Shubha

0
146
marta koʻrilgan.

Ishxonadan ahmoqona topshiriq oldim. Bugunoq kechki poyezdda poytaxtdan Buxoroga yoʻl olib, uch kunlik ishni bir sutkada bitirib qaytishim kerak emish.

Kupega chiqqanimda ikki ishi – choʻzinchoq yuzli, qorachadan kelgan, soch-soqoli oʻsgan, sertuk bir odam, uning yonida, qahraton boʻlishiga qaramay, yupungina kiyingan, mushaklari burtib chiqqan, qoramagʻiz yigit bor edi. Salomimga hafsalasizlik bilan alik olishdi.

Men ham ortiqcha eʼtibor bermay, sumkamning zanjirqulfini mahkamlab, ustidan bogʻichini ham ikki-uch qayta tangʻidim-da, oʻrindiq tagiga tiqdim. Paltomni yechib, pul, hujjat va boshqa lash-lushlarimni yon choʻntaklarimga soldim-da, sumkamning ustidan tashlab qoʻydim. Saranjomlagach, joyimga oʻrnashib oldim. Mundoq qarasam, ikkisi ham tek qotgancha, menga taajjublanib turibdi. Hayron boʻldim.

– Ha, aka, tinchlikmi? – dedim noqulay vaziyatga oydinlik kiritish uchun.

Soqolli odam yigitga maʼnoli tikildi-da:

– Uka, birinchi marta uzoqroq joyga yoʻlga chiqyapsizmi deyman? – dedi doʻrillagan ovozda.

– Yoʻq, – dedim. – Nega soʻrayapsiz?

– Yo biz oʻgʻriga oʻxshaymizmi? – dedi u tagdor qilib. – Ayting, kissavurga oʻxshaymizmi?

Rosti, men uning muddaosiga uncha tushunmadim. Hali salom yoʻq, alik yoʻq – bu taʼnalar nechun axir? Dangal soʻradim:

– Aka, tushunmadim sizni, biror gapingiz boʻlsa, ochiq aytavering, nima gap oʻzi?

– Hay, avval oʻtiring-chi, mundoq. Tanishib olaylik-chi?

Soqolli kishi shoir ekan. Bir-ikki sheʼr oʻqidi, xiyla mazmundor, dardli, oʻtli-shudli sheʼrlar. Faqat shoir nomi Minorai Kalondan nariga oʻtmagan, amalu shon-shuhratga talpinmagan ijodkor ekan.

– Zoʻr shoir ekansiz-ku! – dedim maqtab.

– Hay, qoʻyavering, uka. Lekin boya odamni yomon xafa qildingiz, – dedi u.

– Ie, aka! – dedim. – Aytgancha, shundan gapiring siz, nima boʻldi oʻzi boya?

Shoir vagon oynasidan tashqariga qarab, esnadi. Soʻng bamaylixotir gap boshladi:

– Qarasam, xuddi ichi tillaga toʻladay, sumkangizni rosa oʻrab-chirmadingiz. Xuddi biz oʻgʻri-yu, koʻzingizni shamgʻalat qilib, yombilaringizni oʻmarib ketadiganday. Tovba, shunchayam ehtiyotkor boʻladimi odam? Mana, bizning bor lash-lushimiz oʻrtada, hech kimdan qoʻrqmay, qoʻyib qoʻyibmiz-ku. Umr boʻyi yoʻlda yuribmiz, poyezdda bormagan joyimiz qolmadi, shukr, shu paytgacha hech kim oʻgʻirlamagan.

“Iya, ha!… Gap bu yoqda ekan-da? Mening ehtiyotkorligim bularga ogʻir botibdi-da? Demak, koʻngli toza odamlar ekan”, deb oʻyladim.

Darhol “ayb”imni yuvish uchun gapni hazilga burdim:

– Shoir aka, oʻzingni ehtiyot qil – qoʻshningni oʻgʻri tutma, degan ekan Amir Olimxon degan bir bobokaloningiz. Ming bor uzr, toʻgʻri tushuning, sizlarni oʻgʻri tutib, ahmoq boʻlibmanmi? Harbiylik kasali bu, aka, saranjomlikni yaxshi koʻramiz.

