Saʼy va gʻayrat

0
124
marta koʻrilgan.

Saʼy va gʻayrat deb ustiga yuklangan ibodat va xizmatlarni harakat birla ado qilmakni aytilur. Shariat ham aql yuzasidan yalqovlik qilub, ishsiz, bekor yurmak durust emasdur. Zeroki, Qur ʼoni karim bizlarni saʼy qilmoqgʻa amr etmishdur. Dangasalik har vaqt insonni xor, tama balosiga giriftor qilur. Bir ishga mashgʻul boʻlgan kishilar vaqtning oʻtganini bilmas, yalqov kishilar uchun bir soat oʻtkarmak qiyomatdan qiyindur. Gʻayrat vujudimizga quvvati masʼud va baxtiyor boʻlishimizga sababdur. Shuning uchun har birimiz saʼy qilub, oʻz kuchimiz ila maishatimizga kerak boʻlgan narsalarni topub, boshqalarga muhtoj boʻlmay rohat-rohat yashamoq lozimdur. Sihatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, qanoatimiz, sabrimiz, fazilatimiz, alhosil, butun hayotimiz harakatimizga bogʻlidur. Harakatlik kishilar tezgina maqsudlariga yeturlar. Yalqov kishilar har narsadan mahrum, doim boshqalarning yordamiga muhtoj boʻlub xorlikda qolurlar.

Kishi yosh vaqtida ilm va maʼrifat, hunar va sanʼatga boʻyin qoʻymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi boʻlub qolur. Shariatga ters, qonunga zid boʻlmagan xizmatlarni qilmak ayb emasdur. Agar bunga ham boʻyin qoʻymay bu koʻmirchilik, bu temirchilik menga munosib ish emas deb, dangasalik qilub, ishsiz yursa, zoʻr ayb, gʻayratsizlikdur. “Gayratlikdan imon qutilmas” degan masal bor. Bunga qaraganda dunyo va oxiratimiz uchun gʻayratni qoʻldan bermaslik lozimdur. Gʻayrat imona, salobati vijdona dalolat etar. Hazrati Umar eshik oldida bekor oʻtirgan bir kishini koʻrub: “Gʻayratsiz kishilardan Xudo bezor, islomiyat gʻayrat ila rivoj topdi, sandek yalqov kishilardan islomiyat hazar qilur”, – demishlar.

 

Haq buyurdi: “Laysa lilinsoni illo mo saʼy”,

Gʻayrat ila oʻtdi olamdan Muhammad Mustafo.

Biz-da ummatmiz, qilayluk saʼy ila xayr-u saxo,

Qilsalar shoyad shafoat sohibi roʻzi jazo.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

Oldingi sahifaNazofat
Keyingi sahifaMahalla
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.