Shukrona

0
178
marta koʻrilgan.

Qumar BEGNIYAZOVA

Jumaboyning koʻngli bugun alagʻda. Boyadan beri yuragini allaqanday yuk bogʻlab yotibdi. Toʻqayday betartib oʻsgan qoshlar Jumaboyning ichki sirini oshkor qilmoqchiday qalqib chiqib, bir-biri bilan ayqashib ketgan. Bugʻdoyrang yuzlari tunakday qoraygan. U hali-veri yuragini qoʻyib yubormaydiganday tuyulgan gʻulgʻulani sal unutarkanman deb tashqariga chiqib, mol-hol bilan andarmon boʻlmoqchi edi, lekin, hafsalasi battar sustlashdi. “Yo pirim-ay?! Bu nimasi ekan-a? Hech yerda hech gap yoʻq, odam ham oʻz-oʻzidan betoqatlanaveradimi? Boyagina oʻzimni yaxshi his qilayotuvdim-ku, axir. Bu gʻulgʻula qayoqdan kelib meni ushlab oldi? Havoning ham raʼyi chatoq. Bir sovutib, bir koʻtarilib turibdi. Quyosh biratoʻla saxiyligini koʻrsata qolsa-ku ne yaxshi. Bu deyman, yuragim besaranjomlashib, alagʻda boʻlib turishi ham shu ob-havodan boʻlsa, keragov…”

Erining bir joyda qoʻnim topolmay, bezovtalanib yurishini koʻrgan Arzibeka bobilladi:

– Nima balo urdi? Bir joyda tinch turolmay tipirchilaysan?! Goh kirasan, goh chiqasan! Sening tentirab yurganingni koʻriboq mening boshim gʻir-gʻir aylanib ketayotir.

Arzibeka oʻchoqdagi oʻtni kosovi bilan niqtab-niqtab surarkan, bobillashda davom etdi:

– Erkak odam uydagi xotini bilan dardini boʻlishadi. Sening esa bor bilganing ichingda! Sugʻurib olmasam, sira tish yorib aytay demaysan!

– Ichimda qarmoqqa ilinguday dard boʻlsa, aytaman-da! Nima boʻlganiga tushunmayapman. Sahardan beri tanamni ogʻir yuk bosganday. Qoʻl-oyogʻimda jon yoʻq. Yo turib, yo oʻtirib halovat topolmayapman. Sen boʻlsa suyak oʻtadigan gaplaring bilan jonimni toʻgʻraysan. “Siringni ayt, dardingni ayt” deb, holi-jonimga qoʻymaysan. Men bechorada senga ham aytmasday qanaqa sir boʻlsin axir!

Shu gaplarni aytib Jumaboy iljaymoqchi edi, aksiga olib shuni ham eplay olmadi. Iljaygani koʻngildagiday chiqmaganini xotinining sovuq qarashidan sezdi…

Kechqurundagi ovqatni im-jimsiz yedilar. Xotinining qoʻlidan oʻlmay omon qochib qutulib qolgan chivinning vizillashigina oradagi jimlikni buzib-buzib qoʻyardi.

– Narigi ovuldagi Xoʻrozbek qaynagʻaning kelini koʻz yoribdi. Shunga ertaga “sochuvtoʻy” berayotgan emish. Boya xabarchi kelib aytib ketdi.

Arzibekaning ovozi Jumaboyning xayolini boʻlib yubordi.

– Sochuvtoʻy deysanmi? Kecha emasmidi bolasining uylangani? – dedi u boshini tebratib. Umrning oqarsuv misoli toʻxtovsiz oʻtayotganiga yana bir marta qoyil qoldi. – Odamlar lahzaning ichida… xudoyim beraman desa bandasini ayab oʻtirmas ekan-da… – ichidan jildirab oqib kelayotgan soʻz oqimi sirtga beixtiyor otilganini sezmayam qoldi. Tilini bazoʻr tishlab olgan Jumaboy shu fursatda beruxsat qand yeb qoʻyib onasiga moʻltirab qarab turgan bolaga oʻxshar edi.

Arzibeka xamon qovogʻini solganicha qora dumaloq koʻzlarini yerga tikib oʻtirardi. Qorongʻi tunni yoritib turgan shamning lipildisi uning yuzlarida oʻynaydi. Gapni qanday boshlashini bilmay turgan xotinga eri turtki berib yuborganday boʻldi.

– Qutlioyoq bugun hech narsa yemadi. Bergan yuvindim shu turishicha turibdi. Biror yeri ogʻrib qoldimikan? Boshini oyogʻiga qoʻyib yotgani-yotgan. Hov, er boʻlib bir borib kelsang-chi!

Erinchakligi qoʻzib turgan Jumaboy bu gapdan keyin ogʻir qoʻzgʻala boshlagan edi, xuddi shu mahal itning hurgani eshitildi.