– Eh-he, uka, – dedi shoir shogirdiga qosh uchirib. – Buni qarang-a. Oʻgʻri boʻlganimda hozirgidan tuzukroq yashardim… Koʻrib turibsiz, topgan boyligim bir kapa-yu, uch bola. Qolgani mana, shu boʻldi, – u qalinligi piyozning poʻstiday keladigan kitobchani koʻrsatdi. – Toshkentga nashriyotga kelgandim. Yangi, kecha chiqdi!

U kitobchani menga uzatdi.

Vagon kuzatuvchisi choy olib kirguncha tanishib ham oldik. Anavi yigit shoirning shogirdi, asli janub viloyatlaridan biridan boʻlib, ustozinikiga – Buxoroga mehmonga ketayotgan ekan.

Gurungimiz bir qizib, bir uzilib qolaverdi. Qovun tushirib, shagʻal toʻkib oʻtirdik. Men esa ahyon-ahyonda oynadan tashqariga qarab qoʻyaman. Poyezd bir zaylda borar, qorongʻida yaqin-olisdagi uylarning miltillagan chiroqlari shuʼlasini bir-bir kesib oʻtar, bunday paytda odam yolgʻiz qolib, oynadan yon-atrofga sochilgan chiroqlar yogʻdusini tomosha qilib, zavq olgisi keladi. Lekin yoningda sheriklaring boʻlsa, boz ustiga, ular shoir boʻlsa, gurung zavqi boʻlakcha ekan-da.

Kupeda toʻrt kishilik joy boʻlib, negadir toʻrtinchi oʻrindiq boʻsh edi. Shoir boʻsh turgan ana shu oʻrindiqni ham oʻzginasi “ishgʻol” qilgan, oyogʻini uzatib, yonboshlab, choʻzilib ketyapti. Ancha vaqtdan keyin suhbat mavzusi yana menga kelib taqaldi.

– Oʻgʻirlik nimaligini bilmaysizlar-da sizlar, – dedi u. Aftidan, koʻproq gapirgisi kelar, vaqtni xush oʻtkazib, olis yoʻl azobini yengishni istardi.

– Oʻn yilcha avval shaharga bozorga tushgandim, – deya bir voqeani gapira boshladi shoir soʻlish olar ekan. – Bilasiz, bozor – oʻgʻri ham, toʻgʻri ham boradigan joy. Tiqilinchda yerga qarab ketayotgandim. Shu payt deng, oldimda ketayotgan bir xotinning choʻntagidan ikki dasta pul tushib qoldi. Shundoqqina koʻrdi-a. Boshqalar oyoq osti qilib, bosib oʻtmasin, deya egasini toʻxtatishga ham ulgurmayoq, darhol pulni olmoqchi boʻlib engashgandim, bir nima boshimga qarsillab tegdi. Koʻzimdan oʻt chaqnab ketdi. Pul toʻrt dasta boʻlib koʻrindi. Gandiraklab qaddimni zoʻrgʻa tikladim. Qarshimda boyagi xotin turar, qoʻlida yomgʻirpoʻsh. U shartta qoʻlimga yopishdi-yu, “Pulimni oʻgʻirladi”, deya dod sola ketdi.

Hamma qaradi. Olomon ayolning dodidan tahlikaga tushib, oʻrab oldi, uch-toʻrtovi qoʻlimga chang soldi. Toʻs-toʻpolon boʻlib ketdi.

Men: “Pulingiz tushib qoldi, olib, sizga bermoqchi edim”, deb qayta-qayta baqiraman, qani birov eshitsa… Alam qilar ekan, uka. Aybsiz aybdor boʻldim-qoldim. Gapimga hech kim ishonmadi. Bunday adolatsizlikka chidab boʻlmaydi.

