Shohsanam

0
2460
marta koʻrilgan.

Aziz onajonim

Mastura Shirinxoʻja qizi

xotirasiga bagʻishlayman


 

Meni debon sabil boʻlding, Sanamjon…

Dostondan

 

…Qadim zamonda, janub tomonda Diyorbakir degan mamlakat boʻlgan ekan. Mamlakat podshosini Shoh Abbos deyisharkan. Shoh Abbos ovga ishqivoz ekan. U bir kuni Hasan degan vaziri bilan ovga chiqibdi. Ov qilib yursa, oldidan quyon chiqib qopti. Podsho kamonini rostlab otmoqchi boʻpti. Qarasa, quyon boʻgʻoz ekan. Podsho uyida qolgan ikkiqat xotinini eslabdi-da, quyonni otmasdan oʻtkazib yuboribdi. Ovdan keyin bu gapni vaziriga aytsa, vaziri kulibdi.

– E, podshohim, oʻsha quyon mengayam uchradi. Otishga qoʻlim bormay, menam uni oʻtkazib yubordim, – debdi dono vazir.

Bu gapdan podshoning koʻngli iyib ketibdi-da:

– Hasan, – debdi, – agar mening xotinim oʻgʻil tugʻib, seniki qiz tugʻsa, qizingni oʻgʻlimga berasan. Agar sen oʻgʻilli boʻlib, men qiz koʻrsam, qizimni berayin, quda boʻlaylik…

Keyin, kimda kim soʻzidan qaytsa, laʼnatga giriftor boʻlsin, deb qasam ichishibdi. Podsho ahdnoma yozdirib, muhr bosibdi-da, Hasan vazirning qoʻliga tutqazibdi.

Oradan oyu kunlar oʻtib, Shoh Abbos qizlik boʻlibdi. Qizga Shohsanam deb ot qoʻyibdilar. Hasan vazir oʻgʻil koʻribdi. Oʻgʻliga Gʻarib deb ot qoʻyibdi. Men bu yurtlarga gʻarib boʻlib kep qolganman, oʻgʻlimning oti Gʻarib boʻlsin, debdi…

* * *

Shohsanam, bu ertakni bir paytlar ayamdan eshitardik.

Ayamning ertaklari koʻp edi, bizga qayta-qayta aytib berishdan charchamasdi. Sen aytmaganiga ham qoʻymasding, mittigina boʻlib qoʻyniga kirib olarding-da, maʼtal aytib bering, xolajon, deb turib olarding.

Sening otingni ayam qoʻygan. Havasli dunyo, bir kun kelib Shohsanam degan kelinim boʻlsin, oʻgʻlimning Shohsanam degan qalligʻi boʻlsin, degan-da onaizor. Mening otimni esa sening ayang qoʻygan. Armonli dunyo, Maqsad momoning Mahmud degan oʻgʻli urushdan qaytmagan ekan. Oʻshaning nomi oʻchmasin deb…

* * *

Shohsanam, seni birinchi marta qachon, qay yerda, qay holatda koʻrgan ekanman-a?..

Menimcha bunday boʻlgan: tugʻilgansan, tugʻruqxonadan olib chiqishgan. Ayam ikkimiz sizlarnikiga borganmiz. Oppoq yoʻrgakdagi jish chaqaloqni menga koʻrsatishgan. “Singling bilan tanishib ol. Yoqsa, qulogʻini tishlab qoʻygin”, degan ayang… Bundan chiqadi, sen dunyoga kelganingdan bir haftalar keyin koʻrishganmiz ikkimiz. Yana kim bilsin, balki bu koʻrishuv bir haftamas, undanam oldinroq yuz bergandir. Yaʼni kunora tugʻruqxonaga qatnagan ayam bir safar meniyam ergashtirib borgan va seni birinchi bor deraza ortidan, ikki yo uch kunligingda koʻrgandirman?!. Oʻki boʻlmasa, hali dunyoga kelmasimizdan oldinroq bir-birimizni koʻrgan, tanigan boʻlishimiz ham mumkin. Bunisi endi yolgʻiz Yaratganga ayon…

Bularning qay biri toʻgʻri – bir hafta keyinmi, ikki-uch kun oʻtibmi yoki hali tugʻilmasimizdan oldinmi, bilmayman. Shunisi aniqki, sal kam yetti milliard odam bolasi gʻimirlab yurgan bu roʻyi zaminga avval men, oradan ikki yil oʻtib esa sen kelgansan: men uchun, menga hamroh, hamnafas… boʻlish uchun kelgansan. Men avvalboshdanoq shunday oʻylar edim va bunga zarracha shubha qilmasdim. Avvalboshdan deymanu, lekin qachon, qay kun, qay soatda bunday fikrga kelganman, eslolmayman.

* * *

Oʻsha kuni maktabdan kelsam ayam hovlida koʻrinmadi. Boʻylab tomorqani koʻzdan kechirdim, yoʻq. Qoʻshniga chiqqan boʻlsalar kerak dedim. Portfelimni chorpoyaga tashlab, oʻzim bir chekkasiga oʻtirdim. Shovurimni payqagan qoʻylarim maʼray boshladi. Boshqa mahal boʻlganida maktabdan qaytishim bilan ulardan xabar olardim. Hozir bunga hafsalam kelmadi. Avval ayamga koʻzim tushsin, keyin…

Bugun maktabda ham fikru yodim unda boʻldi. Mana shu chorpoyada bir oʻzginasi tumshayib oʻtirgani, hayhotday hovlida timirskilanib yurgani koʻzimga koʻrinib ketaverdi… Ikki haftadan beri xolam shu yerda edi. Kecha dadamning yigirmasi oʻtdiyu, uyi tomondan mashina kuta boshladi. Joʻnab ketgan shekilli. Yoʻqsa, opa-singil chorpoyada gaplashib oʻtirgan boʻlishardi.

Ayam qayerdaykin?..

Zerikdim. Oʻrnimdan turdim-da, yuragim betlamay dahlizga kirdim. Oʻng qoʻldagi xona eshigiga qaramaslikka urinib, chapga – darsxonamga oʻtdim. Maktab kiyimlarimni shosha-pisha korjomaga almashtirib, dahlizga chiqdim. Chiqqan yerimda taqqa toʻxtadim. Roʻparadagi xonadan birovning piq-piq yigʻlagani eshitildi. Oʻzimni zoʻrlab eshikdan moʻraladim. Nim qorongʻu xona toʻrida oq doka roʻmol yopingan ayam oʻtirardi. Oldida erib tugayozgan sham lipillaydi. Ayam yigʻi aralash shivirlaydi.

Eshik oldida oʻtirdim. Tomogʻim gʻippa boʻgʻildi. Bir pas oʻtib, piqillab yigʻlab yubordim. Otamni qattiq qoʻmsaganimni, endi har qancha qoʻmsamay boshqa koʻrolmasligimni shu lahzada birdan angladim. Sitilib yigʻlayverdim. Bir mahal boshimda ayamning titroq qoʻllarini tuydim. “Turing, bolam, turing”, dedi u sochimni ohista silab. Hovliga chiqib, oʻzimni chorpoyaga yuztuban tashladimu, baralla hoʻngrab yubordim. “Otajon, otajonim!” derdim doʻrillagan ovozda. Ovozimdagi oʻzgarishni ham shu lahzada payqadim…

Yuzimni koʻrpachaga bosib yotibman: har kuni tushimda lopillab yoʻlga chiqadigan tobut koʻzimga koʻrinadi. Sinfdoshlarimning achinib qarashlari, sen bugun yoʻlda anchagacha gap boshlay olmay, oxiri beixtiyor sizlab yuborganingni eslayman. Koʻnglim boʻshashib, oʻksib yigʻlayveraman. Ayam boshimda indamay, qizargan koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha jimgina oʻtiradi…

Mollarga oʻt oʻrib kelgani joʻnadim. Hech narsaga alahsimay tezgina bir bogʻ oʻt oʻrib, orqalab uyga qaytdim. Ayam yolgʻiz qolsa yana yigʻlaydi, hadeb yigʻlayversa kasal boʻp qoladi degan vahimada edim.

Yoʻlda kelayotib, ulgʻaysam uni boshimda koʻtarib yuraman, deb ahd qildim.

* * *

Shom payti.

Ona-bola ulkan ishkom ostidagi katta chorpoyaning bir chetginasida oʻtiribmiz. Chinni tovoqda yupqagina moshkichiri suzilgan. Unga qoʻl uzatganimizcha yoʻq. Kimnidir kutayotganga oʻxshaymiz. Atrof qorongʻulashgani sari oʻz-oʻzimdan maʼyus tortib boryapman. Kunduzi oʻt oʻrib yurganimdagi gʻayratim, onamga suyanchiq boʻlaman, boshimda koʻtarib yuraman deya qilgan ahdlarim soʻnib qolganday.

Ayam hushyor tortib, menga qaradi.

– Mahmudxon bolam, qorningiz ochqamadimi?.. Oling, menga qaramang…

– Siz-chi?

– Men… ha, yeyman. Oling, bolam.

Ayam ovqatga uzaldi. Men ham. Luqma tomogʻimdan arang oʻtdi. Koʻzimdan duvva yosh quyildi. Otamning moshkichirini yoqtirishi, ota-bola bahslashib ovqat yeyishlarimiz yodimga tushib ketgandi. Sezdirmay koʻz yoshlarimni artdim. Lekin, hadeb burnimni torta boshladim.

Oʻrnimdan turdim.

– Ha, bolam?

– Aya, suv ichib kelay…

Shu asnoda darvoza tarafdan sening ovozingni eshitdim.

– Chiroqlari yoʻq-ku, aya, biror yoqqa ketishganmi?!

– Yoʻgʻe, qayoqqa ketishardi, qizim?!

Sen, ayang, ukang Jamshid ichkari kirdilaring.

– Oydinoy, Mahmudxon, qaydasizlar?.. – ovoz berdi ayang.

Ayam chorpoyadan tushdi. Men yugurib borib chiroqni yoqdim. Shu choqqacha esimizga kelmay, qorongʻuda oʻtiravergan ekanmiz. Uzun ayvon, darvozaxona, ishkom ostidagi chiroqlar baravar yonib, hamma yoq charaqlab ketdi. Aslida esa bundan sal oldinroq – sening ovozingni eshitganimdayoq hovlimiz yorishib ketgan edi nazarimda…

Dasturxon atrofidan joy oldik.

Oʻzimni qushday yengil sezardim. Ayamning ham chiroyi ochilgan edi.

– Juda charchabman bugun, qurib ketsin! “Shotutli”ni biram oʻt bosganki, aytguligi yoʻq, – dedi ayang horgʻin uf tortib. – Bir pas choʻzilib dam olay desam, Shohsanamingiz qoʻymadi, xolamlarnikiga boramiz, deb turib oldi. Manavisini uyqusini qochirib, boshlashib kelaverdik.

Ayam seni bagʻriga bosib, erkalab qoʻydi.

– Baraka top, qizim!

Oʻsha kechasi ne mahalgacha oʻtirdilaring. Jamshid mening tizzamda uxlab qoldi. Oʻshanda nima gap-soʻzlar boʻldi – unchalik esimda yoʻq. Lekin, sizlar eshikdan kirgan zahoti hovlimiz kundek yorishib ketgani xotiramda muhrlanib qolgan.

Shohsanam, bilasan, taqdir mening murgʻak boshimni koʻpam silamagan. Ota-onam olti farzand koʻrib, tutib qolishgani bitta men boʻlganman. Mendan oldingilari ham, keyingilari ham yoshiga yetar-yetmas nobud boʻlgan. Suyagim qotib ulgurmasdan otam ham… U har kuni oʻladi. Oppoq tobut har kuni lopillab yoʻlga tushadi. Ortidan izillab yuguraman. Izillab yigʻlagancha uygʻonib ketaman. Zimiston tun. Ayamning titroq qoʻllari. Issiq-shoʻr koʻz yoshlari… Bularni eslash ogʻir. Lekin eslasam eslaguday voqealar, xotiralar ham borki, ular bolalik dunyomni nurlantirib turadi. Va ularning qay biri xotiramga kelmasin – hammasi sen bilan bogʻliq boʻlib chiqadi. Goʻyo taqdir oʻz oʻyinlaridan xijolat chekkanu, gunohini yengillatish uchunmi, seni dunyoga keltirgan va menga hamroh qilib qoʻygan…

Shularni oʻylarkanman, qayta-qayta amin boʻlamanki, sen men uchun yaratilgan eding, Shohsanam!..

* * *

Shohsanam, esingdami, sochingni hamisha ayam oʻrib qoʻyardi. Shunchalik hafsala bilan maydalab oʻrardiki, chilvir kokillaring orqa-oldingni tutib ketardi. Mittigina boʻla turib juda sersoch emasmiding?!

Ayam bir kuni odatdagiday sochingni oʻrib oʻtirib, oʻz-oʻzidan gap boshlab qoldi.

– Biyroncham, chaqaloq payting seni bir qiynab qoʻyganman-da!..

– Nima qilgansiz, xolajon? – deding sen yalt etib qarab.

Men xona toʻrida Jamshidga arifmetikadan misol yechishga koʻmaklashib turardim. Ayang sandalning narigi betida kashta tikib oʻtirardi.

– E, soʻrama, eslasam etim uvishadi, – deya hikoyasini boshladi ayam. – Aslida-ku, bariga ayang oʻzi sababchi edi. Seni menga tutqazib, peshingacha jimi gʻoyib boʻlib ketgandi.

– Qayoqqa, – deding hayron boʻlib.

– Dalaga-da! Ayangning odati – shahardan keldimi, dalani bir charx urib qaytmasa, xumori tarqamasdi. “Oydinxon, shuningizni bir pas oʻynatib turing”, dedi-da, eshikda kutib turgan xotin-xalajga qoʻshilib ketdi, bordi.… Avvaliga qiqir-qiqir kulib, men bilan rosa gaplashding. Keyin toʻpolon koʻtarib qolding-ku!.. Ari-pari chaqib oldimi, deb jon-ponim chiqib ketdi. U yoq, bu yogʻingni qarasam, hech narsa koʻrinmadi. Belanchakka solib tebratgandim, dunyoni boshingga koʻtarding. Darhol qoʻlimga olib, bagʻrimga bosdim. Tinchiding. Xayriyate, deb turgandim, qarasam, hadeb tumshuqchang bilan koʻkrak izlayapsan. E, bolam ochqab qopti-ku, dedim-da, Tursunoy qizimning sutli idishiga soʻrgʻich oʻtkazib, ogʻzingga tutdim. Shunday jahl bilan chirillab berdingki, qoʻrqqanimdan, xoʻp, xoʻp, tavba qildim devoribman…

Odatda ayam ertak aytayotganida sen besabrlik qilib, nega unday, nega bunday, deb soʻraganing soʻragan edi. Lekin hozir butun vujuding quloqqa aylanib, ayamning ogʻziga tikilib oʻtirarding. Jamshid ikkimiz ham darsni yigʻishtirib qoʻyib, ayamga quloq sola boshlagandik. Faqat Maʼmura xolamgina ishidan bosh koʻtarmas, lekin lablarida bilinar-bilinmas kulgu sezila boshlagandi…

– Koʻchaga koʻtarib chiqdim. Aytmoqchi, Mahmud akang ham yonimda, oʻzicha yigʻlamsirab, orqamdan qolmaydi. Koʻchaga chiqsam, Temur amaking eshigi oldida traktoriga unnalib turibdi. Ha, qizaloq janjal qilyaptimi, dedi ishidan bosh koʻtarib. Maʼmura opamdi qizi, qarab turing, deb tashlab ketuvdi. Xosiyat uydami, Temurjon, dedim. Hali kelmadi, nimaydi… Ha, shuni emizsin, degandim… Amakingni hayron qoldirib, jadal koʻcha boshiga qarab ketdim. Koʻchada zogʻ koʻrinmaydi. Sen boʻlsang, dam badam emmoqchi boʻlib suykalasan. E, yoʻq, senga mumkinmas, bir pas sabr qil, hozir ayang oʻlgir kep qolar, deyman yigʻlamoqdan beri boʻlib. Bigʻillab yigʻlab boshlashing bilan orqaga qaytdim.

– Oyti oʻzingiz emizsangiz boʻlmaydimi, bola bechorani ichi kuyib ketdi! – dedi Temur amaking achinib. Xoʻp, xoʻp, deganday bosh irgʻab oʻzimni hovliga urdim… Emizgin emish. Men-a, qanday qilib?.. Hozir, doʻmboqcham, bir pas sabr qilsak, ayamiz keladi, deyman xuddi sen tushunadiganday. Qani tushunsang. Oyogʻi kuygan tovuqday u yoqdan, bu yoqqa yuguraman. Bir mahal beshikda yotgan Tursunoyim uygʻonib, gʻingshiy boshladi. Mahmud akang soʻrgʻichini tutgan edi, shoʻrlikkina bir pasda tinchidi. Sen boʻlsang dunyoni bir tutam qilib chirqiraganing chirqiragan…

Qarasam, Temur amaking kirib kelyapti.

– Nima boʻldi, nega ovunmayapti?..

– Qorni och, – dedim yigʻlamsirab.

– Aytdim-ku, emizing deb! Qanaqa toshbagʻirsiz? – dedi jahl bilan.

Indamay orqamga qaytdim-da, supaga oʻtirdim. E, boʻldi, emizaman, dedim. Endi koʻkrak oʻngaylashimni bilaman Mahmudxon akangga koʻzim tushdi. Koʻzlari jovdirab turibdi boyaqishdi. Chayon chaqqanday sapchib turib ketdimu, bunday qarasam Xosiyat xolang kirib kelyapti, aʼzoi badanim shovshab, supaga qayta oʻtirib qoldim: xayriyate, bir bahya qoldi-ya!.. Xosiyat, buni tez emiz, ichi kuyib ketdi, dedim oʻtirgan yerimdan qoʻzgʻalolmay. Xosiyat boyaqish, xoʻp, xoʻp deb koʻkrak tutdiyu, jimiding, qolding. Sen tinchidingu, mening jonim kirdi, bolam…

Ayam shunday deb seni bagʻriga bosdi.

– Xola, nimaga oʻzingiz emizmadingiz? – deding sen ajablanib.

– Emizmadim-da! – dedi ayam Maʼmura xolamga iljayib qarab qoʻyib.

– Nimaga?..

– Qizgʻandim.

– Xosiyat xolam qizgʻanmabdi-ku?!

– Uning yoʻrigʻi boshqa, bolam!

Sening qiziqishing ortgandan ortib borardi.

– Qanaqa yoʻriq, xola, tushuntiribroq gapiring?!

– Men… Biz ayang ikkimiz niyat qilganmiz, bolam. Agar emizib qoʻyganimda niyatimiz chippakka chiqardi.

– Qanaqa niyat, xola?

Ayam iljayib Maʼmura xolam tomonga qaradi. Ayang bosh koʻtarmadi. Kulimsirab kashta tikaverdi. Sen ayamning qoʻllarimdan mahkam tutgancha, aytasiz xolajon, aytmasangiz qoʻymayman, deb qistaganing qistagan edi.

– Yoʻq, shoshma qizim, hali vaqti emas, – dedi ayam oxiri qatʼiy qilib. – Hali bilibam olasan, suyakkinang joyigayam tushadi.

Men bu gaplar zamiridan, keyin ayam Maʼmura xolamga qarab sirli kulib qoʻyishlari, ayang ham qizarinib kulimsirashlaridan nimalarnidir fahmlay boshlagandim… Demak, oʻshanda senga Xosiyat xolam emas, ayam koʻkrak tutganlarida menga “hamshira*” boʻlib qolarding. Tushunyapsanmi, hamshira! Mushtipar ayajonim esa oʻsha chogʻlardayoq sezgan ekan, sen men uchun dunyoga kelganingni, men uchun yaralganingni…

* * *

Oʻshanda kechasi qalin qor tushgan, havo xiyla sovuq edi.

Ikkovimiz qir osha maktabga ketib borardik.

Qorda yaqinda oʻtgan mashina izlari. Izlarning birida men, boshqasida sen. Parishonsan. Sababini bilib turibman. Boya ayam aytib bergan voqeaning tagiga yetolmayapsan. Lekin, nima deb soʻrashni ham epini qilolmayapsan. Oxiri boʻlmadi, soʻrading.

– Mahmud aka, boya xolam nega unaqa dedilar? Tushunmayapman?

– Toʻgʻri, hali tushunmaysan, yoshlik qilasan, – dedim jiddiy turib.

– Vuy, katta odam-yey, – deding jahling chiqqan boʻlib. – Oʻzingiz nimani tushundingiz?..

Men javob bermay, yurishda davom etgan edim, yoʻlimda turib olding.

– Qani ayting-chi, nimani tushundingiz?

– Hammasini, – dedim-da, seni beparvo chetlab oʻtib, yoʻlga tushdim.

– Tushungan boʻlsangiz, ayting-chi?! Ayting-chi! – deding orqamdan ergashib.

– Keyin koʻz yosh qilib yurmaysanmi, – dedim hamon senga qaramay.

– Hecham-da!

Endi men sening qarshingda turib oldim.

– Uyalmaysan ham, boʻptimi?!

– Uyat gap boʻlsa, koʻrasiz! – deding mushtchangni oʻqtalib.

– Aytdim-ku, goʻdaksan deb!..

Senga endi “alam” qip ketdi.

– Bekor aytibsiz, goʻdak emasman!

– Aytaymi, boʻlmasa?

– Ayting!..

Endi men dovdiradim. Indamay yoʻlga tushdim.

– Ha, gapiring, – deding sen ham boʻshashibroq.

“Nima boʻlsa boʻldi, aytaman!” deb toʻxtadim.

– Ayam, katta boʻlganingda bilib olasan, deganlari… Katta boʻlganingda seni… Sen bilan meni…

Sen chiday olmading.

– Kerak emas! – deding qovoq uyub. – Hammasi oʻzingiz toʻqigan gaplar.

– Hali hech narsa demadim-ku?

– Baribir yolgʻonchisiz!

– Shunaqami?

– Ha, gʻirt yolgʻonchi!.. – shunday deya qochib ketding.

Men quvmadim, iljaygancha orqangdan yurib boraverdim. Sen nariroq borib toʻxtading-da, menga oʻgirilib qarading. Negadir yoʻl chetiga chiqib turding. Etikchang qorga koʻmildi. Shundagina ortimga oʻgirilib, yaqinlashib qolgan qizil “Moskvich”ga koʻzim tushdi. Farmon brigadirning mashinasi. U mendan sal oʻtib, ikkimizning oʻrtamizda toʻxtadi. Qisqa signal berdi. Sen chopqillab yetib kelding. Men orqa eshikni ochdim. Brigadirning yonida xotini, orqa oʻrindiqda Kozim oʻtirardi. Kozim menga minnatli qarab qoʻydi-da, surilib bir kishilik joy boʻshatdi. Sen taraddud bilan menga qarading. Farmon brigadir toqatsizlandi.

– Tez boʻlinglar… Surilsang-chi! – deya oʻgʻlini jerkidi.

– Oʻtir, – dedim oʻzim istamagan holda.

Sen mashinaga chaqqon kirding-da, darhol surilib menga joy boʻshatding. Men boʻlsam eshikni yopdim-da, yoʻlga tushdim. Meni qayta qistab oʻtirishmadi. Mashina bir sirpanib yoʻlga tushdi. Xijolatli tikilib oʻtayotganingni bilsam-da, qaramadim. Lekin, ich-ichimdan mashina hozir toʻxtashini, sen undan otilib chiqib, oldimga chopib kelishingni shunchalik xohlardimki…

Boshimni koʻtarib qaraganimda qizil “Moskvich” oqish tutun chiqarib qirlikdan enib borardi. Qadamim sustlashib, oxiri yoʻl ustida turib qoldim. Oldinga yurishni ham, orqaga qaytishni ham bilmasdim…

Kimsasiz yoʻlda xomush ketyapman.

Qarshimdan velosiped qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Boshimni koʻtardim. Orif pochtachi. Velosipediga suyangancha, qoq peshonamda iljayib turibdi. Egnida ming yillik fufayka. Sovuq oʻtkazgan shekilli, burun-tumshuqlari koʻkarib ketgan. Bemavrid iljayib turishi gʻashimni keltirdi. Indamay koʻrishib, yonidan oʻtayotsam, tirsagimdan tutdi. Keyin rulga osigʻliq sumkasini titkilashga tushdi. Nimanidir sezdimi, yuragim bir hapriqib oldi.

– Orif aka, nima gap?

U bamaylixotir bir jiddiyat bilan konvert uzatdi.

– Qoʻrqmasdan yuboraver deganmidim senga?!. Mana, marhamat, Toshkentdan, Asqad Muxtor domlaning shaxsan oʻzidan!.. – velosipedini shundoq qor ustiga yotqizdi. – Qani, och-chi, eshittirib oʻqi… Yoʻq, avval ichingda oʻqi. Keyin menga aytasan…

Oʻzimni arang bosib, xatni oʻqidim. Rangim andak oqardi shekilli, bunday qarasam, Orif akaning dami ichiga tushib ketgan, shu tobda goʻyo meningmas, uning taqdiri hal boʻlayotgandek, moʻltirab turibdi. Qitmirligim tutdi: qoʻlimdagi xatga yana bir koʻz tashlab oldim-da, hafsalasiz buklab, choʻntagimga soldim.

– Domla nima deptilar, Mahmudxon?..

Orif akaga taʼnali tikildim. U aybdor boladek koʻzini opqochdi.

– Aytardim-ku, baribir foydasi yoʻq, deb. Siz boʻlsangiz, e!..

Bechora Orif akaning lab-lunjlari osilib ketdi. Endi chiday olmadim.

– Orif aka, ishlar zoʻr! – dedim-da, belidan dast quchib koʻtargan koʻyi ikki-uch aylantirib, yerga qoʻydim. Novcha va nimdosh pochtachi belini tutgancha, bukchayib qoldi.

– Belni oʻldirding-ku, jiyan!.. – keyin inqillay-inqillay qaddini rostlab oldi-da: – Domla nima deptilar? – dedi.

– Surat joʻnatishim kerak ekan. Sheʼrlarimni tayyorlab qoʻyishibdi. Xoʻsh, qalay?!

– Yaxshi, yaxshi ish boʻpti… Voy, belim-yey, bilasan-ku beltirim bor…

– Beltiringizni hozir tuzatib qoʻyaman, Orif aka! – deb yana quloch yozib unga yaqinlashdim.

Biroq, endi u yaqiniga yoʻlatmadi.

– Yaxshiman, yaxshi boʻp qoldim.

Qorda agʻanab yotgan velosipedini yerdan koʻtardi-da, oldimga yetaklab keldi.

– E, jiyanim, malades. Endi bu yogʻini choʻzib yurmagin-da, menga suratingni opkelib ber. Srochniy qilib joʻnatib yuboraman… Aytmoqchi, ikki enlik xat yozib ber. Rahmat degin. Boshim osmonga yetdi degin. Mening nomimdan ham salom degin. Xoʻp, deyver, Orif akang bir narsani bilmasa gapirmaydi. Avvalam aytgandim-a, sen katta odam boʻlasan, degandim. Mana, halitdan ulugʻlar nazariga tusha boshlading. Bilasanmi, nima uchun?.. Zuvalang toza joydan olingan. Hamma gap shunda!.. E, hozirgilar qayoqdanam bilsin bunaqa gaplarni?!.

– Orif aka, hali koʻrsatib qoʻyamiz hammasiga! – dedim oʻz-oʻzimdan joʻshib ketib.

Bechora pochtachi angrayib qoldi. Tishlarim orasidan sovuq bir vajohat bilan chiqqan gapim uni gangitgan edi. Darhol oʻzimga kelib, iljaydim.

– Hammasi yaxshi boʻladi, deyapman, Orif aka, koʻrasiz…

– E, albatta-da. Men bir narsani bilmasam gapirmayman. Mayli, jiyanim, omon boʻl… – deya yuziga fotiha tortdi-da, qishloq tomonga oʻtib ketdi.

* * *

Shohsanam, shu tobda seni arang koʻndirib, tuman markaziga borib kelganimiz yodimga tushdi. Oʻshanda birinchi marta ikkimiz qishloqdan bekitiqcha chiqqanmiz. Har uchragan odam senga tanish koʻrinib, qip-qizarib ketasan, bekinishga joy topolmay qolasan. Oʻzimam shundoq ahvoldamanu, senga sezdirmayman… Kinoga sudradim, koʻnmading. Suratga tushishga unamading. Istirohat bogʻidayam bemalol yurolmading. Lekin, bogʻ chekkasidagi eski machit oldidan chiqib qolganimizda, negadir shuni tomosha qilaylik, deb turib olding. “Boʻpti, ixtiyoring”, deb senga ergashdim.

Machit eshigi qulflogʻliq. Qadima qulf zanglab ketgan. Bino yonboshidagi paxsa devor kemtigidan oshib hovliga oʻtdik. Qayroqtosh yotqizilgan hovli burganzor boʻlib yotibdi. Hovli etagi qabriston. Shu yerdan qayta qolarmiz, desam, qabrlar oralab ketib boryapsan. Katta bir dahma oldida toʻxtading. Dahma deganim odam boʻyi keladigan supa. Burgan va tikanaklar bosib yotgan supa ustida toʻrt-beshta qiyshaygan, yiqilgan marmar tosh koʻrinadi…

Qarasam, oʻzingcha pichirlab bir nimalar oʻqiyapsan. Kulgim qistab, bir chekkada kuzatib turdim. Yuzingga fotiha tortib, omin qilgan boʻlding-da:

– Bilasizmi, bu yerda kimlar yotibdi? – deding sirli kulimsirab.

– Har holda otam emas, – dedim iljayib.

Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, darveshsifat bir chol paydo boʻldi.

– Kelinglar, bolalarim, kelinglar! – dedi u uyiga kelgan mehmonlarni qarshilaganday.

– Voy, assalom! – deding sen bir uchib tushib.

– Vaalaykum assalom, barakallo qizim, barakallo, – darvesh dunyo topgan tentakday xursand edi. – Kelinglar!..

– Ha, oʻzimiz shunchaki tomosha qip yuribmiz, – dedim nimagadir uni xushlamay.

– Tomosha degin… mayli, bolam, bemalol… – dedi chol xoʻrsinib. Arazlagan bolaga oʻxshab ters burilib keta boshladi. Qoʻltigʻida buklogʻliq qop, qoʻlida oʻroq bor edi.

– Amaki, siz qorovulmisiz? – deya uni toʻxtatding.

– A?.. Ha, yoʻq, yoʻl boʻlsin bizga. Qorovul tashqarida. Qizil shapkali. Koʻrgandirsan?..

Chol qoʻltigʻidagi qopni yerga tashladi-da, ustiga horgʻin choʻkdi.

– Uf, jonim-yey!.. Bolam, kimni oʻgʻlisan?..

Istar-istamas aytdim. U boʻlsa boyagidek quvonib ketdi.

– E, boʻldi! Boyatdan beri shu bolam koʻzimga issiq koʻrinyapti, deyman. – Keyin sizlashga oʻtdi. – Maʼrufxonni oʻgʻliman deng?!. – Chol oʻrnidan turdi. – Emasam, sizni bu yerga bovongiz boshlab kepti-da, bolam!..

– Qanaqa bovom? – dedi ajablanib.

Senga qarasam, hammasidan xabarim bor, deganday kulimsirab turibsan.

– Maxdumi Aʼzam hazratlari. Maʼrufxon rahmatli aytmaganmidilar?

– Kim boʻlgan u kishi?

– Hazratmi?.. Hazrat Haqning oshigʻiyu, oshiqlarning sultoni boʻlganlar, – dedi chol. Keyin qoʻlimdan yetaklab dahma oldiga boshlab bordi-da, Maxdumi Aʼzam degan bobomiz qachon va qayerda tugʻilganidan tortib, qanday naslu nasabli zot boʻlgani va bizning avlod unga qanaqa bogʻlanishigacha gapirib berdi. Keyin dahma janubiga boshladi bizni.

– Mana shu qora tosh tagida kim yotibdi, bilasizlarmi?.. – dedi sandiqday marmartosh oldida toʻxtab, – bilmaysizlar. Yalangtoʻsh Bahodir yotibdi!..

Ikkovimiz baravar unga qaradik.

– E, haligi kinodagi Yalangtoʻshmi, Leninni koʻrolmay ketgan? – dedim men hovliqib.

– E, yoʻgʻ-e, – deb yubordi chol qoʻl siltab. – Yalangtoʻsh qayoqdayu, Lenin qayoqda!.. Sodda bolam-a, – dedi keyin iljayib. – Mayli, bezarar… Xoʻsh, shaharga borganingizda Registonni koʻrasiz-a, Registonning uchta madrasasi bor. Ulugʻbek, Sherdor, oʻrtadagisi…

– Tillakori…

– Balli. Ana shu Tillakori bilan Sherdorni qurdirgan zot Yalangtoʻsh Bahodir boʻladi!..

Sen qora tosh yoniga choʻkib, undagi yozuvlarga tikilding. Keyin dastroʻmolchang bilan yozuvlar changini arta boshlading.

Chol otimni soʻrab oldi.

– Mahmudxon bolam, mana shu toshlarning har bittasi bitta podshoga tegishli. Oʻn toʻrtta. Qarang, hammasi supa tagida. Yuqorida emas. Nimaga shunday?.. Ular oʻzlari vasiyat qilishgan: pirimizning oyoq tarafida yotaylik. Pirimiz ziyoratiga kelganlar ustimizdan bosib oʻtishsin, deyishgan…

Ochigʻi, men oʻshanda yo tush koʻryapman yo boʻlmasa mana bu savdoyi odam boʻlar-boʻlmas gaplarni valdirayapti, deb oʻylagandim. Lekin, har ikki holdayam bu narsa gʻoyatda yoqimli edi. Chunki, yonimda sen bor eding va sen mendan-da koʻproq maroqlanib, hayratlanib darvesh cholning gaplarini tinglayotgan eding…

– Pirim Maxdumi Aʼzam – podshohim koʻrgali keldim. Itidek ostoniga yuzumni surgali keldim… Bu baytni Mashrabi devona aytganlar. Koʻrdingizmi, jiyanim, qadimning odami azizlar xokini toʻtiyo qilgan. Hozirgilar ermakka tomosha qilishadi…

Bu gapni oʻzimga olib qizarindim. Chol boʻlsa izza tortdi.

– Yoʻ, yoʻ, jiyanim, bu hargiz sizga malomat emas. Amakingiz oʻziyam goʻr emas, mana… – u kalovlanib borib yerda yotgan oʻrogʻi va qopini qoʻliga oldi. – Koʻrib qoʻying, oʻzimizam bekorga devor oshib yurganimiz yoʻq!..

Shu choq machit tarafdan ovoz keldi.

– Ha, eshon!

Chol yalt etib qaradi-da, yuzi tundlashib toʻngʻilladi.

– Bir pasda is olasanlar-a!

Machitning burganzor hovlisida melisa kiyimidagi qoqshol bir kimsa qovoq uyub turardi.

– Nima gap?!

Chol qoʻlidagilarni koʻtarib koʻrsatdi. Nazarimda, ovoz chiqarib javob qilishga ham ogʻrindi.

– Boʻpti, tez joʻnang!

Darvesh qopini qoʻltigʻiga urib, yonimizga keldi.

– Ana shunaqa, jiyanim, oʻt oʻrishimiz kerak. Mol boqishimiz kerak. Buyam kori savob, – deya istehzoli kulimsiradi.

Haligi nusxa hamon qadalib, koʻz tikib turardi. Lekin, chol unga ortiq eʼtibor bermay, xirgoyi qilgancha bizdan uzoqlashdi.

Ilohi, bandaman, bechoradurman,

Havoyi nafs ila ovoradurman…

U quyuq changalzorga shoʻngʻib koʻzdan yoʻqolgach, izimizga qaytdik. Melisa bizni kutib turardi.

– Nima qip yuribsanlar? – dedi u xoʻmraygancha.

– Qabristonda nima qiladilar?! – deya zarda qilib oʻtib ketding sen. Men boʻlsam, “Adashib kirib qopmiz, uzr”, deya iljaydim. Koʻchaga chiqib, loaqal endi kinoga kirarmiz, deb yana qistab koʻrdim. Unamading. Qishloqqa ketamiz, deb turib olding.

– E, bu qanaqasi, shundan shunga atayin eski goʻristonni koʻrgani kepmiz-da?! – dedim xunob boʻlib.

– Arzimabdimi? – deding hali melisaga qilgan qoʻrslik bilan.

– Arzimaydi! – deb yubordim men ham sendan qolishmay.

Hayron boʻlib qarab qolding-da, keyin ters burilib, bekat tomon ketding. Bu sen uchun kutilmagan gap edi. Shuni bila turib ham tilimni tiymadim.

– Xoʻsh, notoʻgʻri gap qildimmi?!

Indamading.

– Seningcha, besh yuz yil avval meni mana shunaqa bobom oʻtgan ekan, deb maqtanib yursam yaxshi boʻlardi-da, shunaqami?!

– Maqtanish shart emas, – deding sekingina, avtobus keladigan tomondan koʻz uzmasdan.

Jizzakiligim tutdi. Shartta qoʻlingdan tortib oʻzimga qaratdim-da, boʻlar-boʻlmas gaplarni aytib tashladim. Men shoir boʻlishim kerak, bildingmi, shoir orqaga emas, oldingga qarab yuradi, dedimmiyey, oʻtmishda qop ketgan bunaqa bobolar oyogʻimga tushov boʻlishi mumkin, buni istamayman ham dedimmi… Xullas, shakkoklik qildim.

Sen boʻlsang, indamay eshitib turding-da, bitta gap bilan boplading:

– Shoir boʻlish ham qiyin ekan, – deding.

* * *

Avtobusda kelyapmiz. Sen derazadan koʻz uzmaysan. Jimsan… Yoʻq, jahl qilibmas, jahldan tushgansan, lekin allatovur maʼyuslanib, kichkinagina boʻlib qolgandaysan. Men boʻlsam, dilim xijillanib, ich-etimni yeb boryapmanu, nimagadir gap qotmayman, oʻzimni oqlashga urinmayman. Shu maʼqul koʻrinadi menga…

* * *

Oʻsha kuni dalada ham dilxiralik kutib turgan ekan.

Suv oʻqariqdan urib ketib, ancha yerning gʻoʻzasini bosibdi. Safar amaki yolgʻiz oʻzi bandni bogʻlab, koʻllab qolgan suvni qochirib, endigina uvatga chiqib oʻtirgan ekan. Men, bir-ikki soatga qolmasdan yetib kelaman degan odam, kun peshindan ogʻganda kelib turardim.

Safar amakining yuziga qarayolmay, indamasdan yoniga borib oʻtirdim. U gap qotmadi. Oʻrnidan turib, yuvingani anhorga qarab ketdi. Bundan koʻra ayamay soʻkkani, tarsakilab yuborgani tuzuk edi…

* * *

Tun. Oʻsha oʻzimizning “Shotutli” dalamiz.

Oʻqariq suvida, joʻyaklarga taralgan suvda oy, yulduzlar aksi jimirlaydi. Egatlarga bir maromda oqib tushayotgan suvning chuldirashi, chigirtkalar chirillashi quloqqa chalinadi. Safar amaki bilan fonus koʻtarib, dala aylanib yuribmiz. Dilxiraligim andak tarqalgan.

– Sabil, feʼlim yomon-da meni, – deydi Safar amaki oldinda ketib borarkan. – Hay-hay, oʻzingni bos, shaytonga hay ber, deb turgan joyimda portlab ketib qolaman. Bugunam koʻra bilaturib dilozorlik qip qoʻydim.

– Oʻziyam biror narsa degandir-da?..

– E, birgadir odam nima derdi, yaxshi ishla, deydi. Xoʻp boʻladi, desam olam guliston edi. Xudoyimgayam yoqmadimi deyman-da qiligʻim?..

Gap maromidan sezaman: Farmon birgad bilan aytishib qolgan, gap mening ustimdan qochgani aniq. Bu birinchi marta emas, bechora Safar amaki mening raʼyimni qaytarolmay, ishdan ruxsat berib yuboradi-da, keyin…

* * *

Yigʻma karavotlarimizda osmonga koʻz tikkancha, indamay yotibmiz. Safar amaki tikkaga kelib qolgan oyga tikilgancha negadir kulimsiradi.

– Tavba, – deb qoʻydi oʻzicha, keyin yostigʻiga tirsaklab menga qaradi. – Qadimgilar xoʻpam dono boʻlishgan-da, jiyanim, buni qara-ya?!. Otang yerdur, sanam yerdek qiliq qil. Yamonlik aylaganga yaxshilik qil… Bay-bay, bagʻrikenglikni qaragin-da… Yamonlik aylaganga yaxshilik qil, deyapti. Biz boʻlsak, burnimizdan sal yuqori gapga lovullab ketamiz… Eh!..

– Unsuringiz olov boʻlsa kerak-da, amaki?! – dedim menam oʻrnimga turib oʻtirib.

– U nima deganing, jiyanim?

– Bir yerda oʻqiganman-da.

– E, oʻsha oʻqiganingdan gapir-da, bolam!..

– Odamlar toʻrt unsurga boʻlinishar ekan: tuproq, suv, havo, olovga… Qaysi oyda tugʻilgansiz, amaki?..

– Asadda tugʻilganman, ayam shunaqa derdilar, rahmatli…

– Xuddi olovni oʻzi ekansiz-da!

– Boʻlsa bordir… Otang-chi, bolam, otang sunbula edi…

– Sunbula tuproqqa kiradi.

– Qoyil, jiyanim, otang tuproqning oʻzi edi, rahmatli. E, bunaqa xokisor odamni koʻrmaganman. Birovga tik qaragan boʻlsa-chi, birovga ovozini koʻtargan boʻlsa-chi!.. Ammo salobatli yigit edi. Uncha buncha odam roʻpara boʻlolmasdi. Mana shu Haydarovday odam ham uzoqdan koʻrishi bilan mashinasidan tushib, oldiga piyoda kelardi-da!.. Ha, aytmoqchi, bu qurgʻur Farmonning unsuri qanaqa boʻlsa? – dedi Safar amaki qiziqib ketib.

– U kishi havo boʻlsalar kerak, – dedim iljayib.

– Topding, topding, ayni oʻzi, oʻlarday havoyi, – dedi Safar amaki kulib yuborib. – Biz uni oʻpka der edik.

Oʻrnidan turib qumgʻondan choy quyib ichdi. Keyin yana oʻrniga choʻzilarkan, nimalarnidir eslab, ohista kulib qoʻydi.

– Bundan chiqadi, bandasi oʻz feʼl-aʼmoli bilan tugʻilarkan-da. Sut bilan kirgan mijoz degani shudir-da!.. Otang yerdur, senam yerdek qiliq qil… Bay-bay, jiyanim, eskilarning turgan – bitgani hikmat-ye! Koʻzing boʻlsa-yu, oʻshanaqa kitoblarni topib oʻqisang, maza qilsang… Bobong rahmatli aytib yurguvchi edilar bunaqa baytlarni. Soʻfi Olloyordan derdilar…

Safar amakining qulfi dili ochilib borardi.

Atrof sutdek oydin. Toʻlin oy anhor tollari ustida indamay suzib borar, chigirtkalar ovozi pasaygan, keng dalaning bir chekkasida ota qadrdonim bilan ota-boladek gurunglashib yotardik. Eh, na qadar gʻanimat damlar ekan oʻylab qarasam!..

– Bovongni koʻrmagansan-a, jiyanim?.. E, hozirgi boboylarni birortasiniyam farishtasi yoʻq, oʻxshamaydi u kishiga… Bitta narsa esimdan chiqmaydi. Ramazon hayitimi, Qurbon hayitimi, esimda yoʻq. Eshon boboga ergashib shaharga bormoqchi boʻlgandik. Otang, men, Temur amaking… Unda sendan ancha kichikroq yosh bolalar edik.

Butun vujudim quloqqa aylanib tinglarkanman, Safar amakining hikoyasi jonlanib koʻz oʻngimdan oʻta boshladi… Tong qorongʻusi. Kolxoz idorasi oldida yuk mashinasi turibdi. Mashina ustida odamlar. Uch bola oppoq soqolli, barvasta cholga ergashib mashina oldiga keladilar. Mashina oldida turganlar qariyani izzatlab kabinaga oʻtqazishadi. Bolalar apil-tapil kuzovga chiqib olishadi. Quvonchdan uchalovining ham koʻzlari chaqnaydi, ogʻizlarining tanobi qochib, tinmay iljayishadi. Axir ular birinchi marta hayitlab kelgani shaharga ketishyapti-da!..

Bir mahal kolxoz idorasi tomonidan partiya faollariga xos kiyingan kishi pildirab mashina oldiga keladi. Dastavval kabinada oʻtirgan cholga koʻzi tushadi.

– Iye, – deydi ajablanib. – Eshon, siz nima qip oʻtiribsiz?!

Kuzovda shivir-shivir boshlanadi.

– Obbo, Rahimzoda-ku! Battol, bir dilxiralik chiqarmasa edi!..

Rahimzoda deganlari “E, mumkinmas, mumkinmas, tushing!” deydi-da, boʻylab qarab kuzovdagilarni ham koʻzdan oʻtkazadi. Yana kabina eshigiga yaqinlashadi.

– Nimaga qarab oʻtiribsiz, tushing dedim-ku!

– Inim, bolalarni ham olib chiqqan edim, goʻdaklar bir sayillab kelishsin, – deydi chol murosa ohangida.

– Tem bolee, bolalar bilan vopshe mumkinmas!.. Tushing, tez boʻling!

Qariya tushish harakatida boʻladi. Haydovchi yigit uni tushgani qoʻymaydi-da, Rahimzodaning oldiga aylanib oʻtadi.

– Eshon bovoga nima deyapsiz oʻzingizcha? – deydi jahl bilan.

– Eshon bovongiz tushsin, boʻlmasa mashina yurmaydi!

– Nega tushar ekanlar, u kishini kimligini bilasizmi oʻzi?! – deydi haydovchi tutaqib.

– Bilsam nima boʻpti, unga mumkinmas, tushsin! – deydi Rahimzoda deganlari chiyildoq ovozini balandlatib.

– Nega mumkinmas, axir?!

– Mumkinmas dedim-ku, gap tamom! Tushing bu yoqqa! Tushing dedim!

– Tushmaydi!..

Haydovchi zabt bilan kabinaga chiqib, motorni oʻt oldiradi. Rahimzoda kabinaga bosh suqib baqiradi.

– Eshon, yaxshilikcha tushing, deyapman! Emasam, bu bolaga jabr qilasiz!

– Qoʻlingdan kelganini qil-ye! – deb baqiradi haydovchi ham boʻsh kelmasdan.

Rahimzoda koʻzlarini sovuq yaltiratib, qariyaga tikiladi.

– Eshon, oxirgi marta ogohlantiraman!

Chol haydovchiga oʻgirilib qoʻlidan tutadi. Maʼnoli bosh irgʻab, tushmoqchi boʻladi. Haydovchi yoʻl bermaydi. Qoʻlidan mahkam tutadi. Chol uning qoʻllarini beozor boʻshatadi-da, hayda, bolam, namozdan kech qolmagin, deydi.

– Eshon bovo, axir!..

Chol indamay kabinadan tushadi-da, orqaga qarab ketadi. Kuzovdagilar unga achinib, biroq ilojsiz termulib qoladilar. Birinchi boʻlib Maʼruf, unga ergashib Safar bilan Temur tushadi.

Bolakaylar choldan oʻn qadamcha orqada borishyapti. Bir-biroviga qaray olishmaydi. Chunki, uchalovining ham koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan.

* * *

– Keyin bilsak, Eshon bovomizga qishloqdan tashqariga chiqish mumkin emas ekan, taʼqiqlab qoʻyishgan ekan, – dedi Safar amaki xoʻrsinib. – Ajab zamonlar edi-da…

U oʻrnidan turib oyga qarab oldi. Oy tollar ortiga oʻtgan, qizgʻish tusga kira boshlagan edi.

– Vaqt allamahal boʻp qopti, endi uxlasang ham boʻlar…

– Siz-chi?! – dedim ajablanib.

– Bir aylanib chiqay, keyin…

Men ham oʻrnimdan turib indamay ketmonimni yelkamga oldim. U qarshilik qilmadi. Dala oralab ketdik.

Ogʻir taassurotlar yuki ostida oʻqarib yoqalab borarkanman, lop etib esimga bir voqea tushdi. Yettinchida edik. Adabiyot darsi borayotgandi.

– Malim, siz avvalgi darsimizda eshonu mullalar tugatilgan degandingiz-a?! – deb qoldi oʻsha oʻzing bilgan Kozim ogʻaynimiz.

– Shunday degandim, xoʻsh?..

Kozim iljaygancha oʻrnidan turdi.

– Lekin bizani qishloqda eshonlar haliyam bor.

– Yoʻgʻ-e, masalan?! – dedi oʻqituvchi ajablanib.

– Masalan… Mahmuddi otasi. Hamma u odamni Eshon aka, deydi.

Kozim namoyishkorona tirjayib men tomonga qarab qoʻydi. Butun sinfning diqqati menga qaratildi. Oʻz-oʻzidan isitmam chiqib, qip-qizarib ketdim. Oʻngʻaysizlanib yerga qarab oldim. Shahardan yangi kelgan yosh muallim bir pas jim qoldi. Boshqalar ham churq etmasdi. Nihoyat, muallim tomoq qirdi-da:

– Farmonov, sen gapimga tushunmabsan, – dedi. – Eshonlar ilgari oʻtishgan. Ular tekinxoʻr boʻlishgan. Xalqning ustidan kun koʻrishgan, dedim, toʻgʻrimi, bolalar?.. Lekin Maʼrufxon aka… Maʼruf aka brigadir-ku. Ayollari oddiy kolxozchi, dalada ishlaydi. Shundaymi?

Kozim boʻsh kelmadi.

– Eski zamon boʻlganida bular ham oʻshanaqa boʻlardi-da. Siz ularnikiga borganmisiz hech?.. Hammasi bir-birin sizlab gapiradi. Nima uchun, bilasizmi? Boshqalardan ajralib turish uchun!..

Muallim bechora oʻz koʻnglida meni himoya qilmoqchi boʻldi.

– Mahmud, sen Kozim joʻrangga aytib qoʻy: biz unaqa emasmiz, de. Kerak boʻlsa ertagayoq eshonlarni hajv qilib, sheʼr yozib kelaman, degin, – dedi.

– A! – deya Kozim qoʻl siltagancha joyiga qaytib oʻtirdi. – Yozmaydi!

– Yozadi, koʻrasan!

Kozim bu yoqda qolib, oʻqituvchimizni yomon koʻrib ketdim. Nega u bilan pachakilashib oʻtiribdi? “Ogʻzingni yum!” deb jerkib bermaydimi?!.

– Mahmud, Kozim oʻrtogʻingni shu gapi uchunam bitta zoʻr sheʼr yozib kelasan, shaxsan oʻzim devoriy gazetaga – “Yosh kuch”ga chiqartirib beraman.

Javob oʻrniga unga oʻqrayib tikildim. U koʻzini opqochib, oʻrniga oʻtirdi. Bosh koʻtarmay sinf daftariga hadeb bir narslar yoza boshladi. Ogʻir jimlik… Yaxshiyamki, tanaffusga qoʻngʻiroq chalindiyu, butun sinf yengil nafas olib yuborganday boʻldi.

Maktabdan qaytishda Kozim bilan toʻyib mushtlashdim.

Ogʻzi burnini qon qilib tashlaganmanu, koʻz yoshlarimni tiyolmayman. Kozim boʻlsa tilini bermaydi: tekinxoʻr, mushtumzoʻr, eshonzoda deb soʻkkani soʻkkan…

Anchagacha buning alami yuragimdan chiqmadi. Shu alam tufayli ota-onamgayam qovoq-tumshuq qilib yurganlarim esimda. Safar amakining boyagi hikoyasidan keyin esa menga yana koʻp narsalar oydinlashdi: demak, oʻsha sayil ertasi mashinadan tushirib qoldirilgan bobomu otamdan tortib mengacha – hammamiz nimadadir aybdormiz. Hatto tuman markazidagi eski dahmada yotgan bobomiz ham… Aks holda, u yerga qorovul qoʻyilmas, ziyoratchilar taʼqib qilinmas edi. Shohsanam hali senga achchiq qilib aytib yuborgan gaplarimda jon borga oʻxshaydi. Rostdanam qadimda oʻtgan bobolarim bilan maqtanishim menga naf keltirmaydi. Men faqat oʻzimga ishonishim, oʻqishim, katta odam boʻlishim va hammasiga koʻrsatib qoʻyishim kerak!..

Bir qoʻlimda fonus, birida ketmon Safar amakiga ergashib borarkanman, beixtiyor: Amaki, ertaga peshingacha javob bersangiz, shaharga borib kelmoqchi edim, deb yubordim. U dafʼatan bir narsa deyolmay jim qoldi-da, keyin: mayliku-ya, Farmonning koʻzi tushmasin, dedi.