– Ana, qaqillab huryapti-ku! Bosh desa quloqqa qarab, yingʻil desa uloqqa qarab, allaqayoqlardagi gapni topasan-a! It degan ham odamga oʻxshaydi, ishtahasi boʻlmasa, berganingni yemaydi. Toʻnqillab-toʻnqillab oborib bergandirsan, shundan keyin, albatta, ishtahasi boʻlmaydi-da!

– Nima deysan? Yaxshi eshitmay qoldim. Gunkullamasdan, sodda-sodda qilib ayt, nima deding?

– It ham bizlarga oʻxshagan jonivor dedim, nima balo, kar boʻlib qolganmi bu kampir!

Jumaboy gapining davomini yutib yubordi.

Ovul uxlab qolgan payt. Yana Qutlioyoqning hurgan tovushi eshitildi. Bu galgisi avvalgisiga butunlay oʻxshamasdi. Juda achchiq. Jumaboyning toqati toq boʻldi. Boya chivinning vizillashiga chiday olmagan odam uchun itning achchiq vovullashi endi oʻtib tushgan edi.

– Laʼnatining ovozini eshityapsanmi? He, yuvindi bergan egangga oʻxshamay oʻl! Aynimagan sening oʻzing! – baqirdi u Arzibekaga.

Arzibeka ham indamay yotaverishga sabri chidamay, “nima balo urdi bugun bularni?” – deb gunkillaganicha tashqariga chiqib ketdi. Qutlioyoq ovcharkanikiday uzun quloqlarini tikraytirganicha hurishda davom etardi.

– Yot-ye! – bobilladi kampir odatdagidek kuygalaklanib. – Xudoning qutlugʻ kunida nima bunchalik jin urib qoldi seni? Boʻldi-ye! Yot, qani! Kampir qoʻliga ilingan kesakni it tomonga otganidan keyingina vangʻillagan Qutlioyoqning uni uchdi.

– Ha, nima boʻlibdi? Yov keptimi? Buncha dov qiladi? Bitta itga soʻzingni oʻtkazib, jilovini tortib kelolmadingmi?

Jumaboyning bunaqa chimchima gaplarini eshitaverib qulogʻi koʻnikib ketgan kampir indamay uyga qadam qoʻygan edi, itning navbatdagi vovullashidan xuddi badaniga tikan kirganday portlab ketdi:

– Yugruklanavermay ana oʻzing beraqol! Bunga ham bugun bir balo boʻlgan oʻzi, ha, hansiramay oʻlgur!

Kampir hali ogʻzini yopmay turib, it yana boshlab yubordi:

– Uv-v, uv-v!

Jumaboy sakrab turdi. Shusiz ham bugun kun boʻyi tushkun kayfiyatda yurgani ozmidi?! Chol endi oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi.

– Hozir ogʻzini yopmasa, manov itni oʻzimgina borib oʻldiraman!

Uning dagʻdagʻasini Qutlioyoq eshitdimi, eshitmadimi, yana hurib cholning jigʻildoniga tega boshladi. Jumaboyning dardi chidamadi, otilib kiyinib, mushtini koʻtarib sirtga chiqdi. Uy egasining yomon shasht bilan kelayotganini sezgan it ovozini pasaytirib, poliz adogʻiga qarab qochdi.

– Hah otangning!.. uvlashing qora boshingni yesin!

Jumaboy timirskalanib, yerdan nimanidir oldi-da, itning ovozi bira-toʻla tinganiga ishonch hosil qilgach, soʻzlanib yurib uyga shoʻngʻidi. Qani shundan keyin uyqusi kelsa! Ikki koʻzi toʻstagʻonday[1] boʻlib baqrayib yotdi-da qoʻydi. Uning xayol tizginidan nelar oʻtmadi deysan. Koʻzini yumsa mangulik uyquga ketadiganday, allaqayerdagi oʻylar bilan oʻzini aldab yotdi. Bolaligidan boshlab, to butungi kungacha boʻlgan umrini koʻz oldidan oʻtkazdi. Bari-barini esga oldi. Hatto bundan ancha yillar burun joʻrasi Doʻsimbetning sigiri oʻraga tushib ketib, tiqilib kolganida, chiqarib olishga yordamlashish oʻrniga koʻz-koʻraki ketib kolgani, koʻshni Beyimbet chol bilan aytishib kolganlari, har gal xotinining jigʻildoniga tegib janjallashganlari – barini eslab pushaymon oʻtida qovrildi. Shunda Qutlioyoqqa qilgan jahli oʻziga beʼmani tuyula boshladi… pishillab uxlab yotgan xoʻstori[2]ni turtkilab uygʻotgisi keldi: ammo bu turtkilashlardan biror bir ish chiqishiga koʻzi yetmadi. Shu payt hayolida bir fikr chir-gubalak aylandi. Bugungi kungi tinchsizlik, itning ulishlari – bari bekorga emasdir?! Bularda bir gap boʻlishi kerak! “Umrimga nuqta[3] qoʻyiladigan soat yaqinlashmoqda…”