Birpasda qayerdandir melisa paydo boʻlib, bozor yaqinidagi idorasiga olib ketdi. Ikkimizdan ham yozma tushuntirish oldi. Pulni xotinga berib, unga allanimalar dedi-da, chiqarib yubordi. Xotin shallaqilik qilib-qilib ketdi.

Uni kuzatib qaytgan melisa:

– Omadingiz bor ekan, xudo bir saqlabdi sizni, aka! – dedi.

– Nega? – dedim.

– U juda yomon xotin. Nomi chiqqan. Shantaj qilib odamlarning shoʻrini quritmoqchi boʻladi. Sizni ham sudga beraman, deb poʻpisa qilib, ancha-munchaga tushirishi mumkin edi. Yaxshiyam, shu bozorda odamlarni shantaj qilayotgan mahal biz borib qolganmiz.

Oʻshanda, ishonasizmi, kuppa-kunduz kuni oʻgʻriga chiqdim-qoldim. Odamlar menga yeb qoʻyguday qaradi. Ich-ichimdan oʻzimni oqlasam ham, hamma seni oʻgʻri deb turgandan keyin, qoʻlingdan hech nima kelmas ekan. Yomon alam qilgan, uka. Men oʻzi birovning haqidan hazar qiladigan odamman. Kapang kuygur oʻsha xotinning gʻamini yemasdan, puli loy-shilta boʻlsa-da, menga nima deb oʻtib ketsam, birov bir nima demas edi. Lekin soddamiz, birovga yaxshilik qilay deb pand ham yeymiz-da…

Shoir jim boʻldi. Oʻychan oʻtirdi.

Shogird yigit unga hozirgina damlangan choynakdan bir piyola issiq choy uzatdi. Soʻng yigit, eslasam, hozir ham yuragimni jiz ettiradigan hikoyani – oʻz boshidan oʻtkazgan voqeani ayta boshladi.

– Oʻshanda toʻqqiz yo oʻn yoshda edim, – deya xotirladi yigit. – Eslaysizmi, ustoz, ilgari sizgayam aytib bergandim buni, yil qurgʻoqchil kelib, butun qishlogʻimiz sillasi qurigan edi. Odamlar oʻrim mahali angarga tushib qolgan boshoqlarni terib, savalab ezib, shamolga sovurib, bugʻdoy olar, oʻngani naf deb, bir togʻorami, yarim qopmi – yigʻilganicha tegirmonga oborar, shu zaylda nonni shirin qilib yeb, qozonni suvga tashlab qoʻygan edi. Oʻsha yili negadir boshqa ekin-tikin ham yaxshi unmadi.

Otam ikkimiz ne-ne umidlar bilan ekkan lalmi tarvuz-qovunning jaziramada palagi soʻlib, ahvolimizni tagʻin ham tang qildi. Tomorqamizga ekkan kartoshka-piyoz ham suv taqchilligi, vaqtida sugʻorilmagani uchun yaxshi boʻlmadi.

Dard ustiga chipqon deganday, otam ukasi Maʼruf amakim bilan “sen-men”ga borib, arazlashib qolgan edi. Oqibatda hovlimiz oʻrtasidan devor koʻtarilib, bir-birimiznikiga qadamimiz qirqilgan edi.

Amakim qishloq xoʻjaligi sohasida ishlar, daromadi tuzukkina, uncha-muncha narsa ogʻzining yeli edi.

Kunlarning birida u hovlisiga bir traktor piyoz toʻkdi. Traktor ovozini eshitib, onam devor osha qaradi. Keyin uyga kirib, otamga:

– Ukangiz bir traktor piyoz opkeldi. Urishmaganingizda, bizgayam bir qop – yarim qop berardi, – dedi.

