Shogird

0
60
marta ko‘rilgan.

Olis tumandagi birodarimiz vafot etdi. Institutda ishlovchi kursdosh do‘stim Davron borib kelishga beminnat mashina topganini, meni ertalab uydan olib ketishini aytdi.

Tongda “Lasetti”da Qo‘shrabotga jo‘nadik. Mashina uniqqan bo‘lsa-da, tozalab yuvilgan, hatto atir ham sepilgan, orqa o‘rindiqdagi sandiqchasida gazsiz suv va yelim stakanlar qo‘yilgan.

– Isomiddin shogirdim, – deya izoh berdi domla, – farosatli yigit. Mashinani ham zo‘r boshqaradi. Borib kelganingizni bilmay qolasiz, jo‘ra.

– Ustoz, uyaltirmang, Sizdek insonlarga xizmat qilishni har bir kishi istaydi. Qolaversa, yoshlarning burchi bu.

Ensam qotayotganini sezdi, shekilli, haydovchi mashina magnitofoniga almoyi-jalmoyi estrada qo‘shig‘i o‘rniga maqomlar yozilgan diskni qo‘ydi.

– Ertalab estradadan ko‘ra ko‘hna navolar yaxshi-da, ustoz, – dedi u. – Sokin, ma’nili, kishiga huzur beradi.

Ko‘nglimdan haqiqatan ham aqlli yigit ekan, degan o‘y o‘tdi. Isomiddin to‘g‘ri aytgan ekan. Kechasi uyqusi chala bo‘lganmi, bilmadim, domla do‘stim birinchi ashula oxiriga yetmay pinakka ketdi. Men esa mashinada sira uxlay olmayman. Shu sababli Isomiddin bilan suhbatlashib bordik. U asli Oqdaryodan ekan. Institut paxta yig‘im-terimiga hasharga kelganda Davron domla bilan tanishib, og‘ayni bo‘lib qolgan, otasining sovg‘asi hisobiga o‘qishga kirishda uni qo‘llab yuborgan. Men yigitning Davronning kafedrasida ishlashini taxmin qilib, gapni o‘qituvchilarning bir-biriga munosabatidan boshladim.

– Ba’zi hamkasblaringizning harakatlariga besh ketmayapman-da, uka.

– Qaysi hamkasblarimni aytayapsiz, aka?

– Kimni bo‘lardi, domlalarni-da.

– Tinchlikmi o‘zi, birortasi xafa qildimi?

– Xafa qilgani-ku yo‘q, ammo bitta tanishimga bir domla jiyanimga past baho qo‘ygani, uning komissiyaga imtihon topshiraman, degan harakatiga qarshilik ko‘rsatayotganini aytdim, domlaga bunday qilmasligini maslahat berishini so‘radim. U esa “Men bu ishga aralashmayman, juda tarafkash domla”, dedi. Nohaqlikka shu qadar ko‘nikib ketishganmi-a?

– Domlalar o‘zi uch toifaga bo‘linadi, – dedi suhbatdoshim. – Bilimi zo‘r, lekin o‘jarlari bor, darsini yaxshi o‘tsa ham ko‘ngliga sal yoqmaganiga baho qo‘ymaydi yoki past baho qo‘yadi, darsda arzimagan kamchiligiga piching, kinoya qilaveradi. Ikkinchi toifasi “katta”larning iltimosini yaxshi ko‘radi. Uchinchi toifasi chatoq. Tarafkashlar ular, bir-birining “odam”ini yiqitish, qiynash bilan ovora. O‘rtada boyaqish talaba azob chekadi.

– Talabalarning ichida ham berilib o‘qiydiganlari kamayib ketayapti-da, uka, – luqma tashladim.

– E, nimasini aytasiz, aka. Kontrakt to‘laydiganlarning ko‘pchiligi pul topish uchun ishlaydi. Boshqalari ham mashg‘ulotni zerikarli o‘tadiganlarning darsiga kirmaslikka bahona qidiradi. Keyin menga o‘xshagan “tanka” qidirishadi.

– “Tanka”lik ham qilaman, deng…

– Hojatbarorlik deng, aka. Savob ish bu.

– Yo‘g‘-ey.

– Ha-ha. Ayrim domlalarni gapga olish oson emas. Ahvolni tushunadigani bor, tushunmaydigani bor. Axir, chaqalog‘i bor, ota-onasi kasal bolalar o‘qishdan haydalib ketsa yaxshimi? Ayrim domlalar imtihonining bahosi belgilangan. Ular bilan ishlash oson. Bir hafta oldin talabalar ixtiyoriy pul to‘plab berishadi, men esa “zachyotka”larga baho qo‘ydiraman.

Suhbat qizigan sari yuragimga og‘riq kira boshladi. Qaysidir asarda o‘qiganman bunday voqealarni, yo kinoda ko‘rganmanmi, ishqilib juda tanish-da. Bir tomondan jahlim chiqib, tomog‘imga bir narsa tiqilib kelayapti, ikkinchi tomondan esa, undan ko‘proq axborot olish qitmirligi tinchlik bermaydi. Bolasi tushmagur xizmatga chaqqon ekan. Fotihadan qaytishda yo‘l chetidagi bir oshxonaga yetganda to‘xtatdi. Chiroyli dasturxon uyushtirdi. Davron domla bilan bola-chaqadan gaplashgan bo‘ldik. Keyin yana yo‘lga chiqdik. Isomiddin kechqurun uyimgacha keltirib qo‘ydi.

– Rahmat uka, safarimiz juda yaxshi o‘tdi.

– Sog‘ bo‘ling aka, hurmatingiz bor. Mabodo biror joyga bormoqchi bo‘lsangiz, bemalol telefon qilavering, xizmatdaman.

– Yo‘g‘-ey, sizni ishdan qoldirmayin.

– Aka, men ishlamayman. Hali uchinchi kursda o‘qiyman. Mashinamda haftada ikki kun Toshkentga qatnayman. Domlalarni ma’raka, to‘ylarga obboraman. Tak chto, tortinmang.

– Ie, siz hali talabamisiz, men Davronning kafedrasida dars bersangiz kerak, deb o‘ylabman.

– Duo qiling, aka, o‘qishni bitiraylik, dars ham berarmiz.

Duo qilishni ham, qilmaslikni ham bilmay turganimni sezdi, shekilli, “Bo‘pti, aka, omon bo‘ling”, dediyu mashinasini yurgizdi…

 

Farmon Toshev

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.