Jumaboy betoqatlanib, yota olmay, yana oʻrnidan turdi. “Hech boʻlmasa soʻnggi damlarimda xoʻstorimning uyqusini buzmayin…” deb, oyoq uchida yurib qoʻshni boʻlmaga chiqdi. Derazadan dalaga nazar tashladi. Qutlioyoq aytadiganini aytib, iniga kirib ketgan, atrof jimjitlik. Osmonda oy qalqib, yulduzlar jimirlashadi. Ana, yulduz uchdi! Kimdir narigi dunyoga ravona boʻldi. Chol nimalarnidir shivirladi. Oʻzini yovondalada, sardanglab, podasidan ayrilgan qoʻyday sezdi. Deraza koʻzini ochdi. Qangʻib kelgan shamol betiga urildi. Oxirgi damlarini olayotganday chuqur-chuqur nafas oldi. Sudralib kelib toʻshakka qiyshaydi-da, koʻzini yumdi. Uzoq tin oldi. Allaqayerdadir chinqirab-chirillayotgan hasharotlarning ovozi, quloqlariga tol-tol kelib turdi… Tongsaharda Oysara kampirning qichqiroq xoʻrozining “sayrogʻi”dan uygʻonib ketgan Arzibeka boʻlmaga tushgan quyosh sagʻim[4]ini koʻrib oʻrnidan uchib turdi.

– Oʻy-boy! Qurib ketgur! Mushukday pirillab uxlab qolganimni qarang-a! Har kuni xoʻrozday tepkilab turtadigan bunga nima boʻldi? Bugʻib yotishiga qaranglar!

U soʻylanib yurib roʻmolini boshiga oʻradi. Erini uygʻotmoqchi boʻlib, soʻng yana oʻziga hay berdi.

– Qoʻy, bechora uxlayversin! Kech turgani bilan, nima, qolib borayotgan ishi bormi? Shirin uyqusini qiygan odam oʻziga ogʻir gunoh orttiradi, deyishadi. Umrim oxirlab borayotganda, oʻzimga gunoh orttirib nima qilaman? Undan koʻra, azongi choyga oʻzim-oq oʻralashaverayin…

Choy tayyor boʻldi. Dasturxon yozildi. Turadigan Jumaboy yoʻq. Arzibekaning tinchi buzildi. Cholining bunchalik qattiq uxlab qolishini birinchi marta koʻrganday alviradi.

– Shovvozim[5], tursangchi, choy tayyor boʻldi. Quyoshning toʻbaga koʻtarilib ketgani qachonlar! – turtkilab qichqirdi u.

Jimjitlik!

– Jumaboy, omonmisan? Tursang-chi, meni, qoʻrqitma! Bu nima choʻzilib yotish! – ovozi buzilib, koʻziga yosh keldi kampirning.

Jumaboy ortiq chidab yotolmadi, pirqillab kulib yubordi.

– Seni bir qoʻrqitmoqchi edim, uniyam koʻngildagiday eplolmadim. Mendan ham xavotirlanar ekansan-ku. men umr boʻyi sendan tek achchiq soʻzlarni eshitib oʻtib ketamanmi deb yuribman.

– Tur-ye! Goʻdak boʻlmay ket! Men nima qaygʻudaman-u, qoʻbizim nima deydi!

Arzibeka arazlab nari ketdi. Jumaboy yayrab kuldi, dunyoga yangi kelgan goʻdakday koʻngli toʻlib-toshdi. Oʻrnidan shahd bilan turar ekan:

– Xudoga shukr! – deb shivirladi. Shu shivirlashi bilan nimanidir pichirlab, ikki qoʻllab yuzlarini siladi. U hali bunaqa shukrona soʻzlarni koʻp bora aytishidan umidvorlik tuydi.

 

Qoraqalpoqchadan

Muzaffar AHMAD

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–5

 


[1] Toʻstagʻon – qimiz, qimron, boʻza ichishga moʻljallab yoʻnib ishlangan yogʻoch idish, ayoq (bu soʻz Navoiy lugʻatida ham bor!

[2]  Xoʻstor – umr yoʻldoshi, juft haloli, mehribon degan maʼnolarni bildiradi.

[3] Nuqta – arab alifbosida harf ustiga qoʻyiladigan belgi.

[4] Sagʻim – bu yerda, quyoshning uy ichiga tushib turgan dasta nuri.

[5] Shovvozim – qoraqalpoq ayollari, erlariga shunday murojaat qiladilar (izohlar tarjimonniki).

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.