– Xoʻp… Hujjat topshiramanu, qaytaman, – dedim.

– Hujjat?

– Oʻqishga-da.

Safar amaki quvonib ketdi.

– E, shunaqa demaysanmi?! Boraver, jiyan, boraver! Sen oʻqiyman deysanu, yoʻq dermidim!.. Ha, aytmoqchi esimdan chiqibdi. Hali kunduzi Haydarov kelib edi. Menga uchrashsin, dedi. Biror ish bermoqchi, chamasi.

– Amaki, ish qochmas. Avval oʻzimni bir sinab koʻray…

– Maʼqul, bolam, maʼqul. Toʻrt-besh yillik zahmatiga chidasang, kam boʻlmaysan. Gʻayrat qilgin!

Kun boʻyi toliqqanimizga qaramasdan ne mahalgacha suhbatlashib yotdik. Oy botib ketgan esa-da, yerga pastlashib kelayotgan ming-minglagan yulduzchalar shuʼlasidan atrof sutdek oydin edi.

* * *

Oʻsha yil, sentyabr boshi.

Bugun birinchi kun brigada hisobchisi boʻlib ishga chiqqanman. Oʻzimni andak oʻngʻaysiz sezib turibman. Oʻnimda Amirjon va yana bir-ikki bola. Sizlar darsdan keyin dalaga chiqib kelgansizlar. Shiypon etagidagi teraklar soyasida toʻp-toʻp boʻlib turibsizlar. Umaro oʻrtada turib olgancha hammani gur-gur kuldiryapti. Sening koʻrinishing parishon, Umaroning hazillariga jilmayibgina qoʻyasan.

– Mahmud aka, nima qildik?! – dedi nihoyat Amirjon.

– Boshlaymiz, – dedim soatimga qarab olib. – Hamma yigʻildimi?..

Sizlarga qarab yurdik. Davradagilar, ayniqsa qizlar ajabsinib tikilishdi. Battar oʻngʻaysizlandim. Amirjon sheriklari bilan davraga qoʻshildi. Men roʻparalaringda yolgʻiz qoldim.

– Hamma kelib boʻlgan boʻlsa, ishga tushamiz, – dedim Amirjonga qarab, keyin tomoq qirib olib davom etdim. – Ishimiz shuki, uchta dala mashina terimiga ajratilgan. Katta-kichik nechta oʻqarigʻi, yordamchi arigʻi boʻlsa, tekislaymiz. Keyin dala boshidan, etagidan oʻn besh qadamcha yerning gʻoʻzasini oʻramiz…

– Povorotniy polosa ochamiz, desangiz yaxshiroq tushunishadi, – deya luqma tashladi Amirjon.

– Xullas, har yilgi ishimiz. Tushunarlimi?

– Tushunarli emas, – dedi qaqajon Umaro.

– Sen qachon bir narsani darrov tushungan eding! – dedi Amirjon unga koʻz qirida qarab olib.

– Senga qolmabdi! – deya choʻrt kesdi Umaro.

Umaro sendan kichikroq boʻlsa-da, mudom yoningda. Bilmaganlar sizlarni opa-singil deyishi mumkin. Ammo, tabiatlaring bir-biriga zid. Sen vazmin, sipolikka moyilsan. Umaro oʻgʻilbola feʼlli, shaddod. Lekin oʻta jonkuyar qiz. Salgina feʼliga oʻtirishmagan narsadan yonib ketadi. (Xuddi otasi Safar amakidek olov unsurli).

Amirjon qizga yon bergan boʻldi.

– Boʻpti, soʻraydiganingni soʻrab ol!

– Kerak emas, – dedi Umaro qovoq uyub.

Amirjon kuldi.

– Jini qoʻzidi!.. Ha, boʻldi, siz bizga kimsiz deb soʻramoqchi Umishvoy, topdimmi?!. Boʻlmasa, bilib olinglar. Mahmud aka bugundan eʼtiboran sizu bizga hisobchi. Boʻldimi?..

– Boʻlmadi, – dedi Umaro bir pasda arazini unutib. – Mahmud aka nega student emas, hisobchi boʻlib yuribdilar?

– Hm… – dedi Amirjon “oʻyga botib”. – Mahmud aka, oʻzingiz javob berasiz endi.

– Oʻqish bu yilcha qoldi, – dedim qizarinib. – Qisqasi, yiqildim.

– Yiqilishingiz sababi?

– Obbo, tagiga yetmasa qoʻymaydi! – dedi Amirjon bosh chayqab.

Bu ikkisining adi-badisi toʻxtam bilmaydi. Xuddi oʻt bilan suvdek bir-biriga yov. Ana, shu yovlik tagida hali balki oʻzlari ham toʻla anglab yetmagan bir narsa bor ediki, buni oʻsha paytlardayoq sezganday edim.

Umaro qizlarni piqir-piqir kuldirib, savol-javobda davom etarkan, oʻzi bilib-bilmasdan oʻrtadagi yotsirashni koʻtarayotgan edi. Demak, oʻqishdan yiqilishim sababi bilan qiziqishmoqda…

– Sababi oddiy, – dedim jilmayib. – Bilmas ekanman.

– Mumkin emas, inshodan yiqilibsiz-ku! Shoir ham inshodan yiqiladimi?

Men yer ostidan senga qarab qoʻydim-da:

– Yiqilarkan-ku?! – dedim ozroq gʻurur aralash, keyin shosha-pisha xatomni tuzatishga urindim. – Birinchidan, hech qanaqa shoir emasman. Qolaversa, taqdir. Keyingi yil, Xudo xohlasa, yana urinib koʻraman.

Garchi men tomonga qaramagan esang-da, bu javobimdan mamnunligingni payqadim. Yuzlaring olovlanib, jilmayib qoʻyding.

Amirjon oldinga chiqdi.

– Xoʻp, javob qoniqarlimi?!

– Boʻldi, tushundik, – deya chuvillashdi qizlar endi Umaroni ogʻiz ochtirmay.

– Boʻlmasa, hamma ishga! – dedi Amirjon.

Shu choq dala changini chuvatib kelayotgan mototsikl koʻrindi. Yoʻl qumoq va notekis boʻlganidan mototsikl bemalol yurolmas, motor zoʻriqib vagʻillar, ustida oʻtirgan haydovchisi, yangi oʻrgangichlardan shekilli, gazni buragani buragan edi.

Ishga otlanib turgan yigit-qizlar ketmonlarini qayta yerga qoʻyib, qiziqsinib kuzata boshlashdi.

– Kozim joʻrangiz, – dedi Amirjon negadir kulib qoʻyib.

Qumoq tugab, taqir yoʻlga chiqqan mototsiklning yurishi xiyla yengillashdi. Bundan havolangan Kozim tezlikni oshirdi. Shu tezlikda ustimizga bostirib keldi-da, zabt bilan tormoz berdi. Va shu zahoti ortidan yoprilib kelgan oppoq chang ostida qoldi. Qizlar qiyqirib kulishdi. Lekin Kozim changni ham, kulguni ham pisand qilmadi. Salobat saqlagancha atrofga koʻz tashladi. Shunday qilishi ham kerak-da: har holda u kechagi oʻquvchi bola emas. Qora koʻzoynak, enli kamar, yelkaga tushayozgan toʻsdek qop-qora sochlar, qolaversa, ostida yarqirab turgan mototsikl ham shuni taʼkidlab turar edi.

Havasmand bolakaylar uning atrofini oʻrashdi. Kozim ularni bir koʻzdan oʻtkazib, hormanglar, dedi. Yoʻq, oʻxshamadi, salobatli chiqmadi. Hali ancha mashq qilishi kerak shekilli… U oʻtirgan yerida bolalar bilan bepisand qoʻl tashlab koʻrisharkan, qizlar tarafga ham takabburona qarab qoʻyar, meni esa goʻyo payqamasdi… Unga yaqinlashdim. Koʻrishmadim. Noiloj mototsiklidan tushdi.

– Qalaysan?! – deya qoʻlini bepisand siqdim.

– Zoʻr!..

U qayta oʻrindiqqa oʻtirdi-da, koʻzoynagini olib, mototsikl chirogʻi ustiga qoʻndirdi.

– Oʻqishni boshladilaring?..

– Boshladik. Bir hafta oʻqib qoʻydik. Hozir toʻgʻri institutdan kelyapmiz, – dedi beparvo. Keyin tarogʻini olib sochini taroqlay ketdi.

– Kelyapmiz? – dedim tushunmagan boʻlib.

– Ha-da, toychoq bilan, – deya mototsikli ruliga urib qoʻydi.

– Muborak boʻlsin… toychoq, – dedim koʻziga tikilib.

– Rahmat, – deya koʻzini olib qochdi ogʻaynimiz. – Xoʻsh, qalay, charchamayapsizlarmi, – dedi keyin boshqalarga qarab. Va tarogʻini puflay-puflay koʻkrak choʻntagiga tiqdi.

– Kozim aka, qaysiga kirdingiz? – dedi qizlardan birinchi boʻlib unga yaqinlashgan Umaro.

– Torgovliga! Eshitmabmiding, puchuq?

– Oʻh-hoʻ, zoʻr-ku! – dedi kimdir hayrat bilan.

Umaro mototsiklni tomosha qilarkan, shunchaki qiziqqan boʻlib:

– Kozim aka, nechchi pul berdingiz? – dedi.

Bu “bepisandlik” Kozimning izzat-nafsiga tegib ketdi. Lekin salobatini yoʻqotmadi.

– Men pul beribmanmi?! Esi joyidami bu qizdi! – deya masxarali kuldi. Keyin jiddiy tortib eʼlon qildi. – Mana shu toychoqni paxan sovgʻa qildi. Oʻz kuching bilan kirsang, bitta mototsikl bizdan degandi…

Sen ketmoningni yelkangga olib yoʻlga tushding. Qizlar ortingdan ergashdi.

– Rosttanam oʻqishdi zoʻriga kiribsiz, – dedi bir bola.

Piching qildimi yo chindanam havasi kelib aytdimi, bolaning bu gapi Kozimni shishirdi.

– Ha-da, yuradimi filfak, istfak qilib!.. Qayoqqa qarama tilchi bilan tarixchi! Torgovliga yigitti xoʻrozi kiradi.

Oʻzimga atalgan kinoyaga beparvo qololmadim.

– E, biyaqqa qara, – dedim jahldan boʻgʻilib. – Yigitni xoʻrozi boʻlganingda manovini emas, Ismatullayevning eshigida turgan “06”ni mingan boʻlarding!

Shu zahoti sening nigohingni uchratdimu, oʻzimni bosdim. (Bu paytda Amirjon mototsikl atrofida oʻralashib, negadir gʻildiraklarini tepib-tepib koʻra boshladi).

– E, aygʻoqchi-yey, – deya Kozim bepisand kuldi. – Shundanam xabr topdim degin! Undan koʻra…

Kozim gapini tugatolmadi. Amirjon mototsiklning orqa oʻrindigʻini zabt bilan bosib qoʻyib yuborgan edi, u qalqib tushdi. Va birdan tutaqib ketdi.

– Ha, berdik “Jiguli”, yap-yangisidan berdik! Nima deysan?! Agar alam qilgan boʻlsa, bor, kerakli joyga borib yetqaz!..

Shu choq yer ostidan chiqqandek ot mingan Farmon birgad paydo boʻldi. Kozim bilan boʻlib, uning kelganini payqamay qolibmiz.

– Oʻzi, nima gap?!

Tomoshabin boʻlib turganlar gurra ortiga tislandi. Birgina Amirjon oʻzini yoʻqotmadi.

– E, assalom alaykum, birgad bobo, – dedi unga yaqinlashib. – Tabriklaymiz, oʻqishga kirib olibsizlar!

– Rahmat… Bu nima yigʻin?.. – deya menga oʻqraydi.

– Kozim akani tabriklab turgandik, – dedi Amirjon brigadirni oʻziga qaratib. – Lekin oʻqishdi zoʻriga kiribsizlar. Qoyil, amaki!

– Kallasi bor kiradi! – dedi brigadir atrofda sochilib turganlarga koʻz tashlab olib.

– Amaki, oʻgʻlingiz hazillashdi chogʻi, “06” – “Jiguli”ni yogʻi bilan bilan eltib berdik, deydi. Oʻzingiz ayting, sizlarda moshina nima qiladi.

Angrayib qolibman. Mushtday bola buncha qovurib olingan boʻlmasa! Amirjonning ilmoqli gapidan brigadir dovdiradi.

– E, moshinning boshi osmondami?! – dedi qoʻlidagi qamchinni etigi qoʻnjiga tiqarkan.

– Ha, unda rost ekan! – dedi Amirjon beparvo. – Biz ishonmay turgandik.

– Nima rost ekan?

– Pora berganingiz-da!

Farmon brigadir qovun tushirganini payqab, chuykalib ketdi.

– Qanaqa pora?! Sen Temurdi bolasi jinni-pinnimisan?!

– Kozim aka shunaqa dedi-ku!

– E, Kozim akang… yebdi-yey! – dedi brigadir oʻgʻliga yeb qoʻygudek oʻqrayib. – Moshinam boʻlsa butim yagʻir boʻlib ot minarmidim?! Qani, tarqal, hammang! Ishga marsh!.. – otini niqtab mening ustimga keldi. – Sen bola, nega bulardi atrofingga toʻplab oʻtiribsan?! Soat nechchi boʻldi?

Men dafʼatan bir narsa deyolmadim.

– Raz talab qilib oldingmi, maynavozchilik qilmasdan ishlat-da, endi! Birinchi kundan bu nima qiliq!

– Kim talab qilib oldi?! – dedim oʻzimni bosishga urinib.

– Sen oʻzing. Oʻzing talab qilmasang, qayoqdan raisdi esiga kelarding!

Alam qildi menga. Qattiq alam qildi. Men oʻzim soʻrab olganmishman hisobchilikni!

– E, menga qarang, – dedim boʻgʻilib, – hammasi yoningizda boʻldi-ku! Rais bilan uyimga kirib bordingiz-ku?!

Brigadir jim boʻlib qoldi-da, bir pasdan keyin:

– Boʻpti, boringlar ishga, – dedi gʻudranib. Keyin otining boshini burdi.

– Toʻxtang, menga qarang, amaki, – dedim oʻzimni tutib olib. – Menga bunaqa sassiq gap qilmang ikkinchi. Sizga tabelchi boʻlaman deb oʻlib yotganim yoʻq edi!..

Yana senga koʻzim tushdi. Norozilanib qarab turarding. Ters oʻgirilib brigadirdan nari ketdim.

* * *

Kuz oyoqlagan.

Tol-teraklarning soʻlgʻin yaproqlari ufqqa engan quyosh nuridan qizgʻish rangga boʻyalgan. Ular yengil shabadada ohista tebranib, pichirlashib turishadi. Ayrimlari bandidan chirt uzilib, suv yuziga, qirgʻoqdagi xas-xashaklar ustiga ohista qoʻnadi.

– Bu hayotda toʻkis boʻlmasang qiyin ekan, – deyman xoʻrsinib. Sen yupatasan.

– Unaqa demang, birovdan kam yeringiz yoʻq…

Men qirgʻoqda, sen soyga tashlangan yakkachoʻp ustida oʻtiribsan.

– Kam yerim bor-da, Shohsanam! – deyman qizishib. – Otasizman. Otali toʻkislarni quchoq ochib kutib olishdi. Meni koʻkragimdan itarishdi.

Yakkachoʻpdan turib yonimga kelib oʻtirasan. Suvga koʻz tikkancha ohista gap boshlaysan.

– Malika xolamniyam oʻgʻillari yiqilib keldi, Rustam akam. Taniysiz-a? Aktyubinskka borgan edi…

– Aktyubinskka?

– Ha, aviatsiya institutiga. Aʼlochiman, deb maqtanib yurgan ekanman, lekin hech baloni bilmas ekanman, deb kuladi. Endi oʻshaqqa qaytib borib yotib olaman, kirmasam qoʻymayman, deydi… Sizam xafa boʻlmang, hammasi yaxshi boʻp ketadi…

Yaxshiyam, senday mehribonim bor. Hasratlarimni ogʻrinmay eshitasan. Meni tushunasan, koʻnglimni koʻtarasan… Kutilmaganda ruhlanib ketaman. Qoʻllaringdan mahkam tutib, seni oʻzimga qarataman.

– Albatta, Shohi, albatta. Yaxshi boʻlmasayam qoʻymayman, – deyman joʻshqinlik bilan. – Armiyadan kelib, tugʻri Toshkentga joʻnayman. U yerda haqiqat bor. Sirtqi oʻqishga kirib, zavodda ishlayman. Zavod uy berishi bilan gazetaga oʻtib olaman. Ayamni olib ketaman. Kitobimni chiqartiraman. Xullas, Kozim deganlari amal-taqal qilib oʻqishni bitirgunicha, men besh-oltita ishlarimni bitkazib olaman…

– Niyatingizga yeting, shoir aka! – deysan jilmayib. Keyin qoʻllaringni ohista ajratib, oʻrningdan turasan. – Kelajagingizni shunday koʻz oʻngimga keltirdingiz, qoʻydingiz…

Men ham oʻrnimdan turib, senga yuzma yuz boʻlaman.

– Koʻz oʻngingga kelgan boʻlsa, yaxshilab qara-chi, yonimdagi kelinchak tanishmi? Jamalaksoch qizchasiyam bor…

Sen uyalib bosh irgʻaysan.

– Tanimay turibman. Lekin chiroyli ekan.

– Taʼriflab ber-chi, – deyman zavqim oshgandan oshib.

– Chiroyli-da! – deysan yuzlaring oftob nuridanmi lov-lov yonib.

– Kissangda oynacha bor-a, – deyman shoʻxligim tutib. – Bu yoqqa ber. Koʻzlaringni yum… Endi och!

Qiygʻoch koʻzlaringni ochib, oynachada oʻzingni koʻrasan.

– Tanib qoʻy, mening yonimda qizchamni yetaklab yurgan kelinchak ana shu… – deyman tantanavor. Yuzlaring laxcha choʻgʻ boʻlib, boshingni egasan. Mening shoirligim tutadi.

 

Boshginangni koʻtar, gulim, kulsang netar,

Qoʻy, oʻksima, bu kunlar ham oʻtar, ketar.

Hali bizning davr kelar, ishon, jonim,

Biz ulardan baxtliroqmiz, quvon, jonim…

 

(Shohsanam, men hali hamon bular bari oʻngimdami, tushimda roʻy berganmidi, farqlay olmayman. Shunisi aniqki, senla kechgan damlarim tush kabi goʻzal edi va barchasi tush kabi oʻtdi-ketdi.)

Quyulib kelayotgan misralar meni butkul sarxush etdi. Va beixtiyor qoʻllaringdan tutib, bagʻrimga tortdim. Sen birdan hushyor tortib, chetlanding. Qosh chimirib, norozi tikilding. Shashtimdan tushdim. Mudom shunday: biror qiligʻimdan norozi boʻlsang, qosh chimirib bir qarab qoʻysang kifoya. Darhol oʻzimga kelaman. Hozir ham shunday boʻldi. Lekin, jurʼatsizligim oʻzimga alam qilib, uf tortdim.

– Menga qara, – dedim bagʻrim oʻrtanib, – hali bitta oʻpich bermasdan armiyaga joʻnatmoqchimisan?

– Uyatsiz boʻlmang! – deding ohista.

– Uyatsiz?.. Axir!.. Ha, menga qara, seningcha, Tohir-Zuhra, Layli-Majnunlar gʻirt uyatsiz boʻlishgan ekan-da!

– Voy, nimaga?

– Nimaga boʻlardi bemalol achomlashib yurishgan-ku!

– Hecham-da! – deya kulding. – Oʻsha kitoblarni boshqatdan oʻqib chiqing.

Bir zum oʻylanib, jim qoldim. Va moʻjiza roʻy berdi. Qulogʻim ostida baxshining ovozi yangrab ketdi: bir boʻsa ber ol yanoqdan, agar kelsa qoʻllaringdan!..

Dadillanib senga roʻpara boʻldim.

– E, yoʻq, Sanamjon, meni mot qilolmaysiz!.. (Oʻshanda birinchi bor seni Sanamjon deb yubordim va bu oʻzimga yoqib ketdi). – Mana Oshiq Gʻaribning talabini eshiting: bir boʻsa ber ol yanoqdan, agar kelsa qoʻllaringdan!.. Bunisiga nima deysiz, qoʻllaringizdan kelar?..

Sen zavqlanib, erkalanib kulding.

– Qoʻlimdan kelmaydi.

Jurʼatlanib sen tomon yurdim. Yana!.. Yana kamon qoshlar chimirildi, qora koʻzlar jiddiy tikildi. Noiloj toʻxtadim. Sen berahm qiz, mamnun jilmayib, yaxshi qoling, degandek qoʻl siltab, tollar ortiga oʻtib ketding.

Oʻshanda bizni rosa ikki yil davom etadigan hijronli kunlar qarshi olayotgan edi…

* * *

Shohsanam, yana bolaligimizga qaytgim kelyapti.

Hali aytganimday, ayam ertagu doston koʻp bilardi. Bilganlarini qayta-qayta aytib berishdan zerikmasdi. Aytmaganiga ham qoʻymasding. Boʻyinlaridan quchib olgancha, “Maʼtal aytib bering, xolajon”, deb qistab oʻtirgan kuning edi. Ayam raʼyingni qaytarolmasdi.

Bir safar u butunlay boshqacha, ilgari sira aytmagan maʼtalini aytib berdi. Oʻshanda ham sizlarnikida edik. Sen ayamning, Jamshid ukang mening pinjimda, ayang deraza tagida kashta tikib oʻtirardi. Deraza qorongʻu. Tashqarida dam-badam kuzak shamoli qoʻzgʻalib, barg-xazonlarni shitirlatadi.

Ayam sening timqora sochlaringni silab, oq matoga gul tikayotgan Maʼmura xolamga termulgancha matalini boshladi.

– Bor ekan-da, yoʻq ekan, och ekan-da, toʻq ekan… Qadim bir mamlakat chekkasida, soʻlim bir qishloqchada oʻn ikkita qiz yashar ekan. Qishloq ikki azim daryo oʻrtasida joylashgan ekan. Kechalari shamol oʻng yoqdan essa oʻng yoqdagi daryo shovullashini, chap yoqdan essa chap yoqdagi daryo shovullashini qishloqqa olib kelar ekan. Qishloq yerlari semiz, serhosil, qishloq ahli esa asl dehqonlar ekan. Shu vajdan bu joyning noz-neʼmatlari bozorlarda talash boʻlib ketar ekan. Haligi oʻn ikki qiz ana shu Bogʻi Eramday joyda qaygʻu-alam koʻrmasdan, bir-birovi bilan boʻy talashib, husn talashib oʻsib kelayotgan ekan. Suluv qizlar boqqa kirsa bogʻ yashnab ketar ekan, choʻmilgani borishsa daryoni devona qilib yuborishar ekan. Koʻp zamonlardan beri bu tuproqda bunday manglayi yorugʻ qizlar dunyoga kelmagan ekan…

Ayajonim xuddi chaqaloq allalagandek mayin ohangda ertak aytadi. Sen uning bagʻrida erib, sehrlanib oʻtirasan. Jamshid mening yonimda choʻkka tushgancha, sokin, aqlli koʻzlarini ertakchi xolasidan uzmay oʻtiradi. Ayang bosh koʻtarmasdan kashta tikadi… Ertak davom etadi. Men endi ayamning soʻzlarini eshitmayman. Balki ertak voqealarini koʻra boshlayman: qishloq oʻrtasidagi podaqoʻriqda odamlar toʻplangan. Hammaning nafasi ichiga tushib, simyogʻochdagi radiokarnayga tikilib qolgan… Yigitlar toʻp-toʻp boʻlib, safar xalta yelkasida, qishloqdan chiqib borishyapti. Ularga qari-qartang, yosh-yalang ergashgan. Toʻrt-beshta boʻsh arava ham taqirlab ketib boradi.

Boʻsh aravalar taqir-tuquri olislab tinadi.

Boʻm-boʻsh koʻcha huvillaydi.

Huvillab turgan koʻcha boshida bir toʻp mungʻaygan qizlar…

– Bir paytlar bu qizlar ota-onalarining arzandasi edi… – ayamning ovozi qulogʻimga chalinadi. – Oy desa oy, kun desa kuni edi. Ularni yeru koʻkka ishonishmasdi. Endi boʻlsa arzanda qizlar hafta-oʻn kunlab qishloq yuzini koʻrishmaydi. Qora terga botib ketmon chopishadi. Bellari mayishib, oʻroq oʻrishadi. Yotib-turishlari Qoʻyqoʻtondagi shiypon boʻlib qolgan…

Sen hushyor tortib, yalt etib ayamning yuziga qarading.

– Xola, oʻzimizdi Qoʻyqoʻtonmi?..

Ayam savolingni eshitmaganday soʻzida davom etdi…

– Qizlarga Safarboy degan oʻsmirni qora qilib qoʻyishgan.

– Togʻamnimi? – deding sen. Ayam yana javob bermadi. Uning pinjidan chiqib, yuzma-yuz oʻtirib olding-da, ayamning ikki qoʻlidan tutding.

– Xolajon, toʻxtang. Toʻxtang. Avval oʻsha qizlardi otini ayting-chi…

Ayam jilmayib, seni bagʻriga tortdi.

– Boʻpti, aytaman, – dedi. Keyin oʻn ikki qiz nomini birma bir sanadi.

– Hammasi bir-birovidan durkun, suluv qizlar edi. Lekin, Maʼmuraxon degani oʻsha suluvlarning suluvi edi…

Sen ayangga qarab mamnun jilmayding. Ayang esa tizzasidagi kashta gullariga tikilgancha oʻyga choʻmgandi.

–… Qizlar tong azondan yarim tungacha tinim bilishmaydi. Horib-tolib shiyponga qaytishadi. Ammo nolishmaydi. Oh-voh qilishmaydi…

…Tun qoʻynidagi yakka-yolgʻiz, ovloq shiypon. Bir yogʻi dalaga tutash. Bir yogʻida oʻttiz qadamcha naridan changalzor boshlanadi. Changalzor tugagan yerda, allaqayda daryo shovullaydi. Osmon vijir-vijir yulduz… Fonusning xira yorugʻida ayvonchada yotgan qizlar elas-elas koʻrinadi. Ularni taniy boshlayman…

–… Bir shovur eshitib qizlar uygʻonib ketishdi. Yarim tun… Qarashsa, changalzor tumshugʻida boʻri uliyapti. Bir emas, ikkitasi…

Sen koʻzlaringni katta-katta ochib, ayamga tikilib qolding. Nafas olishga ham qoʻrqarding nazarimda. To ertak bitguncha ranging oʻchinqirab, miq etmay oʻtirding. Soʻng xonaga jimlik choʻkdi. Bu jimlikdan qoʻrqding. Darrov ayamni gapga tutding.

– Xola, hozir boʻri yoʻqmi?..

– Yoʻq, bolam, hozir yoʻq, – dedi ayam bechora shosha-pisha. Keyin, seni bagʻriga bosib, qattiq quchdi. – Hozir boʻri yoʻq, bolam, – dedi yana. – Nega desang, boʻri yashaydigan joy qolmadi. Dayravot qolmadi. Keyin u paytlar hamma urushda edi. Elda er kamaysa boʻrilar qutiradi. Shuning uchun er yigitlar hamisha omon boʻlishsin. Mana akang Mahmudxon, ukang Jamshidjon er yetsin. Ana unda koʻrasan. Koʻrmaganday boʻlib ketamiz hammamiz. Alam-angiz unut boʻladi. Senginalarni muztar qilganlar koʻr boʻladi. Eshiklaringga non tilanib keladi. Oʻsha kunlarga yetkazsa, armonim qolmasdi…

Shohsanam, bu gaplarni senu men koʻp ham tushunavermasdik u paytlar. Umuman, bizga koʻp narsa qorongʻu edi…

Eslaysanmi, ayang mudom oʻychan, maʼyus yurardi. Birov bilan gaplashib turib ham baʼzida bir nuqtaga uzoq-uzoq tikilib qolardi. Men uning kashta tikib oʻtirishlarini koʻproq eslagim keladi. Bu paytdagi holatini juda aniq xotirlayman: albatta sochlari mayda oʻrilgan, qoshiga oʻsma, koʻziga surma qoʻyilgan boʻlardi. Oppoq harir koʻylagi va pushtirang nimchasini kiyardi. Boshiga durracha oʻramasdi. Derazasi koʻchaga qaragan xonada, deraza tagida oʻtirardi. Chap yonida tol xivichdan toʻqilgan savatcha boʻlar, unda toʻpcha-toʻpcha rangli iplar saqlanar edi.

Maʼmura xolam qoʻliga nina oldimi, atrofni tamom unutar, soatlab ham bosh koʻtarmasdan ishlayverar, hech narsaga alahsimasdi. Goh oʻz-oʻzidan maʼyuslnib ketar, gohida yuziga qizillik yugurib, alanechuk shoʻx, chiroyli ifoda paydo boʻlar, goh maʼsum tortib, oʻychan qiyofaga kirardi.

Men ertak tinglagan boʻlib, bir chekkada yotgancha zimdan ayangga tikilaman. tikilganim sari kimgadir oʻxshataveraman. Kim edi u, qayerda koʻrganman, deb boshim qotadi. Nihoyat, eslab qoldim. Bir jurnal yuzida oʻn toʻqqizinchi asrda yashagan shoiraning rasmi berilgan edi. Shoira, tillaqosh, zebigardonlarini demasa, yupqa lablari, sal qiyiq koʻzlari, ingichka qayrilma qoshlari, iyagidagi chiroyli chuqurchasi, yuzlarining ozgʻin va xiyla choʻzinchoqligi bilan ayangga bir tomchi suvdek oʻxshardi. Goʻyo rassom oʻz rasmiga Maʼmura xolamdan andaza olgandek…

Ayang dalada yana bir boshqa juvonga aylanardi. Sochini ikkita oʻrib boshiga chambarak qilardi-da, durracha bilan tangʻib olardi. Zulfi, manglay sochlari qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq boʻlib toʻzgʻib turardi. Yuzlari choʻgʻlanib, koʻzlari porlab, allanechuk yasharib ketardi.

Gʻoʻza chopganda, ayniqsa, terim paytlari unga hech kim yetishib yurolmasdi. Shunday nozikkina juvon boshida bir etak, yelkasida bir etak paxta, shiddat bilan egat oralab boraverardi…

Shohsanam, hech oʻylab koʻrganmisan, ayang nega turmushga kech chiqqan? Nega otang haqida sira gapirmasdi? Keyin, mening nomimni ayang qoʻygani, Mahmud deb qoʻygani, Maqsad momo degan hamqishlogʻimiz, uning Mahmud degan oʻgʻli haqida biror narsa eshitganmisan?..

Shohsanam, bular hammasi katta bir doston ekan…

Urush tugaydi. El tinchib, erkin nafas ola boshlaydi. Yana yor-yorlar aytiladi. Xonadonlar yana chaqaloqlarning xurram yigʻisiga toʻladi.

Sovchilar Maʼmuralar eshigi turumin buza boshlashadi. Singlisi Malika shaharga uzatiladi. Ammo, Maʼmura roʻyxushlik bermaydi. Ona xunob. Qizining dardini tushunmaydi. Oxiri oraga odam qoʻyib sir olsa – Maʼmura Mahmudni, Maqsad momoning urushda bedarak ketgan oʻgʻlini kutyapti. Ona yigʻlab-siqtaydi. Gulday umringni yelga sovurma, deb yolvoradi. Qizning koʻngli yumshay demaydi. Ona oʻylay-oʻylay oxiri Maqsad momoning eshigiga borib yiqiladi.

Momo bir zamonlar qoraxat olgan. Lekin u badbaxt qogʻozga ishonmaydi. Qanday ishonsin? Axir, dunyoga kelib orttirgan dunyosi Mahmud boʻlsa! Suygan xoʻjasi, urushdan oldingi olatasir zamonlar qurboni boʻlib ketgan yoridan tanho yodgori Mahmud boʻlsa! Bir parcha qogʻozga ishonib aza ochsinmi?! Yoʻq, u bunday qilolmaydi. Oʻgʻlini kutadi. Novdadekkina yigitcha edi, hali alpdek boʻlib kirib keladi. Maqsad kampir koʻrganini podsho oyimlar koʻrmaydi hali!..

– Momojon, oʻzingiz rozilik bering. Maʼmura yuzingizdan oʻtolmayapti.

Momo bu sirdan bexabar edi. Kalovlanib yoʻlga tushadi. Kela-kela Maʼmurani bagʻriga bosadi.

– Hali senmiding, bolam, senmiding?! – deydi nuqul titrab-qaqshab. Maʼmura yuz-koʻzini onaizor koʻksiga suykab, tanish boʻydan mast boʻlib, issiq bagʻirga singib ketadi.

– Roziman, qizim, baxting ochilsin…

– Gapirmang, momojon!

– Oʻgʻlimga oʻzim aytaman, tushuntiraman…

– Gapirmang, gapirmang!

– Rozilik berdim, deyman, undan ranjimagin, deyman, hammasiga men…

– Aylanay onajon, gapirmang. Meni kuydirmang, kuydirmang!

– Bolam!..

Ikki intizor bir vujudga aylanib, iz-iz yigʻlashadi.

Yillar oʻtadi.

Momoning sochlari qorday oqaradi. Quvvati ketib, qaddi bukiladi. Lekin umidi soʻnmaydi… Qaysi romchiga yoʻliqsa, opajon, oʻgʻling keladi, deb ishontirsa, gazetalar falonchi falon yildan soʻng uyiga kirib keldi, degan xushxabarlar berib turgan boʻlsa, oʻgʻli tushlaridan chiqmasa, goh toʻnda, goh askar kiyimida alpday boʻlib hovlisini toʻldirib yursa, koʻz oʻngginasida bir musulmonning gulday qizi har erta oʻgʻlini deb oʻsma, surma qoʻyib, sochini mayda oʻrib, umid bilan yoʻl qarab yurgan boʻlsa… Onaizor qanday umid uzsin?! Uning dunyodan umidi katta. Oʻgʻli keladi. Hali u koʻradiganni poshsho oyimlar ham koʻrishmagan…

Maqsad momo niyat bilan yangi kashta boshladi. Shuni bitkazgan kuni oʻgʻli kirib keladi. Qishloqda yangicha toʻylar urf boʻlyapti. Hovlida ustal-ustul qilib, kelin-kuyovni toʻrda, katta-kichikning koʻz oʻnggiga oʻtqazishyapti. Zamoni koʻtarsa mayli-da. Agar oʻsha kunga yetqazsa, hovli aylantirib nuqul oʻzi tikkan kashtalarni urdiradi. Boshqalardek gilamu palos osib, olaquroq qilmoqchi emas…

Maʼmuraning ham qoʻli oʻnglanib qoldi. Binoyidek qiyiqcha, zardevorlar tikyapti. Kashtagayam oʻtdi. Bir ishga kirishsa joni-motin kirisharkan. Ertayu kech uning oldida. Momojon, momojon deb joni halak. Kampirning dunyosi muyassar boʻlib qolgan. Qizning bu eshikka rov boʻlishi yaxshilikka tobin deb biladi. Oʻzidagi bor-yoʻq hunarini hijjalab, maydalab oʻrgatadi. Qayta-qayta tiktiradi, soʻktiradi, yana tiktiradi.

– Koʻnglingga qattiq botmasin tagʻin, – deydi qizni bezdirib qoʻyishdan choʻchib. – Oʻzi, boshida picha qiyin boʻladi. Menam qoʻlim oʻnglanguncha badanim momataloq boʻlib ketgandi. Ayam chimchib olaverardilar hadeb. Qoʻlimga chim-chim igna sanchardilar…

Maʼmura boʻlsa, qiziqsiz-a, deb kuladi. Siz meni bekorga ayaysiz. Chimchib-chimchib olmasangiz, oʻrganolmasam kerak haliberi…

Momo yurak yutib hazillashadi.

– Hozir shunaqa deysanu, erta akang kelsa chaqib berasan-da, qizim!..

Maʼmura qip-qizarib, boshini egadi. Jimib qoladi. Momoga uning shu turishi xush yoqadi. Koʻngli allataxlit boʻlib suqlanib tikiladi. Kelinginamdan aylanay degan kalimani til uchida arang tutib qoladi.

Momo oʻzida yoʻq mamnun, Maʼmura uning hunarini oʻrganyapti. Momoga qolsa, qishloqdagi hamma ayollarga oʻrgatadi. Sira erinmaydi, koyinmaydi. E, bu kashtadoʻzlikning sadagʻasi ketsa arziydi. Haliyam bir paytlar shu narsani orttirib qolgan ekan, ne-ne kunlarda asqotmadi unga. Yigirma bir yoshida tul qolib, boʻzlab yurganida endi ado boʻldim, deb oʻylagandi. Yoʻq, toleiga oʻgʻilchasi bor ekan, oqibatli elati bor ekan, unga suyanchiq, tirgak boʻldi. Dalaning mehnati bor ekan, terga botib-botib ishladi. Alamini mehnatdan oldi. Onameros hunari bor ekan, adoqsiz zim-ziyo kechalar hamrohi boʻldi, ovutdi, sovutdi, sabr berdi… Maʼmurasi shu mashgʻulotga mehr qoʻyibdimi, mayli, oʻrgansin. Faqat… faqat momosiga oʻxshab yolgʻiz ungagina suyanib qolmasa boʻlgani.

Koʻngil ishi qiyin-da, umid uzolmayapti. Ne-ne yigitlar ogʻiz soldi, momo rozilik berdi, yoʻling ochiq, bolam, roziman, dedi. Quloq solmadi.

Momo shoʻrlik tilda rozilik bergani bilan dili alagʻda: keyingi paytlar Maʼmurasining erga chiqib ketayotganini tushlarida koʻrib, izillab yigʻlagancha uygʻonib ketadigan odat chiqargan. Ishqilib, tushlarim oʻngga aylanmasa edi, deb qoʻrqadi… Oxir bir kuni qoʻrqqani roʻy boʻldi. Maʼmura turmushga chiqdi. Bu vaqtga kelib endi urushdan keyin tugʻilgan qizlar boʻy koʻrsatib, oʻgʻil bolalarning ovozlari doʻrillab qolgan edi…

Maʼmuraning onasi xastalanib, toʻshakka mixlanib qoladiyu, eski gapini qoʻzgʻaydi. Agar endiyam bilganingdan qolmasang, sendan rozi emasman. Oʻsha Maqsad kampirdan ham domangir ketaman, deydi. Qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar ham qarab turishmaydi, oʻrtaga olishadi. Momo ham yigʻlab-siqtaydi.

Maʼmura shaharga uzatiladi. Uning toʻyidan bir haftalar oldin men tugʻilganman. Otimni irim bilan Oʻlmas qoʻyishmoqchi boʻlishgan. Lekin, ayang Mahmud qoʻyasizlar, deb turib olgan. Koʻrasizlar, Mahmudxonning umri uzoq boʻladi, degan…

Oradan uch yil oʻtadi. Oilada ikki farzand (sen bilan Jamshid) tugʻilib, turmushlari oʻnglanib kelayotganida, Maʼmura ajrashamanga tushib qoladi. Hech kim uni ahdidan qaytara olmaydi. Maʼlum boʻlishicha, yigit birinchi oilasini uch bola bilan aldab tashlab ketgan ekan. Maʼmura janjal koʻtarib, qargʻab-netib yurmaydi. Faqat, menga bunday bolabezori, munofiq er kerak emas, deb bitta soʻzda turib oladi.

Kunlarning birida Maqsad momo Maʼmurani yoʻqlatadi. Maʼmura koʻpdan beri bu ostonadan hatlamay qoʻygan edi. Oʻzini bunga haqsiz deb bilardi. Kampir bir tutamgina boʻlib, koʻrpa-toʻshak qilib yotgan ekan. Uni koʻrib, tetiklanib oʻrnidan turdi. Maʼmurani indamay bagʻriga bosdi-da, keyin ichkari uyga boshladi. Taxmondagi sandiqni ochtirdi. Undan barcha kelin-kuyov sarpolarini oldirib, gilam ustiga uydirdi. Soʻngra xonaning bir chekkasiga behol borib oʻtirdi. Maʼmura jovdirab unga tikildi. Noxush bir tuygʻudan yuragi uvishdi.

– Bolam, bu narsalarni senga qilgandim, – dedi kampir bemajol. – Senga qoldiraman. Faqat bitta oʻtinchim bor. Hozir, koʻzim tirigida bir kiyasan…

Maʼmura birdan yigʻlab yuborib, kampirni quchdi.

– Yoʻq, onajon, meni qiynamang, bunga haqqim yoʻq, – deb boʻzladi.

Momo titrab-qaqshab yolvordi.

– Bolam, men armonda ketmayin!..

Maʼmura tanasi misday qizib, lablarini qattiq tishlagancha liboslarni kiydi. Zebigardon, tillaqosh, sochpopuklarni kampir taqib qoʻydi. Soʻngra xona toʻriga boshlab borib, endi bitta taʼzim qil, bolam, kelinginam, dedi. Maʼmura qoʻliga dastroʻmolcha tutib, onaizor tilagini ado qildi.

– Baraka top, qizim, baraka top. Yana taʼzim qil, armonim ushalsin!..

Kampir suluv kelinchak oldida oʻzini qoʻyarga joy topolmas, dam yigʻlab, dam kulib atrofida girgitton boʻlardi. Kuyovsiz uyning shoʻrlik kelinchagi unsiz yigʻlab, qayta-qayta taʼzim qiladi. Keyin sochpopuklarini ohista shildiratib hovli supuradi, oʻchoqqa oʻt yoqib ovqat qiladi, qumgʻonda choy qaynatadi…

Momo dam badam kalovlanib eshikka chiqib kelardi-da, supaga horgʻin choʻkar, uf tortardi…

Keyin ikkovlon oʻtirib unsizgina ovqatlanishdi. Kampir dasturxonga fotiha oʻqidi. Maʼmurani olqab duo qildi. Soʻngra ohista gap boshladi.

– Bugun tushimda Mahmudjonni koʻribman. U aytdiki, bir imorat solyapman, ayajon, shuni bitkazsam sizni ham olib ketaman, dedi. Endi u kelmaydi, qizim, meni ham yoniga chaqiryapti…

Maqsad momoning qissasi shu bilan tugamaydi, Shohsanam. U hozir ham davom etyapti. Sening ayang – Maʼmura xolam hayotida davom etyapti. Maʼmura xolam bu qissani oʻzi tikkan kashtalarga muhrlab qoldiryapti. Qishloqda yangi kelin tushgan qaysi dargohga kirmagin ana shu kashtalarni koʻrasan. Ulardagi koʻz olguvchi naqshlar qatiga alamli muhabbat qissasi, sadoqat qissasi yashiringan. Bu qissani ilgʻagan ilgʻaydi, ilgʻamagan bir umr bexabar oʻtaveradi.

* * *

Harbiy xizmatdan qaytganimning uchinchi kuni Haydarov rais hovlimizga kirib keldi. Oʻnida Farmon brigadir va haydovchisi Talʼat aka. U avval qoʻl siqib koʻrishdi-da, soʻng indamay bagʻriga bosdi.

– E, balli, ota oʻgʻil, – dedi quchogʻidan boʻshatarkan. – Salomat bormisan!

Chorpoyaga oʻtirdik.

Bir piyola choy ichgulik muddat oʻtkazib, Haydarov muddaoga koʻchdi.

– Xoʻsh, endi niyatlar qandoq, Mahmudxon bolam?.. Birorta yumushdi boshini tutarsiz?..

Mahmudboy, gapiring: nimalar qilmoqchi edingiz? Toshkent, sirtqi oʻqish, shoirlik… Qani, boʻling!

Avvaliga gʻudranib bir nimalar dedim-da, keyin dadillanib rejalarimni qatorlashtirdim. Hatto Asqad Muxtorday ustozim borliginiyam qistirib oʻtdim.

Haydarov gapimni tugatib, jimib qolgunimcha boshini koʻtarmadi. Keyin kulimsirab, hm, yaxshi, dedi-da, boshini koʻtardi.

– Umuman, bolam, shunaqa bir hurmatli odamning nazariga tushganingdan xursandman. Faqat… Toshkentga ketaman deganing oʻtirishmadi.

Besabrlik qildim.

– Rais bovo, Toshkentda nashriyotlar, gazeta-jurnallar koʻp. Adabiy muhit bor…

– Avval eshitgin-da, bolam, – beozor kulimsirab gapimni boʻldi Haydarov. – Bundoq tanangga oʻylab koʻr. Sirtdan oʻqiyman, deyapsan, maʼqul. Ishga qandoq kirmoqchisan, qayerga borma, propiska soʻraydi. Aholi roʻyxatidan oʻtgan boʻlishing kerak. Buning uchun adashmasam agar birorta korxona seni soʻrab olishi kerak. Toʻgʻrimi? Korxonaga esa senga oʻxshagan tankchi emas, mutaxassis kerak. Shundogʻmi?..

Ayam patnisda uch kosada ovqat keltirdi. Rais gapidan tiyilib turdi-da, keyin yana davom etdi.

– Tagʻin amakim yoʻldan qaytaryapti deb xafa boʻlmagin. Yaxshilab oʻylab koʻr. Ayangdan maslahat ol. Amakilaring bor… Farmon aka, sizam bir narsa deng. Qishloqning kattasisiz!..

– Toʻgʻri, toʻgʻri, rais bovo, gapingiz, maʼqul, – dedi Farmon brigadir hovliqib. – Menikiyam boshida uchib-qoʻnib koʻrdi. Toshkentga ketaman, dedi. E, Toshkentda qovurib qoʻygani yoʻq, shu yerda oʻqiysan dedim. Mana binoyiday oʻqib yuribdi…

Farmon brigadir gapirarkan, rais bir narsaning rejasini tuzgan kabi unga tikilgancha oʻylanib qoldi. Raisning tikilishidan brigadir oʻngʻaysizlanib, gapini yoʻqota boshladi.

– Oʻz kuchi bilan oʻqib kelyapti. Pul-mul demaydi… Hozirgilarga bir narsa deb boʻlmasa?!.

Haydarov undan koʻzini olib, ochigʻiga koʻchdi.

– Menga qolsa, oʻgʻlim, bu yilcha shu ishlaringdi qoʻyaturasan. Farmon amaking qarib qoldim deyapti. Shundogʻmi?..

– Ha, endi… – chaynaldi brigadir.

– Pensiyaga chiqdim, endi yoshlar ishlasin deb quloqni yedi amaking. Sen nari-beri deb oʻtirmagin-da, brigadani qabul qilib ol.

Farmon brigadir ikkimiz baravariga yalt etib unga qaradik. Faqat Talʼat aka beparvo kulimsirab turaverdi. Hatto menga qarab koʻz qisib ham qoʻydi. Haydarov angrayib qolgan brigadirga koʻz qadadi.

– Hm, Farmon aka, nimaga hayron boʻlyapsiz?

– Yoʻ, yoʻ, hayron boʻlmadim… Mayli… Mayliga.

– Kecha shunaqa debmidingiz, axir!

Men oraga suqildim.

– Rais bovo, men eplolmasam kerak, amakim oʻzlari…

– Eplaysan… Amakingni bir xursand qil. Bechora charchab qopti. Mayli, damini olsin, qarilik gashtiri sursin…

Eʼtirozga ogʻiz juftlagan edim, yonimda oʻtirgan Talʼat aka tizzasi bilan nuqib, yoʻl bermadi.

– Oʻqishingni keyin gaplashamiz. Selxozda oʻqiysan. Shoirlik orqasiga qaramaydigan odamning ishi. Senga toʻgʻri kelmaydi, bolam. Ha, mayli, bular keyin. Kechqurun idoraga chiqqin…

Haydarov yuziga fotiha tortdi-da, qoʻzgʻaldi. Ayam oshxonadan shoshib chiqib keldi.

– Bir pas oʻtirsangiz boʻlardi, rais bovo?!.

– Hali bafurja oʻtiramiz, siynim, – dedi rais, keyin menga oʻgirilib tayinladi. – Ayang bilan kengashib koʻr.

Ixtiyorsiz bosh irgʻadim.

Rais hovlini bir qur nazardan oʻtkazarkan, aytmoqchi boʻlgan gapi yodiga tushdi.

– Borganingda shifer bilan yogʻochga faktura yozdirib kirgin, – dedi.

Farmon brigadir karaxtlanib unga ergashdi. Hatto bizga xayr deb qoʻyishga ham holi kelmadi. Ortda qolayotganimni koʻrib Talʼat aka bilagimni maʼnoli siqib qoʻydi. Hushyor tortib tezgina Haydarovga yetib oldim.

Hovliga qaytib kirganimda ayam Umida xolam bilan (u oshxonada ayamga qarashib turgandi) ishkom tagida gaplashib turishgan ekan. Gaplaridan toʻxtab menga tikilishdi. Ularni koʻp kuttirmay ochigʻiga koʻchdim.

– Aya, boshim qotib qoldi-ku?!.

– Ha, bolam?..

– Birgadir boʻlasan deyaptilar.

– Birgatti oʻzi-chi?

– Qariligini pesh qilavergan boʻlsa kerak-da, boʻshatmoqchi.

Hammadan burun Umida xolam oʻzida yoʻq quvonib, yosh qizchaday chapak chalib yubordi.

– Voy, ajab boʻpti, xoʻp boʻpti! Mahmudjon uka, siz yoʻq demang. Sirayam yoʻq demang. Goʻrsoʻxta, noshukur bir kuyib oʻlsin!.. Biram xursand boʻldimki! Odamlardi koʻkragiga shamol tegadigan boʻpti-ya, voy, xudoga shukur-a!

* * *

Tun.

Oy nurida jimirlab oqib yotgan Koʻksoy yoqalab qishloqqa qaytayapman. Velosipedimni yetaklab olganman. Shunisi maʼqul. Bugungi oʻzgarishlardan miyam gʻovlab ketdi. Hammasini xotirjam oʻylab olishim kerak…

Ertalab uyqudan turganimda orzu-havaslari bir daryo boʻlib oqib yotgan begʻam yigitcha edim. Kechga borib qarasam, hammasining oldiga damba bosibman-da, indamaygina boshqa oʻzanga oʻtib olibman.

Endi nima boʻladi?

Mushtday boshimdan hamrohu hamdamim boʻlib kelayotgan orzu havaslarimni yetim qoldirib, bu qup-quruq oʻzandan nima topmoqchiman?! Nimaga erishmoqchiman?

Shohsanam-chi?.. Ishqilib, u narigi oʻzanda qop ketmasmikan?.. Yoʻq, yoʻq, nega?! Shohsanam tushunadi! Unga mening shoirligimu, shon-shuhratim emas, oʻzim kerakman-ku?!.

Baribir yaxshi boʻlmadi. Hammasidan osongina kechdim, qoʻydim?!.

Oyoqlarim boʻysunmay qoldi. Velosipedimni bir tolga suyab, oʻzim yer bagʻirlab koʻndalang oʻsgan boshqa tolga suyangancha yerga oʻtirdim. Bu tik qishloq yoʻlining boshlanish joyi boʻlib, yoʻl adogʻida – naq qishloq tepasida toʻlin oy muallaq turib qolgan edi. Orqamda Koʻksoy shovullardi. Koʻksoyga quloq tutib, toʻlin oyga koʻz tikib oʻtirarkanman, shuurimda allanimalar jonlana boshladi. Bu – shu choqqacha orzularim dunyosida yashab kelgan kelajak hayotim lavhalari edi.

Ana, minbarda sheʼr oʻqiyapman. Tumonat odam sel boʻlib tinglayapti.

…Gulduros qarsaklarga koʻmilib, minbardan tushib kelyapman. Guldastalar, dastxat ulashishlar.

…Oʻgʻil-qizlarimni ergashtirib, ikkimiz Toshkent xiyobonlarida sayr etib yuribmiz. Oʻtgan-ketganning koʻzi bizda.

…Mashinamiz kolxoz idorasi oldida toʻxtaydi. Hamqishloqlarim, oʻquvchi yigit-qizchalar oʻrovida qolamiz. Boshimiz uzra gullar, kabutarlar uchadi. Dadamning qadrdoni Haydarov rais odamlarni oralab oʻtib keladi-da, meni bagʻriga bosadi. Uning orqasida esa dadamning boshqa doʻstlari – Safar amaki, Temur amakimlar navbat kutib turishadi. Yanayam nariroqda mehribon xolajonlarim – sening, Umaroning, Amirjonning onalari qatorida qimtinibgina mushtiparim – ayajonim turadilar…

Tasvir xira tortib yoʻqoladi-da, oy bilan yolgʻiz qolaman.

Orqamda soy shovullaydi.

Oldimda esa Xondara – butun boshli ellik xonadon issiq sovugʻiyu, taqdiru tashvishlari zimmamga ortilgan qishloqcha meni kutadi.