Otam indamadi. Bir xoʻrsinib qoʻydi. Men jim turib eshitdim. Bilardimki, bugun ham onam kechga tuzukroq ovqat qilolmagan. Chunki uyimizda na kartoshka, na piyoz bor edi. Ogʻzimiz toʻlib goʻsht chaynamaganimizga ham ancha zamon boʻlgan. Hali kuz kelmasdan, tomorqamiz ship-shiydam boʻlib yotar, bozordan olishga ham otamning puli yoʻq, oʻzi ishlari yurishmay, qoʻli kaltalikdan koʻkragini zaxga berib yotgan payti edi. Roʻzgʻorda un qopimiz ham, kartoshka-piyoz toʻrvalarimiz ham boʻshab qolgandi.

– Nega indamaysiz? – dedi onam kuyunib. Onamning ovozida alamzadalik bor edi.

Otam yana oʻychan xoʻrsindi. Soʻng bir ogʻiz:

– Nima qilay? – dedi. – Tushirgan ekan, haloli boʻlsin. Senga nima?

Onam jim boʻldi. Boshqa gapirmadi. Faqat bir fursatdan soʻng izidan oshxonaga kirganimda, koʻzi jiqqa yosh, qoʻllari titrab, asabiylashib, choʻmichni taq-toʻq qilib, qozonga unnab yotgan ekan. Rahmim kelib ketdi.

– Ona, nega yigʻlayapsiz? Yigʻlamang, – dedim. Onam koʻz yoshini artdi.

– Yigʻlamayapman, bolam, – dedi. – Piyoz achchiq ekan…

Sezib turardim, onam yolgʻon gapiryapti. Axir tuxum qovuryapti-ku. Qolaversa, uyda piyoz yoʻq edi…

Men ham sir boy bermadim, indamay qoʻya qoldim. Uyga kirsam, otam mollarga somon solaman deb chiqib ketdi. Oʻzi boyagina mollarga yemish berib, ogʻilxonaga qamab kelgan edi…

Men otamning ham, onamning ham ichini yemirayotgan tuygʻuni yaxshi his qilib turardim… U mahallar qiynalayotgan faqat biz emas edik. Amakimga oʻxshagan bir hovuch oʻziga toʻqlar hisobmas, albatta. Ana shular boshqacha yashardi, xolos.

Amakimning men tenggi oʻgʻillari bilan har kuni birga oʻynardik. Hovlimiz oʻrtasiga devor tushgandan soʻng tez-tez devor boʻylab, bir-birimizga qaraymiz-u, birga oʻynay olmaymiz. Kattalar koʻrsa, urishardi. Axir otalarimiz – jon jigarlar ginador, manavi devor bekor koʻtarilmagan-da… Shu bois oʻyinga mahtal boʻlib ketgan mahallar faqat devordan hovlimizga moʻralaymiz.

Koʻrdim, uch-toʻrt kun mobaynida amakimning piyozi tashqarida yotdi. Yangam har zamon – har zamonda saralab, qopga joylab, omborxonasiga kiritib qoʻyardi.

Bir necha kundan soʻng devordan bir qaraganimda, piyoz uyumi xuddi yomgʻirga choʻkkan goʻrday pasayib, yerga singib, bir qismigina qolgan, piyozpoʻsti hamma yoqqa qoʻqib yotar, yangam tovuq, kurkalarini katakdan boʻshatib yuborar, ular esa yugura solib uyum atrofini titar edi.

Oʻsha oqshom kun juda sovuq boʻldi. Qorongʻi tushgan, onam yana tuxum qovurayotgan edi.

– Otang odam boʻlmadi, – dedi onam xunobi oshib. – Amaking ham chorigʻini unutdi. Akam, jigarim-da shuyam, deb bir qopgina boʻlsayam bermadi-ya. Devordan oshirib tashlasayam boʻlardi. Bir traktor piyozli boyvuchcha yarmini tovugʻiga yedirib oʻtiribdi, ustimizdan kulganday. Otangning ham haqi bor edi-ku unda…

Chidam turolmadim. Oʻpkam toʻlib ketdi…

…Keksa tutimiz shoxiga chiqib, sovuqda qalt-qatl etgancha, qorongʻi tushishini kutdim. Shartta chelakni koʻtarib, devor yoniga borishga bordim-u, oshib oʻtishga ikkilanib qoldim. Axir hech qachon birovdan soʻramay, narsa olmaganman.

