Serial

0
168
marta koʻrilgan.

 – Tinchlikmi, Asadbek? Mashinang jinday avariya boʻpti, deb eshitdik?

– Shunaqa boʻldi… Shu serial degan narsani qaysi ahmoq oʻylab topgan, a?

– Oʻzingga ziyon-zahmat yetmadimi, ishqilib? Choʻloqlanib yuribsan?

– Oyogʻimni qoʻyaver. Echkim oʻlib qoldi.

– Ie, nega oʻladi?

– Xotinim arazlab onasinikiga ketdi!

– Nega arazlaydi?

– Televizorim sindi. Oʻziyam sandiqdek kelardi!

– Nega oʻzidan-oʻzi sinadi?

– Juda ezma-churik ekansan-da! Aytyapman-ku, serialni qaysi ahmoq oʻylab topgan? Xotinim – “serial jinnisi”! Har kuni kechqurun televizor roʻparasiga oʻtirib olib “serial” koʻradi. Ikki yildan beri ahvol shu! Oʻtgan hafta kechga tomon bozorga tushgandik. Har qadamda “hoy, serialim boshlandi, tezroq boʻling!” deb biqinimga turtadi. Mashinaga oʻtirishi bilan: “Tezroq yuring, oʻn besh minut qoldi”, deb yana qistalang qildi. “Mingga qoʻyib” haydab ketayotsam, palakat bosib, allaqanday velosiped mingan bola lip etib oldimdan chiqib qolsa boʻladimi? Mashinani chetga burgan edim, yoʻl yoqasidagi daraxtga urilib, oʻng qanot bilan chiroq dabdala boʻldi. Aksiga olib birpasda DAN nazoratchisi yetib keldi. Nazoratchi “protokol” toʻldirib, nuqul meni soʻroq qiladi. Xotin esa: “Ana, serialimning yarmi oʻtdi, ana, halizamon tugab qoladi”, deb xarxasha qiladi.

Uyga allamahalda yetib keldik. Men mashinani taʼmirlashga shuncha pulni qayerdan olaman, deb jonim xalak, xotin esa:“Sizning mashinangizni deb serial koʻrolmadim, Soniya xonim eridan ajrashdimi-yoʻqmi, endi qandoq bilaman?” deb noliydi.

Oʻzing bilasan, oʻrtoq. Shahar joyda mol boqish qiyin. Bittagina echkimiz bor edi. Yaxshimi-yomonmi, bir kunimizga yarab turuvdi. Xotinga: “Echkidan xabar olmaysanmi?” desam, “Bitta qoʻtir echki deb nuqul meni ovora qilasiz, Soniya xonimning eridan battar zolimsiz”, deya javray-javray hovli etagiga ketdi. Bir mahal “Voy, echki boʻlmay ado boʻlsin, arqoniga oʻralashib harom oʻlib qopti”, deb kirib kelyapti. Yugurib ketayotsam, meni yupatdi. “Qoʻyavering, bosh-koʻzingizdan sadaqa, serialdagi Usmonbeyning yulduzga sapchiydigan saman oti oʻlganida, bitta echki nima boʻpti”, deydi!

“Mana senga Usmonbey! Mana senga Soniya xonim!” deb, televizorni ikki qoʻllab koʻtargancha uloqtirib yuborganimni bilaman!.. Padar qusur zildek ogʻir ekan, naq oyogʻimga tushsa degin!

Xotin “nima qildi, nima qoʻydi?” demaydi. “Endi serialning davomini qanday koʻraman?” deydi. “Serialni enangnikida koʻrasan!” deb baqirgan edim, arazlab onasinikiga ketvordi!

– Obbo! Chatoq boʻpti-ku, Asadbek! Mayli, siqilma. Xotining qaytib keladi. Kelmay qayoqqa borardi? Serial tamom boʻlganidan keyin eri, uy-joyi borligi esiga tushib qaytib keladi. Uch yildami, toʻrt yildami, mayli-da!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.