Koʻzlarimda yosh gʻiltillaydi.

– Mahmudboy, mana, shoir ham boʻp boʻlding, – deyman alam bilan. – Bir ogʻiz gapga mahtal ekansan. Qoyil!..

– Shu ishing yaxshi boʻldi, Mahmudboy, – degan boshqa ovozni eshitib alanglayman. Boshqa bir tolga oʻzim kabi yelka tiragan sharpaga koʻzim tushadi. Unga tikilib gap nimadaligini tushunaman. Ha, senmisan, degan kabi bosh irgʻab qoʻyaman.

– Toʻgʻri ish qilding.

Teskari qarab toʻngʻillayman.

– Nimasi toʻgʻri?! Mushtday boshimdan shoir boʻlaman, deb kelaman. Bir umrlik armon boʻlib qolmaydimi endi!..

– Aksincha!.. Mana shu imkonni boy berganingda haqiqiy armonda qolarding. Nomi ulugʻ, suprasi quruq boʻlib!

– Avrama!.. – deb jerkib beraman-da, oʻzimcha mulohaza yurita boshlayman. – Haliyam kech emas. Hozir orqamga qaytib, oʻylab koʻrdim deyman. Menga toʻgʻri kelmas ekan, deyman. Baribir maqsadimga erishaman!

Oʻrnimdan chaqqon turib, velosipedim yoniga bordim.

Orqamda qolgan sharpa ovoz berdi.

– Maqsadingga erishganingda onang yoningda boʻlarmikan?..

–…

– Shohsanaming mashaqqatlarga chidarmikan?..

– Shohsanam chidaydi!

– Oʻgʻlim shoir boʻlarkan, deb onang ovora. Erim shoir boʻlsin deb xotining sarson. Ijara uylarda rangi chiqmasdan bolalaring bolaligi oʻtadi.

Velosipedimni yetaklab koʻcha yuziga chiqdim. Lekin yoʻlga tushmay, oʻtirgʻichga tirsak tiradim.

– Endi hamma gapni qoʻygin-da, bitta narsaga eʼtibor qil: yigirma yoshdasan. Bor-yoʻgʻi yigirmada. Shu yoshingda katta bir qishloqqa rahbar boʻlding. Yoqmaydimi?..

Boʻshashganimni payqadimi, sharpa dadillandi.

– Koʻrding-ku, sen hatto soʻramasang ham, oʻzidan bilib, shifer bilan yogʻochga qogʻoz yozdirib berdi. Ertaga institutga joylab qoʻyadi. Sirtqi oʻqishdan osoni yoʻq. Har olti oyda borib-kelib, yurib diplomli boʻlib olasan. Bu orada Shohsanaming oʻqishini bitiradi…

Bu soʻzlar taʼsiriga berila boshladim.

– Toʻy qilasizlar. Mashina olasizlar. Ayangning orzulari ushaladi. Endi tanangda oʻylab koʻr: Toshkentda ranging sargʻayib, yosh umringni sovurib yurganingdan nima chiqadi?

U qarshimda turib olgancha, koʻzlarimga qadalib dedi.

– Qolaversa, shoir boʻlaman deb, nega endi albatta Toshkentga borishing kerak ekan?! Rostdanam badaningda boʻlsa, oʻzingni shu yerda koʻrsat! Yoz! Qish bekorchiligi oʻzingniki. Issiqqina sandalda oʻtirib, betashvish, begʻalva ijod qilaverasan. Yozaman desang birov monelik qiladimi?!

Endi munosabat bildirmadim. Gap talashishdan koʻra, yana bir karra xotirjam mulohaza qilib koʻrishni maʼqul bildim…

Aslida bu mening taslim boʻlganim edi.

* * *

Brigadirligimning birinchi kuni.

Hadeganda hovlidan chiqolmayapman. Har xil ishlarga unnalib yuribman. Dalangizga bormaysizmi, bolam, deb qoʻyadilar ayam dam-badam. Har gal, ha, borarman, deymanu, aylanishib yuraveraman. Oxiri ochigʻiga koʻchdim.

– Aya, nimagadir noqulay boʻlyapti, – dedim.

– Boshida shunaqa boʻladi, – deb kuldi oshxonada idish-tovoq yuvib turgan ayam. – Koʻnikib ketasiz. Daladan beri kelmay qoʻyasiz hali, bolam.

– Shundayku-ya, lekin dabdurustdan sizlarga brigadir boʻldim deb boraverishim qanaqa boʻlarkan, – dedim oshxona kesakisiga suyanib.

– Oʻzi kattalardan birortasi olib chiqqani tuzuk edi, ilgari shunaqa qilishardi.

– Farmon amakiga tayinlagandilar rais bovo.

– Birgat kelmaydi, – dedi ayam mahzun tortib, keyin behafsalalik bilan ishini davom ettirdi. Lekin nari ketishim bilan orqamdan chiqdi. Chehrasi yorishgan.

– Agar iymanayotgan boʻlsangiz, kechgacha kuting-da, kechqurun suvchilaringiz oldiga boring. Men osh damlab, dasturxon tugib beraman. Gurunglashib qaytasiz. Ertadan chopiqchilaringiz oldiga chiqasiz…

Bu gap menga maʼqul tushdi.

Shu asnoda sizlar kirib keldilaringiz.

* * *

Kelganimdan beri hali koʻrinish bermaganding. Lekin men xafa emasdim. Aksincha, sening hafsalangni pir qip qoʻymadimmikan, degan xavotirda edim. Negaki, ikki yil davomida nechta xat yozgan boʻlsam, nuqul bitta gapni qaytarganman: eson-omon borib olsam hammasi zoʻr boʻladi. Toʻgʻri Toshkentga ketaman. Senam Toshkentda oʻqiysan, deganman. Endi boʻlsa, oʻzim aytib, oʻzim qaytib oʻtiribman.

Mana, kirib kelyapsan.

Umaro sendan oldinda, u yoʻl-yoʻlakay sannab kelyapti.

– Men aybdorman, meni urishing. Shohsanamoyga qolsa birinchi kuniyoq uchib kelardi.

(Umaro dumaloqqina qizcha edi. Novdadekkina choʻzilib qolibdi tushmagur. Sen boʻlsang!..)

– Men qoʻymadim, odamlar oyogʻi tiyilsin, dedim.

Umaro shu kelishida shappa boʻynimga osildi-da, choʻlp-choʻlp oʻpib oldi. Keyin senga yoʻl berdi. Endi navbat sizga, dedi.

Yuragim taqqa toʻxtab qoldi-yov. Nahotki!..

Behuda xomtama boʻlibman.

Sen oʻsha-oʻsha odatdagiday oddiygina qoʻl uzatding. Umaro shovqin koʻtardi.

– Bunaqasi ketmaydi, opajon! Yoʻldagi gaplar qayoqda qoldi?! Meni aldagan ekansiz-da! Avval sen boshlaysan degandingiz-ku!

U kiftingdan turib, menga yaqinlashtirdi.

– Boshqatdan koʻrishasiz!

– Jinni boʻlma, – deb oʻzingni chetga olding.

– Sogʻinib ketdim, oʻldim-kuydim deb bezor qip yubordingiz-ku! Endi isbotlang-da. Toʻgʻrimi, xolajon?..

– Qoʻy, uyaltirma, omon boʻlgur, – deya ayam uni koyigan boʻldi.

– E, nimaga qoʻyarkanman, qoʻymayman!

U endi ikkimizning qoʻlimizdan tutib oldi.

– Qani, boshqatdan koʻrishinglar, boʻlinglar! Xuddi menga oʻxshab achomlab olasiz!

– Vuy, sharmanda!..

Sen najot istab ayamning orqasiga oʻtib olding. Yuzlaring lov-lov yonib borardi. Ayam darhol seni bagʻriga oldi… Shoʻrlik ayajonim!

Bu lahzalar oʻla-oʻlgunimcha koʻz oʻngimdan ketmaydi.

Ayam sening yuz-koʻzlaringdan oʻpar, bir paytlar hafsala bilan qirqkokil qilib qoʻyadigan sochlaringni silab-siypalar, toʻyib-toʻyib hidlar, koʻzlari esa jiqqa-jiqqa yoshlarga toʻlib borardi. Goʻyoki, orada oʻtgan ikki yillik hijronni men bilan baravar tortgandek edi onaizorim!..

Bu manzaradan mutaassir boʻlgan Umaroning ham shaddodligi yoʻqolib, tinchib qolgan edi.

* * *

Ayam kalovlanib bizni chorpoya tarafga boshladi. Keyin entika-entika duo qildi-da, yana kalovlanib oshxonaga yoʻl oldi. Umaro chaqqon turib unga ergashdi. Sen ham qoʻzgʻalayotgan yeringda qoʻlingdan tutib qoldim. Duv qizarib, qayta oʻtirding.

– Yaxshimisan?.. Xolamni, Jamshidni koʻrdim. Jamshid katta yigit boʻp qopti.

– Sakkizni tugatyapti.

– Sen oʻnni…

– Hm…

– Qaysida oʻqimoqchisan?

– Medtexnikumga borsammi, deb turibman. Yana bilmadim…

“Yana bilmadim”, deganingdan, “Siz rozi boʻlsangiz” degan soʻrovni uqdim.

– Maʼqul, menga maʼqul, – dedim dadillanib. – Lekin, meniki… qop ketdi. Boshqacha boʻp ketdi hammasi. Eshitgandirsan?

– Eshitdim, – deding yerdan koʻz olmay.

– Nima deysan?

– Nima derdim… Yaxshi boʻpti.

– Shunaqa boʻp qoldi. Rais bovo qoʻymadi. Brigadirlikni olasan, dedi. Xafa boʻlmagin, xoʻpmi… Lekin, oʻqiyman baribir!..

– Unaqa demang, nega xafa boʻlaman? – deding hamon dasturxondan koʻz uzmasdan. Yuzlaringni yal-yal yonib borardi.

Eh, naqadar sururli daqiqalar edi!

Koʻzlaringga toʻyib-toʻyib boqqim kelar, lekin buning iloji yoʻq, chilvir kokillaringni silab-siypagim kelar, lekin… Kokillaringni chilvir dedim. Ammo koʻpam mayda oʻrilmagan, kelinchaklarniki unaqa qilinadi. Sening kokillaring yirik-yirik, shundoq boʻlsa-da, oʻttiz-qirq oʻrim keladiyov. Juda uzun ham emas, nimchang etagi bilan baravar, uchlari qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq boʻlib ketgan. Bir dilbar qoʻshiq misralari miyamda charx urib oʻtdi: men ketganda ancha yosh eding, bogʻbon qizi – gullar erkasi. Mana, endi oyday toʻlibsan, yuragimning sen arzandasi.

Bu qoʻshiq muallifi aslida men boʻlishim kerak edi. Mayli, zarari yoʻq, hali bundan-da dilbar qoʻshiqlar yaratiladi, ularni men yarataman!.. Lekin… (Yuragim yana armon bilan oʻrtandi). Lekin, men yozgan qoʻshiqni kimlar aytadi. Mendek qishloqi bir shoirni kimlar pisand etardiyu, kimlar qoʻshiqqa solardi?!

Biz oʻtirgan chorpoya biqinidagi barvasta gilos daraxti gʻum-gʻuj mevalarining moʻlligidan faxrlanganday ohista sollanib, bosh solib turadi. Novdalari orasidan tip-tiniq osmon koʻrinadi. Osmonning bir chekkasida oppoq bulut parchasi muallaq turib qolgan. Oppoq bulut parchasi esa menga shu tobda kuzgi dala chekkasida uyuladigan paxta xirmonini eslatdi. Ha, oppoq xirmonni!

* * *

“Qoʻyqoʻton”ga yetib kelganimda dalaning yuqori betidan toʻlgʻin oy koʻtarilib kelardi. Havo iliqqina, atrofda jiyda gulining xush boʻyi kezadi.

Yakka balxi tut ostida chiroq koʻrindi.

Velosipedimni uvatga suyadim-da, ayam tugib bergan kattagina dasturxonni koʻtargancha, chiroqni qora olib yurdim.

– Mahmudxonmi?

– Mahmud aka, shekilli. Salomalaykum.

– Assalomu alaykum, hormanglar!

Oʻtirganlarning ikkitasi chaqqon qoʻzgʻaldi. Uchinchisi – Safar amaki oʻtirgan yerida koʻrishdi-da, qoʻlimdan tutib yoniga oʻtqazdi.

– Qani, oʻtiring-chi, jiyanim, joʻraginamning oʻgʻli. Sobirjon choyga qara. oʻanijon, ovqatni tezlatgin, jiyan.

– Ovqat tayyor, amaki, – dedim dasturxonga ishora qilib. – Faqat achchiqqina choy damlashsa boʻlgani.

– Ha, dalaning choyini sogʻinib qolganga oʻxshaysiz-a, Mahmudxon?!

– Nimasini aytasiz, ikki yil davomida tushlarimdan chiqmasdi.

– Ikki yilni aytasiz, jiyan. Ikki oy qishda qancha qoʻmsab qolamiz bu dala-dashtni.

Safar amaki qumgʻondan choy damlayotgan yigitchaga tikilib jim qoldi. Ancha qaribdi bu odam ham. Tunov kuni men bilan omonlashyaptiyu, oʻpkasini bosolmaydi. Maʼrufxon tirilib keldi, deb yigʻlaydi. Koʻzlari ichiga botib, sochlari duvva oqaribdi. Mana hozir xira fonus yorugʻida yanayam qartayganday koʻrinyapti.

– Hozir bularga gapirib turuvdim, – dedi u yana gap boshlab. – Urushdan bu yogʻiga toʻrtta brigadir koʻribmiz. Sen beshinchisi, – dedi u endi senlashga oʻtib. – Senam, oʻgʻlim, sira tashvish chekma. Ishlab ketasan. Haydarov seni behudaga qoʻymagan. Odamni taniydi, bir qarashda kimning qanaqaligini bilib oladi. Bizda uch yil birgad boʻp ishlagan-da. Eshitgansan-a? Haydarovdan oldin Jabbor amaki edi rahmatli. Uyam jontolmas edi. Bir oyogʻini sudrab bosadi. Bir qoʻli boʻyniga osilgan. Tinmaydi. Har kuni bir sidra eshiklarga bosh suqib chiqadi. Tinchmisan, bolalar sogʻmi, zogʻorang, goʻjang bormi, xat kep turibdimi… Bir boshdan soʻraydi. Xuddi roʻzgʻordi xoʻjasi. Eh, u odamlardi sadagʻasi ketsang arziydi!..

Safar amaki piyolasidagi choydan hoʻplab, bir zum oʻyga toldi. Keyin menga qarab iljaydi.

– Birgadir jiyanim, ovqat sovimasin. Qani, olinglar… Bay-bay, qoʻli dard koʻrmasin oytijonimni!

* * *

– Maʼrufxonning arvohi bir yayradi-da, bolam, – dedi Safar amaki dasturxonga fotiha oʻqilgach. – Xuddi ota ishini qilding. Hali dasturxon koʻtarib kelganingni koʻrib, yuragim bir qalqib tushdi. Rahmatli dadangning odati shunaqa edi. Uyda tansiq taom boʻp qolsa, atayin bizlarga ilinardi. Tomogʻimdan oʻtmadi, deb otini yoʻrgʻalatib kelaverardi boyaqish joʻram. Baraka top, bolam. Kam boʻlmagin. Xudo xohlasa, kam boʻlmaysanam. Arvoh rozi – Xudo rozi degan gap bor…

U bir nafas yana mahzun xayollari bilan qoldi-da, oʻz-oʻzidan iljayib gap boshladi.

– Hozir bir narsa yodimga tushdi… Urushdi oxirlari. Qirq toʻrtinchi yil tiramosi ekan-da. Terim qizgʻin. Dadang, Temur amaking, men – uchovimiz hamisha birgamiz. Oramizdan qil oʻtmaydi. Dadang oʻn oltida, men oʻn toʻrtda, Temur oʻn uchda. Ayniqsa Temur amaking ushoqqina. Eti ustixoniga yopishgan bola. Bugunga kelib oʻn bitta bolaning otasi, kimsan Temur polvon boʻlib ketishini kimam oʻylabdi oʻshanda. Kap-katta yigit boʻlguncha ham tili chuchuk edi. “Biygadiy” deb gapirardi.

Bir kun tong azonda qishloqdan kelyapmiz. Dadang shoshiradi: Tez yuringlar. Kech qopmiz. Uxlab qopmiz, deydi. Oy sutdek dalaga yetib keldik. Hov narigi paykal edi, “Afgʻoni”. Hech kim koʻrinmaydi. Paxtasi rosa ochilib bergan. Shapir-shupur terimga tushdik. Dam-badam qishloq tarafga qarab qoʻyamiz, qizlar kelmayaptimi deb.

– Bugun qizlaydi qoldiyib ketamiz, haligacha pishillab yotishganduy, – deydi Temur xursand boʻlib.

Teryapmiz, teryapmiz… Qanorlarimiz toʻlib ketdi. Yana ancha-muncha terib bir yerga uydik. Koʻngil toʻq endi. Mizgʻib olmoqchi boʻldik. Paxtamizdi ustiga yotdik. Bir mahal uygʻonib qarasam, atrof qop-qorongʻu, oy botibdi. Ikkinchi marta junjikib uygʻondim. Haliyam qorongʻu. Ie, deyman hayron boʻlib, nega tong otmaydi?

Sheriklarim ham turishdi. Keyin tushundik. Oydi yorugʻini tong otdi deb oʻylab, otang bizdi avval oqshomda uygʻotib kelgan ekan… Ustimizga shudring yoqqan. Sovuq. Diydiraymiz. Uxlash qayoqda endi, kun chiqquncha tishlarimiz takillab, bir-birimizni pinjimizga kirib, gʻujanak boʻlib oʻtirib chiqqanmiz… Munnay oʻylab qarasam, bolalikda odam mast boʻlarkan. Biz-ku, oʻgʻil bola, qizlar ham olov edi. Ayang aytib oʻtirsalar kerak?

– Ha, aytganlar, – dedim kulib. – Haligi boʻri voqeasini ham eshitganman.

– Boʻri voqeasi?.. E, boʻldi, boʻldi, – dedi Safar amaki zavqlanib ketib. – Qani, eshitaylik-chi, oyim qanaqa qip aytib bergan ekanlar…

– Amaki, oʻshanda rosttanam qattiq uxlab qobmidingiz yoki joʻrttaga uyquga solib yotganmisiz?

– Obbo, jiyanimey, jon joyidan ushlading-ku!.. Boʻpti, mayli, bir boshidan aytib bera qolay. Sobirjon bolam, choydan quy, – deya piyolasini uzatdi. – Buning tarixi uzun, tomogʻimni hoʻllab olishim kerak… Xullas, urushdi ikkinchi yilimidi, uchinchi yilimidi, esimda yoʻq, anigʻi shuki, hozirgiday yoz chillasi edi. Oʻn ikkita boʻy qizga meni qora qilib qoʻyishgan. Boya aytganimday, oʻn uch, oʻn toʻrt yoshlardagi oʻspirinman…

– Dadam qayerda edilar?

– Maʼrufxon gʻoʻza sugʻorardi… Shu desang, oʻn ikki qiz bilan men tong azonda bugʻdoy oʻroqqa tushamiz. Kun yorishgach qishloqdan ayollar, bolalar, qari-qartanglar keladi. Shabnam koʻtarilganda oʻrimni toʻxtatamiz. Endi oʻrib boʻlmaydi, boshoq quruqshab, bugʻdoy yerga toʻkiladi, bilasan… Ul-bul narsa bilan tamaddi qivolib, keyin gʻoʻza chopiqqa tushamiz. Chopiq kechki koʻz koʻrguncha davom etadi. Qishloqqa ketadiganlar ketib, dala yana oʻzimizga qoladi. Oy yorugʻida ne mahalgacha shir-shir bugʻdoy oʻramiz. Hov anavi yerda, dalaning tumshugʻida eski shiypon boʻlardi. Koʻrgansan, besh-olti yil burun Farmon buzdirdi. Shu shiyponga borib yotamiz. Shiyponki, uch tarafi vahimali changalzor, chakalak. Tepamizda manovinga oʻxshab fonus yonib turadi. Qator boʻlib bir toʻshakda yotamiz. Ikki chekkada yoshi kattaroq opalarimiz, oʻrtada kichkinalar. Menam aralash yotaveraman. U vaqtlar ayb qilishmasdi. Koʻngil ham toʻgʻri ekan-da… Bir haftada shunday boʻldiki, qishloqni eslamay ham qoʻydik. Kun boʻyi gʻoʻza chopamiz, yarim tunga qadar bugʻdoy oʻramiz. Yana tong yorishmay bir-birimizni uygʻotib, apil-tapil chalgʻi koʻtarib chiqib ketamiz. Shiypon ham, dalayam changalzoram oʻzimizniki boʻlib qolgan. Yarim tunda uxlagani yotamizu, hadeganda uxlab qolmaymiz. Ayniqsa, yosh qizchalarimizdi gapi tugamaydi. Pichir-pichir qilib, qiqir-qiqir kulib boshqalarga ham uyqu berishmaydi. Oxiri Maʼmura oytimdan bir-ikki dakki eshitishadi-da, tinchishadi…

Bir kechasi hamma uxlab qolganu, birgina men qamishlari osilib yotgan shiftga tikilgancha xayol surib yotibman. Qorovul boʻlganim uchunmas, oʻzi nimagadir uyqum uchib ketgandi. Bir mahal Maʼrufxonni eslab ketdim. U hozir “Shotutli”da suvchilarga ergashib egat oralab yurgandir. Shu tobda hormanglar, deb peshonasida paydo boʻlib qolsam xursand boʻp ketsa kerak, deyman oʻzimcha. Rosttanam shunday qilsam-chi. Bular hammasi dong qotib yotibdi. Asta joʻnab qolaman-da, yana hech narsa boʻlmaganday kelib joyimga yotaman… Shu xayol bilan bir gʻayratga mindimu, negadir shashtimdan qaytdim. Yoʻq, postni tashlab ketishim durust emas, bu ishim baribir Maʼrufxonga yoqmaydi. Ortimga qarab haydab yuboradi, dedim-da, yonboshimga agʻdarilib koʻzimni yumdim. Koʻzim ilindimi, yoʻqmi, bilmayman, oʻrnimdan sachrab turdim. Boʻri uvladimi yo tushimga kirdimi?.. Oʻtirgan yerimda nafasimni yutib quloq soldim. Jimlik… E, tushimga kirdi-yov deya oʻzimni ishontirib, oʻrnimga qayta yotdim. Shunday yotishimni bilaman qamishzor tomondan bitta boʻri uvlab yuborsa boʻladimi!.. Badanim muzlab qoldi. Jon shirin. Shunday gʻujanak boʻldim-da, koʻzimni chippa yumdim. Bosh koʻtarib qarashga yurak qurgʻur dov bermaydi. Qizlarga dalda boʻladi deb meni qoʻyib qoʻyishgan tagʻin. Bir mahal bechoralar uygʻonib qolishdi-ku! Ana endi desang qiyomat qoyim boʻldi. Qiy-chuv, baqir-chaqir, yigʻlagani qaysi, toʻshakka burkanib olgani qaysi. Men boʻlsam dunyodan “bexabar” dong qotib yotibman. Meni eslab qolib, boshimga yopirilib kelishdi. Lekin, har qancha turtkilashmasin uygʻonay demayman. Tosh qotganman. Jonimga Maʼmura oytim ora kirdi. Uni qoʻyinglar, gulxan yoqamiz, tez boʻlinglar, dedi. Shiypon biqinida uch bogʻlam gʻoʻzapoya yotardi. Shunga oʻt qoʻyishdi. Turmasam boʻlmaydi endi deganday asta boshimni koʻtardim. oʻoʻzapoya chirsillab yonyapti. Qizlar bir otar qoʻydek gʻum-gʻuj boʻlib, olovdi yonida turib olishgan. Oʻttiz qadamcha narida ikkita boʻri dikkayib oʻtiribdi. Koʻzlari olov yolqinida yaltiraydi. Ular oʻrnidan qoʻzgʻalib, bezovta yura boshlashi bilan qizlar qiy-chuv koʻtarishadi. Boʻrilar tek qotishi bilan bularam tinchiydi. Oxiri qizlardan bittasi oʻzidan oʻzi Qarshiboy, Qarshiboy deb baqira boshladi. Boshqalari ham qoʻshildi. Qarshiboy deb baqirsa boʻrining jagʻlari qarishib, ogʻzi ochilmay qoladi, deb eshitganim bor. Menam qizlardi yoniga kevolib Qarshiboy, Qarshiboy deb baqirishga tushdim. Hozir eslasam kulgim qistaydi. Qarshiboy, Qarshiboy deyapmanu, oʻzimdi jagʻlarim qarishib qolganday arang ochiladi…

Baqir-chaqirdan hurkdimi, haytovur boʻrilar changalzorga kirib ketishdi. Hamma yoq jim-jit boʻlib qoldi. Baqirib turganimiz tuzuk ekanmi, jimlik battar qoʻrquvga sola boshladi…

Boʻrilar ketmagan ekan. Irillashib yana chiqib kelishdi. Yana qiy-chuv boshlandi. E, qisqasi, tong oqarguncha ketishmadi-da. Yerda yotgan suyaklarni shaqirlatib gʻajishadimiyey, itday irillab bir-biri bilan olishib ketadimi, basma-basiga olib uvlashga tushib ketishadimiyey, ishqilib oʻtakamizni yorib, atrofimizda izgʻishdi. Tong ham otib kelaverdi, boʻrilar gʻoyib boʻlishdi.

Shundan soʻng Jabbor amaki rahmatli biz bilan shiyponda qoladigan boʻldi. Biz bugʻdoy oʻrib boraveramiz. U kishi oʻn besh, yigirma qadam ilgarida yurib: qizlarim, men bundaman. Safarboy kelyapsanmi?.. Mana men, kelaveringlar. Shovvozlarim, azamatlarim, deb ovoz berib turadi.

Rahmatlining ovozi qulogʻimga oʻtirib qolgan ekanmi, haligacha elas-elas eshitilib ketadi.

* * *

Toʻlin oy allaqachon tikkaga kelgan. Koʻp zamonlarni, koʻp odamlarni koʻrgan yakka balxi tut ostida hamon suhbatlashib oʻtiribmiz. Nariroqda joʻyaklarga taralgan suv bir tekis jildiraydi. Hov olislarda dayravot jiydalari oqarishib koʻrinadi. Havoda yoqimli boʻy kezinadi.

* * *

Oradan uch oy yoz oʻtdi.

Sentyabr ham oyoqlab qoldi.

Hisobchilikda ozmi-koʻpmi malaka orttirgan ekanmanmi, yangi vazifaga koʻnikishim oson kechdi. Ishga shoʻngʻib ketdim. Bu orada sen, Shohsanam, oʻqishga kirding. Mandatdan oʻtiboq uzum uzishga, u yoqdan qaytib, bir hafta oʻqib-oʻqimay, paxta hashariga joʻnab ketding.

Qiziq zamonlarda yashagan ekanmiz-da. Hammadan qizigʻi, bunaqa ishlardan hech birimiz ajablanmasdik: xuddi azaldan shunday boʻlib kelgan, bundan bu yogʻiga ham shu taxlit davom etishi kerakday edi.

Hozir ham mamlakatda paxta yetishtiriladi. Sentyabr avvalida terim boshlanadi. Bir kun qaraymizki, tumanlar, viloyatlar birin-ketin rejalarini bajarib qoʻyibdi. Ajablanamiz. Boʻlar ekan-ku! Shovqin-suronsiz, ur-sursiz ham uddalash mumkin ekan-ku, deymiz. U davrlarda esa bari boshqacha kechardi.

Bir deb terimga tushildimi radio, televizor, gazetalar hisobot berib borishni boshlardi: bir kunda falon foyiz, mavsum boshidan beri falon foyiz paxta tayyorlandi. Qoʻl terimi buncha, mashinada buncha terildi va hokazo. Bunday hisobotlarga befarq odamning oʻzi boʻlmasdi. Bittasi men boʻlsam, har kecha kolxoz idorasiga kirishda ham, chiqishda ham koʻrgazma taxtasiga zimdan koʻz tashlab qoʻyaman. Taxtada brigadalar raqami, brigadirlar ismi, familiyasi qarshisidagi foyizlar, tonnalar kun sayin yangilanib boradi. Familiyam pastlab ketsa toriqaman, yuqorilab borsa havolanib yuraman. Har erta yo peshinda odamlarimni toʻplab hisobotni oʻqib beraman. Shoirona soʻzamollik bilan ularni ruhlantirgan boʻlaman.

Xullas, shunaqa dolzarb kunlarning biri edi.

Xirmon boshidaman. Kun par-par boʻlib turibdi. Terimchilar paxta toʻla etaklarini yelkalab, turnaqator boʻlib chiqib kelishyapti. Bunda ham qatʼiy tartibga amal qilinadi. Avval yosh bolali juvonlar, yoshu ulugʻroq ayollar, yarim soat, bir soat oʻtkazishib esa yosh-yalanglar, oʻquvchi yigit-qizchalar daladan chiqishadi. Bu tartibni men joriy qilmaganman, azaldan shunday.

Endi asosiy gapga kelsam: Amirjon paxtasini tarozidan oʻtkazib, telejkaga uzatdi-da, keyin tarozibonning daftarini olib yonimga keldi.

– Mahmud aka, endi hisob-kitob qilib olaylik, – dedi jiddiy turib.

– Xoʻp boʻladi, qani, koʻraylik-chi, – deya daftarni oldim-da, darhol uning ismi toʻgʻrisidagi raqamlarni jamlab chiqdim.

– Oʻh-hoʻ, zoʻr-ku, Amirjon. Ikki yuz yigirma kilo!

– Endi, – Amirjon ortiga, telejka atrofiga toʻkilgan paxtalarni tergilab yurgan xirmonchi Safar amakiga qarab olib, ovozini xiyol pastlatib dedi. – Umishvoyni koʻring.

– E, Umishvoy senga yetib opti-ku! – dedim battar hayratim ortib.

– Chunki, biz bahslashmadik-da, Mahmud aka. Biz hamkorlik qildik, – dedi salmoqlab, keyin daftarni hisobchi yigitga qaytib berdi-da, qoʻltigʻimdan olib chetga boshladi. – Ochigʻini aytsam, mana shu oʻn kunlikda sizga bayroq olib bermoqchimiz. Ertalab bolalar bilan shunga kelishib olganmiz.

Endi desang, otam tirilib kelganday, terimga sigʻmay ketdim. “Yasha, ukajon, unutmayman!” deb Amirjonni bagʻrimga bosdim.

– Shu gapingizdan foydalanib, endi bitta erkalik qilaman, – dedi u jilmayib. – Faqat yoʻq demaysiz.

– Boʻpti, ukajon, bemalol!

Amirjon gapni uzoqdan keltirdi.

– Umishvoyni bilasiz, Shohi opasi bilan tirik edi. Mana endi kun sanab yuribdi. Oʻn kun boʻldi, oʻn besh kun boʻldi, deb. Koʻrmasam uzlikib qolaman deydi. Rosttanam, qarang, rangini oldirib qoʻygan bechora.

– E, qoʻysang-chi!..

– Ishonmaysiz-da. Tomogʻidan ovqat oʻtmay qolgan. Ochigʻi, rahmim kep ketdi-da, boʻpti, oborib kelaman opangdi oldiga dedim. Faqat sharti bor, bugun ikki norma teramiz-da, borib kelamiz, Mahmud aka soʻz berdilar, dedim. Ishqilib, yolgʻonchi qilmasangiz boʻldi… E, shunday deganimni bilaman, mashina boʻp ketdi. U teryapti, men tashib turibman. Meni boʻlarim boʻldi, u charchadim, demaydi. Qoyil qoldime!.. Mehr-muhabbat degani zoʻr narsa boʻlarkan-da, Mahmud aka. Xoʻp, javob berasizmi?..

– A, qayoqqa?! – debman xayolsirab.

– Boshidan qaytaraymi? – dedi Amirjon kulib.

– Yoʻq, yoʻq, mayli… Mayli, borib kelinglar, – dedim parishon. Salom aytinglar. Menam borib qolarman…

– E, sizga yoʻl boʻlsin, – dedi u qoʻlimni siqib. – Bir soat koʻrinmay qolsangiz, trevoga boʻp ketadiyu!..

– Ha, rost aytasan, – dedim ruhsiz. – Shuniyam aytib qoʻyinglar, xafa boʻlmasin…

* * *

Dalaga tushkun kayfiyatda chiqib kelganman.

Etak bogʻlab egatlarga tushib borayotgan yigit-qizlarga yaqin bormay beriroqda turibman. Axir, kechagina naqd boʻlib turgandi-ya!.. Koʻrsatkichlarim hammadan yuqori, meni bosib oʻtishlari mumkin emasdi. Lekin kechki yigʻinni oʻtkazayotgan rais muovini Sharif Hodiyevich men qolib, boshqa brigadirni birinchilik bilan qutladi. “E, qanaqasiga?!” deb yubordim oʻzimni tutolmasdan. Muovin javob oʻrniga iljayib qoʻydi-da, gapida davom etdi. Boʻlarim boʻlib boshimni egib oldim. Hamma menga qarayotganday, qip-qizarib ketdim. Ayniqsa, muovinning “Yosh kadrlar ham gʻayrat qilishdiyu, ammo baribir gʻayratdan tajriba ustun keldi” degan ilmoqli gapiyu, uning orqasidan kimningdir maʼnoli yoʻtalib qoʻyishi meni battar oʻsal qildi. Ahvolimni tushunganday yonimdagi birov bilagimni siqib qoʻydi. Nahotki, shuhratparastga oʻxshab qolgan boʻlsam?! Meni yosh bola koʻrishgani, oʻrtada qandaydir gʻirromlik oʻtganini hech kim sezmadimikan? Berdisini aytganda, bayrogʻiga ham, birinchiligiga ham uchib-qoʻnib turgan joyim yoʻq edi-ku! Yaxshiyam yigʻinda Haydarov qatnashmadi. U boʻlganida nima deb oʻylardi! Tagʻin kim bilsin, u boʻlganida bunaqa oʻyinlar yuz bermasmidi!..

Nima boʻlgandayam qattiq alam qildi. Mendanam koʻra hali odamlarim eshitishsa qanaqa koʻyga tushisharkin? Ishdan bellari sovib ketmasmikin?!

Shu taqlit dilim xufton boʻlib turarkan, Amirjon yonimga keldi.

– Mahmud aka, oʻzingizga oʻxshamayroq turibsiz, tinchlikmi? – deya qoʻl tashlab koʻrishdi.

– E, boʻlmadi, uchinchiga berib yuborishdi, – dedim yigʻlamoqdan beri boʻlib.

– Nimani berib yuborishdi?..

– Bayroqni-da?.. – dedim qoʻl siltab.

– Xayriyate!.. Men boʻlsam “Paxtakor” yana “Qayrat”ga yutqazib qoʻyibdimi, deb qoʻrqib ketibman, – deya beozor iljaydi Amirjon. – Bitta bayroq boʻlsa, keyingi oʻn kunlikda olib berarmiz!..

– Ovora boʻlasizlar! Bu yerda boshqa gap bor, – dedim ruhsiz bosh irgʻab.

– Xoʻp deyvering, keyingisi bizniki! – u shunday deya beliga etagini bogʻladi. – Aytmoqchi, Shohi opam soʻrab yubordilar.

Ismingni eshitib qalqib tushgan esam-da, dabdurustdan bir narsa deyolmadim. Beixtiyor gapining davomini kutdim. U ozroq paysallab, keyin tilga kirdi.

– Dalalarni sogʻinibdilar. Koʻksoyni sogʻinibdilar. Endi bu Umishvoydi gapi. Shunaqami, yoʻqmi, xullas, hammamizni sogʻinibdilar.

Endi andishani yigʻishtirib, dangaliga koʻchdim.

– Ochigʻi, menam sogʻinib ketdim, – dedim dard bilan. – Paxta-maxtasini tashlab, shartta ketvorsammi deb turibman.

Amirjon kuldi.

– Ketvorish kerak emas, – deya qoʻltigʻiga qoʻl soldi. – Mana, oʻzlarini opkeldik.

Shundoq koʻz oʻngimda mayingina kulib turgan surating paydo boʻldi. Har qancha sogʻingan boʻlmayin, suratingga ortiq qaray olmadim. Tezgina qoʻyin daftarim orasiga bekitdim. Ishonsang, Amirjondan emas, sendan uyaldim. Kulib turgan koʻzlaringda beozorgina gina tuydim. Gina qilishga esa tamoman haqli eding, Sanamjon!..

– Unutmayman, Amirjon! – dedim toʻlqinlanib.

Bir zumda hammasi oʻzgardi: dilxiraligim tumandek tarqagan, atrof-jonib koʻklamdek yashnab, yeru osmon roʻshno sadolarga toʻlib ketgandek edi.

* * *

Koʻksoy suvlari umrimizdan yana bir yilini oqizib ketdi. Yana kuz keldi.

Shovqin-suronli, ur-surli terim mavsumi boshlandi.

Oppoq qorday oqarib yotgan paxta dalasi boshida terim mashinasi shay turibdi. Safar amaki, Temur amakim va yana bir-ikki odamlarim bilan mashina oldida maslahatlashib turibmiz… Safar amaki duoga qoʻl ochdi. Fotiha qilingach, Temur amaki mashinasini yurgʻizib, dalaga haydab kirdi. Ortidan bir zum kuzatib turdik-da, tarqalishdik.

Soy yoqalab yolgʻiz kelyapman. Mamnunman. Paxtasi oqib yotgan dalaga dam-badam faxrlanib qarab qoʻyaman. Olisda terim mashinasi guldirab boryapti.

– Hammasiga koʻrsatib qoʻyaman hali! – deyman baralla ovoz chiqarib.

– Xoʻsh, qalay endi?!

Ortimdan kelgan ovoz meni toʻxtatdi. Lekin qayrilib qaramayman.

– Mamnunsan! Ishlaring zoʻr!..

Maʼqullagan kabi bosh irgʻab, tol tagiga oʻtiraman. Koʻksoy qator tizilgan tollar ostida sharpasizgina oqib yotibdi. U roʻparamdagi tolga yelka tirab oʻtiradi.

– Imoratingni sozlab olding. Oʻqishga kirding. Mayli-da, sirtdan boʻlsayam, selxoz boʻlsayam, institut oti bor. Kichkinagina boʻlsa-da, uloving bor. Bir yilda shuncha oʻzgarish. Terimni oʻtkazib, Shohsanamni tushirib olsang, yana nima kaming qoladi?!.

Dilimdagini sirtimga chiqargim kelmaydi. Qovjiragan maysa ustiga beparvo yonboshlayman. Olisda guvillab ishlayotgan terim mashinasi koʻrinib turadi. Ikki kaftimni boshim ostiga qoʻyib chalqancha yotgancha, osmonga koʻz tikaman. Tip-tiniq osmonning u yer, bu yerida xirmondagi uyum-uyum paxtalardek oppoq bulutlar suzib yuradi.

– Eh, koʻngil gʻash-da, – deyman suhbatdoshimga dil yorib.

– Yana nima uchun?!

– Koʻp boʻldi, sheʼr yozmay qoʻyganman…

– E-ha, sheʼr… Koʻngling gʻashlanmasin. Planing toʻlsin, toʻyni oʻtkaz. Ana undan keyin qish boʻyi sandalda muk tushgancha xotirjam yozaverasan…

– Xotirjamlikda sheʼr yozib boʻlarkanmi?!

Oʻrnimga turib oʻtirib, olisdagi togʻlarga koʻz tikaman. Sigareta tutataman.

– Shoir xalqi gʻalati-da! Hamma tinchlik istasa, bular?!.

– Sheʼr bezovta tuygʻulardan tugʻiladi, – deyman oʻjarlik bilan. Sigaretamni chuqur-chuqur torta boshlayman.

Suhbatdoshim darhol murosaga keladi.

– Mayli, tortishmaylik. Buyam bir gap boʻlar?!.

* * *

Shiypondaman.

Oʻmgʻir yogʻayapti. Dala kimsasiz. Shiypon biqinidagi xona derazasidan yomgʻirli dala manzarasini kuzatib turibman. Ortimda, xontaxta ustidagi qogʻozda yangi qoralangan sheʼr. Men ana shu sheʼr zavqi bilan mastman. Uni shivirlab oʻqiyman. Xona boʻylab ohista yuraman…

 

Oʻmgʻir yogʻar. Borliq qunishgan,

Bosiladi yoʻllarning changi.

Oʻmgʻir yogʻar,

Sheʼr yozgim kelar

Goʻyo yomgʻir yangi, sheʼr yangi.

Oʻmgʻir yogʻar,

Xayol suraman,

Tinglab samovotning mungin jim.

Necha minginchi yomgʻirdir bu

Va men shoir necha minginchi.

Sharros jalalarni kuylayman

Chamandek anvoyi sheʼrlarda.

Aqlim yetmas,

Qanday sevarlar

Oʻmgʻir yogʻmayturgan yerlarda?..

Oʻmgʻir yogʻar,

Hayot baxsh etib

Mening qaqroq eʼtiqodimga.

Oʻmgʻir yogʻar.

Hech kim sololmas

Seni yomgʻirchalik yodimga…

 

Sheʼr oʻqirkanman, qay bir koʻklamlarning, qay bir zamonlarning unut boʻlayozgan rangin suvratlari koʻz oldimda basma-bas jonlana boshladi… Shu tobda sen qayerda boʻlsang?.. Balki sen ham men kabi allaqaysi bir dala chekkasidagi omonat baraklar derazasidan yomgʻirni kuzatib turgandirsan. Meni oʻylayotgandirsan? Meni kutayotgandirsan? Har bir koʻringan qoraga umidvor koʻz tikayotgandirsan?!.

Xonaga yomgʻirda ivigan Safar amaki kirib keldi.

Ilhom sarxushligi bilan unga qarab bosh irgʻadim.

– Yomgʻir zoʻr boʻldi-da, amaki.

U hayrat va hayronlikda qoldi. Nima deyarini bilmadi.

– Qarang, hammayoqni yashartirib yubordi. Bahor keldi-qoʻydi.

– Ha jiyan, chang bosdi boʻlgani tuzuk-ku, bemavridligi chatoq-da! Ikki-uch kunsiz dalaga kirib boʻlmaydi endi…

Safar amakining tashvishli yuziga tikilib qoldim. Ancha yerga tushdim. Xontaxta ustidagi qogʻozni ruhsiz olib, buklab choʻntagimga tiqdim.

– Jiyan, birov keldi chogʻi.

Deraza roʻparasiga kelib toʻxtagan mashinadan rais muovini bilan Kozim ogʻaynimiz tushdi. Kozim zontigini yoyib, muovinni yomgʻirdan pana qilgancha shiyponga boshladi.

* * *

– Mahmud Maʼrupovich, qalaysiz endi?! – dedi muovin xontaxta yonidagi koʻrpachaga omonat choʻkarkan.

– Rahmat, Sharif Hodiyevich, – dedim tilim kelishmayroq. – Koʻrib turganingizday…

– Ishingiz zoʻr, Mahmud joʻra, boʻsh kelmayapsiz, – dedi Kozim yelkamga qoqib qoʻyib.

– Oʻmgʻir ishdi beliga tepdi-da, esiz, – dedi Safar amaki dasturxonga unnalarkan.

– Da, da!.. – afsus chekkan kabi bosh irgʻadi muovin. – No prognoz yomon emas. Ochilib ketishi kerak!

Safar amaki choy damlab kirdi. Muovin biqiniga bolish tortib, yonboshladi.

– Charchamayapsizmi, inim?! – dedi Safar amaki unga choy quyib uzatar ekan.

– E, nimasini aytasiz! Rais bovoning soyasida yallo qilib yurgan ekanmiz. Bir haftada ezilib ketdik…

– Ha, rais bovoning joniga toʻzim bersin. Yigirma besh yildan beri kolxozdi yelkasida koʻtarib keladi! – dedi Safar amaki begʻaraz soddalik bilan.

– Sharif Hodiyevich ham anoyi emaslar, amaki, – dedi Kozim Safar amakining oldidagi choynakni oʻziga olarkan. – Oʻsha rais bovongizning darsini olganlar.

– Ha, toʻgʻri, baraka topsinlar… Bu, haligi, rais bovoning oʻzlariyam besh-oʻn kunda chiqib qolarlar, a, – dedi Safar amaki nonni ushatarkan, – Bir koʻrgani borsam, kiritishmadi. Keyin oʻzimdan ortib qaytib borolmadim.

Muovin Safar amakining gapiga ortiq eʼtibor qilmay, muddaoga koʻchdi.

– Endi, uka, gap bunday: hasharchi kelyapti.

– Oldindan aytib qoʻyay, menga bermaysiz! Jon aka, hasharchi kerak emas! – dedim astoydil zorlanib.

– Kimga kerak?.. Qiziq gapirasiz-a?!

– oʻirt dahmaza-da, Sharif aka…

– Sizga dahmazasi yoʻgʻidan toʻgʻirlaganmiz, joʻra, parvo qilmang, – deya Kozim oraga suqildi.

– Shunday. Kozim Farmonovichga rahmat deng. Qattiq iltimos qilib turib oldi, – dedi muovin, keyin piyolasini uzatarkan, buyurdi: – Choydan quying!..

– Bor-yoʻgʻi yigirmata odam, – dedi Kozim muovinga nazokat bilan choy quyib berarkan.

– Yeyish-ichishi oʻzi bilan, – deya muovin davom etdi. – Produkta, qozon-tovoq demaysiz. Sizdan bitta boshpana lozim boʻladi, mana shu shiyponni berasiz. Keyin… – u shunday deya Kozimga yuzlandi.

– Boʻldi. Boshqa narsa kerak emas, – dedi Kozim hozirjavoblik bilan.

– Ular hatto termoqchi ham emas, – deb yubordi muovin beixtiyor.

– Oʻ tovbangdan! – dedi Safar amaki hayratlanib.

– Sharif aka, toʻgʻri tushuntiring-da. Ular kilolab emas, tonnalab teradi demoqchilar, – deya izohladi Kozim ogʻaynimiz.

– Tushunmadim?!.

– Bu yogʻiga boshingizdi qotirmang, joʻra, – dedi Kozim yelkamga doʻstona qoʻl tashlab. – Ishingiz zoʻr boʻladi… Qisqasi, hasharchilar mening boʻlajak hamkasblarim. Savdo xodimlari.

– Ana shunaqa, Mahmud Maʼrupovich, oʻsha bechoralarga ham zaril emas. Tinchgina savdosini qilib yuraverishsa boʻladi. Lekin siyosatga boʻysunish kerak. Shu jumladan biz ham. Tak chto, ortiqcha gapga hojat yoʻq!

* * *

Idorada aytarlik ishim boʻlmasa-da, ne mahalgacha oʻralashib yurdim. Yoʻlda ham mototsiklimdan tushib, Koʻksoy boʻyida uzoq oʻtirdim. Soy tubiga tushib qolgan suvning toʻlin oy shuʼlasida jimirlabgina oqib borishiga maʼnosiz koʻz tikkancha, qayta-qayta chekdim.

Uyga yetib kelganimda yarim tun edi. Taxminimcha ayam uxlagan boʻlishi kerak edi. Uygʻoq ekan, xonamga kirishim bilan avval hovlida, keyin oshxonada chiroq yondi. Koʻp oʻtmasdan ayam dasturxon koʻtarib kirdi. Choy va ovqat keltirdi. Tilar-tilamas ovqatlana boshladim. Qoʻl artishga choʻchirdim: xuddi ayam shuni kutib turganday, men qoʻl artishim bilan noxush bir gapni boshlab qoladiganday…

Nihoyat, u ohista tomoq qirib oldi.

– Mahmudjon, bugun Xosiyat xolangizlar borishgandi, – deya choʻchinqiragan alfozda gap boshladi.

Men indamadim. Piyolamga choy quyib olib, dasturxondan koʻz uzmay oʻtiraverdim. Ammo, ayamning gap ohangidanoq noxush bir narsa tuyub, ichimda titroq qoʻzgʻaldi.

– Nimagadir Maʼmura xolangiz roʻyxushlik bermabdi. Hech tushunmadim. Nimaga ekan-a?..

– Qayoqdan bilay?.. – ichimdagi titroq oʻzini sezdirdi.

– Siynim soʻrattirgan edi, debdi. Bu gap qayoqdan chiqib qoldi, hayronman.

“Hayron boʻlmang, ayajon. Bu hammasi bahona. Bu yerda boshqa gap bor. Lekin oʻsha boshqa gapni qay til bilan aytayin, ayajon?!”

– Hali oʻn besh kun boʻlgani yoʻq, bir gap qoʻzgʻasam, boʻpti, siynijon, siz ogʻiz solasizu, yoʻq deb boʻladimi! Faqat qaliniga chidasangiz bas, deb hazilam qip qoʻygandi. Bugun toʻnini chappa kiyib oʻtirganmish… Xosiyat shunaqa desa, yoqamni ushlabman. Tovba, odam bolasiyam shunaqa turlanarkanmi?!

Ayam gapidan toʻxtab, ohista uf tortib oldi. Yuz-boshlarim olovdek chatnay boshladi.

– Shohsanam bilan gaplashib koʻrasizmi yo, uning xabari yoʻqqa oʻxshaydi.

– Nima deb gaplashaman, ayasi yoʻq degan boʻlsa, u nimayam derdi.

– Har holda, bolam…

Ayamning ezilib borayotganini koʻrib oʻzimni beparvo tutishga urindim.

Ayamning ezilib borayotganini koʻrib oʻzimni beparvo tutishga urindim.

– Ayajon, siz xafa boʻlmang, – dedim uning yelkasiga ohista qoʻlimni qoʻyib. – Shoshib nima qildik. Bir-ikki yil ishlayin. Oʻqishim bitsin. Keyin ixtiyor sizda. Kimni desangizam, mayli… men roziman.

– Men Shohsanamni degandim-da!..

U bu gapni shunchalar xoʻrlanib aytdiki, oʻzimni tutolmay qoldim.

– Axir bermayman debdi-ku!.. – boʻgʻzimga bir nima qadalib, ovozim boʻgʻilib chiqdi. – Endi yalinishimiz kerakmi?

Oʻrnimdan sapchib turib, tashqariga otildim.

* * *

Shohsanam, bir safar tasodifan ayalarimiz suhbati ustidan chiqib qolganman. Unda hali maktabda oʻqib yurgan bolalar edik.

– Shohsanamoyga bitta siz emas, menam onaman, – derdi ayam astoydil kuyib-pishib. Maʼmura xolam boʻlsa zavqlanib kulardi. – Siz uni toʻqqiz oy qorningizda koʻtargan boʻlsangiz, men yurakkinamda olib yurganman. Shohsanam qiz yuragimning tub-tubidan tugʻilgan tilagim!

Ha, sen ayamning yagona tilagi eding. Oʻlgʻiz oʻgʻlining baxtini, kelajagini sensiz tasavvur qilolmasdi. Shunday boʻlgach, sendan osonlikcha umid uzishi mahol edi. Shunday boʻldi ham: har uch-toʻrt kunni oʻtkazib sovchi yuboraverdi. Lekin endi menga hech narsa demas, menam soʻramasdim. Oxiri oʻzi ham borib keldi sizlarnikiga… Va oʻsha kuni kechasi bilan xonasida chiroq oʻchmadi. Tong azonda esa daryoning narigi tomoniga – singlisinikiga joʻnab ketdi. Qishloqqa sigʻmay qolganidan shunday qildi, koʻnglini yozib kelar, deb qoʻyaqoldim…

* * *

Xuddi oʻsha kuni Xosiyat xolam ayamni izlab keldi. Kayfiyati chogʻ, hovliqqan.

– Mahmudjon, hozirgina Shohi qiz bilan gaplashib kelyapman, – deya shosha-pisha yangilikni aytishga kirishdi. – Bilasiz-a, men unga ona qatoriman. Koʻkrak berganman. Men oʻlgir, dabdurustdan uni qiyin-qistovga olibman. Menga rostingni ayt, oʻqishingda birortasi bilan topishib olganmisan, debman. Shunday deyishim bilan, bechoraginam, yigʻlab yuborsa boʻladimi! Nimaga unaqa deysiz, xolajon, men tentak boʻpmanmi, deydi… Boʻlmasa ayang nimaga oyoq tirab oldi?.. Qayoqdan bilay, shuncha zorlandimam aytmaydilar deydi shoʻrlikkina. Oʻziyam boʻlari boʻlib oʻtirgan ekanu, men achchiq ustida nimalar deb yuboribman. Koʻngil dushman-da, Mahmudjon… Keyin aytdimki, boʻlmasa, hamma gap ayangdi oʻzida. Uni bitta yarim gʻalamis aynitgan, dedim…

– E, kim aynitardi, xola?! – dedim behafsala qoʻl siltab.