Lekin onamning oʻsha kungi holati, mungʻayib oʻtirishi koʻz oldimga keldi, boya aytgan gapi qulogʻimdan ketmayapti.

Nomard amakim… Otam avvallari uyimizga biror nimani doʻrjiroq olib kelsa, albatta, amakimga ham mendan berib yuborar, bolalarining ham ogʻzi tegsin, derdi. Amakim esa mana shu devor tiklangandan beri rosa bemehr boʻldi. Ichimda uni rosa soʻkdim.

Soʻng koʻzimni chirt yumdim-u, dadillandim. Alam bilan bir sakrab, devorga chiqdim. Amakimning derazasiga moʻralasam, hammasi televizor koʻrib oʻtirabdi. Devordan oshib tushishim bilan kuchugi dumini likillatib keldi. Non-pon berishimni kutdi. “Bobik, tur, yoʻqol!” degandim, indamay ketdi.

Bu kuchukni amakimning oʻgʻliga men oʻzim olib kelib berganman, uni yaxshi koʻrardim, doim non berganim uchun menga oʻrganib qolgandi. Hovlimizga devor tushgandan beri u ham meni sogʻingan, shekilli, erkalangisi keldi, “yoʻqol”, deganimga xafa boʻlib ketdi.

Amakimning uyidan hech kim chiqib qolmasligiga ishonch hosil qilgach, piyoz uyumi tomon oyogʻimning uchida yurib bordim. Soʻng uyum orasidan apil-tapil qoʻlga ilashgan piyozni chelakka sola boshladim. Qorongʻida hech nima koʻrinmasdi. Faqat paypaslab, poʻstloqlar orasini gʻijimlab koʻrib, irimagan, boʻshab qolmaganlarini solaverdim.

Idish yarim boʻlmasidan, nimadir shaqirlab ketdi. Darhol piyoz uyumi ustiga pusib yotib oldim. Uy eshigi ochilib, kimdir chiqdi. Qarasam, amakim. Ustida chopon, quloqchinli telpak kiygan, qoʻlida fonari bor. Bu manzara derazadan tushib turgan yorugʻda juda vahimali koʻrindi.

Bilasizmi, oʻsha damda koʻnglimdan nima oʻtdi? Amakim hozir keladi-yu, oʻgʻirlik ustida ushlab oladi. Oʻz jigarim boʻla turib, oʻgʻirlik qildingmi, deya oʻlasi qilib kaltaklaydi, keyin sudrab, otamning oyogʻi ostiga otib yuboradi, deb oʻyladim. Ursa, chidarman, lekin bu gap hamma yoqqa tarqalsa, ertaga kim degan odam boʻlaman? Men oʻgʻri boʻlamanmi? Men-a? Maktabda doim “besh” olayotgan odam-a?

Taqdirga tan berib, sasimni chiqarmay, koʻzimni chirt yumib oldim. Qadam tovushi tobora yaqinlashib kelar, yuragim taka-puka boʻla boshladi. Juda qattiq qoʻrqdim. Lekin, xayriyat, oyoq tovushi uzoqlashib, eshitilmay qoldi. Quloq solib turdim, amakim molxonasining tunuka eshigini taraqlatib ochdi. Fonarini yoqib, mol-holini koʻzdan kechirdi. Soʻng ortga qaytdi. Men yana boyagi alfozda, bu safar fonarning yorugʻi shundoq yonginamni yoritib oʻtganini sezib, battar vahimaga tushdim.

Biroq amakim yana meni koʻrmadi. Ana, hushtak chalib, past ovozda qoʻshiq xirgoyi qilgancha uyiga kiryapti. U eshigini ichkaridan qulflagani eshitilguncha adoyi tamom boʻldim.

