlikni uloqtira turib: – Sen Tursunboymisan, – deya soʻradi.

– Yoʻq, momo, – dedi qandlarni shosha-pisha terayotgan bola. – Men Ismatman, Ismat. Goʻzal opam oʻgʻliga Tursunboy deb ism qoʻyibdi.

Bu gapdan momoning koʻngli togʻ qadar oʻsdi. Boshini tik koʻtarishga harchand urinmasin, madori yetmadi.

Rixsiloy momoning kaftlariga toʻrt tomchi yosh sirgʻalib tushdi.

– Shukr, Oʻzingga shukr!

 

Bahodir BAHROM

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.