– Mahmudjon, shunday deysiz-da! Hozir tuzuvchidan buzuvchi koʻp… Ha, Shohi qizimning aqliga qoyil qop kelyabman. Bu yogʻini eshiting… Avvaliga Amirjonni soʻradi, xat-xabar bormi, dedi. Bir oydan oshdi, jim-jit dedim. Shunday desam, Amirjonning oʻrni shu kunlarda bilinyapti-da, deydi. Nimasini aytasan, qizim, Amirjon bagʻrimizni huvillatib ketdi, debman. Keyin amakisini soʻradi. E, amakingam nosqovogʻini yoʻqotgan bangiday garang, ming qilsayam bosh oʻgʻil-da, debman dardimni dasturxon qilishga chogʻlanib. U nimadir demoqchi boʻlayotgan ekanu, men laqma tushunmasdan oʻzimcha sayrayveribman.

Amakimni sogʻinibman, dedi u oxiri maʼyusgina boʻlib. Men boʻlsam, bunday aylanib borsang boʻlmaydimi, qizim, gaplashib kelasan, dedim. Keyin bechora qizgina meni quchoqlab oldi-da, yigʻlaguday boʻlib, qulogʻimga shivirladi. Amakim kelsinlar, boʻlmasa, baribir ish bitmaydi, ayam koʻnmaydilar, dedi. Shundagina miyam yarq etib ochildi-da, shoshib qoldim.

Ha, ha, keladi amaking. Shu bugunoq amaking bilan, Safar togʻangni yuboramiz, dedim bechoraginani tinchitib… Qarang-da, Mahmudjon, bir oydan beri Umida ikkimiz qatnabmizu, erkak yuborishni oʻylamabmiz. Aqlimiz olmabdi. Qizgina shoʻrlikni koʻrsangiz edi, rangini oldirib qoʻyganki, qoʻyaverasiz!.. U yogʻini soʻrasangiz, bechora Maʼmura xolangizam oʻlmabdi, sovumabdi. Qaysi bir uying kuygur uni yoʻldan urgan-da. Bu mardum tinchgina orzu havas qilgani ham qoʻymaydi. Ha, ulargayam boqqan balo bordir. Ish tutmang, Mahmudjon, hali shunaqa toʻylar qilaylik, dushmanlar kuyib kul boʻlsin!.. Mayli, men tezroq borib, amakingizni topib joʻnatay!..

* * *

Ertasi choshgoh payti.

Koʻcha eshigimiz qarshisida yengil mashina toʻxtadi. Qarasam, ayam qoʻlida tuguncha bilan tushib kelyapti. Ona-bola eshikda yuzma yuz keldik. Quchoqlashib koʻrishdik. Ikkimizning ham kayfiyatimiz yaxshi. Sandal yonida oʻtirdik.

– Ayajon, sogʻintirib qoʻydingiz-ku?! – dedim iljayib.

– Bir gʻayratim tutib ketdi-da, bolam.

– Yaxshi qildingiz, juda siqilib ketgandingiz.

– Xolangiz, yaznangiz, boʻlalaringiz – hammalari soʻrab yuborishdi. Oʻziyam bormaganingizga ancha boʻp ketdi-ya, bolam. Ish ish deb…

– Oxirgi marta oʻsha armiyadan qaytganimdan keyin borib kelganim-da.

Ayam menga sinchkov tikildi. Maʼyus jilmaydi. Menam iljayib yerga qaradim.

– Mahmudjon bolam… – ovozlari xiyol titrab chiqdi. – Boshingizga qoʻngan baxt qushi muborak boʻlsin!

– Qulluq, aya, sizga ham muborak boʻlsin, – dedim hayajonimni arang bosib. – Eshitibsiz-da?..

Ayam sergaklandi.

– Nimani, bolam?..

– Yangilikni-da!.. – dedim tushuniksiz bir xavotir bilan hovliqib.

– Qanaqa yangilik? – hayratlari ortdi ayamning.

Yuragim hapriqib, bezovta urdi.

– Kecha kechqurun Temur amakimlar borishdi… – dedim oʻzimni bosishga urinib. – Xolam rozi boʻptilar.

Ayam shoʻrlik necha yillar kutgani, oʻngu tushini band qilib kelgani – rozilik xushxabarini eshitishi bilan oʻrnidan turib ketdi. Koʻzlari quvonchdan porlab, jiqqa yoshga toʻldi. Mendagi tushuniksiz xavotiru qoʻrquv ham bir lahzada yoʻqoldi. Xayol qilsamki, ayamni mahkam quchib olsam…

– Voy, rosttanmi?! Xolangiz rozi boʻptimi?! E, Xudoga shukur-ye!.. Bir oyda oʻlib boʻldim-a! Nima uchun amakingizni ertaroq yubormabmiz-a, bolajonim.

– Shohining oʻzi aytibdi, amakim kelsinlar, debdi…

Xosiyat xolamning kecha shu mahallar hovliqib kep qolganini kula-kula aytib bermoqqa chogʻlangan yerimda tildan qoldim. Sababi, ayamning rangi qumday oqarib, joyiga qaytib oʻtirdi. Oʻzi bilan oʻzi boʻlib, nimadir degancha boshini saraklatdi. Angrayib yuziga tikildim.

– Ha, qurib ketsin-a… – dedi bemajol bosh tebratgancha.

– Aya, tobingiz qochdimi?.. Men hozir!..

Bir qultum suv ichib, xiyol oʻziga kelgach, iztirob bilan menga koʻz tikdi. Yana alam bilan bosh irgʻadi. Lablari titradi.

– Aya, sizga nima qildi?

– Rozi boʻpti, deng?..

– Ha, Temur amakim, Safar amaki borishibdi…

– Rozi boʻlmay ketsin-a, senlardi baxtingga zomin boʻlib-a!..

– Aya!..

– Baribir berar ekan, noz qilmasa oʻlarmidi?!

– Aya, unaqa demang, noz qilgani yoʻq… – dedim koʻnglim noxush bir narsa tuyub.

– Noz qilganmi, qilmaganmi, endi oʻzidan koʻrsin. Menam bopladim. U mendan siynisini avlo koʻrdimi, menam siynimga bordim. Toʻyni pishirib keldim. Bugun ertalab oq oʻratib, qishloqqa shoyon qilib keldim!..

– Aya, ayajon, tez qaytaring! – deya oʻrnimdan turib ketdim. – Hozir qaytib boring. Oʻzim oboraman. – Beixtiyor ayamning qoʻltigʻidan tutib, oʻrnidan turgʻazdim. – Jon, ayajon, boraylik! Boʻling!..

Ayam bosh irgʻadi. Joyiga qaytib oʻtirdi.

– Yoʻq, bolam. Men oʻzim aytib, oʻzim qaytadiganlardan emasman!.. Anavi Maʼmura xolangiz shunaqa qiladi!.. Yigirma yil umidvor qip keldi-ya!..

U birdan jimib qoldi-da, piq-piq yigʻlashga tushdi. Menam indamay yelkasiga boshimni qoʻydim. Ayamning butun vujudi misday qizib ketgan, kiftlari ohista titrardi.

Ona-bola shu taxlit ancha oʻtirdik. Uning bir oz sovuganini payqab, asta gap boshladim.

– Ayajon, bir ilojini qiling!

U indamadi.

– Ayajon!

U bosh irgʻadi.

– Bolajonim, endi kech boʻldi. Ularni beburd qilolmayman.

– Temur amakimlar beburd boʻlib qolishsa maylimi?..

Ayam ilkis oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

– Hozir borib aytaman. Imi-jimida qaytaradi.

– Ayajon! – deya yosh boladek boʻzladim.

– Endi iloji yoʻq, bolam, iloji yoʻq!..

Ayam jahd bilan eshikdan chiqdi. Ortidan yugurib chiqib oyoqlari ostiga yiqilib yolvoray, tizzalariga yopishib olib, koʻchaga chiqarmay dedimu, lekin… Lekin birdaniga niyatimdan qaytdim. Joyimga bemajol oʻtirdim. Sochlarimni changallagancha, oʻkrab yigʻlab yubordim…

* * *

Oʻzimni taqdir yoʻrigʻiga topshirdim.

Non ushatib kelishdi, fotiha toʻyini oʻtkazishdi. Aralashmadim. Qish bekorchiligida hech kimga koʻrinmay, koʻchaga chiqmay, duch kelgan kitobni oʻqib yotaverdim…

Shunday kunlarning birida nima ish bilandir idoraga chaqirishdi. Chilla oʻtirib chiqqan odamday qovushmayroq yoʻlga tushdim. Mototsiklimda shoshilmay ketayotsam, oldinda sen koʻrinding. Egningda oq yomgʻirpoʻsh, qoʻlingda diplomat, oʻqishdan kelayotgan eding… Boz boyagidek yuragim hapriqib, oyogʻimdan quvvat ketdi. Oʻl, deydigan odam yoʻq…

Mototsiklimni ancha berida toʻxtatib, yordamchi oyogʻiga tikladim-da, senga roʻpara boʻldim. Jilmayishga urindim. Sen esa… yerga qadalib, yuzlaring laxcha choʻgʻ, allatoʻsin bir koʻyda yonimdan oʻta boshlading. Na toʻxtatishni bilaman, na bir narsa deyishni…

– Shohsanam!.. – dedim iltijo bilan.

Sargʻish etikchalar yurishi xiyol sekinlashdi. Xayriyat!.. Biroq shu zumda ular yana jadalladi. Jadallab boraverdi. Keyin yugurishga tushdi…

* * *

Markazga qanday borib kelganimni bilmayman. Shunisi yodimdaki, uyimga sigʻmadim. Yarim tunga qadar koʻchada yurdim. Sening darvozang oldidan necha qayta hush-behush oʻtib qaytdim. Nazarimda, darvozang oldiga yaqinlab kelishim bilan u gʻiyqillab ochiladiyu, sen chiqib kelasan. Toʻgʻri oldingga borib, qoʻlingdan tutaman-da, chekkaroqqa sudrayman. Bir ogʻizgina gapim bor, shuni aytib olay. Keyin nima qilsang, nima desang – ixtiyoring, deyman… Biroq, zil-zambil darvoza, soqov darvoza ochilay demaydi. Oʻtib ketolmay koʻcha oʻrtasida turib qolaman. Oldindan yo orqadan oyoq tovushi eshitiladi. Noiloj jilaman. Oʻtkinchini uzoqlatib, ortga qaytaman. Mabodo chiqib, qaytib kirib ketmasin deb shoshilaman. Darvoza yopiq. Deraza pardasiga kimlarningdir soyasi tushadi. Yuragim qalqib ketadi, tomogʻim boʻgʻiladi. Eh, bu yoqqa chiqsang boʻlmaydimi! Haftada bir kelasanu, uyga qamalib olganing nimasi, deyman alam bilan…

Hali kunduzi yonginamdan laxcha choʻgʻ boʻlib, toʻliqsinib oʻtib ketganing koʻz oʻngimdan ketmaydi. Hozir ham bir chekkada maʼyusgina boʻlib oʻtirgandirsan…

Oxiri xonadagi chiroq ham oʻchdi. Derazalar mungʻayib qoldi.

Baribir koʻngil uzib ketolmadim. U yoq, bu yoqqa qarab olib sekin derazang tagiga bordim. Yurak yutib ohista chertdim. Javob boʻlmadi. Yana sekin taqillatdim. Jimlik.

– Foydasi yoʻq, – degan ovoz keldi ortimdan.

Avvaliga bir uchib tushdim. Keyin gap nimadaligini anglab, ortiq eʼtibor bermadim. Ichkariga quloq tutib turaverdim. Yana chertmoqchi boʻldim. Ovoz takrorlandi.

– Baribir eshitmaydi. U ayasining yonida. Ichkari xonada…

Koʻcha yuziga qaytib chiqdim. Bir mudom taʼqib etguvchi sharpa mendan koʻz uzmay turardi.

– Nima deysan?! – dedim zarda bilan.

– Nima qip yuribsan? – dedi u savolimga savol bilan. – Kap-katta odam, yaxshimi shu ishing?!

– Aql oʻrgatma! U bilan gaplashib olishim kerak. Gunohimni aytib, kechirim soʻrashim kerak.

– Nima foydasi bor?

– Mening kimligimni bilib qoʻysin… Ertaga texnikumiga boraman. Topib gaplashaman.

– Bir kaming shu edi, oʻzi!..

– Yoʻldan urma! Bor, yoʻqol!..

– Oʻylab koʻr.

– Yoʻqol, dedim!

* * *

Ertasi kuni oʻqishingga izlab bordim. Har bir koʻringan qizga umidvor tikildim. Oʻnlab yigit-qizlar oʻtib-qaytib turibdi. Sen yoʻqsan. Keyingi kun ham texnikum darvozasi oldida koʻzim teshildi… Ikki kun ham haligi taʼqibkor sharpa aylanishib yurdi. Biroq vajohatimdan hayiqib yaqin kelmadi. Oxiri umidsizlanib, boʻshashib, bir oʻtirgʻichga choʻkkanimdan keyingina jurʼatlanib menga yaqinlashdi.

– Mahmudxon, bu nima yurish?.. Rang-roʻyingga qara! Es-hushingni yigʻib olsang-chi! Brigadir oting bor, qirq-ellik odamga rahbarsan. Shu yurishingni birov bilib qolsa nima degan odam boʻlasan?!

U bilan bahslashishga majolim yoʻq edi. Indamay bosh egib oʻtiraverdim.

– Agar tanangda issigʻing boʻlganida otingni avvalroq qamchilagan boʻlarding. Gunoh qildingmi, shartta boʻyningga olarding. Endi hayit oʻtdi, birodar! Peshonangga bir urib, orqangga qaytaver!

Eʼtiroz qilmay eshitdim. Soʻng yana texnikum darvozasi oldiga borib, hovliga tikildim. Bino derazalariga bir-bir qarab chiqdim. Koʻzlarim jiqqa yoshga toʻlib boraverdi. Keyin shartta orqamga qayrildim-da, yoʻlga tushdim. Avtobus bekatigacha orqamga qaramadim. Nazarimda ortimdan ergashib kelayotganday boʻlaverding. Bardoshim yetmasdan oʻgirildim. Intizor koʻzlarim, umidvor koʻzlarim seni yana uzoq izladi…

* * *

Ayam toʻyni boshlash taraddudiga tushib qoldi. Meni koʻndirolmagach, Haydarov raisni oʻrtaga qoʻydi. Koʻklam avvalida, chigit ekish oldidan toʻyni oʻtkazdik. Qishloqning katta-kichigi xizmatda boʻldi. Yelib-yugurgan Umaroni, boshqa dugonalaringni koʻrib, seni qoʻmsayverdim. Kelib qolarmikansan, deb eshikka ming chiqib, qaytdim. Umarodan soʻrab bilmoqchi boʻlib necha bor ogʻiz oʻngladim, soʻray olmadim.

…Chimildiqqa, kelinning oldiga kiritishdi: chinchaloqda asal yalatish kerak ekan, yalatdim. Uzuk taqish kerak ekan, taqdim. Koʻzguga qarab uni koʻrishim kerak ekan, qaradim, koʻrdim. Bilardim, xolamning qizi chiroyli edi, tillaqosh, zebigardonlarda yanayam xushroʻy boʻlib ketibdi…

Ana endi olib qaytayapmiz.

Qirq chogʻli kuyovjoʻra koʻchani boshlariga koʻtarib yor-yor aytib borishyapti. Koʻpchiligi yaqinda harbiydan qaytgan yoki talabalikda yurgan yigitlar. Toʻyni, yor-yoru poyandoz tortishlarni sogʻinishgan. Buning ustiga chetda, begona joyda kuyovnavkar oʻzini koʻrsatishi, qoyil qoldirishi kerak.

Orqamizda, chang-toʻzonimizda havorang “Volga” – Haydarovning mashinasi kelyapti. Unda kelinchagim va uning yangalari. “Volga”dan keyinda ikkita yuk mashinasi: biroviga xotin-xalaj chiqib olgan, birovi boʻsh…

Qishloqdan chiqaverishda yoʻlni bogʻlashdi.

Yoʻl oʻrtasida kursicha, unda ikkita non, likopchada tuz. Kursicha yonida oʻrta yashar bir kishi, orqasida yigitlar, yigitchalar…

Kuyovjoʻralarim ularga qadalib toʻxtashdi. Oʻr-yor ham tindi. Toʻyboshimiz Safar amaki mashinadan tushib keldi.

– Xoʻ-oʻp, qani, kim bilan gaplashamiz?! – deya choʻntagiga qoʻl soldi.

– Bizminan, aqsaqal, – dedi kursicha yonidagi qirgʻiz qovoq kishi.

– Yashanglar, rasmini qilish kerak… Mana, inim… – Safar amaki pul uzatdi.

– Mengamas, aqsaqal, anov jerga qoʻying. Nan bilan tuzdi haqi…

– Toʻppa-toʻgʻri, inim. Mana, boʻldimi?..

– Qoʻshing, aqsaqal, jichcha qoʻshing. Qottiqlik qilmang!..

– Shunaqa deng!.. – qiziqqon Safar amaki qoʻliga ilashib chiqqan pullarning hammasini kursicha ustiga tashladi. – Boʻldimi?!

– Voy-boyov, aqsaqal, bu ne qilganingiz, koʻp-ku?!. Boʻpti, omin, qoʻsha qorishsin!..

Oʻrtadan kursicha koʻtarildi.

Joʻralarim yor-yor boshlashdi. Biroq oldingga siljishmadi. Yoʻl hali ochilmagan, yoʻlni toʻsganlar qimir etmasdan turishardi.

– Yoʻlimizdi beringlar, biz ketaylik! – dedi Safar amaki.

Ulardan sado chiqmadi. Safar amaki chetga chiqqan toʻdaboshini chaqirdi.

– Hoʻv, inim, ayting bolalaringizga. Koʻngli toʻlmagan boʻlsa, aytishsin, pul qoʻshaylik yana!..

– E, joʻgʻ-e, aqsaqal, bizda qizni pulga satishmaydi.

– Pulingiz kerak emas bizga! – dedi toʻdadan bittasi.

– Boʻlmasa nima kerak, a, nima kerak deyapman?! – deya baqirib berdi Safar amaki.

U yoqdan javob boʻlmadi. Safar amakining yoniga uch-toʻrtta yoshi katta qoʻshildi. Biznikilar oʻrtasida gʻala-gʻovur qoʻdi. Pichingu kinoya, doʻq-poʻpisalar boshlandi. Xuddi shu mahal bir baraka topgur yor-yor boshladi.

Bir yostiqqa ikki bosh,

yor-yor, yorone,

Ikkisi ham qalam qosh,

yor-yor, yorone!..

Safar amakilar bilan yoʻl toʻsuvchilar orasida nima gap-soʻzlar oʻtyapti, eshitilmasdi. Taxminimcha, faqat biznikilar gapirar, ular miq etmasdan turishardi. Yigitlarga razm soldim. Bir-ikkitasi koʻz tanish koʻrindi. Anovi doʻppili novchasi, keyin matroscha koʻylaklisi ham. Oʻzi nima oʻylagani bor bularning? Janjal qoʻzgʻashmoqchimi, mast-alastmi? Ha, shunaqaga oʻxshab qoldi. Chetdan kelin olishning oʻzi boʻlarkanmi?!

Biznikilar yor-yor aralash hushtagu qiyqiriqlarni avjga chiqarishdi. Demak, bu boshlanishi!..

Mezbonlar toʻdaboshisi uyaldimi yo choʻchib ketdimi, oʻrtaga otilib kirib, haligi matroscha koʻylaklining qoʻlidan siltab tortdi. Boshqalarini turtib-nuqib chetga chiqardi.

Yoʻl ochildi.

– Qani, yurdik, bolalar, – dedi Safar amaki xiyla xotirjam tortib. – Lekin moshinga chiqish yoʻq. Yoyilib olinglar. “Volga”ni oʻrab yuringlar.

Safar amakining xavotirida jon bor edi. Haligi yoʻltoʻsar yigitlar qishloqqa qaytib kirishmagandi.

Tosh koʻchadan ketyapmiz. Koʻchaning ikki cheti endigina yaproq yozayotgan tutqator. Naryogʻi chigit ekishga taxtlab qoʻyilgan dalalar… Joʻralarim hamon yor-yor aytib borishardi. Lekin yoyilib yurishganidan yor-yor avvalgiday qovushmasdi. Aytmay qoʻyishdi. Tosh koʻcha tugadi. Bilqillagan tuproqdan ketyapmiz. Chang koʻtarildi. Atrofimdagilar siyraklashdi. Yoʻlni terib yuraboshlashdi. Biroviga (Kozimga shekilli) shipshidim: Safar amakiga aytgin, moshinga chiqsak boʻlar endi…

Gapim Safar amakiga yetib ulgurmadi.

Qarshimizda lop etib olov paydo boʻldi-da, butun yoʻlni toʻsdi. Nazarimda, hamma bir seskanib oldi. Xotin-xalaj qiy-chuvi quloqqa chalindi. Benzinga boʻktirilgan oʻrik tanasi gurillab yonar, yaqin-atrofda hech kim koʻrinmas, odamlar alang-jalang edi: tosh-posh kelib tegsami!..

Mashinalardan temir-tayoqlar topib kelishdi. Koʻplashib oʻrikni suvsiz ariqqa surib tushirishdi. Daraxt oppoq tutun buruqsitib qolaverdi, biz yoʻlda davom etdik.

Yigitlarda harbiy jahd uygʻongan, jiddiy, kamgap, yenglar shimarilgan, yoʻlida uchragan kimsani tepkilab tashlagudek vajohatda oldinlab borishardi… Dayravot boshlandi. Yoʻlimiz ilon izi boʻlib, quyuq changalzorni oralab ketdi. Boʻsh mashina oldinga oʻtdi. Safar amakining qistovi bilan unga chiqib oldik. “Volga” ikki yuk mashinasining oʻrtasida bordi.

Changalzor adogʻidan anhor oqadi. Anhor koʻprigidan oʻtib olsak, naryogʻi oʻzimizning yerlar… Biroq, koʻprik ustida bir toʻp yigit koʻrindi. Yigirma chogʻliq. Bu endi haddan oshish edi. Endi oʻzlaridan koʻrishsin. Mashinadan tappa-tappa tashladik-da, koʻprikka qarab yugurdik. Men ham endi kuyovmas, gʻazabga mingan sheriklarimning bittasi edim.

Yoʻl toʻsuvchilar ikki qator, qoʻltiqma-qoʻltiq boʻlib tizilishgan.

Ular bilan yuzma-yuz keldik.

Choʻzsak, qoʻllarimiz yetadi. Nafas olishlarimiz baralla eshitiladi. Himoga mahtalmiz.

Jiqqa terga tushib, chakka tomirlari boʻrtib ketgan Safar amaki apil-tapil oraga yorib kirdi.

– Hovliqmang!.. Toʻxta, toʻxta, deyapman! Jim!

Safar amaki biznikilarni tinchitgach, koʻprikdagilarga yuzlandi.

– Qani, oʻgʻillarim, oʻzi nima gap? Maqsad nima?!

Jimlik.

– Nimaga indamaysizlar? Yoʻlni beringlar, eson-omon manzilimizga yetib olaylik!..

Tavba, miq etmasdan eshitishadi-da, turishaverishadi.

Bular oʻzi odam bolasimi yo jin-alvastimi!..

Shu choq xayolimga lop etib bir gap keldiyu, boʻshashib tushdim.

“Nahotki!.. Yoʻgʻ-e, unaqamasdir?!.”

Lekin har qancha chiranmay oʻsha sovuq gap miyamdan ketmay qoldi.

Sekin sirgʻalib toʻdadan chiqdim…

Anhor tubidan oqib borayotgan suv arang jimirlab koʻrinar, qirgʻoqdagi hali barg yozib ulgurmagan tollar sukut saqlar, orqamizda qolgan ulkan changalzor allanechuk sirli oqarib koʻrinar, oʻn toʻrt kunlik oy esa bahaybat qora bulutlar yorigʻidan moʻralashga urinib yotardi. Hammasi xuddi tushdagidek. Koshki edi tush boʻlsa…

Oldinda turgan mashina haydovchisi baqirdi.

– Menga qaranglar, hoy yoʻltoʻsarlar! Yaxshilikcha yoʻldi ochsang, ochding, boʻlmasa ustingga haydavoraman, onangdi koʻrasan hammang!..

Kabina eshigi qarsillab yopildi. Mashina vagʻillab bostirib keldi. Biroq biznikilar ham chetga chiqmagach, ularga taqalib toʻxtadi. Bosib signal bera boshladi. Safar amakining hayhaylashiga qaramay, kuyovjoʻralarim yana oldinga tashlanishdi. Lekin yoʻltoʻsarlarning hech bir qarshiliksiz, qimir etmay turishganini koʻrib, oʻz-oʻzidan toʻxtab qolishdi.

Men yurak hovuchlab turibman. Hozir bittasi bir narsa deb yuboradi-da, sharmandam chiqadi. Yigitligim bir pul boʻladi. Baxtimga yoʻltoʻsarlardan sado chiqmasdi. Lekin qachongacha?..

Toqati toq boʻlgan Safar amaki doʻppili novchaga roʻpara boʻldi.

– Hoʻv musulmonni bolasi, insof bormi senda?! Yoki bir kambagʻaldi toʻyini azaga aylantirmoqchimisan, a?! Maqsadingni ayt!..

Bunday qarasam, Temur amakim oraga kirib kelyapti. Qalin qoshlari chimirilgan, qoracha yuzlari boʻgʻriqqan. Uni koʻrganlar oʻz-oʻzidan chetlanib yoʻl bera boshladi.

“Ha, ana, Temur amakidek odamning bardoshi tugabdimi, kulminatsiya degani shu boʻladi!”

Beixtiyor uning orqasidan toʻdaga intildim.

Safar amaki doʻstining yoʻlini toʻsdi.

– Temurjon, siz aralashmang, – dedi-da, keyin vajohat bilan novchaga baqirdi. – Chetga chiqasanmi, yoʻqmi! Oxirgi marta aytayapman!

Vujudim muzlab ketdi: ana hozir, hozir… bir ogʻiz gapiradiyu, keyin tamom!..

Yoʻq, novcha boshini egdi. Keyin yonidagilarga qaradi. Yonidagilar ham indamay yerga koʻz tikishdi.

– Nega indamaysan?!

Shu payt safdan qizil katak koʻylakli, ozgʻin, tikanak sochli yigit uzilib chiqdi. Biznikilarni oralab oʻtdi-da, “Volga”ning yonida toʻxtadi. Unga bir zum tikilib qoldi.

“Tamom! Hammasi ravshan! Boʻldi, uylanib boʻldim. Endi orqaga qaytarish kerak. Menga bunday xotinning keragi yoʻq. Kerak emas!.. Safar amakiga aytayin, qaytarsin. Uni olib ketmaylik, kerak emas!..”

Qancha urinmay, bu gaplar sirtimga chiqmas, karaxt boʻlib turardim.

Yigit boshini osiltirib, “Volga” yonidan uzoqlasha boshladi.

“Men oʻzim badbaxtman, birovniyam badbaxt qilyapman, uni toʻxtatish kerak!..”

Yoʻq, birovning baxtini qaytib berishga baribir oʻzimda kuch topa olmadim. Katak koʻylakli yigit changalzorga kirib gʻoyib boʻldi. Uni ilgari koʻrmagandim. Ammo bir koʻrganim oʻzida koʻzlarimga shundoq oʻrnashdiki, endi hech qachon unutolmasam kerak.

Qarshimizdagi saf toʻzidi. Koʻprikda tarang tortilgan poʻlat simlargina yaltirab qoldi. Simlar qirqildi – yoʻl ochildi. Joʻralarim mashinalar tomon yurishdi. Yer ostidan ularga ergashdim.

Uyimiz oldida lovullagan, koʻkka oʻrlagan gulxan kutib oldi bizni.

* * *

Shohsanam, oʻsha gulxanni eslaysanmi?

Juda ulkan, mahobatli edi. Uyimiz oldidagi shamshodlar bilan boʻylashib lovullardi. Ishonsang, shu olov ichiga toʻgʻri kirib boraversam-chi, degan oʻy xayolimdan kechibdi.

Gulxanni oʻragan qiz-juvonlarga, ularning olovlanib turgan yuzlariga ancha keyin koʻzim tushdi. Koʻzim tushganiki, seni izlay boshlagandim.

Haydarovning “Volga”sini bola-baqra oʻrab oldi. Gurillagan yor-yorni ularning hayqirigʻi bosib ketdi.

– Ololmaysan! Hoh! Ololmaysan! Hoh!..

Bolakaylar meni dadillikka, kelinchakni yangalar quchogʻidan yulib olib, gulxanni aylantirishga, yigitlik qudratimni koʻrsatishga daʼvat etishyapti. Yon-verimdagi joʻralarimning ham daʼvatkor gap-soʻzlari, hazil-huzullari qulogʻimga chalinadi. Lekin ularga qarayolmayman, hazillariga javob qilolmayman…

Safar amaki “Volga” yonida. U mashinadagi yangalardan, kelinchakning yonidagi bolakaydan kelinni “sotib olish” bilan ovora. Nafasim siqib, boʻgʻilib boryapman. Hammasi tezroq tugasa edi, deyman. Betoqat alanglayman, seni izlayman. Qadrdon ogʻaynilarim qurshovida ekanligim, Safar amakimning otam boʻlib kuymanishlari – hech biri yupanch berolmayotgan edi. Bu gʻujgʻon olomon ichida yakka-yolgʻiz edim. Menga faqat sen kerak eding. Agar koʻrinib qolganingda yugurib borib, qoʻllaringdan tutarmidim, bilmadim! Kelin bu yoqda qolib, seni koʻtargancha gulxanni aylantirarmidim, bilmadim?!

Lekin, seni izlayotgan edim…

Meni qurshab, qoʻltiqlab “Volga” eshigiga roʻpara qilishdi. Eshik lang ochildi. Iljaygan bolakay mashinadan tushib, yoʻl berdi. Roʻparamda harir parda yopingan kelinchak, men uchun dunyoga kelgan, menga bir umr hamroh boʻlguvchi inson!.. (Axir??!)

Qoshi oʻsmali, zulfi toʻzigan kulcha yuzli juvon uni quchoqlab, jilmayib turibdi. Qiygʻoch, surmali koʻzlari: oling, bu sizniki, deyapti. Oʻzi esa: osonlikcha bermayman, kuyovtoʻra, ovora boʻlasiz, deya sharaqlab kuladi.

Eh, bermasa koshki edi. Koʻtarib olodmasam-da, qizlarini qaytib olib ketishsa koshki edi! Mayli edi, shuncha sharmandalik ustiga sharmandalik, isnod ustiga isnod boʻlsin edi!..

Yoʻq, bolakaylar baqir-chaqiri quvvat berdimi yoki alamlar kuchimi, kelinchakni bir siltab tashqariga oldim. Boyagi juvon quvonch bilan hay-haylagancha mashinadan sirgʻalib tushib ketdi. Bolalar qiyqirigʻi avjiga chiqdi.

Parday yengil, nozik vujudni (Sanamjon, kechir, bu tomoshalarni koʻrib turganmiding?!) koʻtarib, gulxanni ikkimi, uchmi aylantiribman. Shovqin-surondan qulogʻim bitgan. Choʻgʻday yongan yuzlar lip-lip yonimdan oʻtadi. Men lapanglab gulxan aylanaman. Bilmayman, nechanchi bor aylanishimda birov yengimdan tortganday boʻldimi, oʻzimga keldim. Kelinchakni yangalariga topshirdim… oʻala-gʻovur pasaydi. Gulxanga gʻoʻzapoya tashlab yana lovullatishdi. Yangalar kelinchakni yana bir qur olov aylantirishdi-da, darvozamizga roʻpara boʻlib toʻxtashdi. Onam kalovlanib kelib, kelinini oʻpdi…

Keyin men seni izlab ketdim.

Eshiging oldida meni quvib yetishdi. Kozim hansiragancha yoʻlimni toʻsdi.

– Ha, kuyovtoʻra, yoʻl boʻlsin?! – dedi u xushchaqchaqlik bilan.

– Bilmaysanmi? – dedim hoʻmrayib.

– Bilaman, bilaman, – dedi sirli iljayib ogʻaynim.

– Bilsang, yoʻlimdan qoch!

– Qoyil-e, joʻra, bir pasda qayoqdan urib oldingiz? – deya shangʻilladi Kozim. – Mensiz-a, yaxshi emas!

– Men ichibmanmi, men-a? Qani, bu yoqqa kel-chi, – deya yoqasidan tortib, ogʻziga kuhladim. – Ichibmanmi?!

– Yoʻq, yoʻq, adashibman, joʻra.

– Boʻlmasa, yoʻlimni toʻsma!

Kozim battar yopishib, avrashga tushdi. Mehmonlar qarab qolishdi, yaxshimas, deb sherigi bilan qoʻltigʻimdan olmoqchi boʻldi. Lekin boʻy bermadim. Boʻpti, shu yerda qarab tur, bir ogʻiz gapimni aytamanu, qaytib chiqamag, dedim. Mayliku-ya, lekin Shohsanam yoʻq-ku, dedi uylaring tarafga qarab olib. U shahardan kelmagan, kelganida toʻyga borgan boʻlardi, toʻgʻrimi?.. Atayin kelmagan, koʻrmayinam, kuymayinam degan. Tushundingizmi?.. Qizlar shunaqa boʻladi, joʻra… Boʻpti, bu safar ham gapingga ishontirding, dedim. Keyin tirsagidan tutib, oʻzimga tortdim.

– Menga qara.

– Qaradim, joʻra, nima deysiz?

Yuziga tarsaki tortdim. Kozim chayqalib ketdi.

– Bu nima qiliq?! – dedi alam bilan.

– Boʻldi, boshqa gapim yoʻq, – deya qoʻltigʻidan oldim. – Ketdik.

* * *

Kozimga ishonib, bu safar ham aldanibman.

Sen kelgan ekansan, Sanamjon. Toʻyga boribsan. Umaro bilan, yana uch-toʻrtta dugonang bilan hovlimizda rosa oʻyin qilibsizlar. Ayam niyat qilib olgan sarupo – choponim, doʻppimni kiyib, qiyiqchamni bogʻlab, davrani rosa qizdiribsan. Xuddi oʻsha mahallarda men u yoqda, xolamning hovlisida kuyovlik sarposida boʻlganimni, chimildiqda kiftim uning kiftiga tegib turganini, barmogʻiga uzuk taqqanimu, chinchalogʻimda bol yalatganimni, husnini oynada koʻrib entikkanimu, yuragim qiziganlarini nahotki, sen koʻrib turganding, tuyib turganding, Sanamjon?!

Umaroga qoʻshiq ayttirib, dugonalaringni davraga olib chiqib, rosa oʻynatibsan, tindirmabsan. Oʻzing ham tinmabsan. Doʻpping atrofiga chambarak qilingan soching sirgʻalib tushib, orqa-oldingni tutib ketibdi. Yuzlaring laxcha choʻgʻ boʻlib, koʻzlaring allatoʻsin chaqnab, dam badam yoshlanib davrada charx uribsan. Sezganlar nimanidir sezibdi, sezmaganlar, akasining toʻyida yayrayapti, debdi.

Uh!.. Koshki edi, shunday boʻlganida, singlim boʻlib yayraganingda!.. Oʻshanda, chaqaloq paytingda, senga Xosiyat xolam emas, ayam koʻkrak tutsa boʻlmasmidi, menga singil boʻlib qolsang boʻlmasmidi?!

Choponim ushoqqina tanangni, qiyiqcham nozik belingni siqib, quchib turgan. Yoʻq, siqmagan, quchmagan, olov boʻlib kuydirgan, olov boʻlib oʻrtagan. Bu qadar oʻrtanmasang boʻlardi, Sanamjon!.. Men… Men bunga arzimas edim.

* * *

Azob ekan, azob!.. Yoningda suluvgina qayligʻing boʻlsayu, u bilan oʻynab kulolmasang. Oʻynab-kulging kelsayu, oriyating yoʻl bermasa!.. Dala-toʻshda yuraman, tuyqusdan yuragim orziqib qoladi. Uyimdagi kelinchagim yodimga tushadi. Uning jovdiragan koʻzlari, ingichka, tutash qoshlari, xiyol mallatob mayda oʻrim kokillari, nozik barmoqlari, mayin bilaklari lappa-lappa koʻz oldimga kelaveradi. Vujudim qiziydi. Tezroq kun botishini ichikib kuta boshlayman. Baʼzida shu zahoti mototsiklimga oʻtirib, qishloqqa joʻnayman. Lekin uyga yetar-yetmas yuragim muzlaydi. Ulovdan behol tushaman. Oldga bosishni ham, ortga qaytishni ham bilmay, arosatda turib qolaman… Shunda yoʻq yerdan u paydo boʻladi. U deyapmanu, aslida uyam mening oʻzim, mening ikkilanganim…

“Buncha ziqna boʻlmasang, Mahmud!” deydi u gʻijinib.

– Xoʻsh, nima qilay?! – deyman zarda bilan.

“Nodon, bunday oʻynab-kulsang-chi! Koʻz ochib-yumguningcha bari oʻtib ketadi. Uni birovdan qayeri kam?.. Odobli, hayoli boʻlsa. Eshikda koʻrinishing bilan dik etib taʼzimga tursa… Xizmatkashligini aytmaysanmi, shoʻrlik ayang endigina tinim topdi. Qoʻlini sovuq suvga urdirmay qoʻydi. “Ayajon” deb joni halak. Choy uzatishlarini, qizarib-qimtinib gapirishlarini qara!”.

– Hammasi soxta boʻlsa-chi, aldov boʻlsa-chi!..

“Hecham oʻxshamaydi. Koʻzlarini qara, xuddi ohunikidek hurkak, uyatchan. Balki, shuning uchunam undan gumonda boʻlsang kerak-da? Hali yosh qizcha-ku u! Kechagina onasining bagʻridan chiqib kelgan qizcha uyaladi-da! Bordiyu, koʻzlari toshdekkina boʻlib qadalib turganida gumon qilmasding-a?..”

– Axir, hammaning koʻz oldida sharmanda boʻldim, haligilar oʻlib-tirilib yoʻl bogʻlashdi!..

“Yoʻl bogʻlash – udum!..”

– Faqat udum boʻlsa, koshki edi. Koʻprikni simpech qilishdi, mayli, non-tuz koʻtarib chiqishdi, mayli. Daraxtni nega yoqib tashlashdi?! Bu nima degani? Meni kuydirib ketayapsan, degani emasmi?! Bundan chiqadi, anovi bolaga soʻz bergan-da!..

“Qoʻysang-chi!.. Soʻz bergan boʻlsa, tegardi. Senga rozilik bermasdi. Ayangning bir marta borishidayoq, ish bitdi-ku. Unda koʻngli boʻlganida oyoq tirab, tegmayman, deb turib olmasmidi?! Keyin, qiz bolaga necha bittasi koʻngil qoʻyadi, ortidan surgaladi, gap tashlaydi. Lekin, bittaga taqdir qiladi. Mana, sen oʻzing, Shohsanamni mushtday boshidan yaxshi koʻrding. Biror marta qoʻl tekkizishga hadding sigʻmadi-ku!..”

– Hammayam mendek latta emas-da!.. Men sira ishonmayman, loaqal oʻsha nozik barmoqlaridan, bilaklaridan biror bor ushlamaganiga!.. Lablaridan…

“E, bas qil-ye! Nimalar deyapsan, xotiningni-ya!”

– Uf!.. Qanday kunlarga qoldim-a!

“Toʻxta-chi, nega Shohsanamni eslamay qoʻyding? Nuqul oʻzing bilan oʻzing ovorasan. Hozir u qanday ahvolda ekan? Unga atalgan chimildiqqa boshqa birov kirdi. Unga atalgan toʻshaklar boshqaga nasib etdi. U suygan yigit boshqa birovni bagʻriga bosdi!.. Shoʻrlik Sanamjoning bunga qanday bardosh berayotganikin?!”

Mulzam tortib, jim qolaman. U endi yupatishga oʻtadi.

“…Seni tushunaman, lekin oʻtganni qaytarib boʻlmaydi. Endi koʻproq oilangni, Zumradni oʻylaganing maʼqul. Lekin, bunaqa ahvolda yashab boʻlmaydi, shubha gumonlar seni xarob qiladi. Masalani tezroq bir yoqlik qilishing kerak. Zumrad bilan ochiqchasiga gaplashib ol. Baqir-chaqir qilmasdan, mayin-mayin soʻrab olgin. Shoirsan-ku, soddagina bir qizaloqning koʻngliga kirishing shunchalar qiyinmi, he omon boʻlgur-a!..”

…Nihoyat, bir toʻxtamga kelaman-da, ostona hatlayman. Biroq kechasi ayam yotogʻiga ketib, Zumrad bilan yolgʻiz qolishim bilan shahdim soʻnadi. Niyatimni keyinga suraman. Koʻp oʻtmasdan yana azob, iztirob boshlanadi. Oʻzimni beburd ham deyman, orsiz, nomussiz ham deyman…

Yozning oxirlarida sening toʻying boʻldi. Toʻydan qovrilib, jizgʻanagim chiqib qaytdimu, na qulay fursatni, na omadi gapni kutib xotinimni qiyin-qistovga oldim…

* * *

Shohsanam, menga u haqda koʻp gapirarding.

Sening gaplaringdan uni juda tirishqoq, oʻqishdan boshqa narsani bilmaydigan, ruscha maktabda oʻqiganidan tiliyam, feʼliyam oʻrischa boʻlib ketgan va yana negadir ozgʻin, novcha, rangpar bir bolani tasavvur qilardim. Birinchi gal Aktyubinskdagi Aviatsiya institutidan yiqilib qaytganida “Rustam aka endi oʻshaqqa borib yotib olmoqchi, oʻqishga kirmasdan qaytmayman, deyaptilar”, deb maqtaganingda gʻashim kelgandi. Sharoitim koʻtarganida menam shunday qilmasmidim, Toshkentga ketib, bir-ikki yil harakat qilsam, qoʻlimdan kelmasmidi! Uning otasi maktab direktori, onasi bogʻcha mudirasi ekan. Har qancha harakat qilsa, tirishsa yarashadi. Ortiga qaraydigan odami yoʻq!.. Shularni koʻra bila turib uni maqtab yotibsan, deb oʻzimcha dilim ogʻrigandi… Lekin shunga qaramay, unga ich-ichimdan tan berardim. Hatto senga aytgan bir gapi uchun keyinchalik gʻoyibona hurmat qila boshlagandim. Oʻsha paytlarda bizda oʻn beshta uchuvchiga atigi bitta yo ikkita oʻzbek uchuvchi toʻgʻri kelarkan. Oʻsha bitta, ikkita uchuvchi ham faqat mahalliy yoʻnalishlarda uchishgan ekan. Buning sababi, birinchidan, Oʻzbekistonda aviatsiyaga aloqador bilim yurtining, institutning yoʻqligi boʻlsa, ikkinchidan, yigitlarimizning sogʻligʻi koʻtarmas ekan. Koʻpchilik Orenburgga, Saratovga, Aktyubinskka borgan bolalarning aksari tibbiy koʻrikdan oʻtolmay qaytisharkan. “Bitta oʻzbek koʻpayishi uchunam oʻqishga kirishim kerak!” degan gapi menga juda yoqib ketgandi. Va oʻqishga kirganini eshitib, ochigʻi, quvongandim. Quvongandimu, lekin oʻsha tirishqoq uchuvchi bola bir kun kelib mening Shohsanamimga (!)… ega chiqishi yetti uxlab ham tushimga kirmagan edi.

Shu tobda yonimda boʻlganingda xuddi shunday gapni balki sen ham menga aytgan boʻlarmiding: siz ham bir kun kelib xolangizning qiziga indamaygina uylanib olarsiz, deb oʻylamagandim, deb taʼna qilarmiding, Sanamjon?! Taʼna qilishga haqli eding!..

Lekin bitta narsa yuragimni betinim kemirardi: nega u institutni bitirmayoq uylanishga rozilik beribdi? Demak, senga koʻngli bor ekan-da. Sen ularnikida turib oʻqirding. Bundan chiqadi, har taʼtilga kelganida sen bilan uchrashgan, ikkovlaring yuzma-yuz oʻtirib, uzoq-uzoq suhbat qurgansizlar. U oʻrischa-oʻzbekcha aralash qiziq gaplari bilan seni kuldirgan, hatto gap orasida oʻrischa qilib sendan “qoʻlingni soʻragan” ham boʻlishi mumkin… Axir, Sanamjon, bu dahshat-ku! Nahotki, mendan bekitgan siring boʻlgan?!.

Shunday oʻy-xayollar ichimni itdek tirnab yurganida Xosiyat xolamning bir gapi meni xiyol yupatdi: Rustamning sovchilari kelganida sen Umarolarning uyida boʻlgansan. Xosiyat xolam koʻnglingni bilgani oldingga kirsa, yum-yum yigʻlab yotgan emishsan. “Xolamning oʻgʻli tugul yetti yot begonadan kelgandayam endi menga baribir, xolajon”, deb uning boʻyniga osilib yigʻlabsan. Shundan keyingina mening xudbinona gumonlarim tarqaldi. Chunki, oʻshanda sening Umarolarnikiga qamalib olib, qon yigʻlab yotishinggayam, shaharlik sovchilarga oʻylab-netib oʻtirmasdan rozilik berib yuborishingga ham yana mening navbatdagi gumrohligim sabab boʻlgan edi. Men gumroh boʻlmasam, kelib-kelib oʻz Sanamjonimning uyiga oʻzim sovchi (!) boʻlib boramanmi?! Yoʻq, yoʻq, bunday koʻrgulik hech bir yigitning boshiga tushmasin!..

* * *

Oʻshanda avgust avvali edi.

Dalada ish xiyla sanjoblashgan, bir oz yengil nafas ola boshlagan edik. Peshinda uyga kelib, yuvinib tursam, darvoza taqillab qoldi. Yelkamda sochiq bilan chiqsam, Safar amakining oʻgʻli turibdi.

– Otam chaqiryaptilar, borarkansiz, – dedi.

– Tinchlikmi, Sobirjon, otang tuzukmi oʻzi? – dedim hovliqib. Safar amaki bugun dalada koʻrinmagandi.

– Ha, tuzuklar, boshqa gap bor shekilli?! – dedi noxushgina.

– Nima gap, aytaver?!

– Ha, shu, – dedi chaynalib, – Umaroga odam kelibdi.

– Boʻpti, hozir orqangdan yetib boraman.

“Hoynahoy, Amirjondan kelgan, xizmatdan qaytgunicha oyogʻini bogʻlab qoʻyishmoqchidir”, degan xayolga bordim men.

Safar amakining eshigi oldida ikkita “Volga” turardi. Biri Haydarovniki, ikkinchisi notanish. Taraddud bilan ichkari kirdim.

Mehmonlar sadaqayragʻoch tagidagi chorpoyada ekan. Safar amaki oʻrnidan turib, meni qarshi oldi.

– Kel, jiyan.

– Qani, keling-chi, Mahmudboy, – dedi rais bobo. – Vaalaykum. Yaxshimisiz, ishlar qandoq?..

Haydarovning yonida xuddi oʻzidek basavlat kishi, yana novchagina yigit, chamasi mehmonning haydovchisi. Karavotga taqalgan oʻtirgʻichda esa Talʼat aka – rais bobomizning haydovchisi oʻtirardi. Talʼat akaning yoniga choʻkmoqchi boʻlgandim, rais bobo meni yuqoriga taklif qildi. Keyin yonidagi basavlat mehmonga oʻgirildi.

– Oʻrtoq Saydiyev, qishloqdi kattasi ana shu yigit boʻladi. Qancha arzingiz, iltimosingiz boʻlsa aytaverasiz.

– Juda yaxshi-da, – dedi mehmon kulib.

Bu odamni qayerda koʻrgan ekanman, deb turuvdim, familiyasini eshitishim bilan esladim.

– Qizni boqqan, katta qilgan – Safarboy. Lekin, inon-ixtiyordi bir chekkasi bu yigitgayam taqaladi. Toʻgʻrimi, Safarboy?

– Albatta, rais bovo. Kattamiz desak, arziydi. Maʼrufxon joʻramdan qolgan bitta yodgorlik shu bizga. Baraka topsin, joʻramdi chirogʻini oʻchirmadi, – dedi Safar amaki.

– Mahmud, oʻrtoq Saydiyevni taniysan-a? – rais bobo negadir dam sizlab, dam senlab gapirayotgandi. – “Kommuna”ning raisi. Lekin, raisligi oʻziga-ku, bu odamdi bizga oʻtqazib qoʻygan jeri bor, – dedi mehmonning shevasiga taqlid qilib. – Bir okopda yotganmiz. Manov jelkasida uch chaqirim jaygʻa ortmoqlab borgan bizni. Shunaqa birodarmiz, bilsang…

Haydarovning kayfi chogʻ, bunaqa hazilomuz gaplarini birinchi marta eshitib turardim. U yana davom etdi.

– Mana bu yogʻigayam yelkama-yelka boryapmiz. Daryoning naryogʻida bu, bu yogʻida biz. Hecham ortda qolgisi kelmaydi.

– Oʻrtoq Haydarov, sal notoʻvri gap qildingiz. Siz haliga dovur jelkamizdasiz. Baʼzi-baʼzida boshimizgayam chiqib ketasiz-ov! – deya askiya qildi Saydiyev.

Raislar xoxolab kulishdi. Haydovchilar yayrab kulishdi. Men kuldim. Safar amaki kulimsirab qoʻydi. U oʻylovda qolganday edi. Gurung qizidi. Osh-ob yeyildi.

– Endi, gap bunday, – dedi Saydiyev oxirida. – Oʻrtoq Haydarov, birgad inim, Saparboy inim… Bu kelishim sovchilik emas. Bir tanishuv. Shu bahana mana Rustam oʻrtoq bilan gurung qildik. Kalxozdi ishiga almashtirib qoʻygan bu yoru oshnoni… Hali sovchilar keladi. Rasm-rusumini qilasizlar. Mana bu birgad inim bizga kuyav ekan. Bizdi kenjatoy, nasib qilsa, sizlarga kuyav boʻladi. Xullas, oldi-berdimiz azaldan bor, yana dovam etaberadi… Mayli, endi bizga ruxsat…

Fotihadan soʻng qoʻzgʻalishdik.

Koʻchaga chiqqanimizda Saydiyev:

– Yana bir narsa yaddan chiqay debdi-ku, – dedi-da, Haydarovning qoʻltigʻidan olib, chekkaga boshladi. Bir pas oʻtib, Haydarov meni yoniga imladi.

– Rais bovongni Maʼmura xolangnikiga boshlab borasan, xoʻpmi, – dedi-da keyin doʻstiga xayrlashgani qoʻl choʻzdi. – Oʻrtoq Saydiyev, mana shu yigitti sizga topshiraman. Xafa boʻlmaysiz. Bizdi majlis bor, – dedi.

* * *

Saydiyevning mashinasidan tushib, eshiklaringga roʻpara boʻlganimda dastavval senga koʻzim tushdi. Umaro bilan hovli yuzida gaplashib turgan ekansizlar. Tezgina oʻzlaringni ichkariga oldilaring. Maʼmura xolam bizni kutib olib, chorpoyaga oʻtqazdi. Xolamga qarayolmay bosh solib oʻtirdim. Sen choy damlab keltirding. Bosh koʻtarmasdan, bir qur koʻz tashlab olishga oʻzimda kuch topdim. Aslida nari-berisini surishtirmasdan, Saydiyev bilan boshlashib kelaverishdan ham ilinjim shu edi: uzoqdan boʻlsa-da, seni bir koʻrish edi. Uzoqdanmas, qoʻl yetgulik masofadan koʻrib turardim seni. Yupqa lablaring bir oz qimtilgan, boshqa hech kimnikiga oʻxshamaydigan kamon qoshlaring ustida bir tutamgina kokillaring chiroyli toʻzgʻib turar, bir oz siniqqan koʻrinsa-da, chehrang oʻsha-oʻsha nafis, latofatli edi. Koʻzlaring esa yerdan uzilmadi. Ular mendan nimanidir bekitdi: araznimi, nafratnimi…

Ayang menga qaradilar.

– Xola, bu kishi Saydiyev boʻladilar. Rais bovo, “Kommuna”ning raisi, – deya boshlab kelgan mehmonimni tanishtirgan boʻldim.

– Xush kelibsiz, rais bovo, – dedi xolam kulimsirab.