Keyin yanayam tezroq harakat qilib, piyozni tanlamasdan chelakka solaverdim. Harna, tezroq bu yerdan ketay.

Chelak toʻlgach, jiddat bilan devordan oshib oʻtdim-u, yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Piyozni shu turishda oshxonamizga kiritib qoʻydim-u, qoʻlimni yuvib, uyga kirdim. Onam choy ichib oʻtirgan ekan. Otam haliyam oshnasinikidan uyga kelmagan, ukam va singillarim uxlab qolgan.

– Qayerda yuribsan? – dedi onam.

– Hech qayerda… – dedim men. Butun vujudim titroqda, qoʻlim qalt-qalt etardi.

Onam menga yemak suzib bergani oshxonaga ketdi. Zum oʻtmay, qaytib keldi. Koʻzi toʻla yosh edi.

– Qayerdan olding? – dedi ovozi titrab.

Men yer chizib turaverdim. Bir mahal quloq-chakkam charsillab ketdi. Keyin yuzim lovullab yona boshladi.

– Ha, oʻgʻirlagan qoʻlginang sinsin sening! Tez koʻzimdan yoʻqot uni! – deya baqirdi onam.

Tik turgancha unsiz yigʻlab yubordim. Onam qargʻadi.

Alam bilan piyozni devordan qaytarib otmoqchi boʻlib oʻrnimdan turib ketayotgandim, yoʻlimni toʻsdi. Meni bagʻriga bosib yigʻladi. Onamning xalatidan oʻtin isi kelardi, boshimga koʻz yoshi tomib, yuragimni battar ezdi.

– Iloyim, bu kunlarni koʻrmaganday boʻlib ketaylik, bolam, – dedi. Keyin sal yumshadi: – Qilgʻiliqni qilib boʻlibsan, endi ertaga chuqurga toʻkib yuborasan!

Men ancha vaqtgacha karaxt holda, oʻzimni kechirolmay yurdim. Amakim tarafga qarashga yuragim betlamadi. Devorga yaqin yoʻlay olmadim.

Oradan yillar oʻtdi. Bir kuni amakimning boshiga kulfat tushib, oʻzi keldi. Otam uning holini koʻrib, araz-ginani unutdi. Yarashdi. Oʻrtamizdagi devor ham darrov buzildi. Hovlimiz yana keng boʻldi.

Ana shunday kunlarning birida, kenja amakimning uylanish toʻyida Maʼruf amakim mast boʻlib qoldi. Tashqariga toza havo olgani chiqqanida meni yoniga chaqirdi.

– Murodjon, aylanay sendan, oʻqishlaring yaxshimi? – deb soʻradi tili zoʻrgʻa aylanib.

Amakimning mehri tovlanib turgandi. “Ha”, dedim.

– Sen yaxshi oʻqishing kerak, – dedi u yana. – Odam boʻlishing kerak. Bizning urugʻdan ham yaxshi odam chiqsin-da.

Men uyalib:

– Xoʻp, amaki, oʻqiyman, – dedim.

– Yoʻq, bilaman, sen yaxshi oʻqiysan, lekin… – dedi amakim chaynalib. – Hayotda yaxshi odam boʻlish uchun… halol yashash kerak. Oʻgʻirlik qilmaslik kerak-da…

Uh! Men shuncha vaqt hadiksirab yurganim… Onamdan oʻzga hech kim bilmadi, degan sirim. Koʻrgan ekan-da… Umrimda bir marta qilgan oʻgʻirligim ham oshkor boʻldi. Shuncha chekkan vijdon azobim bir taraf, amakimning ogʻzidan eshitgan bu gapim bir taraf boʻldi.

