Shijoat

0
23
marta ko‘rilgan.

Shijoat deb botir va yurakli bo‘lmakni aytilur. Shaji’ kishi hech narsadan qo‘rqmaydurgan botir va yurakli bo‘lur. Sa’y va g‘ayratning ziddi dangasa va yalqovlik o‘ldig‘i kabi shijoatning ziddi qo‘rqoqlikdur. Qo‘rqoq savdogar foyda qilmas. Qo‘rqoq kishi o‘zining soyasidan hurkar, hech bir ish qilishga yuragi bo‘lmas. Ko‘p kishilar vahima va qo‘rqoqlik orqasidan mollaridan, jonlaridan, vatanlaridan ayrilurlar. Shuning uchun har ishda shijoatni qo‘ldan bermaslik lozimdur. Shijoat insoniyatning sof oyinasi, iffat, g‘ayrat, istiqomat kabi yaxshi xulqlarning nuroniysidur. Shijoatning haqiqati qalbning matonatindan, ruhning salomatindan iboratdur. Hozirgi zamonda botirlik – boylikda, qaysi davlat va millatning davlati bolsa, shul ustun bo‘lmakdadur. Chunki hukumat uchun xalq, xalq uchun hunar, hunar uchun ilm, ilm uchun aqcha lozimdur.

Sarvatli millatlar milliyatlarini yo‘qotmas, rohat va saodatda yashar. Bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar va bu soyada bir-birlariga g‘alaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgar va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Yovro‘pa, Afriqo va Osiyoni o‘ziga asir va musaxxar qilmakdadur.

 

Bu zamonda fil ila jang aylamak erlik emas,

Er o‘shaldurkim tutar ilm-u hunarning yoqasin.

Beshlab, o‘nlab so‘m topishsa, ilm ila ag‘yorlar,

Biz bo‘lub hammol, oladurmiz tiyinlab choqasin.

Boshqalar san’at, tijorat-la taraqqiy aylasa,

Bizni el tortar ayog‘din o‘lgan otning toqasin.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.