– Xushvaqt boʻling, siynim, – soʻzamol qariya bir qoʻzgʻalib oʻrniga oʻrnashib olarkan, davom etdi. – Andak bemavrid kep qoldik. Faqat iltimos, hech narsaga urinmaysiz. Hazirgina Saparbay inimdikida ziyapatda edik. Siynim, aslida Haydarov oʻrtagʻim bilan boshlashib kelmoqchi edik. Oʻrtoqdi majlisi chiqib qoldi. Rayonga ketdi. Oʻrniga mana birgad inimizdi qoʻshib yubordi. Oʻzi yosh boʻlsayam shu qishloqdi kattasi, dedi. Buni qarangki, Mahmudjon bizga kuyav chiqib qoldilar… Xoʻsh, endi siynim, muddaoga koʻchaversak-a… – qariya choydan hoʻplab olib, tomoq qirib qoʻydi. – Biz bu eshikka qulchilikka kep turibmiz!

Ayang ikkimiz baravariga yalt etib unga qarabmiz. Shu choq ichkarida Umaro baqirib yubordi.

– Nima dedi?!

Ayang xona derazasiga qarab oldi-da, Saydiyevga oʻgirildi.

– Qulchilikka dedingizmi?! – dedi ajablanib.

Mening etim muzlab, Saydiyevga qarab angrayib qolgandim.

– Ha, siynim, shunday bir yaxshi niyatda kep turippiz, – dedi bizning ahvolimizdan bexabar qariya iljayib. – Bogʻingizda bir gul boʻy koʻrsatibdi. Shuning isini olib, xaridor boʻlib keldik…

Haligina muz qotgan etim bir zumda qizib, yuz-boshlarim chatnay boshladi. Vujudimda uyat, alam, iztirob, nafrat tuygʻulari junbushga kelib, hammasi birlashib tomogʻimga qadalganday boʻldi. Nafasim qaytayotganini sezdim.

– Lekin, ajabki, bulbul ham oʻzlaringda…

Saydiyevning bu gapidan birdan hushyor tortdim. Ayang ham ajabsinib avval menga, keyin qariyaga qaradi. Jimlik. Derazaga yopishib quloq tutayotgan Umaroning qorasini ilgʻab qoldim.

Sodda qariya sirni oshkor etishga oshiqmadi. Iljayib sukut saqladi.

– Qulogʻim sizda, rais bovo, – dedi ayang vazmingligini yoʻqotmay.

– Ha, sizga aytsam, siynim, oʻzi shu eldi bolasi. Mening oraga tushib yurganim sababi – tegar tomirman. Ham kenjatayimdi oʻrtogʻi, ikki joʻra birga oʻqishadi. Shu desangiz, qachandan beri gʻingshiydi, jon togʻajon, shu ishga bosh qoʻshing, deydi. Oʻzimdan ortib chiqolmayman, deng. Xuddi rais bovolaringizdaqa mening boshimdayam mingta gʻalva. Oxiri aytdim, bu dunyoning ishi bitmaydi. Borsam, boray, ikki yashti bashini qovushtirsam, savol boʻlar-ku, deb kep turgan jayim-da, siynijon…

Miyamda bittagina soʻz viz-viz aylanadi: kim? kim? kim?..

– Yigit kim ekan, rais bovo? – dedi ayang sekingina.

Saydiyev oʻylanib qoldi-da, xijolatli kuldi.

– E-ha, esim qursin, qarilik-da, – eslolmay yana davom etdi. – Yigit oʻzi tag-tuglik. Otasi el ustida yurganlardan. Unga jiyanim tushgan… Farida poshsho.

– E, shundaymi, Farmon birgad kuyovingiz boʻladilami?.. – dedi ayang qariyani xijolatdan qutqargan boʻlib.

– Ha-da, oʻsha ming yillik Farmon birgadlaringiz bizga kuyav boʻladi, dedi Saydiyev jonlanib. – Xotini mening opamdi qizi. Qarilik-da, siynim, aybga buyurmaysiz, oʻgʻlining oti yodimdan chiqibroq turibdi…

Miyamda chaqmoq chaqqanday bir narsa qarsillab ketdi. Demak…

– Kozim, – dedi ayang qariyaga yordam berib.

– Ha, Kozimboy!.. Xullas, siynim, qulchilikka kep turibmiz… – dedi-da, madad istaganday menga qarab qoʻydi. Uning nazdida menam quvvatlab yuborishim kerakday. Chunki, Haydarovday odamning topshirigʻi bilan kelib oʻtiribman-da!

Ayang farosatli ayol. U allaqachon vaziyatni tushunib yetgandi. Shu bois sodda qariyaning hurmatini joyiga qoʻyishga intildi. Men boshimni koʻtarolmay qolgandim. Xuddi ogʻir gunohga yoʻl qoʻyib, jazosini kutayotgan mahkum holida edim. Maʼmura xolamning ohista xoʻrsinganini tuyub sergaklandim. Mana hozir hukm oʻqiladi!..

– Avvali, rais bovo, katta boshingizni kichik qilib kelibsiz, katta rahmat, – dedi ayang xotirjam gap boshlab. Lekin baribir ovozi tagidagi botin bir titroqni men sezdim. – Mayli, bu ishlar maslahat-kengash bilan asta-sekin boʻlar. Hozir men qizlarga aytib bir chuqim ovqat qildirsam…

– Yoʻ, yoʻ, siynim, ovora boʻlmang, – dedi qariya astoydil hovliqib.

– Ovorasi yoʻq, bir bahonai sabab bilan kep qopsiz, emasam qoʻy soʻyib chaqirsam ham kelolmasdingiz, yoʻq demang…

– Siynim, baraka toping, koʻp odobli juvon ekansiz, – dedi Saydiyev endi oʻzini ancha tutib olib. – Lekin taom, nasib etsa, keyingi safar. Hozir esa qaytsak… Ha, bu kelishimdi bir tonishuv deb biling. Aytmoqchi, ish katta siynim. Saparboy, inim bilan ishimiz bitib qoldi hisob…

Bu gaplarni Umaro eshitib turganmidi, yoʻqmi, hartugul deraza ortidan shovur eshitilmadi… Saydiyev ishonch bilan davom etdi:

– Keyin mana sizlar bilan qarindosh boʻlsak, oldimizda toʻy koʻp. Qarindosh-urugʻ bilan kengashinglar, rozi-rizochilik olinglar…

Saydiyev javob kutib sukut saqladi. Jimlik. Deraza ortida ham nafas yutib kutayotganlaringni his turibman. Shoʻrlik Sanamjon, sening xayolingdan nimalar kechdi ekan oʻsha daqiqalarda!..

– Rais bobo, sizdi ovora qip qoʻyishibdi-da, – dedi ayang men tomon qarab olib.

– Savob ishdi ovoragarchiligi boʻlmaydi, – dedi koʻpni koʻrgan qariya ayangning soʻzlarini shunchaki omadi gapga yoʻyib.

– Ovora qilishibdi-da, – dedi ayang endi qatʼiyroq qilib. – Xoʻp, ana Kozimboy jiyaningiz bilmagan boʻlishlari mumkin. Lekin oʻzimizdi jonday jigarimiz, – ayang gapidan toʻxtab yana menga qarab oldi, –… kuyovingiz bexabarmidilar?!

Saydiyev alanglab menga qarab oldi.

– Nimadan, siynim?

– Qizimizdi boshi bogʻliq-ku!

– E, e, shunaqami? – Saydiyev yalt etib menga qaradi. Men bosh koʻtarmadim. – Afsus, afsus… Unday boʻlsa…

– Yokim siynimga oʻzim sovchi boʻlib borsam, yuzimdan oʻtolmaydilar, deb oʻylagan boʻlsalar kerak-da, – deya ayang menga tigʻli nigohlarini qadadilar. Koʻzim yerga qadalgan esa-da, bechora xolamning nashtarli boqishlarini his etdim. Esimni tanibmanki, bu nigohlar meni erkalardi, mehr-la silab-siypardi. Hozir esa…

– Yoʻq, yoʻq, siynim, Mahmudjon inimda ayb yoʻq, – qariya oʻzini qalqon qilishga urindi.

– Agar shu niyatda kelganman desalar, mayli, nima deymiz, yigitti sazasi oʻlmasin, – Maʼmura xolamning ovozidagi titroq kuchaydi. – Qizimizni Kozim joʻralariga beramiz…

U teskari qarab jimib qoldi. Koʻz yoshlarini artdi.

Shundan soʻng Saydiyev yana allanimalar deb gʻudrangani, fotiha oʻqib oʻrnidan qoʻzgʻalgani va unga ergashib sudralguday boʻlib koʻchaga chiqqanimni elan-qaran eslayman. Bir vaqt qarasam, uyimda, xolodilnik yonida chordana qilib oʻtirgancha achchiq piyoz bilan bostirib-bostirib aroq ichyapman. Xotinim olib kirgan ovqatga ham, uning oʻziga ham eʼtibor qilmasdim. Keyin divanga chalqancha tushib yotdim. Shiftdagi yaltir-yoʻltir qandilga tikilgancha istehzoli kuldim.

– Ana shunaqa gaplar, Mahmudboy!.. Oxiri sovchi ham boʻldingiz!.. – dedim baralla ovoz chiqarib.

* * *

Jimirlab turgan qandilga uzoqroq tikilib qolganimdanmi, koʻzlarim qamashib, jiqqa yoshga toʻldi. Yuzimga yostiq bosdim. Keyin oʻrnimga turib oʻtirib, koʻzyoshlarimni artdim. Shishada qolganini quyib ichdim-da, shartta oʻrnimdan turdim. Mototsiklimni yetaklab darvozadan chiqayotsam, xotinim ergashdi.

– Nima deysan?

– Mahmud aka, ichgansiz, qoʻying! – dedi oʻtinchli ohangda.

– Ayam qayerdalar! – dedim dagʻallik bilan.

– Xosiyat yanganikiga ketgandilar. Oʻgʻillaridan xat kelmay qoʻyibdi, shunga…

– I-hm, Amirdan xat-xabar yoʻq. Bu yoqda Umishvoyi sovchibosdi boʻp yotibdi… Sovchilik ham zoʻr narsa boʻlarkan, – deya oʻz-oʻzimdan iljaydim. – Qotirdim lekin…

Zumrad tushunmay jovdiradi. Unga iljaygan kuyi koʻz qisib qoʻydim-da, mototsikl tepkisini bosdim. Jonivor uchishga tayyor turgan ekanmi, gurillab oʻt oldi.

– Mahmud aka, iltimos, bormang!..

– Qayoqqa bormay, xotinjon?

– Qayoqdan bilay?.. – dedi bechora moʻltirab.

– Bilmasang, nega bormang, deysan? – dedim xoxolab kulib.

* * *

Eʼtibor qilsam, hamon iljaygancha ketib boryapman. “Ie!” dedim-da, lab-lunjimni yigʻishtirdim. Tishimni tishimga bosib, ulovimni tezlatdim.

– Hozir borib oyoqlariga yiqilaman, meni kechiring, xolajon, deyman. Meni kechir, Sanamjon, deyman. Yigʻlab-yolvoraman, – deya gʻudranib borardim endi…

Uylaring oldida turgan yangi rusumli oppoq “Volga”ga koʻzim tushib, shahdim pasaydi. Mototsiklimni koʻcha yuzida qoldirib, qiya ochiq darvozaga yaqin bordim. Ishkomlaring ostidagi soʻrida oʻtirgan toʻrt-beshta erkak-ayolga koʻzim tushdi. Faqat Malika xolangnigina tanidim. Tavba-tazarruning mavridi emasdi. Izimga qaytdim. Umida yangaga duch keldim.

– Ha, ukajon, eshikdan qaytdingiz?

– Mehmonlari bor ekan. Shohsanamda ishim bor edi, – deya gʻudrandim.

– Shohi biznikida. Ishingiz boʻlsa boring… Qizgina xafa, yigʻlab olgan, – dedi yanga ovozini pastlatib.

– Yigʻlab olgan?..

Yanga unsiz bosh chayqadi. Ohista uf tortdi.

– Bir yoqda Umaro siyningiz toʻpalon qilib yotibdi.

– Nimaga? – dedim ajablanib.

– Hali rais bovolar keluvdi-ku. Oʻldirsangizam tegmayman, deydi.

– Tegmayman, desa, bermanglar, vassalom, – dedim dagʻallik bilan.

– Amakingiz-da… Hashakallo beramiz, deydi. Bilasiz-ku, u kishini otasiyam, ogʻasiyam Haydarov. Gapini ikki qilolmaydi… Uf!.. Ichimni it tirnab boryapti. Bu qizgina oʻzini bir narsa qip qoʻyishdanam toymaydi. Yashshamagurdi soʻz bergani bormi nima balo!.. Shohi qizdan soʻray desam uni oʻziyam bir ahvolda. Mana shulardan qochib borib oʻtiribdi…

– Nimaga qochadi? – dedim sergaklanib. – Xolasi-ku?

– Xolasi sovchi boʻp kepti-da!..

– Yoʻgʻ-e, kimga, oʻgʻligami?! – deb yuboribman dafʼatan.

Yanga bosh irgʻadi.

– Oʻgʻli oʻqishda-ku hali?! – dedim battar hovliqib.

– E, kim bilsin, – dedi Umida yanga hafsalasiz qoʻl siltab. – Yakka oʻgʻil, oyogʻini bogʻlab qoʻyishmoqchi boʻlishganmi!.. Uni qarang-da, opa-singil ikkisiga bir kunda odam kep oʻtiribdi. Ikkisiyam yigʻlab qon boʻp ketdi. Shoʻrlikkinalardi dardini soʻraydigan odami yoʻq!

* * *

– Nega dardini soʻraydigani odam yoʻq ekan, bor odami, bor!..

Yaxshi tulpor egasining kayfiyatini bilib turadi, deyishadi. Nazarimda, mening ulovim ham yuragim toshiqib ketayotganini sezganday qorongʻu koʻchalardan qushday uchirib ketdi.

– Nega odami yoʻq ekan!? Men-chi, men nima qilib yuribman, dunyoda!..

Shohsanam, men sening huzuringga oshiqayotgan edim. Oyogʻingga bosh urgani, yigʻlab yolvorgani va sen nima desang muhayyo qilgani, kerak boʻlsa jonimniyam bergani borayotgan edim. Bir ogʻiz aytsang, bas, seniyam, Umaroniyam boshim oqqan tomonlarga olib ketishga tayyor edim… Lekin, huzuringga yetolmadim. Arzimas bir tasodif azmu qarorimni yoʻqqa chiqardi…

Shu oʻrinda aytib oʻta qolay: sen haqiqiy Shohsanam eding – husnu jamolda ham, mehru sadoqatda ham onam orzu qilgan oʻsha Shoh Abbosning qizidek, undan-da ziyoda eding. Lekin men Oshiq oʻarib boʻlolmadim. Oshiq boʻldimu, oʻarib boʻlolmadim!..

Yeldek uchib borayotgan ulovimni Umarolar koʻchasiga qayrilishda sekinlatdim. Koʻchani koʻndalang kesgan sayoz ariqcha bor edi. Xuddi shu yerda roʻparamdan kelayotgan “Jiguli” ham sekinladi. Mashina bilan yonma-yon keldim. Va… tasodifan rulda oʻtirgan haydovchiga koʻzim tushdi: Kozim!

Boʻldi. Shu onning oʻzida hamma narsani unutdim. Yuragimda tosh qotib yotgan alamu adovat hayqiriq boʻlib otilib chiqdi.

– Kozim, toʻxta!!!

U eʼtibor qilmay mashinasini tezlatdi. Orqamga shitob qayrilib, mototsiklimni ariqchadan hatlatdim-da, gʻazab bilan tezlikni oshirdim…

* * *

Chirogʻimni yoqib-oʻchirib, baqirib-chaqirib hozirgina oʻzim oʻtib kelgan yoʻllar bilan uchqur mashinani quvlab boryapman. Bir pasda qishloq ortda qoldi. “Kommuna” yoʻliga tushib oldik. Tushunarli U Saydiyev raisnikiga oshiqayapti!..

– Ha-a, togʻangdi oldigami?! Xushxabar eshitganimi?! Mana mendan eshitasan xushxabarni!..

Alamli bir quvonch bilan xoxolab kuldim-da, ulovim ustiga yotib olguday boʻlib gazni buradim. Mototsiklim qolgan-qutgan kuchini toʻplab, gʻazabli oʻkirib, olgʻa intildi. Naq anhor koʻprigi ustida mashina yoʻliga koʻndalang boʻldim. Bu oʻsha – kelinchagimni olib qaytayotganimizda simpech qilingan, yoʻlimiz toʻsilgan koʻprik edi…

“Jiguli” toʻxtadi.

Jimlik choʻkdi. Atrof kimsasiz. Anhor suvi ogʻzi-burnidan toʻlib, qop-qorayib oqib yotibdi.

Ulovimni koʻprik ustida tikraytirib qoʻyib, hansiragancha mashina oliga bordim. Kozim oʻtirgan yerida kabinadan bosh chiqardi. Tilla tishlarini yarqiratib tirjaydi.

– Ha, yoʻltoʻsar!..

– Nega toʻxtamading? – dedim oʻzimni bosishga urinib.

– Payqamabman, oshna. Shoshib turibman.

– Shoshib turibsan, qayoqqa? – dedim istehzoli kulishga urinib, lekin eplolmadim. oʻazabim ustun keldi. – Javobni bilmoqchi boʻlsang kerak-da! Mana men aytishim mumkin, men! – deya koʻkragimga urdim. – Oʻsha Saydiyev togʻang bilan sovchilikka men bordim. Shohsanamni Kozimga berasan, dedim. U mening doʻstim, dedim. Toʻgʻrimi, doʻstimmisan?!

– Albatta, boʻlmasam-chi!.. – dedi Kozim iljayib. Uning koʻz qarashlaridan yaxshi xabardan umidvorlik ham yoʻq emas edi.

– Shohsanamni menga bermading, lekin unga bergin, dedim. U shuni kutib, oʻlib yurgan ekan, dedim!..

– Mahmud!..

– Ular nima dedi, bilasanmi? Bilasanmi?! – deya qayta oʻshqirdim.

U miq etmay kutdi. Boshmaldogʻimni ikki barmogʻim orasiga tiqib, tumshugʻiga qadadim.

– Doʻsting ham, sen ham mana shuni yebsanlar, deyishdi! Rais togʻangdiyam, meniyam ketimizga tepib haydashdi! – Uning bilagidan siltab tortdim. – Chiq biyaqqa!

– Mahmud, jinnilik qilma!

– Chiq, deyapman! Shohsanamga odam qoʻyishni senga koʻrsatib qoʻyaman!

– Mahmud, yaxshilikcha joʻna! – dedi Kozim qoʻlini tortib olib.

Mashina eshigini siltab ochib, uning yoqasidan oldim.

– Biyaqqa chiq, sen bilan gaplashib olishim kerak!

– Boʻpti, chiqaman-ye! Ol qoʻlingdi!

Kozim bilan koʻprik ustida yuzma-yuz boʻldik.

Mashinadan tushib kelgan ikki yigit esa koʻprik toʻsiniga suyangancha beparvo cheka boshlashdi. Qorongʻuda ularni tanimadim.

– Shohsanam menga kim boʻladi? – dedim zugʻum bilan.

– Hech kim, – dedi u choʻrt kesib.

– Nima?!

– Ha, xech kimsan! Uning tirnogʻigayam arzimaysan!

“Ie, yangilik-ku! Mudom siz-sizlab, silab-siypab yurguchi supurgi…”

Shappa yoqasidan oldim.

– Tort qoʻlingni, e, soʻtak! – deya qoʻlimni siltab tashladi.

Hangu mang boʻlib turganim ustiga qarasam, oʻrovda qolibman. Haligi ikki yigit ortimda haykalday qotib turishibdi. Lablaridagi sigaretalar choʻgʻi sovuq yaltiraydi.

– Gapir, yana nima deysan? – ogʻaynim gʻolibona tirjaydi.

– Sen doʻst emas, ilon ekansan! – dedim alamdan titrab.

– Toʻgʻri, ilonman. Lekin, sen toʻnkasan!

“Ha, toʻnkasan!” degan ichki sas uning gapini tasdiqladi. Lekin, buni tan olgim kelmadi.

– Mana sega toʻnka!..

Ulgurmadim. Qulochkashlab tushirishga chogʻlangan qoʻlim zabt bilan orqamga qayrildi. Bukchayib qoldim. Qoʻlimni xiyol boʻshatib, qaddimni rostlashdi. Kozim bilan tumshuqma-tumshuq boʻldik. Shu choq mashinadan yana birov chiqib kelganini ilgʻab qoldim.

– Yana nima deysan, aytaringni aytib qol!..

“Oʻh-hoʻ, ogʻaynimda gap katta-ku?!”

Tumshugʻiga kalla soldim. “Uh!” deya yuzini changallab, nari ketdi, oʻazabli oʻkirib siltanishim ish bermadi. Iskanjadagi qoʻllarim qisirlab, ingrab yubordim. Ajabki, qoʻlimdan tutgan qora haykallar hamon miq etmay turishar, aftidan, ogʻaynimning oʻzi hisob-kitob qilib olgunicha qoʻyib berishmoqchi edi.

Kozim soʻkina-soʻkina qaytib keldi-da, olatasir mushtlay ketdi. Mening qarab turishim ham insofdan emasdi: choti orasiga tepib qoldim. Ogʻaynimning dami ichiga tushib, sekin tizzaladi. Shundan soʻnggina haykallarning sabri bitdi. Meni yerparchin qilib, tepkilay ketishdi. Endi Kozim aralashdimi, yoʻqmi, bilolmadim. Har holda uch-toʻrtta uchli tuflining betartib zarbini yeb turdim. Katta koʻprikning u yogʻidan bu yogʻiga dumalatib, bearmon koptok qilishdi. Oʻlgʻon boʻlmasin, ora-orada kimningdir “Bas qilinglar, boʻldi, oʻldirib qoʻyasizlar!” deb baqir-chaqir qilayotganini ham eshitib qolardim. Bu ovoz oʻz-oʻzidan pasayib borib, oxiri tindi. Tepkilayotgan oyoqlar esa tinim bilmas, ammo endi ularning zarbidan ogʻriq emas, rohat tuya boshlagandim. Va shu asnoda vujudim parday yengillashib, osmonu falakka koʻtarilib ketayotganimni ham his etdim…

* * *

Meni oppoq soqolli bir qariya qarshi oldi.

Indamay bagʻriga bosdi. Keyin:

– Yuring, boʻtam, – deya qoʻlimdan tutdi.

– Qayoqqa boramiz? – dedim qariyaning juda tanish yuziga tikilib.

– Bobongizning huzuriga, – dedi u muloyim jilmayish bilan.

– Bobom… kim u kishi?

– Hay-hay, boʻtam, yodingizdan koʻtarildimi? – dedi qariya beozor tanbeh bergan boʻlib. Izza tortib, boshimni egdim. – Ul zotni Haqning oshigʻiyu, oshiqlar sultoni, deydilar… Esladingizmi?..

Unga qarayolmay bosh irgʻadim.

– Yuring, boʻtam…

Men endi uni tanib turardim. Bu oʻsha, biz sen bilan tuman markazidagi eski dahma yonida uchratgan qariya edi… Demak, u ham dunyodan oʻtgan ekan-da. Unda juldur kiyimli darvesh edi. Hozir esa… Oʻz-oʻzidan qoʻrquvga tushdim: men qay yuz bilan bobomga koʻrinish beraman?! Oʻshanda u haqda nimalar demagandim! Shakkoklik qilgandim-ku?!.

Qariyaning qoʻlidan tutdim.

– Ota, qoʻying, bormaylik…

– Nega, boʻtam, bobongiz sizni chorlayaptilar…

– Oʻtinaman, otajon, olib bormang! Meni qaytaring, bobojon, qaytaring! U yoqda ishlarim bor… Onam yolgʻiz! Mensiz ahvoli ne kechadi?!

Cholning poyiga tiz choʻkib, yolvorishga tushdim. Yosh boladay izillab yigʻladim.

– Gunohim koʻp, judayam koʻp!.. Bobojon, meni orqaga qaytaring!..

U meni tushundi.

– Maylingiz, boʻtam. Shunday niyatda ekansiz, mayli qaytamiz, – dedi yuzimga jiddiy tikilib.

* * *

Koʻzimni ochib, roʻparamda seni koʻrdim.

– Shohsanam, Sanamjon… – deya ingradim. – Meni kechir…

– Mahmud aka… Men Zumradman.

– A?!

Hushyor tortib alangladim. Qarasam, yonginamda xotinim, oyoq tarafimda qaynim Zarifjon va yana notanish bir yigit oʻtiribdi. Kasalxonadaman.

Qolganini keyin eshitdim.

Men gʻalati-gʻalati iljayib, mototsiklda koʻchaga chiqib ketaman. Zumrad yolgʻiz oʻzi nima qilarini bilmasdan eshikdan chiqib, kirib turgani ustiga akasi Zarifjonni Xudo yetqazadi. Aka-singil mashinada meni izlab ketishadi. Kimdir ularga qandaydir mashina ketidan quvib ketganimni aytadi. Anhor koʻprigi ustida uymalashgan odamlar qorasini koʻrishib, mashinani tezlatishadi. Biroq, ular yetib kelganida koʻprik ustida agʻanab yotgan mototsikl, jonsiz jasad va uning oyogʻiga yopishib olgan bir yigitgina qolgan boʻladi. Bu yigit Saydiyevning kenjasi – Umaroga sovchi qoʻyib yurgan Latifjon boʻlib chiqadi. Maʼlum boʻlishicha, meni anhorga tashlab yuborib, bira toʻla qutilishmoqchi boʻlishibdi. Biroq, Latifjon jon vahimada yopishib, ularga xalaqit beribdi… Oʻshanda bu sirni oshkor qildirmadim. Hammamiz bir yurtdi bolasimiz, hech kim bilmasin, deb turib oldim. Aslida gap boshqa yoqda edi: kelib-kelib Kozim gushnadan kaltak yebdimi, degan malomatdan or qilgandim.

* * *

Kasalxonadan chiqishim sening toʻying kuniga toʻgʻri keldi.

Brigadirman, toʻy boshida turdim. Brigadir boʻlmaganimda ham toʻyingga borardim, yelib-yugurib xizmatingni qilardim…

Kuyovjoʻralar qurshovidagi kuyov boʻlmishga bir-ikki qur koʻz tashladim. oʻayirlik qilibmas, nuqson qidiribmas, koʻz tashlagim keldi, tashladim. Mening Shohsanamim (mening emish!) kimga chiqayapti, koʻrib qoʻymoqchi boʻldimmi… Tasavvurimcha u novchadan kelgan, rangpargina bola boʻlishi kerak edi. Yoʻq, uyam mendan qolishmaydigan barvasta qomatli, sochlari ham menikidek timqora, jingalak ekan. Chiroyli moʻylovi bor ekan, menda esa bunga havas kamroq. Faqat uning ustun yeri – baxti bor ekan. Sen mening baxtim eding, men uchun yaralgan eding. Men seni qoʻshqoʻllab boshqaga uzatyapman.

Kuyovni darvoza oldiga boshlab borishdi.

Ulkan naqshin darvoza, tushlarimda koʻrgan darvoza. Poyandoz hatlab, yuzimni guldor, xushboʻy roʻmolcha bilan toʻsgancha ichkari kirib borayotganimni qayta-qayta tushlarimda koʻrardim. Hozir esa boshqa bir yigit, ehtimol, hech qachon bu darvozani tush koʻrmagan yigit… Ana u poyandozdan hatlab oʻtdi. Ikki doʻsti qoʻltigʻiga kirdi. Uchovlashib ichkariga, sening huzuringga (!) yoʻl olishdi. Oʻzimni tutolmadim, ularga ergashdim. Yoʻq, oʻzimmas (tana-toʻshim ostonada qoldi), ruhim ergashdi. U baʼzan kuyov qarshisida turib oladi, turtib chetga chiqarishadi. U baribir qaysarlik bilan oldinga intilaveradi. Lekin chimildiqli xona eshigida Maʼmura xolam yoʻlini toʻsdi: hay-hay, orqangga qaytgin, haqqing yoʻq, deganday bosh irgʻadi. Xolamning koʻksidan itarolmadi, chetlab oʻtolmadi. Dodlab, boʻzlab ostonaga qaytib keldi. Tanamga jon kirdi. Ortimga yurdim.

* * *

Ikki tomon yigitlari olatasir poyandoz tortib yotishibdi. Ovunay, alahsiy deb, ularga yaqinlashdim. Oraga suqilmadim, brigadirman-a!.. Koʻz-quloq boʻlib, poyandozchilar atrofida aylanishib turdim. Yigitlar tortisha-tortisha toʻyxonadan olislashdi. Toʻyxona yorugʻi ortda qoldi. Chang-toʻzon koʻtarilgan, qorongʻuda birov birovni tanimaydi. Bir mahal toʻda chekkasida gʻimirlagan ikki bola diqqatimni tortdi. Choʻntak kavlayaptimi!.. Sekin borib, birovining bilagidan tutdim.

– Nima qilyapsan?

– Nima qilyapman?!

Chekkaga olib chiqib qarasam, qudalardan.

– Bu ishing yaxshimas, mehmon ekansan, – dedim qoʻlini boʻshatib.

– Kechirasiz, akaxon, – qoʻlini koʻksiga qoʻyib tislandi u.

Yonida sheriklari paydo boʻldi.

– Nima gap? Nima boʻldi?

– Hech gap, hech gap… Hozir tushuntiraman, hozir, – dedi-da, haligi yigitcha turgan yerida koptokdek sakrab, yuzimga tarsaki tushirdi. Qolgani juda tez boʻlib oʻtdi. Ikkinchi yigit, hov urma, qiziqmisan, urma, deya uni chetlatgan boʻldi-da, oʻzi qarsillatib tushirib qoldi. Men sodda uni ayiradi, deb oʻtiribman-a!.. Dovdirab turganim ustiga yana biri, hoy, jinnilar, bas, bas, degancha qulogʻim aralash tarsaki berdi. Biroq, toʻrtinchisi ulgurmadi, mushtimdan tosh koʻchaga uchib tushdi. Bir pasda olomonga qoʻshilib ketishdi. Ularning ketidan bormadim. Oʻzimni tiydim. Tiymasam, boshqalar xabar topsa, toʻpolon katta boʻlardi. Men esa buni istamasdim: shu choqqacha yetkazgan ozorlarim yetarli edi. Endi loaqal toʻyingdagi noxushlikka sababchi boʻlib qolmay!..

Zumrashalar-yey, oʻzlari nimdoshginayu, qoʻllari qattiq ekan. Yuzlarimning olovi chiqib ketdi. Havasga, oʻrganishga urishdimi oʻzlariyam!..

(Koʻnglimga kelgani shu boʻldiki, bu ham menga taqdirning tarsakilari, hali bu dastlabkilari. Topib aytgan ekanman, keyin ham koʻp martalab tarsakilar yedim. Va ular tobora zalvorli boʻlib bordi).

Yaltirab turgan avtobuslar qishlogʻimiz koʻchasidan ketib boryapti. Oldinda esa sen oʻtirgan oppoq “Volga”… Uning qarshisiga hech kim non-tuz koʻtarib chiqmadi. Lovullab yongan oʻrik tanasini koʻndalang qilmadi. Qoʻltiqma-qoʻltiq boʻlib yoʻlni toʻsishgani, koʻpriklarni simpech qilishgani yoʻq. Kuyovnavkarlar shinam avtobuslarda yastanib oʻtirgancha hush-xandon, oʻynab-kulib seni oʻz shaharlariga olib ketdilar…

Mening qoʻlimdan kelgani shu boʻldiki, jizgʻanagim chiqib uyga qaytdim-da, bosib-bosib ichib olib, xotinimni qiyin-qistovga oldim.

* * *

U kim edi? U bilan nima gaping bor edi? Nega oʻlib-tirilib yoʻl bogʻlashdi? Nega yoʻlimizga daraxtni yoqib tashlashdi?!

Zumradning rangi quv uchib, birdan yigʻlab yubordi. Ehtimol, umrida birinchi marta bunaqa doʻq-poʻpisa eshitganidan xoʻrligi kelgandir. Ehtimol, bosiq, mulohazali boʻlib koʻringan erining noxosdan bunaqangi vajohatli, yengiltak boʻlib ketganidan dovdirab qolgandir… bilmadim. Lekin, u hech narsa demasdan piq-piq yigʻlab yotdi-da, ne mahallarda uxlab qoldi.

Tongda koʻzimni ochsam, yonginamda yuzimga termulib oʻtiribdi. Teskari oʻgirilib yotdim.

– Mahmud aka, nega shu paytgacha soʻramadingiz, – dedi u jurʼatsizgina qoʻlini yelkamga qoʻyib. – Oʻzingizni shuncha qiynadingiz…

– Nega oʻzing aytmading? – dedim toʻngʻillab.

– Oʻzimdan oʻzim nima deyman?

– Xoʻp, gapir-chi, kim edi u bola?

– U… haligi, hamqishlogʻimiz. Oʻzi yaxshi bola…

Xullas, oʻsha “yaxshi bola” armiyada ikki yil xizmat qilgan boʻlsa, ikki yil unga toʻxtovsiz xat yozibdi. Lekin, Zumrad (rahmi kelsa ham) birorta xatiga javob qaytarmabdi. Uni umidvor qilishni istamabdi. Chunki, u negadir menga turmushga chiqishiga ishonar ekan. Ayasi men toʻgʻrimda dadasiga, uning oʻziga ham koʻp gapirgani uchun, seni oʻshanga beramiz, deyotgandek tuyularkan unga. Shu vajdan men haqimda koʻp oʻylarkan. Hov birda akasining toʻyiga borganimda hamma toʻy bilan ovora ekanu, birgina men qoʻlimda kitob bilan qishloq tepasidagi chorvoqqa chiqib ketgan emishman. Kitobdan ayrilmabman. Men haqimda oʻylay boshladimi, oʻsha kun yodiga tusharkan. Va yana Toshkentdagi gazeta-jurnallarda chiqib kelgan sheʼrlarimni oʻqiyverib yod qilib yuborgan, sirdosh dugonalariga ham yodlatib, maktabdagi adabiy yigʻinlarda darsliklarga kirgan katta shoirlar qatorida mening sheʼrlarimni ham oʻqib berisharkan…

– Yaxshi boʻldi, Mahmud aka, – dedi u yelkamga yuzini suykab, – ochiqcha gaplashib oldik. Emasam juda qiynalib ketgandingiz…

Men shiftga tikilgancha unsiz yotardim. Xijolat edim. Bu koʻngilqorachilik bir boʻldi, oxirgisi ham shu boʻladi, deb oʻzimga soʻz berdim.

Lekin soʻz berish oson ekan.

* * *

Saydiyevning sovchilari yana keldi: bir bor, ikki bor, uch bor…

Biroq, Umaro boʻyin beradiganga oʻxshamasdi. Sovchilar toʻrtinchi bor ham kelishdi. Saydiyevning kenjasi ikki oyogʻini bir etikka tiqib olib, shu qizdan boshqasini olmayman, deb turib olganmish…

Esingda boʻlsa, oʻsha yilning may oylarida Umaro tushmagur havaskor qoʻshiqchilarning televizion koʻrigida birinchi oʻrinni olib, hammamizni quvontirgan edi. Lekin bu birinchilik hali qanchalar tashvishlar keltirishini oʻshanda kim bilibdi, deysan. Xullas, qoʻshiqchi qizimizga ishqi tushib qolgan Latifjon uni oʻqish joyiga izlab boradi. Umaro yaqin yoʻlatmaydi. Yigit yelim ekan, ergashib yuraveradi. Oxiri iz olib kelsa, Umaro ularga shundoq qoʻshni kolxozda yashar ekan.

Ahvol jiddiy edi. Saydiyev kenjasining raʼyini qaytara olmaydi. Haydarov esa Saydiyevning yuzidan oʻtolmaydi. Safar amaki uchun Haydarovning gapi gap. Men “qishloqning kattasi” boʻla turib, chetdaman… Toʻgʻri, bir-ikki marta chogʻlandim, Temur amakimgami, Xosiyat xolamgami uchrab, Amirjon bilan Umaroning yaqinligini bildirib qoʻymoqchi boʻlib ogʻiz oʻngladim, lekin aytolmadim. Nega desang, oʻsha paytlar ularning yuragiga qil sigʻmas, Amirjon dom-daraksiz ketgan edi. (Uning afgʻonda ekanligini men bilan Temur amakidan boʻlak hech kimsa bilmas, Amirning oʻzi bir xatida shuni iltimos qilgan edi).

Oxiri non ushatildi.

Umaro taqdirga tan bergan boʻldiyu, biroq shart qoʻydi. Toʻyni olti oydan keyin, oʻqishim tamom boʻlgach, oʻtkazasizlar, dedi. Keyinchalik eshitsam, bu gap sendan chiqqan, qalmoq alplaridan muhlat olgan Barchinoydek ish tutishni, sabr qilishni sen maslahat bergan ekansan.

* * *

Muhlat oxirlagach, toʻy kuni belgilandi. Orada bor-yoʻgʻi yigirma kun qoldi.

Oʻsha yilgi koʻklam seryogʻin kelgan, chigitni qayta-qayta ekaverib, arang koʻkartirib olgandik… Temur amakimning chehrasi tund. Oʻzi kamgap odam, birovga dil yoray demaydi. Alamini ishdan oladi. Tong saharda traktorini dalaga haydab chiqib, qorongʻu shomgacha tin olmaydi. Ovqatga bir amallab chaqirib olamiz. Dasturxon boshida ham bosh solib oʻtirgani oʻtirgan. Na tuzuk-quruq totinadi, na birov bilan ochilib gaplashadi. Unga achinaman. Lekin nima deb yupatishni bilmayman. Rostdanam jiddiy bir narsa boʻlganki, jimib ketdi. Yarador boʻlganida, gospitalda yotganida loaqal birortasiga ayttirib, ikki enlik xat joʻnatgan boʻlardi. Ishqilib, joni omon boʻlsin-da…

Bir mahal qarasam, dala boshiga chiqqan traktor joyida turib qoldi. Motori oʻchdi. Temur amakim boʻlsa qandaydir mashinaga oʻtirib, oshigʻich joʻnadi. Yuragimga olov tushib, mototsiklimga qarab chopdim.

“Ishqilib, tinchlik boʻlsin!..”

Past-baland demay ulovimni qichab boryapman. Yoʻlim unmaydi. Yuragim qinidan chiqib ketguday boʻlib tipirchilaydi. Koʻz oldimda esa sovuqdan sovuq manzara turib qolgan: hovli yuzida temir tobut, uning ustiga hushsiz choʻzilgan Xosiyat xolam, yerga bosh solib oʻtirib qolgan Temur amakim, dovdirab turgan noiloj askar bolalar… “Ey Xudo, oʻzing asragin!” deyman ich-ichimdan titrab-qaqshab.

Qishloq xotirjam qarshi oldi. Balki, bexabardir. Aks holda duvva koʻchib yotgan boʻlardi. E, nimalar deyapman, tinchlik boʻlsa kerag-ye!.. Ana, Amirjonlar hovlisi. Koʻcha chetida hali Temur amakini olib qaytgan mashina. Mashina atrofida bolakaylar chopqillab yurishibdi. Birdan yengil tortdim: xayriyat, yaxshilikka oʻxshaydi.

Ulovimdan tushar-tushmas bolalar chuvillab yopishdi.

– Suyunchi beying! Suyunchi!..

Ovozingdan aylanaylar!.. Bir nechasini bir yoʻla koʻtarib olib, ichkari kirdim. Oʻh-hoʻ, xuddi toʻyxonaga kirib qoldimmi, deyman. Temur amakim yaxshi koʻradigan hofizning ovozi hovlini toʻldirgan, “jonon boʻlaman, deb hammani kuydirasanmi…” deya xonish qilib yotibdi. Yigit-qizchalar yelib yugurgan, hovli supurgan qaysi, suv sepgan qaysi. Yana necha biri gulzor oralab gul dastalagan, uzun ravonni toʻldirib koʻrpacha toʻshagan… Oppoq roʻmollar yopingan xotin-xalajdan toʻrt-beshtasi karavotni toʻldirib oʻtiribdi, hammasi xushu xursand, Maʼmura xolam, ayam… Temur amakim maykachan boʻlib olib yuvinyapti, Xosiyat xolam obdastadan suv quyib turibdi.

Qoʻlimdagi chugʻurchuqlardan biri chugʻurladi: amaki, endi toʻy boʻladi-ya?.. Boʻladi, bolam, boʻladi, dedim uni choʻlpillatib oʻpib. Vuy, qitigʻim keldi, deya tipirchiladi bolakay…

Bolakaylarni bagʻrimdan boʻshatib, Temur amakim tomon yurdim.

– Amirjon kep qoptimi, xolajon?!.

– Keldi, keldi, – Xosiyat xolam eriga sochiq tutqazib, peshvozimga yurdi. Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgancha, meni bagʻriga bosarkan, – ukajoningiz keldi. Omon ekan, bolajonim, – deya yigʻlab yubordi.

Xolam bilan koʻrisharkanman, koʻzlarim Amirjonni izlardi.

– Qani oʻzi, Amirjon qani? – dedim alanglab.

– Hozir kep qoladi, keling, yuvinib oling, – dedi xolam meni hayron qoldirib.

* * *

Safar amaki xotini bilan boshlashib kirib keldi.

– Kelinjon, azamat kep qopti, muborak boʻlsin!..

– Qulluq, qulluq, – dedi Xosiyat xolam va Umida yanga bilan xushlamayroq koʻrishib, chorpoyaga taklif qildi. – Qani, chiqinglar…

– Avval askar bilan koʻrishmaymizmi?! – dedi Safar amaki atrofga alanglab.

– Kelaver, Safarboy, keyin koʻrishasan, – dedi Temur amakim oʻtirgan yeridan. – Biz oʻzimiz ham hali koʻrishmadik.

– E, ana boʻlmasa, – deya Safar amaki xotiniga qaradi. – Sen aytmadingmi, aniq koʻrdim, taksida oʻtib ketdi deb?..

– Aniq-taniq koʻrdim, Amirjon ukam edilar!..

– Keldi, keldi, Xudoga shukur, – dedi Xosiyat xolam xiyol ochilib. – Lekin, oʻsha taksida qaytib ketdi. Ozgina ishim bor, hal qilib kelaman, deb ketdi.

– Obbo, azamat-e, shuncha zarur ekanmi? – deya Safar amaki ajablanib bosh irgʻagancha yonimizga chiqib keldi. – Qani, omin, shu uylarda katta toʻylar boʻlsin. Bolalardi rohatini koʻrib yuraylik. Olloh akbar!.. Temurjon, kelin, muborak boʻlsin!..

– Qulluq… Amakilariga muborak boʻlsin… – dedi Temur amakim koʻz ostidan kulimsirab qarab qoʻyib. Qoyil-e, buncha ogʻir boʻlmasa bu odam. Doʻppisini osmonga otmaydimi!.. Uning gʻirt aksi boʻlgan Safar amaki gapga tushib ketdi.

– Ishqilib, eson-omon keldi. Eng keragi shu. Zamonni qarang, algʻov-dalgʻov boʻlib yotibdi. Afgʻonni aytmaysizmi… Nechtalar nobud boʻp kelayotganmish. Oʻzi nima niyati bor afgʻonni, tushunmaysan! Tinchgina yashab yursang boʻlmaydimi?!.

– Amirjon kelsa tushuntirib beradi nimalar boʻlganini, – dedi Temur amaki dafʼatan. Yalt etib unga qaradim: sirni ochib qoʻydi-ku!..

– E, ichida boʻlmagan odam baribir tagiga yetolmaydi, – dedi Safar amaki beparvo qoʻl siltab.

– Xuddi ichidan chiqib kelyapti-da!

– Nima? Amirjon-a?! – dedi Safar amaki ishonqiramay.

Hamma hayratda qoldi. Temur amakim kulimsirab turibdi. Xosiyat xolam chorpoyaga yaqinlashdi. Rangi quv uchgan.

– Otasi, nima dedingiz?

– Eshitganing. Boʻldi, hammasi oʻtdi. Xudoga shukur qil!

* * *

Temur amaki shundan boʻlak gap aytmadi. Bundan boshqa narsa bilmasdi ham. Amirjonning kontujin boʻlib asirga tushib qolgani, sal kam bir yil tutqunlikda yashagani, tasodifan afgʻonlik bir oʻzbek bilan topishib, uning yordamida bu yoqqa qochib oʻtgani keyin maʼlum boʻladi. Uning dom-daraksiz yoʻqolgani haqidagi rasmiy xabar esa Orif pochtachi bilan Temur amaki oʻrtasida sir boʻlib kelgan ekan.

* * *

Yosh boshidan ne-ne sir-sinoatlarni oʻtkazib qaytgan Amirjon qishloqqa yetib-yetmay hamma gapdan xabar topadi. Uyiga kirib, onasi bilan birrov koʻrishadi-da, yana yangi sarguzashtlar ketiga tushib, shaharga qaytadi.

Umaro yigʻlab-siqtaydi. Opqochib ketmasangiz, oʻzimni bir narsa qip qoʻyaman, deydi. Amirjon kuladi. Boʻlmasa, Panjsheronga1 qochib ketarkanmizda, deydi. Keyin taksiga oʻtqazib, qishloqqa qaytadi. Lekin, qishloqda toʻxtamay, “Kommuna”ga oʻtib ketishayotganini koʻrgan Umaro vahimaga tushadi.

– Qoʻrqma, kelin boʻlib tushadigan uyingni koʻrsatib kelaman, – deydi Amirjon jiddiy qiyofada.

Saydiyev bilan xotini askar yigitni xizmatdagi nabiralari yonidan kelgan mehmon deb bilib, yaxshi qarshi olishadi. Dasturxon tuzalgan stol yoniga oʻtqazishadi.

– Rais bovo, oʻgʻlingizni chaqirsangiz, – deydi Amirjon.

Ichkaridan Latifjonni chaqirib chiqishadi. Uning ortidan Kozimboy ogʻaynimiz ham chiqib keladi. Amirjon raisning kenjasini yoniga oʻtqazadi-da, keyin bosiqlik bilan gap boshlaydi.

– Rais bovo, siz mashhur odamsiz. Yanga, sizam tushungan ayol ekansiz. Latif aka, siz madaniyatli yigit koʻrinasiz. Endi bir ochiqchasiga gaplashib olsak, – deydi.

– Xoʻp, xoʻp, nima gap ekan, bolam, – deydi Saydiyev xavotirga tushib.

– Gap shundaki, ayb oshda boʻptimi, moshda boʻptimi, xatolik oʻtibdi, endi shuni tuzataylik.

– Xoʻsh, xoʻsh?..

– Vaqt borida obroʻ borida toʻyni qaytaring.

– Voy oʻlay, nima deyapsan? – deydi raisning ayoli hovliqib ketib.

– Amir, ogʻzingga qara, – deydi nariroqda serrayib turgan Kozim. Amirjon xotirjamlikni yoʻqotmay davom etadi.

– Qaytarmasangiz boʻlmaydi, rais bovo, aks holda yigirma kun oldin emas, bir hafta oldin ham emas, oʻsha toʻy kuni kelinni opqochib ketaman.

Raisning xotini qargʻanib ketadi. Kozim, bu bolani melisaga berib yuboring, togʻa, deb poʻpisa qiladi. Latifjon hangu mang boʻlib oʻtiraveradi. Amirjon raisdan koʻz uzmay, javob kutadi.

Saydiyev bir pas unga tikilib qoladi-da, keyin ismini soʻraydi.

– Amir bolam, ichkari kiraylik, – deydi soʻngra oʻrnidan qoʻzgʻalib. Boshqalar tashqarida qoladi. Koʻp oʻtmasdan ikkisi chiqib keladi-da, koʻcha eshigi tomon yurishadi.

– Oʻgʻlim, dadangga salom de, bu yogʻidan xotirjam boʻl, – deydi Saydiyev koʻchaga chiqishgach. Mashinada jovdirab oʻtirgan qizga bilinar-bilinmas bosh irgʻab qoʻyadi-da:

– Baxtingni bersin, bolam, – deydi Amirjonning yelkasiga qoqib.

* * *

Koʻchada bolalar shovqini eshitildi. Oʻrnimizdan qoʻzgʻaldik.

Qishloqda odam qolmay yoprilib kelganga oʻxshardi.

Amirjonni avval bola-baqra oʻradi. Keyin kattalarga navbat tegdi. Xosiyat xolam qaytadan koʻrishdi. “Xudoyim qaytib bergan bolam!” deb boʻyniga osilib yigʻladi. Oxirida Amirjonning koʻzi bir chekkada jimgina kutib turgan otasiga tushdi. Odamlar chetlanib yoʻl berishdi.

Ota-bola bir-biriga qarab yurdi.

Amirjonning sabri chidamadi. “Ota!” deb baqirib yubordi-da, oʻzini alpqomat otasi bagʻriga otdi. Yigʻlamagan odam qolmadi.

Umaro boʻlsa hamon mashinadan tushmay oʻtirar, aftidan, toʻyib-toʻyib yigʻlardi.

* * *

Haydarov raisning karavoti yonida oʻtiribman. Yelkamda oq xalat. U bir oy muqaddam kabinetida yiqilib qolgan edi. Shundan beri kasalxonada. Yoniga hech kimni qoʻyishmayotgan edi. Kechadan ruxsat berishdi.

Rais bobomizdan oʻsiq, qalin qoshlaru, tiyrak koʻzlargina qolibdi. Yuzlaridan et qochib, yonogʻidan iyaklarigacha botiq izlar paydo boʻlibdi…

Haydarov derazadan koʻrinib turgan keksa chinorlarga bir zum tikilib qolib, soʻngra davom etdi.

– Nosir aka bir kun kechga tomon brigadamga kelib qoldi. Kun par-par boʻlib turibdi. Ayollar qishloqqa ketgan. Yigitlar shiypon oldida toʻplanishib, yuvinib-taranib turishibdi. Nosir aka ular bilan bittama-bitta koʻrishib, soʻrashdi. Kayfi chogʻ edi. Xayrlashib orqaga qaytayotganimizda esa: Rustam, esing joyidami oʻzi, deb qoldi bexosdan. Nega bulardi shiyponda olib qolding?.. Nima deyarimni bilmay angrayib qoldim. Hozir rahmat aytadi, maqtov eshitaman, degan xayolda edim-da. Bu bilan nimaga erishmoqchisan, xoʻsh deydi. Ertalab ishni vaqtli boshlaymiz, oʻzim birga qolaman, degandim, jerkib berdi. Oʻzingni qoʻshmay tur, kechasi chigit ekmaysizlar-a? Yoʻq. Boʻlmasa, bu azamatlar kechasi shiypon qoʻriqlaydimi? Ha, yoʻq. Anovi Murod deganing xotin olganiga bir oy ham boʻlmadi. Seningcha, kechasi bilan bolish quchoqlab yotadimi?.. Yarim kechada seni gʻaflatga qoʻyib, qishloqqa ketadi. Tong azonda qochib-pisib kelib yotadi. Na uyquga toʻyadi, na xotinga. Keyin ishida baraka boʻladimi, kun boʻyi mudrab yuradi-ku?!. Kunduzi ishlagancha ishlasin, kechasi ruxsat ber, bola-chaqasi oldiga borib yotsin hammasi. Vaqti chogʻ, tani sogʻ boʻlsa, bulardan ish qolarmidi!.. Urushda boʻldik hammamiz, ne kunlarni koʻrmadik. Endi bir-birimizning qadrimizga yetaylik-da… Nosir akaning ikkita gapidan biri shu edi: odamlardi qadriga yetaylik, der edi rahmatli. Uzoqqa bormasligini bilgan ekanmi, kim bilsin… Hamma gaplari vasiyatday tuyuladi endi menga. Oxiri nima boʻlganini eshitgansan-a?

– Ha, eshitganman. Tuhmat bilan ketgan ekanlar-a?

Raisni yana xayol olib ketdi. Derazaga tikilib jim qoldi.

Ibrohimov tuhmat bilan qamalgan. Hammasiga oddiy bir oʻtirgʻich – kabinetidagi kreslo sabab boʻlgan ekan. Ajab zamonlar…

Viloyatdan kelgan vakil raisning kreslosini yoqtirib qoladi. Bir kun gap orasida, shu taxtiravoningizni bizga bermaysizmi, deydi dabdurustdan.

– Mayli, oling, – deydi Ibrohimov kulib.

– Unda shopiringizga ayting, shaharga, bizning hovliga tashlab kelsin, – deydi hukmfarmolik bilan.

Vakil kelganidan beri maishatxoʻrligiyu, beparda gaplari bilan hammaning gʻashiga tegib yurgan ekan. Bunisi oshib tushibdi. Oʻziga yetgulik tiksoʻz boʻlgan Ibrohimov, boʻpti, deydi bosiqlik bilan. Ertaga umumiy yigʻilish. Kreslo masalasini ham qoʻyamiz. Yigʻilish qaror chiqarib bersa, olib ketasiz!.. Toʻgʻrimi, Rustamjon? (Rustam Haydarov oʻshanda brigadirlikdan muovinlikka endigina oʻtgan paytlar ekan). Ibrohimov qizarib-boʻzarib ketgan vakilga qattiq tikilib, “maʼqulmi?” deydi. Bunaqa muomalaga koʻnikmagan vakil miq etmay joʻnab qoladi. Shundan soʻng ustma-ust reviziya bosib, yoʻq yerdan ishkal chiqarishadi-da, raisni ishdan boʻshatishadi. Boʻshatishadigina emas, qamatib ham yuborishadi…

– oʻalati ishlar boʻlib oʻtgandi bir paytlar, – dedi Haydarov xayolimdan kechib turgan gaplarni sezgandek.