Mana, yigirma beshga kiryapman. Shu paytgacha amakim bu haqda boshqa gapirmadi. Lekin oʻsha voqeani eslasam, etim jimirlaydi. Har gal amakimning koʻziga koʻzim tushsa, uyalib ketaman. U xuddi “Sen oʻgʻrisan! Piyoz oʻgʻirlagansan”, deganday tuyulaveradi. Vijdon azobi deb mana buni aytsa boʻladi, akalar…

Biz shogird yigitning hikoyasini mutaassir boʻlib tingladik. Bu orada mening xijolatdan betim qizargani qoldi. Men shunday pokdomon, yaxshi odamlardan xavfsirab oʻtirganimga pushaymon boʻldim. Lekin sir boy bermadim. Aksiga olib, bularga men ham nimadir gapirib beray desam, hayotimda tayinarli voqea boʻlmagan ekan. Biroq…

…Xunuk voqea tong otib, Buxoro ostonasiga yaqinlashganimizda sodir boʻldi. Men tuni bilan mijja qoqmay, poyezdning taqa-tuq tebranishiga monand xayol surib borardim. Sheriklarim shirin uyquda.

Zerikkanimdan chekkim keldi. Kupedan chiqayotganimda, shoir yigit u yogʻidan bu yogʻiga agʻdarilib, boshini choyshabga oʻragancha, xurrak otib yotardi. Qarab, miriqib orom olayotgan bu yigitga havasim keldi. Yoʻlda uxlay olmay, bedor ketadigan menday odamga qiyin, deb oʻyladim.

Tamburdan qaytib keldim-u, joyimga choʻzildim. Shu yotishda bir qush uyqusini olibman. Bir mahal kimdir turtdi. Koʻzimni ochsam, shoir tepamda turibdi.

– Uka, sumkamni kim kovlaganini koʻrmadingizmi? – dedi.

Oʻrnimdan sapchib turdim. Qarasam, uning sumkasi yerda yotar, zanjirqulfi ochiq, ichidan kiyim-kechak, non, oʻrogʻliq qogʻozlar koʻrinib turibdi.

– Yoʻq, nima boʻldi? – dedim dovdirab.

– Pulimni oʻgʻirlabdi, – dedi u.

Boshimga bolgʻa bilan urganday boʻldi.

– Kim oʻgʻirlabdi? – dedim sarosimaga tushib.

– Shuni sizdan soʻrayapman-da, – dedi shoir. – Eshikni siz ochiq qoldirganmidingiz?

Uh! Oʻlay agar, shamasi qattiq tegib ketdi. Boya chekkani chiqib kelganimda, eshik ochiq qolgan ekan-da, deb oʻyladim…

– Bilmayman, aka, chin soʻzim, – dedim. – Rosti, hech kimni koʻrmadim bu yerda…

Ustoz-shogird gapimga ishonqiramadi. Vagon kuzatuvchisini chaqirib, toʻpolon qildi. U ham xom sut emgan banda boʻlsa, qoʻlidan nima kelardi.

– Ehtiyot boʻlmaysizmi, aka? – dedi, xolos.

Men esa unga qancha taskin bermay, Bari bir oʻzimni gunohkorday sezaverdim. Toʻgʻri, tamburga chiqdim, ehtimol, eshikni ochiq qoldirgandirman, lekin… Men emas-ku… Biroq isbot-dalilim ham yoʻq edi. Nima qilay, ularga men oʻgʻri emasligimni qanday tushuntiraman?

Poyezd vokzalga kelib toʻxtadi. Hamma tushishga taraddudlandi. Men ham oʻrab-chirmagan sumkamni olib, vagondan tushayotib, soqolli shoirning:

– Oʻzi pismiqqa oʻxshab, jim kelayotganidan biluvdim… Ehtiyotkorligidan sezganday boʻluvdim-a… – deya mingʻirlaganini eshitdim.

Eshitdim-u, tishimni tishimga bosdim. Yomon alam qildi. Ichimda: “Piyozni oxirigacha yegan ekansan-da”, dedim-u, perron boʻylab shart-shurt yurib ketdim. Meni bundan ham noxush voqea – ahmoqona topshiriq kutib turgan edi…

2016 yil

Jasur KENGBOYEV

 

“Ijod olami”, 2017–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.