Palataga kirayotganimda, koʻp oʻtirib qolmang, deb tayinlashgan edi. Lekin yarim soatdan oshdiki, chiqib ketolmayman. Qayoqqa shoshasan, deb ruxsat bermaydi.

– Siz charchab qolmang, bir pas dam oling, – deyman.

– Hali dam olishga ulgurarman, – deydi rais oʻychan kulimsirab.

Kasalxona hovlisida Mahtob yangamiz bir hamshira qiz bilan hasratlashib turgan ekan. Ularga yaqinlashdim. Yanga menga yuzlandi. Koʻzlari jiqqa yosh.

– Yangajon, kechirasiz, ancha oʻtirib qoldim, qoʻymadilar, – dedim xijolat boʻlib.

Yanga gʻamgin bosh irgʻadi.

– Hammaga shunaqa qilyaptilar…

U dastroʻmolchasi bilan koʻzyoshlarini artarkan, yonimda jimgina turgan hamshira qizga qaradim: Shohsanam!..

– Yaxshimisiz?! – deb yuboribman beixtiyor sizlab.

Sen maʼyusgina bosh irgʻading-da, Mahtob yanganing qoʻltigʻidan olding.

– Yangajon, xafa boʻlmang, tuzalib ketadilar, – dedim orqalaringdan.

Yanga toʻxtab, menga iztirob bilan tikildi.

– Koshki edi, ukajon. Tunov kuni oʻgʻlimga telegramma beraylik, desam, doʻxtirlar qoʻyishmagandi. Bugun ertalab, mayli, chaqirtiringlar, deyishdi.

– Yoʻgʻ-e, – dedim quloqlarimga ishonqiramay. – Koʻrinishlari yomonmas-ku!.. Bemalol gaplashib oʻtiribdilar…

– Kuniga necha bor turlanadilar. Turlangan kasaldan qoʻrqqulik…

Beixtiyor uchinchi qavatga, hozirgina oʻzim chiqib tushgan palata derazasiga tikildim. Ichimda titroq qoʻzgʻaldi. “Nega bir pas oʻtirmadim-a, qayoqqa buncha shoshildim?!”

Sening ovozing xayolimni boʻldi.

– Yanga, ichkariga kiraylik!

* * *

Ketolmadim. Kasalxona hovlisida uzoq aylanishib yurdim. Seni kutdim. Ichimdagi titroq toʻxtam bilmas, tomogʻimga allanima qadalar, oʻkrab-oʻkrab yigʻlagim kelardi. Qani endi buning iloji boʻlsa…

Bosib-bosib chekaman. Kim bilandir dardlashsam, yuragimni toʻkib solsam, deyman. Yoʻq, kim bilandir emas, faqat sen bilan dardlashishim, faqat senga yuragimni toʻkib solishim kerak edi.

* * *

Shohsanam, bu gap-soʻzlar ikki yil muqaddam boʻlib oʻtgan edi. Oʻsha kezlar sen olisda – paxta hasharida eding. Haydarov esa ogʻrib qolib, kasalxonaga tushdi. Toʻgʻri, u koʻp yotmadi, oʻn kunda qaytib chiqdi. Lekin, ana shu oʻn kun hayotimni algʻov-dalgʻov qilib yuborishga yetarli boʻldi. Shayton yoʻldan urdi, deyishadi-ku. Shayton oʻshanda Sharif Hodiyevich qiyofasida, Kozim ogʻaynim qiyofasida meni yoʻldan urdi.

Raislik vazifasini bajarib turgan Sharif Hodiyevich, kamtarlik qilibmi, hayiqibmi, “Volga”ni minmayotgandi. Aksari Kozim ogʻaynim olib yurardi uni. Men hayron qolardim, bu bola institutda oʻqiydimi, haydovchilik qiladimi deb… Kozimning kelgusidagi hamkasblari – savdo xodimlari brigadamga kelib tushgandan beri bu ikkisi ham kunda-shunda. Hasharchilar shiypon yonida oʻzlariga ikkita chodir tiklashdi. Bizdan ovqatlik ham olishmadi. Qoʻyavering, bitta qorin boʻlsa, amallarmiz, deyishdi.

Hasharchilar kelib tushganining ertasi edi, shekilli, muovin bilan Kozim ikkisi meni dalaga izlab kelib, qoʻyarda qoʻymay mashinalariga chiqarib olishdi. Ertalab borib kelganman, desam ham qutilmadim. Hasharchi xalqi nozik boʻladi, dam-badam xabar olib turish kerak, deyishdi.

Hasharchilar soy boʻyida tushlik qilib turishgan ekan. Bizni darhol davra toʻriga olishdi. Oppoq xalat kiygan oshpaz qiz paxta gulli kosalarda shoʻrva keltirdi. Yaxshiroq tanishib olaylik, deb mitti ryumkalarda konyak tutishdi. Soʻngra hammaga sixlarda jizillab turgan jigar kabob tarqatildi. Dasturxon toʻkin edi. Ochigʻi, men daladagi, hashardagi bunaqa oʻtirishdan hayratda edim. Kechagi harakatlarimdan kulgim qistadi: hasharchilarimga deb makaron, karam, sabzi-piyozga oʻxshagan narsalar uchun faktura yozdirmoqchi boʻlib yuribman-a!..

Ertasi kechqurun Sharif Hodiyevich kabinetida majlisni oʻtqazdi-da, keyin meni olib qoldi.

– Birgad bovo, hasharchilaringizdan xabar olmasak boʻlmas, – dedi iljayib.

Idoradan chiqib, uning uyiga bordik. Darvoza oldida yuk mashinasi turardi. Ichkaridan bir necha qovun-tarvuz, qoʻyning yarim tanasini olib chiqib, kuzovga yukladik. Sharif Hodiyevich bir qutida allaqancha ichimlik oldi. Mashinani oʻzi haydadi. Qishloqqa yaqinlashganimizda, uyimiz oldida toʻxtab oʻtsak, ul-bul narsa olardik, dedim.

– Masalan?! – dedi u iljayib.

– Olma, uzum… Non yopgandilar, issiqqina…

U beparvo qoʻl siltadi.

* * *

Chodirda oʻtirdik. Shiypondan sim tortib, chiroq yoqishibdi. Televizor qoʻyilgan. Oʻrtada yigʻma stollar, atrofida stulchalar.

Birinchi qadah soʻzini Sharif Hodiyevich gapirdi. Halovatidan, bola-chaqasidan kechib koʻmakka kelgan hasharchilarga rahmat aytdi. Meni umidli, oʻsadigan yoshlardan, Haydarovning eng yaqin kadrlaridan deb tanishtirdi. Keyingi qadahda hasharchilar rahbari Akobir Shodiyev oʻz sheriklarini tanishtirdi, nomma-nom, kasb-korigacha aytib oʻtdi. Koʻpchilik nomlar oʻsha zahoti yodimdan koʻtarildi. Faqat bittasiniki, Shodiyevning yonboshida men bilan koʻz urishtirib oʻtirgan mallasoch qizning nomi darhol xotiramda qoldi.

Shodiyev, men bilan Natashani bu yerdagi asosiy, hal qiluvchi figuralardan dedi negadir navbatdagi qadahdan oldin. Bu kishi brigadir, bizning Natashamiz esa hisobchi. Ana shu ikkovlari tezroq til topishishlari uchun ichamiz, dedi.

Natasha chiroyli koʻzlarini suzib jilmaydi.

– Men faqat sen uchun ichaman, Seryoja, – dedi qadah urishtira turib. – Seryoja Yeseninni bilasan-a, sen menga oʻshani eslatding!

Sharif Hodiyevich keyingi kun ham meni hasharchilar ziyofatiga boshlab keldi. Har holda men uning – rais oʻrnidagi katta bir rahbarning bu yerda aylanishayotganidan nimanidir fahmlay boshlagandim. Koʻnglim gʻash edi. Lekin koʻra bilaturib, ochiq koʻz bilan u qoʻygan tuzoqqa qarab borayotgan edim.

* * *

Nihoyat, ochiqcha gaplashib olindi: shunday, shunday. Xavotirli yeri yoʻq. Shundoq barmoq bosib tursangiz, bas, qolganini oʻzimiz hal qilamiz, deyishdi. Bir yogʻimda Kozim oshnam, bir yonimda Natasha quvvatlab, dalda berib turishdi.

Keyingi kunlar koʻrgazma taxtasidagi menga tegishli raqamlar sakrab-sakrab yuqoriladi. Shu bilan bir vaqtda ikki-uch yilda misqollab yiqqan obroʻyim tushib ketganini payqadim. Meni orqa-oldimda hurmatlab, olqab yuradigan keksa-keksa brigadirlar (otamning tengqurlari!) yotsirab qaraydigan, oʻzlarini mendan tortadigan boʻlib qolishdi. Demak, ishlarim yaxshi emas. Lekin, nima qilayki, jilovni berib qoʻygandim!

* * *

Haydarov ishga chiqqan kuniyoq meni chaqirtirdi.

– Qani, gapir?! – dedi salomimga quruqqina bosh irgʻab qoʻyib.

Koʻzimni qayoqqa olib qochishni bilmay qoldim. Najot istab Sharif Hodiyevichga qaradim.

– Gapiring, – dedi u ham hoʻmrayib.

– Nimani gapiray? – dedim gangib. – Oʻzingiz…

– Nima oʻzim?! Xoʻsh?! – dedi qattiq tikilib. – Meni nima aloqam bor? Men faqat plan talab qilganman sizdan!..

Miyamga qon urdi. Oʻrnimdan turib ketishimga oz qoldi. Stulim gʻijirlab ketdi. Muovin vajohatimdan choʻchib, koʻzini olib qochdi. Oldidagi qogʻozlarni titkilashga tushdi. Haydarov telefon dastagini koʻtarib, raqam tera boshladi. Muovini qaragan edi, senga ruxsat, deganday bosh irgʻadi. Keyin oʻrnidan turib, xona boʻylab yura boshladi. Bu uning jahlga mingani alomati edi. Bunday paytda shapaloq tortib yuborishi ham hech gap emas. Yuzlari boʻgʻriqib, chakka tomirlari boʻrtib boryapti. U stoli yonida toʻxtab, tortmasidan dori olib ogʻziga tashladi. Ustidan yaxna choy hoʻpladi. Yana asabiy yura boshladi. Hamon bir soʻz demasdi. Bundan koʻra tarsaki tortib-tortib yuborgani aʼlo edi. Nihoyat, roʻparamda toʻxtadi. Bosh koʻtarmay oʻtiraverdim.

– Qani, gapir?!

– Rais bovo, men aralashganim yoʻq.

– Aralashganing yoʻq?! Ana ularda kimning qoʻli?

– Aytmoqchimanki, pul…

– Bilaman, olmagansan. Lekin, osmondan tushgan tonnalarga miq etmasdan qoʻl qoʻygansan, toʻgʻrimi! Kim oʻrgatdi senga bu loʻttibozlikni?! A? Sen boladan umidim shumidi hali?

Qorongʻu koʻchalardan yeldek oʻtib boryapman. Qulogʻim ostida ulovim ovozimas, Haydarovning soʻzlari gumbirlaydi… Sendan umidim shumidi hali? Meni oʻylamabsan, mayli, rahmatli Maʼrufxonning roʻy-xotirini qilmadingmi?! Onangni-chi?.. Uning yuziga qanday qarab yuribsan?! Mushtipar ayang misqollab yigʻib seni odam qildi. Oʻzi yemay yedirdi, kiymay kiydirdi. Ertaga noming oʻgʻriga chiqsa, uning ahvoli nima kechadi!!!

* * *

Begonaning tosh otganidan oʻzingniki paxta otgani yomon tegadi, deyishadi. Haydarov meni oʻz oʻgʻliday koʻrardi, xiyonatim unga ogʻir botdi…

U frontdan qaytganida katta-kichik yoʻliga chiqadi. Odamlar bilan koʻrisharkan, alanglab onasini izlaydi. Onasi koʻrinmaydi. Keyin bilsa, onaizori urushning birinchi yilidayoq olamdan oʻtgan, qoʻshni qiz Mahtob esa uning nomidan toʻxtovsiz xat yoʻllab turgan ekan… Keyinchalik Haydarov bir yerda aytadi: dunyoda yagona suyanchim onam edi. Undan ham ajralganimni eshitib, qattiq oʻksidim. Qishloqqa sigʻmay qolib, bosh olib ketishimga sal qoldi. Bugunga kelib, qarindosh-urugʻlarim besh ming jondan oshdi. Ota-onam, aka-ukalarim mana shu xoʻjalik ahli.

Aytishlaricha, u yoshligida judayam oʻktam, polvonsifat yigit boʻlgan. Brigadirlik, hatto yangi raislik paytlari ham kurash tushib yurgan. Kuragi yer koʻrmagan ekan. Endi boʻlsa?!

Bilasanmi, Shohsanam, uni bu ahvolga oʻzimiz olib keldik. Tugʻishganlarim, qarindoshlarim deb bilganlari: Sharif Hodiyevich kabi ilon yogʻini yalaganlar, menga oʻxshagan subutsizlar.

* * *

Esimda, oʻsha kuni kasalxonadan yolgʻiz qaytayapmanu, dam-badam ortimga qarayman. Xuddi har daqiqada uning havorang “Volga”si kelib qoladiganday… U odatdagiday besharpa keladi-da, yonginamda toʻxtaydi. Orqa eshigi shirq etib ochilib, rais bobo ovoz beradi.

– Qani, chiqing.

Otasini koʻrgan bolakayday quvonib haydovchi yonidagi oʻrindiqqa oʻtiraman. Suyanchiqqa bemalol yastanib, bir qoʻlini eshik tepasidagi qayishdan oʻtkazib olgan, butun Oʻzbekistonga dongʻi ketgan mashhur rais Rustam Haydarov gap tashlaydi.

– Ishlar qandoq, Mahmudboy?

– Ishlarim yaxshi, – deyman maktabdan besh olib qaytgan oʻquvchi boladek yayrab. – Plan toʻldi bugun!..

Biroq, shu tobda kasalxonadan qaytayotganim, havorang “Volga” toʻxtab meni olgandayam, endi orqamda togʻday boʻlib rais bobom oʻtirmasligini xuddi yosh boladek tan olgim kelmasdi.

Haydarov rais mening orqam ekan, togʻday suyanchigʻim ekan. Vafotidan keyin sal fursat oʻtmasdan oʻrni bilindi.

* * *

Terim qizigan kunlarning biri.

Kuniga ikki-uch foizdan paxta berib turibmiz. Shu zaylda ketsa bir hafta nari-berisida rejani bajaramiz.

“Shotutli” boshida sutrang “Volga” yarqirab koʻrindi. Yangi rais Sharif Hodiyevichning mashinasi. U Haydarovdan qolgan mashinani minmadi, yangi rusumlisidan oldirdi.

Yaraqlagan mashina dala boshida turibdi. Rais tuproq yoʻldan bitta-bitta qadam bosib xirmon tarafga kelyapti. U ham Haydarov singari tana-toʻshli, qomatdor. Raislikka qoʻyishdan oldin gavdaga ham qarashsa kerak-da. Lekin baribir Sharif Hodiyevichda savlat boru, salobat kamroq. Menimcha, Haydarovning salobati koʻz qarashlarida, gap-soʻzlarida edi. Tutab turganingda ham koʻzingga bir qarab qoʻysa boʻldi, hovuring tushib qolardi. Bu olamda esa koʻz qarash, gap-soʻzda salobatlikka urinish boru, uquv yoʻq… Baʼzan shunaqa gaplar bilan oʻzimcha uning ustidan kulgan boʻlaman. Balki, gʻayrligim kelganidandir. Nima boʻlgandayam shu odamga koʻnglim ilimayapti.

– Birgad bobo, ishlar qalay?..

– Yaxshi, salomalaykum…

– Xoʻ-oʻsh, bugun qancha boʻladi, plan toʻladimi?

– Toʻladi, Sharif aka, hosil yaxshi.

U rais boʻlibdiki, shu tarzda gaplashaman. Juda boʻlmay ketsa, rais aka deyman, rais bobo deyolmayman.

– Yaxshiligi yaxshi, – davom etdi u istehzoli kulib. – Lekin, noyabrga oʻtib toʻlgan plan menga kerak emas. Menga bugun-erta bajarib berasiz.

Dilim ogʻridi. Bunaqa muomalaga koʻnikolmayapti-da. Hisobchilik qildim, brigadirlik qildim, mudom oʻgʻlim, azamatim deb olqashardi. Yosh demay, gʻoʻr demay maslahatga tortib turishardi… Ha, mayli, yosh goʻdak emasman-ku arazlab oʻtirsam. Lekin, bu odam nega tomdan tarasha qabilida gap qilyapti? Niyati nima?.. Tumtayibroq qolibman, shekilli, dagʻal ovoz xayolimni boʻldi.

– Ha, damingiz chiqmaydi? Shu oʻn kunlikda toʻldirib berasizmi?

– Hazillashyapsizmi, Sharif aka?

– Yosh bolamisiz hazillashib oʻtirsam!

– Emasam…

– Nima, emasam?..

Zardam qaynab ketdi. Oʻzimni bosdim.

– Rais aka, – dedim xokisorlik bilan, – oʻn kunlik bitishiga ikki kun qoldi. Menga hali oʻttiz tonna kerak.

– Yoʻlini qiling. Men bayroq olishim kerak. Gap tamom!

Tushundim. Meni yana oʻz girdoblariga tortishmoqchi.

Ochigʻiga koʻchdim.

– Rais aka, men bu ishni qilolmayman.

– Qilolmaysizmi, qilmaysizmi?!

Shu choq yonginamda sharpa tuydim. “Murosa. Murosa qil!” deya zoʻr berib shivirlashga tushdi u… Ammo, bu dafʼa qatʼiyat koʻrsatdim. Raisga ham, yonimdagi sharpaga ham bir yoʻla javob berdim.

– Qilmayman!

Sharif Hodiyevich kutganimdek baqirib-chaqirib oʻtirmadi.

– A-ha, yaxshi, – deya iljayib qoʻydi-da, katta-katta odim otib joʻnab ketdi. Haydarovga oʻxshab dala aylanmadi. Terimchilarimdan ahvol soʻramadi. Bolakaylarni olqamadi.

“Haydarovga oʻxshab emish! – zaharxanda ovoz eshitdim yonginamdan. – Haydarov yoʻq endi. Rais bovong yoʻq!.. Endi u – rais. Endi uning davri keldi. Uning etagini tutgin endi. Haliyam kech emas, orqasidan bor…”

– Bas qil!.. – deya jerkib berdim-da, haligi koʻrsatgan qatʼiyatimni eslab kulimsiradim. – Lekin, bir maza qildim-da!..

– Hali koʻp afsus yeysan, nodon. Koʻrdingmi, masxara qip ketdi.

– Qoʻlidan hech narsa kelmaydi. Tagi notoza…

– Koʻkartirmaydi. Ham ishlatadi, ham nuqib turadi. Alam qilmaydimi?..

– Ishini topshiraman, vassalom.

– Keyin-chi? Toshkentga ketarsan, balki?!

– Yoʻq, nega, chopiq qilaman, gʻoʻza sugʻoraman, paxta teraman.

– A-ha, oliy maʼlumotli ketmonchi, degin!

– Zarari yoʻq… Qolaversa, uniyam bogʻlab qoʻyishmas bu ishga.

– Qiziq ustida aytayapsan bu gaplarni. Hademay sovuysan-da, pushaymon qilasan.

– Aslo!

– Haliyam kech emas, orqasidan bor. Egilgan boshni qilich kesmaydi. Uzrnamo bir narsa desang, kek saqlamaydi. Chunki, unga bayroq kerak, shon-shuhrat kerak. Mayli, olsa olsin oʻsha bayrogʻini. Xursand boʻlsin. Uniyam tushunish kerak. Birinchi yil raislik qilyapti. Oʻzing ham ozmuncha yelib-yugurganmiding brigadir boʻlgan yiling. Toʻgʻri, toʻgʻri, seniki halol peshona-tering bilan boʻldi. Mayli-da, birovning rizqi haloldan, boshqaniki haromdan boʻlarkan… Uni hurmat qilolmasang, ixtiyoring. Lekin, sirtingga chiqarma. Yuziga ali-bali deb, ishingni bitkazib yuraver. Toʻrt kunlik dunyoda ahmoqlar bilan talashib baraka topmaysan. Axir, endi senam yolgʻizmas, munchoqdek oʻgʻilchang bor. Yana farzand kutyapsizlar… Onang-chi… Endi-endi kun koʻryapti onang bechora. Uyam gʻanimat…

Eʼtibor qilsam, sekin-asta boʻshashib, uning yoʻrigʻiga tushib boryapman. Oʻrnimdan ilkis qoʻzgʻaldim. Lekin, avvalgidek baqir-chaqir qip uni haydashga urinmadim. E, bas qilsang-chi, deb jerkib berdim-da, gʻoʻzalarni bosib-yanchib, paxtazor oralab ketdim.

* * *

Aslida brigadirlik degani amal hammas, gʻirt gʻalvaning oʻzi. Buni oʻsha birinchi yildayoq sezgandim. Lekin, birov menga ishondimi, yosh demay shu ishni topshirdimi, ishonchni oqlashim kerak, degan xayolda ishga shoʻngʻib ketgandim. Sharoitim ogʻirmas, suvning boshidaman. Yerlarim kaftdek tekis (rahmatli otamning xizmati). Mendan lozim boʻladigani – odamlarni ishlatish edi, xolos. Bu ham qiyin kechmadi. Odamlar Farmon birgaddan bezishgan ekanmi yoki otamning hurmatini qilibmi, menga chippa yopishdi-qolishdi. Aytganim aytgan, deganim degan boʻldi. Qolaversa, ozroq shoirligim bor, juda soʻzamol boʻlmasam-da, koʻpning boshini qovushtirish, nimagadir qiziqtirishni epladim, shekilli, dastlabki yillar qatorasiga peshqadam boʻlib keldim.

Endi esa… ming chiranma, joningni jabborga berib yelib-yugurma, foydasiz. Oʻn kunlik yakunida uloqni kim-kimlar yulqib ketadi. Ikki oʻrtada odamlarning oldida yuzing shuvut…

Shohsanam, meni toʻgʻri tushungin, bayroq olmasam, ilgʻor boʻlmasam, oʻlib qolmasdim. Menga alam qilgani bu emasdi. Gap shundaki, ona sutiday happa-halol mehnat haqimizdan baraka qocha boshladi. Ayniqsa, yillik taqsimotda bu narsa yaqqol bilindi. Ayrim kolxozchilarim pullarini olishgach, birin-ketin uyimga kirib kela boshlashdi. Meni bosib oʻtib, idoraga borishni ep koʻrishmadi. Mahmudjon, bir tekshirtirib koʻrmaysizmi, choʻgʻi kamdaymi, deyishdi…

Har erta ulovimga horgʻin choʻkib, markazga joʻnayman. Ming yillik buxgalter qarshisiga oʻtirib, oldiga roʻyxat tashlayman. Choʻkirtak chol miq etmasdan, erinmasdan qogʻozlarini yoyib chiqadi. Almisoqdan qolgan koʻzoynagini burniga qoʻndirib, hafsala bilan choʻt qoqadi. Keyin hali men tashlagan roʻyxatga bir qancha raqamlarni bitib, oldimga qaytarib tashlaydi. Koʻrdingmi, koʻngling toʻldimi, deganday iljayadi.

Qariyaning nursiz koʻzlariga qattiq tikilaman. Uyalar, andishaga borar, deyman. Qayoqda, lupa koʻzli qalin koʻzoynagi orqasidan qadalib turaveradi…

Brigadirlik siyogʻim qolmadi.

Rost-da, birovning halol nonini ajratib berolmasam-da, unga rahbarlik qilsam. Ishga chiqqin, deb har erta eshigini qoqib tursam. Bu ketishda bir kun shatta yeb qolmaymanmi?! Vaqt borida, obroʻ borida etakni yigʻishtirishim kerak. Brigadirlik qilib boʻldim, bas! Erta koʻklamdan dalaga chiqib, ketmon chopaman!

* * *

Ikki kun uyda qamalib yotdim. Oʻy surdim. Koʻpdan kitob oʻqimay qoʻygandim. Toʻgʻri kelgan kitobni qoʻlga oldim.

Xizmatdan qaytganimga olti yil boʻptiyu, olti kuncha sezmabman. Ahvolim it yotish, mirza turish. Qish bekorchiligidayam ot tinadi, it tinadi, menda tinim yoʻq.

Dastlab ish boshlaganimda niyatlarim gʻujgʻon edi. Planni doʻndiramiz. Keyin rais bobodan material soʻrayman. Eng boshda qishloq oʻrtasida naqshinkor choyxona qurdiraman. Qishloqqa medpunkt zarur, odamlar markazga qatnashdan qutilishadi (unda Shohsanam ishlaydi!) derdim oʻzimcha. Maishiy xizmat uyi, magazin qurdirmoqchi, yoʻllarni asfalt qildirmoqchi edim. Qishloq ichida mevali daraxtlar ektirib, atrofini shamshodlar bilan oʻrab olmoqchi edim. Koʻz oldingga keltirgin-a, Shohsanam, qanaqangi zoʻr manzara… Xayolda oson ekan, hammasi qolib ketdi…

Uydan chiqmay qolganimning uchinchi kuni ukang Jamshid kirib keldi.

– Biror yoqqa ketganmidingiz, koʻrinmadingiz? – dedi u.

– Qayoqda, yotibman uyda, – dedim yasama xushnudlik bilan.

Bir koʻnglim, ishni topshirmoqchiligimni hozir aytayinmi, dedim. U sandal chekkasidagi kitobni oldi.

– “Oʻtkan kunlar”-ku?

– Ha, yana oʻqib chiqdim.

Kitob varaqlab turgan Jamshidga tikilib, shu ikki kunda uni sogʻinganimni tuydim. Yarim yildan beri menda hisobchilik qiladi. Harbiydan boʻyi choʻzilib, kamgap, jiddiy yigit boʻlib qaytdi. Mening kuyib-yonishlarimni xotirjam kuzatib turadi-da, bir ogʻiz gapiradi:

– Qoʻyavering, Mahmud aka, bilganlarini qilavermaydimi?!

Keyin olis-olislarga koʻz tikkancha jim qoladi. Uning favqulodda sokinligiga havas qilaman. Unga taassub qilgim keladi. Lekin, eplolmayman.

Har kim oʻz feʼli-aʼmoli bilan yaratilarkan-da, nima topsa shundan toparkan…

Jamshid bir piyola choy ichdiyu, qoʻzgʻaldi.

– Bilasiz-a, bugun choyxonada gashtak bor…

– E, yaxshi aytding, – dedim birdan koʻnglim yorishib. – Kimniki edi?

– Boqi akaniki. Ertaroq chiqing…

* * *

Eskidan qop kelayotgan choyxonamiz oldida Temur amakim qozonda yogʻ dogʻlayapti. Shu odamga qoyil qolish kerak: faqat taʼbiga yoqqan ishnigina qiladi. Taʼbiga oʻtirgan odam bilangina gaplashadi.

Gashtakchi Boqi aka bir chekkada oʻtin yorib turibdi. Temur amakimdek qoruvli, baquvvat boʻlsa-da, uquvi kamroq. Oʻtin yoraman deb terga tushib ketibdi bechora.

– Hormang, Boqi aka…

– E, keling, Mahmud aka, assalom alaykum, – dedi Boqi aka qaddini rostlab.

– Salomalaykum. Sizdi qiynab qoʻyishibdi-ku, yoshlar yoʻqmi? – dedim u bilan koʻrisha turib.

– Yoshlar bor, kelishgan. Sabzi toʻgʻrashyapti.

– Bering oʻshalarga, ular ham ozroq terlashsin.

Ichkaridan Jamshid xijolatli kulimsirab chiqib keldi.

– E, oʻsha sabzi toʻgʻrashdan menga shu oʻngʻayroq…

– Ungayam uquv kerak, – dedi Temur amakim iljayib.

Boqi aka xoxolab kuldi.

– Obbo, polvon akayey, qoʻymaysiz-da!

* * *

Ichkarida gashtakxoʻrlar toʻplanib qolibdi. Safar amakim davra toʻrida oʻtirib olgancha, gurung beryapti. Qoʻlbola solyarka pech guvillaydi. Tokchadagi magnitofon pastgina ovozda aytib turibdi.

Safar amaki meni yoniga oldi.

– Qani, jiyanim, keling-chi. Omon bormisiz?..

– Rahmat amaki. Gurungni beliga tepdim chogʻi?

– Beliga emas, boshiga, – deya iljaydi u hozirjavoblik bilan. – Rahimzoda deganning gʻiybatini qilmoqchi boʻlib turgandim. Eshitgan chiqarsiz?..

– Rayijroqoʻm boʻlgan-da…

– Ha, balli!.. Vaqtida xoʻp davrini surib oʻtgan, xumpar… Xullas, shu odam, ijroqoʻmlikdan yangi tushgan paytlar, falokati qisib mahallasidagi bir toʻyga kirib qopti. Bu elligingchi yillar hangomasi… Alqissa, Rahimzoda, toʻyxona eshigiga roʻbaroʻ boʻlishi bilan bir yigit quchoq ochib, peshvoziga kelibdi. E, rais bovo, bormisiz, sizdiyam koʻrar kun bor ekan-ku, deb ichkariga boshlabdi. Bitta ustalga oʻtqazibdi. Fotiha olgani kelgan oqsoqol haligi yigitni koyigan boʻlibdi. Hoy, esi past, shu joy Rahimzodaning tengimi, debdi. Keyin uni bu yerdan turgʻazib, toʻrdagi ustalga boshlabdi. Rahimzoda gʻoz yurish bilan unga ergashibdi. Oqsoqol koʻrsatgan joyga endi oʻtiraman deganda, uchinchi bittasi kepti-da, E, toʻxtang, oʻrtoq Rahimzoda, bu yerga xotinlarni oʻtqazisharkan, xotinlar bilan oʻtirmang, bu yoqqa yuring, debdi. Ergashtirib borib, haligi oʻtirgan yeridan ham pastroqdan joy koʻrsatibdi. Buyam holva ekan: bir yoqdan non, qovun-tarvuz keltirib, bir yoqdan yigʻishtirib ketishibdi-da, kabob bilan ichkilik qoʻyishibdi. Bechora ijroqoʻm shishayu kabobga qoʻl urishga ulgurmasidan, oshni qoʻyishibdi. Oshdan ham bir chuqim olib-olmay, darhol oqsoqolni chorlashibdi. Ota, oʻrtoq Rahimzodaning fotihasini oling, domla shoshayotgan ekanlar, deyishibdi…

* * *

Safar amakining davrasida zerikmaysan. Mudom mana shunaqa tesha tegmagan hangomalardan aytib oʻtiradi. Hozirgi aytib berganlari qanchalik rost-yolgʻonligini bilmaymanu, lekin Rahimzoda deganlari oyogʻi uzangida paytida tumanni zir titratgan deyishadi. Hatto mening bobomniyam hayit ertasi mashinadan tushirib qoldirgan ham shu odam ekan. (Unda qishloq shoʻrosiga rais boʻlgan). Har kim ekkanini oʻrar ekan-da…

Odamlarim har yilgidan choʻgʻi kamroq boʻlsa-da, yillik hisobot puli olishgan. Ikki-uch kunda kam-koʻstlarini tuzatib, bozor-oʻcharini qilgan. Kayfiyat ham shunga yarasha. Kim askiya qilgan, kim latifa aytgan, kim dunyo voqealaridan, kim qishloq yangiliklaridan gurung beradi… Qiziq, odamlarimiz baqirib-chaqirib soʻzlashisharkan. Buni hozir payqab qoldim. Chunki, oʻzim deyarli gap qoʻshmay, bir chekkada kuzatib oʻtiribman-da…

Temur amakim oshni damlab qoʻyib, ichkari kirdi.

– Hormang endi, Temur joʻra, – dedi Safar amaki, – qani, joyingizni oling, – deb yoniga taklif qildi.

– Hali keyin, – dedi Temur amakim manglay terini belbogʻi bilan artarkan, – oshni suzaylik.

– E, boʻldiye, oshni damlab berding, suzib ham berasanmi, – dedi Safar amaki ovozini baralla qoʻyib. – Qavatimga kelib oʻtirsang-chi, joʻra, odam oʻtirganday boʻlmayapti!..

Boshqalar ham uni quvvatlab Temur amakimni toʻrga oʻtqazishdi.

– Ha, bu boshqa gap-da, Temurbek, – dedi Safar amaki darhol choy quyib uzatarkan. Keyin choy hoʻplayotgan oshnasiga qarab iljaydi. – Shu, joʻram yonimda boʻlmasa bir balo, boʻlsa yana bir balo…

Hamma ajabsinib qaradi. Demak, yangi hangoma boshlanyapti. Yoshlardan biri besabrlik bilan luqma tashladi.

– Amaki, tinchlikmi?..

– Tinchlik-ku, lekin shu joʻram yonimda oʻtirsa, haybati bosib, yeganim ichimga tushmaydi. Qoʻrqib oʻtiraman.

– Joʻrangizdan qoʻrqasizmi?

– Qoʻrqaman… Feʼlini bilaman-da. Aytaveraymi, joʻra?..

Temur amakim indamay, boʻshagan piyolani unga tutqazdi.

Safar amaki qulogʻi ding boʻlib turgan hangomatalablarga koʻz qisib qoʻyib, gap boshladi.

– Oʻzi aslida gashtak degani – hangoma degani, gurung degani. Toʻgʻrimi, joʻra? Shuning uchun, oʻtgan-ketgandan gapirib oʻtirish kerak-da… Mayli eshitinglar: unda ancha yoshmiz. Endigina uylanib, bitta-ikkitadan bolalik boʻlgan paytlarimiz. Rahmatli Maʼrufxon – brigadirlaringizdi otasi, Temur amakilaringiz, men – uchalamiz mudom birgamiz. Oʻshandayam gashtakxoʻrliklar boʻp turadi. Endi aytaversam, hozirgilar ishonmaydi. Bir deb tizzalab oʻtirgancha, tong ottiramiz. Qimir etmaymiz. Farmon birgad bizdan tikroq. Uyam maishatxoʻr, bunaqa oʻtirishlardan qolmaydi. Bechora menga oʻxshab sergaproq…

– Sizga oʻxshamaydi-ye?! – deb qoʻydi kimdir.

– Bir kun desangiz, yaxshi oʻtiribmiz. Shiringina boʻp qolganmiz. Ziyofat quyuq. Unda oʻrisdi arogʻi taxchilmidi, bilmadim, qoʻlbola musallas koʻproq ichilardi. Farmon tushmagur oʻzi Temur joʻraning yonida oʻtiribdiyu, ikki-uch kishi naridagi Maʼrufxon bilan toʻqishtirgisi kep qoldi. Rahmatlining ichkilikka xushi kamroq. Uning otasi Eshonbobomiz-ku, bu sabildan hazar qilardilar… Alqissa, Maʼrufxon Farmon uzatgan piyolani olmadi. Boʻldi, men boshqa ichmayman, dedi. Farmon tirgʻalishni qoʻymadi. Bechoradan bir alam oʻtganmidi. Aytmoqchi, Maʼrufxon oʻshanda yaqindagina Farmonning oʻrniga brigadir boʻlgan, Farmon hoʻv Jarqishloqqa yuborilgan edi. Farmon arz-dodini boshladi. Eshon, siz bizdaqalarni pisand qilmaysiz. Pisand qilganingizda shuni olardingiz, qoʻlimdi qaytarmasdingiz. Bitta qoʻlimdan olsangiz, keyin ishonaman hurmat qilishingizga, deb hadeb manqalanib gʻingshiyverdi… Rahmatli Maʼrufxon kamgap ediyu, choʻrtkesar edi. Oxiri joniga tegdi, shekilli: Farmon aka, ishonmay qoʻyaqoling, dedi. Shunday dediyu, baloga qoldi. Farmonni battar jini qoʻzidi. “Ana aytmadimmi, Safar, – dedi endi menga qarab olib, – Eshon joʻrangiz mendaqalarni odam oʻrnida koʻrmaydi. Biz boʻlsak, bu odamni toʻram, toʻramlab yuramiz!”.. Menikiyam tutib ketdi. E, Farmon aka, shuni ichish kerakmi, ha kerak, bering, men ichaman, dedim. Oʻrin oʻtadimi, desam, yoʻq oʻrin oʻtmaydi, oʻzi ichsin!..

(Bu ota-bolalarga yoʻrgagiga tekkan ekan-da, deb qoʻydim oʻzimcha, bir paytlar Kozim oshnam ham Eshonzoda deb meni koʻz ochirmasdi).

– Men sen bilanmas, Eshon bilan ichishim kerak! – dedi avjiga chiqib. Temur joʻraning gʻashi kelib, bir hoʻmrayib qoʻygandi, jim boʻldi. Xayriyat, tinchidi-e, deb tursak, yana boshlab qoldi deng. Yoʻq, nimaga endi men bilan ichmas ekan, deydi yigʻlamsirab. Agar mana shuni olmasa, eshitib qoʻyinglar, agar ichmasa, hozir chiqib ketaman, desa boʻladimi! Maʼrufxon endi indamadi. Aftigayam qaramadi. Bittasi piq etib kuldi. Oʻzini bilganga shu kifoya edi. Lekin Farmon laqqiga kifoya qilmadi. Hammangni tiling bir. Meni koʻrolmaysizlar, deb endi bizlarga yopisha ketdi. Maʼrufxon birgadir boʻlsa, menam birgadirman. Jarqishloqda qaysi eshikka kirsam, bir bosh piyozi bilan yarimtasi bor. Kam boʻlganim yoʻq!.. Mastlik-rostlik deganday, Farmonning dilidagi alami tiliga chiqib ketdi-da…

Oʻtirishdan fayz ketdi. Hay, boʻldi, bas, deganimiz sari avj qilaverdi. Oxiri boʻlmadi. Temurjon Farmonning chap qoʻlida oʻtirgan edi. Bunday yelkasiga nuqidi. Nima deysan, deb qarashi bilan quloq-chakkasi aralash tarsaki bersa boʻladimi!.. Bechora Farmon tizzalab oʻtirgan yerida gʻoʻladek uchib tushdi. Shu tushgancha jim boʻldi. Qayta turishga holi kelmadimi, qoʻrqdimi, yotaverdi. U bilan birovdi ishi boʻlmadi. Bir mahallar qarasak, shumshayibgina oʻtiribdi. Yuzida shundoq besh panjaning izi. Oʻl bu kuningdan deydigan odam yoʻq… Shu-shu, Temurjonning yonboshida oʻtirmaydigan boʻp qolgandi bechora… U-ku, mayli, men oʻzimam yonida oʻtirib qolsam, hayiqib turaman. Chakki-chilep bir narsa devorsam qulochkashlab sop qolmasin, deyman-da!..

Goh pirdan, goh muriddan degandek, goh toʻrdagilar, goh yoshlar orasidan qiziq gap chiqib qoladi-da, gur-gur kulgu koʻtariladi. Menga ayniqsa, Farmon birgad hangomasi nashʼa qilgan, beoʻxshov tananing gʻoʻladek uchib tushib, pusibgina yotishi dam badam koʻz oldimga kelib, oʻz-oʻzimdan kulib qoʻyaman…

Demak, bu odam bejizga menga gʻijinib turmas ekan-da. Kattalarimizdan oʻtgan alam zahrini menga sochmoqchi boʻlarkan… Bundan chiqadi, Kozim oshnamizning tirgʻalishlari, sinfdoshlarim oldida eshonlar oilasidan ekanimni fosh etishga urinib yotishlari ham bekorga emas, otameros alamlar natijasi ekan-da!.. Otasining oʻrniga tayinlanishim alam ustiga alam qoʻshgan. Lekin, qoyilman unga, oʻshanda bu alamni sezdirmadi. Ataylab dalaga izlab kelib, quchoqlab tabrikladi. Otangdi oʻzi hali ishlasa boʻlardi, desam, e, xijolat boʻlmang, joʻra, yaxshi ish boʻldi, boboy ham endi dam olsin. Kecha uyga kelsam, shunaqa gap. Boboyning mashqi past. E, ota, yaxshi boʻpti-ku. Oʻzingizga qolsa, yana ming yil ishlayverasiz. Birov rahmat demaydi baribir, dedim. Opam1 ham bir-ikki ogʻiz gapirgan edi, boboy ochildi. Rost aytasan, kolxoz haykal qoʻyarmidi, dedi. Mayli, begona emas, oʻzimdi shogirdimni qoʻydi, dedi hatto. Boboyning mardligiyam bor-da, joʻra. Sizdi shogirdim deb maqtanib yuribdi…

Kozimboy shunaqa gaplar bilan qoʻltigʻimga kirib olib, qarmoqqa tushirdi. Haydarovday inson oldida bir pul qilgani, bezori sheriklariga oʻlasi qilib urdirganlari holva… Meni sendan judo qildi, Shohsanam!.. Yana oʻsha kasofatni deb senikiga (!) sovchi boʻlib borganlarim-chi!.. Eh-he, bularning alami yuragimdan ketarmikan?! Qayoqda! Oʻlganimda oʻzim bilan ketadi endi ular!..

Bezovta alangladim, bosib-bosib ichgim keldi. Lekin shu tobda buning iloji yoʻq. osh oldidangina ishtaha uchun deb ruxsat beriladi. Oʻzimga oʻxshagan brigadirlar bilan boʻlganda-ku, allaqachon tayyor boʻlib oʻtirardik.

(Uzr, Shohsanam, keyingi paytlar shunaqa odatlar ham orttirgan edim!) Kolxoz faollarining nimasi koʻp – boʻlar-boʻlmas majlisi koʻp. Majlisda achchiq-tizziq gaplardan qizarib-boʻzarib chiqamiz-da, pana-pastqamda turib olib, bir bosh piyoz bilanmi, qotgan non bilanmi, gʻuborbosdi qilamiz… Eh, oʻzi aslida avval boshdan xato qilgan ekanman. Haydarovning yuzini qilmay, Toshkentga ketvorsam boʻlarkan. Shunda mana bunaqa maydakashlar bilan tenglashib oʻtirmas, qoʻli ham, boʻyi ham yetmas joylarga koʻtarilib ketgan boʻlarmidim?!.

Eshikda Jamshid koʻrindi.

– Safar amaki, osh tayyor, – dedi.

Safar amaki “xoʻsh, jiyan?” degandek menga yuzlandi. Har qancha ichikib turgan boʻlsam-da, davrani bir qur koʻzdan oʻtkazib chiqib, keyin:

– Hamma kelib boʻpti, shekilli. Suzaverishsa boʻlar, – dedim.

Oshu obdan keyin chaq-chaqlashib oʻtiribmiz.

Ancha oʻzimga kelib olganman. Davra toʻrida, Temur amakim qavatida qoʻr toʻkib oʻtirgancha, gurungga qoʻshilib qoʻyaman. Hamma qatori yayrab kulaman. Dil gʻuborlarim tarqab boryapti. Yil boʻyi oʻzimni qiynab, oʻzim bilan oʻzim olishib yurganlarim gʻirt bemaʼnilikdek tuyula boshlagan. Nima jonimga kerak shu mashmashalar, deb ajablanib ham qoʻyaman. Boʻldi, brigadirlikni topshiraman. Hamma qatori tinchgina ketmon chopaman… Keyin, oʻtirar joyim balki huv etakroqda boʻlar. Nima qipti?!. Har tugul anovi ijroqoʻm Rahimzodaning ahvoliga tushmasman… Nega endi Rahimzoda? Balki, shoirlik hunariyam boʻlgandir-da menga oʻxshab. Ishqilib, taqdirim oʻxshamasin-da… Qisqasi, topshirishim kerak, vassalom. Oʻrnimga kimni qoʻyisharkin?.. Jamshidni qoʻymasliklari aniq. Oʻziyam koʻnmaydi. Keyingi yil yana oʻqishga urinib koʻrmoqchi. Uyam oʻsha tirishqoq uchuvchi pochchasiga oʻxshab (!) bir soʻzli chiqdi. (Hali hamon uning pochchasi birov ekanligini tan olgim kelmaydi).… Mayli, kimga oʻxshasa, oʻxshasinu, menga oʻxshab qishloqqa bogʻlanib qop ketmasin-da… Xayol bilan boʻlib unga tikilib qolgan ekanman, koʻzlarimiz uchrashdi. Bu sokin koʻzlar seniki edi, Shohsanam! Sinovchan, beozor, oʻychan…

Safar amakining ovozi xayolimni boʻldi.

– Ey, bolam, anovini ovozini koʻtar. Komiljon shekilli…

Shu choqqacha tokchada eʼtiborsiz turgan magnitofon endi bizga navbat deganday xonani toʻldirib yubordi.

Oʻldim jamoling shavqida darding ololmadim,

Boshingdin, ey sanam, nega men oʻrgulolmadim,

Bir lahza ishrat uyida majlis qurolmadim,

Laʼli labingni qandini bir dam soʻrolmadim,

Hajringda dardu gʻam bilan hasratda dogʻman…

– E, joying jannatda boʻlgur-a, – dedi Safar amaki bosh tebratib. Men boʻlsam ado boʻlgandim: u mening dardimni kuylayotgandi…

 

Sabru qarorim qolmadi, ey jon, nechuk etay,

Majnuni benavo kabi yo bosh olib ketay,

Hajringda dardu gʻam bilan hasratda dogʻman…

* * *

Shaharga ketyapman, sening oldingga.

Soʻnggi bor koʻrganimga yarim yildan oshdi. Juda sogʻinganman. Oʻshanda idoraga faollar yigʻiniga shoshib borayotuvdim. Daladan uyga ham kirmasdan toʻgʻri oʻtib ketmoqchi edim. Qarasam, oʻgʻilcham Boburni yetaklab eshigimizdan chiqib kelyapsan. Mototsiklim oʻz-oʻzidan taqa-taq toʻxtadi. Motori oʻchdi. Aytaman-ku, u meni tushunadi, u temirdanmas…

– Yoʻl boʻlsin amma-jiyanlarga?

– Sayrga chiqayotuvdik, – deding jilmayib. Keyin oʻgʻilchamni koʻtarib olding. – Boramizmi, Boburjon?

– Boyamiz…

Sayrni qoldirdik. Uyga qaytib kirdik.

Bir yonda ayam, bir yonda sen (tizzangda oʻgʻilcham) chorpoyada oʻtirib, uzoq suhbatlashdik. Majlis ham xayolimdan koʻtarilib ketdi. Shunga ham olti oy boʻlibdi. Seni sogʻinganman. Ayniqsa, ikki kun uyda qamalib yotganimda buni qattiq tuydim. Hali choyxonada eshitgan qoʻshigʻim tamomi dunyomni ostin-ustin qilib yubordi. Va choyxonadan toʻliqib, toshiqib chiqqancha toʻgʻri sening oldingga ketyapman. Yoʻl-yoʻlakay xiyla sovub, hushyor tortib, koʻnglimda andak xijillik paydo boʻlgan: u endi baribir birovning xasmi, shu ishim toʻgʻrimikan, degan andishada ikkilana boshlaganman. Lekin, oʻzimni toʻxtata olmayapman. Loaqal olisdan bir koʻrib qaytaman-ku, degan oʻyda ketib boryapman.

* * *

Bir paytlar Haydarov yotgan shifoxonaga kirib bordim.

Havo ertalabkiga qaraganda ancha iligan. Yerda qor qolmagan. Har bir koʻringan oq xalatli, nozik hamshira senga oʻxshab ketadi. Yoʻl-yoʻlakay bir qoʻlimni oq doka bilan bogʻlab, boʻynimga osib olganman. (Mugʻombirlikni qara!)

Tavakkaliga ichkariga kirib borayotgandim, navbatchi qiz toʻxtatdi.

– Siz kimga, qaysi palataga?

– Menga Rasulova kerak edi.

– Qaysi palatada?

– U hamshira, sizlarda ishlaydi.

– Rasulova?.. Bizda unaqa hamshira yoʻq, – dedi qiz, keyin navbatdagi kishi bilan savol-javob qila boshladi. Keyin ichkariga kirib ketayotgan yerida toʻxtab, menga qaradi.

– Siz anavi poliklinikamizga boring-chi, balki oʻsha yerdadir?!.

– Rahmat.

Chinorlarni oralab ketgan yoʻlak bilan borib, bir bino oldidan chiqdim. Ichkariga kirdim. Yuragim hapriqadi. Birovdan soʻrashga andisha qilaman. Balki, oʻzi uchrab qolar, degan umidda bir pas serrayib ham turdim. Keyin oʻzimga nashʼa qildi. Nega keldimu, nega qoʻrqoqlik qilaman!..

Roʻyxatxona tuynugiga moʻraladim. Ichkaridagi qiz nimasi bilandir oʻzimizning Umaroni eslatdi.

– Yaxshimisiz, singlim?! – dedim oʻzimni jiddiy tutib.

Qiz boʻlmalardagi hujjatlarni titkilab turgan edi, tuynukka yaqinlashdi.

– Keling…

– Shohsanam kerak edilar. Rasulova.

– Nima ishingiz bor edi?..

Xushroʻy qizgina bu gapi bilan dunyoni muyassar qilgan edi. Lekin sir bermadim. Jiddiy, hatto ranjigan qiyofada, oʻzi ishdami, axir, dedim. Qizgina xijolatli kulimsiradi.

– Demoqchiydimki, juda zarur boʻlsa…

– Ha, juda zarur, siynim, qishlogʻidan keldim.

– Qishlogʻidan… Tinchlikmi, ishqilib, mulla aka? Uydagilar… – dedi u tashvishga tushib. Bildimki, sening yaqinlaringdan…

– Tinchlik, – dedim xiyol yumshagan boʻlib. – Ishim bor edi…

– Fabrikani bilasiz-a, “8-mart”ni, oʻsha yerdagi filialimizda ishlayotgan edi. Vaqtincha. Nima qilasiz, borasizmi endi?

– Albatta-da, – dedim beixtiyor iljayib. – Boʻpti, rahmat sizga.

Eshikdan chiqqan yerimda qiz toʻxtatdi.

– Mulla aka, shoshmay turing…

Ichkariga qaytib kirdim. U roʻyxatxonadan chiqib oldimga keldi.

– Shohsanamga aytsangiz, ertadan bu yerga kelaversin. Fabrikaning hamshirasi ishga chiqadi oʻzi, byulleteni tugabdi.

– Shumi?

– Ha, shu. Keyin Roziya salom aytdi, deng, – qizgina shirin jilmaydi. – Sizni sogʻinibdi deng.

Seni sogʻingan bu qizchani yaxshi koʻrib ketdim. “Oʻtirib bir dardlashsam boʻlar ekan-ku sen bilan siynijon”, dedim oʻzimcha Umaronikidek kulib turadigan qiygʻoch koʻzlariga tikilib. Keyin xayrlashgani qoʻl uzatdimu, xayr demadim, koʻrishguncha, dedim.

* * *

Yolgʻiz oʻtirgan ekansan.

Mening kutilmagan tashrifim, ayniqsa bir qoʻlimni boʻynimga osib olganim seni choʻchitib yubordi. Ranging oʻchinqirab, shoshib oldimga kelding.

– Tinchlikmi, Mahmud aka?

– Tinchlik, tinchlik! Yaxshimisan? – deya “sogʻ” qoʻlimni uzatdim.

– Voy, assalom. Kechirasiz, qoʻrqib ketganimdan… Oʻtiring, Mahmud aka.

Yuzma-yuz oʻtirdik, soʻrashgan boʻldik.

– Qanday shamol uchirdi? – deding keyin jilmayib.

– Qanday shamol boʻlardi? – dedim ranjigan qiyofada. – Oʻzim shundoq… Sogʻindim, izlab kelaverdim.

Xijolat tortib qizarinding.

– Kechirasiz, soʻramabman ham, qoʻlingizga nima qildi?

– A, zararsiz. Bilasan-ku, mototsiklni yomon haydayman. (Bir yolgʻondan qirq yolgʻon urchiydi degani shu-da).

– Ehtiyot boʻling-da, Mahmud aka… Qani, bir koʻrib qoʻyay-chi… – deya oʻrningdan turding.

– Allaqachon koʻrib qoʻyishdi. Roziya… koʻrib qoʻydi.

– Rostdanmi?.. Shu qiz biram yaxshiki. Xuddi…

– Xuddi Umaroning oʻzi, – dedim hozirjavoblik bilan.

Kulib yubording.

– Topdingiz. Xuddi oʻzi. Shoʻxligiyam, kuyunchakligiyam.

– Umaro seni koʻrmasa uzlikib qolardi. Kelib turadimi oldingga?

– Haliyam oʻsha-oʻsha… Amirjonni boshlab kelaveradi. Shaharga tushishsa, koʻrmay ketishmaydi, – deya oʻychan tortib davom etding, – bosilib qolishganini aytmaysizmi?! Biram ahil, biram inoqki, odamni havasi keladi.

Senga hasrat-la tikilib qolganimni koʻrib, gapingni yoʻqotding. Oʻngʻaysizlanib, oldingdagi daftarni varaqlashga tushding.

– Oʻzing yaxshimisan, – dedim sekingina.

– Yaxshi, – deding maʼyusgina bosh irgʻab.

– Aytmoqchi, Roziya salom aytdi. Ertadan u yoqqa borarmishsan.

– Juda yaxshi boʻpti-da, – deding tetiklanib. – Oʻzimam zerikib ketdim bu yerda… Ha, menga qarang, qishloq tinchmi oʻzi? Ayam betob emasmilar, ishqilib? Jamshid yaxshi yuribdimi, hisobchingiz?!.

Sen hamon oʻzim shundoq yoʻqlab kelganimga ishonqiramay turarding. Nega ham ishonishing kerak! Shuncha talabalik oʻtdi. Ikki-uch oylab uzum uzish, paxta hasharlarida qolib ketding. Men yigit boʻlib biror marta izlab borganmidimki, ishonsang!.. Sogʻindim, izlab kelaverdim emish! Eh, mana shunaqa izlab kelishlarimni qanchalar xohlagan boʻlsang kerak bir paytlar?!.

– Hammasi tinch, hammasi sogʻ, – dedim hafsalasiz. – Ha, ishing qachon tugaydi?

– Tugadi. Ketmoqchi boʻlib turgandim, oʻzi…

– Ketdik boʻlmasa.

Bir zum sinovchan qarab qolding-da, oʻrningdan turding.

* * *

Qoʻlingda bejirim qizil sumkacha. Egningda oq momiq yoqali qizil palto, oyogʻingda qizil etikcha. Yayov ketyapmiz. Xuddi bir paytlari orzu qilganimdek yonma-yon, xushu xursand. Atrofni unutganmiz…

Sen qishloqdagilarni, ayam, qizcham, oʻgʻilcham, yangangni, dugonalaringni nomma nom soʻraysan. Men yaxshi, yaxshidan nariga oʻtmayman. Nariga oʻtishga esa nimadir monelik qiladi. Nima desamikin, oʻzi nima gapim bor edi, bu yerga kelishdan maqsadim nima edi, deb xayollarim chuvalashadi… Ikkinchi bekatdan oʻtdik hamki, toʻxtamadik. Avtobusga chiqmadik. Nihoyat, sen toʻxtading, jurʼat qilding.

– Mahmud aka, rostini ayting, nega keldingiz?

– Bilasanmi, Shohi, nima demoqchiman?..

Beixtiyor madad istab qoʻlingdan tutdim. Nozik barmoqlaringni kaftim orasiga olib, avaylab siqdim. Duv qizarding-da, ohista tortib olding. Lekin qoshlaring chimirilmadi, allaqanday ginali qarab qoʻyding. Jim boʻlding, demak, kutyapsan…

– Shohsanam, hammasiga men aybdorman…

Yalt etib qarab qoʻyding-da, bosh egib sekin yoʻlga tushding.

– Seni yaxshi koʻrardim, jonimdan ortiq koʻrardim. Bunaqa ishlar boʻlib ketishi tushimga ham kirmagan. Hozirgacha ham ishonmayman, tush koʻryapman, deb oʻylayman.

Yuzlaring lov-lov yondi. Qadamlaring sekinlashdi.

Shohsanam, mening shoʻrlik Sanamjonim soʻzlarimni tinglayapti. Yana nima desam, nimalar demoqchi edim-a?! Gaplarim koʻp edi. Lekin tilimga chiqqani yana shu boʻldi:

– Meni kechirgin, men oʻzim gunohkorman. Sening bunga zarracha aybing yoʻq. Xolamniyam.

Sen faqat bir ogʻiz gapirding.

– Endi nima keragi bor edi?..

– Bilaman. Lekin aytmasam boʻlmaydi… Shohi, men…

Sen yurishdan toʻxtab, kulimsirab tikilding.

– Mahmud aka, qarang, bir pasda uch bekatni piyoda oʻtib qoʻyibmiz.

– Yoʻgʻ-e, bor-yoʻgʻi “Shotutli”gacha yurdik-ku. Hali “Afgʻoni”, “Qoʻyqoʻton” bor, – dedim hazilga olib. Ochigʻi mavzudan chalgʻiganimdan yengil tortdim. Chunki, xayolingdan nimalar kechayotganini bilmasdimu, lekin bugungi kundan sen ham mamnun eding va shunday bir paytda dilingni xufton qilishimga bir bahya qolgandi.

– “Shotutli”ning yoʻlida sirayam zerikmasdim, – deding botin bir sogʻinch bilan.

– Men boʻlsam, zerikib ketardim, – dedim-da, ajablanib qaraganingni koʻrib, – sen boʻlmasang yonimda, – deb qoʻshib qoʻydim.

– Shoirsiz-da, odamni dovdiratasiz, – deding jilmayib. – Amirjonning toʻyida oʻqigan sheʼringiz juda yaxshi ekan.

– Sheʼr oʻqidimmi?..

– Yana boshlang, – deding ginali ohangda. – Oʻqidingiz-ku, toʻyxonani jim-jit qilib qoʻyib.

– Men sheʼr oʻqimadim, Shohi, dardlarimni toʻkib soldim. Yuragimni boʻshatdim, xolos… Mana eshitgin-a…

Nasib etdi senga oliy baxt –

Oʻz osmoni boʻlgan bir lochin!

Sen ham uni erkalab xushbaxt,

Qanotida kuylamoq uchun

Yel boʻlasan,

Shamol boʻlasan,

Sen bir baxtli ayol boʻlasan!..

– Sanamjon, “Shotutli”ning yoʻllari men oʻarib benavoni yutaman, deydi.

– Yolgʻiz yurmang. Yangamni hamroh qilib oling, – deding hazilga olib.

– Sensiz men yolgʻizman!

– Boburxonni ergashtirib oling… Aytmoqchi, biram shirin boʻptiki, siz bilmaysiz, oʻtgan safar borganimda xolam bilan uyimizga kep qolishdi. Amma-jiyan rosa chugʻurlashdik. Xolam aytgan boʻlsalar kerak…

– Sensiz menga dunyo qorongʻu, Sanamjon!..

– Doston aytayapsizmi?! – deding hamon hazilingni qoʻymay.

Toqatim bitdi.

– Uh! – deya koʻkragimni ishqadim. – Mana shu yerim yorilib ketadi hozir!.. Sanamjon, kel, hammasini boshqatdan boshlaylik.

Yoʻlingni toʻsib, toʻxtatdim.

– Koʻzimizni chippa yumaylik-da, qochib ketaylik. Toshkentgami, undan narigami! Xoʻp, degin. Rahming kelsin!..

Endi boshingni koʻtarmading.

– Nega indamaysan? Menga qara, Shohi!.. – dedimu, birdan tildan qoldim. Koʻzlaring jiqqa yosh edi. Bir soʻz demasdan yoʻlga tushding. Men endi yosh bola singari senga ergashdim. Navbatdagi bekatda toʻxtab, xayrlashgani qoʻl uzatding.

– Uyinggacha kuzatib qoʻyaman.

Beozor jilmayding.

– Siyningizni erga berganingizni unutib qoʻyganga oʻxshaysiz… Xayr. Hammaga salom ayting, – deding-da, jadal yurib odamlar oqimiga singib ketding.

* * *

Sen ketdingu, ne qilarimni bilmay, serrayib turib qoldim. Yuragim boʻm-boʻsh, miyam fikrlashdan toʻxtagan edi. Betoqat alangladim. Tushunarli. Men uchun shu tobda bittagina najot yoʻli bor, u ham boʻlsa…

Bekat yonboshidagi doʻkonchaga oʻzimni urdim.

* * *

Shaharga borib kelganimdan beri ruhim yengil. Oʻzimda katta kuch, gʻayrat seza boshlaganman. Oʻjarligim tutgan, yerimni, odamlarimni, qolaversa amalimni nomaʼlum bir kimsadan qizgʻana boshlaganman.

Ishga qayta kirishdim.

Ilgari raisga roʻbaroʻ boʻlish, uning tuzsiz gaplarini eshitish, topshiriqlarini bajarish oʻlimdan battar edi. Endi bular bari ahamiyatsiz, mayda-chuyda gaplar boʻlib qoldi. Agar Shohsanam bilan yashaganimda qanday yaxshi boʻlarkan-a, deb oʻylayman. Endi tez-tez uning oldiga borib turaman, deyman. Oilalik boʻlsa nima qipti, avvaldan aka-singilmiz, toʻgʻrilikcha gaplashib tursak birov monelik qilarmidi, deya niyatim xolisligiga oʻzimni ishontirishga urinaman…

Bir kuni kechga tomon markazga joʻnadim. Yozdagiday boʻlib ketgan havo shu kuni ayniy boshlagan edi. Idoraga kirib, rais bilan choyxona qurilishini gaplashmoqchi, niholchilik xoʻjaligidan mevali daraxtlar, shamshodlar olib berishini soʻramoqchi edim. Rais tuman markaziga ketgan ekan, idora tashqarisida ancha kutib qoldim. Nihoyat sutrang “Volga” koʻrindi. Rais qadrdonlarcha qoʻlimni siltab koʻrishdi.

– Birgad bovo, qalaysiz?..

– Keluvdim…

– Kep turing-da bunday… – u oldinga tushib, ichkari yurdi. Uzun stolning ikki yogʻida yuzma-yuz oʻtirdik.

– Kamnamosiz?

– Ha, endi…

– Shaharga qatnashga vaqt topasiz.

Kulimsirab tikilishidan koʻnglimga gʻulu oraladi. “Shohsanam bilan koʻrganmikan yoki birov yetqazdimikan?.. Unda Xudo urdi!..”

– Xoʻsh, xizmat?

Kelishim boisini hafsalasiz tushuntirdim, Keyin qizishib ketib, barcha oʻylab yurgan niyatlarimni aytdim. Medpunkt, magazin qurishni, yoʻllarni asfaltlashni… Faqat materialdan qoʻllasangiz bas, qolganini oʻzimiz eplaymiz, dedim.

U nuqul koʻzimga qaraydi. Dam-badam iljayadi.

– Shunaqa deng! Niyatlar katta-ku? – dedi gapimni tugatgach. – Yaxshi. Raz, shunday tashabbus boshlamoqchi ekansiz, marhamat, biz tayyormiz. Koʻchatlarga pul oʻtqazamiz. Biz-ku, siz nima desangiz, yoʻq demaymiz. Lekin, siz oʻzingizni bozorga solasiz.

Indamadim. Qachon, nima ishda deb talashib oʻtirmadim.

Shu payt nima boʻldiyu, lip etib chiroq oʻchdi. Tashqarida kuchli shamol qoʻzgʻalgandi. Kotib yigit eshikni ochib, hozir sham yoqib kiraman, dedi-da, orqasiga qaytdi.

– Qoʻyavering, – dedi rais, – Mahmud akangiz bilan qorongʻuda gaplashish osonroq.

Qabulxonadan kotibning xushomadnamo kulgusi eshitildi. Koʻp oʻtmay u sham yoqib kirdi-da, stolga qoʻyib, chiqib ketdi. Eshikni zich yopdi.

– Yaxshi emas, aravani birga tortish kerak, ukajon. Xoʻp, nega men buncha yelib-yuguraman, faqat oʻzim uchunmi? Rais bovongiz keksayib qolib, oxirgi yillar kolxoz ancha tushib ketgandi. Toʻgʻrimi, tan olasizmi shuni?! Bir paytlar kolxozdiyam, rais bovongizdiyam butun Oʻzbekiston tanirdi. Xoʻp, oʻsha darajaga yetkazsam, yomonmi?! Haydarovdiyam arvohi shod boʻlmaydimi?!

Ichimda titroq qoʻzgʻaldi: bechoraning arvohini qaqshatdilaring-ku?!

U gapiryapti, men ichimda javob qaytaryapman. Sirtga chiqarmayapman. Sirtimga faqat titrogʻi chiqayapti. Chiroqning oʻchib qolgani ikkalamizga ham tuzuk boʻldi. Yuzma-yuz tikilishib oʻtiribmiz. U ham barcha gapni ochiq-oydin qilib olmoqchi, shekilli. Sal oʻtib titrogʻimni bosib oldim. Jimgina eshitib oʻtiraverdim.

– Rais aka, kechirasiz, gapingizni boʻlaman, – dedim oxiri sabrim tugab. – Nima, men planimni bajara olmadimmi, ishimni udda qilolmadimmi?

– Rahmat, planni bajardingiz! Lekin, bizga kerak paytda yordam bermadingiz.

Oʻtgan yil oʻnta brigadir bir taraf boʻldiyu, bitta siz bir taraf boʻldingiz. Nima, ular mendan qoʻrqqanidan qilishdimi?

Rais yolgʻon gapirdi. Uch-toʻrt yaloqxoʻridan boshqa birorta brigadir uning yoʻrigʻiga yurmagandi.

– Hech kim qamab qoʻymadi-ku! Siz boʻlsangiz, qoʻrqdingiz. Oʻzingizni chetga oldingiz!

Endi uning ovozi bir parda yuqoriladi.

Maʼnini qara: men qoʻrqoqlik qilibman. Qingʻir ishga yurganlar mard boʻldiyu, men qoʻrqoq emishman! Besh ming jonli xoʻjalik rahbarining gapi bu!

– Lekin, doʻstim, kemaga tushganning joni bir. Bir gap boʻlsa, sizam chetda qolmaysiz. Keyin aytib qoʻyay, – uning ovozi sirli tarzda pasaydi, – meni hech kim hech narsa qilolmaydi. Tak chto…

U oʻrnidan turib kabinet toʻridagi stoli oldiga bordi. Tortmasidan sigaret olib chekdi-da, bir qoʻlida kuldon bilan derazaga yaqinlashdi. Shamolning zoʻridan deraza oynalari dam-badam zirillab ketardi. U deraza peshtaxtasiga suyangancha, deyarli shivirlab gapirdi.

– Ayrim gʻalamislar shuni bilib qoʻysin. Tomirim juda krepkiy. Shaharga borganingizda aytib qoʻying…

Birdan yengil tortdim: e-ha, mana gap qayerda! Bu bechor mendan choʻchib yuribdi. Yaxshi! Demak, Shohsanamning oldiga borganimdan bexabar. Endi ming javrasin – bir pul. Parvo qilmayman.

Rais aytarini aytib boʻldi, chamasi, roʻparamga kelib oʻtirdi. Qoʻlidagi billur kuldonni stolga qoʻyib, unga sigaretasini ezdi. Kuldonga tikilib oʻtiraverdim. U ogʻzimni poylayapti.

– Rais aka, bitta chektirsangiz, dedim goʻyo bir toʻxtamga kelgan kishi qiyofasida.

Men-ku, bu gapni ixtiyorsiz aytib yubordim. Lekin u ham beixtiyor oʻrnidan turib, hali qoʻygan yeridan sigaretasini oldi-da, qutisi bilan oldimga keltirib tashladi. Gʻijinmadi, netmadi. Yana qarshimda oʻtirib, indamay yuzimga tikildi. Sigaretani chuqur tortdim-da, pastga pufladim. Keyin tomdan tarasha qilib:

– Sharif aka, shu yil choyxonani koʻtarib olaylik, qoʻllab yuboring, dedim xuddi ming yillik qadrdonim bilan gaplashgandek bir alfozda.

U angrayib qoldi. Indamay unga koʻz tikib oʻtiraverdim. Qoʻlimdagi sigaretadan oʻrlayotgan ingichka tutun toʻgʻri shamga qarab choʻzilib borardi. Rais oʻrnidan ilkis turib, xonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Sham tomon oʻrlayotgan tutun toʻzgʻib, izini yoʻqotdi. Lekin men xotirjamligimni yoʻqotmay, qorongʻu derazaga koʻz tikkancha jim oʻtiraverdim. Nihoyat, Sharif Hodiyevich xona toʻridagi joyiga borib choʻkdi. Telefon goʻshagina koʻtarib, raqam termoqchi boʻldi.

Men oʻrnimdan qoʻzgʻaldim.

– Menga ruxsatmi, Sharif aka?..

– Boʻpti, boring, – dedi-da, zarda bilan raqam tera boshladi.

Eshikdan chiqarkanman, goʻshakning taqillab joyiga qoʻyilgani, raisning gʻudrangani eshitildi. Parvo qilmay, tashqariga yoʻl oldim.

* * *

Ertalab tursam, boʻralab qor yogʻib yotibdi.

Shamol tingan. Jimjitlik. Butun borliq samo hukmiga someʼ turib sukutga choʻmgandek. Faqat yerga ohista toʻshalayotgan pagʻa-pagʻa zarrachalar shitir-shitirigina quloqqa chalinadi… Yuragim orziqdi. Tushuniksiz hislarim junbushga keldi. Qishloqqa sigʻmadim.

* * *

Oʻtgan galgidek yayov ketib boryapmiz.

Qor maydalab yogʻib turibdi. Oppoq libos koʻhna shahar husnini ochib yuborgan. Lekin, sen oʻychansan. Sogʻintirgan qor ham, sogʻinib kelgan odaming tashrifi ham seni quvontirmagandek…

Koʻnglingni ovlamoqqa urinib qilgan hazillarim kor qilmas, maʼyusgina kulimsirab qoʻyarding, xolos.

Bir paytlar mana shunaqa qor tushgan kunlarni bayram qilib yuborardik. Ikkovginamiz qir oshib, qor kechib, yaxmalak uchib, quvalashib, qor boʻron oʻynab maktabga yetib qoʻyardik. Oʻsha kunlarni eslashib rosa xumordan chiqarmiz, degan ilinjda edim. Lekin sen jimsan, ochilay demaysan. Yoki oʻsha begʻam davrlarimiz xotiralaridan mahzun tortib qoldingmikan?

Oxiri boʻlmadi, yengingdan ohista tutib, oʻzimga qaratdim.

– Shohsanam, tinchlikmi?

Sen eshitilar-eshitilmas, tinchlik, deding-da, yurishda davom etding. Keyin toʻxtading. Qalin qor pardasini toʻzgʻitib oʻtib-qaytib turgan mashinalarga koʻz tikkancha deding.

– Shu yurishimiz toʻgʻrimi, Mahmud aka?

Indamadim.

– Endi koʻnikishimiz kerak. Yosh bola emasmiz!

Javob istab menga oʻgirilding.

– Bilmadim, Shohi, bilmadim. Balki sen ulgʻayib qolgandirsan. Lekin men yosh boladan battar boʻlib boryapman. Koʻrmasam turolmayapman, vassalom!

Siniqqina kulimsirab qoʻydingu indamading.

– Menga qara, agar men oldingga kelmasam ham, baribir kechasi sen mening oldimga borasan. Uyqu bermaysan. Kulma, eshitgin…

Sanam, mening qismatim ayon,

Mayli, ket de, badar ketay men.

Ammo oʻzing – eng dilbar xayol –

Mendan ayrilmasang netay men?!

– Koʻpdan beri sheʼr yozmay qoʻygandingiz-a? – deding oʻychan.

– Sanam, seni erga berdimu, yana dardim qoʻzgʻaldi yangi… Menga qara, rosttanam bu yurishimiz yaxshimas. Xoliroq bir yerda gaplashaylik.

– Mahmud aka, nimaga kerak shu narsa?

– Kerak. Mengayam, sengayam kerak!.. Men bir boshidan hammasini aytib beray, gunohlarimni, xatolarimni… Keyin ixtiyoring: xohlasang haydab yubor, yuzimga qarama, yuragingdan chiqarib tashla!.. Shunda sengayam oson boʻladi, mengayam. Ayniqsa, sen uchun kerak, judayam qiynalib ketding.

Qoʻllaringdan mahkam tutib, koʻzlaringga oʻtinch bilan tikildim.

– Iltimos, yoʻq dema! Yoʻq dema!.. Yolvoraman!

Sen endi qoʻllaringni tortmading.

– E, Mahmud aka-e, – deding koʻzlaringda yosh aylanib. – Qiynalib ketding, deysiz-a! Bu qiynalishlar qanchalar aziz, qanchalar rohat ekanligini bilsangiz edi… Agar shundan ham judo boʻlsam, menda yana nima qoladi bu hayotda?!

Bemisl hayajondan gangidim. Beixtiyor qoʻllaringni boʻshatdim. Shu tobda mendan-da baxtiyor, mendan-da baxti qaro oshiq yoʻq edi dunyoda!

Sen uyalib boshingni egding.

– Aslida bu gaplar dilimda qolgani tuzuk edi…

Yoʻq, Shohsanam, sen bu zamonning qizi emassan. Yana aytamanki, sen ayajonim orzu qilgan Shohsanamsan, undan-da ziyodasan!..

Gap-soʻzsiz yoʻlga tushdik. Endi har qanday gap ortiqcha edi. Bilmadim, yana qancha yurdik, bir yerlarda toʻxtab, menga qarading.

– “Shotutli”ga yetib keldik, – deding siniq jilmayib.

– Xoʻp, xoʻp, bir ogʻiz gaping, – dedim hazilomuz qoʻlimni koʻksimga qoʻyib.

– Endi kelmang, – deding juda ham beozor qilib.

– Ilojim yoʻq, malikam, – dedim bosh egib.

Sen bir zum tikilib qolding. Soʻng ohista yaqinlashib, manglayimdan oʻpding. Men hech narsa tushunmay, karaxtlanib turaverdim.

– Baxtli boʻling, Mahmud aka, – deding xiyol titragan ovozda.

Va ters burilib, tez-tez yurib ketding. Izdixom bir pasda seni ogʻushiga oldi.

Tong saharda boshlagan qor hamon maydalab, ezgʻilab yogʻishda davom etardi.

* * *

Avtobusdan tushib qishloq yoʻliga burilgandimki, ikki biqini loy sachrab qoraygan raisning “Volga”si oʻtdi. Oʻn qadamcha narida toʻxtadi. Yaqinlashib borishim bilan old eshik ochildi. Mindim.

– Ha, birgad bovo, – dedi rais odatdagiday salom-alik oʻrniga, – juda serqatnov boʻlib qoldingiz, tinchlikmi, oʻzi?

– Ha, tinchlik, – dedim ensam qotib. Bu odamlar oʻz dardu tashvishing bilan yurganingga ham qoʻymaydi.

– Menga qarang, boʻzchining mokisiday shaharga qatnaguncha, odamlarni ishga chiqarmaysizmi?

– Qanaqa ish?! – dedim jahlimni yashirmay.

– Molxona qurilishiga odam bermabsiz-ku!

– Aytganman, ertadan chiqishadi.

– Jahl qilganlariga oʻlaymi! Haydarov jud-dayam erkalatib yuborgan ekan sanlarni! Tizziqlaringga tegib ketadi-ya!

Oynakdan tashqariga qarab, miq etmay ketaverdim. U ham tinchigandek boʻldiyu, markazga yaqinlashganimizda yana oʻt oldi.

– Shaharga nega bordingiz? – dedi oshkora zugʻum bilan.

– Nega bormas, ekanman?! – dedim mening ham kufrim qoʻzib.

– Bir ogʻiz soʻrash mumkinmidi? Rais degan otimiz bor, axir!..

Endi indamadim. U nish urishda davom etdi.

– Eshitgandirsiz? – dedi oxirida iddao bilan.

Unga tushunmay qaradim. Koʻzlarimdan nimanidir uqib olmoqchidek qadalib turdi-da, nimagadir ishonch hosil qildi shekilli:

– Ertalab revizor keldi. Bir oycha boʻladi bizda, – dedi murosali ohangda. – Soʻratganda topaylik sizni. Izlab yurmaylik. Zamon nozik!

* * *

Mashinadan tushganimda miyam qiziy boshlagan, ikki chakkam loʻqillab borardi. Hech narsaga alahsimay qishloqqa joʻnadim. Uch chaqirimni qanday bosib oʻtganimni bilmayman. Qor tinib, izgʻiriq boshlangan. Men boʻlsam, telpagimni yechib olganman. Lekin sovuq ham bosh ogʻrigʻimni bosolmayotgan edi…

Bir ahvolda ostona hatladim.

Hozir rang-roʻyimni koʻrib, Zumrad shoshib qoladi. Shosha-pisha paltomni yechadi, etiklarinm sugʻuradi. Obdastada suv tutadi. Sandal yoniga oʻtqazib, choy damlab kiradi. Dori-darmon qutichasini bosh tarafimga keltirib qoʻyadi. Keyin oyoq tarafimga oʻtirib, jovdirab tikiladi. Lekin sizga nima boʻldi, deb soʻray olmaydi. Soʻrasa baribir jerkib beraman. Boʻlar-boʻlmasni bahona qilib, janjal chiqarishim mumkin. Janjalim shuki, urmayman, soʻkmayman, tilga zoʻr beraman. Shoirlik daʼvosida yurib uch-toʻrtta kitob koʻrib qoʻygan emasmanmi, soʻzlarim tagdor boʻlib chiqaveradi. Bir zamonlarda simpech qilingan koʻprik, yoʻlimizga koʻndalang tushib lovullab yongan daraxt, katak koʻylakli tikanak soch, qoʻltiqma-qoʻltiq boʻlgan yoʻltoʻsarlar ham oʻz-oʻzidan gap orasiga suqilib ketaveradi. Xullas, uni yigʻlatib tinchiyman-da yo sigareta yoqib olib koʻchaga chiqib ketaman yoki boshimni burkab uyquni uraman.

Keyingi bir yilimiz xuddi shu taxlit kechyapti.

* * *

Bir haftalar oʻtib revizor chaqirtirdi.

Mendan yoshi kattaroq, chorpaxil bir yigit ekan.

Divanga yastanib televizor koʻrib oʻtirgan yeridan nim qoʻzgʻalib koʻrishgan boʻldi-da, oʻtirgani stul koʻrsatdi. Ismimni soʻrab olgach, ish stoliga qoʻl choʻzib, qandaydir roʻyxatni oldi.

– A-ha, – dedi-da, menga boshdan oyoq razm solib chiqdi. – Boboxonovman deng!.. Boboxonov Mahmud Maʼrupovich… Xoʻsh, Haydarovga kim boʻlasiz, Boboxonov?!

– Tushunmadim?! – dedim yelka qisib.

– Nimasiga tushunmadingiz? Haydarovga kim boʻlasiz, deyapman! – dedi qoʻrslik bilan.

oʻashim keldi, bu odam revizormi yoki tergovchimi?!

– Hm… – dedim atay paysallab. – Xoʻjalikda besh ming odam bor. Rais bovomiz hammasiga tegar tomir. Biriga ota, biriga bobo, yana biriga aka, boshqasiga…

– Shaxsan sizga kim boʻladi? – dedi revizor toqatsizlanib.

– Shaxsan mengami? Menga amaki edilar. Nimaydi?

– Amaki deng! Xoʻsh, amakingizga qancha pul bergansiz? – deya koʻzlarini qadadi chorpaxil yigit.

– Pul? Qanaqa pul? – dedim ajablanib.

– Puldaqa pul-da! Nega anqovlikka solasiz oʻzingizni?! – ovozini koʻtardi u. – Qancha pora bergansiz, deyapman, tushunarlimi?!

Pora!.. Koʻzim yarq etib ochilgandek boʻldi. Nima balo, marhumning goʻrini titkilashni boshlabdimi bular ham!

– Pora bergan ekanmanmi? – dedim men ham ovozimni bir parda koʻtarib. – Nega beribman?

– Brigadir boʻlish uchun!.. Qancha?

– Ey, oshna! Qaysi ahmoq aytdi sizga brigadirlikni pulga sotib oladilar deb! Brigadirlik amal boʻptimi, gʻirt mashmasha-ku!

– Men sizga oshna emasman!

– Kechirasiz, bilmabman.

– Talmovsiramasdan boʻyningizga olsangiz, oʻzingizga yengil boʻladi.

– Nimani boʻynimga olaman?

– Pora berganingizni!

– Aqlga sigʻadigan gapdan gapiring, oshna, kechirasiz, oʻrtoq… Familiyangizni bilmayman.

– Shart emas bilishingiz. Boboxonov, ona suti ogʻzidan ketmagan goʻdakni oʻttiz yillik brigadirning oʻrniga shartta qoʻyib qoʻyish oʻz-oʻzidan boʻladimi!

“Eh-he, mahalliy alamzadalar bosh koʻtarib qoptimi!” – deya istehzoli kulimsiradim. “Ey, koʻngil, mundin beri boʻl bir nima hushyorroq…” deya Bobur satrini koʻnglimdan kechirdim.

– Menga qarang, ogʻayni, deyarli tengdosh ekanmiz. Sizgayam bitta savol bersam boʻlar, a? Siz revizorsiz, shundaymi? Nega endi oʻz ishingiz qolib, kadrlar masalasiga qiziqib yuribsiz?

Chorpaxil oshnam mantiq oldida gangidi. Qoʻlidagi roʻyxatga maqsadsiz qarab chiqdi. Keyin:

– Boʻpti, boring, – dedi qovoq uyub.

– Omadi gap-da, xafa boʻlmang! – dedim iljayib.

– Boring, dedim!

* * *

Havoning qovogʻi soliq edi.

Badqovoq bir kimsa esa huzuridan quvib soldi. Lekin, kayfiyatim tushmadi. Mototsiklimga tayangancha bosib-bosib chekdim. Gangigan taftishchi qiyofasini koʻz oʻngimga keltirib kulib-kulib qoʻydim. Keyin sigaretamni chertib yubordim-da, ulovimga yuzlandim.

– Xoʻp, toychogʻim, endi nima qildik, – dedim.

“Toychogʻim” itoatkor sukut saqladi.

– Tushunarli. Boʻlmasa, ketdik!

Toychoq meni shahar tomonga uchirib ketdi.

* * *

Tanish eshikni ochdimu, notanish qizga koʻzim tushdi.

Izimga qaytib, roʻyxatxona tuynugiga roʻpara boʻldim.

Roziya “hozir” dedi-da, sumkachasidan bir konvert olib uzatdi. Qizginaning qarashlari soʻnik, tashvishli edi. Bu tashvishni yuqtirib, eshikka yoʻnaldim.

Qor uchqunlay boshlabdi.

Eshikdan chiqqan yerimda konvertni ochishga tutindim. Shu choq yonginamdan oʻtayotgan qiz “mulla aka, bu yoqqa yuring”, dedi. Qarasam, oq xalati ustidan palto yopinib olgan Roziya… Oldinma-keyin koʻchaga chiqdik.

Koʻcha chetida, uch-toʻrtta “tibbiy xizmat” yozuvli mashina qatorida miqtigina mototsiklim mungʻayib turardi.

Qiz bilan yuzma-yuz boʻldik.

U “mulla aka, Shohsanam ketdi”, dedi-da, toʻlib turgan ekanmi, piq etib yigʻlab yubordi.

– Ketdi? Qayoqqa? Ishdan boʻshadimi? – dedim hovliqib.

– Yoʻq, – dedi u yigʻi aralash, – u yoqqa, Aktyubinskka ketdi.

– Nima?

Noxush bir tuygʻudan yuragim uvishdi. Nega bu qiz yigʻlayapti? Shohsanam nega toʻsatdan ketadi? Yoki biror falokat?

Roziya oʻzini bosib olguncha ming bir koʻchaga kirib chiqdim. Nihoyat, qiz tinchidi. Chuqur xoʻrsindi.

– Roziya, tinchlikmi, oʻzi, nima boʻldi? – dedim ohista.

– Tinchlik, – dedi u endigina ovungan qizaloqning ozurda ovozida. – Kechirasiz, koʻnglim buzilib ketdi. Shohsanamni xoʻjayini chaqirtiribdi. Shu yerda ishlaysiz, debdi. Shunga ketdi…

Yigʻi xuruj qildi shekilli, gapirolmay yana bir pas jim qoldi.

– Mahmud akam meni kechirsinlar. Xayrlashmay ketyapman, dedi.

Tushunarli, hammasini tushundim. Demak, tunov kuni peshonamdan oʻpgani – xayrlashgani ekan-da. Men gʻofil buni payqamabman.

Qizgina achinish bilan allatovur jovdirab tikildi.

Haligina uchqunlab turgan qor quyuqlashdi. Qizning oq qalpogʻi, paltosi yelkalariga uchqunlar oʻtira boshladi. Qoshlari ustida Umaronikiga oʻxshab chiroyli toʻzgʻib turguvchi kokillariga ham ilinib qoldi oq zarrachalar.

– Boʻpti, Roziya, men boray, – dedim.

U “mayli” deganday bosh irgʻadi-da, keyin ortimdan chaqirdi.

– Mulla aka…

Qayrilib qaradim. Oldimga keldi.

– Taqdir bu. Xafa boʻlmang… Yangamullomni Shohsanam maqtab yurardi. Yaxshi turarkansizlar… – dedi oʻziga qovushmagan jiddiyat bilan.

Jonsoʻz qizginaning yana yosh aylana boshlagan qiygʻoch koʻzlariga minnatdor tikilib, kulimsiradim.

– Baxtli boʻling, siynim, xayr!

Endi koʻrishguncha demadim, xayr dedim. Va shu asnoda butun oʻtmishim bilan xayrlashganimni ogʻriq bilan his etdim. Endi hammasi tamom. Shu choqqacha xursand edim. Birovga koʻz-koʻz qilolmasam-da, baxtim bor edi. Endi esa yoʻq!..

* * *

“…Rustam aka meni qachondan beri oʻzi bilan ketishga undab keladi. Sen styuardessa boʻlishing, men bilan xalqaro yoʻnalishlarda xizmat qilib, dunyoni koʻrishing kerak, deydi… Seni dunyoda eng baxtli ayol qilaman, deydi… Siz ham bashoratli sheʼr yozibsiz: sen bir baxtli ayol boʻlasan, debsiz. Men nima qilay, xohishlaringiz shu ekan, mayli, roziman. Baxtli ayol boʻlishga urinib koʻraman.

Xullas, men ketdim.

Hali siz aytgan azobu qiynoqlarning hammasini oʻzim bilan olib ketdim. Sizga qoldirmadim. Istagim – siz qiynalmang. Xolam, yangam, Boburxon, Zebuniso qizchangiz baxtiga omon boʻling.

Yana bir istagim: Olloh yuqtirgan iqtidoringizni ora yoʻlda qoldirmang. Koʻp-koʻp sheʼrlar yozing. Kech boʻldi, demang, vaqt oʻtdi, demang, yozing. Agar siz uchun soʻzimning ozgina qadri boʻlsa uni yerda qoldirmang, Mahmud aka… Keyin yana bir narsa, haligi aziz joy esingizdami, bobongizning mozorlari? Tushimda oʻsha yerda yurgan ekanmiz. Yana haligi odam paydo boʻlibdi. Yigʻlab olgan. Hech narsa demaydiyu, nuqul sizga qarab boshini saraklatadi. Yigʻlaydi… Shundan qoʻrqib boryapman. Yaqin kunlarda bobongizni ziyorat qip kelsangiz boʻlardi. Iltimos, shu ishni orqaga tashlamang…

Qarang-a, Mahmud aka, haddim sigʻadimi, yoʻqmi demay oʻzimcha nimalar deb yotibman… Mayli, baxtli boʻling. Boshingiz toshdan boʻlsin… Aytmoqchi, mana bu sheʼringizda ham qismatimizni bashorat qilgan ekansiz. (Kechiring, bu taʼna emas!)

 

Majnuntolday boshginangni egma, jonim,

Koʻzlaringdan yoshginangni toʻkma, jonim,

Endi qayta uchrashmasmiz, kutma, jonim,

Nurli-nurli nurga choʻmgan bir xayol boʻl,

Sen baxtli boʻl, baxtiyor boʻl, baxtiyor boʻl.

 

Bu dunyodan yigʻlab oʻtgan ozmi, jonim?

Aytgin oʻzing, dardsiz sozlar sozmi, jonim.

Meni oʻylab, qoʻygil, koʻngling buzma, jonim.

Sen baxtli boʻl, baxtiyor boʻl, baxtiyor boʻl,

Oʻz yoriga sadoqatli, vafodor boʻl”.

* * *

Shohsanam, seni suya-suya oxiri shu birgina maktub bilan qoldimmi? Shu birgina maktub oxir kelib hammasiga nuqta qoʻydimi?..

Yoʻq, vijdonimni oʻrtaga qoʻyib aytar boʻlsam nuqta qoʻyilganiga ancha boʻlgan edi. Lekin, men buni tan olmay keldim. Qandaydir moʻjiza roʻy berishiga ishondim…

Oʻtgan safar oldingga qattiq ahd bilan borgan edim: hamma gapni aytib, yuragimni boʻshatib olaman, eng muhimi, seni azoblardan qutqazaman, degan edim. Sen buni istamading, oʻsha azobu iztiroblar bilan qolishni xohlading. Shoʻrlik Sanamjonim!

* * *

Oʻshanda ayang sovchilarimni beozor bir bahona bilan qaytardi. Qizimni singlim soʻrattirgan, unga yoʻq desam, uzilishib ketamiz, dedi. Boshqa narsa demadi. Desa haqli edi. Sovchilarni quvib bersa, ostonadan hatlatmasa haqli edi. Unday qilmadi, hamma yukni yelkasiga oldi. Barcha yaqinlarini, jonday jigarlarining oʻpka-ginalarini koʻtardi, achchiq-tizziq gaplarini koʻtardi. Emasam, yuragida gapi koʻp edi. Ularni haligacha sirtiga chiqarmaydi. Na senga, na jonday singlisi – ayamga aytadi. Na menga taʼna qiladi. Bechora Maʼmura xolam oʻzi bildi, oʻzi oʻrtandi.

Oʻshanda sen olisda – paxta hasharida eding. Mening brigadamda ham hasharchilar bor edi. Ular ovloq shiyponimiz yonidagi chodirlarda muqim joylashishgan. Sharif Hodiyevich, Kozim oshnam uchalamiz kunda-shunda edik. oʻaroyib chodirlardagi tongotar ziyofatlar, Natashaning suzuk koʻzlari idrokimni xiralashtirib yuborardi…

Bir kun tongda uygʻonsam Koʻksoyning xilvat bir yerida yotibman. Yonimda u!.. Oʻrnimdan turay desam, qoʻymadi. Hech yoqqa ketmaysan, deb turib oldi. Boshim yorilib boryapti, deb bahona qilsam, darhol aroq quyib uzatdi. Hozir tuzalib qolasan, dedi. Bir oz yengil tortgandim, endi shaharga borib kelamiz, deb turib oldi. Soy yoqalab chodirga qarab borayotsak, qarshimizdan Kozim chiqib keldi.

– Qalaysizlar?! – dedi ishshayib.

– Boshim yorilib boryapti, – dedim unga qaramay.

U yelkamga qoqib qoʻygan boʻldi-da, qulogʻimga bir narsani shipshidi.

– E! – deb yubordim. – Esdan chiqibdi-ku!

Men oʻsha kuni ertalab ayangni shahar yoʻliga chiqarib qoʻyishim kerak edi. U sening oldingga borayotgan edi. Ayam bechora qayta-qayta tayinlagan, sen oʻzing xabar ololmayapsan, hech boʻlmasa xolangni ulovingda nariroqqa olib borib qoʻy, degandi.

Oshiqib yoʻlga tushgan yerimda Natasha qoʻlimdan tutdi.

– Sen, qayoqqa?

– Borishim kerak, kutib qolishibdi.

– Bunaqasi ketmaydi!

– Na-ta-sha!.. – deb Kozim bosh irgʻadi.

– Nima, Natasha!.. Biz shaharga boramiz!..

– Shaharga?.. – deb talmovsiradim.

– Nima, esingdan chiqdimi?!

– Esiga solib qoʻy, – deya Kozim pishang berdi.

– Mastlikda valdirab qoʻygan boʻlsam kerak-da. Boʻpti, keyin boramiz. Ertaga…

– Yoʻq, bugun, hozir boramiz!

Kozimga madad istab tikildim. Koʻrinmas bir tuzoq meni itoatgoʻy qilib qoʻygan edi.

– Tushundim, – dedi Kozim bosh irgʻab.

– Katta yoʻlgacha… Jon joʻra!

– Xoʻp, dedim-ku!.. Kutib tursalaringiz, keyin sizlarni ham…

– Ovora boʻlma, rahmat. Biz daryodan kechib oʻta qolamiz. Faqat sen vaqtni oʻtkazmay tezroq bor, kutib qolishdi… Iltimos.

– Yest qilamiz! – dedi-da Kozim shoshqin orqasiga qaytdi.

* * *

Daryo kechuvidan oʻtib, shahar halqa yoʻliga chiqishimiz bilan Natasha hovliqib baqirgancha yoʻl ustiga chiqib ketdi.

– Kozim, toʻxta! Toʻxta!..

Tanish mashina toʻxtashi bilan qiz yugurib borib old eshikni ochdi.

– Kozimchik, koʻrmay qoldingmi? Mahmud, yugur! Senga nima boʻldi, tez kel!..

Rangim boʻzday uchib, mashinaga yaqinlashdim. Yer yorilsa-da, yerga kirib ketsam. Natasha oldingi oʻrindiqqa oʻzini tashladi. Orqada oʻtirgan ayolga eʼtibor ham qilmadi. Bir ahvolda Maʼmura xolamning yoniga kirib oʻtirdim. Salom berdimu, soʻrashishga yuzim chidamadi. Mashina yoʻlga tushdi.

– Xolamni bir yoʻla shohbekatga tashlab kelaqolay, dedim. Ovora boʻlmasinlar, bugun yakshanba, – dedi Kozim men tomon qarab qoʻyib. – Oxiri siz ham birga boradigan boʻpsiz-da, joʻra. Oʻzi hal qip kelolmas ekanmi?..

Mujmal alfozda bosh irgʻab qoʻydim. Kozimga oʻxshab turlanish qoʻlimdan kelmasdi. Kozim ayangga tushuntira ketdi.

– Bu qiz hasharchilarning hisobchisi, xola. Hisob-kitobida chalkashlik boʻpti. Shunga borishyapti. E, hasharchi degani turgan-bitgani gʻalva!

– Nima deyapsan, Kozimchik? Mengayam tushuntir, – deb qoldi qiz alanglab.

– Oʻzimizni gap, senga qizigʻi yoʻq, – dedi Kozim. Lekin, bu bilan qutulmadi.

– Yoʻq, qiziq, – deya menga oʻgirilib oldi Natasha. – Senga nima boʻldi, Mahmudchik? Biror narsadan xafa boʻldingmi?

– Natasha, – dedi Kozim unga koʻz qisib qoʻyib.

– Nima, Natasha!

– Toʻgʻri oʻtir!..

– Sening nima ishing bor? Bilasanmi, u mening Seryojam. Koʻzlarini qara, xuddi Yesenin deysan. Na qadar maʼyus, teran koʻzlar!..

– Natasha, unga noqulay. Toʻgʻri oʻtir.

– Tushunmadim?..

– Xolasi, – dedi Kozim bosh ishorasi bilan.

– Xolasi?.. Nu chto?.. – Natasha orqaga – Maʼmura xolamga qaradi. – Salom… Xolasi boʻlsa, nima boʻpti? Men uning jiyanini sevib qoldim. Bu yomonmi? Qoloq ayol boʻlmasa, tushunishi kerak. Qoloq boʻlsa, oʻzidan koʻrsin!..

Betoqat baqirib yubordim.

– Bas qil!

Natasha uchib tushib, oʻzini orqaga oldi.

– Men xato gapirdimmi… tushunmadim.

– Kozimjon, meni tushirib ket, – dedi Maʼmura xolam Kozimning yelkasiga ohista qoʻl tegizib.

– Nimaga, xolajon, mana, yetib qoldik, – deya Kozim mashinasini tezlatdi.

Shohbekat biqinida Kozim mashinasini toʻxtatdi-da, ayangni avtobuslar tomon boshlab ketdi. Mashinadan chiqdim-da, biror narsa deyishga holim kelmay, turgan yerimda qolaverdim. Kozim qaytguncha bir chekkaga chiqib oʻtirdim. U hayalladi.

* * *

Yana yoʻldamiz. Men karaxtman. Natasha ham oʻzini aybdor his qilibmi, mulzam tortib oʻtiribdi. Kozim old oynachada koʻzimni uchratib, iljayib qoʻydi.

– Joʻra, xijolat boʻlavermang, xolaga tushuntirib qoʻydim.

Unga xoʻmrayib qaradim. U boʻlsa yoʻldan koʻz uzmagan kuyi beparvo davom etdi.

– Mahmud joʻradan xafa boʻlmang, koʻp ishlik odam dedim. Qancha xizmat boʻlsa, mana men borman, dedim.

U yonida mum tishlab olgan Natashaga qarab qoʻyib dedi.

– Bu yogʻini ham puxtalab qoʻydim. Mabodo xolamga aytib qoʻymang, dedim.

– Nimani?

– Nimani boʻlardi, manovi bilan koʻrganini-da! Yigitchilikda boʻladi. Oydin xolam eshitib, xafa boʻlib yurmasinlar, dedim. Toʻgʻri qipmanmi, joʻra?..

Old oynachada koʻzlarim olayib ketganini koʻrdim.

– Toʻxtat! Toʻxtat, deyapman! – deb baqirdim.

Mashina chetga chiqib toʻxtadi.

– Tinchlikmi, joʻra? – deya Kozim ortiga qaradi.

– Sen kimsan oʻzi?!

– U nima deganingiz?! – deb koʻzlarini pirpiratdi Kozim.

– Sen ilonsan! – deya yoqasidan oldim.

– Tushunmadim…

– Mana boʻlmasa! – shapaloq tushirdim Kozimning basharasiga.

Natasha oraga tushib, meni toʻxtatib qolishga urindi. Uni siltab tashladim-da, mashinadan tashqari chiqib ketdim.

* * *

Yana yoʻlda ketyapmiz.

Ancha sovuganman. Kozim zimdan oynachaga qarab kulimsiraydi. Teskari qarayman. Oxiri tilga kirdi.

– Hech boʻlmasa shapaloq yeganim sababini tushuntirib berarsiz?..

– Ey, menga qara, rostanam ovsarmisan yoki joʻrttaga qilyapsanmi?

– Oʻzimam bilmay qoldim, nima qilayotgan boʻlsam sizdi deb, joʻrachiligimizni deb qilyapman. Aybim boʻlsa, ayting, tushuntiring bunday!..

– Maʼmura xolam Shohsanamning onasi-ya?

– Ha…

– Shohsanam menga kim boʻladi?

– Shohsanam… – Kozim yelka qisdi. – Menga kim boʻlsa, sizgayam shu-da!

– Toʻgʻri, hozircha shunday, – dedim boʻshashib. – Lekin…

– Toʻxtang, toʻxtang, – Kozim birdan jonlanib orqaga qaradi. Keyin mashinasiga tormoz berdi. Qalqib ketdik. – Tushunganday boʻlyapman. Bundan chiqadi oralaringda…

Men teskari qaradim.

– Uh! – deya ikki qoʻllab rul chambaragiga urdi. – Men nodon, men iblis!.. Nimalar qip qoʻydim-a! Bu shapaloq kam, joʻra! Uring meni, oʻlasi qilib uring! – deya men tomon oʻgirilib oldi. Unga qaramadim. – E, doʻsti nodon, doʻsti nodon! Nima qip qoʻyding, nimalar qip qoʻyding?!.

U rul chambaragiga boshini qoʻyib, jim boʻldi. Sochini changalladi. Bir pas oʻtib oʻziga kelgan boʻldi. Uf tortdi. Menga qaradi. Natasha hech narsa tushunmay angrayib turardi.

– Endi, joʻra, gap munnay: aybimni yuvaman! Mana shu qizdi qoʻyningizga sop qoʻymaguncha tinchimayman!.. Ishoning, joʻra! Qoʻlni tashlang!..

* * *

Sovchilarim birinchi marta boʻshashib qaytgan kuniyoq fahmlagandim: Maʼmura xolam xiyonatni kechirmaydi. Farzandlarini munofiq ota qoʻlida oʻsishidan koʻra tirik yetim boʻlishini afzal koʻrgan ona boshqa bir munofiqqa, xiyonatkorga qizini ravo koʻrmaydi.

Shohsanam, bu gaplarni oʻshanda aytishim, oyoqlaringga yiqilib gunohimni boʻynimga olishim lozim edi. Balki, kechirarmiding, hammasi oʻnglanib ketarmidi? Agar kechirolmasang… kechirolmagan taqdiringda ham bu judolik bir qadar yengil kecharmidi? Lekin, men qoʻrqdim. Sendan bir zumda ajrab qolishdan qoʻrqdim.

Sendan judo boʻlib boryapmanu, qandaydir moʻjiza roʻy berishiga umid qilaman. Sovchilarim qayta-qayta umidsiz qaytganida ham, ayam singlisinikidan kutilmagan gap topib kelganida ham, hatto uyimga kelinchagim kirib kelayotganida ham… moʻjiza kutdim. Sen men uchun yaralgansan, meniki boʻlasan, deb ishondim. Kuyoving poyandozdan hatlab, ikki doʻsti yetovida sening xonang tomon boryaptiyu, umid uzmayapman: hozir moʻjiza roʻy beradi, u ichkari kirishi bilan sen otilib chiqasan, koʻksimga oʻzingni tashlaysan, deb turibman… Men gʻofil banda hamon moʻjiza kutaman. Tunov kuni qanchalar yayrab ketding. Meni aytmaysanmi, oldingda yosh bolaga aylanib qoldim. Oʻz xayolimda, hozir Shohsanam birdan: Mahmud aka, mayli, keling, uzoqlarga qochib ketamiz, deb qolsa-ya, deyman… Oʻylab qarasam, men azal-avvaldan faqat sendan moʻjiza kutibman, faqat sendan!.. Moʻjizani oʻzim paydo qilishni, oʻzim yaratishni oʻylamabman!

* * *

Shahardan qaytayapman.

Koʻksim chimillab achishadi. Goʻyo bir parcha choʻgʻ jiz-jiz kuydirayotganga oʻxshaydi. Bir parcha choʻgʻ deganim sening maktubing. Uni parchalab otay dedimu, kuchim yetmadi. Kuchim yetmaganiki, shu bir parcha choʻgʻ azobi xush yoqa boshlagan, mayli, kuydirsin, kul qilsin, deb telbavor gʻoʻldirab borardim. Endi u mudom men bilan birga. Uni tumor qilib taqib yuraman. Oʻzim bilan birga olib ketaman!..

Yoʻl-yoʻlakay yana bir yerga kirib, bosib-bosib ichdim. Keyin maktubingni olib, koʻzlarimni yirib-yirtib oʻqishga tutindim. Yozuvlar chaplashib, tutqich bermadi. E, ogʻayni, ado boʻpsan-ku, dedim iljayib. Mayli, bezarar!..

Xatingni oʻpib, qoʻltigʻimga tiqdim-da, gandiraklab tashqariga chiqdim.

Jonsarak shamol muzday qor parchalarini yuzimga keltirib urdi. Oh, mazza, mazza, dedim sovuq havodan yutoqib-yutoqib simirgancha. Keyin turgan yerimda ulovimni izladim. Saf-saf mashinalar orasidan hadeganda koʻzim ilgʻamadi. Alam bilan kuldim.

– Qayoqda qolding, gʻarib toychogʻim?

Zinapoyalardan tiygʻona-tiygʻona tusha boshladim.

– Peshonamga bitgan yagona doʻstim, qaydasan?!

Bir yigit qoʻltigʻimdan oldi.

– Aka, mashinangizni adashtirdingiz chogʻi…

– A-ha, adashtirdim. Yoki birortasi…

– Yoʻgʻe, nafasingizni issiq qiling, – deya mashinalar yonidan olib oʻta boshladi.

– A, mana-ku, shu yerda-ku! – deya xoxolab kuldim.

– E, matasekil demaysizmi, odamni qoʻrqitib yubordingize!

– Nega qoʻrqasan, ukam?

– Qoʻrqmay boʻladimi, qorovulman.

– Shunaqami?.. Boʻlmasa haqini berib ketayin, – deb kissamga qoʻl tiqdim.

– Yoʻ, yoʻ, arzimaydi, – deya yigitcha qoʻlimni itardi. – Menga anovilardiki yetadi, aka.

– Arzimaydi, deysanmi, nimaga arzimas ekan? – deb bolaga zugʻum qildim.

– Yoʻ, arziydi, men…

– Ushla buni!.. Bilib qoʻy, mening toychogʻim manovi peshona terimga kelgan.

– Bilaman, aka, – yigitcha xomush tortdi. Keyin tirsagimdan tutdi. – Aka, bitta gapimni olsangiz.

– Nima deysan?

– Matasekil shu yerda qolsin. Ertalab opketasiz. Qorongʻu tushib qoldi. Yoʻllar tiygʻonchiq…

– E, bola, haqorat qilma, men motogonshikman-a!

– Baribir-da…

– Boʻlmaydi. Yaxshisi, koʻchaga chiqarib ber.

Hadeganda motor oʻt olmadi.

– Tixirlik qilyaptimi? Bunaqa qiligʻi yoʻq edi-ku!.. Boʻpti, akasi, itarishib yubor. Sovqotib qolganga oʻxshaydi.

* * *

Yoʻlga tushdim.

Avvaliga zabt bilan haydadim. Qarasam, ulovimning yurishi bejo. Hushyor tortib, sekin pedalni bosdim. Bosdimu, boshqaruvni yoʻqotdim. Orqa gʻildirak toyib, roʻparamdan kelayotgan mashina yoʻliga chiqib ketdim. Yaxshiyam oraliq masofa uzoqroq edi. Oʻzimni oʻnglab oldim. Nafas rostlash uchun toʻxtadim. Ulovim dir-dir titrardi.

– Qoʻrqma, toychogʻim, – deya unga dalda berdim-da, qaytadan egarga oʻtirdim.

Shoʻrlik toychogʻim shishaday asfalt yoʻldan qoʻrqa-pisa ilgariladi. Yoʻl boʻyi uni olqab, unga yolvorib, u bilan dardlashib bordim.

– Toychogʻim, sen mening yagona doʻstimsan. Senga ishonaman. Meni sharmanda qilmaysan. Koʻrding-ku, u meni tashlab ketdi. Styuardessa boʻlarmish. Lekin bizning osmonlardan oʻtmasmish. Xalqaro yoʻnalishlarda ucharmish. Mayli, uchsa uchavermaydimi!.. Biz ham uchamiz. Hozir oʻz koʻchamizga yetib olamizda, uchib ketamiz. Bizga bunaqa imillash yarashmaydi. Toʻgʻrimi?! Yoʻq dema. Hozir oʻz koʻchamizga oʻtamiz-da, uchamiz… Senga ishonaman. Eson-omon uyimga yetkazasan. Oilamga yetkazasan. Onamning yoniga, Boburxonim, Zebunisom yoniga. Bechora Zumradim yoniga. Baribir, u – yaxshi. Sevsam, sevmasam, u – mening xotinim. U kutyapti. Yoʻlimga chiqib turibdi bechoraginam… Meni tezroq uning oldiga olib bor. Boshqasidan foyda yoʻq. U endi osmonu falaklarda yuradi. Biz yerda qolib ketdik. Tubanda qoldik…

Endi unutarlar bizlarni beshak!..

Bizni unutganni unutmoq kerak!

Kerak! Kerak! Kerak, toychogʻim!..

Bizga… osmonlarda yurganlar emas,

oʻaribgina kulbamdagi ochar quchogʻin!..

Ulovim meni tushundi. oʻayratlandi. Qishloq yoʻlidan uchirib olib ketdi. Ammo, shu tobda u soʻnggi manzillarini bosib oʻtayotganini qayoqdan bilibman!.. Quyuq qor pardasini toʻzgʻitib, qorongʻulik bagʻrini ponadek yorib boryapmiz. Ikki tarafdan qoramtir tutchalar safi zipillab oʻtadi. Qor parchalari yuz-koʻzimga chaplanadi. Koʻzlarimni yirib-yirib ochgancha, toychogʻimni qichayman. U tobora ruhlanib, avjlanib, qanot chaqarganday yengillashib boradi…

Falokat bizni qishloqqa kiraverishda kutib turgan ekan.

Ulovim qandaydir doʻngalakka urildi-da, oʻzini oʻnglolmay yoʻldan chiqib ketdi. Shu ketishda ostimdan uchib chiqib, bir zarang daraxtga borib qarsillab urildi. Motor ovozi ham, chiroq ham oʻchdi…

Eshakdan yiqilgan taqir yerga, otdan qulagan maysa ustiga tushadi, degan gap bor. Toychogʻim meni yumshoq qor uyumiga itqitgan edi. Oʻrnimdan sapchib turib, unga yordamga shoshildim. Yerdan koʻtarishim bilan chiroq shishalari shaldirab toʻkildi. Yoʻl oʻrtasiga sudroqlab chiqib, harchand urinmay, qayta oʻt olmadi. Daraxtga urilganda boʻlari boʻlgan ekan… Uni yetaklab tiygʻona-tiygʻona yoʻlga tushdim. Eski kasalim qoʻzigan, boshim yorilguday boʻlib loʻqillab borardi.

* * *

Zumrad rang-roʻyimni koʻrib qoʻrqib ketdi.

Shoshib obdastada suv tutdi.

– Muzday suv keltir, – deb jerkib berdim.

Yuvinib, artinib ichkari kirdim-da, sandal yoniga oʻzimni tashladim. Boshimni kaftlarim orasiga olib siqdim. Zumrad hoʻl sochiq keltirib, peshonamga bosdi. Choy quyib uzatdi. Oʻrnimga turib oʻtirib, achchiq choyni bosib-bosib ichdim. Roʻparamda oʻtirgan xotinimga qaramasdim.

– Sizga nima boʻldi, Bobur? – dedi u choʻchinqirab.

– Choydan quy, – dedim toʻngʻillab.

– Ovqat yeysizmi?

– Yemayman, toʻydan kelyapman, – deya kesatdim.

Zumrad indamay chiqib ketdi-da, chinni tovoqda palov olib kirdi.

“Miyamga qon urib ketyaptiyu, opkelgan ovqatingni qara”, deb soʻkib bermoqchi boʻldimu, negadir oʻzimni bosdim. Istar-istamas ovqatga uzandim.

– Ayamdi chiroqlari yoʻq?.. – dedim yumshab.

– Ayam Boburxon bilan Maʼmura xolanikiga ketgandilar.

– Ha?..

– Bilmasam…

– Hm… – maktub yodimga tushib qoʻltigʻimga qoʻl yubordim. Joyida.

– Oling, sovumasin.

– Boʻpti, birga olish.

– Hozir… Men choy damlab kelay.

U tetiklanib oʻrnidan turmoqchi edi, qoʻymadim.

– Qoʻyaver, keyin… Avval ovqatlanib ol. Meni kutib ochqab ketgandirsan, – dedim kulimsirab. Unga rahmim keldimi, hali yoʻlda koʻnglimga tugib kelgan ahdim yodimga tushdimi, chappa-teskari gaplardan tiyildim. Koʻpincha shunday boʻladi, oʻzim istamagan holda koʻngilqorachilikni boshlab qoʻyaman-da, keyin ezilib yuraman. Bu narsa hov oʻshandan – sening toʻyingdan buyon davom etib keladi. Oʻshanda uyga alamzada boʻlib qaytib (kissavur yigitchalardan yegan tarsakilar uchungina emas, albatta), Zumradni birinchi bor iskanjaga oldim, yigʻlatdim. Keyin pushaymon yedim. Boshqa bunday qilmayman, deb oʻzimga soʻz berdim. Soʻz berishdan osoni yoʻq ekan. Koʻchadan turtki yeb qaytdimmi, bas, alamimni undan olaman. Keyingi bir yilda esa turtkilashlar koʻpaygandan koʻpayib boryapti. Insof bilan aytganda, mening bu qiliqlarim “xona sheru maydon gʻarib”likdan boshqa narsa emas. Bilmadim, bu ishim oqibatidan nima toparkinman?..

* * *

Er-xotin gap-soʻzsiz ovqatlanyapmiz.

Ichkari xonada qizcham yigʻladi. Zumrad oʻrnidan turdi. Ovqatdan qoʻlimni tortib, devorga suyandim. Koʻzlarimni yumdim. Boshim simillab ogʻrirdi. Zumrad bolasini tinchitib keldi. Dasturxonni yigʻishtirdi. Tovoq va choynakni olib chiqdi. Men peshonamni qiyiqcha bilan tangʻidim-da, oʻzimni yostiqqa tashladim. Koʻzimni chippa yumib, tishimni tishimga bosib yotaverdim. Hech narsani oʻylamaslikka tirishardim. Amallab uxlab olmasam bosh ogʻriqdan ham, ogʻir xayollardan ham qutilishim mahol.

Eshik ochilib Zumrad kirdi.

Sandalning naryogʻiga choʻkib, damlab kelgan choyini ikki-uch qaytardi. Kein jim oʻtiraverdi. Har zamonda qult-qult yutingani eshitilardi.

– Bobur, tagʻin nima boʻldi, mazangiz boʻlmay keldingiz?! – dedi bir mahal.

– E, hech narsa, – koʻzimni ochmayoq toʻngʻillladim. – Bor, borib yot, boshimni ogʻritma.

U oʻrnidan qoʻzgʻalmadi. Piqillab yigʻlashga tushdi. Hayron qoldim: hali yigʻlaydigan gap qilmagandim-ku!

Oʻrnimga turib oʻtirdim.

– Hm, nima gap, tinchlikmi?

U yigʻi aralash nafasi qaytib-qaytib gapira boshladi.

– Shuncha yil umr basar qilib xotin oʻrnida koʻrmaysiz. Oʻzimni hurmat qilmasangiz mayli, ikkita goʻdagimniyam yuz-xotiri yoʻqmi?..

– Voy-boʻy, darding koʻp ekan-ku seniyam, – dedim oʻzim istamagan holda piching bilan. – Qani, nima qipman xotin oʻrnida koʻrmay, xotinjon?.. – sigareta tutatib, unga kulimsirab tikildim. – Qani, gapir.

– Faqat oh-vohlab kelasiz. Qon bosimingiz oshib kelasiz. Nima dardingiz bor, qanaqa alam oʻtyapti, yorilmaysiz. Oʻzingiz yonib, oʻzingiz qovrilasiz. Menam qoʻrqaman, axir. Koʻcha-kuyda bir gap boʻlib qolsangiz, holimiz ne kechadi? Bir narsa desam, siltab tashlaysiz. Axir, umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻyganmiz-ku?! Bola oʻstiryapmiz-ku!.. Menam boshqalardi xotiniga oʻxshab hamdard boʻlgim keladi, dardingizga sherik boʻlgim keladi. Bu qanaqa er-xotinlik oʻzi, nimaga indamaysiz?!

– Nima dey, xotinjon, miq etmasdan eshitib oʻtiribman-ku?!

– Ertalab yaxshi edingiz, kechqurun bir ahvolda kirib keldingiz. Nima boʻldi oʻzi?.. Nimaga indamaysiz?..

Haytovur bir narsani sezgan-ov, deya betoqatlandim.

– Tur oʻrningdan, – dedim qovogʻimni uyub. – Borib yot, buguncha yetar!

U hiqillagancha xonasiga oʻtib ketdi-da, yigʻisi zoʻraydi.

– Agar sizga keragim boʻlmasa, mayli ketaman, – dedi alam bilan.

– Goʻrgayam bormaysan, – dedim indamay qoʻyaqolish oʻrniga battar yarasiga tuz sepib.

* * *

Tongda oʻgʻilcham uygʻotdi.

– Ota, tuying, onam chaqiyyaptila, – dedi u yuzimni muzday qoʻlchalari bilan siypalab.

Tashqari chiqdim. Kechasi qalin qor yogʻibdi. Yuvinib turibmanu, oʻgʻilcham betinim chuldiraydi: Ota, qoybobo yasab beying. Ota, chanaga mindiying. Uni qiling, buni qiling…

Ayam nabirasining biyronligidan zavqlanib, kulimsiragancha oldimizga keldi-da, sochiq uzatdi.

– Keliningiz koʻrinmaydi, – dedim yuragim betlamay.

– Qishlogʻiga ketdi. Onasining mazasi yoʻq ekan. Sizdan soʻrabdi-ku, chogʻi…

– Ha, aytuvdi, – dedim sir bermay.

Ayamning yuzlariga razm solib, tashvish alomati sezmadim. Demak, aytmabdi. Shu choqqacha qancha gap-soʻz oʻtib kelgan boʻlsa qoʻni-qoʻshni tugul ayam ham sezmaydi. Balki endi Zumrad otasimi, onasi yo akasinimi boshlab kelsa, bira toʻla butun qishloq bilib olar… Koʻnglim gʻashlandi.

– Bolam, ichkari kirib, choyingizni ichib oling, – dedi ayam.

– Keyin icharman, avval manavi qorlarni kurab tashlay. Ishtaham boʻlmay turibdi.

Hovli qorini shoshilmay kurab, tomorqaga surib tushirdim. Oʻgʻilcham qoʻliga kuh-kuhlab, kichkina kurakchasi bilan yonimda unnalib yurdi. Ayam, sovqotding, deb baʼzan uni xonasiga chaqirib olar, lekin u hayal oʻtmay yugurib chiqardi-da, atrofimda aylanishardi. Darvozani ochdim. Qalin qorda bittagina iz koʻzga tashlanardi. “Zumrad qiziq ish qildimi, kichkinachani shamollatib qoʻymasa edi”.

– Mana shu yerni kuraymiz-da, keyin chana uchamiz, – dedim oʻgʻilchamga.

U gʻayratga minib, mendan oldin ishga kirishdi.

“Bu ham bir gap-da, Boburxonni chanasiga oʻtqazib dalalarni aylantirib kelaman. Bir yayrasin!..”

Darvozani oldini koʻcha yuziga qadar qordan tozaladim. bu orada koʻrinmay qolgan oʻgʻilcham ichkaridan hovliqqancha chopib chiqib keldi.

– Ota, ota, bata yuying! Tez yuying!..

– Nima boʻldi, oʻgʻlim?

– Yuying, matashekilli koʻzi shinib qopti!

– Boʻpti, baqirma, – deya uni tinchitdim. – Qani, yur-chi…

Koʻzdan nariroq tursin, deb mototsiklimni bostirma tagiga eltib qoʻygandim. Oʻgʻilcham chanasini olgani borib koʻrib qolgan shekilli.

U hayajon va achinish bilan oʻzicha chuldirar, men boʻlsam, ulovim singari ichim toʻkilib, xomush turardim. Albatta, yangi motor bosib, ayrim qismlarini almashtirsam, ulovim yana ancha xizmat qilishi mumkin edi. Lekin endi u avvalgi doʻstim – toychogʻim boʻlolmasdi-da… Bir kunda ikki judolik: ham sendan, ham undan ajralgan edim.

Eshik oldiga mashina kelib toʻxtadi. Birov chaqirdi. Chiqsam raisning kotibi.

– Borarkansiz, revizor soʻrayapti.

– Obbo, shunday kunda-ya!.. – deya oshkor soʻkindim. – Nima ishi bor ekan? Kotib yelka qisdi.

– Rais bovo ham qattiq tayinladila… Birga olib kel, dedila.

* * *

– Salomalaykum.

– Hm, keling…

Revizor qayrilib ham qarab qoʻymay, qogʻozini titkilayverdi.

– Chaqiribsiz?

– Chaqiribman, – dedi oshnam qogʻozdan koʻz olgisi kelmay. – Kimni chaqiribman?

Eshikka qarab yurdim.

– Toʻxtang!.. Familiyangiz?

Javob oʻrniga unga koʻz qadadim. Koʻzini opqochdi. Qogʻoziga qarab eslagan boʻldi.

– A-ha, Boboxonovmi? Yaxshi!.. Haydarovdi jiyani. Xoʻsh, oʻtiring. Nega eshikdi oldida turibsiz?

Oʻjarligim tutdi. Oyoqda turaverdim. U endi ortiq eʼtibor qilmay daftar varaqladi.

– Yaxshilab gaplashib olsak, a, Boboxonov… Xoʻsh, uch yil avvalgi oktyabr oyini eslang… – u daftaridan bosh koʻtarib, gʻolibona qarash qildi.

Boʻshashib tushdim. Sekin oʻtirgʻichga choʻkdim. oʻoliblik salobat bagʻishlarkan, oshnam salobatli qarash bilan meni kuzatarkan, oldimga bir varaq qogʻoz qoʻydi.

– Eslagan boʻlsangiz, mana qogʻoz, tushuntirish xati yozing. Shoshilmasdan batafsil yozing.

– Nimani yozaman? – dedim xiyol titragan ovozda.

Oshnam yumshadi. Ahvolimni tushungan, hamdardlik bildirgan odam qiyofasida tushuntira boshladi.

– Bir boshdan yozing. Kimdan pul olgansiz, kimga bergansiz, foydasini kim bilan boʻlishgansiz… Meni nomimga, KRU revizori falonchiyevga tushuntirish xati, deb boshlang.

Beixtiyor yozishga tutindim.

– Yaxshi. Ana shunday. Bu yogʻini batafsil yozing. Qoʻshib-chatmay, perepiska qilmasdan. xoʻpmi? Toʻgʻrisini yozsangiz, ishingiz ancha yengil koʻchishi mumkin… Aytmoqchi, Haydarovdi esdan chiqazmang. Oʻlgan odamni baribir qamashmaydi, tiriklar jonini oʻylashi kerak. Shuning uchun amakingiz boʻlsayam ayab oʻtirmang!..

Yozib turgan yerimda taqqa toʻxtab, qogʻozni nari surdim.

– Ha, Boboxonov?

– Yana bir marta Haydarov haqida gapirsangiz, hech qanaqa tushuntirish xati ololmaysiz!

– Boʻpti, boʻpti, – deya chorpaxil oshnam divan suyanchigʻiga yastanib iljaydi. – Odamni koʻp qoʻrqitmang. Aytdim-ku, bor gapni yozing, deb. Qani, boʻling!

* * *

Eshikdan chiqqan yerimda raisga duch keldim. Koʻzlari ola-kula, rang-quti oʻchgan…

U nimalar deganiyu, men nima javoblar qilganimni batafsil aytib oʻtirmayman. Qisqasi, u zugʻum bilan boshladi:

– Nega oldin menga uchramadingiz?! – dedi.

Keyin murosaga oʻtdi:

– Boʻpti, haliyam kech emas! Birga kiramiz. Kelishamiz. Tushuntirish xatini boshqatgan yozasiz!.. – dedi.

Keyin figʻoni koʻkka oʻrladi:

– Ovora boʻlasan! Mening oyogʻimdan tortadigan hali onasidan tugʻilmagan! Bekorga oʻz boshingni yeb ketasan, goʻdak!.. – deya baqir-chaqir qildi… Oxirida “goʻdak”dan musht yeb, revizorning eshigiga borib urildi-da, eshik ochilib ketib, ichkariga quladi.

* * *

Hoynahoy uch-toʻrttasi orqamdan chopqillab chiqib qolar, degan xayolda koʻchada bir pas taysalladim. Oʻladigan hoʻkiz boltadan qaytmaydi qabilida kuchim yetgunicha tashlanishga chogʻlanib turdim. Ichkaridan sado boʻlavermagach, bitta-bitta bosib, yoʻlga tushdim.

Bular shunaqa, katta qozonda qaynashdan qochishadi, zimdan ish bitkazishadi. Ayniqsa, hozir bunaqalarning dovi yurib qolgan. Sababi respublikada suv loyqalangan, mish-mish urchigan. Markaziy gazetalar ham, oʻzimiznikilar ham faollashib, ur-sur qilib yotishibdi… Demak, navbat bizga ham yetgan koʻrinadi. Bizda kimdan boshlasharkan?.. Albatta mendan-da! Qoʻllarida dalil, hujjat bor, hujjatda mening mastona imzolarim!.. Yolgʻiz qoldirishmasa kerak har holda, uch-toʻrtta sherik ham topib berishar. Ishboshi Sharif Hodiyevich boʻlsa serka, unga baloyam urmaydi. Lekin unga kim ilashgan boʻlsa, endi shoʻri quriydi.

* * *

Koʻksoy yoqalab boryapman.

Qor ostida qolgan baland-baland tollar tepamdan jimgina bosh solib oʻtishyapti. Xuddi men bilan vidolashayotganday. Balki rosttanam bu yerlardan soʻnggi bor oʻtayotgandirman… Soʻnggi bor? Ayamni yolgʻiz tashlab-a?! U shoʻrlik kimga suyanadi, oʻgʻilchamgami? U norasidamning oʻzi-chi?!

Osmonu falakdami, bilmadim, qayerda, yolgʻiz onamni oʻrtaga qoʻyib yalinib yolvorganimda rahm qilishgan edi. Lekin yerdagilar meni kechirarmikan?..

Shohsanam, shu tobda sen qayerda boʻlsang? Balki diling gʻashlanib borayotgandir, hech qayerga sigʻmay qolgandirsan?.. Oʻzi bu narsalar senga ancha ilgariroq ayon boʻlgan ekan-da. Aytmoqchi, bobongiz qabrini ziyorat qiling, degan ekansan xatingda. Rost aytasan, ziyoratga boraman, ertagayoq boraman. Lekin hozir tezroq ayamdi oldiga borayin. Koʻzim koʻziga tushsin… Boburjonimga vaʼda bergandim, chana uchamiz, degandim. Otam ketib qoldi, deb arazlab oʻtirgandir. Jigarlarim oldiga tez boray. Keyin Zumradni ham olib kelarman. Qizalogʻim diydoriga toʻyib olishim shart!..

Qadamim tezlashdi.

* * *

Koʻchani boshlariga koʻtarib qor boʻron oʻynayotgan bolakaylarga qoʻshilolmay bir chekkada mittigina boʻlib turgan oʻgʻilchamga koʻzim tushishi bilan yuragim bir qalqib oldi. Tomogʻim gʻippa boʻgʻilib, koʻzlarim yoshlanib ketdi. Uch-toʻrt qadam berida turib bir pas kuzatdim. U sezmadi. Koʻzi bolalardayu, ularni koʻrmayotganday, qiy-chuvini eshitmayotganday jiddiy tikilib turar, hadeb allanimalarni xayol surardi.

– Boburjon, – dedim sekingina.

U yalt etib qaradiyu, butun vujudi quvonchga aylanib, menga otildi. Ozod koʻtarib, bagʻrimga bosdim. Oʻgʻilcham bagʻrimda bir zum jim qoldi. Keyin boshini koʻtarib, jilmaydi. Unda haligi jiddiylik, mahzunlikdan asar qolmagan, oʻzidan tikroq anovi begʻam bolakaylardan biriga aylangan edi.

– Chana uchamizmi?

– Uchamiz! – dedi u quchogʻimda tipirchilab. – Hoziy chanamni opchiqay…

Shu chogʻ yonginamda qizil “Moskvich” toʻxtadi. Qarasam, rulda Amirjon. Yonida Temur amakim, orqa oʻrindikda ikki bolasi bilan Umaro oʻtirardi.

Amirjon tushdi.

– Qani, uyga kiramiz, – dedim mashinadagilar bilan ham salomlashib.

– Boshqa safar… Siz chiqing mashinaga, – dedi Amirjon.

– Yoʻl boʻlsin?

– Amakimnikiga oʻtib kelaylik.

Safar amaki kasalxonada yotib chiqqan edi. Oʻz tashvishimga oʻralishib xabar ololmagandim.

– Boʻpti, orqalaringdan boraman keyin.

– Keyin deb oʻtirasizmi, boʻling, ketdik. Polvoncha ham borsin, oʻynab keladi, – dedi Amirjon.

– Boʻpti, men shundoq ayamga aytib chiqay.

* * *

Rangi siniqibroq qolgan Safar amaki bizni koʻrib tetiklashdi. Koʻp oʻtmay yana boz-boyagiday gurung jilovini qoʻliga oldi.

– E, zap kelibsizlar-da! Tushmagur qizginaning qoʻli shirin. Palovini sogʻinganman. Sogʻingan taomingni sogʻingan jigarlaring bilan talashib-tortishib yeyishga nima yetsin!..

– Amaki, palov yemay qoʻygandingiz chogʻi, – dedi Amirjon.

– Chakki qilgan ekanman-da, kuyov. Hali menga qaragan professor koʻzimni ochdi. Temurjon, bu gapga pul bering… Shu odam ayttiki, Safar aka, oshqozoningizni dori-darmon bilan bir nav oʻziga keltirdik. Bu yogʻiga endi dori ichmaysiz. Dorining zoʻri uyingizda, deydi. Oʻshandan gapiring-da, nima ekan u, dedim. Qoʻy goʻshti, zigʻir yogʻida kenja guruchdan palovxontoʻra, deydi. Yoʻgʻe, hazillashmang doʻxtir, dedim. Axir, kimga arz qilsam, hammasi bir tilda turib qattiq ovqatdan, palovxontoʻradan qoching, deydi-ku… Siz xoʻp deng-da, men aytganni qiling. Haftasiga ikki-uch marta toʻyib-toʻyib yeb turing. Bir oyda otday boʻp ketasiz, deydi. Omon boʻlgur oʻziyam juda xushchaqchaq, odamoxun-da. Koʻrdingiz-ku, Temurjon, bir pasda siz bilanam apoq-chapoq boʻlib oldi… Xullas, katta professor boʻlsayam dori-porini xush koʻrmasakan. Bular sizu bizning mijozimizga toʻgʻri kelmaydi, deydi.

Yosh boladay begʻubor, dali-gʻuli Safar amakiga tikilib oʻtirib koʻnglim allataxlit orziqdi. Yaxshiyam, shular bor… Hali rais bilan mojaro qilib qaytayotganimda “Nega mening hech kimim yoʻq, jonkuyarim yoʻq!” deb yoʻl boʻyi oʻksib kelibman-a. Nega bunday badbin xayollarga bordim, hayronman. Xoʻp, otam yoʻq ekan, lekin bular mening jonkuyarlarim emasmi, Safar amaki, Temur amakim meni qachon oʻksitib qoʻyishdi!.. Amirjon-chi, mushtday boshidan qoʻltigʻimga kirib yuradi. Lekin buning evaziga mendan nima oqibat koʻrdi? Boshiga ish tushib afgʻonda bandilikda qolganida, bu yoqda Umarosi qon qaqshab yurganida menday aka boʻlmishi oʻzimni koʻru karlikka olib yurmadimmi?! Har holda u bundan bexabar emasdir. Shunchalik bilan ham mendan kechib ketmadi… Hech kimim yoʻq emish!.. Otam ham, Safar amaki, Temur amakimlar ham ota-onadan yolgʻiz boʻlishgan-ku?! Lekin ular bir-birini tugʻishganidan afzal koʻrishgan. Aytmoqchi, Haydarov raisning ham yolgʻiz boshidan boʻlak yaqinlari boʻlmagan-ku!.. Ayam, Maʼmura xolam, Xosiyat xolam, Umida yangalar-chi? Xuddi bir qorindan talashib tushgan opa-singillarday-ku?!. Tavba, men shunchalar bexosiyat ekanmanmi, shularning orasigayam raxna tushirib qoʻyayozdim-a!..

Safar amaki yangi hangoma boshlab, xayolim boʻlindi. Bilmadim, nima munosabat bilan gap Farmon birgadga kelib taqalgandi.

– Oʻshanda Maʼrufxon ayangizga, men kampirimga yangi unashtirilganmiz. Uchalamiz armiyadan yaqinda kelgan, asov otlarday qirchangʻi yigitlarmiz. oʻoʻza sugʻoramiz. Boʻlajak kelinchaklarimiz gʻoʻza chopiqda. Yuz-boshlarini qars roʻmol bilan oʻrab-chirmab yurishadi… Oʻshanda Farmon aka Haydarovdan keyin bizdi qishloqqa kelib qolgan. Bizda kim birgadir boʻlsa, birorta chakki-chilep gapini eshitmaganmiz. Jabbor amakiyam, Haydarov ham ishladi. Farmon birgad boʻlsa, xuddi osmondan tushganday boʻp qoldi bizga. Yaxshiyam kattaligi koʻpga bormadi…

Alqissa, choyxoʻrlik qilib turgandik bir kuni. Otda kelib qoldi. Salom alik yoʻq, baqira ketdi. Choy kech qaynab, choyxoʻrlik bir oz choʻzilgan edi. Xotinlardi boshida turib olgancha ogʻziga kelganini qaytarmayapti, dangasalar ham deyapti, vijdonsiz, tekinxoʻrlar ham deyapti. Ostidagi jiyron qashqa deng tipirchilab, pishqirib turibdi. Hammaning ogʻzida noni, qoʻlida choyi, gung boʻlib qolgan. Biz xotinlardan oʻn qadamcha berida, balxi tut tagida oʻtiribmiz. Bu gaplar “Qoʻyqoʻton”da boʻlyapti. Bir mahal otangiz Maʼrufxon oʻrnidan turdi. Koʻzlari qinidan chiqquday boʻlib boryapti. Rahmatlini bunaqa vajohatda birinchi koʻrishim edi…

– Hov, birgad, biyaqqa qara, – dedi xirillab, – agar avliyo boʻlsang ham otdan tushib gapir!..

Farmon birgad avvaliga dovdirab qoldi. Keyin birdagina ot solib keldi-ku. Xotinlar qiy-chuv boʻp qoldi. Kela-kela qamchi soldi. Bir urdi, ikki urdi. Temurjon ikkovimiz ham yugurib bordik. Uchinchi qamchi serpashida Maʼrufxon ushlab qoldi-da, siltab tortdi. Katta odam deng, otdan gursillab quladi. Jiyron qochdi. Uchta boʻz yigit haligi oʻqariq boʻyida dumalatib tepayapmiz, urayapmiz. Hoʻkizday boʻkiradi. Dod, oʻldim, deydi. Erkak-ayol boʻlib bizni zoʻrgʻa ajratishdi. Hamma vahimada. Yigitlarimiz qamaladi, deb xotin-xalaj yigʻlagan…

Ertasi kuni dalani rayondi kattasiyu, melisasi bosdi. Rahimzoda degan boʻlardi, hammani zir titratyapti. Qamataman, yoʻq qilib yuboraman, deydi. Ibrohimov rais edi oʻshanda. Uyam, muovini Haydarov ham shu yerda, bir chekkada turishibdi. Ular jim… Shu payt ayollar bosh koʻtarib qoldi-ku. Yigitlarni bermaymiz, bizni oʻldirib keyin op ketasizlar, deydi. Uchovimizni oʻrab olishgan. Biz uyalamiz, kunimiz xotinlarga qoldimi, deb. Alqissa, hech narsa qilisholmadi. Ibrohimov bilan Haydarovlar ham qalqon boʻlishdi, shekilli. Keyin Farmon birgadni yana Jarqishloqqa olishdi-da, oʻylab-oʻylab, oxiri uning oʻrniga Maʼrufxonni qoʻyishdi. Shunaqa gaplar ham boʻlgandi bir zamonlar…

– Farmon birgad keyingi kelishida ancha bosilib qolgan ekan-da boʻlmasa, – dedi Amirjon kulimsirab.

Safar amaki iljaydi.

– Qayoqda!.. Uni Temurjon bosib turardiyu, bir navi edi…

“Mana endi Farmon birgadingiz ota-bola boʻlib, eski alamlarini olyapti”, deb qoʻydim oʻzimcha. Ertalabki dilxiraliklar yodimga tushib, dilim yana gʻashlandi.

Eshikda Umaro koʻrindi.

“Bu yoqqa qarang”, deganday erini imladi.

U bir paytlar oʻrta boʻy, tiqmachoq gavdali shaddot qizcha edi. Erga tekkach xipcha tortib, xushroʻy, vazmingina juvonga aylandi.

Amirjon hayal oʻtmay ikki chinni tovoqda osh olib kirdi.

Safar amaki choʻkka tushdi.

– Endi gap munnay, sizlar ikki boʻz bola, biz Temurjon ikkimiz. Bahs boylashamiz. Kimmning tovogʻida qolsa oshatamiz. Temurjon, nima dedingiz, yoshlarga bir koʻrsatib qoʻyaylik osh yeyishni, a!..

– Yeng shimarishingiz tuzuk-ku, oxirigacha turib berishingizni bilmadim-da, – dedi Temur amakim hazillashib.

– Siz, borsiz, koʻngil xotirjam, polvon, – dedi Safar amaki. – Qani, boshlang, joʻra, bismillohu rahmonir rahim… Bay-bay, sadagʻang ketay, palovxontoʻra!.. Xudoyimning ajab neʼmatlari bor-da!..

* * *

“Shotutli”ning yoʻlida emishman.

Sen oldinroqda qor kechib, hoʻng-hoʻng yigʻlab boryapsan.

Toʻxta, deyman, toʻxtamaysan. Halloslab yetib borib, qoʻllaringdan tutibman. Sen battar yigʻlab, oʻzingni bagʻrimga tashlabsan. Nima boʻldi, nega yigʻlayapsan desam, javob bermaysan. Nuqul yuzingni koʻkragimga ishqaysan. Bir mahal chap biqinimga panjangni botirib gʻijimlay boshlading. Hoy, nima qilyapsan, menga qara, desam, birdan kulib yuboribsan. Tikilibroq qarasam, Zumradni quchoqlab turibman. Biqinimni gʻijimlab, qiqir-qiqir kuladi.

– E, bore, qiligʻing qursin, – deb uni itarib yuboribman…

Uygʻonib ketdim.

Jiqqa terga tushibman. Yuragim ezgʻilab ogʻrir, boshim misday chatnab, lorsillab boryapti.

Koʻnglim bir noxushlik tuydi. Vahimaga tushib, tez-tez yaxna choydan quyib ichdim-da, oʻrnimga qayta choʻzildim. Bunaqa paytda osoyishtalik kerak deyishadi… Bir pas oʻtib vahimam tarqadi. Koʻrgan tushimni eslashga urindim: Shohsanam yigʻlab yuribdi. Yaxshilik alomati emas bu. Nimadir roʻy beradiyov?!

Eʼtibor qilsam, susayib boryapman. Oʻrnimdan turishgayam chogʻim kelmaydiganday. Menga nima boʻldi? Nahotki ketyapman?.. Yigirma olti yoshimda-ya?!

Qulogʻim tagida kimdir shivirlaganday boʻldi.

– Nima boʻpti, yuzga kirsang ham bir kun ketasan-da!

– Onam-chi, bolalarim-chi?

– Bolalar bir kunini koʻradi. Onang sabrli ayol, chidaydi.

– Meni yetim boqqan edi, bolalarimniyam…

– Odamlardi malomatidan koʻra unga shu yengilroq!

– Qanaqa malomat?

– Erta-indin qamalib ketishing tayin. Bunga onang qanday chidaydi, malomatini qanday koʻtaradi?!

Indayolmay qoldim. U haq edi.

…Demak, erta tongdan uyimizda qiyomat qoʻpadi.

Onaizorim bolamlab qishloqni uygʻotadi. Boburjonim uning etagiga yopishgancha, chirillab yigʻlaydi… Safar amaki jigarimlab hovlimizni boshiga koʻtaradi. Temur amakim yelkalari silkina-silkina unsiz boʻzlaydi. Amirjon, Jamshidlar bel bogʻlab, eshik oldida akamlab turishadi. Zumrad eshikdan otilib kiradi-da, oldimga yetib kelolmay hushidan ajraydi. Bigʻillab yigʻlagan qizalogʻimni Umaromi, boshqasimi koʻtarib boshimga keladi. Hamqishloqlarim hovliyu, koʻchani toʻldirib yuboradi. Yon-atrof qishloqlardan gurros-gurros odamlar oqib kela boshlaydi. Biroq, ularning hech biri ayajonimga yolgʻiz oʻgʻlini tiriltirib berolmaydi. Onaizorim muzdek yuzlarimni silab-siypab boʻzlaydi. Koʻzlaringni och, bolam, bittagina ochgin, deya hush-behush yolvoradi…

Shohsanamimga ham ertagayoq xabar yetadi, albatta. Lekin, uning ulgurib kelishi mahol. Yetib kelganida esa doʻmpaygan goʻrimnigina koʻradi, xolos. Ayam bir paytlar unga: Jamshid ukang, Mahmud akang er yetsin, ana unda koʻrasan. Koʻrmaganday boʻp ketamiz, deb oʻtirardi-ya!.. Koʻrmaganday boʻp ketamiz degani shumidi hali!..

Bir mahal issiq koʻz yoshlarim yuzlarimdan oqib, quloqlarimga tushdi. Hushyor tortdim. E, bu nima yotish boʻldi! – dedim-da, oʻrnimdan dast turib ketdim. Va darhol toʻnimni yelkamga ilib, tashqariga chiqib ketdim. Shu chiqqancha ne mahalga qadar qorongʻu koʻchalarda qor kechib yurdim. Uyga qaytishga hadeganda yuragim betlamadi.

* * *

Ertalab ayam ikkimiz jimgina nonushta qilib oʻtiribmiz. U dam-badam yuzimga sinchiklab qarab qoʻyadi-da, gap boshlashga istihola qiladi… Shu yillardan ancha qaribdi. Qanaqangi tana-toʻshli, bardam ayol edi. Yil sayin choʻkib boryapti. Mushtiparginamning sochlari oqarib boʻptiki, boshi gʻam-tashvishdan chiqmaydi. Ishongani bitta men boʻlsam, oʻzimdan ortmay qolganman. Yaqin orada ona-bola bafurja oʻtirib gaplashganimizni eslolmayman. Bir paytlar hayhotday hovlida ikkovginamiz yolgʻiz yashardik. Bir-birimizga suyanib qolgandik. U meni katta oʻrnida koʻrib, har narsada maslahatga tortib turardi. Endi boʻlsa… Har qancha gaplashgisi kelsa-da, avval mening ragʻbat koʻrsatishimni kutadi. Hozir ham koʻrib turibdiki, suhbatga maylim yoʻqroq…

Oxiri oʻzim gap ochdim.

– Aya, qish yaxshi keldi-ya bu yil?!

– Albatta-da, bolam, buyam boʻlsa Egamning mehribonligi, – dedi u tetiklanib. – Qor yoqqani yaxshi, yer toʻyadi. Otangiz rahmatli qorni yaxshi koʻrardila. Bir dala aylanib kelayin, deb chiqib ketardila. Sizdiyam ergashtirib olardila koʻpincha… Bolam, ovqatga qoʻl urmadingizam?..

– Ishtaham yoʻqroq, aya.

– Kechasi yaxshi uxlamabsiz-a?

– Yoʻgʻe, yaxshi uxladim.

– Men alah-chalah tushlar koʻrib chiqdim.

– Qanaqa tush?! – dedim bir seskanib olib.

– Oʻnglab ololmadim. Bosinqiradimmi?.. Kecha ertalab iliqqina edi-ku, shunga qizchangizni olib qolmagandim. Endi bu havoda yoʻlga chiqolmasdan oʻtirgandir boyaqish kelin. Borib kelsangiz boʻlarmidi…

– Xoʻp, aya, bir pasdan keyin.

– Baraka toping, bolam… Idoraga nimaga chaqirtirishibdi, bolam, tinchlik ekanmi?..

Ayamning qoʻrqa-pisa bergan savoli javobsiz qoldi. Xona eshigi ochilib, oʻgʻilcham iljaygancha kirib keldi.

– E, Boburxon bolam turibdila-ku, – dedi ayam nabirasini bagʻriga bosib. – Qani, otangizga salom bering-chi. Koʻp yashang. Men hozir sutingizni opkelaman.

Ayam hovliga chiqdi. Oʻgʻilcham tizzamga kelib oʻtirdi.

Shu choq koʻcha eshigi taqilladi.

Ayam oshxona tomondan ovoz berdi.

– Eshik ochiq, kiravering…

Kelguvchi bunga javoban qandaydir bepisand va sovuq tarzda yana eshikni qoqdi.

Sovuqdan junjikkan kabi etim bir jimirlab oldi. Oʻgʻilcham tashqariga otildi.

– Ayam teldila!..

“Ah, bolam-a, ayang eshikni taqillatib keladimi!”

– Boboxonov uydami? – degan dagʻal ovoz eshitildi.

– Ha, uyda bolam… Kiringla…

– Ayting, chiqsin!

Biqinib oʻtirgan bilan eshikka tikilib kelgan balodan qutulmaysan. Chiqdim. Onamning qarshisida turgan notanish kimsa menga yuzlandi.

– Boboxonov Mahmud Maʼrupovich… Shundaymi? – dedi salom-aliksiz.

– Shunday, – dedim unga xotirjam tikilib.

Kelguvchi hujjatini koʻrsatdi.

– Biz bilan yurasiz! Kiyinib chiqing!

Izimga qaytdim. Yonidagi yigit menga ergashdi.

Kiyinib qaytib chiqayotganimda ayamga roʻpara boʻldim. Rangi xiyol oʻchgan. Hozir boʻzlab yuboradi, deb qoʻrqib turibman. Yoʻq, oʻzini tutdi. Indamay kelib, koʻksimga boshini qoʻydi. Keyin ikki yuzimdan ohista oʻpdi-da, mung toʻla koʻzlarini koʻzimga tikdi.

– Boshingiz toshdan boʻlsin, bolam, – dedi pichirlab.

Ayajonimning mardligi mengayam yuqdi. Qaddimni rostlab kulimsiradim.

– Hammasi yaxshi boʻladi, ayajon, parvo qilmang.

Uni bagʻrimga bosib, qattiq quchdim-da, keyin jovdirab turgan oʻgʻilchamni koʻtarib, koʻcha eshigiga qarab yurdim.

* * *

Koʻcha yuzida “Villis” mashinasi, mashina yonida ikki melisa turardi. Shu choq yengil mashina kelib toʻxtadi-da, Zumrad bilan akasi Zarifjon tushib kelishdi. Rangi oʻchinqiragan Zarifjon shoshqin men tomon yurdi.

– Boʻla1, tinchlikmi? – dedi men bilan koʻrisha turib.

– Tinchlik, tinchlik, – dedim-da, Boburxonni unga tutqazib, Zumradga yaqinlashdim. Qizchamni qoʻlimga olib, ikki yuzidan oʻpdim. Xuddi bu ishlarga oʻzi aybdorday jovdirab turgan xotinimga bolasini qaytib berarkanman, bardam boʻl, deganday bilagini siqib qoʻydim… Ajab, buncha xotirjamman! Na koʻzimda yosh, na vujudimda titroq bor!..

Nihoyat, ayamga qarab bosh irgʻab qoʻydim-da, haligi hujjat koʻrsatgan kimsaga yuzlandim. Uning boyagi vajohati yoʻqolgan, oʻychan bir qiyofada kuzatib turardi bizni. U boshi bilan bilinar-bilinmas ishora qildi-da, oʻzi haydovchining yoniga chiqib oʻtirdi…

Shohsanam, birovga aytsang ishonmaydi, oilamiz boshiga tushgan musibatni biz mana shunday xotirjam qarshi oldik. Tinchgina, yigʻi-sigʻi qilmasdan xayrlashdik. Chunki, hammamiz, hatto mitti Boburxonimgacha, ayamning irodasiga boʻysungan edik.

* * *

Qadim zamonda, janub tomonda Diyorbakir degan mamlakat boʻlgan ekan. Mamlakat podshosini Shoh Abbos deyishar ekan. Shoh Abbos bir kuni Hasan degan vazirini yoniga olib ovga chiqibdi. Ov qilib yursa, oldidan bir quyon chiqib qopti. Podsho kamon oʻqtalib, otmoqchi boʻpti. Qarasa, haligi quyon boʻgʻoz ekan. Podsho uyida qolgan ogʻiroyoq xotinini eslabdi-da, quyonni otishga koʻzi qiymay, oʻtkazib yuboribdi. Keyin bu gapni vaziriga aytibdi.

– E, podshohim, oʻsha quyon mengayam uchradi. Menam sizga oʻxshab oʻtkazib yubordim, otmadim, – debdi vazir kulib.

Bu gapdan podshoning koʻngli iyib ketib:

– Hasan, – debdi, – agar mening xotinim oʻgʻil tugʻib, seniki qiz tugʻsa, qizingni oʻgʻlimga berasan. Agar sen oʻgʻilli boʻlib, men qiz koʻrsam, qizimni berayin, quda boʻlaylik, debdi. Keyin, kimda kim soʻzidan qaytsa, laʼnatga giriftor boʻlsin, deb qasam ichishibdi…

Oy-kuni yetib, Shoh Abbos qizlik boʻlibdi. Qizga Shohsanam deb ot qoʻyibdilar. Hasan vazir oʻgʻil koʻribdi. Oʻgʻliga oʻarib deb ot qoʻyibdi. Men bu yurtlarga gʻarib boʻlib kelib qolganman. Oʻgʻlimning oti oʻarib boʻlsin, debdi Hasan vazir.

* * *

Shohsanam, bu ertakni necha qaytalab eshitganmiz. Biz eshitishdan, ayaginam aytib berishdan erinmasdi. Uning boshqa ertaklari ham koʻp edi. Lekin, menimcha, “oʻarib va Shohsanam”ga mehri boʻlakcha edi. Endi-endi oʻylab qarasam, bu bekorga emas ekan. Ayamning faqat shu ertagidagina oshiq-maʼshuqlar murodiga yetadi. Ular aldanmaydi, fitnaga uchmaydi, taqdirga boʻyin bermaydi. Va oxir-oqibatda murod-maqsadiga yetadi. Shuning uchunam ayajonim bu ertakni yaxshi koʻrgan, shuning uchunam sening ismingni Shohsanam qoʻydirgan.

Ayam sochingni oʻrib oʻtirib aytib bergan voqeani eslagin-a?!. Sen emizikli bola payting ayamning qoʻlida qolib, ochiqib chirillab yigʻlaganingda, ayam ichi yonib toʻrt tarafga chopadiyu, senga koʻkrak tutolmaydi. Sen hayron boʻlding, Xosiyat xolam emizibdi-ku, sizga nima uchun mumkin emas, deb soʻroqqa tutib ketding. Shoʻrlik ayajonim oʻshanda til uchida arang tutib qolgandi gaplarini… Sen boʻlsang, buni tagiga yetmoqchi boʻlding. Hali yoshsan, tushunmaysan, desam ham qoʻymading. Lekin, aytmoqqa chogʻlanishim bilan oloving chiqib ketaverdi. Gapirishga qoʻymading, nimanidir payqading… Aytmoqchimanki, ayalarimiz hali biz dunyoga kelmasimizdan burun Shoh Abbosu Hasan vazirdek ahd-paymon qilishgan. Biz boʻlsak, bu ahdlashuvdan xabar topib-topmay koʻngilning koʻz ilgʻamas rishtalari bilan bogʻlanib borayotgan ekanmiz. Xullas, bizning hayot ertagimiz ana shunday koʻngilli boshlangan edi. Visol eshigiga bir qadam qolganida esa… hammasi ostin-ustin boʻlib ketdi. Men umid uzdim. Kattalar gangidi. Birgina sen oʻzingni yoʻqotmading: oqila Shohsanam boʻlib yoʻl koʻrsatding. Lekin shunda ham men oʻarib boʻlolmadim, dunyoni boshimga koʻtarib isyon qilolmadim. Sochimni changallab, koʻksimni zaxga berishdan boshqasiga yaramadim.

Nega bunday boʻldi?

Menga kim xalal berdi?

Kozim, Sharif degan kimsalarmi?

Oshiq oʻaribni yoʻldan urguvchilar yoʻqmidi?..

Yoki hamma illat oʻzimda, bir “oʻzim”da ikki “men” – ikki odam yashagani sababli shunday boʻldimi?..

Men u yoqdaligimda bu haqda koʻp oʻyladim, biroq oʻyimning tagiga yetolmadim. Darvoqe, u yoqda oʻtkazgan kunlarim… Yoʻq, istamayman bu haqda soʻzlashni. Faqat bir narsani aytishim mumkin: men shunday koʻrguliklarga munosib edim. Shuning uchun sudda oʻzimni sovuqqon va xotirjam tutdim. Menga taqashgan ayblarning barini tasdiqladim. Hech kimning oyogʻidan tortmadim. Aybnoma oʻqilayotganda hammani hayratga solib, istehzoli kulib oʻtirdim.

Soʻnggi soʻz berildi.

Ikki ogʻiz gapirdim: men shunday jazoga munosibman, dedim. Lekin, sizlar tiqishtirgan ayblar uchunmas, balki anovi qonun kitobingizning biror-bir moddasida qayd etilmagan jinoyatu xiyonatlarim uchun munosibman, dedim…

* * *

…Olti milliard odam bolasi nafas olib turgan bu yorugʻ dunyoga avval men kelganman. Oradan ikki yil oʻtib esa sen… Men uchun, menga bir umrlik hamroh boʻlish uchun kelgansan. Men avvalboshdanoq shunday oʻylar edim. Bunga zarracha shubha qilmasdim. Avvalboshdanoq deganim – qachon, qaysi kun, qaysi soat ekanligini mana hozir eslab qoldim…

Yodingdami, Shohsanam, oʻshanda ham qish edi. Lekin qishga oʻxshamasdi. Na issiq, na sovuq – ilmiliq havo. Hammaning ogʻzida bitta gap: bir qor bosib bersa grip-priblar koʻtarilarmidi?!.

Sandalning bir chekkasida men, bir yogʻida sen. Uy toʻrida ukang Jamshid ikki joʻrasi bilan dars qilib oʻtirishibdi. Sening peshonang qizil durracha bilan tangʻilgan. Yuzlaring ham durracha tusida. Koʻzlaring yoshovlab turibdi.

– Nima boʻldi, maktabda koʻrinmading?

– Ertalab boshim aylanib, yurolmay qoldim…

– Doʻxtir keldimi?

– Keldi…

– Tuzukmisan hozir?

– Sal-pal…

Gap-soʻzlarimiz shu bilan tugagan. Televizorga tikilib olganmiz. Narigi xonada ayang ham koʻrpa-toʻshak qilib yotibdi. U kishining oldida esa ayam oʻtiribdi. Bir mahal ayam eshikni ochdi-da, meni dahlizga imladi.

– Bolam, bu kech shu yerda qolamiz. Xolangizdi yonida boʻlayin, – dedi.

Yelkamdan togʻ qulagandek boʻldi. Biz ketib qolsak, ayang kasal, sen kasal, qanday boʻlarkin, degan oʻylovda edim.

Jamshidning joʻralari uy-uyiga ketdi. Televizor oʻchirildi. Sen sandal yonboshida, Jamshid ikkimiz uy toʻrida yotdik. Biror soatlar oʻtib, sen alahlashga tushding. Uygʻoq edim, darhol chiroqni yoqib, boshingga bordim. Terga tushib ketibsan. Koʻzlaring yumuq-da, allanimalar deysan. Qoʻrqib ketdim.

– Koʻzingni och, Shohi, – deb shosha-pisha yelkangdan turta boshladim. Koʻzingni ochdingu, menga hayron boʻlib tikilding. Oʻrningga turib oʻtirding.

– Bitta suv bering, men turolmayman, boshim aylanib ketadi, – deding bemajol.

Shosha-pisha dahlizdan bir kosa suv olib kirdim. Televizor ostidagi stol tortmasidan dori olib berdim. Quvvatsizlandingmi, yotmoqchi boʻlding. Lekin mendan iymanding.

– Borib yotaqoling, – deding.

Chiroqni oʻchirib, Jamshidning yoniga choʻzildim. Koʻp oʻtmay yana alahlay boshlading. Boshingga kelib oʻtirdim. Kaftimni peshonangga qoʻygandim, durracha ustidan qoʻlim kuydi.

– Ayajon, men oʻlaman, – deb zorlanding. Keyin koʻzingni ochding. – Mahmud aka, menga nima boʻldi?! – deding yigʻlamsirab. Oʻpkam toʻlib ketdi.

– Manovi doridan yana ich, – dedim ovozim titrab.

Boshingni koʻtarib, dori bilan bir qultum suv ichdingu, bemajol choʻzilding. Endi yoningdan ketmadim. Bezovta toʻlgʻonding. Kichkina vujuding olov boʻlib yonar, tishlaring qisirlab ketardi. Mening dam xoʻrligim keladi, dam vahimaga tushaman. Mushtdek yuragim betoqat tipirchilardi. Koʻz yoshlarim duv-duv oqib, yuzlarimni yuvadi.

Bir mahal qoʻlimdan mahkam tutib, hush-behush yolvora boshlading.

– Mahmud aka, ketmang, qoʻrqaman, bir oʻzim qoʻrqaman! – derding nuqul.

Keyin qoʻlimni siqib ushlagan koʻyi tinchib, uyquga ketding.

Ayam bir safar ogʻrib qolganida otam kechasi bilan mijja qoqmagandi. Keyinchalik otamning boshida shoʻrlik ayam oʻtirib chiqadigan boʻlgandi to oxirgi kunigacha…

Men ham oʻsha kecha uxlamadim. Mayingina nafas olishingga quloq tutib, boshingda tong ottirdim. Oʻy-xayollarimning cheki yoʻq edi: mana birinchi marta bir tom ostida tunni oʻtkazyapmiz, derdim. Hali bir umr shunday boʻladi… Sen men uchun yaralgansan, menga hamroh boʻlish uchun dunyoga kelgansan, Shohsanam!..

 

Orziqul ERGASH

 

1987, 2007 yillar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.